OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ochildimurod Miriy (1830-1899)

Miriy (taxallusi; asl ism-sharifi Ochildimurod Ne’matilla o‘g‘li) (1830 — Kattaqo‘rg‘on—1899) — shoir va xattot. Kattaqo‘rg‘ondagi Naqibxo‘ja va Buxoro madrasalarida o‘qigan. Kalliqo‘rg‘on mavzeida qozilik qilgan (1888). 
Miriyning mukammal devoni, ikkita bayozi, qator epik asarlari saqlangan. Miriy ijodining asosiy qismini uning dostonlari egallaydi. «Ra’no va Zebo» (1884) dostonini forsiyda yozgan. Miriy tarixiy voqealar asosida romantik uslubda «Qissai Salim Javhariy» (1887), «Rustam va Suhrob» (1898), «Majdiddin va Faxruniso» (1899) dostonlarida adolatli tuzum, farovon turmush, komil inson haqidagi ilg‘or fikrlari aks etgan. «Gulnoma», «Choynoma» kabi masnaviylarida hayot haqidagi falsafiy-estetik qarashlari o‘z ifodasini topgan.
Miriy Firdavsiy «Shohnomasi»ning bir qismini va Husayn Voiz Koshifiyning «Anvori Suxayliy» asarini she’riy yo‘lda turkiyga tarjima qilgan. Navoiy, Jomiy, Sa’diy va boshqa shoirlarning ayrim asarlarini nasx va nasta’liq xatlarida ko‘chirgan.
Miriy g‘azallarida hayot ziddiyatlari, turmushdagi tartibsizliklar, nohaqliklarni tasvirlagan. Hajviy she’rlarida esa riyokor qozilar va mirshablarni fosh etgan. Shoir lirikasi, hajviyoti va epik asarlari yuksak badiiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. 
Miriy asarlari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Samarqand davlat universitetining asosiy kutubxonasi fondlarida saqlanadi.

Begali Qosimov

G‘AZALLAR

Junun aylasam ayb aylamang jamolini ko‘rgach,
Netong tutoshsa ko‘ngul yuzda xattu xolini ko‘rgach.

Sariri husnida mahbublar emas senga monand,
Uzor safhasida xol erur misolini ko‘rgach.

Xayoli birla hazin xotirim erur xursand,
Bihisht vaslicha bordur oning xayolini ko‘rgach.

Firoq dashtida yodi visoli bergay jon,
Ne nav’ sharh etayin nogahon visolini ko‘rgach.

Qoshini ko‘rsamu qurboni jon ne tong qilsam,
Tavofi ka’bani topdim bukim: hilolini ko‘rgach.

Dedimki, xolimu erkin uzoring ustida jono,
Dediki, nuqtai joning durur kamolini ko‘rgach.

Qo‘lungda tig‘ nedur qosh qilichi yetmasmu,
Ki Miriy boshidur ilgingda xush bu holini ko‘rgach.

* * *

Turfa savdolar boshimg‘a soldi ul shamshod qad,
Shod qaddimni bukub past etti sarv ozod qad.

Ey nasihat xayli, qotmang o‘zni ushshoq ahlig‘a,
Bosh ko‘tardi fitnalar chiqmishmu ul bedod qad.

Xo‘blug‘da oncho qad ko‘rsatti bedod oncha bor.
Dod ani bedodidin afg‘on solay deb dod qad.

Bul’ajab o‘n to‘rt yoshi turfa savdo boshida,
Yetti axtar yetti yerg‘a bermish iste’dod qad.

Yo‘q og‘izdin aylagach shirin labin izhorini,
Bog‘ gullar ochti tog‘ ustida kon Farhod qad.

Husni Laylisig‘a istab xalqni jonin asir,
Hajr Majnunini soldi qilg‘oli obod qad.

Ul sihi qad bog‘i shavqida navo bulbullari,
Ko‘p navolar topti Miriy ondin aylar yod qad.

* * *

Meni aylarga ul oy vola, zulfidin tanob etmish,
Chu qilgach volasi gul yuzg‘a kokuldin niqob etmish.

Yuzin nuriga ko‘z yoshimni to‘ksam ayb qilmangkim,
To‘kar yosh tush chog‘i nazzora har kim oftob etmish.

Raqib oti sitam paykonidek bag‘rimni qon aylar,
Na muhlik dard ul oy suhbat tutub mayli sharob etmish.

Jafolar birla tiydim jong‘a izhori emas mumkin
Nihoni dardu dog‘ing uzv-uzvimni kabob etmish.

Muborakbod etting, oshiqg‘a o‘lmaklik muborakdur,
Muboraknomayi qatlimni ul olijanob etmish.

Ochildi xoma, sochti ashk boshidin oyog‘ aylab,
Ul oy sharhi jamolim qil debon nogah xitob etmish.

Labing shirin, qading nasrin, yuzing ra’no, ko‘zing shahlo,
Ko‘ngul Farhodini g‘am tog‘ida bexo‘rdu xob etmish.

Chamankim bog‘bonsiz gullari ravnaq qachon topg‘ay,
Qizildur lola ruxsori onikim, gul hisob etmish.

Olurda xoma nozuk panjasi nozuk xayol etgach,
Tahayyur barmog‘ini Moniy tishlab iztirob etmish.

Necha Behzod ul oyni surati zebosini tortar,
O‘zini surati devordek mastu xarob etmish.

Uzori mushafi ustida ko‘z soldi ochib go‘yo,
Hamono xomayi Miriyga bayte intixob etmish.

* * *

Ul oykim zulfining har torig‘a yuz xasta band etmish,
Quyosh yuzluk sanamlar vola aylab mustamand etmish.

Bo‘lung ey ahli dil voqifkim ul husn ahlining shohi,
Ko‘zikim sho‘xroqdur, sho‘xliq rasmin pisand etmish.

Oyog‘ing tufrog‘ini istaram, o‘pkamg‘a zahram yo‘q,
Bu gulshan ichra tokim sarv qadding sar baland etmish.

Ne dey fatton ko‘zungdin benasib etti ko‘z uyqudin,
Ne dey mijgon o‘qungdin qon yoshimdin bahramand etmish.

Desam o‘ldum, kular, o‘ltur desam der tongla o‘lturgum,
Vafosiz va’daga afsona aylab rishxand etmish.

Yiqilsam yo‘lig‘a solmas nazar, solmas nazardin ham,
Yiroqroqdin yomon holimga boqib no‘shxand etmish.

Navosiz nola, afg‘onsiz fig‘ondin Miriy jon bergum,
Bu munglug‘ notavon jonim g‘ami hijron lavand etmish.

* * *

Holim tabib anglagach avq bedavo demish,
Bedard dilrabo g‘amiga mubtalo demish.

Bedard dilrabo g‘amidin to‘ksa qon ko‘zung,
Qon demagil, suluki rizo to‘tiyo demish.

Jismimg‘a novaking yetushurda fig‘on chekar,
Ul novakingni shavqida jon marhabo demish.

Yo qildi qomatimni desam sarv qomating
Qoshimg‘a sadqa yo qading ul qoshi yo demish.

Jodu ko‘zungni fitnasidur jong‘a yuz balo,
Desam, ko‘zumni kipriki yuz ming balo demish.

Oldi qarorim oqu qaro xolu orazing,
Ori parig‘a uchrag‘on oqu qaro demish,

Miriyni shavq dashtida qilg‘il sag‘onasin,
Bu dashtni o‘ziga magar Karbalo demish.

DOSTONLAR

GULNOMA


Soqiy, qadahing mo‘l et karamdin,
Qolmish bu rabot jomi Jamdin.

Kovus qani, ne bo‘ldi Hushang?
Ko‘kka cholib oncha ko‘sy farhang.

Mast aylaki, telbavor o‘lay men,
Yo‘qluq aro baxtiyor o‘lay men.

Bu telbalik ichra oncha qil g‘arq,
Boru yo‘qi dahr qilmayin farq.

Soqiy, qadahi nashot to‘ldur,
Bu bodag‘a charxni bukultur.

Bu xamlig‘ ila yetolmayin charx,
Yo‘q, durdini ham topolmayin charx;

Kunduz ochibon quyosh nuqudin,
Uy ravzani demayin qopudin;

Tun bo‘lsa sochib nuqud yulduz,
Yursun yugurub tun ila kunduz.

Soqiy, to‘la ayla jomu sog‘ar,
Qolmas kishi, qani xud Skandar?

Bahromga go‘r manzil o‘ldi,
Ming go‘r qo‘lida bismil o‘ldi.

Jonlar bari foniy — tangri boqiy
Ko‘p muncha tag‘oful etma, soqiy.

Avval ichu, so‘ngra qil havola,
Gardun esa sibqaray piyola.

Ey soqiyi gul’uzori gulro‘,
Ey kabk xiromi, nozbo‘ bo‘.

Ey qomati sarvinga fido sarv,
Qadding desa bormudur ravo sarv!

Vah-vah, ne g‘alat xayoldur bu,
Hay-hay, ne degan misoldur bu!

Ul bir shajareki, mevasi yo‘q.
El ko‘nglin olurg‘a shevasi yo‘q.

Hayhot, bu qadki, senda bordur,
Har yaxshi mushabbah o‘lsa ordur.

Qomatmu desam qiyomati bor,
Jannatmu desam xud ofati bor.

Qad yo‘qki, malohati shajardur,
Yo‘q, yo‘q, degil ofati nazardur!

Og‘zing bu shajarni g‘unchasidur,
Kulku anga, vahki, mevasidur.

Farzan desa meva — kulku voqe’,
Ovozasig‘a yo‘q uyqu voqe’.

Shirinlig‘ aro gumondin ortuq,
Achchiqliq aro xud ondin ortuq.

Shirin va achiq — fidosi jonlar,
Ul kulkuga sadqa xonumonlar.

Ey toza niholi gulshani jon,
Har uzvinga sadqa bog‘u bo‘ston.

Menkim guli nozbo‘ ekibmen,
Mehnatlar aning uchun chekibmen.

Ja’far guli-yu guli hinolar
Ham tojixurusi xush jilolar,

Ham koshg‘ariy gulini parvo,
Shomu sahar anda xud muhayyo.

Bir sathi chamanda ishqi pechon,
Chirmanmoq o‘lub ish anga har yon.

Bu barchasi bu jihatmu ermas;
Ishrat sari maslahatmu ermas.

Har chand farahfizo erur gul,
Ko‘p ramzga oshno erur gul.

Ishq ichra asiru mubtalomen,
Bir sarvga zoru benavomen.

Bir chehrasi gul asiridurmen,
G‘am kishvarini amiridurmen.

Bir g‘uncha og‘iz fitodasimen,
Maxmuri visol bodasimen.

Ul tosh ko‘ngulmu ya’ni sensen!
Fo‘lodg‘a yo‘lmu ya’ni sensen!

Ko‘nglung qatig‘icha bo‘lmagay tosh,
Qoshing qilichiga ko‘rmagay bosh!

Yandashsa bu tosh birla fo‘lod,
Ko‘rmas kishi sen sifatni jallod!

Kim oni havoi ishqi birlan,
Masjidni qilib o‘zumga maskan

Charxi falakeki, charxi gardun
To‘kmay suvini bu nav’ bir kun.

Masjid arig‘iga o‘tqurubmen,
Yo‘q, ko‘z arig‘i aro qurubmen.

Sargashtalik anda ko‘p o‘zumdek,
Kunduz-kecha suv to‘kar ko‘zumdek.

Ey zulfung asiri xo‘bro‘lar,
Husnungga fido tuman nako‘lar.

Yuz fikr ila nozbo‘lar ektim,
Mehnat ani tarhi birla chektim.

Komim bu desangki ko‘rgulukdir,
Bir dam borishib o‘turgulukdur.

Tarhidin agar savol etarsen,
Vasfin eshitur xayol etarsen.

Darvozaga kirgach ichkariroq,
Birdam turu, o‘ng birla so‘l boq.

O‘ng yonida nozbo‘i chiniy,
Sharmandasi Chin nozanini.

Zuhd ahli kabi qiyom aylab,
Kirgan kishiga salom aylab^

Boshini egib qilib tavozu’,
Ilking sunarin etib tavaqqu’

Qo‘l tekkach, etib abirsonlig‘,
Firdavs gulin isi nishonlig‘.

Ming noz ila, bo‘i nozbo‘, deb,
Boshini egib, niyoz bu, deb.

Xizri nabi kisvati barinda,
Ba’zisi Bilol tal’atinda.

Ko‘k atlasi ba’zidin namudor,
Tun turrasi ba’zidin padidor.

Ba’zini atab zaboni gunjishk,
Shoxi bo‘lub oshyoni gunjishk.

Chumchuq dema, bulbul oshyoni,
Chumchuq sifat aylamish makoni,

Atrofin olib xurustoji,
Toji bila yondurub siroji.

Boqg‘an kishi ko‘ngliga solib o‘t,
Deb:—Turma bu gulshan ichra, bot o‘t.

Boq manga, qutul asirlig‘din,
Qaydim meni bu dalerlig‘din,—

Deb koshg‘ariy guli kulumsub,
Zebo guluma nazarni sol xub.

Boshim uzadur kulohi nim tark,
Xubluqda atab otimni sadbarg.

Ko‘nglumni shikofig‘a nazar sol,
Bag‘ring butun o‘lsa, bot kadar sol.

So‘l yonig‘a lutf etarsen izhor,
Turfa chamani g‘arib — tolor.

Yer bag‘rig‘a chok tomuridin,
Oy dog‘i tanob uzoturidin.

Charx azmi uchun kamand tashlab,
Bo‘lmoqda Masih birla hamgap.

Isoki maqom qildi to‘rtunch,
Eldinmu edi xud anga qo‘rqunch!

Anfosini tangri pok qildi,
Aflok uza zavqnok qildi.

Jon topti o‘luk damidun, alhaq,
Yillar o‘tub o‘lganicha mutlaq.

Tolorga ham bu poklig‘ bor,
May nash’asidin birovki xummor,

Ul kimsa o‘luk emasmu oxir?
Maxmurni o‘luk demasmu oxir?

Raz qizidin o‘lsa bahravarlig‘,
Ul bodag‘a komi yupsa tarlig‘,

Bermasmu xud anga ruhi toza,
Topmasmu hamul futuhi toza!

Bas, tok Masih dam emasmu?
Iso nafas oni xud demasmu?

Tok yonida necha nozbo‘lar,
Shomu sahar ul xujasturo‘lar

Qizlar kibi yuzlari qizillik,
Har kunda tilab necha bihillik.

Deb:— Boqma yuzum qizorg‘anig‘a,
Ming ziynat ila ochilg‘onig‘a-

Kim, bo‘i vafo gulumda yo‘qtur,
So‘lmoqlig‘ima mahal yovuqtur.

Ja’far guli debki: — Hushmand o‘l,
Gullar isin isla, bahramand o‘l.

Qo‘yma oyog‘ingni behayovor,
Solg‘il nazaring, adab bilan bor.

Bizni bu chamanda solma ko‘zdin,
Injilma bu za’faroniy yuzdin.

Bellarda bo‘g‘un solib hinolar,
Tiyg‘ o‘rnida bargdin navolar.

Jallod kibi boqib haroson,
Bir nechalarin bosib qizil qon,

Deb kirgan ulusga:— Boxabar bo‘l,
Behuda gulumga sunmag‘il qo‘l...

YO rab, bu makoni xuld tazyin,
Firuz mahallu jannat oyin,

Fayzu karaming hamisha yor et,
Kim ayni inoyating nisor et.

Ahliga ham, ey karimi dovar,
Niyatni nako‘sin et muyassar.

Ko‘ngullarin ayla bu makondek,
Himmatlarin ayla osmondek.

Ahliga bu yer muhabbatin sol,
Ilm ahliga bori shafqatin sol.

Ko‘ngullarin et bu yerga pobast,
Zavqi bu makondin ayla sarmast.

G‘arbi bu makonni obshore,
Jannat suvi, yo‘qki jo‘ybore.

Jannat ichidin oqar arig‘dek,
Yo‘q, kavsardin chiqar arig‘dek.

Har kimsada bo‘lsa hubs zohir,
Ul suv-o‘q, etib ham oni tohir.

Oqib tunu kunda, tutmay orom,
Bahra topib onki xosu ham om.

Mavji yeturub falakka shavqun,
Zavqi keturur malakka shavqun.

Shavqun dema balki shavqi ortib,
Ham savtlig‘in nafiri tortib.

Charxi falak anda o‘la soyir,
Qo‘k charxidururkim dahra doyir.

O‘q javfida o‘yla qutri aflok,
O‘rgulmoq ishida chustu cholok.

Taxta anga kahkashonmu bo‘lg‘ay,
Yo kohkashon nishonmu bo‘lg‘ay.

Har ko‘zalari sitora yanglig‘,
Suv sochmog‘i abri pora yanglig‘.

Ul charxi falakni jo‘ybori,
Yerdin yuqoridur ikki qori.

Masjid tubi birla joriy bo‘lg‘ay,
Tolor ila gul nisori bo‘lg‘ay.

Hojat anga suvdin o‘lmagan chog‘,
Aylonib oqarda davrai bog‘,

Go‘yoki ziloli zindagoniy,
Hayvon suvidin berib nishoni.

Boqg‘an kishini safosi ortib,
Ko‘ngul uyini jilosi ortib.

Shahsufani to‘rt jonibidin,
Jonib ne degan, bo‘lur tubidin,

Oqib bu nazokatu safoda,
Hayvon suvivor sofu soda,

Ul manzili pok havzi sori,
Kavsar arig‘imisol joriy,

Gullarga berib abirsonlig‘,
Gullar tubidin etib ravonlig‘,

Yuz nav’ safoda suvi oqib,
Farhod tahayyur ilki qoqib.

Sharbat topibon suv istaganlar,
Shirin arig‘i yo‘q ersa, kavsar,

Jayhun kibi subhu shom joriy,
Ummon bo‘lub oni sharmsori.

Qilg‘ach birov ul arig‘da yurmoq—-
Selob yo‘linda bor o‘turmoq.

Qush o‘tsa, o‘chub hayoti oning,
Mo‘r o‘tsa, borib najoti oning.

Gullar necha yuz labida butgan,
Ko‘rgan muni o‘zgani unutgan.

La’li labi dilrabomu oyo!
Xatmu lab uza gul anga go‘yo!

Yo navxatlarni sayri chog‘i,
Tushmish ko‘zi anda bu bulog‘i.

Qilmishmu o‘zin alarga monand,
Bermishmu o‘zin alarga payvand.

Kim qilsa o‘zin naku shabihi,
Neku bila yo‘l topar qabihi.

Ul sufaki javfi gulshan erdi,
Dono eliga nishiman erdi.

G‘arbida gulu shimoli gulshan,
Sharqi-yu janubi sarvu savsan.

Mehrobi-yu necha muttakolar,
Mehrobida sohibi duolar.

Ul sufa shimoli bor gulzor,
Bulbullar o‘qub xud anda gulyor.

Bir necha mug‘anniyi navosoz,
Bulbulga qilurga o‘zni damsoz.

Ul sufada rost sozi ushshoq,
Marg‘ulasi mushkbezi ofoq.

Ul gulshani tozaning shimoli —
Bir hujrai chordar xayole;

Ochg‘anda eshikni, to‘rt jonib
Gul birla anor qo‘zg‘olonib.

Har yon chu nazarni sen ocharsen,
Gul ko‘rgaysenu, gul socharsen.

Xush manzil erur, havosi marg‘ub,
Bulbullarining navosi marg‘ub.

Xush hujrai dilkusho, farahbaxsh,
Havz o‘rtasida judo farahbaxsh.

G‘arbida ziloli zindagoniy,
Telmurturub o‘ziga samoni.

Ya’ni havzi safoda kavsar,
Bo‘lmasmu bihisht aroda kavsar.

Ul manzili poki jannat osor,
Kavsar kibi havzini desang bor.

Har sahnida sufai ajibe,
Ashjor ila sufalarda zebe.

Bir sahnida g‘ulg‘uli samovor,
Asrorini aylab elga izhor...

Ammo ne deyin gujum sifotin,
Ne deb qilayin xud oni otin.

Bir-biriga bargi oncha payvast,
yo‘l topmayin otsalar anga shast.

Soya samaridin el tanumand,
Shahr istamay, oni deb Samarqand.

Zohid kishilar amomasidek,
Shahr ahlini zeb jomasidek,

Usmoqda chunon solib taku po‘,
Utmay biri-biridin sari mo‘.

Bevosita qiblasin olib havz,
Soyasi arosida qolib havz.

Ostidin arig‘ magar samoviy,
Ul charxi falak suvini novi.

Vah-vah, ne dedim, ne qildim avsof,
Astag‘firulillah, o‘lmasun lof.

YO rab, karaming nisor ayla,
Lutfungni hamisha yor-ayla,

Lofimni o‘zung maof qilg‘il,
Mir’oti ko‘ngulni sof qilg‘il...

Ochildii zori benavoni,
Nafs ilkida mubtalo gadoni,

Olamni havodisig‘a qolgan,
Nafsi badidin balog‘a qolgan,

El ta’nu malomatiga botgan,
Sharmandalig‘ uyi ichra yotgan,

Ya’ni laqab ichra Miriy oti,
Bu she’r ila aylamay uyoti,

Ko‘p yovau harza so‘zni tortib,
Ul harzada safhani qarortib,

Ne ramzu ishoratu ne tamsil,
Bilmay ne dalilu qaysi ta’vil,

Kim nazmni xud shiori aylab,
Bu hol ila turfa kore aylab,

Men kimmenu muncha behayoliq,
Ma’ni guharig‘a oshnoliq!

Naylay, netayin bu o‘lsa taqdir,
Yo‘qsa manga qayda muncha taqdir!

Bu xost chu sendin o‘lsa bori,
Bo‘lg‘aymu bu qulni ixtiyori!

YO rab, karaming panohim etg‘il,
Lutfungni xud uzrxohim etg‘il.

Fayzing bu makon sari fuzun qil,
Lutfungni tanobini uzun qil.

Ahliga ham ayla shavqin afzun,
Aqvomini ayla zavqin afzun.

Utgan kishilarki pok edilar,
Xo‘bluq bila zavqnok edilar.

Bo‘lganlarimizni qil alardak,
Ko‘nglimizi ravshan et sahardak.

O‘tganlarimizga nuri iymon,
Bo‘lganlarimizga xayru ehson.

O‘tganlarimizni ayla masrur,
Bo‘lganlara ber sururdin nur.

Soqiy, to‘la ayla sog‘ari gul,
Gul yuz uza tashla zulfi sunbul.

Guldek ochilib, piyola tutg‘il,
Kulku qila, yo‘q, uyola tutg‘il.

Gul mavsumi mast ayla bizni,
Gul yonida past ayla bizni.

«Gulnoma»ga istasang chu tarix,
Tut hushu xirad, eshit bu posix.

Kim, ushbu nigorxonai Chin,
Gulzoru guli bihisht oyin.

Bo‘lg‘ach, bu nido yetushti nogah,
Tarixiga bo‘yla qildi ogah:

Gul chehrasi-yu ayog‘ yuzdin,
Ya’ni uchni unut o‘tuzdin.

Olding gulu yuzdin ul nishoni,
Tarix: bihishti gulsitoni.

Tammat, tamom yoft va ba ixtitom anjomid «Gulnoma»i Ochildii xoksori bemiqdor.

Eshitmoqlig‘ uchun afsonadur bu,
Demang Miriyni siz:—Devonadur bu!

Na gul qolg‘ay jahonda, ne guliston,
Havo qilgan qushumga donadur bu!


CHOYNOMA

Ablahi nonu oshu choy talab,
Kona fi kulli bob man yarg‘ab.

Odamiylig‘ ishida beidrok,
Bedilu betamizu bas bebok.

Ayamay andin ezidi dono,
Barcha behushlig‘ anga paydo.

Mashrabi betakalluf andog‘ keng,
Mazhabi yo‘q bag‘ayri «engu iching».

Bo‘yi hushdin dumog‘i bas bebarg,
Na tiriklik g‘ami tushub, ne marg.

Uyini kunjini olib qaro mol,
Bavlu sargin yonida molo-mol.

Mol tappisidin dumog‘ ochg‘an,
Mushk isidinmu chorbog‘ ochg‘an.

Mushk isi gar yetib dumog‘ig‘a,
Nafasi pur kelib tamog‘ig‘a,

Deb: Ne badbo‘y badmashom erdi,
Yelg‘a zavqi farog‘atim berdi.

To qazonini boshi uzra tezak,
Bal tezakdin maishiga gazak.

O‘zi dehqon, odam avlodi,
Bulbashar naslidin, g‘am avlodi.

Turfa ozoda fikri uqbodin,
G‘ami dunyolig‘ erdi dunyodin.

Charx anosi topmay hamsangi,
Aylamish otini Shukur gangi.

G‘ami dunyoda onchunon edi to‘q,
Fikri uqbosi zarra ko‘nglida yo‘q.

Yemak-ichmakka erdi bas mashg‘ul,
yo‘q edi xotirida juz ma’kul.

Dahrdin sohib farog‘ erdi,
Bu farog‘atda xush dumog‘ erdi.

Betamiz erdi-yu tamiz talosh,
Beshuur erdi-yu, shuurshunos.

Tab’i hayvonda o‘zni odam deb,
Odamiy aro musallam deb.

Tutubon o‘zni sohibi fitrat,
Choy ichar erdi har kun uch navbat.

Ichib uch choynakni subh dami,
Peshinu shom ham bu erdi g‘ami.

Bedumog‘u dumog‘dor erdi,
Suhbat ichra ayog‘dor erdi.

Choyidin bir piyola ichsa birav,
Notavon jismg‘a yetardi alav.

Yana bir choynakni olib damlab,
Yakka yerda maxavlara o‘xshab,

Ichibon yalg‘uzin o‘lum holat,
Nafsi badga baloi jon rohat.

Mingbozorni sorig‘a guzarim
Bir kuni erdi, bo‘ldi hamsafarim.

Ko‘tarib tumshug‘ini bod burut,
O‘qumay bir yo‘li duoi qunut.

Savlati besaloti savlatlik,
Davlati beuyoti davlatlik.

Ikkimiz hamsafar bo‘lub hamroh,
Nash’ai choydin dedi nogoh.

Dedi:— Ey choydin ayog‘ingda,
Nash’ai kayfiyat dumog‘ingda.

Qulquli choydin ravon hushing,
Choyjo‘shungda zavq ila jo‘shing.

Qadr ahlini ahli qadr bilur,
Deyin ollingda nukta men qurg‘ur.

Xaltai choydin kecha choyim
Kelmadi, sof bo‘ldi parvoyim.

Erta bozor erur, dedim, g‘am emas,
Dam choyim gar o‘lmadi, dam emas.

Dami subh urmay oftob qadam,
Men uray ilgari quyoshdin dam.

«Hay» degancha qachan quyub fursat,
Choy bozoriga solay diqqat.

Xalq to jam’ bo‘lganicha ichib,
Qim dumog‘imga zavqu kom berib.

Sudu savdoga so‘ngra aylab jazm,
Nima darkor erur aningsari azm.

Yotdim ul kecha bu tamannoda,
Xom savdoda, fikri yag‘moda.

Nash’ai choydin dumog‘im tang,
Choyg‘a yetdim, nechaki qildi garang.

Nash’aning pechtobidin yuz ranj,
Notavon jismim o‘ldi mehnatsanj.

Boshim og‘rib, ketib ko‘zumdin nur,
Esim og‘ib, tanim bo‘lub ranjur.

Tongg‘a tetru ishym fig‘on etmak,
Nola birla zamon-zamon ketmak.

— Eyki sen, choy uchun maoshing bor,
Choydin zavqu intioshing bor.

Meni ham fikratimg‘a yetdi vuquf,
Choyxo‘rlikda bo‘lmisham mavsuf.

Choyxo‘r joddasida topdim joy,
Joyi amniyatim bo‘lubtur choy.

Chorai aysh choy o‘lmish bas,
Zarra yo‘q nonu osh sari havas.

Kechani yelga berdim uyqudek,
Uyqu ko‘zdin yiroq ko‘zgudek.

Bu sifat kecha tongg‘a yetkurdim,
Choy shavqi bila qadam urdim.

Tolpina-tirmana yugurdum zor,
Joni bezor birla Mingbozor.

Za’fi tan sustlikda mahkamroq,
Choy barqi tanimda yildamroq.

Choy maxmuri, nash’a ranjuri,
Notavon jonima tushub zo‘ri.

Yumub ochg‘uncha ko‘zni yetkurdum,
Dami Isoga o‘zni yetkurdum.

Choy dam ayladim dami Iso,
Tani bejonim etti-o‘q ihyo.

Bir-iki to‘ldurub qadah ichtim,
Go‘iyo sharbati farah ichtim.

Ulub erdim, magarki topdim jon,
Zulmati tanga yetkurub iymon.

Kufri xummorni kesib boshin,
Mast maydonida to‘kub yoshin.

Qoni dushman to‘kub surohiydek,
G‘am boshini uzub mubohiydek.

Mast bo‘ldumki, yangi jon toptim,
Toza jonu zavqi komron toptim.

Bildim emdiki, choyxo‘r ekanim,
Ichmasam oni, nosabur ekanim.

Choysiz yo‘q magar najot manga,
Bu erur moyai hayot manga.

Dedim:— Ey no‘shi joning o‘lsun choy,
Choysizdin o‘lub alam farsoy.

Necha yildurki, choy o‘lub xo‘ying,
Tar dumog‘ aylading labi jo‘ying.

Qurug‘ og‘zing qo‘rug‘ misol bo‘lub,
Qurug‘ og‘zingda bu maqol bo‘lub.

Burut og‘zingda sho‘razor kibi,
Ochuq og‘zing buzug‘ mazor kibi.

Qaysi go‘r, o‘yla yumrulan g‘ore,
Tiling ul g‘or arosida more.

Mor yo‘q, moru mo‘r ma’vosi,
Qaysi ma’vo, ulus tamoshosi.

Bul’ajab bu og‘izga nash’ai may,
Nash’ai may topib labing, hay-hay.

Bu og‘iz qandni qilur namakob,
No‘shdoru labingdadur zardob.

Nishi aqrab taningga qilmas asar,
Hayya zahrig‘a qayda senda xabar.

Ne alamdin sanga malolatdur,
Ne farog‘atda istitoatdur.

Molsen, qaysi molsen, qara mol,
Xo‘rdu xobing hamisha sholi faxol.

Ichmog‘ung suv topilmasa ko‘lmak,
Magar ul dam kelib yaqin o‘lmak.

Choyxo‘rlikni qilma da’vosin,
Choyxo‘rni chiqarma rasvosin.

Choy uch harfdurki, chimu alif,
Oxir ismini yo tutub munsif.

Jimidur jomei havosi xams,
Uch adaddin topib asosi xams.

Moddai jam’i ahli hush erur,
Hush eliga dami xuro‘sh erur.

Alifi xaymai arabga sutun,
Sarv qad qomati kibi mavzun.

Ulfat asbobini tutib boshi,
Uq kibi yo qo‘lida yonboshi.

Aylamakda g‘azoli ma’ni sayd,
Uqu yo choy ichida bo‘lmish qayd.

Yami rohatni «yo» erur arig‘i,
«YO» erur bahri zavqning balig‘i.

Balig‘ ar yo‘q, alif ne deb manzil
Tutti ul chashma ichra, filhosil.

Surati ichra alif balig‘ yanglig‘,
Mayu yam qalb aro arig‘ yanglig‘.

Xoh may, xoh yam ba har taqdir,
Tashna komig‘a ko‘p etar ta’sir.

Senki bu kayfiyatda bebo‘sen,
Bu tabiat bila qilib xo‘sen,

Choy kayfiyatin qachan bilgung,
Ko‘rsang af’i, ani rasan bilgung.

Topmish ozor agar tani loshing,
Nash’ai choydin emas boshing.

Balki dardi shaqiqadin bu balo,
Boshi bemag‘zinga bo‘lub paydo.

Ul kasaldin taning bo‘lub ranjur,
Bilmay oni, o‘zung yasab maxmur.

Meni choy nash’asi, deb, etti garang,
Laku fak so‘zlar ila sen kalfang,

Lofi bema’ni birla aylab jo‘sh,
Turfa afsonalarda jo‘shu xuro‘sh.

Ko‘zi o‘ynab, ochildi og‘zi keng,
Og‘zidin ochti hikmatidek yeng.

Dedi:— Men choy icharga donomen,
Nash’ai choyga tavonomen.

Olti oydurki, odat aylabmen,
Shurb soat-basoat aylabmen.

Meni ham o‘zgacha dumog‘im bor,
Pok ravg‘an, qaro charog‘im bor.

Mol tappisidin to‘la bir uy,
Yoqaman mehmonlara beo‘y.

Choyjo‘sh o‘tni bir yaqosida,
Laqu luq nuktalar arosida.

Qaynagach choy, qaynab og‘zim ham,
Baq-baqu savtidin to‘lub olam.

Choyning nash’asi bu ermasmu?
Nash’ai choy gangi bilmasmu?

Dedim: —Ore, bale tamizingga,
Ofarin, bu tamizi tezingga.

Na’shai choydin topibsen zavq,
Choy ma’nisidin olibsen zavq.

Ahli taqlidga qachan tahqiq,
Jilva ko‘rsatti chehrai tavfiq.

Bo‘lma taqlid eli bila hamroz,
Yel kuni zoe’ aylama ovoz.

Bir shag‘ole bor erdi purnayrang,
Rangi nayrang ila falak farhang.

Makr bobida erdi bemonand,
Hiyla bobida shaytanat farza-nd.

Kunduzi sayr etib biyobonda,
Kecha bo‘lsa kelurdi qo‘rg‘onda.

El ko‘zi bo‘lsa uyquga moil,
Sayr aylardi ko‘-bako‘ soil.

Kimnikim osh o‘lub qazonida,
Yoshurun uxlagan zamonida,

Topib ul osh, no‘shi joni edi,
No‘shi jon oshi, balki noni edi.

O‘tkarurdi bu nav’ muddatlar,
Xalq bo‘lmish edi base muztar.

El qilib hiyla, qo‘lg‘a tushmadi hech,
Kimsa birla birar to‘qushmadi hech.

Yana bir kecha keldi g‘oratga,
To‘‘ma istab g‘izoi quvvatga.

Ko‘rdi bir kulbai eshik mahkam,
Bir teshik topti, urdi uyga qadam.

Ko‘kchixona edi ko‘mulgan xum,
Nilufar rangi birla to‘lgan xum.

Dedi:— Bu xum bori taom erur,
Baxtu tole’ manga g‘ulom erur.

Toptim o‘xshar taomi besohib,
Dedi-yu, urdi to‘‘maga rog‘ib.

Nili xum bas amiyq edi behad,
Chiqmoq andin jadal bila ne had.

G‘o‘ta urmoq bila bo‘lub behush,
O‘zini qildi nilufar manqush.

Qildi rangini nilufarga badal,
Chiqti, hosilki, behad etti jadal.

Dasht soriga nilufar malbus
Bo‘lubon, bo‘ldi xayliga mahsus.

Ori-ori, guruhi dashtiy aro
Bo‘lmagan bo‘yla jonvare paydo.

Ko‘rdilar nilufar libosin ani,
Karkidonlar tutub harosin ani.

Oldi xayli shag‘ollarni yig‘ib,
Qildi ogoh, jumlasin chaqirib.

Dedi: «Haq manga berdi sultonliq,
Hukmronliq bila Sulaymonliq.

Fil bo‘lsun va garna sheri damon,
Ayladi barchaga meni sulton.

Lek pinhon qiling shag‘ollig‘im,
Bilmasun sher bemajollig‘im.

Azm eting sher sori bo sur’at,
Shakli a’jubada qaviy haybat:

Turfa tunde, ajab qaviy bozu,
Da’vii shohlik qilib yak so‘.

Oldi farmonga tuyuru vuhush,
Sizni istab, xuro‘shu aylar jo‘sh:

Yoki hukmumga bosh indurmas?!
Sher kimdur, yonimda to‘dai xas!

Ra’di savtimdin aylagay parhiz
G‘ayratim barqga urar mahmiz!

Ne uchun kelmagay salomimga,
Qo‘l qovushturmagay kalomimga.

Haybatimdin qiling hikoyatlar,
Savlatimdin soling siyosatlar.

Qelsa, kelturmangiz maqomimga,
Bal yiroqroqdin ehtiromimga.

Bosh qo‘yub xizmatimga, bo‘lsun qul,
Meni bilsun ato, o‘zini o‘g‘ul,—

Deb yuborgach shag‘oldin payg‘om,
Sher eshitgach, yuqusin etti harom.

Dedi:— Yo rab, bu qaysi hayvondur?
Hukmronlig‘da qaysi sultondur?

Qodiru nosir ul erur, ori,
Uldur albatta, xoliqal bori.

Pashshani filzo‘r qilsa, ne kam,
Sherni sho‘r agar qilur, ne sitam...


KAKI KUHZOD
(Firdavsiy «Shohnoma»sining tarjimasidan parcha)

Navoiyni ruhidin o‘lsa madad,
Yana qilmasa lutf Firdavsiy rad„

Solay kishvari qissag‘a rustaxez,
Qalam nayzasi birla so‘zg‘a sitez»

Hikoyat mayidin qilay elni mast,
Qilay bazm elin o‘ylakim maylarast:

Karam qilsa Firdavsiy «Shohnoma»sin,
Ki tuttursa shafqat bila xomasin.

Chu Firdavs bog‘iga solsam xuro‘sh,
Ki Firdavsiydin olsa komim ulush.

Bu maydonni azmig‘a aylab sutuh,
Qalam nayzasi birla Rustam shukuh,.

Bukim nazm razmin tutub bedarak,
Zabun aylayin so‘zni andoqki Kak.

Falak zoli topsa ishimdan xabaru
Degay:— Ofarin!— o‘ylakim Zoli zar.

Bu tarix uchun kimsakim chekti jon,.
Ki gulzori ma’nig‘adur bog‘bon.

Bu yanglig‘da bo‘lmish tarannumsaroyr
Ki Firdavsiy ruhig‘a firdavs joy.

Vatan Zolg‘a Zobiliston edi,
Atodin ato shohi doston edi.

Yaqin anga uch kunchilik bu’di roh
Ulug‘ tog‘ edi, bas biyik borgoh.

Ulug‘ dasht ul tog‘ni yonida,
Bisoti falak vus’ati sonida.

Ki afg‘onu lochinu xayli buluj,
Vatan tutmish erdi qo‘yub anda ko‘ch.

Na bir tog‘ erdi falak irtifo’,
Yetib ko‘kg‘a boshi malak istimo’.

Yetib kunguri charxi miynog‘acha,
Kamand ushlatib saqfi bolog‘acha.

Biyiklikda pasti bo‘lub osmon,
Anga yo‘l yasab osmon kahkashon.

Hamul tog‘ni ustida bir hasin,
Tuman xalq o‘lub anda ma’vo guzin.

Qo‘yub qal’a otini Mirbod lum,
Tutub maskan anda hama xayli shum

Ajab bandare erdi darbandi saxt,
Na bir qo‘rg‘on o‘ylakim qo‘hi laxt.

Na dushmandin erdi alarg‘a zarar,
Na lashkardin erdi alarg‘a hazar.

Anga kirgali erdi darvoza bir,
Magar mahkam etmish to‘kub anga qir,

Qush ul qal’a azmida qilmay darang,
Bulut sho‘rish etmay, qochar bosh yalang.

Bo‘lub xayli afg‘ong‘a ul hisn joy,
Bari tiyrandozu jang ozmoy.

Hisob ichra ming, barchasi rohzan,
Urushda biri mingg‘a yirtib kafan.

Tutub tog‘ bag‘rin saropardasi,
Kaki ko‘hzod anda sarkardasi.

O‘zi ko‘hzodu oti erdi Kak,
Ajab badrag erdi u (bohaybat sag).

Bo‘lub paykari filu qomat baland,
Bukim tog‘dek jismi xoro pisand.

Urush chog‘i gardung‘a tortib xuro‘sh,
Balo yolqunidek solib og‘zi jo‘sh.

Solib na’rasi sher jismig‘a tob.
Shukuhidin ajdarg‘a ming iztirob.

Uzub zo‘r etarda kamar tog‘din,
Olib hush devona yo‘q sog‘din.

Qaviy haykalu ko‘h paykor edi,
Sipahdoru purzo‘ru solor edi.

Urushda olurdi alam marddin,
Ki gurzida Alburz etib garddin...

O‘tub umri bunyodi bedod etib,
Hama umri bedod bunyod etib.

Narimong‘a andin yetib go‘shmol,
Qutulmay ani razmidin Somu Zol.

Tushub biymi Garshasp jonig‘a ham,
Bo‘lub xirasi Zoli zar dam-baDam.

Necha Som razmig‘a bog‘lab kamar,
Qilib zo‘ri bozusi zeru zabar.

Bo‘lub Somu Zol anga parxoshjo‘y,
Na bir razmidin bo‘ldilar komjo‘y.

Madoro tilab, tutti bil’axir
Tariyqi itoat, tutub noguzir.

Berurga anga yilda o‘n jirm gov,
Muqarrar zaru siym uchun bojn sov,

Olur erdi Kak har yili Zoldin,
Yana hadyalar Zoli ko‘poldin.

Bu ma’nidakim, Zobilistong‘a yo‘l
Ochilg‘ay farog‘atda korvong‘a yo‘l.

Tijorat elin tor-mor etmagay,
Safar ahlig‘a yo‘lni tor etmagay.

Tilab xalq osoyishin Zoli zor,
Zar ul shum uchun aylamish ixtiyor.

Bu g‘am Zoli zarni qilib notavon,
Qarong‘u edi ko‘zga Zobilsiton.

Xiradmand uldur baliyat chog‘i,
Durust etsa ish farru himmat chog‘i.

Chu dushman qaviy bo‘lsa, tadbiri xo‘b,
Ki tadbir asar ishni ta’siri xo‘b.

Sharar ozdurur, suv bila barham et,
Ulug‘ bo‘lsa, tufrog‘ sepib, o‘t kam et,

Ul erdiki, Zoli zari kiynakor
Zabun etti zar birla ul nobakor.

Chu a’do qaviydur madoro kerak,
Bale, do‘stu dushman muvoso kerak.

Tahamtanki, Zol angga erdi ato,
Qelib zo‘ri bozu atodin ato.

O‘go‘rub Zol Rustamg‘a bu kitfu yol,
Xulistonig‘a istar erdi kamol.

Ko‘z ichra tutub go‘iyo mardumak,
Hadis etmay ollig‘a ko‘hzodi Kak.

Tushub biym Kakdin zamiridi ajo‘sh,
Dedi xayliga Zol tortib xuro‘sh:

Bu farzandkim, bas erur arjumand,
Javonmardu hushyori donish pisand.

Shijoatda, quvvatda hamtosi yo‘q,
Ko‘dakdur, aduvg‘a madorosi yo‘q.

Topib mavsumi umri o‘n ikki yosh,
Qilur gard achchig‘lanib tutsa tosh.

Qaviy haykal, ammo kichik yoshi bor,
Necha pahlavonlig‘da kengoshi bor.

Ani ko‘nglida sherdin yo‘q sitam,
Qachan pildin xotiri ichra g‘am.

G‘ururi yigitlikni g‘avg‘osi ko‘p,
Hamiyatda mayli taqozosi ko‘p.

Mabodoki ko‘hzod ishidin xabar,
Qulog‘iga ul pahlavonni yetar.

Kichik yoshida qilsa razmi irik,
Ulub ul, bukim qolmagaymen tirik.

Balo tiyrig‘a o‘zni aylab hadaf,
Zamoni tarab bermasun bartaraf.

Karam tangridin bo‘lsa, bir-ikki yil
O‘tub, topsa quvvat, topib zo‘ri fil.

Umidim budurki, tuman ko‘hzod
Hayotiga andin qilur xayrbod.

Ani qullig‘ini tilab shum Kak,
Misoli ul itdurki, tishlar kesak.

Bukim holiyo tifldur narra sher,
Bo‘lung voqif andin sag‘iru kabir,—

Debon qildi ta’yin iki pahlavon,
Javon hushu pahlo‘ qaviy navjavon.

Tunu kun rafiq etti Rustam bila,
Tahamtan hamul ikki hamdam bila.

Nasab birla Rustamg‘a erdi yaqin,
Hasab ichra ondoqki, sohib nigin.

Birig‘a laqab erdi Kashvodshoh,
Yana biri Milodi zarrin kuloh.

Xiradmand edi ikki donish pajuh,
Alardin falak sheri topmish shukuh.

Ul ikkisig‘a Zol aytib:— Zinhor
Ki Kak ishlarin aylamang oshkor.

Ani oldig‘a Kakdin aytmang payom,
Mabodo menga qo‘ymangiz nangu nom.

Demang Rustam ollig‘a Kakdin hadis,
Darak qilmang ul bedarakdin hadis.

Eshitgach mabodo, solib ko‘ngli sho‘r,
Yigitlik dumog‘ig‘a aylab g‘urur,

Yana qilmagay azm maydonig‘a,
Sitamdur manga, zulm ani jonig‘a.

Chaqirtib mahallotu bozor ham,
Bu sirdin qilib elni hushyor ham.

Bukim, qilmasun hech kishi Kakni yod,
Bashar yo pari deb Kaki ko‘hzod.

So‘zidin birov gar qilsa oshkor,
Talov molu jonin qilur toru mor.

Ki chun topti bu nav’ farmoni Zol,
El og‘zida yo‘q bo‘ldi andin maqol.

Ayog‘chi, yigitlik sharobini tut,
G‘ururi yigitlikda bir dam ovut

Havas jomi xushdur yigitlik chog‘i,
Zamoni xo‘rishdir yigitlik chog‘i.

Rustamning bozor soyrig‘a azimat qilganda, ikki rahnavarddin Kaki ko‘hzod hikoyatin eshitgani va uning ahvolidin xabar so‘rgani va Qashvod ilan Milod chora topmay andin so‘z qilgani

Bu tarixg‘a ulkim Rustam shukuh,
Ki «Shohnoma» roqim, Tahamtan pajuh.

Bu yanglig‘ tuzar so‘zni maydanini,
Ki firdavs qilsun shabistonini.

Tutub rasmi mardonalig‘ filtan,
Kichik yosh, ulug‘ himmati filfan.

Amude olib ilkiga govsar,
Kamone tutub, novaki jonguzar.

Qilich belda, fil boshini teng yorib,
O‘qidin falak fili bosh qaytorib.

Ani razmidin karkidon notavon,
Bo‘lub sher maydonidin nimjon.

Kuloh boshida Somdin yodgor,
Sipah Zoli andin bo‘lub nomdor.

Bu hashmat aro Rustami dorugir,
Magar chiqti bozor aro ul daler.

Ulus ko‘rgach. ul naxli zebosini,
Kichik yoshda bozui bolosini,

Shukuhi solib yerni bag‘rig‘a chok,
Labi sog‘aridin bo‘lub mast tok.

Tushub duxtari razg‘a kayfiyati,
Labin o‘pmakig‘a tilab niyati.

Qadi sarv, bozusi ammo qaviy,
Falak pahlavonin qilur multaviy.

Tani tog‘, tog‘ uzra tog‘ bosh anga,
Agar tutsa tufrog‘ o‘lub tosh anga.

Boqib xalq bir-birga hayrat qarin,
Der erdi:— Bu qaddingg‘a ming ofarin!

Bu asnoda ikki piyoda magar,
Tahamtan bila bo‘l»dilar hamsafar.

Xabarsiz magar Zol e’lomidin,
So‘z aytmish magar Kakni payg‘omidin.

Ko‘rub bo‘yla bozui payvastini,
Shukuhi qaviy, qomatu bastini,

Duosida tilni sanoxon etib,
Tamosho hamul sun’i yazdon etib.

Debon:— Ofarin, qaddu basting uchun,
Amudi garonu zo‘r dasting uchun.

Musallam yigitlik kamolingga ham,
Safobaxsh fayzi jamolingga ham.

Qachan to‘rt ano topti sendek o‘g‘ul,
Ki yetti atodur eshikingda qul.

Bu suratda bermas jahon zoli yod,
Desang, yo‘q ajabkim, Kaki ko‘hzod.

Shijoatda, suratdadur anga teng,
Yigitlikda ortuq emas, teng deng.

Shijoatda teng garchi qo‘hzodg‘a,
Emas teng(u) bu sarvi ozodg‘a.

Agarchi tanumandu purzo‘r erur,
U bir shumi badrag, bu bir hur erur.

Bu yanglig‘ jahon zolidin Zoli zar
Farog‘atg‘a yetmish olib bahru bar.

Chu Rustam alardin topib bu suro‘sh,
Dumog‘i topib jo‘shu tortib xuro‘sh.

Urub shu’lai g‘ayrati tundu tez,
Ul ikki piyodag‘a aylab sitez:

— Ne so‘zdur, bu kimdur Kaki ko‘hzod?!
Basharmu, malakdinmu ul devzod?

Nachuk pil paykar, tanumand erur?!
Ne payvand ila manga monand erur?!

Ki hamto menga Somu Zol aytmayin,
Narimon kibi qiylu qol aytmayin.

Chu Garshaspu Utrutg‘a qilmay misol,
Nedin Kak bila berdingiz go‘shmol?!

Demay hamsarim sheri nar yo palang,
Va yo ajdare, yo dilovar nahang?

Vatan anga suvdurmu yo tog‘dur,
Bilolmonki, qaysi qurumsog‘dur.

Uyolmay deyursiz meni Kak kibi,
Qachan gurz erur elg‘a kaltak kibi?G‘

Agar tog‘ erur yo‘qsa tufrog‘din,
Nedur asli, barham beray bog‘din!'

Nechuk zot erur ul Kaki ko‘hzod,
Mening birla aylarsiz ul telba yodR

Meni tengu tushim emas har xasis,
Malak birla xushdur Masiho anis!

Iki rahvar anglab Tahamtan so‘zin,
Javonmard Rustamg‘a bog‘lab ko‘zin.

Uchub rang ruxsoridin, chekti g‘am,
Qurub og‘zi-yu, halqidin ketti nam.

Pushaymon bo‘lub ul iki rahnavard,
Bo‘lub muztarib, og‘zida ohi sard.

Na fikri takallum, na hushu javob,
Tushub uzv-uzvig‘a ming iztirob.

Tahayyurda qolg‘ach, bo‘lub gungu lol,
Alarni ko‘rub bu sifat puri Zol,

Karam ilkini asru aylab ayon,
Alarg‘a zar etti karam ul zamon.

Chu Rustam ovutg‘ach zaru siymdin,
Qutulmish ul ikki qatig‘ biymdin..

Dedi pahlavon:— Rost deng har nima,
Yori gurgdin forig‘ o‘lsun rama.

Dedilarkim:—Ey pahlavon nomvar,
Ravoningga haq lutfi bersun zafar.

Bu asnoda bor bir ajab ko‘hna gurg,
Ajab ko‘hna gurge, ishidur suturg.

Ajab badrage, badnihodedur ul,
Laqab Qak, magar ko‘hzodedur ul.

Nahangedurur sho‘ri daryo sitez,
Nahang novakidin topolmas gurez.

Najod anga afg‘onu navkar buluj,
Sipah yonida barcha lashkar buluj.

Qurub yo‘lni ustig‘a xirgohlar,
Haros ichra andin gado, shohlar.

Bo‘lub o‘g‘rilig‘ fikri ul xayli shum,
Hazar qilg‘ay andin bari marzu bum.

QISSAI SALIM JAVHARIY
(Dostondan parcha)

Bu doston javhari Salim Javhariyning axborotidan Hajjojga izhori bobida

Kim emdi aylayin bir qissa og‘oz,
Salimi Javhariydin nuktapardoz.
Kim ul Hajjoji zulm ichra yagona,
Tilar erdiki, bir yaxshi fasona.
Topib Fattoh olib borgach Salimni,
Fasohat bobida yo‘q-yo‘q kalimni.
Buyurdi shah so‘zung og‘oz ayla,
Fasonangg‘a meni damsoz ayla.
Duo aylab Salimi nukta oshub,
Yeturdi shohlig‘ rasmida uslub.
Dedi, ey shahriyori rub’i maskun,
Mutei xidmating bo‘lsun Faridun.
Eshit bu qulni ko‘rgan sarguzashtin,
Kezib olamg‘a yurgan ko‘hu dashtin,
Otamg‘a bor edi moli farovon,
Hisobu sondin ortiq gavharu kon.
Eram monand bog‘u bo‘stonlar,
Bihishtoso taajjub gulsitonlar.
Qamar zarrin eshikda qul tuman ming,
Qanizaklar necha siminbadan ming.
Zaru sim onchakim imkondin ortiq,
Duru la’l ul sifatkim kondin ortiq.
Shiori bazl o‘lub, andeshasi jud,
Gadolar xoni lutfidin topib sud.
Yalangg‘och to‘n topib, ochlar navo ham,
Ani asrida erdi benavo kam.
Jahon ehsonidin andog‘ bo‘lub shod,
Bo‘lubon mulki Vosit zavqobod.
Akobirlarga posi hurmat andin,
Lozimlarga shavqi shafqat andin.
Demishlar oni Abdulloi tojir,
Javohirg‘a fuzunroq erdi mohir.
Qo‘yub el oni ismin Javhariy ot,
Yetub zotig‘a javhardin mubohot.
Bo‘lubon moyasi durru guhardin,
Badaxshong‘a borib, gah Qoshg‘ardin.
Degil har vajh dunyolig‘da xursand,
Vale bog‘ida butmay naxli farzand.
Beribon simu zar darveshlarga,
O‘g‘ul umedida dilreshlarg‘a.
Hadaf topgach banogoh tiri ummed,
Hamono topg‘on o‘lsa umri jovid.
Yig‘ibon majmue jam’i kasire,
Tuzub jashne yig‘ib barnoyu piri.
Berib Vositg‘a ziynat bog‘lab oyin,
Xo‘tan bedil bo‘lub, sharmandasi Chin.
Menga ham tangri aylab lutf yovar,
Chu bo‘ldum lutfi haqdin yetti yoshar.
Muallimg‘a berib qildi xitobe,
Yaraydur aylasa ilm iktisobi.
O‘qub har ilmdin topdim kamohi,
O‘lumi fikhu tibdin intibohi.
Bo‘lub oz chog‘da har fan ichra mohir,
Akobir rasmig‘a ko‘z tikdim oxir.-
Muborizlig‘da, tirandozlig‘da,
Ham andog‘ nardu shatranjbozlig‘da.
Faridi vaqt bo‘ldum har fan ichra,
Qilurdim ko‘p o‘yunlar javshan ichra,
Uqumdin karkadon bosh tortar erdi,
Qilichim sher bag‘rin yirtar erdi.
Ot ustida o‘yunlar aylar erdim,
Masof ichra bahodir saylar erdim.
Kishi razmim uchun mayl aylay olmay,
Urub saflar buzar erdim payopay.
Menga bo‘lmay birov bu ishda hamto,
Masofimdin qochardi har tavono.
Yoshim o‘n yettiga yetkurdi ziynat,
Topib o‘n to‘rtkunlik moh tal’at.
Karimi ixtilotimg‘a berib zayn.
Falak xurshedi yanglig‘ qurratulayn.
Nikoh aylab kiyurdi xilvatimg‘a,
Kavokib ko‘z tikardi ishratimg‘a.
Otam rohatda, men ishratda mashg‘ul,
Nekim amr aylabon men anga ma’mul,
Otamg‘a yetti chun azmi zaruriy,
Yetushti za’fi tan, ketti shuuri.
Tanini notavonlig‘ zo‘r qildi,
Tushub bemorlig‘ ranjur qildi.
Qulog‘ig‘a yetushti ko‘si rehlat,
Menga aylar edi necha vasiyat,
Ki ey umrumni bog‘ini niholi,
Gulistonimni sarvi e’tidoli.
Tanim ranjurlig‘ birla so‘lubtur,
Magarkim umr savdosi bo‘lubtur.
Jahon savdosig‘a yeldim-yugurdim,
Nekim istab murodim oncha ko‘rdim.
Ulusni shodkom aylab o‘zumdin,
Yeturdim bahralar elga tuzumdin.
Ne kim taqdir etib erdi xudovand,
Ham o‘zni ayladim, ham elni xursand.
Bu qolg‘on mollar emdi seningdur,
Qaro tufrog‘ aro manzil meningdur.
Yegil, ichgil, xudovandi taborak
Bu davlatni senga qilsun muborak.
Va lekin to‘rt ishni qilg‘um izhor,
Ani berk ushlag‘il zinhor-zinhor.
Biri bu: yaxshilik kunni unutma,
Maishat moyasin isrof tutma.
Biri bu: tong-la fikrida yema g‘am,
Bu g‘amdin yetguluk rizqing bo‘lur kam.
Biri qilma kishini aybini fosh,
Bu atvoring yeturgay bag‘ringga tosh.
Biri bu: yaxshi ishdin qilma nomus,
Ani qilmoqlig‘ida bo‘lma ma’yus.
Ulug‘lar tufrog‘ini to‘tiyo qil,
Alarni suhbatini kimiyo bil.
Xususan ilm eli bo‘lsun anising,
Alardin pur ayla zavqi jalising.
Otadin chunki bu posux eshittim,
Yetushtum ko‘zlarin yoshin orittim.
Dedim: «Ey qiblagohim, uzrxohim,
So‘zingdin ko‘kka yetgay dudi ohim.
Hayotingdin gulistonimg‘adur rang,
Zamirim ko‘zgusin yuqturmag‘il zang.
Qolib sendin qachon men shod bo‘lgum,
Agar gulmen bu motam birda so‘lgum.
Boshimda soyai iqboling o‘lsun,
Rafiqim lutfi molomoling o‘lsun.
Hayotingdindurur jonimg‘a minnat,
Boshimdin bo‘lmasun zilli raofat.
Va lekin hukmi haqni chorasi yo‘q,
Ajalni jallasidin otilur o‘q.
Otam ichti ajalni jomidin may,
Samumi marg yiqitti lahza qo‘ymay.
Qilib dafn ayladim oshi azosin,
Solib ustumg‘a ham motam libosin.
Atodin harnakim qolmish zaru sim,
Borisi o‘z qo‘lumg‘a topti taslim.
G‘ururi naqdu mulku molu asbob,
Ham andoq xidmatimda xosu navvob.
Tushub hushumg‘a oshubi yigitlik,
Qilib xudroylikda nafsim itlik.
Tutub qavmi arozil birla ulfat,
Sharorat xayli birla bazmu suhbat.
Alarga sarf etib boru yo‘qumni,
Oshurub osmondin g‘ulg‘ulimni.
Falakka yetkurub oshubi mastim,
Bu mastimda bo‘lub ko‘k toqi pastim.
Bo‘lub isrofg‘a shug‘li mizojim,
Ishim lavhu tarab bermak rivojim.
Tamizim anglamay sudu zarardin,
Na tinmoq, ne tayanmoq sho‘ru shardin.
Mizojimga yetushub siflaxo‘lig‘,
Sharorat ahli ichra komjo‘lig‘.
Dimog‘im jo‘sh urub beboklig‘da,
Demak bebok, beidroklig‘da.
Bo‘lub behudalig‘da eldin ortiq,
Yamonlig‘da ayog‘im tildin ortiq.
Atodin harna qolg‘on mollarni,
Zaru simu tuman amvollarni.
Berib oz chog‘da oncha molu amlok,
Talaf qildim borini chustu cholok.
Mani bexudlig‘ aylab ul sifat mast,
Berib sarmoyani bo‘ldum tihidast.
Na qul qoldi eshigimda, na doya,
Yo‘qotdim borchasini poya-poya.
Bu bexudlig‘da bilmasdimki g‘am kim,
Sitam qaysi bo‘lur, bilmay alam kim?
Diram qaydin kelib qoyda borodur,
Maishat to‘shasi qoydin yetodur?
Yamon yo‘lg‘a qilurdim sarf chandon,
Ko‘ngulg‘a tushmas erdi judu ehson.
Bu yanglig‘ simu zar ketgach qo‘lumdin,
Qochib el qo‘rqar erdi shumlug‘imdin.
Uzub do‘stlar tanobi do‘stlig‘ni,
Muhabbat sinasidin po‘stlig‘ni.
Qo‘yub otim Salimi ko‘rtole’,
Bu ot ul mamlakatg‘a bo‘ldi shoe’.
Ko‘zum oqu qarosi mehribonlar,
Qochib mendin burun ul istagonlar.
Meni istar kishilarni men istab,
Alar yuz qaytarurdi ochmayin lab.
Salom etsam, alar qilmay javobe,
Salimi ko‘rbaxt, aylab xitobe,
Qarindoshimg‘a mendin oru nomus,
Alar topmay burun bo‘lmoqg‘a pobo‘s.
Matou moya barcha ketdi qo‘ldin,
Aningdek sirru somonim ko‘nguldin.
Dedim juftimga: «Ey kulbam charog‘i,
Anisi xilvatim ko‘ngulni bog‘i.
Chu mendin qildi sudu moya padrud,
Zaru simu nuqudim bo‘ldi nobud.
Xazoyin yemrulub ko‘nglum uyidek.
Nishotim qasri vayron bum uyidek.
Buzuldi xotirim yonglig‘ nishotim,
Qo‘lumdin ketti naqdi inbisotim.
Burung‘i shodmonlig‘ bo‘ldi barbod,
Zamoni ishratim bermas birov yod.
Hama ahbob uzdi tori shafqat,
Urub balki bag‘irda xori zillat.
Alarkim xoni lutfimdin edi shod,
Yuzumga ta’na teg‘in qildi bunyod.
Salimi sho‘rbaxt, yod aylab otim,
Xaloyiq ichra afzunroq uyotim.
Bu xijlatdin boshimni ko‘tarolman,
Ulus ruxsorig‘a tiklab boqolman.
Bu avlodurki, sen tushmay g‘amimga,
O‘zungni qo‘ymagil bu motamimga.
Otang lutfida yuz zevardadursen,
Tuman hurmat bila parvardadursen.
Dimog‘ing benavolig‘ ko‘rgan ermas,
Mizojingg‘a taab yetkurgan ermas.
Nabotu qand guftoringg‘a banda,
Shakar la’li guharboringg‘a banda.
Niholing nozu ne’mat birla butgan,
Kamoling shahdu sharbat xo‘p tutgan,
Vujuding bog‘i nuzhat bo‘stoni,
Yuzung ko‘zgusi aksi komroni.
Yuzing oyinasi zavqu safoda,
Ko‘zingning orzusi to‘tiyoda.
Maishat birla xushzavq hayoting,
Hujumi foqa ko‘rgan yo‘q sifoting.
Ki ya’ni ko‘rganing yo‘q benavolig‘,
Qadingg‘a or erur sholi gadolig‘.
Otang bazmida bo‘l sham’i shabiston,
Otangni kulbasin qil Yusufiston.
Yetushmay shumlug‘um tortg‘il o‘zungni,
Otang charxida ko‘rsat yulduzingni.
Meni qo‘y ushbu mehnat xonasida,
Bo‘lay men ushbu g‘am koshonasida.
Bu oshub ichra sen o‘rtog‘im o‘lma,
Bog‘ir dog‘iga sen hamdog‘im o‘lma.
Seni ko‘rsam bu zulmatxona ichra,
Tushar o‘t bu dili vayrona ichra.
Ko‘runmay o‘z g‘amim sendin tushar tab,
Ki quti yavmiya qilsang yo‘q istab.
Bo‘lubmen notavonlig‘da tavono,
Bu mahzunlig‘da ne bo‘lg‘aymen oyo.
Ki sen borg‘il otang uyig‘a, ey hur,
Meni deb bo‘lma muflislig‘da ranjur
Yana yondursa davlat sham’ini haq,
Qora kulbamg‘a tushsa nuri ravnaq.
Kasodi ishratimg‘a yetkurub sud,
Ketibon foqa, yetsa tarhi behbud.
Kelib manzilingni obod etarsen,
Burung‘i zavqingni bunyod etarsen,
Ki holo men bo‘lub nokomlig‘da,
Sen andoq turfa beoromlig‘da.
Ota-onang bila tut g‘amzudolig‘,
Aromizda turubtur kadxudolig‘».
Chu juftim mendin anglab bu fasona,
Qilibon zahrxand etti tarona.
Dedi: «Budurmu tamhidi muruvvat,
Bu qaysi rasm erur, qandog‘ hamiyat?
O‘zung insof qil, fikr et kaloming,
O‘zung andesha qil bu fikri xoming.
Seni tanho qo‘yub bu ibtiloda,
Men anda aysh etay, sen bu baloda.
Otam bazmida men mastonalig‘da,
Senu har sham’g‘a parvonalig‘da.
Otam birla bo‘lub men zavq xirman,
Bo‘lub sen har eshiklarda salozan.
Bo‘lub men zavq ila ishratda mashg‘ul,
Kiyib sen eski shol egningda kachko‘l.
Bale, bozui hushu himmatingdin,
Shuurim ketti mundog‘ xijlatingdin.
Vafo uslubiga budurmi oyin,
Rusumi do‘stlig‘ budurmi erkin?
Kerak mendin bu betoqatlig‘ o‘lsa,
Ne dey bir-birga shafqat ushbu bo‘lsa.
Eru xoting‘a oyin bu bo‘lurmu,
Eri bemoya bo‘lsa ayrilurmu?
Bu tavringdin hamiyat elig‘a nang,
Shuuring botil etmish sho‘‘lai bang.
Demon ojizlik ichra notavonsen,
Tanumandu qavi ham pahlavonsen.
Ayog‘ingda erur yurmoqg‘a yoro,
Aling har ishni aylarga tavono.
Yetar har ishni aylarga madoring,
Yetar har kasb qilsang iqtidoring.
Qachon ojiz erursen kasb etardin,
Kelur qilmoq qo‘lingdin har hunardin.
Birov sarmoyasi gar oz bo‘lg‘ay,
O‘tunchinliq qilib mumtoz bo‘lg‘ay.
Vagar bo‘lsa qo‘lida moya chandon,
Ochar har rastada yuz nav’ do‘kon.
Dema otim Salimi Javhariydur,
Javohir bo‘lsa sarmoyam yeridur.
Jahon qonunida turmas bir ohang,
Cholur yuz parda ichra nag‘masnn chang.
Tuzotib zeru bam sharhida ovoz.
Gahe pastu gahe bolo qilur soz.
Havodis barq yanglig‘ o‘rgulub tez,
Yurur maydoni dahr ichra sabukxez.
Xijolat mulkida ko‘b bo‘lma ma’yus,
Bu ma’yusingdin ortar senga nomus.
Bir ish shug‘lin o‘zungg‘a pesha qilg‘il,
Xijil yurmay bir ish andesha qilg‘il.
Burunroq bo‘yla kundin qilmading yod,
Saranjomingni berding yelg‘a barbod.
Pushaymondin topilmas suding oxir,
Ilik bir ishga ur behbuding oxir.
Tutub bechoralig‘ rasmida uslub,
O‘tun qil dashtdin yo bog‘la jorub.
Vayo muzdurlig‘da kasbi kor et,
Vayo hammomlig‘ni ixtiyor et.
Maishat moyasida aylagil jahd,
Jadaldin komi zavqingg‘a yetar shahd,
Xijolatdin fuzun bo‘lg‘ay zabunlig‘,
Yetar joningg‘a tarhi vojgunlig‘.
Muningdek munfaillig‘ ichra yotma,
Sazo toshi bila boshing ushotma.
Xarimi xilvat ichra men ham andoq,
Ishim bo‘lsun tunu kun charx o‘gurmoq.
Sen aylab toshqorining korsozin,
Qilay man ichkarining ko‘bu ozin.
Otamni uyidin yetmas menga sud,
Sening birla bo‘lay har budu nobud.
Dami ayshu nishotingda edim yor,
Ham andoq men g‘aming vaqti parastor.
Alimdur domaningda shodu g‘amda,
Sening birla bo‘lay zavqu alamda.
Bu yanglig‘ xotunim ko‘rguzdi shafqat,
Zamirimga tushub zavqu hamiyat.
Qilib tangrini shukrini adosin,
Hamul manguchai ismat vafosin.
Shabistonim yorutmish bu sifat oy,
Vafo gulzorida sarvi sumansoy.
Ko‘ngulni zavqi oshib hushu tobim,
Dimog‘i xush aningdek jo‘shu tobim.
Qilurga kasb etmoq jazm qildim,
Magar hammolliqga azm qildim.
Ko‘ngulga xotunimdin oshti izzat,
Bu jur’at ko‘rdum andin yetti himmat.
Belimni bog‘ladim hammollig‘g‘a,
Ko‘ngulni qo‘ymayin ehmollig‘g‘a.
Safi hammolg‘a qotdim o‘zumni,
Eshit, ey shahriyor, alhaq so‘zumni.
Sari bozori Vosit ichra behol,
Burun javhar sotardim, emdi hammol.
Kulub ba’ze urubon ta’nadin nesh,
Hazin ko‘nglum qilurdi turfa dilresh.
Alar so‘zig‘a solmay iltifotim,
Boshimdin oshurub tashlab uyotim.
Hamono qildim ish hammollig‘da,
Uyotni oshurub xushhollig‘da.
Olib oz uchrasin ko‘b-ko‘b ko‘tardim,
Masofat qat’ida eldin o‘tardim.
Alar bir borg‘onicha ikki borib,
Alar o‘n borg‘onin bir yo‘l ko‘torib.
Qolib hammollar po‘yamga hayron,
Yetib hammollar muzdig‘a nuqson.
O‘nu o‘n besh diram har kun topardim,
Takopo‘yumg‘a ravnaq ko‘rsatardim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.