“Bugun ham kechgacha sening qo‘ng‘irog‘ingni kutdim.
Sihatgohga kelganimga olti oy bo‘ldi, shu vaqt ichida deyarli har kuni xabar kutaman, lekin sen jimsan.
Bu ahvolda aqldan ozish hech gapmas. Bo‘ldi, endi kutmayman, deyman-u, qo‘l telefonimni otib yuborib, hamshira Oydinoyning hay-haylashiga qaramay, hovliga chiqib ketaman. “Havo sovuq, tashqariga chiqishingiz mumkin emas!” deydi Oydinoy ortimdan yugurib kelib. Men hechqisi yo‘q, deganday kulib qo‘yib yo‘limda davom etaman. “Do‘xtir meni o‘ldiradi!” deb qoladi u vahima ichida. Oydinoy to‘ladan kelgan, ochiq yuz, jonsarak juvon. Unga achinaman. Og‘ir xasta ekanliklariga qaramay burchak-burchakka biqinib olib goh chekayotgan, goh sharobxo‘rlik qilayotgan yoki uylariga qochib ketishga urinayotgan “quloqsiz” bemorlarning ketidan yugurib yurish hamshiralarga ham osonmas. Axir ular... maoshiga qo‘shimcha haq to‘langani sabab bu sihatgohda ishlashga rozi bo‘lishgan. Lekin biznikilar juda antiqa-da o‘zi, kasalxonaga oh-voh qilib kelishadi-da, ahvollari sal o‘nglansa bas, do‘xtirlarning ko‘zini shamg‘alat qilib, uylariga jo‘nab qolish payida bo‘lishadi. Oqibatini o‘ylashmaydi. Faqat qari-qartang bemorlargina tashqariga chiqishmaydi, xonalariga qamalib olishgan, ularga baribir endi, ba’zilari uzzukun quv-quv yo‘talishadi, ba’zilari isitmadan alahlab yotishadi, bunday hayotning bir lahzasiga qarab, uning davomini, ertasini tasavvur qilish qiyin emas.
Qariyalardan birgina Usmon chol degani sal bardam. Yoki o‘zini bardam ko‘rsatadi. Yuzi shunchalik ozg‘inki, bir qo‘lning kaftiga jo bo‘lgudek, vujudi go‘yo o‘z go‘shtini yeb jonini saqlab turganday yupqa, sarg‘imtir terisi ustixoniga yopishib ketgan ramaqijon, naq tirik arvoh deysiz, lekin u ham menga o‘xshab har kuni sihatgoh hovlisiga chiqmasa turolmaydiganlardan.
Chol unchalik quv emas, ammo sergapligi odamning tez joniga tegadi.
– Bizzi dardimiz dunyodagi dardlar ichida eng beziyoni aslida, – deb maqtanishni yaxshi ko‘radi chol. – Mana, o‘zingiz o‘ylang, sariq kasal ham, saxarniylar ham bir umr dieta qilib o‘tishga majbur. Spirtni-ku bir gramm ham og‘izga olish mumkinmas! Bu eng og‘ir jazo-da odam uchun. Ko‘ngling tusagan narsa oldingda tursayu sen yeya olmasang, icha olmasang! – chol nursiz, sarg‘aygan ko‘zlarini suhbatdoshiga tikib bir necha soniya jim turib qoladi, keyin yana o‘zining dardini ardoqlay boshlaydi: – Ammo bizniki miravoy kasal! Istagan narsangni yeysan-ichasan, parhez-marhez degan narsani bilmaysan!
Usmon chol sihatgohga mendan oldinroq kelgan. Mana, yarim yildan oshdiki, birorta qarindoshi yo‘qlaganini ko‘rmadim. Hamshiralarning gapiga qaraganda, uning o‘g‘il-qizlari bor emish, katta-katta joylarda ishlarmish. Ora-sira qo‘ng‘iroq qilishib, cholning ahvolini so‘rab turisharmish. Hatto azbaroyi otalarining hurmati va yana sihatgoh ma’muriyatining iltimosiga ko‘ra, goh-gohida o‘zlarining muruvvatli qo‘llarini uzatib ham turisharkan. Shuning uchun hamshirayu do‘xtirlar oldida cholning hurmati baland. Yolg‘iz o‘ziga alohida xona berilgan. Chol o‘z uyida yashayotganday yashaydi. Ammo o‘g‘illari negadir uni ko‘rgani kelishmaydi. Chol bo‘lsa buni sezdirmaydi. Xuddi hech kimni ko‘rishga zor emasday tutadi o‘zini. Yanglishmasam, ikki hafta bo‘lib qoldi-yov, bosh do‘xtir cholning o‘g‘illariga qo‘ng‘iroq qilib, uni uylariga olib ketishlari mumkinligini aytibdi. O‘g‘illardan esa darak bo‘lmabdi. Bosh do‘xtir quv odam, o‘ylab ko‘rib, hiyla ishlatibdi: “Otangizni nari borsa uch haftalik umri qoldi, kelib olib ketsangiz yaxshi bo‘lardi, har qalay so‘nggi damda odam yaqinlari qurshovida oyog‘ini uzatgani ma’qul.” Ertasi kuniyoq bahaybat mashinalarda cholning o‘g‘illari yetib kelishdi. Minnatdorchilik ifodasi bo‘lsa kerak, ular sihatgoh ma’muriyati va bemorlarga kattagina ziyofat berishdi. Kontsert uyushtirishdi. Shu kuni, ayniqsa, bemorlarning rosa biti to‘kildi. Hatto xonalariga qamalib olgan qari-qartanglar ham ziyofatda qo‘r to‘kib o‘tirishdi. O‘yin-kulgiga ishtiyoq odamzodning qonida borligi rost. O‘zlari o‘lim ostonasida turishibdi-yu... Cholning oldida gapirishmasa-da, orqavoratdan uning o‘g‘illarini bemehrlikda ayblab yurganlar endi ularga hurmat, ayricha ehtirom bilan qarardilar. Ziyofat va kontsertdan keyin o‘g‘illari olib kelgan yangi ust-boshlarni cholga kiydirishib, olib ketishga taraddudlanishdi. Biroq! Biroq qaysar chol ketmayman, deb turib olsa de! O‘g‘illari bir nimalar deb yalinib-yolvorishdi, qattiqroq gapirishdi ham, ammo o‘jar chol baribir ko‘nmadi.
Shu kuni kechasi yuragim siqilib, yo‘lakka chiqsam... deraza oldida Usmon chol tashqariga qaragancha o‘y surib turibdi. Meni payqamadiyam...
Ertasi kuni chol ancha hardamxayol bo‘lib yurdi. Negadir maqtanmadi ham. Ammo kechga yaqin do‘nglik ustiga chiqib, yonimga o‘tirarkan chuqur xo‘rsinib qo‘ydi-da:
– Bu dunyo shunaqa ekan-da, – dedi.
Cholning hasratlashgisi kelganini tushundim.
– Bir umr paxta zovutda, chang-to‘zon ichida ishladim, – deya davom etdi u bir pasdan keyin. – Yaxshi to‘lashardi... Xotinim rahmatli necha marta aytdi, o‘pkangiz mikrobga to‘lib ketdi-ku deb. Ammo parvo qilmadim... – chol bir lahza jimib qoldi, keyin maqtanganday bo‘lib yana davom etdi: – Katta o‘g‘limni bankka ishga joylash uchun o‘n ming sarflaganman vaqtida. Kichigini korxona direktorligiga o‘tqazish uchun ham shu atrofda xarajat qildim. Men bu pullarni o‘pkamga o‘tirgan chang zarralariday misqollab yiqqanman. Mana, hozir o‘g‘illarimning pichog‘i moy ustida. Ular uchun o‘n ming hech narsamas! Ammo... mendan irganishadi uyda bo‘lsam. Bolalarini yaqinimga yo‘latishmaydi. Kelinlarim uyda niqob tutib yurishadi...
Birdan chol ho‘ngrab yubordi. Xuddi yosh boladay qoqsuyak yelkalari silkinib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi.
O‘rnimdan turib xonamga kirib ketdim. Cholga tassalli berolmadim. Shuncha ko‘ngilsizliklar va ko‘rguliklardan keyin ham uning shu olamda yashab yurgani o‘zi katta gap.
Tunov kuni esa... sihatgohdan qochib chiqqan yosh juvonni yarim yo‘lda tutvolishib, qaytarib kelishdi. Juvon eri bilan to‘rt yil yashagan, farzand ko‘rishmagan, bu kamlik qilganday eri avtohalokatga uchrab olamdan o‘tgan, ayol ko‘p o‘tmay yuqumli kasallikka chalingan. Bu yerga kelganidan keyin juvon o‘zini ancha yaxshi his qilgan, ammo qarindoshlari uni uyga olib ketishga shoshilmayotganmish, yana bir oz davolansin, deb tashlab ketishganmish. Darvoqe, yana bir gap, ayol homilador ekan. Shu yerda davolanayotgan bemor yigitlardan biri bilan uchrashib yurgani haqida u-bu qulog‘imga chalingandi. Do‘xtirlarni bilmadim-u, ammo hamshiralarning ham bu sirdan xabari bo‘lgan, lekin qat’iy chora ko‘rishmagan, faqat... juvonga homilador bo‘lib qolishdan saqlanishi lozimligini tayinlashgan, xolos.
Kechaning o‘zidayoq juvonni abort qilishdi. Homiladorlik ayolning kasalini rivojlantirib yuborarmish.
Albatta, ayolning bu qilig‘i yaxshimas. O‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Lekin ayolning ikki yildan buyon shu yerda yashashi, yaqinlari xabar olmay qo‘ygani va eng dahshatlisi, o‘limga mahkumligini o‘ylab, uning bu dunyodan nom-nishonsiz ketmasligi uchun qilgan harakatini tushunsa bo‘ladi.
Operatsiyadan keyin juvonni ko‘rmagandim, ammo ertalab yo‘lakdan o‘tayotib yopiq eshik ortidan uning yig‘isini eshitdim. Bu so‘nggi ilinjidan ham ayrilib qismatga bosh eggan ayolning taslimiyat yig‘isi edi.
Hovlidagi o‘rindiqda yuzi qorday oqargan yigit o‘tirardi.
Men undan juvonning ahvolini so‘radim.
– Bilmadim, xonasiga hech kimni kiritmayapti, – dedi yigit o‘ychan ohangda. – Keyingi vaqtda undan baxtiyor odam yo‘q edi. Endi nima bo‘ladi?..
– Do‘xtirlar uchun uning hayoti muhim, – dedim boshqa biror bir taskin beruvchi so‘z topolmaganimdan qiynalib.
– Ha, – dedi yigit kimgadir jahl qilganday bo‘lib. – Kimdir yashashi uchun kimdir o‘z o‘rnini bo‘shatib berishi kerak, shekilli. Hatto tug‘ilmay turib...
Nachora... hayot hamisha bechorahol kishilar ustidan g‘alaba qozonib kelgan. Lekin baribir odamga alam qiladi, qismatning nima haqqi bor odamni bunchalik azoblarga solishga?..
Aytgancha, bu yerda juda ajoyib yosh juftlik bor. Qarab odamning havasi keladi, aytishlaricha, juvon dardi bedavoning og‘ir formasi bilan og‘rigani ma’lum bo‘lgach, turgan gapki, bu yoqqa yuborilgan. Oradan ikki hafta o‘tib... uning eri kelgan va o‘sha kundan buyon ular birga emishlar. Eng qizig‘i, yigit bu yerga kelmasidan avval mutlaqo sog‘lom bo‘lgan.
Yigitning qilig‘i ko‘pchilikni ham hayron qoldirdi, ham g‘ashini keltirdi. Ayniqsa Usmon cholning qattiq jahli chiqdi.
– Hayotning qadriga yetmagan tentak! – derdi u har gal yigitni ko‘rganda.
Bitta ayolni deb o‘zidan kechish... haqiqatan ham ajablanarli. Ayniqsa do‘xtirlarning jahllari chiqqanini ko‘rsangiz edi! Ular bir necha marta yigitni haydab chiqarishdi, hatto juvonning o‘zi ham erining bu yerda bo‘lishini istamay, uni xonasiga kiritmasdi; bechora yigit kasalxona tashqarisida, temir panjaralar atrofini aylanib yurish bilan kunni o‘tkazar, lekin kechki obxoddan keyin vrachlarning ham, qorovulning ham ko‘zini shamg‘alat qilib, panjaradan oshib o‘tib ichkariga kirib kelaverardi. Qiziq, bu yerda sog‘lom odamning yuqumli dardga chalinib, yarimjon bo‘lib qolishi ikki karra ikkiday ma’lum-ku. Yigit keyinchalik afsuslanmasmikin?
Tez orada kutilgan noxushlik ro‘y berdi: bebosh yigit ham dardga chalindi.
– Ikkalamiz ham yetimxonada katta bo‘lganmiz. Tarbiyachimning gapiga qaraganda, ikkalamizni bir kunda yetimxonaga tashlab ketishgan ekan. Birga katta bo‘ldik, mushtday boshimizdan hayotning achchiq-chuchugini birga totdik. Lekin xastalik birinchi bo‘lib uni tanladi. Men shundan xafa edim. Mana, endi ikkalamiz ham tengmiz, – dedi u bir kuni kechki payt hovlida duch kelib qolganimizda menga. – To‘g‘risini aytsam, shu vaqtgacha xotinim oldida xijolatda edim...
Yigit samimiy so‘zladi. Shubhalarim tarqab ketdi. Axir bunday odamlar hech qachon afsuslanmaydilar. Ammo Usmon cholning yigitga munosabati baribir o‘zgarmadi:
– Olifta quruq!
Faqat hamshira Oydinoy yigitga ayricha hurmat bilan qarardi.
– Menimcha ular hech qachon o‘zlarini yolg‘iz his qilmasalar kerak. Hatto so‘nggi daqiqada ham, – deydi u ertalablari bog‘da aylanib yurgan er-xotinga havas bilan boqib. Keyin birdan mahzun tortib qoladi.
Ha, Oydinoy haq. Taqdir tuzalmas dard hamda o‘limni ro‘kach qilib, insonni mahv etishga shay turganda ham yoshlik va muhabbatning ko‘ziga har qanday xavf-xatar ajabtovur sarguzashtday tuyulaveradi... Afsuski mening hayotim unchalik havas qilguday emas. Buning ustiga yosh ham, keksa ham emasman, ichmayman, chekmayman, qarta ham o‘ynamayman. Kasallikka taslim ham bo‘lmoqchimasman. To‘g‘ri, dastlabki kunlar siqilib ketganimdan hammasiga qo‘l siltab, uzoq-uzoqlarga ketvorishni o‘ylaganman, axir begona joyda birinchi kunni o‘tkazish hammaga ham og‘ir bo‘ladi, afsuski, jur’atim yetmadi. Axir qaergayam borardim? Endi men shunchaki kasalga chalingan odam emas, naq kasallikning o‘zi edim. Tasavvur qil-a, shahar-qishloqlar bo‘ylab uyma uy bosh suqib yurgan tirik virusni!
Endi menga sog‘lom odamlar orasida yashash mumkin emas!
Shuning uchun ham siqilib ketgan vaqtlarimda qadam tashlashga holim kelsa bas, havo sog‘lig‘imga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, tashqariga chiqib ketaveraman. “Siz sihatgohdagi eng beozor bemorsiz”, deyishadi hamshiralar. Beozor emish. Qartabozlaru qochoqlarga nisbatan bo‘lsa kerak-da!
Darvoqe, qartabozlar...
Bilasanmi, xoh ishon, xoh ishonma, bu yerda qartabozlik shunaqangi avjiga chiqqan! Ularni alohida bir guruh desa ham bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i besh kishi. Qolganlar shunchaki tomoshabin.
Kechki obxoddan keyin do‘xtiru hamshiralar o‘z kataklariga daf bo‘lgach, Mirkomil deganining palatasi odamga to‘lib ketadi.
Qartabozlar esa o‘rtadagi stol atrofida o‘tirishadi.
Avvaliga o‘yin shunchaki ermakday boshlanadi. Maqsad boylik to‘plash va foyda ko‘rish emas, aslo. Shunchaki vaqt o‘tkazish. Axir bu yerda bemorlar uchun hamma narsa tekin. Biroq asta-sekin o‘yin keskinlasha boshlaydi. Buni o‘yinchilarning qiyofasidan bilsa ham bo‘ladi. O‘yinchilarning sarg‘aygan yuzlari avvaliga bo‘g‘riqadi, qizaradi, keyin qarashlari o‘zgaradi. O‘yin o‘rtasiga yetganida bir-birlariga shunday vajohat bilan qarashadiki, ularni sovuqqonlik bilan kuzatib turgan har qanday odamning ham jazavasi qo‘zib ketadi.
– Mirkomil, bos! Tuz senda, bilib turibmiz, tuz senda!
– Saidg‘ani, o‘lib qoldingmi, nima balo!
– E, lapashang...
Tomoshabinlarning hayajonli xitoblari o‘yinchilarni quturtirib yuboradi. Ular endi shunchaki vaqt o‘tkazish uchun emas, ko‘proq pul yutib olish harakatiga tushib qolishadi. O‘zlarining xasta ekanliklarini ham unutib yuborishadi.
Azaldan bir-biridan nimalarnidir tortib olish istagi, odamzodning qonida bor degan gap to‘g‘ri-da, shekilli.
Bilmadim, bu o‘yinning ham o‘ziga yarasha sir-asrori bormi, qanchalik diqqat bilan tikilmayin tagiga yetolmadim, lekin har gal Mirkomil deganining qo‘li baland kelishi rost.
– Bor, hamshiradan spirt opke, – deb buyuradi Mirkomil o‘yin nihoyasiga yetgach yonidagi hamxonalaridan biriga. – Meni aytdi desang, tozasidan beradi.
Tomog‘i taqillab turganlar sekingina qiyqirib yuborishadi.
Keyin maishat boshlanadi.
Mirkomil o‘zi jikkakkina, qurib qolgan tarashaday bir odam, ammo dami baland. Aytishlaricha, hatto do‘xtirlar ham unga qattiq gapirishga botinishmas ekan. Lekin tezda mast bo‘lib qoladi.
Ana shundan keyin uning ho‘ng-ho‘ng yig‘lashini ko‘rsang.
– Tuz hamisha menda bo‘lgan... Men hamisha yutib kelganman! Lekin bu pullarni nima qilaman? – deydi u yig‘lamsiragancha stol ustida sochilib yotgan pullarga qarab. – Nima qilaman? Bu pullar allaqachon chirib boshlagan o‘pkamni tuzatib yuborarmidi!.. Eh, onasini... bu dunyoni. Quy! – Mirkomil sheriklari to‘ldirgan qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatgach, chuqur uh tortib qo‘yadi-da, endi yig‘lamasdan, ammo ajablangan ko‘yi gapini davom ettiradi: – O‘pkam uzilib tushadiganday qattiqroq yo‘talishgayam qo‘rqaman, lekin baribir ichaveraman, shuncha ichsam ham hayronman, nima uchun xudo meni asrayapti! Endi mening hech kimga keragim yo‘q-ku...
Ertasiga uning ahvoli og‘irlashib qolganini eshitaman, uch-to‘rt kun ko‘rinmay qoladi, ammo hafta-o‘n kundan keyin qarasam, yana uning palatasiga odam to‘plana boshlaydi...
Odatda, ertalabki ukoldan keyin ikki-uch soat to‘shakda yotishim kerak, lekin qanchalik “beozor” bo‘lishimga qaramay, bunga rioya qilmayman. To‘g‘ri, ahvolim unchalik yaxshi emas, dardi bedavo bilan topishib, qadrdonlashib qolganimdan buyon u meni sira o‘z holimga qo‘ymaydi. Pechakday yopishib olgan. O‘tgan yili ahvolim picha durust edi. Har qalay o‘zimizning tuman kasalxonasida bir-ikki oy davolanib chiqib, yana ishlab yurgandim. Biroq... kim o‘ylabdi, qadrdon “do‘stim” mendan ayrilishni istamay, butun borlig‘imni egallab, bolalab-urchib ketganini! Keyingi vaqtlarda vujudim go‘yo o‘zini o‘zi kemirib-eyayotganday etim ustixonimga yopishib, ozib ketgandim, buning ustiga isitma, yo‘tal... Tuman kasalxonasida yotib davolanib bir oz o‘zimga kelganday bo‘ldim, ammo do‘xtirlardan sog‘lom odamlar orasida yashashim sira mumkin emasligini, aks holda ularni ham xarob qilib qo‘yishim mumkinligini, iloji bo‘lsa, birorta sihatgohda uzoq vaqt davolanishim (aslida, umrimning qolgan qismini o‘sha yerda o‘tkazishim) lozimligini eshitib dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi. Men o‘zimni tashlab yubormaslik uchun bazo‘r oyoqda turardim. Rosti, bu yog‘i.. bunchalik tezlashib ketadi deb o‘ylamagandim. Ammo baribir dosh berolmadim, sovuq xabar necha yillardan buyon dard bilan olisha-olisha toliqqan vujudim va azob chekkan qalbimni to‘satdan, kutilmaganda poralab yubordiki, natijada qaerda ekanligimni ham unutib, bor-yo‘g‘idan ayrilgan odamday o‘tirib qoldim. “Uzoqqa bormay, shu atrofdagi birorta sihatgohda davolansam bo‘lmaydimi?” deb so‘radim bir ozdan keyin o‘zimni tutib, ammo do‘xtir darhol rad etdi bu fikrimni. Xotinim ham shosha-pisha uni quvvatladi: “Xarajatini o‘ylamang, hammasini o‘zim to‘g‘rilayman, siz faqat rozi bo‘lsangiz, bas!” Yalt etib qaradim xotinimga. U labini tishlagancha nari ketdi. Mayli, ketish kerak bo‘lsa, ketamiz-da. Xotinimga ham osonmas, uni tushunishga harakat qildim, axir qachongacha... kiyimidan tortib qo‘l artadigan sochig‘igacha boshqa-boshqa bo‘lgan odam bilan yurak hovuchlab yashaydi. Har kuni idish-tovog‘u xona polidan tortib, eshik-derazalargacha o‘n foizlik xlorli suv bilan artaverish uning ham joniga tekkandir. Men xotinimning xlorli suvda obdon pishgan, oqarib, po‘st tashlay boshlagan qo‘llari shilinib qonab ketganidan hatto piyolani ham ushlay olmaganini, shu holida ham o‘z burchini sidqidildan ado etganini, bolalaridan yordam kutmaganini qadrlayman. Axir yuqumli dard bolalarga ham o‘tib ketishi mumkin-ku. Xotinim bolalarni o‘ylab meni tezroq sihatgohga ketishimni istadi chog‘i. O‘ylab ko‘rgach, bu fikr o‘zimga ham ma’qul tushdi. Har qalay sihatgohda o‘zingga o‘xshagan odamlar bilan birga bo‘lasan, hatto hamshirayu do‘xtirlar ham kasaling yuqib qolishidan cho‘chimaydi, ular juda boadab va xushmuomala bo‘lganlaridan yuz-ko‘zlaridagi hadik alomatlari unchalik sezilmaydi, sezilganda nima, ular xizmatlari evaziga mo‘maygina haq olishadi, shuning uchun ham xavotir, andisha yuragingni ezmaydi. Niqob ham tutmaysan o‘z uyingdagi kabi... Yolg‘iz qolganda yig‘laging ham kelmaydi...
Xullas, kelganimga ham olti oy bo‘libdi.
Olti oy ichida xotinim bilan olti marta telefonda gaplashdim. “Sanatoriyga ketib yaxshi qildingiz, biz har kuni bug‘doy sovuryapmiz, hamma yoq chang!” Kulib qo‘ydim. Menimcha sanatoriyga ketib emas, uydan ketib to‘g‘ri qildim. “Biror narsa kerak bo‘lsa, ayting...” “Ovora bo‘lma... Sharoit zo‘r. Alohida palatada yotibman, hamma narsa yetarli!” Rost-da, endi menga nimayam kerak bo‘lardi?.. Xotinim meni ko‘rgani (bolalarni yubormasligini o‘zim qattiq tayinlaganman unga) bu yerga keladi deb o‘ylagandim. Hech bo‘lmasa bolalarim... Kelishlarini qanchalik ta’qiqlagan bo‘lmayin, men ularni kutardim. Lekin... Yo‘q, xotinimdan gina qilmasligim kerak, bolalarga bosh-qosh bo‘lish, – garchi hammasi allaqachon uylik-joylik bo‘lsa-da, endi uning gardaniga tushdi va bu “yuk”ni ko‘tarish unga oson bo‘lmaydi.
Ammo sendan andak ginam bor. Nahotki notanish manzilga bir umrlik badarg‘a qilinganimni eshitmagan bo‘lsang? Ko‘ngling ham hech qanday notinchlikni sezmadimi? Ilgarilari ora-chora qo‘ng‘iroq qilib turarding. Uch-to‘rt daqiqalik suhbatdan keyin: “Siz eslamasangiz ham o‘zim qo‘ng‘iroq qildim, ko‘nglim g‘ash bo‘laverdi”, derding. Men bo‘lsam: “Shu odatingni yaxshi ko‘raman”, derdim. “Ha, surbetlik bilan har qanday qal’ani zabt etsa bo‘ladi”, derding xijolatli kulib. Men bu gal javob bermasdim, ammo jon qulog‘im bilan kulging tovushini eshitardim.
Keyin yana ancha vaqt jim bo‘lib ketarding.
Men bo‘lsam xavotir olmasdim, uzoq vaqt jim bo‘lib ketishlaringga o‘rganib qolgandim, bir kunmas bir kun yana kutilmagan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishingga ishonardim-da, ammo hozir ana shu ishonch meni tark etgan. Nazarimda o‘zimni o‘zim boshqarolmay qolayotgandayman. Kuni kecha esa... tushimda nuroniy bir qariyani ko‘rdim: qattiq yo‘tal tutib, ihrab yotgan ekanman, tepamga kelib og‘zimga besh tomchi suv tomizdi. Ertalab hech qachon kasal bo‘lmagan odamday tetik, bardam uyg‘ondim. Axir suv – hayot ramzi, nasibam uzilmagan shekilli, yana sog‘ayib ketaman, degan ishonch tug‘ildi qalbimda, zero dunyoda mo‘‘jiza degan narsa ham bor, biroq kechga yaqin baribir yana kayfiyatim buzildi, axir besh tomchi suv – besh kunlik umr degan ma’noni berishi ham mumkin-ku!
Yana umidsizlik, yana dilgirlik...
Tunda chiroqni o‘chirishdan qo‘rqib qoldim, nazarimda zimiston qorong‘ilikka asta-sekin singib, yo‘q bo‘lib ketadiganday bo‘laveraman. Allaqanday sharpa deraza ortida pusib turganday, ko‘zimni yumishim bilan tashlanib qoladiganday... Boshvoqsiz og‘ir o‘ylar bostirib kelaveradi, atrofimni qurshagan hamma narsada, hatto kaftimda chuqur botgan chiziqlarda ham o‘lim aksini ko‘rganday bo‘laveraman va... otilib tashqariga chiqib ketaman.
Sihatgoh katta maydonni egallagan. Ko‘rinishidan kasalxonaga o‘xshamaydi-yu, ammo tartib-qoidalari, ozodaligi va yana zilday og‘ir kayfiyat hukmronligi bilan kasalxonadan hecham farq qilmaydi. Shuning uchun ham havo qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, ko‘p vaqtimni sihatgoh hovlisidagi tepalik ustida o‘tkazaman. Nazarimda bu yerda mendan boshqa hamma taqdirga tan berib, tinch, xotirjam yashayotganday, go‘yo hammaning o‘limga mahkumligi hammaga allaqanday ichki taskin berayotganday... Go‘yo o‘lim hayotdagi boshqa voqelarga o‘xshash jo‘n hodisa, o‘limdan keyin yana boshqa voqea o‘z navbati bilan ro‘y beraveradiganday... bemorlar o‘zlarini shu qadar xotirjam tutishardiki, hech qachon adolatsizlik yuz bermagan, dunyodagi hamma narsa o‘z maromi va me’yorida tashkil topgan, shuning uchun ham qismat hukmiga bo‘ysunish kerakday!
Meni faqat tabiat qismat bilan murosaga keltirganday bo‘ladi. Kuz emasmi, butun borliqdan mahzunlik yog‘ilib turganday, bir qarasang, osmonni zil-zambil bulut qoplab, yomg‘ir tomchilaydi, achchiq izg‘irinli shamol esadi, daraxt shoxlarida diydirab turgan yaproqlar shamol har dapqir hamla qilganida hayotga vido aytib, bitta-bitta uzilib tushadi, havo sovib ketadi; bir qarasang, quyosh charaqlaydi, havo benazir bo‘ladi.
Nima bo‘lganda ham ichkarida shiftga tikilib, kun sanab yotgandan ko‘ra, bu yer – do‘nglik ustida o‘tirish ancha yaxshi.
Sihatgoh shahardan ancha olisda, ovloq bir maskanda joylashgan. Sog‘lom odamlar yashaydigan manzildan yiroq bo‘lgani ham tuzuk. Odamning sal-pal izzat-nafsi aziyat chekadi, lekin bu fikr kimdan chiqqan bo‘lsa ham juda to‘g‘ri o‘ylagan. Shart-sharoit zo‘r. Tirikchilikni o‘ylamaysan, osh-ovqatni o‘ylamaysan, hamma narsa tekin. Ayniqsa bu yerning oshpazlari zo‘r, bemorlarni yaxshi boqishadi. Sira erinchoqlik qilishmaydi, istagan vaqtda bemorlarning ko‘ngli tusagan ovqatni pishirib beraverishadi. Bir kitobda o‘qiganim, o‘limga hukm qilingan mahbusni qatl oldidan tansiq taom bilan siylashganday... Vaholanki... bu yerda oson o‘lim topish uchun bizni tayyorlashadi, har kuni necha martalab ninalar badanimizga kirib chiqadi, hapdorilar yutamiz, ammo yuborilgan dorilar vujudimizga in qurib olgan viruslarni quritib, yo‘q qilib yubormaydi, endi kech, faqat uning “shijoati”ni sekinlashtiradi, xolos. Shuning uchun ham o‘zimizni sog‘ayayotganday his qilamiz, aslida ruh quvvat yig‘ish uchun vujudimizni kemirib, tanadan chiqib ketishga tayyorlanayotganini, hayot esa asta-sekin chekinib borayotganini payqamaymiz... Aytgancha, yana bir gap, sihatgohning atrofi baland panjaralar bilan o‘rab qo‘yilgani ham odamga sal boshqacha ta’sir qilarkan: panjaraning narigi tomonida, bir necha chaqirim narida jo‘shqin hayot qaynaydi, odamlar hech qachon kasal bo‘lmaydiganday, o‘lmaydigandek yashaydilar, ishlaydilar, sevadilar; bu tomonida esa... nafas olayotganingni his qilishning o‘zi ulkan baxt!
Bu yerga kelganlar sihatgoh hovlisida istagancha sayr qilishlari mumkin, lekin panjaraning narigi tomoniga o‘tishlari ta’qiqlangan. Tushga yaqin havo bir oz iligach, yurishga holi yetadigan bemorlar hovliga chiqishib, suv tanqisligi bois yozdayoq quriy boshlagan daraxtlar orasida kezib yurishadi. Xuddi qamoqxona hovlisidagi mahbuslar yanglig‘. Lekin bu yer qamoqxona, aylanib yuruvchilar esa mahbuslar emas! Shunchaki... tirik arvohlar, xolos. Panjaraning narigi yog‘i – tevarak-atrof taqir yalanglik, go‘yo qattol kasallik o‘t-o‘lanlaru daraxtlarga ham hamla qilib, yeb-yutib yuborganday, hatto saksovullar ham qurib yotipti. Sal narida to‘rt-beshta qabr do‘ppayib turgan g‘aribgina, xilvat va sokin qabriston ham bor... Kichik bo‘lsa-da qabriston-da, undan mudom mangulikning ma’yus ohanglari taralib turadi. Egasiz murdalar mahtal bo‘lib qolmaydi, buyam juda to‘g‘ri o‘ylangan. Hayot va o‘limni ajratib turuvchi chiziq – qabristondan narida ko‘k toqiga bosh tiragan qorli tog‘lar boshlanadi. Ertalabki quyosh nurida cho‘qqilar yal-yal yonadi. Shu tog‘larni qoq ikkiga bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay uchragan tepaliklarni oralab, kumush tasmaday goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay temir yo‘l o‘tgan. Har oy, hafta-o‘n kunda shu temir izlardan yelib keladigan poezd sihatgoh ro‘parasiga kelganda bir dam to‘xtaydi, ana shunda vagonlardan ranglari sarg‘aygan, behol, ramaqijon bemorlar hansirab tushadilar va tolxivichday qo‘llarini peshonasiga soyabon qilgancha qo‘qqayib turgan sihatgoh tomonga qarab bir zum turib qoladilar, aftidan: “Oxir yetib kelgan manzilim shu yer bo‘ldimi?” degan afsus-nadomatli o‘y o‘tsa kerak xayollaridan. Keyin yonidagi mehribon sherigining madadiga suyangancha sihatgoh tomon yuradilar. Ichkariga kirib, tashrifning barcha rasmiy tomonlari hal bo‘lgach, bemor istab-istamay o‘z kulbasini egallaydi, mehribon sherik esa... bu yerdan tezroq daf bo‘lishga shoshiladi.
– Bolalarga ehtiyot bo‘l... – tayinlaydi bemor. – Tomorqani qarovsiz qoldirma... Tomning shiferida darz ketgan yeri bor, shuni butlab qo‘yish esingdan chiqmasin...
– E, bo‘ldi, ishni o‘ylamang endi, – yo‘l-yo‘lakay javob beradi mehribon sherik. – Siz o‘zingizni o‘ylang. Sog‘lig‘ingizni, tezroq tuzalib ketishni o‘ylang. Men tez-tez kelib turaman!
Keyin yov quvganday shoshib temir yo‘l tomon yuradi. “...tez-tez kelib turarmish!”
Poezd esa... hayot abgor qilib, yaroqsiz holga keltirgan odamlarni so‘nggi manzilga tashlaydi-yu, sog‘lom odamlarni yorqin kelajak sari olib ketadi.
Nazarimda allaqanday ko‘rinmas zot masxaromuz qahqaha urgancha odamlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratayotganday tuyuladi. Yoki g‘o‘zani yagana qilayotgan usta dehqon kabi ortiqcha, keraksiz o‘simlikni sug‘urib olib itqitib tashlayotganday...
Yaxshiyam xudo bitta, agar qadim zamonlardagiday xudolar ko‘p bo‘lganda sho‘rlik odamzodning holi ne kechardi, deyman o‘zimga o‘zim.
Bu yerga keluvchilarning hammasi ham bemor emas albatta, ba’zilari yaqin qarindoshini ko‘rgani kelayotgan bo‘ladi, yoki Oydinoyning eriga o‘xshab xotinining maoshini olib ketish uchun yo‘lga chiqqan... Nima bo‘lganda ham shu kuni sihatgoh har kungidan gavjum, sershovqin va besaranjom bo‘lib qoladi. Qayoqqa qaramang, odam.
Ammo Oydinoyning eri ichkariga kirmaydi. Xotini bilan panjara ortida turib gaplashadi.
Bir oz gangur-gungur qilishganidan keyin Oydinoy darhol:
– Bu safar maoshim sal kamroq, – degancha eriga qo‘shqo‘llab topganini tutadi. – Yig‘-yig‘ ko‘p bo‘ldi. Bolalar meni rosa sog‘inishgandir? Transport qulayroq bo‘lganida uydan qatnab ishlasam ham bo‘lardi.
Erning ikki ko‘zi pulda. Lekin:
– Mayli, boriga baraka, – deydi o‘zini xokisor tutib. U to‘ladan kelgan, biqqi, ikki yuzi yaltirab ketgan kishi.
– Ha, ha, albatta... – deydi Oydinoy shosha-pisha.
– Menam ish topgandayman, xudo xohlasa, ro‘zg‘orga baraka kirib qoladi.
– Ish topdingizmi?
– Ha, suhbatdan o‘tsam bas...
– Dadasi, – erining gapini kesadi Oydinoy, – iloji bo‘lsa tezroq ishga kiring. Keyin men bu yerdan bo‘shayman!
– Ie, esingni yedingmi? – erning ovozi birdan o‘zgaradi. – Daromadli ishdan bo‘shavolib, keyin shahardagi hamkasblaringga o‘xshab mirquruq bo‘lib yurmoqchimisan?
– Shaharda har qalay bexavotir...
Er uni gapirtirgani qo‘ymaydi:
– Shaharda ish topa olsang ham katta gap! Bilasanmi, u yerda hozir hamshiralar ish topolmay, ko‘cha changitib yurishganini! Eh, sen ishsizlik nimaligini qayoqdanam bilarding!.. – deya chuqur xo‘rsinadi.
– Har doim shu gap... Har doim shu gap...
Oydinoy hiqqillaydi.
Beixtiyor dilgir bo‘lib qolaman. Odamzod taqdir qo‘lidan ozgina maosh oladi-yu, ammo yuz minglik ish qiladigan ishchiga o‘xshaydi. Taqdir esa o‘z manfaatlariga nisbatan ma’nan qashshoq bo‘lib qolgan kimsalarni topib, ishlata biladigan mohir ishbilarmon!
Darvoqe, sihatgoh xodimlarining bir odati menga uncha yoqinqiramadi: ular eskirib qolgan, yaroqsiz dorilarni uzoqlarga emas, shundoq sihatgoh hovlisi etagidagi chuqurga tashlar ekanlar. To‘g‘ri, bu yerda bola-baqra yo‘q, ammo qushlar bor-ku. Ishonasanmi, bir gala qushlar har kuni eski dorilar tashlanadigan chuqurni titkilashgani-titkilashgan. Men ularni har kuni ko‘raman, hatto tanib ham qolganman. O‘tgan kuni shu qushlarni kuzatib o‘tirgandim, bir mahal, ular “qushlar bazmi”ni boshlab yuborishdi: g‘alati ohangda kuylashar, raqs tushishar, ora-chora bir lahza tek qotib, tumshuqlarini bir-birlariga tiragancha turib qolishar, keyin go‘yo qattiq uyqudan uyg‘ongandek, birdan butun olamni boshlariga ko‘targancha chug‘urlashardi. Faqat ozg‘in, patlari tullagan bir qush sheriklariga qo‘shilmas, chuqurcha yonidagi daraxt shoxida o‘tirgancha uzoq-uzoqlarga tikilardi. Xuddi birovni kutayotganday. Men unga qarab xayolan: ”Og‘ayni, kutma, uchratishni istaganingni hech qachon uchratolmaysan”, deyman. Ammo qush parvo qilmaydi, u mening qarab turganimni ham, sheriklarining chug‘ur-chug‘urini ham payqamaganday, qilt etmay turaveradi. Ora-sira uchishga ahd qilganday bir-ikki qanotlarini silkitib qo‘yadi-da, yana hurpayib oladi. Bir mahal to‘satdan shovqin tinib, qushlar gurillagancha osmonga ko‘tarilishdi va zum o‘tmay... uch-to‘rttasi “tap-tap” etib pastga quladi. Osmondagi qushlar shu zahoti qayta yerga qo‘nishib, chunonam faryod ko‘tarishdiki... Ichkariga kirarkanman, yo‘lakda turgan do‘xtirdan qushlar o‘limining sababini so‘ragandim, u kulib bamaylixotir javob berdi: “Bu qushlar o‘zimizniki. Ular yoz-qish shu yerda. Hech qayoqqa ketishmaydi. Qish kunlari ochlikka chidolmay, eski dorilarni pok-pokiza tushirishgan, mana endi jazzalarini tortishyapti. Ular ham kasal!”
G‘alati bo‘lib ketdim. Nahotki bu yerning qushlari ham kasal bo‘lsa? Shuning uchun uzoqqa ketmay, shu atrofda aylanib yurisharkan!
Qiziq, qushlarga ham o‘ziga xos aql-idrok berilgan ekan-da. Va ular odamlardan farqli o‘laroq, o‘z hayotlari tartiblariga sobitdirki, o‘zlariga ato etilgan aql-idrokni bu tartibni buzishga ishlatmaydilar.
Shu kuni men ham oxirgi damga dovur bu yerdan ketmaslikka qaror qildim. Bemor odam uchun qachon, qaerda o‘lishning nima ahamiyati bor? Qolaversa, arosatda o‘tgan umrni yakunlamoq, qayta yashash nasib qilmaydigan dunyo bilan xayrlashmoq uchun bu yagona va so‘nggi imkoniyat, to‘g‘rimi? Oilam uchun otalik, erlik burchini bajarganman, har qalay bu tomondan ham ko‘nglim sal bo‘lsa-da xotirjam, ammo... sen uchun nima qildim?
Sihatgohga kelganimdan buyon shu haqda ko‘p o‘ylayman. Qo‘limdan kelgani... yaroqsiz bir ahvolda qolganimdan keyingina sen haqingda tinimsiz o‘ylay boshladim. O‘zimcha qo‘ng‘irog‘ingni kutaman yana. Bunga haqim bormikin? Bu savolga javob berolmayman.
Ammo men baribir kutaveraman. Ehtimol, o‘zimning beparvoligim va noshudligim tufayli shu taxlit jazo olayotgandirman, keyin iztiroblardan – kasallikdan emas – forig‘ bo‘larman. Sog‘lom odamlar orasida yashab og‘ir dardga chalindim, ammo endi dardmandlar bilan yashab sog‘ayarman, tozararman... Jilla qursa o‘lim oldidan!
Bu yerga kelganimdan buyon faqat Sen haqingdagi odam oyog‘i yetmagan cho‘qqilar uchiga yoqqan qordek top-toza o‘ylargina meni chalg‘itadi, iliq xotiralar quruqshagan qalbimga dunyoning shodligini qaytadan jo qilganday bo‘ladi. Yer ostidagi qimmatbaho xazinaday qalbim qa’rida pinhon bo‘lgan hissiyotlarim yuzaga qalqiydi...
Ehtimol, kim uchundir shunchaki bir odam, shafqatga muhtoj, tashlandiq bemordirsan, ammo kim uchundir butun dunyo ekanligingni his qilish...
Bilaman, ich-ichingda mendan xafasan. Bir vaqtlar, hali juda ham yosh (o‘n olti yoshli qizaloq – mening nazarimda go‘dak!) chog‘ingda beg‘ubor muhabbatingni anglay olmaganim uchun hali-hamon kechirolmaysan. Lekin unutmaysan... Meniyam xuddi kechagiday ko‘z oldimda qarshimda bosh egib turganing: “Ertayu kech faqat siz haqingizda o‘ylayman... Bilmayman, menga nima bo‘lgan...” “Bunaqa gaplarni gapirishga hali yoshlik qilasan!” “Endi bir umr toq o‘taman!” Keyin go‘yo hozirgina aytgan gaplaringdan xijolat bo‘lganday, teskari qaragancha yig‘lab yuborganing... “Ayol yig‘isi dunyodagi eng ishonchli, samimiy iqror”. O‘shanda senga, yig‘layotgan ayolga boqib shunday o‘ylaganim rost, biroq... bag‘ritoshlik qilganim uchun arshi a’loda afu etilish-etilmaslik haqida o‘ylamaganman, kim bilsin, ehtimol, o‘sha vaqtlarda sening bokira tuyg‘ularingga beparvo qaragandirman... Yo‘q! Endi o‘zni oqlashdan, nimalarnidir tan olmaslikdan foyda yo‘q, shunday ekan, hozir haqiqatni baralla aytishim shart: o‘shanda o‘zimni shunday tutmasam ham bo‘lmasdi-da, axir men mualliming edim, yana oilali odam, unchalik yosh ham emas, buning ustiga dardmand edim, shuning uchun bir qarorga kela olmaganim rost. Biroq aslida... Oh, u kunlarning iztiroblari! Necha martalab xayolan sening ortingdan borganlarim, sen bilan uchrashganlarim, necha martalab senga hayotimning mazmuni deb bilgan narsani himoya qilishga so‘z berganlarim... biroq negadir har gal o‘z uyimdan, oilamdan uzoqlashishim ko‘pga cho‘zilmasdi, meni hamisha vaqt va kasallik qo‘rquvga solardi-yu orzularim tumanli masofalar ichra g‘oyib bo‘lardi. Keyin bo‘kkunimcha ichvolib, odamzod vaqtni bo‘laklarga bo‘lib, parchalab tashlamaganida va vaqt hamon zulumotdan otilib chiqib, zulumotga quyiladigan uchqur oqimday yaxlit holida qolganida edi, bizning yoshimizda hech qachon farq bo‘lmasdi, ehtimol shunda kasallik ham meni chetlab o‘tardi, deya telbalarcha o‘ylaganlarim, yozg‘irganlarim... Burch, mas’uliyat, tirikchilik tashvishlari singari faqat insonlargagina tegishli bo‘lgan narsalardan nafratlanganlarim... Noma’lum xavotir, hadik va ikkilanishlar... Biroq mana endi o‘lim ostonasida turganimda hammasi oydinlashdi, vaqt ham, kasallik ham o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, faqat boshimda g‘ujg‘on o‘ynayotgan xayollar va qalbimni larzaga solgan hissiyotlargina qoldi. Men endi senga o‘zimning munosabatimni baralla ayta olaman: men yolg‘iz seni sevaman, hatto hech qachon ko‘rishmasak ham, sen dunyoning u boshida, men bu boshida bo‘lsak-da, baribir umrimning oxirigacha seni sevaman!
(Nihoyat, men o‘zimni o‘zim fosh qildim. O‘zim bekingan qal’adan tashqariga chiqdim. Biroq, hayronman, buni avvalroq tan olish shunchalik qiyinmidi? Nega bunchalik qo‘rqib yashadim?! Issiq o‘rnimni, o‘rganib qolgan to‘shagimni sovutgim kelmadimi yoki o‘zimga qo‘shib seni ham xarob qilib qo‘yishdan cho‘chidimmi?)
Ammo sening munosabating, jimliging meni tashvishga solyapti. Qo‘rqyapman. Nega jimsan?! Nahotki meni unutgan bo‘lsang? Yoki sen ham kasal qushdan hazar qilasanmi? To‘g‘risini, ko‘nglingda borini ochiq aytib, qo‘ng‘iroq qilsang-chi! Axir shusiz ham umrimizning ko‘p vaqtini sukut saqlab o‘tkazdik. Vaqt namlangan sovun kabi qo‘ldan sirg‘alib tushib ketmoqda. Menda yutqazadigan hech narsa qolmadi! Shoshilyapman. Ammo sen baribir jimsan...
Bu ahvolda xotirjam ko‘z yuma olmayman, axir!
Mengacha nima bo‘lgan ediyu mendan keyin nima bo‘ladi, degan o‘y tinchlik bermaydi sira.
Kimsasiz, qorong‘i xonada bokira muhabbatidan yagona meros qolgan maktubni bag‘riga bosgancha, o‘z o‘ylariyu armonlariga g‘arq bo‘lib o‘tirgan yolg‘iz va motamsaro ayolni ko‘z oldimga keltirganimda yuragim qanchalar o‘rtanib ketadi.
“Iqror va tazarru uchun endi kech emasmi?” deya kimdir ta’na qilayotganday tuyuladi. Dunyo torayib, to‘rt devor orasida qolganday bo‘laman. O‘zimni qanchalar yomon ko‘rib ketaman. Agar men bo‘lmaganimda, bu dunyoda yashamaganimda va bizlar uchrashmaganimizda, Sen albatta baxtli bo‘larding! Hozirgiday qorong‘i xonada yolg‘izdan yolg‘iz, umringni kimnidir kutish bilan emas, bir gala bolalaring qurshovida ayollik, onalik baxtidan mast bo‘lib o‘tkazgan bo‘larding.
Xudbinlik ham shunchalik bo‘ladimi? Umr yelday o‘tib ketayotganini o‘ylab o‘zimga achinibman-u, senga biror marta: “Meni bunday jazolama, qachondir, kimnidir sevgan bo‘lsang sevgandirsan, endi hammasini unut, axir Sen ham baxtli bo‘lishga haqlisan, meni kutma, meni o‘ylama endi”, demabman. Vaqt uchqur ot, shoshilmasang, hech narsaga ulgurolmaysan, desam bo‘lardi-ku. Ana shunda... kelajagi yo‘q muhabbat qurboni men bo‘lardim. Azoblardan pora-pora bo‘lish menga nasib aylardi. Aslo senga emas!
Ammo hozir faqat seni ko‘rishni, olisdan bo‘lsa ham ko‘rishni istayman, jilla qursa, maktub yoz, qo‘ng‘iroq qil, gaplash, meni deb dunyodan toq o‘tayotganing uchun ta’nayu malomatlarga ko‘mib tashla; shunda men go‘shakdan kelayotgan ovozing (qanchalar alamli bo‘lsa-da) sehriga berilib, hayajon ichida undagi har bir so‘zingga, kulgingga (ana, sen kulyapsan, kulging tovushini eshitdim, chunki... tabassuming sharpasi lablarimga qo‘ndi) asir bo‘laman, so‘zlaring va kulgingni tinglayman, iliq nafasingni, chindan-da mavjudligingni, haroratingni his qilaman; yillar tez o‘tgani, ko‘p narsani boy berib qo‘yganimni, ajal eshik ortida poylab turgani, hayotning boqiy emasligi haqidagi vahimali o‘ylar ham nari ketadi, oxir-oqibat qo‘rquvdan xalos bo‘laman.
Mana, qorong‘i ham tushdi, – men allaqachon xonamga qamalganman, chunki shudring tushgach, do‘nglik ustida o‘tirib bo‘lmay qoldi, – ichkariga kirdim-u, qo‘ltelefonimni ko‘zdan kechirdim, yo‘q, qo‘ng‘iroq qilmabsan. Endi orziqib ertani kutaman, kutaveraman. Fursat oz bo‘lsa-da, endi kutish mening galim. Ammo ishon, hech qachon sening bokira tuyg‘ularingdan shubhalanmayman, garchi ba’zan shunday taassurot paydo bo‘lsa-da – darvoqe, u tez-tez paydo bo‘lib turadi – bu xastalikdan, lekin shunday bo‘lsa-da, yurak nimaning ilinjida urib turganini yaxshi biladi. Shuning uchun ham barcha-barchasiga: ayriliqqa-da, tushkunlikka-da, xastalikka-da, Sening jimligingga-da chiday olaman. Oxir-oqibat, eng nurafshon, eng porloq, boshqa kunlarga o‘xshamaydigan, sog‘lom qushlar osmonda parvoz qilib yurgan ajoyib bir kunda seni hayotni quchganday quchib, ko‘zlaringga termilish nasib etishiga ishonaman! Ana shunda, bor-yo‘g‘i bir necha kun yoki daqiqa ichida biz butun bir umrni yashab o‘tamiz va baxtiyor bo‘lamiz. Axir aytishadi-ku, so‘nggi lahza abadiyatga daxldor, deb. Sen albatta meni ko‘rgani kelasan, to‘g‘rimi? Sen eng dahshatli virusdan ham qo‘rqmaysan. Sen bokira muhabbatiga sodiq qolgan yagona jasur ayolsan! Ammo bu mo‘‘jiza qachon – ertaga ertalabmi yoki kechqurun, balki butunlay boshqa kuni – ro‘y berishini bilmayman. Shuning uchun oldindan aytib qo‘ymoqchiman, kechga yaqin yo‘lga tushsang, biz ko‘risholmay qolishimiz mumkin. Chunki bu yerda oqshom tushganidan keyin bemorlar bilan uchrashuv ta’qiqlangan. Mabodo... sen kelgan kuning quyosh botib, atrofni qorong‘ilik chulg‘agan bo‘lsa, uchrashuvdan umidingni uzib, qaytib ketib qolma, iltimos. Xafa ham bo‘lma.
Quyosh botsa, nima bo‘pti? Axir u ertaga yana olamni munavvar etish uchun ufqdan bosh ko‘taradi!..
Sening mualliming”.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 1-son.