OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muazzamxon (1833-1917)

Muazzamxon Mirsaid qizi (1833, Xo‘jand — 1917, Jizzax) — shoira. Muazzamxon o‘zbek va fors mumtoz adabiyoti namoyandalarining ijodi bilan chuqur tanishgan, aruz vaznini mukammal o‘zlashtirgan va har ikkala tilda ham ijod qilgan.
Muazzamning 1000 misradan ortiqroq devon tartibida tuzilgan gazallari va singlisi Muattarxon bayoziga kirgan she’rlari mavjud. Uning g‘azallari uslubning ravonligi, fikrning ravshanligi, ifodaning aniqligi bilan ajralib turadi. She’rlarida davr, falakdan norozilik sadolari aks etgan («Falakning javridindur ko‘nglima ozor har soat...»). Ammo Muazzam «ko‘zidan xunoba oqib, hijron har tarafdan qilich tortib» kelayotgan damlarda ham «matonatli» bo‘lishga, «sabr-tahammul» bilan yashashga da’vat qilgan.


G‘AZALLAR

* * *

Ey sabo, arzimni ayt ohista ul dildorg‘a,
Hech rahmi kelmadi yo‘lida yotgan zorg‘a.

Iltimos etgil g‘ubori maqdamidin zarrae,
Xoki poyi doru bo‘lg‘ay bu tani bemorg‘a.

Shiddati za’fim bila raglar so‘ngakka chirmashib,
Huv savdosin chekar monand o‘lib setorg‘a,

Qon yoshimdin ko‘rki domonim qizardi loladek,
Ahli dillar ko‘rib oni o‘xshatur gulzorg‘a.

Ma’rifatni mevasin yoshirgali dil bog‘iga,
O‘tkuribman ko‘p tikan monand etib simxorg‘a.

Bul riyolik tasbihimni gulxan ichra kul qilib,
Ham musalloni garov qo‘ymas butu zunnorg‘a.

Amri ma’rufimni muikirdin agar qilsam bayon,
Kufr aydi deb yig‘ilib tortadurlar dorg‘a.

G‘am shamoli ko‘nglum avroqin parishon ayladi,
Bor umidim, eltibon ko‘rsatsa deb dildorg‘a.

Har kishini do‘st deb sirringni izhor aylama,
Ta’na toshidin alam yetgay dili afgorg‘a.

Ko‘nglimi bo‘stoni ichra hech gul ochilmadi,
Qon yutubon g‘unchalar o‘rnini berdi xorg‘a.

Vir g‘aribi puralam g‘am nolasini nazm etib,
Tahrir etmish, hech kim olmas sotsalar bozorg‘a.

Shumlig‘ingdin, ey Muazzam, tortasan ranju alam,
Hech doru naf’ qilmas san kabi bemorg‘a.

* * *

Ey falak, muncha jafoni manga ehson aylading,
Ham xirad uyini buzding, besaranjom aylading.

Kavkabi iqbolimi idbora tabdil aylabon,
Toleimni nahs etib, el ichra badnom aylading.

Xush baland parvoz edi ruhim qushi afsuskim,
Fitna aylab zoli dunyo makriga rom aylading.

Barchaga jabr aylasang ham goh-goh taskin berib,
Bir g‘ariba boshiga kulfatni modom aylading.

Toqati tamkin tahammul uyini g‘orat qilib,
Telbalardek so‘zlatib besabru somon aylading,

Har necha jahd ayladim kirsam saodat yo‘liga,
Yo‘l yurarda har qadamda hirsni dom aylading,

Barchani jomi murodini berib man xastaga —
Qismatim singan sopoldek bir quruq jom aylading,

Har jafo kelsa, Muazzam, xoliqingni hukmidur,
Shikva aylab bu falakni muncha badnom aylading?!

* * *

Falakning jabridindur ko‘nglima ozor har soat,
Jarohatlik ko‘ngilga sanchilur ko‘p xor har soat.

Jamoling orzusida qizil gul oldiga borsam,
Tegar har xordin ko‘nglimga yuz ozor xar soat.

Firoqingda bo‘libman telbae, o‘zimni bilmayman,
Chekarman nolayu faryod majnunvor har soat.

Qayu maxluq qadam qo‘ysa mani baytulxazonimga,
Qilurman oldida vaslingni ham takror har soat.

Ko‘zimdin uyquni ixroj qildi nomi hijroning,
Aning chun men damodam yig‘laram xunbor har soat.

Falak soqisi sundi jomi g‘am, ichdim yiqildim man
G‘amim tug‘yonidin qaynab chiqar zangor har soat.

Tabiblar aydi: hijron dardini dorusi o‘lmakdur,
Aning-chun men bo‘libman hajr ila bemor har soat.

Falak mo‘min boshig‘a hech g‘ariblik solmasin aslo,
G‘ariblikda Muazzam tortadur ozor har soat.

* * *

Man bo‘libman do‘stlar hijronida
Dilfigoru, dilfigoru, dilfigor.

Bistari furqat aro yotubduman
Bemadoru, bemadoru, bemador.

Gar o‘lib ketsam bu hijron cho‘lida
Intizoru, intizoru, intizor.

Turbatimdin qon yutib lola unar
Har bahoru, har bahoru, har bahor.

Iig‘layurman bosh urib dargohingga
Har nahoru, har nahoru, har nahor.

Do‘st vaslini tilab qildim tavof
Har mazoru, har mazoru, har mazor.

Man qilurman do‘stdin kelsa xabar
Jon nisoru, jon nisoru, jon nisor.

Zarra yanglig‘ doimo titrar dilim
Beqaroru, beqaroru, beqaror.

Yotadurmen baytulehzonim aro
Xoru zoru, xoru zoru, xoru zor.

O‘lganimdin so‘ng duoda yod eting
Do‘stu yoru, do‘stu yoru, do‘stu yor.

Qolmadi farzandlarimdin hech nishon
Ashkboru, ashkboru, ashkbor.

Bu Muazzam xastadilni rahmat et
Kirdikoro, kirdikoro, kirdikor.

* * *

Barcha a’zoshohisan, bo‘lma jafokor, ey ko‘ngul,
San jafo qilsang raiyat topqay ozor, ey ko‘ngul.

Tavsani fikrat minib har yona chopsang sekratib,
Yurmakim, yo‘lda bo‘lur ko‘p devi makkor, ey ko‘ngul.

Aql vaziringdurki, qilsang maslahat har koriga,
Bo‘ladur bemaslahat ish ancha dushvor, ey ko‘ngul.

Bu vaziring har qayon yo‘l boshlasa hamroh bo‘l,
Har so‘z aytsa qilmag‘in so‘ziga inkor, ey ko‘ngul.

Mardumaklar fitnai g‘ammozlikdur ishlari, —
Til nadimin qilmagil onlar bilan yor, ey ko‘ngul.

Sanki shohsan til bila ko‘z so‘ziga tutma quloq,
Til erur ismi va lekin zahrlik mor, ey ko‘ngul.

Aql aytur, har qayu masluxga ko‘nma tu’ma deb,
Misli oqil qil qanoat, yema murdor, ey ko‘ngul.

Barcha a’zodur raiyat yursa isyon yo‘liga,
Ta’zir aylab yaxshy yo‘ldin qil xabardor, ey ko‘ngul

Barcha a’zo shohisan, o‘ltir adolat taxtiga,
Bo‘lmagaysan hashr aro sharmandai zor, ey ko‘ngul.

Qalbi mo‘minniki baytullo demish, qil ehtiyot,
Bu Muazzam qalbidin ham bo‘l xabardor, ey ko‘ngul.


TOPISHMOQLAR

* * *

Bu na lu’batdur, de menga zufunun,
Bo‘yni egri, qomati ermish zabun.
Mohvashlar la’lin o‘pgan chog‘ida
Nola aylar xohi kunduz, xohi tun.
(chanqovuz)

* * *

Chiqmishi so‘i samo,
Yemishi bodi sabo.
Rishtai jonini mazbud
Ushlasang bergay sado.
(varrak)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.