Bonu yoki Manzurabonu taxallusi bilan qalam tebratgan bu shoira Nozimaxonimning iste’dodli shogirdlaridandir. Toshkentning sobiq Rais ko‘cha mahallasi (hozirgi Xurshid ko‘chasi)da tug‘ildi. Mahalladagi eski maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq ziyrak, aqlli, qiziquvchanligi bilan atrofdagilarning diqqatini tortdi. U Navoiy, Fuzuliy va Mashrab she’rlarini juda berilib mutolaa qilardi. O’zida ham qalam tebratishga moyillik sezgach, she’r mashqiga kirishadi. Manzuralar oilasiga yaqin qarindosh — maktabdor shoira Nozimaxonim uni o‘z tarbiyasiga olgach, bo‘lajak shoira fors tili va adabiyotini, turkiy xalqlar adabiyotlarini qunt bilan o‘rganishga kirishdi. Taxminan o‘n olti yoshlarida Nozimaxonimning maslahati bilan Manzurabonu taxallusini qabul qildi. Manzurabonu o‘sha yillari an’anaviy lirik uslubda bir qancha g‘azallar yozdi.
Yoshligidan Nozimaxonim qo‘lida erksevarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalangan shoira 20-yillarda xotin-qizlar ozodligi mavzusida haroratli she’rlari bilan maydonga chiqdi. Faol jamoatchi sifatida Toshkentda tashkil etilgan Xotin-qizlar klubi ishlarida qatnashdi. Shoira «Yangi yo‘l» ro‘znomasi va keyinroq shu nomda chiqa boshlagan oynomada, «Sharq haqiqati» ro‘znomasida muntazam ishtirok etib turdi. Keyinchalik she’rlarini to‘plab qo‘lyozma devon tuzdi. Uning qalamidan yaralgan talay g‘azallar o‘ziga xosligi bilan diqqatga sazovor. Shoira bashariyat uchun azaliy va abadiy mavzu bo‘lmish asl odamiy ishq-muhabbat borasida latif taronalar yaragdi. Ular odamlar qalbida otashin tug‘yon va masrur kechinmalar, ajib saodatbaxsh kayfiyatlar qo‘zg‘aydi. Shu boisdan, Manzurabonu g‘azallari el orasida mashhur va manzurdir.
* * *
Ey, nozparvar gul, sarvi ra’no,
Husn ahli ichra maqomi zebo.
Ul huri jannat quldur qoshingda,
Gul yuzlaringdin xurshid huvaydo.
Xoli xatingdin o‘t tushdi dilga,
Yolg‘iz boshimga ming turli savdo.
Laylivashim san, tanda madorim,
Bo‘lsam, ajab yo‘q, Majnuni shaydo.
Ul lola yanglig‘ bag‘rim aro dog‘,
Qilsam yeridur oh ila g‘avg‘o.
Zulfingni tori chulg‘ab tanimni,
Har sori sudrar dasht ila sahro.
Mujgon o‘qidin ko‘ksumga sanchib,
Usru ko‘z ila qilding tamosho.
Yondurdi hijron, Manzurabonu
Oshiqlar ichra ham bo‘ldi rasvo.
MASHRAB G’AZALIGA MUXAMMAS
Biling, ishq otashi, do‘stlar, yurak-bag‘rim nihon o‘rtar,
Bu tan mulkini vayron aylabon har dam yomon o‘rtar,
Yururman ishqi vodiysi aro, jismimda jon o‘rtar,
Agar oshiqligim aytsam, kuyub jonu jahon o‘rtar,
Bu ishq sirrin bayon qilsam, taqi ul xonumon o‘rtar.
Kimam ishq yo‘lga po(y) urdi, bo‘libdur zoru sargardon,
Quyun dashti aro bo‘lg‘ay misoli chug‘zdek* hayron,
Agarchi zohiri odam, bo‘libdur botini biryon,
Kishig‘a ishq o‘tidin zarrai yetsa bo‘lur giryon,
Bo‘lub besabru betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.
O’shal parvonadek, naylay, kuyub-yondim firoqingda,
Visol ayyomi na bilmay, kuyub-yondim firoqingda,
O’zim ahvolimi so‘rmay, kuyub-yondim firoqingda,
Mani bexonumon tinmay, kuyub-yondim firoqingda,
Oting tutsam, nigoro debki, zavqidin zabon o‘rtar.
Jahon oshiqlari ichra bu ishqimni ayon aylay,
Fig‘onu nola birla andalibni bezabon aylay,
Ta’magir, ta’nagir, zuhhod elig‘a sad ziyon aylay,
Qayu til birla, ey jono, seni vasfing bayon aylay,
Tilim lolu ko‘zum giryon, so‘ngaklarim nihon o‘rtar...
Firoqingda ado bo‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,
Ochilg‘on gul edim, so‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,
Ko‘ngul g‘avg‘osidin to‘ydum, kelib holimni so‘rmassan,
Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,
G’aming boshqa, alam boshqa, yuragimni fig‘on o‘rtar.
Qulingdur, Bonuni, yor-o, ki vaslingdan judo qilma,
Kechibdur dinu imondin, ani ko‘b shuncha kuydirma,
G’amingda marg bo‘lmushdur, yana yakbora o‘ldirma,
Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig‘a solma,
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o‘rtar.
___________
Chug‘z — boyqush