OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakima (1840-1919)

Shoira Hakima Abdurahim qizi 1840 yilda Kattaqo‘rg‘onning Alijon qishlog‘ida maktabdor domla oilasida tug‘ildi. U bolaligidayoq ota-onadan yetim qolib, kichik akasi Abrorqulning qo‘lida tarbiyalandi. Zamonasining talantli shoiri va olimi Muhammad Sharif Shavqiy bilan qo‘shni va do‘st bo‘lgan shoirtabiat Abrorqul yosh Hakimaning o‘qib ma’lumot olishi uchun ko‘p g‘amxo‘rlik qildi.
Hakimani 20 yoshida shaharning Mavriqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Mirsulton nomli etikdo‘z-kosibga turmushga beradilar. Oilada ko‘p o‘g‘il-qizlar tug‘ilgan bo‘lsa-da, ulardan faqat ikki qiz omon qoladi: Nigina va Olima. Olimadan ikki farzand bo‘ladi: Muhammadi va Halima. Olima jinni bo‘lib, eri Karimboyvachcha tomonidan ikki bolasi bilan haydaladi. Hakima qizini ko‘p tabiblarga ko‘rsatsa ham nafi bo‘lmaydi...
Alam-kulfatlar, judolik va moddiy qiyinchiliklar bilan ezilgan shoira badavlat, o‘ziga tinch qarindoshlaridan ham hech qanday «mehru vafo» ko‘rmaydi. Bu
hol uning ayrim she’rlarida aks etgan. Hakima 1919 yilning 20 dekabrida vafot etdi.
Shoiraning avtograflari bizgacha yetib kelmagan. Bu yerdagi she’rlar uning shogirdi Mutriba qo‘lidagi daftar va xotiralardan yozib olindi.


G‘AZALLAR

Kel, ey ko‘ngul, havo domin tutub, dil berma dunyog‘a,
Na xush davlat, o‘zung band aylading zulfi sumansog‘a.

Raboti ko‘hna dunyoning vafosi yo‘q, birodarlar,
G‘animatdur siza ayyom, na yetgay bunday asnog‘a.

Na xush kundur bahor ayyomi, olam sabzapo‘sh, rangin,
Yigitlik ham aningdekdur tushungan ahli ma’nog‘a.

Erur fasli bahor yanglig‘ aziz yoshlik, na xo‘b rohat,
Qarigan so‘ng zimistondur, ko‘ngul qolmas tamannog‘a.

Keling, yoshlar, qurub suhbat, ko‘ngulni xush eting bul choq,
Na yetgay hofizu, do‘stu shirin so‘z birla miynog‘a.

Bu dunyo bir saroydek manzilu, odamlari mehmon,
Hakima, o‘tdi umring, yetmading ul mahfilorog‘a.


* * *

Jahon barnolari, ey sho‘x, kirdoringdin aylansun,
Muqobil bo‘lsa, har oyina diydoringdin aylansun.

Malohat gulshanida g‘uncha yanglig‘, ey pari paykar,
Ochilsa gul yuzung, bulbul ko‘rub xoring‘din aylansun.

Balog‘at bobida yaktoi davrondursan, ey gulrux,
O‘qurda bulbuli xushxonlar ash’oringdin aylansun.

Xirom etsang chaman sori, ayo ey dilbari ra’no,
Ko‘rubon kabki xushraftor raftoringdin aylansun.

Qayonda ganji zardur halqa urgan ajdahosi bor,
Jahon ganji sening zulfi siyah toringdin aylansun.

Jahon shoirlari maftun bo‘lub shirin maqolingga,
Asiringdur Hakima, keldi guftoringdin aylansun.


* * *

Ajoyib turfa savdo ko‘hna dunyoi dag‘o ichra,
Bu miskin boshima ming turli g‘am bul bevafo ichra.

Gahi giryon, gahi nolon, ajab aftodaman hayron,
Erurman zoru sargardon bu zolim purjafo ichra.

Ko‘zim yoshi oqar tinmay, kecha-kunduz nadur bilmay,
Anisim, munisim bo‘lmay bu hasratxona — jo ichra.

Ko‘rubon bir necha farzand, nechun hech bo‘lmadi dilband,
Biri ham qilmadi xursand jahoni bebaqo ichra.

Ichib jomi jafodin may, bu bo‘lsa qismatim qaytay
Kima yig‘lay, kima aytayki bu zulmatsaro ichra.

Qani manga qariganda, bolamni biri yonimda —
Bo‘lub g‘amxo‘r makonimda mehr yanglig‘ samo ichra.

O‘g‘ul-qizlar safar qildi, hamasi bir yo‘la ketdi,
Qari ona keyin qoldi, butun ohu navo ichra.

Meni bechorani tashlab, netay ikki ko‘zum yoshlab,
Libosim tanda o‘t yashnab, jahon jomi namo ichra.

Hakima zor yig‘laydur, kuyub dardini kuylaydur,
Hamon bir chora izlaydur bu dardi bedavo ichra.


* * *

Adamdin har kishi dunyoga keldi peshvosi bor,
Ki har kim ko‘nglida bir o‘y ilan ko‘p muddaosi bor.

Skandar bistari kimxobu baxmal uzra xob etsa,
Alarning qolini bo‘lsa, gadoning bo‘ryosi bor.

Takabbur ahliga zinhor salom-alik demay o‘tgil,
Alarning boshida shaytoni mal’unning havosi bor.

Jahonning bog‘idin gullar ochilur rang-barang, ko‘rgil
Agarchi yaxshi odam ko‘p, ichida ham yomoni bor.

Hamisha xushfe’llik bo‘l xaloyiq ichra sen zinhor,
Ko‘ngulni oqu pok etsang, hama koring barori bor.

Qarama bad nazar birla, bu dushman, deb, haqir aylab,
Magar bir qun bo‘lur do‘st ul kishi, sirri nihoni bor.

Erur har dam g‘animat, xush tutub o‘tkar aziz umrung,
Bu dunyoning kamu ko‘stin na sudu, na ziyoni bor.

O‘tubdur qancha olam xalqi qilmay tasrifi dunyo,
Hakima ham o‘tar ummid bilan—hasrat-fig‘oni bor.


MUXAMMASLAR


Nechuk aylay, yoronlar, men g‘aribi mazlumi nochor,
Hama tuqqan og‘o-ini, opalarim qilibon or,
Bo‘lib begona ketdilar, bo‘lib mandin bari bezor,
Qolib tanho o‘zim g‘urbat uyida ko‘z yoshim xunbor,
O‘zimga mashq etib hasrat bila gohida bu ash’or.

Alardin ko‘rmadim mehru vafo dunyoda bir kun ham,
O‘lib ketdi o‘g‘il-qizlar, farog‘at ko‘rmadi diydam,
Seni farzand debon mehru muhabbat ayladim bul dam,
Salomat bo‘l, qizim, dunyoda ko‘rma zarra kulfat, g‘am,
Budur mendin vasiyat ham duo, ey oqilu hushyor.

Ki bir kun katta og‘am uyiga bordim mani mahzun,
Yumubon ko‘z, qaboq solib dedi:— Kelding nima uchun?!
Dedim:—Qirdim o‘tar yo‘ldin, ko‘ray deb bir yo‘la aknun,
Ki bul baxtsiz qizim tindirmadi, qildi jigarni xun,
Davo istab yururman ko‘chalarda, dardu g‘am bisyor...

Yana ermish muddarris, jumla olimlarga a’lam bul,
Nechuk bemehru badfe’l, bo‘lmadi odamga hamdam bul,
Jigar payvand bo‘lmasmu, qilibon silai rahm ul,
Uzib ummedim andin bormadimu, ko‘rmadim bir yo‘l,
Hakima qon yutar baxtsizligidin, ey aziz dildor.


* * *

Chaman zebolari, ey sarv, raftoringdin aylansun,
Tamomi xushsuxanlar tab’i shahvoringdin aylansun,
Eshitsa mast o‘lur har banda guftoringdin aylansun,
Falotunlar qolur lol, aqli hushyoringdin aylansun,
Ko‘rolmay bag‘ri dog‘ har lola ruxsoringdin aylansun.

Qizil gulkim aning hajrida yuz ming bulbuli shaydo,
Qilur har subhi damda tinmayin faryodu vovaylo,
Guli savsan, guli nasrin, guli shabyuz, guli ra’no,
Guli qah-qah, guli rayhonki, bir gul qolmasun aslo,
Guliston gullari, ey toza gul, xoringdin aylansun.

Zamone justujo‘yingda tinib o‘lturmadim hargiz,
Bosib muhri xamushi tilga, hech dam urmadim hargiz,
So‘rog‘ing rashk etib, ag‘yorlardin so‘rmadim hargiz,
Seningdek gavhari qimmatbahoni ko‘rmadim hargiz,
Aqiqu la’lu marjon gavhari boringdin aylansun.

Hakimaning ko‘rar ko‘zi, jahon ichra salomat bo‘l,
Duo aylay, gulum, doim, hamisha bofazilat bo‘l,
Baland iqbolu rohatlik, ilohi bosaodat bo‘l,
Deyin behad sanolar, to abad koni sharofat bo‘l,
Saxovatlik, muruvvatlik bu kirdoringdin aylansun!


MASNAVIYLAR


* * *

Ey so‘zi shirin gul’uzorim,
V-ey va’dada turmagan nigorim.

Gar bo‘lsaki menda necha ming jon,
Aylarman ani yo‘lungda ihson.

Qo‘yg‘il qadamingni boshim uzra,
Yo‘q, yo‘q, qora ko‘zu qoshim uzra.

Ey yori sitamgaru jafojo‘y,
Zulmu sitamingni aylama, qo‘y.

Emdi menga aylagil tarahhum,
Qil kulbama bir safar taqaddum.

Ahd anladingu, psga buzarsan?
Sen buzdingu, lek buzmadim man.

Jondin kschadur Hakima-i zor,
Jon berguchi chun o‘zingsan, ey yor.


* * *

Yozib bayt burgadin, men aylayin dod,
Shirin uyqumni zolim qildi barbod.

Qorong‘uda nechuk yo‘lni topadur,
Tuzub lashkar, o‘ngu so‘lga chopadur.

Chaqadur hech bir parvoe qilmas,
Faqiru boylarni ko‘zga ilmas.

Chaqadur necha bir gul-g‘unchalarni,
Qo‘li bog‘liq, beshikda bachchalarni.

Gahi tez o‘rmalab sakrab uchadur,
Gahi shum tulkidek boqmay qochadur.

Tutub bo‘lmas, ko‘rinmas mayda narsa,
Yotolmas chaqsa rohatda kimarsa.

Hakima holini etti ko‘p abtar,
Yo‘qolib burgalar, qolsun bu daftar.


QIT’A


Ayo ey gulshani dillar safosi,
Yuzungdin axtari gardun jilosi,
Bahor ayyomi bo‘ldi, keldi navro‘z,
Muborakbod etarman, ey dilafro‘z.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.