Shamolday yelib yurgan kichik o‘g‘il nogahon yuz bergan avtohalokat tufayli yarimjon, mayib bo‘lib qolishi Buvgul xolani qattiq larzaga soldi. «Endi nima bo‘ladi? Bolam bir umr yolg‘iz o‘tadimi?» — degan o‘ylar xonumonini kuydirardi, albatta, ammo o‘g‘lining chivinday joni qil ustida turgan kezlarda bu o‘ylar xayolidan ko‘tarilib, mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lib qolardi.
Avtohalokatni sodir etgan kimsa Mahkamboy levak qilmishiga yarasha jazosini oldi: sudlandi, qamaldi. O‘n yillik muddatni ikki yilda o‘tab keldi. Buvgul xolaning og‘riq va alami ichida edi, Mahkamboy levak ko‘chadan KamAZini guvillatib o‘tganida onaning yuragi zuvillab ketardi, ochig‘i Mahkamboy levakning o‘limi o‘g‘liga salomatlik baxsh etsa, u hech ikkilanmasdan bu nokasni o‘ldirgan bo‘lardi, afsuski... bu befoyda. Shunday ekan, chidashdan boshqa iloj yo‘q. Axir azob va iztiroblar uchun hech kim javob bermaydi...
Sirtdan qaraganda, Sobirning qo‘l-oyog‘i butun, bir yeri tilinmagan-shilinmagan, ammo uning ichki a’zolari qattiq lat yegandi: jigar qisman ezilgan, bitta buyrak ishdan chiqqan, ikkinchisi yarimjon, peshob chiqarish uchun Sobirning biqinida har doim maxsus naycha va banka osilib turardi. Erkakligidan ayrilgani esa hammasidan o‘tib tushdi. Sobir endi o‘rtoqlari bilan ko‘cha-ko‘yda tepkilashib yura olmas, daladan xurjun-xurjun o‘t yulib kelolmasdi, o‘zini avaylashga majbur edi. Bola ekan, onasining barcha talablariga bo‘yin egardi. Biroq ona-bola qancha ehtiyot bo‘lishmasin, qishning sovuq kunlari o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymasdi. Sobirning isitmasi ko‘tarilib ketardi.
Yana kasalxona.
Hafta-o‘n kun, gohida oylab yotishga to‘g‘ri kelardi shifoxonada...
Buvgul xolaning to‘ng‘ichi Mamatqul uylangan, ikki farzandning otasi, olaxurjun boshiga tushgandan keyin beva onasining ahvolini tushunib, qanotiga kirgan, ro‘zg‘orning barcha og‘irliklarini bo‘yniga olgandi, ammo ukasining injiqliklariga sira toqat qila olmasdi. Chunki ulg‘aygani sari Sobir tez-tez asabiylashadigan, xurmacha qiliqlar chiqaradigan bo‘lib qolgandi. Biror yegulikni yeyish mumkin emasmi, — Sobir, albatta narsani yerdi! Bajarishi mumkin emasmi, — Sobir, albatta, shu ishga yopishardi! Keyin ichburug‘ bo‘lib, hamma yoqni bulg‘ab qo‘yardi, yo ko‘taram bo‘lib yotib qolardi. Buning azobini o‘zi va Buvgul xola tortardi.
Kasalxonaga tez-tez tushavergandan keyin do‘xtirlar ham tanish bo‘lib qolarkan. Ulardan biri kunlarning birida Buvgul xolani kabinetiga chaqirib, ochiqchasiga: “Agar o‘g‘lingizni nihoyatda ehtiyot qilib parvarishlamasangiz, yana ikki yil yashashi mumkin”, deb aytdi. Esxonasi chiqqan Buvgul xola bu gapga ishonch hosil qilish uchun boshqa do‘xtirdan to‘g‘risini aytishni so‘ragandi, u bu “muddat”ni yana yarim yilga qisqartirdi va oxirida maslahat berishni ham unutmadi: “Tak, chto, hozirdan bunga o‘zingizni ko‘niktiring va ko‘pam o‘zingizni urintirib qo‘ymang, onaxon, siz hali boshqa farzandlaringizga ham keraksiz!”
Bu gaplardan Buvgul xola karaxt bo‘lib qoldi. Miyasi falaj bo‘lgandek hech narsa haqida o‘ylay olmadi, hatto qayg‘urish yoki tushkunlik hissini ham tuymadi, faqat... palataga qaytib, o‘g‘liga ko‘zi tushgandan keyingina birdan ruhiyati o‘zgardi. Do‘xtirlarga ishonmadi. Mana o‘g‘li, umid to‘la ko‘zlarini onasiga tikib turibdi.
— Men yaxshiman, ena. Endi uyga ketamizmi?
Bir necha daqiqa ichida Buvgul xolaning yuragini yeb bitirayozgan dahshatli xavotir tarqadi-ketdi. Toki o‘g‘lining ko‘zlari chaqnab boqarkan, hali nimadandir umid qilsa bo‘ladi, bundan ortiq nima kerak?
* * *
Vaqt o‘tib borardi.
Eng ulkan qo‘rquv qarshisida qaltirab-titrab turgan xavotirli ikki yil ham eson-omon o‘tdi.
Sobirning sog‘ligida aytarli o‘zgarish yo‘q, umri har doimgiday uy-kasalxona marshruti bo‘yicha o‘tardi. Ob-havo quruq va issiq kelgan yili uning kuni tug‘ardi, o‘zini ancha bardam sezardi. Buvgul xola bundan xursand, o‘g‘lining kundan-kun cho‘zilib borayotgan bo‘yiga qarab ko‘zi quvnardi.
Kunlarning birida Sobir tong sahardan qayoqqadir chiqib ketdi. Buvgul xola anchadan buyon o‘g‘lining o‘zgarib qolganini sezardi, Sobirning qadam olishini zimdan kuzatardi, ammo o‘sha kuni uning qayoqqa ketganidan bexabar qolgandi.
Tushgacha yo‘l qarab, xavotirdan yuragi yorilguday bo‘lgan ona oxiri sabri chidamay to‘ng‘ichi Mamatqulning uyiga yugurdi. O‘tgan yili Mamatqul xotini Hanifa bilan gap talashib qolgani uchun Sobirning yuziga tarsaki tushirganini kechira olmagan Buvgul xola uni bola-chaqasi bilan chala bitgan imoratga ko‘chirib yuborgandi. Shundan beri Mamatqulning ginasi ichida, onasi bilan ochilib gaplashmaydi.
O‘sha kuni ham onasi bilan gaplashganida qovog‘ini ochmadi, aksincha:
— Hech ish qilmasangiz ham ulingizning ketidan poylab yuring, degandim-ku, — deya aql o‘rgatdi u. — Kim biladi, boshi og‘ib, qayoqlarga uloqib ketdiykin? Ko‘ngliga qarayverib, bolani besoat qilib qo‘ydingiz, ena!
— Pashshaxona ichida Mashrabgina uxlab yotuvdi. Sigirni podaga qo‘shib kelganimcha qayoqqadir g‘oyib bo‘libdi... — tushuntira boshladi Buvgul xola, ammo Mamatqul onasining gaplarini oxirigacha eshitmadi:
— Qachon qarasam, podaning ketidan yugurib yurasiz, shu ishlarni qo‘ying endi, ena! Ulingizniyam ishga soling-da, yigirmadan oshdi axir.
— Ukangning yigirmadan oshganiga xursandman. Boshqa narsani o‘ylamayman...
— Devday jinni bitta sigirminan-novvosni eplab boqolmaydimi, ena?!
O‘g‘lining so‘zlari onaning hamiyatiga tegdi, yuzi o‘zgardi.
— Bitta sigirmas, o‘nta sigir bo‘lsayam Sobirjon eplaydi. Senga o‘xshab chala-chulpa ish qilmaydi u! Lekin o‘zim uni avaylayman. O‘zi yarimjon bola bo‘lsa... O‘z gavdasini o‘zi ko‘tarib yurganiga ham shukr qilaman! Endi tushundingmi?!
— Ho‘kizday yigitni avaylayman, deb, o‘zingiz yiqilib qolmang, deyman-da, ena. Mening ro‘zg‘orim bo‘lak bo‘lsa, kunda ahvolingizdan xabar ololmasam.
— Ho‘kizday yigit deysan... Uning quruq gavdasi bor. Qish oqshomlari inqillab chiqadi, bir yerlari og‘riydi...
Qaytamiz endi... Xudoning ishi! Lekin to‘g‘risini aytsam, ena, siz baribir noto‘g‘ri qilyapsiz. Bolani avaylamasdan ishminan andarmon qilib tashlashingiz kerak. Shunda huda-behudaga ko‘chaga yuguravermaydi!
— To‘qsonta gapni oldimga to‘nqaytirgandan ko‘ra, senminan ishim yo‘q, ena, qanday kuningni ko‘rsang ko‘raver, de, qo‘y! — Buvgul xola jahl bilan iziga qaytdi.
— Obbo, — g‘udrandi Mamatqul. — Bir marta sal qattiqroq gapirib qo‘ysam, darrov arazlab qoladi enam!
Buvgul xola to‘ng‘ich o‘g‘lining ko‘nglini g‘ash qilib qo‘yganini sezdi, lekin ortiga burilmadi, og‘ir mehnatni ko‘p qilganidanmi, oltmishga kirmay dol bo‘lgan qaddini eggan ko‘yi, qo‘llarini belida chalishtirgancha uyi tomon yo‘rtarkan, yo‘l-yo‘lakay uchraganlardan o‘g‘lini ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘rardi. Aksiga olganday, na yo‘lovchilardan, na qo‘ni-qo‘shnilardan Sobirga ko‘zi tushgan odam topilmadi.
“Bir og‘iz aytmasdan qayoqqa ketib qoldiykin? — o‘yladi ona qo‘li ishga bormay ko‘cha eshik oldidagi supachada o‘tirgancha yo‘lga ko‘z tutarkan. — Jo‘ralari o‘n besh yoshdan qizlarminan yetaklashib yurishlarini bilsayam buning parvoyiga kelmasdi. Qaylig‘ini to‘ydan oldin bo‘g‘oz qilib qo‘ygan jo‘rasiga kuyovnavkar bo‘lganidan keyin birdan o‘zgarib qolganini sezuvdim. Bitta-yarimta qizminan tanishib qolib, shuning ketidan hid olib ketdingmi? Oh, bolam-a!..”
Buvgul xolaning ko‘z oldini xira parda qopladi.
* * *
— Qayoqlarda tentirab yurding shu vaqtgacha?! — namozshomda yerga qaragancha hovliga kirib kelgan ukasini siquvga oldi Mamatqul. — Meni o‘ylamasang, enamni o‘ylasang bo‘lmaydimi? Yuragi yorilib, o‘lib qolay dedi-ku enam!
— Qaerda yurganim bilan nima ishingiz bor? — qo‘rs javob berdi Sobir.
— Iya, bu nima deganing? — ajablandi Mamatqul quloqlariga ishonmay. — Sen bola o‘ylab gapiryapsanmi o‘zi?
— Nega hadeb tergayverasiz? Yosh bola emasman axir!
— Enam seni deb...
— Enangiz borligi shunaqa vaqtlarda esingizga tushadimi?!
— Hov bola! — Mamatqul ukasining yoqasiga chang soldi.
— Nimaga uning yoqasiga yopishasan?! — Buvgul xola o‘rtaga tushib, to‘ng‘ichiga qarab qichqirdi. — Sobirga qo‘lingni tekkizguncha, meni burdalab tashla!
— Ena... gaplarini eshitdingizmi? Meni zig‘irchayam hurmat qilmaydi buningiz!..
— Sobir seni hurmat qiladi, lekin sen buni tushunmaysan! — Buvgul xola to‘ng‘ich o‘g‘lini siltab yubordi.
Paytdan foydalangan Sobir uyga o‘zini urdi. Eshikni ichkaridan qulfladi.
— Tarafini olganingiz sayin buningiz haddidan oshib ketyapti! — dedi Mamatqul baqirib. — Siquvga olib, picha tanobini tortib qo‘yay desam, nega uning ko‘ngliga qarayverasiz, ena?
Buvgul xolaning charchoq nigohlari to‘ng‘ichiga ta’nali boqdi, ammo lom-mim demadi.
Ikki kun o‘tdi.
Ikki kun ichida ona-bola ochilib gaplashmadi hisob.
Uchinchi kuni ertalab yasan-tusan qilib olgan o‘g‘lini ko‘rib hayron bo‘lgan ona unga savol nazari bilan boqdi.
Sobir buni tushundi.
— O‘tgan kuni meni davolagan do‘xtirning oldiga borgandim. Operatsiya ko‘p ekan, shu kuni kechgacha kutib o‘tirdim, lekin men bilan gaplashishga vaqti bo‘lmadi. Indinga kelsang, gaplasharmiz, degandi... Boraveraymi?..
Buvgul xola siyrak kipriklarini pirpiratganicha bir necha soniya o‘g‘liga tikilib turdi, so‘ng asta:
— Boraqol, — dedi.
Sobir xonadan uchib chiqdi.
— Oh, bolajonim-a... — onaning ko‘zlaridan yosh tirqiradi. — Oh, bolajonim-a... Oh...
“Tiq” etsa eshikka ko‘z tutib o‘tirish oson emasdi. Buvgul xola istar-istamay ishga unnadi. Keksaygan chog‘ida qo‘lini sovuq suvga urmay, huzur-halovatda yashash o‘rniga, to‘ng‘ich o‘g‘li bilan kelinining ro‘zg‘orini bo‘lak qilib, o‘zi hali-hamon qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib yurganini o‘ylab gohida Buvgul xola bo‘lib ketadi, lekin o‘zi, faqat o‘zi bu qismatni o‘ziga ravo ko‘rgani bois, alamini ichiga yutadi.
“Bugun ham namozshomda kelarmikan? — oshxonayu molxonalarni galma-gal kirpishlayverishdan charchagan ona hammasiga qo‘l siltab, ko‘cha eshik oldiga chiqib yo‘lga ko‘z tikdi. — Esim qursin, qachon qaytasan, deb so‘rab qolsam, o‘larmidim!”
Huv narida, ko‘z ilg‘aydigan yerda avtobus bekati.
Bir-ikki soat ichida bekatga necha-necha avtobus kelib-ketmadi, kimlar tushmadi ulardan, biroq Sobirdan darak yo‘q edi.
Buvgul xola burushgan lablarini qimtib, tamshandi, og‘zi quruqshadi, chanqaganini, qorni ochganini his qildi, oshxonada ovqat tayyor edi, lekin onaning ishtahasi tortmadi.
Qo‘llarini iyagiga tiragancha supada o‘tirib o‘g‘lini kutdi.
Nihoyat... ana u!
Buvgul xola o‘rnidan turib ketdi.
— Keldingmi, bolam?..
— Ha...
Sobir yerga qaraganicha onasining yonidan o‘tib ichkariga kirib ketdi.
O‘g‘lining aftoda qiyofasi Buvgul xolaning yuragini o‘rtab yubordi. Sobir uyga kirdiyu, o‘zini karavotga tashladi.
— Ovqat ichasanmi, bolam? — so‘radi Buvgul xola eshikdan mo‘ralab.
— Yo‘q.
— Tush payti bo‘ldi-ku.
— Qornim to‘q, — dedi Sobir va yuzini yostiqqa qattiq bosdi.
Buvgul xola eshik oldida mung‘ayib turdi birpas, so‘ng sekin iziga qaytdi. Oshxonada yolg‘iz o‘zi nomiga, istar-istamay tamaddi qilgan bo‘ldi, butun fikri-zikri o‘g‘lida bo‘lganidan nima yeb-ichganini ham bilmadi, alag‘da ko‘ngli sira tinchlik bermasdi:
“Do‘xtir yaxshi gap aytmagan, — o‘ylardi ona. — Bechora bolamning enka-tinkasi qurib ketibdi. Do‘xtir ham toza nokas odam ekan-da. Uzil-kesil javob aytmasdan, umidvor qilib yuborsa bo‘lardi-ku! Odamlar bir og‘iz shirin so‘zga buncha xasis bo‘lishmasa?!”
Buvgul xola oshxonada uzoq o‘tira olmadi. O‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Ko‘chadan xotin-xalajning shovqin-suroni, suv bochkalari ortilgan aravalaru chelaklarning darang-durungi eshitildi.
Qishloqda anchadan buyon suv tanqis edi. Vodoprovodlardan ilgarigidek suv sharillab oqmas, ariqlardagi suvning ham tanobi tortilgan, kunduzgi soat ikkidan uchgacha ko‘cha boshidagi vodoprovoddan suv beriladiyu yana cho‘rt uziladi. Dastyori borlar ikki-uch kunlik suvni g‘amlab olishadi. Buvgul xolaga o‘xshaganlar esa bor-yo‘g‘i uch-to‘rt chelak suv olib qolishga zo‘rg‘a ulgurishardi. Biroq ayni zamonda Buvgul xolaning ko‘ngliga suv sig‘madi, o‘g‘lining yonida bo‘lishni istaydi.
Sobir onasining qadoq kaftini his qildi, ammo qimir etmadi, chunki yostiq jiqqa ho‘l edi...
Sobirning kechki ovqatdan ham bosh tortishi Buvgul xolaning sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Bir kosa ovqatning ustiga non qo‘yib, ro‘molchaga tugib, Mamatqulning uyiga yo‘l oldi yana.
— Bolangga berarsan, — eshik ochgan Hanifa kelinning qo‘liga tugunni tutdi. — Mamatqul ishdan keldimi?
— Ishga borgani yo‘q, — xo‘mrayib javob berdi kelin. — Traktri buzilib qolganini bahona qilib ikki kundan beri uyda yotibdi!
Buvgul xolaga kelinning xo‘mrayib turishi yoqmadi. “Eri ishga bormasayam alamini mendan oladi”, — deya pichirlagancha ichkariga yo‘naldi.
— Nega ishga bormading? — adyol bilan boshigacha o‘ralib, terlab-pishib uxlayotgan Mamatqulni sekin turtib uyg‘otdi Buvgul xola, so‘ng to‘shak yoniga cho‘qqaydi.
— Tinchlikmi, ena? — Mamatqul o‘rnidan turib o‘tirdi. Xomuza tortdi.
— Nega ishga bormading, deyapman? Ikki kundan beri uyda yotganmishsan?
— Ikki kun, deb kim aytdi sizga? Traktrim buzilib qolib, tushda uyga qaytib keldim-ku!
— Hah, bolam boyoqish, — Buvgul xola o‘shshayib eshik tomon qarab qo‘ydi. — Yarim kun imillaganingga, ko‘ziga baloday ko‘rinib qopsan-da!
— O‘zingiz kech bo‘lganda nima qilib yuribsiz, ena?
— Ena bilan ukadan xabar olmay gumqovib yotganingdan keyin tirik arvohday izillab yuraman-da!
— Ena...
— Sobir tushdan berisiga tuz totmay yotibdi...
Mamatqul ensasi qotib yuzini burdi, biroz jimlikdan keyin jahl bilan dedi:
— Ena, Sobirning nima ishlar qilib yurganidan xabaringiz yo‘q!
— Nima ish qilibdi? — bilmaganga olib so‘radi Buvgul xola.
— Do‘xtirga qatnab yuribdi!
— Nima qipti borsa...
— Do‘xtirlar yordam berolmasligi ma’lum-ku, jonini saqlab berdi bizga, shuning o‘zi katta gap. Nega buni ulingizga tushuntirmaysiz?!
Buvgul xola yerga qarab qoldi.
— Qanday aytaman buni, — dedi u birozdan keyin ayanchli ovozda.
— O‘zingiz aytolmasangiz, menga ixtiyor bering, axir kimdir achchiq bo‘lsayam haqiqatni aytishi kerak-ku!
— Sen aralashma! Mayli, boraman degan yeriga borib-kelaversin.
— Ana shu-da! Ana shu... yana mendan o‘pkalashingiz ortiqcha.
— Nima qilay, axir... — Buvgul xolaning mijjasiga yosh qalqidi.
— Aytganday, sizga yana bir xabar bor, Sobiringiz sayxonlik bir qizminan gaplashib yurganmish!
— Yo‘g‘-e? — Buvgul xola quloqlariga ishonmagandek to‘ng‘ichining yuziga ajablanib boqdi.
— Ha, anavi Anvar degan jo‘rasi Sayxondan uylandi-ku, shuni to‘yida tanishib qolgankan.
— Yo‘g‘-e... — onaning mudom g‘am-tashvish arimaydigan yuziga iliq tabassum yoyildi. — Sobirjon qizlarminan gaplashar ekanmi?..
Mamatqul onasining yuziga hayron boqdi.
— Nimaga xursand bo‘lyapsiz, ena? Axir...
— Qiz ham Sobirjonminan gaplashayotganmishmi axir?
— Gaplashayotganmish! Shu qizga uylanaman, deb yurganmish Sobirjoningiz jo‘ralariga. Lekin bu mumkin emas-ku, ena! Buning oldini olmasak bo‘lmaydi.
Buvgul xola birdan hushyor tortdi.
— Nima qilmoqchisan? — deya to‘ng‘ichiga xavotirli nazar tashladi.
— Shuning maslahatini qilish uchun kechqurun oldingizga o‘tmoqchiydim o‘zi. Nima qilamiz, menam hayronman... Birovning qizini umidvor qilmasdan, bor gapni ochiq aytib, ora ochdi qilish kerakmidi?
— Yo‘q! Bu gapni kallangdan chiqarib tashla! — qat’iy javob berdi Buvgul xola.
— Bu ish gazak olib ketmasdan nimadir qilmasak bo‘lmaydi.
— U yog‘iminan ishing bo‘lmasin!
— Ena...
— Sen aralashma! Sobirjonning o‘ziga yarasha aqli bor. Nima qilayotganini yaxshi biladi.
— Sevgi uni ado qiladi axir!
Buvgul xola javob bermadi. Shoshilib o‘rnidan turdi. Eshik oldiga yetganda to‘xtab ortiga o‘girildi.
— Hech kimni yaxshi ko‘rmasdan ado bo‘lgandan ko‘ra, birovni yaxshi ko‘rib ado bo‘lgani durust emasmi?! — dedi ona dona-dona qilib, so‘ng yig‘lamsiragancha o‘zini eshikka urdi.
— E, menga nima! Joningizga tekkuncha papalayvering-chi. Suv to‘g‘onni urib ketgandan keyin oldimga yig‘lab kelasiz, lekin unda men tugul, otam tirilib kelgan taqdirdayam sizga yordam berolmaydi!
Mamatqul yana o‘rniga cho‘zildi. Ammo ko‘p yota olmadi. Uzalib tokchada turgan aroq shishasi bilan piyolani qo‘liga oldi. Och qoringa ikki piyola aroqni sipqordi-yu o‘zi bilan o‘zi andarmon bo‘lib qoldi.
— Hech kimning men bilan ishi yo‘q... — u yelkalari silkinib-silkinib yig‘lay boshladi. — Hech kimning men bilan ishi yo‘q...
Eshikdan mo‘ralagan Hanifa kelin erining ahvolini ko‘rdi-yu ko‘zining paxtasi chiqdi...
* * *
— Ena, — dedi Sobir kunlarning birida xijolatli kulimsiraganicha. — Bir gap aytsam xafa bo‘lmaysizmi?
— Nima gap? — tikish qilib o‘tirgan Buvgul xola o‘g‘lining yuziga qaramasdan so‘radi.
— Sayxonda bir qiz yashaydi. Ismi Marvarid... — dedi Sobir past ovozda, so‘ng birdan jimib qoldi, nigohlari gilamga qadaldi.
Buvgul xola ko‘zoynagi ustidan o‘g‘liga qaradi.
— Xo‘sh?..
— Shu qiz... meni yaxshi ko‘rib qopti. Onangizni qachon sovchilikka yuborasiz, deb sira tinchlik bermayapti...
Buvgul xola kulib yubordi.
— Ha, mug‘ombir, o‘ylab-o‘ylab, oxiri shu yo‘lni topdingmi?
Sobir ham onasiga qo‘shilib kuldi. Anchadan buyon bunday beg‘ubor kulgini eshitmagan devorlar zirillab ketdi.
— Kimning qizi ekan? — so‘radi ona jiddiy tortib tikishini bir chetga qo‘yarkan.
— Majid akaning...
— Sayxonda Majid degan odam bitta edi-yov, adashmasam. Uyi maktab yonidami?
— Ha, xuddi o‘zi...
— Ular yaxshi odamlar, mayli, ertan kechqurun o‘tib kelaman.
Sobirning ko‘zlari chaqnadi.
Aytilmagan yana nimadir bor edi. Ammo bu haqda na ona, na o‘g‘il og‘iz ochishga jur’at qilardi. Noqulay sukunat ikkalasining ham yuragini o‘rtab yubordi.
Buvgul xola yamoq-yasog‘i esiga tushib qolgandek keskin burilib ishiga mashg‘ul bo‘ldi.
— Ena, — dedi nihoyat Sobir tilga kirib. — Ota-onasi yo‘q, deyishsa va yana... har xil... gaplarni gapirishsa... nima deysiz?.. Uyalib qolmaysizmi?..
— U yog‘iminan ishing bo‘lmasin, ulim, — shipdan ko‘z uzmay javob berdi Buvgul xola. — Aydaqarning qiziga sovchilikka boring, desang ham, boraman!
— Enajon...
Sobir onasining qoqsuyak yelkasiga bosh qo‘ydi.
Ertasi kechki payt Sobir bir o‘rtog‘ining mashinasini eshik oldiga ko‘ndalang qildi.
— Avtobusga osilib yurasizmi, — dedi o‘g‘il onasiga. — Nuriddin moshinasida g‘ir etib oborib keladi.
“Elga joriya qilmasang bo‘lardi”, — demoqchi bo‘ldi ona, ammo indamadi.
Sobir uydan chiqish oldidan onasiga yana dedi:
— Qizning o‘zi men bilan yashashga rozi, bemalol aytavering buni. Faqat ota-onamning roziligini olsangiz bo‘ldi degan.
— Yaxshi qiz ekan...
— Bordiyu ota-onasi rozi bo‘lishmasa yana xafa bo‘lib yurmang, — dedi Sobir ovozi o‘zgarib.
Buvgul xolaning chap ko‘ksiga birov nina sanchib olgandek bo‘ldi.
— Mayli, bolam, mayli, — degancha tashqariga yo‘naldi ona.
Mashinani jildirishdan avval Nuriddin: “Ishimiz o‘ngidan kelsin!” deya omin qildi, Buvgul xola ham pichirlagancha duo o‘qirkan... bexosdan Sobirning ixlos bilan yuziga fotiha tortayotganiga ko‘zi tushib... yuragi ezilib ketdi. O‘g‘lining bu xatti-harakatlari bema’nilik ekanligini bilardi ona, shu bilan bir vaqtda bu bema’nilik qismatga qarshi mardona isyonning o‘ziga xos ko‘rinishi ekanligini ham his qilardi Buvgul xola; Sobir shu taxlit hayotdagi bo‘shliqni to‘ldirishga, haqiqatdan qochib qutulishga urinayotganini fahmlardi...
Sayxon qishlog‘i.
Maktab yonidagi uy.
Buvgul xola bu fayzli uy ichida o‘zini qanchalar achchiq ta’na-dashnomlar kutayotganini sezdi, ammo ona har qanday andishayu istiholani yig‘ishtirib qo‘yib, ichkariga dadil qadam bosdi.
— Qanday haddingiz sig‘di, nogiron o‘g‘lingizga gulday qizimni so‘rab kelishga?! — Buvgul xolaning muddaosini eshitgan Majid aka tutaqib ketdi. — Yo Majidning qizi ko‘chada qolgan, deb o‘ylayapsizmi?!
— Unday o‘ylaganim yo‘q, — dedi Buvgul xola vazminlik bilan. — Jahlingiz chiqmasin, inim. Meniyam tushuning...
— Ahvolingizni tushunganim uchun shaytonga hay berdim, — dedi Majid aka. — Bo‘lmasa hozir...
— Ulimning ahvolini yashirmayman, buni butun qishloq biladi. Mana siz ham allaqachon eshitgan ekansiz... Lekin yoshlar bir-birini tanlashibdi. O‘zaro kelishibdi ham!.. Johillik qilib yoshlarning uvoliga qolmaylik tag‘in...
— Aslo uvoliga qolmaymiz. Aksincha, savobga qolamiz ularni bir-biridan uzoqlashtirsak!
— Lekin qizning o‘zi... rozi-ku!
— Qizim rozi bo‘lsa bo‘laversin, ammo men ikki dunyoda ham ko‘nmayman! Ko‘ra-bila turib uni o‘tga tashlamayman! Bir umr hur qiz bo‘lib o‘tib ketishini istamayman!
— Balki...
— Yo‘q. Gap tamom-vassalom! — Majid aka yuziga fotiha tortdi. Ketishingiz mumkin, degandek qaradi Buvgul xolaga.
Biroq Buvgul xola o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Titroq barmoqlari ko‘rpacha chetini tutamlagancha yerdan ko‘z uzmay o‘tiraverdi.
Majid aka tomoq qirdi. O‘rnidan turishga taraddudlandi, Buvgul xola shunda ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi.
Majid aka yana tomoq qirdi.
— Hozir... Hozir turaman, — dedi Buvgul xola nafasi qaytib, yuragi siqilayotganini sezdirmaslikka urinib. — Lekin avval sizga bir o‘tinchim bor, hech kim pesh qilmasayam birovning qizini yo‘qlab borishga haqsizligimni yaxshi bilaman, ammo bolangiz ko‘zingizga mo‘ltirab tursa, chiday olmas ekansiz, uyingizga bostirib kelganimni bepisandlik deb tushunmasligingiz uchun aytyapman bu gapni, endi o‘tinchim shuki, qiz bolani boshingizga bolish qilmaysiz, albatta, qachondir baxti ochilsa, kimgadir uzatasiz, baxtli bo‘lsin, iloyim, biroq hozir oldimga chiqqan ulimga: “Qizning otasi o‘ylashib-kengashib ko‘raylik”, deb aytdi, deyishimga ruxsat bering, xo‘pmi?
Majid aka qiyin ahvolda qoldi. O‘zini u yoqqa tashladi, bu yoqqa tashladi, oxiri rozi bo‘ldi.
— Mayli, nima desangiz o‘zingiz bilasiz, lekin bu gapim bolangiz har kuni ostonamga kelib tursin deganim emas! Shuni yaxshilab tushuntirib qo‘ying.
— Baraka toping, iloyim.
Buvgul xola o‘rnidan turdi.
* * *
Sobirning kiyimlarini hafsala bilan dazmol qilish, tuflilarini yaltirab ketguncha tozalashlari, qo‘shiq xirgoyi qilib yurishlarini kuzatish Buvgul xolaga benihoya huzur bag‘ishlardi. O‘g‘lining yuziga g‘am soya solishini istamasdi. Umrining oxirigacha uni baxtiyor holda ko‘rishni xohlardi ona. Kechki payt Sobirning kiyinib, yasan-tusan qilib ko‘chaga otlanganini ko‘rgan kezlarda esa Buvgul xola xursandligidan dunyoga sig‘may ketardi. Kuchiga kuch qo‘shilardi. O‘g‘lining halokatidan keyin azobga aylangan hayotga nisbatan qalbida yashash ishtiyoqi kuchayardi.
“Bu hol qancha vaqt davom etarkin?” degan savoldan etlari junjikib ketgan vaqtlar ham ko‘p bo‘lardi, shunday kezlarda ona o‘zini munofiq sanab, tinchini yo‘qotardi, ammo o‘g‘lining baxtiyor chehrasiga ko‘zi tushgan lahzadan boshlab hammasini butkul unutar, ertaga nima bo‘lsa bo‘lar, mana hozir bolamdan baxtli odam yo‘q dunyoda, menga bundan ortiq yana nima kerak, deya o‘ziga taskin berardi.
Oilaning to‘ng‘ichi Mamatqul bo‘lsa vaqt-bevaqt kelib onasining kayfiyatini buzib kelishdan boshqasiga yaramasdi.
— Bu bolangiz toza bebosh bo‘lib ketdi-ku, ena, — deya shikoyat qilardi u. — Toza ixtiyoriga qo‘yib yubormay, jilovini tortib tursangiz bo‘lmaydimi?!
— Nima qipti? O‘g‘rilik qildimi, g‘arlik qildimi, gapir! — derdi Buvgul xola jerkib.
— Tovba qildim, Sobir to‘g‘risida sal mundayroq gapirgan odam sizga yoqmaydi-ya, ena, — deydi Mamatqul hayron bo‘lib. — Sobirni yomonlagan odam o‘z bolangiz bo‘lsayam kechib yuborasiz-ov!
Buvgul xola qovoq solib, yuzini burdi.
— O‘zingizcha Sobirni farishta deb o‘ylaysiz-ov, — davom etdi Mamatqul borgan sayin alami ortib. — Lekin bilib qo‘ying, shu farishta bolangiz Majid akaning qiziminan kanal bo‘yida o‘pishib, quchoqlashib yuribdi!
Buvgul xola avval seskanib tushdi, so‘ng... qimtingan lablariga tabassum yugurdi.
— Shuytib... yurgan ekanmi?.. — Buvgul xola kemtik milkini ko‘rsatib iljaygancha to‘ng‘ichining yuziga termildi.
Mamatqulning jon-poni chiqib ketdi.
— Ena!
— Vahima qilaverma.
— O‘zingizning qizingiz yo‘q-da, shuning uchun birovning qizining sha’nini o‘ylamayapsiz!
— O‘psa o‘par, yuvsa ketar, deganlar. Qolaversa, ikkovi bir-birini yaxshi ko‘rishadi. Sen ... qisib yur!
Buvgul xolaning vajohati qo‘rqqulik edi, Mamatqul ishini bahona qilib qochib qoldi. Ammo eshik oldiga yetganda baribir aytadiganini aytdi:
— Bu ishingizdan hali pushaymon bo‘lasiz, ena!
O‘g‘lining so‘zlari Buvgul xolaning yuragiga o‘qdek qadaldi. Oyoqlaridan mador qochib yerga o‘tirib qoldi.
* * *
Qish adog‘ida Buvgul xola o‘g‘lining tarki dunyo qilgan odamdek xonaga qamalib olganini, ertayu kech bag‘rini yerga berib yotishlarini ko‘rib saodatli kunlar nihoyasiga yetganini fahmladi. Ichida bir nima o‘pirilib tushdi go‘yo...
Sobirning kirtaygan, sog‘inch to‘la nigohlariga boqish og‘ir edi. Uning: “Nega bunday bo‘ldi, ena?” deb so‘rab qolishidan cho‘chirdi Buvgul xola, shu bois kun sovuq bo‘lishiga qaramasdan ertayu kech goh hovlida, goh uy ichida g‘imirlab yurardi.
Bir kech Sobir indamay uydan chiqib ketdi-da, ikki soatlardan keyin gandiraklagancha qaytib keldi.
U mast edi.
Buvgul xolaning yuragi orqaga tortib ketdi, axir Sobirga ichkilik ichish, tamaki chekish mumkin emasdi!
— Ena... — Sobir onasining fikrini uqqanday aybdorlarcha boqdi. — Ichmaslikning iloji bo‘lmadi...
— Mayli, bolam, mayli... Har zamonda ichsang, zarar qilmas...
— Nega ichding deb so‘ramaysizmi, ena?
— Xabarim bor, bolam...
— Indinga uni unashtirishmoqchi ekan... Otasi undan bir og‘iz ham so‘ramasdan sovchilarga rozilik bervoribdi.
— Otasi qaysar odam ekan-da...
— Agar hozir yana bir marta sovchilikka boring, desam borasizmi, ena?
— Mayli, boraman... Lekin...
— Qizning o‘zi ham shunday deyapti. U meni telbalarcha sevadi!
— Oh bolajonim-a...
— Yana bir marta boring, agar otasi yana ko‘nmasa... keyin mayli...
Buvgul xola ilon chaqqanday seskanib tushdi. “...otasi yana ko‘nmasa...” degani Sobirning avvalgi sovchilik mojarosidan boxabar ekanligini bildirmaydimi ishqilib?..
Buvgul xolaning ichidan qirindi o‘tdi. O‘g‘lining ko‘zlariga tik qarashga yuzi chidamadi.
— Nuriddin jo‘ramni chaqiraveraymi bo‘lmasa? — so‘radi Sobir.
— Chaqir.
Sobir ko‘chaga chiqib ketdi.
Buvgul xola bir fursat o‘y surib qoldi. So‘ng imillab kiyindi, dasturxonga to‘rtta non, qand-qurs tugib tayyorlab qo‘ydi.
Shu chog‘ eshikdan Mamatqul kirib keldi. U haddan tashqari darg‘azab edi.
— Agar meni ham bolam desangiz, hech qaerga bormaysiz! — deya dag‘dag‘a qildi u kirgan zahoti onasiga.
— Yo pirim-ey, nega buncha o‘dag‘aylaysan, tinchlikmi, bolam?
— Eshitdim, qayoqqa ketayotganingizni, Sobirning ko‘ngliga qarashni bas qiling endi!
— Menga aql o‘rgatma, demabmidim senga.
— Nima, odamlarga masxara bo‘lmoqchimisiz?! Meni qishloqda bosh ko‘tarib yurolmaydigan qilib qo‘ydingiz-ku!
— Senga nima?! Sen o‘z aravangni o‘zing tortib yuraver. Kasal uka, qari enangminan ishing bo‘lmasin. Boshimda turib olib go‘ngqarg‘aday g‘o‘ng‘illamasang bo‘ldi!
— Obbo... Juda bo‘lmasa o‘z tengimizni topaylik, ena!
— Bolamning tengi o‘sha qiz!
Ko‘cha eshik oldiga mashina kelib to‘xtashi hamon Buvgul xola dasturxonini ko‘tarib yo‘lga otlandi.
Mamatqul ildam yurib onasidan oldin eshik oldiga chiqdi.
— Hov bola, bu yoqqa kir, senda gapim bor, — dedi u Sobirga.
Engashgancha pildirab yetib kelgan Buvgul xola to‘ng‘ichining bilagidan tortib o‘ziga egiltirdi va qulog‘iga shivirladi:
— Agar Sobirga “g‘ing” desang oq qilaman, bilib qo‘y!
Mamatqulning yuzi bo‘g‘riqib ketdi.
— Nima deysiz, aka? — deya yaqin keldi Sobir shu vaqt.
— E, bor-e!
Mamatqul orqa-oldiga qaramay jo‘nab qoldi.
* * *
— Yana qaysi yuz bilan keldingiz, opa? O‘tgan safar kelishgandik-ku! Bechora bir beva ayol ekan, deb iltimosingizga ko‘ndim, lekin siz buni bilmadingiz. Ayol kishi bo‘lsayam odam-ku, deb siylagandim, ammo siylaganni bilmadingiz. Bilganingizda ko‘zingizni lo‘q qilib yana uyimga bostirib kelmasdingiz. O‘g‘lingiz bor, desa yugurib kelaverasizmi? Aqlingiz bormi o‘zi?! He, o‘sha xotinchalish o‘g‘lingizniyam, sevgisiniyam... — qizining xarxashasidan xunobi oshib o‘tirgan Majid aka ostona hatlashi bilan Buvgul xolaning boshiga shunday malomat toshlarini yog‘dirdiki, sho‘rlik ayolning qo‘lidan dasturxoni tushib ketdi, ammo quda bo‘lish hech qachon nasib qilmaydigan qudasiga qarshi bir og‘iz ham gap qaytarmadi, ko‘ylagining uzun yengini og‘ziga bosib, yerga qaragancha miq etmay turdi.
Bu holdan Majid akaning battar jazavasi qo‘zidi.
— Ko‘chada qolgan buzuqi ham ulingizga o‘zini ravo ko‘rmaydi, endi sizga ochig‘ini aytib qo‘ya qolay. Ota-ona papalab katta qilgan qizini qorni to‘q, usti but yuradi, deb erga bermaydi-ku, nahotki shu oddiy narsani ham tushunmasangiz?!
Majid aka naq yigirma daqiqa chamasi javradi, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqdi, aytmagan gapi qolmadi hisob, Buvgul xola bularning barini quloq qoqmay eshitdi, Majid aka holdan toyib, jimib qolganidan keyingina sekin ortiga burilarkan:
— Nima desangiz ham haqingiz bor. Bundan battar gaplarni eshitishimni bilardim. Ammo bolamning sazasini o‘ldirgim kelmadi... — dedi va ohista eshikni yopdi.
Zaharolud so‘zlar, bepisand, kinoyali nigohlar suyak-suyagidan o‘tib ketgan, qon bosimi ko‘tarilib, ko‘z oldi qorong‘ilashib, zo‘rg‘a mashinadan tushgan Buvgul xola peshvoz chiqqan o‘g‘lini ko‘rib o‘zini dadillikka oldi.
— Ishqilib... haydab solishmadimi?.. — aybsinib onasiga yuzlandi Sobir.
— Nega haydab solishadi?! Ular tushungan odamlar... Faqat narigi tomon bilan qarindoshliklari bor ekan-da. Qizning o‘zini ko‘rmadim, lekin toza esi ko‘p qiz ekan, qarindoshga erga tegmayman, deb oyoq tirab turganmish... Shuning uchun sho‘rlik Majid qayoqqa borarini bilmay, boshi garang. Qiz o‘stirgan otaga ham toza qiyin ekan-da.
— Demak, butunlay uzib yuborishmabdi-da, a? — so‘radi umidvor ohangda Sobir.
— Ha... — bor kuchini to‘plab javob berdi Buvgul xola va sekin yonboshga quladi.
* * *
Aprelning o‘rtalarida atirgullar yakkam-dukkam ochilayotgan bir paytda Marvaridning to‘yi bo‘ldi. U o‘sha qarindosh yigitga turmushga chiqdi.
Shundan keyin Sobirning xayolida keskin o‘zgarish yuz berdi. U ichkilikka, tamakiga ruju qo‘ydi. Allaqayoqlarga ketib qoladigan odat chiqardi. Buvgul xolaning ko‘p vaqti o‘g‘lini izlab o‘tardi. Yog‘ingarchilik mavsumi emasmi, necha martalab Sobirni loyga belanib yotgan holda topib, yig‘lab-siqtab uyga olib kelardi.
— Muncha ko‘p ichadigan bo‘p qolding? Aroqdan foyda qilmaysan, deb aytgandim-ku senga! — o‘g‘li o‘zini o‘zi xarob qilayotganiga chidab tura olmay javrardi ona.
Sobir esa bunga javoban:
— Nima bo‘lsa bo‘lar, parvo qilmang, ena, — derdi.
Ukasining ko‘cha-ko‘yda mast-alast yurganidan or qilgan Mamatqul onasiga kelib zahrini sochdi:
— Niyatingizga yetdingizmi, ena? Endi rohatini ko‘rib yotavering!
Buvgul xola e’tiroz bildirib to‘ng‘ichini jerkib tashlamadi bu safar, ammo kechga borib ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldi.
Hanifaxon kelinlik burchini ado etish maqsadida xipcha beliga bir tutamgina shohi fartukni bog‘lab namoyishkorona hovliga kirib kelganida shirakayf Sobir yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi:
— Enamga o‘zim qarayman!
Hanifa kelin qizarib-bo‘zargancha chiqib ketdi.
Sobir ichkilikni bas qildi. Onasini parvarishlay boshladi. Ammo Buvgul xola hadeganda o‘ziga kelavermadi. Qo‘rqinchli o‘ylarni o‘ziga yaqinlashtirmaslikka urinsa-da, baribir Sobirning asablari dosh bermadi.
— Siz bo‘lmasangiz men qanday yashayman, enajon? — deya yig‘lab yubordi u kunlarning birida. — Mening baxtimga tezroq sog‘ayib keting, enajon. Menday notavon sizdan boshqa kimga ham kerak bo‘lardi? Sog‘ayib ketsangiz bas, ichkilikni umuman og‘zimga olmayman! So‘z beraman.
Buvgul xolaning yumuq ko‘zlardan yosh sizdi...
Faqat o‘n kunlardan keyingina ona o‘rnidan turdi. Bundan hammadan ko‘p Sobir quvondi. U yana g‘ing‘illab qo‘shiq xirgoyi qila boshladi...
* * *
Yoz odatdagiday yaxshi o‘tdi.
Sentyabr oxirlarida Sobir g‘alati yangilik topib keldi.
— Marvarid eri bilan yasholmabdi, ajrashib, uyiga qaytib kelibdi, ena.
— Yo‘g‘-e, chakki bo‘pti-da.
— Yaxshi bo‘pti deng, — kuldi Sobir.
— Ha, shumtaka.
— Behazil gapiryapman, ena.
— Tushunmadim...
— Yana sovchilikka bormaysizmi, ena?..
— Qanday bo‘larkin...
— Bir gap aytsam xafa bo‘lmaysizmi?
— Ayt.
— Ko‘klamda kasal bo‘lganingizda qattiq qo‘rqqandim... Sizga bir gap bo‘lsa... yolg‘iz qolishdan qo‘rqdim...
Buvgul xola titrab ketdi. Nigohlarini yerga tikdi.
— Ehtimol otasi endi rozi bo‘lar, — dedi Sobir jur’atsiz ohangda.
— Balki...
— Ammo-lekin Marvaridni boshqa erga berganlari bilan u baribir yana qaytib keladi!
— Senday boladan ko‘ngil uzolmasa kerak-da, aylanay o‘zim sendan, — mehri tovlanib o‘g‘lining boshini ko‘ksiga bosdi Buvgul xola.
— Nima qilamiz endi, ena?
— Sen nima desang, shu!
Sobir xursand bo‘lib ketdi. Onasini dast ko‘tarib gir aylantira boshladi.
— O‘zimning enajonim... Yagona mehribonim...
— Meni tushir yerga, senga og‘ir narsa ko‘tarish mumkin emas! — yalindi ona.
Ammo Sobir onasining iltijosiga quloq solmadi. Holdan toyguncha Buvgul xolani gir-gir aylantirib, so‘ng avaylab yerga qo‘yarkan hansiragancha pichirladi:
— Chumchuqday bo‘lib qolibsiz-ku, enajon... Chumchuqday... Tag‘in og‘irman, deysiz-a?..
Buvgul xola gandiraklagancha devorga suyanib qoldi. Uning boshi aylanar, ko‘ngli ozar, ammo nihoyatda baxtiyor edi...
Uch kun o‘tib Buvgul xola yana Sayxon qishlog‘iga yo‘l oldi. Majid aka bu safar adi-badi aytishib o‘tirmadi, ostonadan haydab soldi, bu kamlik qilganday, tentak onangni yig‘ib ol, aks holda o‘zim uchun javob bera olmayman, degan mazmundagi gaplarini oqizmay-tomizmay yetkazish uchun Mamatqulga odam yubordi.
Anchadan buyon shunga yaqin dilxiralikni kutib yurgan Mamatqulga Xudo berdi-qoldi.
— Odamlarga kulgi bo‘lganingiz yetmaganday, mana telba degan nomni ham oldingiz! Endi ko‘nglingiz o‘rniga tushdimi yo haliyam kami bormi xurmacha qiliqlaringizni?! — deya ayyuhannos soldi u onasining oldiga kelib.
“Telba” degan so‘zni eshitib Buvgul xolaning xiyol yuzi o‘zgardi, ammo indamay piyoz o‘tog‘ini davom ettiraverdi.
— Odamni toza xit qilib yubordingiz-ku, ena! Bo‘lmaydigan ish uchun nima qilasiz elga masxara bo‘lib!
— Elning kulgisini eshitganim yo‘q, — dedi Buvgul xola ishdan bosh ko‘tarmay.
— Sizning qulog‘ingiz Sobirning ovozidan boshqa ovozni eshitmaydi.
Buvgul xola indamadi.
Mamatqul bir necha soniya o‘ylanib turdi-da, so‘ng murosali ohangda dedi:
— Raz Sobirni uylantirish shart bo‘lsa, o‘z tengimizni topaylik, deb avval ham aytgandim. Sizlar bo‘lsa osmondagi oyni orzu qilyapsizlar nuqul! Men o‘sha qizni ko‘rdim... Xullas, hurliqo desam ham kamlik qiladi. Shunday qiz ersiz qolgan taqdirdayam Sobirga...
Kutilmaganda Buvgul xola o‘rnidan turdi. Etagidagi o‘tlar piyoz pushtasiga sochildi.
— Nega hadeb Sobirni yerga uraverasan?! — baqirdi Buvgul xola. — Ko‘zi ko‘rmi, og‘zi qiyshiqmi?! Xudo ravo ko‘rgan “aybi”ni sen pesh qilmasang ham hamma biladi. O‘sha qiz ham! Lekin sen aytgan hurliqolarning sonmingtasiga bolamning harom tukiniyam ravo ko‘rmayman! Bildingmi? Endi bor, ket!
— Darrov jahlingiz chiqmasin, ena. Menam bolangizman, sizlarga yomonlikni ravo ko‘rmayman. Faqat elga masxara bo‘lmaylik, deyman. Lekin siz boshlagan gapimni oxiriga yetkazishga ham qo‘ymaysiz, jovullab tarmashib ketasiz darrov!
— Gapir, nima demoqchisan o‘zi? — dedi Buvgul xola yuragi siqilib.
— Tugalboy akaning bir qizi borakan. Yoshi Sobir qatori chiqar-ov. Gavdasi sal beso‘naqay demasangiz hamma ishni eplarkan...
— Sho‘rim qursin... — Buvgul xola ko‘ylagi yengini ko‘zlariga bosdi.
— Ena!.. Holini bilgan halak bo‘lmaydi, deyishadi. Hamma ish qo‘lidan kelsa, Sobirning osh-ovqatini berib, kir-chirini yuvib yursa bo‘ldi-da!
Buvgul xola birdan yig‘ini bas qildi.
— Gulday ukangga telba qizni ravo ko‘rdingmi?!
— Boshqasi ko‘nmaydi!
— Ko‘nmasa ko‘nmasin! — jazavaga tushib baqirdi Buvgul xola. — Ammo Sobir telba qizga uylanmaydi! Tur, yo‘qol! Ko‘zimga ko‘rinma!
Mamatqul ham o‘zini bosa olmadi.
— Haydamasangiz ham ketaman! Ammo bilib qo‘ying, endi bu uyga qadamimni bosmayman!
Mamatqul urishqoq dakang xo‘rozday bo‘ynini cho‘zgancha ko‘cha tomonga yo‘rtdi.
Besh daqiqalardan keyin uydan chiqqan Sobir onasining yoniga keldi va hazin ohangda dedi:
— Endi hech qaerga bormang, ena!..
Buvgul xolaning ko‘z yoshlari piyoz pushtasiga to‘kildi...
Bu gaplar sentyabrning oxirlarida bo‘lib o‘tdi. Oktyabrning o‘rtalarida esa Marvaridni yana uzatishdi. Uzoq tog‘li qishloqqa kelin bo‘lib tushdi u...
Shundan keyin Buvgul xolaning ko‘rgan kuni qursin... Sobir yana ichkilikka mukkasidan ketdi. Buning ustiga izg‘irinli, yomg‘irli kunlar boshlangandi. Bularning bari Sobirning sog‘lig‘iga yomon ta’sir qilardi. Omon qolgan yarimjon buyrak ham, jigar ham, umuman hamma a’zolar tobora ishdan chiqardi. Sobir isitmalab yotib qolardi. Ammo sog‘aygan zahoti yana ichish-chekishni boshlardi. Faqat sarxush vaqtlarida uning kayfiyati ko‘tarilib, quvnoq bo‘lib qolardi; avvaliga yaxshi gaplardan gapirib, hangomani qizdirardi, so‘ng latifa aytib onasini rosa kuldirardi, oxirida esa yo o‘tirgan yerida uxlab qolardi, yo ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi.
Qish kechalari inqillab chiqmagan tun kamdan kam bo‘lardi.
— Sog‘ligingga to‘g‘ri kelmasligini bila turib nega hadeb aroq ichasan? — iltijo qilardi Buvgul xola. — Shu zahar-zaqqumni ichmasang bo‘lmaydimi?!
— Uylanish nasib etmadi, hech bo‘lmasa ichkilik bilan ko‘ngilni xushlab turaylik, ena! — derdi Sobir beshiktebratardek tebranib.
— Uylanish nasib qilmadi, deysan nuqul. Uylanishda bir hikmat bor, deb o‘ylaysan chog‘i. Er-xotinchilikning turgan-bitgani g‘urbat. Hay-hay, hozirgi davring! Mana akang uylanib, nima karomat ko‘rdi? Nima karomat ko‘rdi, a? Uylangandan beri boshi g‘urbatdan chiqmaydi bechoraning. Yarim kun ishga bormasa, xotini boshida yong‘oq chaqadi. Akang sho‘rlikni bizning oldimizga ham yubormay qo‘ydi xotini. Bu juvonmarg jodugarlar nikohingga o‘tib olguncha mo‘min-qobil bo‘lib turadi, keyin hunarini ko‘rsatadi. E-ha, sen xotinlarni bilmaysan! — Buvgul xola qanday bo‘lmasin o‘g‘lini uylanish fikridan “sovutish” niyatida jon-jahdi bilan ayollarni, qizlarni yomonlay ketdi.
Rangpar yuzida azobli tabassum qotgan Sobir onasining so‘zlarini jim turib eshitdi, so‘ng:
— Eh, enajonim-a, — deb qo‘ydi-yu, kostyumini yelkasiga tashlaganicha ko‘chaga chiqib ketdi.
Shu ketgancha u ikki kun qorasini ko‘rsatmadi.
Buvgul xola adoyi-tamom bo‘ldi. Mamatqul ikkalasi bormagan, qidirmagan yer qolmadi hisob, ammo Sobirning daragi chiqmadi.
— Bu oqshom ham kutaylik, kelmasa ertan ertalab milisaga xabar beraman, — dedi Mamatqul iddao bilan qorong‘i tushganda uyga kirib kelisharkan.
Buvgul xola javob bermadi. Oyoqlari shishgan, zo‘rg‘a harsillab nafas olayotgan onaning gapirishga holi qolmagandi. Mamatqul yana nimalardir dedi, ammo Buvgul xola uni eshitmadi, o‘zining “kampir uyi”ga kirdi-yu, to‘shagiga bazo‘r yetib borib hushdan ketdi...
Allamahalda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar qulog‘iga chalingan Buvgul xola ko‘zini ochdi.
Yonginasida Sobir yuziga xavotir bilan tikilib o‘tirardi.
— Yaxshi bo‘lib qoldingizmi, ena? — so‘radi Sobir xiyol engashib. Ovozi bo‘g‘ilib, hirqirab chiqdi.
Buvgul xolaning qorachiqlari kengaydi.
— O‘zing sog‘misan... Bolam...
— Soppa-sog‘man, xavotir olmang.
Mamatqul o‘rtaga gap qo‘shdi.
— Ikki soatdan beri buni tergov qilyapman, lekin miq etmadi, tilini ichiga yutib yuborganmi, nima balo?
Buvgul xola to‘ng‘ichiga ma’noli qaradi. Lekin Mamatqul buni tushunmadi.
— Buningiz bizni tiriklay go‘rga tiqishga qasd qilganmi? Odam shunchalik beo‘y bo‘ladimi?! Bo‘ldi, yetar, shuncha vaqt ixtiyoriga qo‘yganingiz. Endi bu bolaning jilovini menga berasiz, ena. Qaerga borganini aytsa aytdi, aytmasa uchastkovoyga oborib topshiraman. Uchastkovoyning yerto‘lasida ikki kun o‘tirsin, keyin shunday sayraydiki, bulbul ham dog‘da qoladi!
Buvgul xola jahl bilan o‘rnidan turib, to‘ng‘ichiga shunday vajohat bilan o‘qrayib qaradiki, Mamatqul beixtiyor o‘rnidan turib eshik tomon yo‘naldi.
— O‘zi omon ekan, shunisiga shukr qilmaysanmi, noshukr! — deya uning ortidan yozg‘irdi Buvgul xola.
Sobir onasini tinchlantirdi.
Keyin ona-bola ancha vaqt u yoq-bu yoqdan gurunglashib o‘tirishdi.
— Qayoqqa ketib qolding, deb nega so‘ramaysiz, ena? — dedi Sobir bir mahal.
— O‘zing aytib qolarsan, deb kutib o‘tiribman...
Buvgul xola kemtik tishlarini ko‘rsatib iljaydi.
Sobir onasining aynan mana shu holatini xotirasiga muhrlab olmoqchi bo‘lgandek bir zum kiprik qoqmasdan tikilib turdi.
— Marvaridni ko‘rib keldim, — dedi u keyin shikasta ovozda.
— Voy o‘lmasam, shunday sovuqda toqqa borib keldingmi?!
— Tog‘ bo‘lsayam uncha-munchamas... Oyqor degan joy ekan. Marvarid yashaydigan uy tog‘ning kindigida. Pastda bulutlar suzib yuribdi...
— O‘zi omon ekanmi?.. — ehtiyotlik bilan so‘radi Buvgul xola.
— Omon, omon... — peshonasini siladi Sobir. — Shunday baland tog‘da qanday yashar ekan, deb kelguncha o‘ylab keldim...
— O‘ziminan ko‘rishdingmi?!
— Ha, ko‘rishdim, gaplashdim.
— Yo alhazar!
— Bir kunmas bir kun qaytib boraman, dedi. Lekin hozir iloji yo‘q, dedi. Betavfiq eri ko‘chaga ham chiqarmas ekan. Darvozani qulflab kalitini o‘zi bilan olib yurarkan. Biz u bilan darvoza ortida turib gaplashdik... — Sobir bir zum tin olib, so‘ng qo‘shib qo‘ydi: — Menimcha, u yangi yilga yaqin kelib qoladi...
— O‘zi shunday dedimi?
— O‘zi.
— Yo Xudoyim-ey...
— Nima, kelishiga ishonmayapsizmi? Endi ichmayman, hatto sigaret ham chekmayman. Yangi yil kelishiga yaqin qoldi. Zo‘r qilib kutib olamiz, ena, xo‘pmi?
— Xo‘p.
Ona-bola yana biroz gaplashib o‘tirishdi, so‘ng uyquga yotishdi. Sobir boshini yostiqqa qo‘ydi-yu, xurrak ota boshladi. Buvgul xolani esa xayol ochib qochdi. Bir mahal Sobirning alahlagani qulog‘iga chalindi-yu, Buvgul xola irg‘ib o‘rnidan turdi.
Sobir isitmadan alangai otash bo‘lib yonardi.
Buvgul xola necha yillardan buyon nomlari yod bo‘lib qolgan dorilarni o‘g‘liga ichirdi, qo‘shni kelinni chaqirib isitmani tushiradigan ukol qildirdi, ammo hech biri naf bermadi.
Tongga yaqin Sobirni kasalxonaga olib jo‘nashdi.
* * *
Yangi yil arafasida Sobir kasalxonadan chiqdi, faqat ichmaslik, chekmaslik va ikki oydan keyin kelib davolanishni yana davom ettirish sharti bilan...
Uyga kelgan kundan Sobir yangi yilni kutib olish harakatiga tushdi.
— Bu yilgi yangi yilni butunlay boshqacha kutib olamiz, ena, — derdi u hayajon bilan har ikki gapning birida.
Sobirning yangi yil oqshomi sevgilisi o‘z oyog‘i bilan kirib keladigandek orziqib yashayotganini fahmlagan ona uning ba’zi harakatlari erish tuyulsa-da, odatdagidek miq etmasdi. O‘g‘li nima desa shuni ma’qullardi.
Nihoyat orziqib kutilgan yangi yil keldi. Biroq...
Tungi soat uchlarda ham Sobirning to‘kin dasturxon, yasatilgan archa yonida bedor o‘tirganini ko‘rgan Buvgul xolaning yuragi sel bo‘ldi... Suyaklari zirqiradi...
Ertalab esa Sobir uch-to‘rt o‘rtog‘ini chaqirib, rosa maishat qildi.
Yangi yilning birinchi kunidan boshlangan ichkilik oxiri Sobirni yana to‘shakka yiqitdi. Fevralning o‘rtalarida u yana kasalxonaga tushdi. Bu gal ahvoli ancha og‘ir edi. Bir burda bo‘lib qolgan vujudi kechayu kunduz isitmadan qovrilardi. Qaqshatqich og‘riq, behollik, ishtahasizlik...
“Bu kunlarni ko‘rguncha o‘lib ketsam bo‘lardi, — o‘ylardi Buvgul xola siqilib. Lekin zum o‘tmasdan tavba qilib, aytgan gaplarini qaytib olardi. — Sen o‘lib ketsang bolangga kim qaraydi, ahmoq! Bolang xor bo‘lmasin, desang, o‘zingga umr so‘ra Xudodan!”
— Ena, — derdi Sobir isitmasi tushib, sal o‘ziga kelgan kuni. — Shu safar ham sog‘ayib ketarmikinman?..
— Sog‘ayib ketasan, albatta, sog‘ayib ketasan! Hozir seni sovuq havo ham abgor qilyapti-da. Bir amallab yozga chiqib olsak, ko‘rmaganday bo‘lib ketasan!
— Gap ichkilikda bo‘lsa, endi bir gramm ham ichmayman, ena.
— To‘g‘ri qilasan, bolam.
Ikki oydan keyin Sobirga uyga qaytishga ruxsat tegdi. Uning ahvoli ancha durust edi.
Biroq tanish do‘xtirning gaplari Buvgul xolani o‘ylantirib qo‘ydi.
— Bu o‘g‘lingizga qilingan so‘nggi muolaja, — dedi do‘xtir ketishi oldidan Buvgul xolani kabinetiga chaqirib. — Uch-to‘rt oydan keyin uni yana shu ahvolda olib kelsangiz, ochig‘i, hech qanday yordam bera olmaymiz!
Buvgul xola do‘xtirning xonasidan yig‘lab chiqdi. Ammo o‘g‘lining yoniga kelganida mijjalari qup-quruq edi...
Shu yili yozni Sobir har doimgiday bo‘lmasa ham, har qalay yaxshi o‘tkazdi. U endi ichmasdi, chekmasdi, bir yerlarga daydib ketmasdi, o‘zini nihoyatda ehtiyot qiladigan bo‘lib qolgandi. Lekin baribir sog‘lig‘i unchalik yaxshi emasdi.
Atay qilgandek shu yili kuz erta tushdi. Yog‘ingarchilik mo‘l bo‘ldi. Salqin havo Sobirning sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmasdi. U uyga qamalib qoldi...
Buvgul xola to‘ng‘ichini siquvga olib yaxshi hamki ko‘mirni mo‘l qilib g‘amlab qo‘ygan ekan. Oktyabr yarimlamay turib Sobirning xonasida pechka yoqildi. Sog‘lom odamning badaniga xush yoquvchi, kuchiga kuch beruvchi salqin, nam havo ne ajabki Sobirga to‘g‘ri kelmasdi. Xuddi yozdagiday issiq uyda u birmuncha tetik yashardi. Shuning uchun Buvgul xola Mamatqulga: “Ko‘mir g‘amlayver, ko‘mir”, deya ko‘p tayinlardi. Mamatqul gap qaytarmasdi bunday kezlarda, ammo malol kelganday pishqirib qo‘yardi. Buvgul xola kenjasining dastidan to‘ng‘ichining ko‘ziga balo-qazoday ko‘rinib qolganini sezardi, ahyon-ahyonda: “Mamatqulning mendan ko‘ngli qolgan, enam odam ajratadi, deb o‘ylaydi u, Xudo ko‘rsatmasin, uning qo‘lida qolsam, xarob bo‘laman”, deya o‘ylab qolardi. Biroq bu o‘y-xayollari uzoqqa cho‘zilmasdi, o‘zining kelajagi haqida bosh qotirishni istamasdi.
Yangi yil yaqinlashgani sayin Sobir yana bezovta bo‘la boshladi. O‘qiyotgan kitoblarini yig‘ishtirib qo‘yib derazadan tashqariga tikiladi nuqul...
Tashqarida esa... gupillatib qor yog‘ar, tom bo‘g‘otlarida bilakday-bilakday sumalaklar osilib turar, kun sovuqligidan hatto qushlar ham parvoz qilmay qo‘ygandi.
O‘g‘li bu yilgi yangi yildan ham mo‘’jiza kutayotganini his qilgan ona o‘zicha bayramga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Cherdakdan o‘tgan yilgi sun’iy archani olib tushib, o‘yinchoqlarini bir-bir ilayotganida Sobir yoniga kelib qo‘lidan tutib, onani o‘ziga qaratdi.
— Hamma ish o‘zingizga qolib ketdi, ena... Meni deb toza ovora bo‘lyapsiz-da...
— G‘am yema, menga jin urmaydi. Eson-omon yozga chiqib olaylik, keyin hamma ishni senga topshiraman. Ammo hozir manovi o‘yinchoqni qaerga ilishni bilmayapman.
— Bering menga, siz dam oling birpas.
Buvgul xola o‘yinchoqlar solingan xaltani o‘g‘liga berib, ortga tislana-tislana karavotga kelib o‘tirdi. Charchaganini his qildi. Bo‘g‘inlari bo‘shashib, to‘shak ko‘ziga yaxshi ko‘rindi. Ammo... archa atrofida aylanib, hafsala bilan o‘yinchoqlarni ilayotgan o‘g‘lining ko‘zlarida yashashga, sevishga bo‘lgan ishtiyoqni tuyib beixtiyor o‘pkasi to‘ldi...
Yangi yil oqshomi.
Mo‘’jiza ro‘y bermadi.
Ammo Buvgul xola bir kun avval atay borib taklif qilgan mehmonlar kelishdi. O‘rtoqlarini ko‘rib Sobir xursand bo‘lib ketdi. Allamahalgacha chaqchaqlashib o‘tirishdi. Bu har qalay deraza oldida tashqariga ko‘z tikib o‘tirishdan yaxshi-ku!
Nihoyat mehmonlar ketishdi.
Ona-bola mung‘aygancha yana yolg‘iz qolishdi.
Uy isib ketdi, degan bahona bilan Sobir yana deraza oldiga qo‘ndi.
Ko‘chada hamon bayram tantanalari davom etar, ola-tasir shovqin, qiyqiriqlar quloqqa chalinardi. Ona-bolani bag‘riga olgan xonaga esa shu qadar chuqur sukunat cho‘kkan ediki, bundan uy devorlari ham siqilib ketayotgandek mung‘ayib turardi. Bir mahal Sobirning yelkalari silkina boshladi.
Buvgul xola ko‘ngli vayron bo‘lib o‘g‘liga tikildi.
Shu payt Sobir ortiga o‘girildi: uning qonsiz yuzidan yirik-yirik tomchilar dumalardi.
Buvgul xola tushundi: Sobir hammasini biladi, o‘zining uzoq yashay olmasligini ham, Marvaridning kelmasligini ham biladi, biladi-yu, onasidan yashiradi, xuddi onasi undan yashirganday, ammo shu topda u o‘zini idora qilolmadi, dunyoning butkul dard-alami ko‘zlariga jam bo‘ldi.
Buvgul xola o‘g‘lining boshini ko‘ksiga bosdi. Qaynoq ko‘z yoshlar endi uning ko‘ksini kuydirib, yuragiga tomchilar va undan qon bo‘lib tomirlarga sizib oqardi...
Sobir chuqur xo‘rsindi va keskin burilib yana derazaga tikildi.
Tashqarida esa hamon shovqin-suronli, tantanali hayot davom etar, nafas olar, tomirlari gupillab urib turardi.
Odamlar gurros-gurros bo‘lib ko‘chani to‘ldirib o‘tishar, bir-biriga gap otishar, qah-qah urishardi.
Ular sovuqdan qo‘rqishmasdi. Agar istashsa, hov ufqda qorayib turgan anovi beshafqat tog‘ o‘rkachidan ham narigi tomonga o‘tib ketishga qodir ular, ammo bunday hayot Sobirga begona...
— Bu yil qor yili ekan-ov. Bizdaki shuncha qalin yog‘di, tog‘... tomonlarni aytmasa ham bo‘ladi, — dedi Buvgul xola bir mahal, go‘yo indamay o‘tiraversa o‘g‘li nigohlari bilan oynani teshib, tashqariga otilib chiqib ketadigandek xavotirga tushib.
Sobir javob bermadi.
— Tog‘ yo‘li bekilib qolgandir... — dedi Buvgul xola yana.
— Ena, endi dam oling, — dedi Sobir va asta burildi. Uning dahani titrardi.
Buvgul xola e’tiroz bildirmadi.
* * *
Ertalab soat sakkizlar atrofida ayvondan kelayotgan shovqin-suron qulog‘iga chalingan Buvgul xola irg‘ib o‘rnidan turdi.
“Toza uxlabman-ku, menga ne bo‘ldi?” — deya g‘udranganicha qasabasini boshiga qo‘ndirib, choponini yo‘l-yo‘lakay yelkasiga ilgancha, tashqariga yo‘naldi.
Eshik oldiga chiqdi-yu, Sobirni sudrab kelayotgan Mamatqulga ko‘zi tushib, hushdan ketib qolayozdi.
— Sobirni qo‘yib yubor, juvonmarg! — degancha yugurib borib Mamatqulning qo‘llariga yopishdi Buvgul xola. — Qo‘lingni tort! Bilagini qattiq qisib yubording, juvonmarg...
— Yo‘ldan qoching, ena! — Mamatqul jahl bilan onasini siltab yubordi.
Buvgul xola gandiraklab ketdi, o‘zini o‘nglaguncha Mamatqul ukasini qaysar ho‘kizni sudraganday dahlizga sudrab kirdi.
— Ena! Nega enamni...
Eshik zarb bilan yopildi.
Buvgul xola o‘zini o‘nglab ichkariga kirganida Mamatqul allaqachon Sobirni karavot panjarasiga qo‘shib bog‘lab qo‘ygandi.
— Unga yaqinlashmang, ena! — Mamatqul onasining yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi. — Avval gapni eshiting! Unga qaramang, jin urmaydi uningizga. Jun ro‘molingiz bilan bog‘ladim qo‘lini...
— O‘zingni ajina chalmadimi, bolam?..
— Buningiz saharlab qaerda yuribdi, bilasizmi? Bilmasangiz bilib qo‘ying, buningiz azonda Mahkamboy levakning uyiga borib, uxlab yotgan yerida yoqasiga yopishib, rosa tepkilabdi! Sening dastingdan shu ko‘yga tushdim, deb tomog‘i yirtilguncha toza baqiribdi. Haliyam Mahkamboy levak insof qipti. Buningiz qancha tepkilasayam indamay o‘tiraveribdi. O‘g‘li borib meni chaqirib kelganidayam bu tentagingiz Mahkamboy levakni koptokday tepkilab yotgandi. Zo‘rg‘a ajratib oldim o‘ziyam. Uyga kelguncha mengayam toza hunarini ko‘rsatdi, tinmay so‘kindi-ya, tovba. Toza og‘zi shaloq bo‘p ketibdi buningizni. O‘tinaman, ena, shu safar ulingizni oqlamang. Mahkamboy akaning oldiga borib noto‘g‘ri ish qildi. To‘g‘ri, o‘sha odam mashinasiminan urib ketmaganida Sobir bu ahvolga tushmasdi. Lekin u odam qilmishiga yarasha jazosini oldi, qamoqda o‘tirib chiqdi!
— Jazosini olgani yo‘q! — ko‘zlari qonga to‘lgan vahshiydek qichqirdi Sobir. Uning lablari ko‘karib, ikki chakkasidagi tomiri o‘qlovday turtib chiqqandi.
— Qamoqda o‘tirib chiqdi-ku!
— Unga o‘n yil berishgandi. Lekin u ikki yilda qaytib keldi. Shu bilan oqlangan hisoblanadimi?! Odamning qadri shumi? To‘g‘ri, tirik qoldim, lekin bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi edi... — Sobir qo‘llarini bo‘shatmoqchi bo‘lib jazava bilan yulqindi, ammo urinishlari zoe ketgach, birdan yig‘lab yubordi.
Bukri haykaldek tek qotgan Buvgul xola pildirab borib o‘g‘lining oldiga cho‘qqaydi.
— Sadqai ko‘z yoshing ketsin... Voy-bo‘y, ust-boshing jiqqa ho‘l bo‘lib ketibdi-ku! Tez ustingni almashtirish kerak, — Buvgul xola shosha-pisha Sobirning qo‘lini yechishga tutindi.
— Qoching, men... — Mamatqul yaqin keldi.
— Yo‘qol!!! — Buvgul xola butun g‘azabiyu nafratini shu so‘zga jamladi.
Mamatqul serrayib turdi-turdi, so‘ng boshini qashlagancha chiqib ketdi.
Kechga borib Sobirning isitmasi ko‘tarildi. Qo‘shni kelin isitmani tushiradigan ukol qilgandi, Sobir besh daqiqa o‘tar-o‘tmas qaltiroq tutib, hushdan ketib qoldi.
Yana kasalxona.
Havo sovuq. Xona undan battar sovuq.
Tizza bo‘yi qor ustiga yana pag‘a-pag‘a laylak qor yog‘ardi.
Buvgul xola tabiatni yomon ko‘rib qoldi. “Bolamning baxtiga kunlar iliq-issiq bo‘lib tursa ne qilardi? — o‘ylardi ona yuragi siqilib. — Bolamning joniga qasd qilganmi nima balo?!”
Sobirning isitmasi tushgan, ammo ahvoli ancha og‘ir edi.
Shunday bo‘lsa-da, bir haftadan keyin unga uyga qaytishiga ruxsat tegdi.
— Bolam, yana besh-olti kun yotsa bo‘lardi, — dedi Buvgul xola do‘xtirning huzuriga borib. — Isitmasi tushdi, lekin...
— O‘tgan safar aytganlarim esingizdami? — xolaning gapini kesdi tanish do‘xtir. — Necha yillardan buyon imkon qadar o‘g‘lingizni davolab keldim, davolayapmiz yana. Bu safar yuragi mini infarkt bo‘lgan ekan, kerakli muolajani oldi. Bu yerda yotavergandan foyda yo‘q. Sovuqni ko‘rmayapsizmi? Quvurlar yorilib ketganidan beri kasalxonaning muzlatgichdan farqi qolmadi...
— Tok pechka opkelaman...
— Tushunmayapsiz, opa!
— Bu yerda harna bexavotir bo‘larmidi, deyman...
— Ortiqcha palata yo‘q.
Xonaga basavlat do‘xtir kirdi.
— Bora qoling, — muloyimgina javob berdi tanish do‘xtir.
Buvgul xola yo‘lakka chiqib, eshikni yopdi. O‘yga tolib, eshikka suyandi. Shu vaqt ichkaridan tanish do‘xtirning ovozi eshitildi:
— O‘g‘lining uch oylik umri qolgan. Endi unga ukol-dori hayf! Lekin buni menarov ayolga tushuntirolmay halakman. Odamlarimiz qanchalar omi!
Buvgul xolaning qo‘l-oyoqlari muzlab qoldi...
Ko‘zini ochganida o‘zini o‘g‘li yotgan palatada ko‘rdi. Ustiga adyol yopilgan, bilagiga osma ukolning ninasi sanchilgan...
Yostiqdan boshini ko‘tarib, onasining yuzidan ko‘z uzmay turgan Sobirning quruqshagan lablaridan uchgan so‘zlar uzoq-uzoqlardan eshitilganday tuyuldi:
— Yaxshi bo‘lib qoldingizmi, ena?..
Buvgul xola xiyol boshini ko‘tarib o‘g‘liga qaradi.
— Men yaxshiman, bolam, o‘zing-chi?..
— Ertaga uyga ketarkanmiz! — dedi Sobir, ovozi shu qadar beg‘ubor ediki, xasta odamning ovoziga o‘xshamasdi sira.
Buvgul xola bo‘sh qo‘li bilan yoqasini ushladi...
Devorlarning suvog‘i ko‘chgan, o‘ydim-chuqur, deraza oynalari xira, ancha qarovsiz, ammo qadrdon uy...
“Bolamning kun-soati bitib borayotganini sezmaymanmi? — uyga kelganidan keyin ham tanish do‘xtirning gaplarini o‘ylab xunobi oshdi Buvgul xolaning. — Kasalxonada bo‘lsa... uncha qiynalmaydimi, devdim... Kim bilsin, bolam yashashni bunchalik istamaganida balki ko‘proq yasharmidi! “...dori-darmon hayf”, emish. Qisib qolgan dorilarini boshqalarga pullaydi-da endi. Palatani ham balki kimgadir to‘g‘rilab qo‘ygandir?.. Sobir haq: odamning qadri shumi?!.”
Buvgul xola ertayu kech o‘g‘lining yonidan jilmas, uxlagan vaqtlarida yuziga termulib o‘tirar, uyg‘onganda bir yil ko‘rishmagan odamdek soatlab gaplashardi. Xayoliga nima kelsa, shuni gapirardi, muhimi, Sobir mahzun o‘ylar girdobiga tushib qolmasa bas. O‘g‘lining rangpar chehrasidan loaqal yilt etgan tabassum sirg‘alib o‘tishi uchun sho‘rlik ona nimalarni to‘qib-bichmasdi?
Vaqti-vaqti bilan Buvgul xola o‘g‘lining o‘rtoqlarini mehmonga chaqirishni ham unutmasdi.
Fevralning o‘rtalarida Sobir butunlay to‘shakka mixlanib qoldi. Hatto hojatni ham onasining yordamisiz eplay olmasdi.
— Ena, meni deb ko‘chaga ham chiqolmay qoldingiz. Bola paytim qaraganingiz yetmaganday, haliyam tuvagimni to‘kib yuribsiz, — derdi Sobir xijolatdan qizarib.
— Ko‘chaga chiqolmay qoldingiz, deysan nuqul, shunday sovuqda nima bor menga? G‘uvjinglab eshikma-eshik yurgandan ko‘ra issiqqina uyda o‘tirganim yaxshimasmi? Uyingizga kirsam, chiqqim kelmaydi sira, deydi ukolchi kelin. Ularning uyi yaxlab yotibdi. Ko‘mirlari yo‘q ekan!
— Yozga chiqib olsam, qo‘lingizga hatto supurgi ham ushlatmayman!
— Yozga ham nima qoldi? Fevral o‘tdi hisob. Martning sal-pal ayozi bo‘p turadi-ku, lekin apreldan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Keyin u yog‘i yoz, Xudo xohlasa!
Shu taxlit samimiy boshlangan suhbat bir soatlardan keyin butunlay boshqacha tus oladi.
— Ena, anov kishi kim? — yotgan yerida ko‘zi bilan eshik tomonga ishora qiladi Sobir. — Qachondan beri menga tikilib turibdi...
— U yerda hech kim yo‘q, bolam, — deydi Buvgul xola yuragi orqaga tortib.
— Yaxshilab qarang, ana, qarab turibdi-ku menga!
— Charchading, bolam, biroz mizg‘ib olasanmi?
— Avval anovi bu yerdan ketsin!.. Ie, men uni notanish bir odam desam, otam ekan-ku! Qarang, ena, otam keldi. Uyga kiring, demaysizmi? Dasturxon yozmaysizmi? Nega jim qarab turibsiz, ena? Axir otam keldi!
— Mayli, otangga o‘zim qarayman. Sen mizg‘ib ol, bir pas, keyin...
— Nega aytganimni qilmaysiz, ena? Otangga o‘zing qara, deganingizmi bu?! Qaramasangiz qaramang, o‘zim... — Sobir turishga intildi.
— Jon bolam... — Buvgul xola o‘g‘lining yelkasidan tutib o‘rniga yotqizdi, ammo Sobir yana turishga harakat qilib yulqina boshladi. — Jon bolam, joyingga yot... Otangga o‘zim qarayman, dedim-ku... Sen picha mizg‘ib olgin, iltimos...
— Ena, enajon... — mushtday kampirga qarshilik qilgulik holi qolmagan Sobir o‘zini yostiqqa tashlab, yig‘lay boshladi endi. — Nega vaqtida aytganimni qilmadingiz, ena? Otam arazlab ketib qoldi! Endi to‘yni otamsiz o‘tkazamizmi? Otamsiz o‘tkazamizmi to‘yni?..
— Xafa bo‘lma, otang yana keladi, — Buvgul xola o‘g‘lining qonsiz yuzini silarkan... yum-yum yig‘lardi.
— Kelaman, dedimi otam?
— Kelaman, dedi. O‘zing ham eshitgandirsan?
— Eshitmadim... Lekin otamga ishonaman, kelaman, degan bo‘lsa, albatta, keladi.
Sobir asta-sekin tinchlanib, uxlab qoldi.
Boshqa bir kun, yarim kechasi Buvgul xola Sobirning vahimali qichqirig‘idan yuragi yorilguday bo‘lib uyg‘ondi.
— Ena, anovi juldur kiyimli xotinni haydang! Ustimga bostirib kelyapti, haydang, haydang, deyapman! — deya yotgan yerida to‘lg‘onib qichqirardi Sobir.
Buvgul xola jon holatda yugurib borib chiroqni yoqdi, so‘ng muzday suv olib kelib o‘g‘lining yuziga sepdi.
Sobir chuqur nafas oldi-yu, birdan tinchib qoldi. Buvgul xola asta egilib, o‘g‘lining ko‘ksiga qulog‘ini qo‘ydi, hapriqqan yurak bir necha soniya qattiq-qattiq urib turdi-da, so‘ng sekin-asta maromiga tushdi.
Buvgul xola xotirjam tortdi. Chiroqni o‘chirishga bordi. Shu vaqt bexosdan o‘g‘lining yuziga ko‘zi tushdi. Sobir go‘yo bir daqiqa ham uxlamagan, alahlamagan odamdek ko‘zlarini katta-katta ochib onasiga qarab yotardi.
— Chanqadingmi, bolam?..
— Chanqadim, lekin qaynatilgan guruch suvini ichmayman endi.
— Nega?..
— Hech bo‘lmasa, to‘yimda guruch suvini tiqishtirmang, ena!
— To‘y...
— Ha, to‘yim bo‘lyapti! Siz nega to‘yga chiqmayapsiz, ena? Hamma hovlining changini chiqarib o‘yinga tushib yotibdi-ku. Yo Marvaridning menga tegishiga ishonmayapsizmi, ena! Xavotirlanmang, Marvarid kasalligimni biladi. Bila turib, turmushga chiqyapti menga. U menga nima dedi, bilasizmi? Uyat bo‘lsa ham aytaman sizga, chunki mening sizdan bo‘lak qadrdonim, sirdoshim yo‘q! Aytaveraymi, ena?..
— Aytaver, bolam.
— Men sizning yuragingizni sevaman, ishtoningiz ichida biror narsa bo‘lishi shart emas, dedi u menga.
Buvgul xolaning yuzidan issiq chiqib ketdi. Gap topolmay qoldi.
— Mana, ko‘rdingizmi, ena, Marvarid qanchalar dono! Boshqa hech bir ayol bunday demagan bo‘lardi. Shuning uchun ham uni telbalarcha sevib qoldim-da! Nega indamaysiz, ena? Yo mendan xafamisiz?
Sobir onasining qo‘lidan tutdi.
— Xursandman, bolam...
— Nega unda bizga baxt tilamayapsiz, ena?
— Baxtli bo‘linglar, iloyim... Qo‘sha qarib yuringlar... iloyim... — Buvgul xola o‘kirib yuborishdan bazo‘r o‘zini tiydi.
— Endi bir o‘ynab bering, ena. Mening to‘yimda o‘ynamaysizmi? Akamning to‘yida rosa o‘ynagandingiz-ku!
— O‘ynayman, bolam... Sal nafasimni rostlab olay...
— Turing, tura qoling endi. Hamma sizga qarayapti, o‘ynay qoling, ena, enajon...
Sobirning titroq barmoqlari onasining qo‘llarini paypaslay boshladi.
— Bo‘pti, o‘ynayman... — Buvgul xola labini qattiq tishlab, o‘rnidan turdi.
— Hey, mashshoqlar! — qichqirdi Sobir. — Dunyodagi eng yaxshi kuyni chaling. Mening onam raqsga tushyapti! Mening onam!..
Buvgul xola ko‘zlarini chirt yumib, navdadek bilaklarini yuqoriga ko‘tardi...
Tun bo‘yi o‘zining to‘yini qilib, urinib qolgan Sobir tongga yaqin tinchlanib, uyquga ketdi.
Buvgul xola ham titrab-qaltiragancha to‘shakka quladi...
Ikki soatlardan keyin biroz tiniqib, yengil tortib uyg‘ondi. Yonida Mamatqul o‘tirardi.
— Bugundan boshlab haydasangiz ham ketmayman, — dedi u yerga qarab. — Sobirga o‘zim qarayman. Hanifa kelib eshikdagi ishlarga qarashib turadi.
— Sobirga o‘zim qarayman, uni deb ovora bo‘lmanglar, — dedi Buvgul xola o‘rnidan turib, qasabasini to‘g‘rilarkan.
— Qarashsam nima bo‘pti? Kechasiminan Sobir baqirib chiqayotganmish... Odamlardan eshitdim! Bir og‘iz aytmaysiz ham...
— Qarg‘a qag‘illasa ham odamlar Sobir baqirdi, deyveradi. Senam, xotining ham ovora bo‘lmanglar.
— Sizga hech tushunmayman, ena. Meni shunchalik yomon ko‘rishga arziydigan nima ayb qildim?!
— Ikkita bolang bor, qay birini yomon ko‘rasan?!
— Nega odam ajratasiz bo‘lmasa? Senga ishonmayman, deb ochig‘ini aytib qo‘ya qoling, yaxshisi!
Buvgul xola indamadi.
* * *
O‘tgan yilning kuzi erta kelgandi. Yangi yilning bahori negadir kechikdi...
Surunkasiga yomg‘ir aralash qor yog‘ardi.
Nam, izg‘irinli havo arimasdi borliqdan.
Hatto, birinchi may kuni qor yog‘ib berdi.
Sobir kundan kun madordan ketib borardi. Tunlari tez-tez nafasi qisilardi. Bo‘yni tol xivichday, qovurg‘alarini sanasa bo‘lardi, isitma qoq-quruq vujudini betinim larzaga solardi...
Ammo tili har doimgiday biyron edi.
— Ena, yaxshi bo‘lib ketsam, birovdan qarz olib bo‘lsayam, sizga dunyoni ko‘rsatardim!
— Iloyim, niyatingga yet, bolam.
— Ammo hozir shunday tashqariga chiqqim kelyaptiki!.. O‘z oyog‘im bilan yurib ko‘chalarni bir aylanib kelsam, deyman... Mana bu yerimda tosh bo‘lib turgan narsa yozilib ketarmidi...
— Akangga aytaman, hozir kelib seni hovliga olib chiqadi.
— Akam meni ko‘tarib olib chiqadimi?
Buvgul xola nima deyishni bilmay, kalovlandi.
— Nima, meni bir umrga ko‘taram bo‘lib qoldi, deb o‘ylayapsizmi? Men hali o‘z oyog‘im bilan yuraman! Faqat yoz kelsin...
Sobir derazaga intiq tikildi.
— Lekin hozir akamni chaqirmang. Qachonki sog‘ayib ketsam, o‘z oyog‘im bilan yurib hovliga chiqaman! Oz qoldi, yana biroz chidasam... bas!
Buvgul xola o‘g‘lining matonatiga tan berdi ichida, shuncha azob-uqubatlardan keyin ham Sobirning hayotga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmagani, subhidam chog‘i yangi kunni quvonch bilan qarshi olishini ko‘rib hayratga tushadi.
Ammo kechga borib u yana o‘zini yo‘qotib qo‘yardi. Ayniqsa, keyingi kunlarda oldiga odam kirishini yoqtirmay qoldi. Hol so‘rab kirgan tanish-bilishlarini oldiga solib quvlardi.
— Yo‘qol hammang bu yerdan! Pishirib qo‘yibdimi bu yerda senlarga?! Kim chaqirdi o‘zi senlarni? Kino ko‘rgani keldilaringmi bu yerga?!
Sobir shaloq so‘zlar bilan so‘kinar, qo‘liga ilingan narsani eshikka qarab uloqtirardi.
— Ena, Sobirni deb ado bo‘ldingiz-ku, — dedi Mamatqul kunlarning birida onasiga achinib. — Ahvolingizga bir qarang, so‘roq belgisiga o‘xshab qopsiz! Sobirning endi o‘nglanishi qiyin... Uydan chiqayotgan peshob hidi dimoqni yoradi. Sizning dimog‘ingiz o‘rganib qolgan, shuning uchun o‘zingizga sezilmaydi. Lekin odamlar nimalar deyishmayapti!
— Odamlar mening uyimga kirmay qo‘yaqolishsin!
— Gap faqat bundamas. Er yetgan yigitni o‘zi yuvib-taraydi, bu kampirning iymoni ham qolmadi, deguvchilar ham bo‘lyapti axir!
— Mening iymonim — bolam! U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin.
— Jahlim tezligini bilib ukamga yaqin yo‘latmayapsiz meni, bilaman buni. Mening esa sizga jonim achiydi. Sobir endi avvalgidek bo‘lmaydi. Yaxshisi, uni nogironlar uyiga topshiray...
Mamatqul gapini tugatolmadi, yuziga tushgan tarsakidan ko‘zlari chaqchayib ketdi.
— Qorangni o‘chir! Daf bo‘l! — Buvgul xola eshikni lang ochdi.
Mamatqul chiqib ketdi.
Buvgul xola biroz kutib turdi, so‘ng tez borib ko‘cha eshikni tambaladi.
“Aqldan ozyapman”, — xayoldan o‘tkazdi ona ayvon ustuniga suyangancha.
Kechga yaqin shirakayf Mamatqul darvoza oldida ancha turdi. Buvgul xola eshikni ochmadi.
Mamatqul deraza tagiga kelib obidiyda qila boshladi:
— Men har doim sizga yaxshi bo‘lsin, deyman... Lekin siz buni tushunmaysiz!.. Bilaman, siz bo‘lmaganingizda ukam allaqachon o‘lib ketardi. Ammo o‘zingizni ham o‘ylang-da!..
Bu gaplarni Sobir ham eshitdi. Savol nazari bilan onasiga qaradi. So‘ng:
— Ba’zida odamlar darddan ham xavfliroq bo‘lishadi, — deya pichirladi u.
Buvgul xola indamadi.
Mamatqul obi-diyda qila-qila oxiri ketdi.
Nimqorong‘i xonada ona-bola qolishdi. Ikkisining ham ahvoli yaxshi emasdi. Ammo churq etishmasdi. Ne kunlarni boshdan o‘tkazib kelayotgan ona-bola ayni damda bir-birlariga tasalli befoydaligini bilishardi...
Iyunning o‘n beshinchi kuni Sobir olamdan o‘tdi. Shundan keyin kunlar birdan isib ketdi. Lang‘illagan osmondan quyosh ayovsiz kun sochar, zamin olovga tashlangan yong‘oq singari paqqos yorilib ketadigandek harsillar, dov-daraxtlar esa kundan-kun ko‘kka bo‘y cho‘zardi...
Odamlar xursand: “Yomg‘irning mo‘l bo‘lganidan ekin-tikinning avji baland. Bu yil arzonchilik bo‘ladi, Xudo xohlasa!”
Bunday xursandchilik birgina Buvgul xolaning ko‘ngliga sig‘masdi. Ayvon ustuniga suyanib, mung‘ayib o‘tirgan ona bir so‘zni takrorlardi:
— Men yomon qoldim, sen yaxshi bor, bolam...
So‘ng birdan qahrlanib olov purkayotgan osmonga tikilarkan savdoyilarcha shivirlardi:
— Odamni ermak uchun yaratib, uni eplay olmay qolganingdan keyin o‘limni o‘ylab topdingmi?.. Oloving mo‘l ekan, nega shuni vaqtida bermading?!.