OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chokar (1889-1952)

Muhammad Yusuf Muhammad Yoqub o‘g‘li Chokar 1889 yil Xiva shahrida tug‘ildi va o‘sha yerning maktab va madrasalarida tahsil oldi. Chokarning dadasi Muhammad Yoqub Xarrot Xorazmda juda mashhur mashshoq bo‘lgan. Ayniqsa klassik kuylarni g‘oyat maroqli ijro qilgan. U, adabiyot bilan ham qiziqib, bo‘lajak shoir, kompozitor o‘g‘li Yusufning tarbiyasiga alohida ahamiyat berdi. Natijada Chokar juda yoshlikdan san’at va adabiyot bilan qiziqadi. O‘zbek va sharq klassik shoirlari ijodini havas bilan o‘rganadi va yosh vaqtidan boshlab ijod qila boshlaydi.
Chokar o‘zbek klassik adabiyoti namoyandalarining ilg‘or fikr-tuyg‘ularini davom qildirdi. U, demokrat shoir Avaz Utar bilan zamondosh va yaqin do‘st bo‘lgan.
Chokarning tashabbusi bilan Xivada musiqa texnikumi — internat tashkil etiladi. Chokar uning direktori bo‘ladi va dars beradi. O‘sha yillari Chokar Xorazm xalq muzikasi va klassik kuylar asosida ikkita asar yozadi. Uning «Qisqacha Xorazm muzika tarixi» asari 1925 yilda Moskvada nashr etildi. Keyin Chokar Samarqand va Toshkentda ishlaydi. Chokar «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» faxriy unvoni sohibidir. U 1952 yilda Toshkentda vafot etdi.
Quyida keltirilgan namunalar Sharqshunoslik institutidagi Chokarning o‘zi tomonidan yozilgan devonidan va «Yug‘urum» to‘plamidan olindi.


G‘AZALLAR

Eyki, sizlar qildingizlar mulku millatni xarob,
Ayladi bechoralar bag‘rin sitam o‘ti kabob.

Johilu nodonlar o‘rnidur taayyush masnadi,
Bo‘ldi donolarni joyi g‘am bila zeri turob.

Chora bechora tilosa, pora sipohi tilar,
Mulla bir yondin ijorasin so‘rab bergay azob.

Maktab ochmay xalq uchun, rais tongub ta’zir urar,
Kelsa dehqon bozora namozlikni so‘rob,

Xalq bolasin qo‘ymaq o‘g‘lon—bormu islom dinida,
Anbiyo vorislari bu ishga bermishlar javob.

Taryoku ko‘knoru bang mullolara bo‘lmish halol,
Xalq chilim cheksa harom deb rais aylab ixtisob.

Mullag‘a: «peshing uzun» demak haqoratmish biling,
Harna ish qil, ber sadaqa, degusi, topding savob.

Orifi pashmina po‘sh ilmas ko‘zinga xalqni,
Xarki bo‘lsa toza jullik hurmat ahlidin hisob.

O‘rtadin ungan pul buzuq o‘g‘lon, haramlar masrifi,
Bor alarda shul sababdin hovli, bog‘ necha tanob.

Jahlu g‘aflat kechasida o‘tkusidur umrimiz,
Ma’rifat nuringni sol bizlarga ham, ey oftob.

Mulku millat, vah, nechuk tapg‘ay taraqqiy, Chokaro,
Bo‘lsalar ish boshida zulm ahli oshubi davob.


* * *

Ko‘bdur ushbu jahon ichra fuzalo,
Hayfkim, bo‘lmish alardin vale avlo juhalo.

Juhalo xayli agar topsa bu yanglig‘ izzat,
Vah, nechuk kechgusidur dahr aro holi uqalo.

Uqalo xizmatig‘a bog‘la belingni mahkam,
Hosil o‘lg‘ay senga bu yo‘l aro kasbi kumalo.

Kumalo xaylig‘a lozim qilibon yurta duo,
Bilsa dahr aro ne dur vuzarou vuqalo.

Vukalou vuzarolarg‘a munosibdur bu,
Aylamay zulm raoyog‘ani bo‘lmoq udalo.

Udalo bo‘lsa kishi, rozi bo‘lub ondin haq,
Kelmagay charxdin hargiz oni boshig‘a balo.

Amniyat joyi emasdur bu jahon, ey Chokar,
Ertaroq aylasang emdi xush erur azmi jalo.


* * *

Ohkim, hardam nasibamni firoq etdi falak,
Zulm ila ul nozaninimdin yiroq etdi falak.

Bir parivash ishqig‘a maftuni zor aylab mani,
Furqat o‘tig‘a bu jonim ihtiroq etdi falak.

Ishq eliga go‘yyo qilmoqda javr ila sitam,
Yor ila, vah, kecha-kunduz ittifoq etdi falak.

Ne yomonlig‘ aylab erduk haqqig‘a, oyo, aning
Muncha bizga, do‘stlar, kiynu nifoq etdi falak.

Xasta ko‘nglum komi maqsudini vermay byr nafas
Giryadin ko‘z yoshimi andog‘ buloq etdi falak.

Ko‘yida ag‘yori badkirdordin, vah, naylayin,
Doimo yemak nasibamni tayoq etdi falak.

Yor ollig‘a borib Chokar nechuk arzin desun,
Teshai zulm ilakim, poyin cho‘loq etdi falak.


* * *

Darig‘o, bo‘lmayin olam tariyqi zindagonig‘a,
Bad ishlardin xalal yetkurdim ayyomi havonig‘a.

Chekib dunyoi dun izida behad ranj ila mehnat,
Vafo qilmoq yo‘q erkan, bilmadim, dunyoi foniyga.

O‘zimdin g‘ofil aysh asbobini bir umr qildim jam’,
Ki barham urdi gardun so‘ng bisoti komronig‘a.

Bino qilmoq xatodur qasru ayvon, so‘ng bo‘lur vayron,
Ne lozim raxt tashlab bu mahalli korvonig‘a.

Jahonning shahlig‘ig‘a hasrat etma, ey ko‘ngul, tahqiq
Ki shahlig‘ odidin yo‘q o‘zga bu shug‘le shabonig‘a.

Nekim avvalda qismat bo‘lsa bo‘lmasdur ziyodu kam,
Alo ey nafs, qoni’ bo‘l qazoyi osmonig‘a.

Bu gulshanda vafo yo‘q, shahd etib bulbul kibi Chokar,
Qafasni sindiru elt o‘zni bog‘i bexazonig‘a.


* * *

Menga rahm etgil, ey yori yagona,
Ki hajring shiddati yetkurdi jona.

Qachon desam senga holi xarobim,
Quloq solmay, qilursen yuz bahona.

Farog‘at bo‘lmadim bir lahza g‘amdin,
Ilohi kelmagay erdim jahona.

Vafo yo‘qdur jahon dilbarlarida,
Anga dil bermang, ey ahli zamona.

Tuzub sozingni, kel bazm ichra mutrib,
O‘qub gohi g‘azallar oshiqona.

Nasimi subh, borsang ko‘yi sori,
Menga ul yordin yetkur nishona.

Yuzing shavqi keturdi furqat ichra,
Hazin Chokarni bulbuldek fig‘ona.


* * *

Dilbarlar aylab jilvalar husniga hayron qildilo,
Shavqida bulbuldek ishim faryodu afg‘on qildilo.

Muhlik firoqi dashtida chun o‘lgudek bemorman,
Dorush-shifoyi vaslidin ne anga darmon qildilo.

Yoqmoq uchun rashk o‘tig‘a men zoru mahzun bag‘rini,
Bo‘sa damo-dam la’lidin g‘ayrig‘a ehson qildilo.

Guldek yuzini yoshurub mushkin sochini ostida,
Yog‘du jahonni sarbasar ko‘zimga zindon qildilo.

Lutf ila boqmay bir nafas oshiqlarining holig‘a,
Hijron qarong‘u shomida chashmini giryon qildilo.

Zulfini pechin tarqatib, oraz uza yuz noz ila,
Furqatda Majnundek base holim parishon qildilo.

Dildordin ayru edi chun maskanim baytul-hazan,
Chokar, bu tun bazmim kelib, rashki guliston qildilo.


* * *

Ul yorima ish jafo bo‘lubdur,
Ag‘yor eliga vafo bo‘lubdur.

Yuz do‘ndurub ishq elidin har dam,
G‘ayr ahlig‘a oshno bo‘lubdur.

Zohidni nasihatini tutmang-
Kim, aning ishi riyo bo‘lubdur.

Tark etkum oni ne yanglig‘ ishqin,
Ko‘nglim aro mehri jo bo‘lubdur.

To‘ymas ko‘zing ichmak ila qonim,
Bilmon anga ne balo bo‘lubdur.

Qoshing qilichi bila sarosar,
Bag‘ru yuragim yaro bo‘lubdur.

Chokar sari boqg‘ach oldi hushin,
Qo‘zing ne balo qaro bo‘lubdur.


* * *

Qaltirarman sovuqdin o‘yla qamish,
Ne balo bo‘ldi sovuq ushbu qish.

Sarvdek qomatimni qildi xam,
Man emas yakka, barcha mandek emish,

Bosh chiqormay hama o‘z uyidin,
El aro bo‘ldi qat’ borish-kelish.

Koru borini tark etib barcha,
O‘t boshida isinmtoq bo‘ldi ish.

Yaxshi bu qishda qo‘y go‘shtidin
Pishurub yesalar kabob necha chish.

Bir-birov birla gah kalom etsa,
Og‘zida til bo‘lur to‘ngub chun tish.

O‘t boshida muqim o‘lub doim,
Zinhor chiqmag‘il, Chokar, tish.


* * *

Qish ichra otashxonada bo‘lg‘usi, vah, ne xush, olov,
Tengi nasib etsa aning yonida gar yog‘li palov.

Ul oyni hajri dashtida oldi meni g‘am lashkari,
Qurshab bori atrofimi har dam g‘irev aylab chu yov.

Vuslat kunining ishrati yodimg‘a tushgach, aylagum
Faryodu afg‘on, ko‘rsa gar bulbul ani bo‘lg‘ay soqov.

Ta’rif etarsizlar menga, ey kim semuz qo‘y go‘shtini,
Komimg‘a andin ham laziz o‘lg‘usi, bo‘lsa go‘shti ov.

Chun oq soqol o‘lding, kelib hushingg‘a, emdi toat et,
Bu kim xazondindur asar tushsa giyoh uzra qirov.

Rahshingni so‘rding qasd etib qatlimg‘a, ey zebo sanam,
To yetmaguncha boshimi ustig‘a, hech chekma jilov.

Ishqing o‘tidin yonmasun Chokar dilu joni nechuk,
Kim tob kelturmay yonar, tushsa sharor, albatta, qov.


* * *

Noz otini o‘ynatib chobuksuvorim bu kecha,
Keldi kulbam sori anglab iztirobim bu kecha.

Ne xush ul baxtu saodat mehr oyini bila,
Kelsa mumtoz etkali ishq ichra yorim bu kecha,

Asrayolmon zor ko‘nglum ichra ishqin kelmasa,
Mahrami rozi nihonu oshkorim bu kecha.

Muddati no‘sh etmayin maxmur erurman, soqiyo,
Sen berib bir kosa may, tarqat xumorim bu kecha.

O‘lg‘on erkan ne anga moni’ki bilmon kelmadi,
Va’da aylab erdi borg‘um deb nigorim bu kecha.

Bulbuloso ohu afg‘on aylagum subhu maso,
Holima rahm aylagay deb gul’uzorim bu kecha.

O‘ynatib qoshu ko‘zin nozu tag‘ofullar bila,
Aqlim oldi qo‘ymayin sabru qarorim bu kecha.

Kelsa pinhon g‘ayr elidin bazmima ul nozanin,
Sarf etar erdim yo‘lig‘a yo‘qu borim bu kecha.

Orazidin aylabon Chokar hijobin murtafe
Ul parimu ravshan etkan shomi torim bu kecha.


* * *

Jism ichra jonni men netay, bu kecha jono bo‘lmasa,
Ilmas ko‘zimga hech nima ul mohi siymo bo‘lmasa.

Yaksar qorong‘u bo‘lg‘usi ko‘zima bu yorug‘ jahon,
Bazm ichra bir dam yuzi xurshidi oso bo‘lmasa.

Xushdur base ahbob ila bazm aylamas subhu maso,.
Onlar dilida yordin o‘zga tamanno bo‘lmasa.

Majlisga doxil aylamang ul kimsakim olam aro,
Bir gulbadanni ishqiga maftuni shaydo bo‘lmasa.

Chin oshiq ersang ul kishi zohid so‘ziga aldanib,
Ishq ahli birla bazmaro gar boda paymo bo‘lmasa.

G‘am xayli boshimdin meni, vah, ne sifat bo‘lg‘usi raf’,
Bazm ichra may bermakka bir mohi diloro bo‘lmasa.

Yo‘l bermadi vasl ichra, ey Chokar, necha jahd ayladim,
Yaxshi edi gar dahr aro ag‘yor paydo bo‘lmasa.


* * *

Ul pari hajridadurman zoru hayron, ey tabib,
Ne bo‘lur qilsang meni dardimg‘a darmon, ey tabib.

Tinmayin ul oy visolig‘a tunu kun ko‘zlarim,
Furqat ichra to‘kkusi yosh o‘rnig‘a qon, ey tabib.

Bir zamon mehri vafo rasmini bunyod aylabon,
Xoli zorim so‘rsa qolmas erdi armon, ey tabib.

Sho‘xlarda yo‘qdurur ishq ahlig‘a rahm aylamak,
Kimki rahm aylar desa, albatta, yolg‘on, ey tabib.

Istabon ul oy visolin kecha-kunduz dahr aro,
Aylaram bulbul kabi faryodu afg‘on, ey tabib.

Hajr vodisi aro o‘lmakka yetdim, ohkim,
Lutf etib kelmas esa kulbamg‘a jono, ey tabib.

Har zamon yuz ming tuman javru jafo izhor etib,
Aylagan qaddin duto Chokarni hijron, ey tabib.


* * *

Qilmas tarahhum holima, vah naylayin, ul g‘uncha lab,
Kun-kundin afzun aylabon men xastag‘a qahru g‘azab.

Laylivashimni ishqida, ey do‘stlar, olam aro—
Qolsa, ajab ermas, agar men telbaga majnun laqab..

Ushshoq eliga, zohido, qilg‘ung nasihat dam-badam,
O‘rgangin onlardin kelib sen dog‘i pand ila adab.

Jonbaxsh la’li bergusi o‘lgan tanimg‘a toza jon,
Gar ko‘zlaridin bir qiyo ersa mamotimg‘a sabab.

Hijron qaro shomi aro aylab fig‘onu nolalar,
Bu zori mahzun qilg‘usi bazmi visolingni talab.

Qilsam tazarru’ har necha boqmas dame ahvolima,
Bo‘lmish azalda qismatim chekmak base ranju taab.

Zahri firoqin no‘sh etib yurgum damodam, Chokaro,
Bazmi vaslida ichar ag‘yor eli jomi tarab.


* * *

Nigorim bo‘lg‘oli olamda paydo,
Bo‘lubman husniga maftunu shaydo.

Jafo chekmak ishimizdur tunu kun,
Qilib behuda yor ishqin tamanno.

Base lab tashnaman, qilsang labingdin—
Na bo‘lg‘ay men hazing‘a bo‘sa e’to.

Yuz ochib, qil qaro kulbamni ravshan,
Vafo rasmi bila, ey moh siymo.

Tanimdin jonimi olmoqqa, ey gul,
Erur kipriklarivg o‘q, qoshlaring yo.

Raqib ahliga rahm etma, kul o‘ldi.
Yonib rashk o‘tig‘a jismim saropo.

Firoqing dashtida o‘lgusi Chokar,
Karam qilmas esang holig‘a, jono.


* * *

Ko‘zlaringni kofirig‘a kofiriston bandadur,
La’li jonbaxshing so‘ziga shakkariston bandadur.

Orazingni lam’asig‘a, ey parilar sarvari,
Dahrga bergan ziyo xurshidi raxshon bandadur.

Mahvashim la’liga har dam tinglangiz, ahbobkim,
Yuz tuman tortib xijolat obi hayvon bandadur.

Boshida bo‘lg‘on parishon kokuli mushkinig‘a,
Dahr bog‘i ichra yaksar sumbuliston bandadur.

Bo‘yla naqqoshi azal xalq aylagan ruxsoringga,
Qasri jannat ichra bo‘lg‘on huru g‘ilmon bandadur.

Chokaro, subhu maso qilg‘on fig‘onu nolangga,
Munfaillig‘din bari qumrii nolon bandadur.


* * *

Soqiyo, tutg‘il menga majlisda jon oro qadah,
Toki maxmuridin etdi volau shaydo qadah.

Har zamon men telbaga yuzlangusi ko‘p dardu g‘am,
Bo‘lmasa gar bazm ichida o‘ylakim hamto qadah.

Ne qilay men zori mahzun yorni, ey do‘stlar,
Mahfil ichra bo‘lmasatokim sipehr oso qadah.

Ichmagumdir o‘zgadin hargiz mani mahzunkim,
Dayr aro gar bo‘lmasa, ul dilbari tarso, qadah.

Man’ qilma bu junun ichra menikim, zohido,
Jonimi olg‘usidur ma’shuq oxir yo qadah.

Furqat ichra qolmisham, na bo‘lg‘usi, ey mug‘bacha.
Rahm etib men xastag‘a, bersang dame a’lo qadah.

Chokaro, tinmay bu yonglig‘ ohu faryod aylama,
Qilg‘usi oxir seni dahr ahlig‘a rasvo qadah.


* * *

Jahonda yashay olmas hech millat ilmu urfonsiz,
Aningdekkim turalmas hayotda jism ila jonsiz.

Maorifdur jaholat dardining darmoni, fahm aylang,
Fanoliq yotgonidur bo‘lsa har bir dard darmonsiz.

Ilmsiz kimsa boylarg‘a bo‘lub qul, o‘tkarur umrin,
Ilm ahli kishiga bo‘lmag‘ay muhtoj ham nonsiz.

Biza bo‘yla ezilmoq qayg‘u g‘amlar jahlimizdandur,
O‘qusak ilm olur erduk, biz ham olamda armonsiz.

Nega bizda emas maktab, tovongar ahli rohatda,
Olar xohish ilmdin bizga qayg‘u yuzlanib sonsiz.

Bering farzandingiz maktabga, Chokarni so‘zin tinglab,
Jahonda yashay olmas hech millat ilmu urfonsiz.


MUXAMMASLAR

Navoiy g‘azaliga muxammas


Bihamdillah, meni oshiq qatoridin hisob.aylab,
Yorutmoqg‘a ko‘zum ruxsoridin raf’i niqob aylab,
Ko‘ngulda ne esa komim berurga irtikob aylab,
Tun aqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab.
Xiromi sur’atidin gul yuza xaydin gulob aylab.

Olub sabru qarorim nozir o‘lg‘ach ko‘zga ul dilbar,
Quyoshoso yuzi shavqida qildi zarradek muztar.
Sabohat avjida erdi uzori chun mahi anvar,
Qilib mujgonni shabravlar kibi jon qasdig‘a xanjar,
Belig‘a zulfi anbarboridin mushkin tanob aylab.

Olib burqa’ uzoridin, yuz ochib bazmima kirdi,
Mani ishq ahlidin siylab muhabbat silkiga terdi,
Murodim ro‘zu shab, yuz shukur, oning vuslati erdi,
Kulub o‘lturdiyu ilgim chekib, yonida yer berdi,
Takallum boshladi, har lafzini durri xushob aylab.

Manga hijron aro bo‘lg‘on edi baytul-hazan maskan,
Ko‘zumg‘a tiyra erdi sarbasar bu olami ravshan,
Dedi so‘rgach bu holim lutf ila ul orazi gulshan,
«Ki ey zori balokash oshiqim, mensiz nechuktursan?»
Men o‘ldum lolu ayta olmadim mayli javob aylab.

Xumorim fahm etib hijroni ichra ul pari bildi,
Ayon aylab vafo rasmini bu dam, ko‘ziga ildi,
Quyosh oso xirom aylab chu qarshu yonima keldi,
Chiqardi shishai may dog‘i bir sog‘ar to‘la quydi,
Ichib tutdi menga yuz nav’ noz oso itob aylab.

Dedi, ey zor, qilmasman seni birdam yiroq ko‘zdin,
Berib vasl ichra sansiz bo‘salar la’li labu yuzdin,
Manga hosil bo‘lub ayshi tarab behad hamul yuzdin
Ichib, faryod etib tushtum ayoqig‘a, borub o‘zdin,
Meni yo‘q bodakim, lutfi aning masti xarob aylab.

Bo‘lub vasli muyassar, Chokaro, ul yorni botroq,
Tarab jomini dog‘i bazm aro no‘sh aylab o‘lturmoq,
Gahi o‘zdin ketib bexud tushub yer uzra chun tufroq,
Anikim eltqay vasl uyqusi ishrat tuni mundoq,
Navoiydek netar to subhi mahshar tarki xob aylab.


Navoiy g‘azaliga muxammas

Farq qilmaslar shariat yo‘lini gumrohlar,
Aylabon jurmu gunah tinmay kunu begohlar,
Tutmas hech parvo alardin zuhdu toatxohlar,
Ulki solg‘ay shu’la a’zosig‘a o‘tlug‘ ohlar,
Qayda bilgay kuymakin zarbaft kiygan shohlar.

Toki oshiq bo‘lmayin oshiqni ko‘zga ilmagay,
Dilbarini ko‘yida majnun misoli yelmagay.
Gah-gahi laylivashim chashmini ashkin selmagay,
Bag‘ridin qon tomg‘uchi ushshoq zaxmin bilmagay,
Tig‘idin qon tomg‘uchi berahm oliy johlar.

Bid’at ishlardin tun-kun ayladim parhezkim,
Vosil o‘lg‘ayman debon vaslig‘a yorim tezkim,
Chun ul oy hajrida chekdim g‘am halokangizkim,
Shiddatin Farhod qilg‘ay fahm, yo‘q Parvezkim
Dardni xokiylar anglar, yo‘q falak dargohlar.

Oz qolibdur zindalik paymonasi vahm to‘lg‘ali,
Yetdi chun umrim guli g‘am sarsaridin so‘lg‘ali
Zor jismimdin yotib hajr ichra jon ayrilg‘ali,
Jonu ko‘nglum kirdilar g‘am dashtig‘a gum bo‘lg‘ali,
Man ham ettim azm, chun azm ettilar hamrohlar.

Foqalarg‘a ag‘niyolar qilmay ihson o‘lturur,
Qayda ihson, balki javr aylab farovon o‘lturur,
Nechani qashshoqlik birla g‘ami non o‘lturur,
Bo‘lsalar ogahki, bir g‘amginni hijron o‘lturur,
Fikr etar holig‘a hijron dardidin ogohlar.

Yor hijronida tinmay nolai ohim nedur,
G‘ayr elidin vaslig‘a yetmoqda ko‘tohim nedur,
Andin ayru dardu mehnat unsu hamrohim nedur,
Vah, ne bilg‘ay hajr zanjirida dilxohim nedur,
Xalqa urg‘on bazm ayshi davrida dilxohlar.

Husn eliga furqat ichra mubtalolar fikri yo‘q,
Ham raso ahlig‘a, Chokar, norasolar fikri yo‘q,
Porsou zuhd elig‘a ashqiyolar fikri yo‘q,
Ey Navoiy, shohlarg‘a chun gadoni fikri yo‘q,
Aylagil sen tengri dargohiga shay’anlillohlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.