OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rojiy Xorazmiy (XIX asr)

Rojiy (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Yusuf Mahzum ibn Xo‘jamberdi; 19-asr 30-yillari — Xiva — 20-asr boshi) — shoir, tarjimon va xattot. She’rlarining yetakchi mavzui — ishq-muhabbat. Mumtoz adabiyot an’analarini ijodiy davom ettirgan, unga yangi mavzu va obrazlar olib kirgan. G‘azallarida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan, kishilarni saxovatpeshalikka, kamtarinlikka undagan («Choy», «Bel og‘riq», «Kelur», «Bois» va b.). Navoiy, Fuzuliy, Husayniy, Komil Xorazmiy, Ziyrak va b. g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Xorazm xoni Sayd Muhammadxon (1856—65), Muhammad Rahimxon II (1865—1910) ga bag‘ishlab qasidalar bitgan. «Ravzat ussafo» (Mirxond)ning 4—5-boblarini va bir qancha adabiy asarlarni fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 200 misradan ortiq she’rlari 3 devonida bizgacha yetib kelgan. Xattotlik qilgan, tanburni yaxshi chalgan. Devoni qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (inv. ?922, 1119, 1271).


G‘AZALLAR

Husho, ulkim jahon ahlig‘a mayli imtizoj etmas,
Tutub ulfat xaloyiq birla ayshu ibtihoj etmas.

Aloyiq rishtasin tajrid tiyg‘i birla qat’ aydab,
Kuhan zoli jahong‘a mayli ahdi izdivoj etmas.

Havodis zulmatistonida qolsa charx zulmidin,
Tazallum ko‘rguzub, eldin tama’ sham’i siroj etmas.

Boshig‘a yog‘sa boroni alam mehnat sahobidin,
Biravga bosh egib dardig‘a ummidi iloj etmas.

Fano xokistaridan maskan etgan faqr ko‘yida,
Jahonda shahlig‘ istab, orzuyi taxti toj etmas,

Shahanshoheki qilmas zrsa royij naqdi ehsonin,
Qazo sarrofi oning davlati naqdin rivoj etmas.

Kel ey, Rojiy, g‘animat tut qanoat kunji oromin,
Er o‘g‘lon, har kishi ollida arzi ehtiyoj etmas.


* * *

Aylab sipehr zulmini men mubtalog‘a xos,
Har dam qilur bir o‘zgacha ranju balog‘a xos.

Davron jafosi bormudurur barcha elga kom,
Yoxud emishmu jumlasi ahli vafog‘a xos.

Topdi bir ishg‘a har kishi olamda xosliq,
Johilg‘a rohat o‘ldi-yu, dono anog‘a xos.

Maxsus bo‘ldi rindg‘a dayr ichra jomi may,
Bor xonaqohda zuhd eli, zarku riyog‘a xos.

Ko‘pdur sobahat ichra parivash nigorlar,
Keldi malohat ul ko‘zu qoshi qarog‘a xos.

Har kimsa anglay olmadi anjomi korini,
G‘ayb ilmi, filhaqiqat, erur bir xudog‘a xos.

Qulluq tariyqi bimi umid o‘ldi, Rojiyo,
Qil o‘zni bandalik aro xavfu rijog‘a xos.


* * *

Bo‘lmish mango ul yori vafodor muxolif,
Tong yo‘q, gar esa charxi jafokor muxolif.

Ashk o‘rnig‘a qon to‘ksam emas aybki, bo‘lmish —
Men telbag‘a ul g‘amzasi xunxor muxolif.

Davron sitamu charx jafo, el qiladur zulm,
Meni bedilg‘a bo‘lg‘oli dildor muxolif.

Behudman ul oy furqati anduhida g‘am yeb,
Andakki ozor aylasa bemor muxolif.

Ul yor manga bo‘lsa muvofiq, ne g‘amim bor,
Yuz kiyn ayla gar bo‘lsalar ag‘yor muxolif.

Bir yori muvofiq sango haq aylasa ro‘zi,
Bo‘lma anga har hol ila zinhor muxolif.

Rojiyga muvofiq gar emas dahr eli, tong yo‘q,
Bo‘lmish necha kundurki, anga yor muxolif.


* * *

Ohkim, umr o‘tti topmay ranju kulfatin farog‘,
Bermadi davroni dun bir lahza mehnatdin farog‘.

Der edilar har mashaqqat keynidin rohat durur,
Yetti shiddat gardumi, topdim mashaqqatdin farog‘.

Har baliyat ichra qolg‘onlar farog‘at toptilar,
Bir meni g‘ammodag‘a yo‘qdur baliyatdin farog‘.

Goh davrondin yetar zahmat, gahi davr ahlidin,
Topmon, alqissa, dame men hasta zahmatdin farog‘.

Yetsa a’dadin sitam, ahbob qilmas yorlig‘,
Xotirim topmish jahon ahliga ulfatdin farog‘.

Ey ko‘ngul, mayl etma dunyo birla mofiho sari
Istasangkim, topg‘osen ranju suubatdin farog‘.

Soqiyo, har lahza Rojiyga tarab jomini tut,
To topay bir umrlig‘ anduhu kulfatdin farog‘.


* * *

Ul parikim, barcha bo‘lmish oshnolar yot anga,
Yotlarg‘a oshno bo‘lmish, nedur holot anga.

O‘zgalarga yoru olmas tilga ushshoq otini,
Tong emas gar bevafo deb qo‘ysalar el ot anga.

Orazin ochg‘on parivashlar boshidin evrulur,
Ne ajabkim ul quyoshdur, bu bari zarrot anga.

Ko‘rgan ul lo‘livashimning qomati raftorini,
Qul bo‘lurlar gar qiyot o‘lsun va gar qo‘ng‘irot anga.

Aylanib ul husn shohi chiqsa maydon ichra mast,
Rux qo‘yub yo‘lida shahlar bo‘lg‘usidur mot anga.

Mehri ruxsorig‘a kun boqsa uyotdin suv bo‘lur.
Qaysi vajh ila muqobil bo‘lg‘usi mir’ot anga.

Husn davroni g‘animatdur, nigoro, rahm qil,
Har bahor o‘lsa xazon osibi bordur bot anga.

Ul pari ko‘yi durur ishq elig‘a doril-amon,
Ey ko‘ngul, olam g‘amidin qochsang o‘zni qot anga.

Vahki Rojiy kulbasig‘a kelmas ul oy bir kecha,
Har kun aylab arzi hol irsol etar abyot anga.


* * *

Ey hayo ma’dani koni adab,
Sari ko‘ying erur do‘koni adab.

Adab ermaski oting zikr etmak,
Desa bo‘lg‘ay sani jahoni adab.

Orazingdin hayo bo‘lur zohir,
Tal’ating fosh etar nishoni adab.

Labi la’ling takallumin ko‘rsun,
Ko‘rmagan ruh ila ravoni adab.

Kipriking novaki otarg‘a nihon,
Egma qoshingdurur kamoni adab.

Adab ermas dami faromushing,
San-san olamda qadrdoni adab.

Rojiy ash’orin aylasun takror,
Har kim istar esa bayoni adab.


* * *

Bukun ul dilrabo dildorlig‘ rasmin ayon aylab
Olib burqa’ yuzidin jilvai xurshid son aylab.

Xiromon aylabon zebo qadin nozu ado birla,
Qadam qo‘ydi buzuq kulbam aro rashki jinon aylab,

Kelib boshim uza so‘rdi tag‘oful birla ahvolim,
Dedi: ey xasta, dardingni manga bildir bayon aylab.

Gahi behud yotarsan, bexo‘rdu bexob o‘lik yanglig‘,
Gahi yer-ko‘kni ko‘zg‘arsan fig‘on uzra fig‘on aylab..

Bo‘lib giryon ango man xasta izhor etmadim chun so‘z,
Kulub dediki: holing netkasen mandin nihon aylab.

Boshim yerdin kanorig‘a olib la’li ravonbaxshin,
Ravon og‘zimg‘a qo‘ydi so‘z so‘rog‘a komron aylab.

So‘rubman la’liniyu ul so‘rib holimni ohista,
So‘rushmoq bu ekan ma’shuqu oshiq iqtiron aylab.

Qilib o‘lg‘on tanimg‘a bu sifat jonbaxshlig‘ zohir,
Maqomin azmin etti qomati sarvin ravon aylab.

Kel, ey Rojiy, bu yanglig‘ harza go‘yliq tarkini etkil
Tahayyurg‘a holur el bu so‘zingni chin gumon aylab.


* * *

Ey ma’dani judi koni himmat,
Gulzori bahoru bog‘i behjat.

Bu xastaki komi himmatingdin,
Baxshishdur shafqatu muruvat.

Aylar bu sifat maqol birla,
Izhori g‘amu, bayoni hojat.

Kim choy ediki bir tasalli.
Raf’ etkali har nafas malolat.

Ul ham ko‘zidin uchubdur andoq,
Kim yo‘qdir anga yetarga qudrat.

Asru buyuk ermish oshyoni,
Yo‘q kimsada yetkururga himmat.

Rojiy, karaminga ko‘z tutubdur,
Daf’ aylasa deb bu nav’i kulfat.


* * *

Hayfkim oni dedim ma’dani ehsonu saxovat,
Jam’ bo‘lmish ekan anda ham avsofi asosat.

O‘zi vasfini der erkan, uki doim qilur erdi,
Necha odamni xasosat sifati birla shikoyat.

Sanar erdim oni fahm ahlidinu, donish elidin,
Bilmas erkanmen, emish boshdin-ayoq lofi jaholat.

Tilabon choy yubordim anga ul nav’ kishikim,
Qilur atvoriyu af’oli ulug‘liqg‘a dalolat.

Rutbasi past esa ham erdi tamannoyi buyuklik,
Suvrati tifl esa ham erdi qoriliq anga odat.

Qilibon bo‘yla kishi ranja qadam choy yubormish,
Ki bir-ikki yo‘li damlarga qilur qilsa kifoyat.

Rojiyyo, o‘z tamain eldinu qil haqqa tavakkul,
Pesha aylab o‘zunga olam aro sabru qanoat.


* * *

Jon berurda la’lig‘a qilmish obi hayvon bahs,
Uylakim birav qilg‘ay jahl birla yolg‘on bahs.

Oy uzorig‘a ne yuz birla bahs etak olg‘oy,
Sharm aylar etmakdin anga mehri raxshon bahs.

Sarv qomati birla der emishki, bahoim bor,
Aylasun qila olsa qomatin xiromon, bahs.

Bahs aylagandekdur bog‘i jannatu do‘zax.
Ko‘yi birla ul gulning aylasa guliston bahs.

G‘uncha bahs qilg‘ondin og‘zining ichi qondur,
Aylagan kibi nodon aybini namoyon bahs.

Turfa vaqt bo‘lmishdur sifla irtifoidin,
Bek birla qul aylar, orif ila nodon bahs.

Bahri nazmi Rojiyning darg‘a uyla bo‘lmishikim,
G‘arqi shari o‘lur qilsa anga bahri Ummon bahs.


* * *

Yetkurur ko‘nglimga olam ranju ozor, alg‘iyos,
Ne iloj etkum mani ranjur nochor, alg‘iyos.

Goh hazinu, gohi malomat, goh kulfat, gohi g‘am,
Yetkurur jonimg‘a davroni sitamkor, alg‘iyos.

Bir kishi yetmas mani dil xastaning faryodig‘a,
Telmurub yig‘lab desam har lahza sadbor, alg‘iyos,

Bir g‘amimg‘a chora topmoq istasam yuz say’ ila,
Dahr etar uldam manga ming g‘am padidor, alg‘iyos.

Rozi erdim har jafo yetsa manga ag‘yordin,
Har nafas yuz javr etar man zorg‘a yor, alg‘iyos.

Alg‘iyos, ey qoziyyul-hojat, o‘zing qil yorlig‘,
Qilmadi faryodraslik kimsa izhor, alg‘iyos.

Yuklanur boshig‘a Rojiyning damodam bori g‘am,
Aylagil bir lutf ila oni sabukbor, alg‘iyos.


* * *

Mening za’fimg‘a so‘rsa yor bois,
Erur hajrida ming ozor bois.

Tunu kun ohu afg‘on etmakimga,
Erur ul zulf ila ruxsor bois.

Damodam buki chashmimdin oqar qon,
Onga ul nargisi xunxor bois.

Visol ayyomi yig‘lab nola qilsam,
Netong, ul bazm aro ag‘yor bois.

Guliston ichra bulbul nolasidin,
Chu so‘rdum, dedi, bordur xor bois.

Dedim ul oyg‘a, nedin javr etarsan,
Dedi: so‘rma anga ko‘p bor bois.

Ajabdur lutfig‘a bois topilmas,
Vale zulm etgali bisyor bois.

Fano davrida gar loya’qil ersam,
Toig ermas, sog‘ari sarshor bois.

Demang Rojiy nadindur bandi g‘amda,
Anga to‘ti kibi guftor bois.


* * *

Bilmon ul oyg‘a nechun o‘lubdur xayol kaj,
Doim mani hazing‘a qilur qol kaj.

Kaj der javob, itob etibon, tuz savolima,
Der tuz javob, o‘zgalar yotsa, savol kaj.

Bordur raqiblarning anga kaj maqoli tuz,
Men benavo der ersam erur tuz maqol kaj.

Har kimsa doldek kaj erur tuzdur ollida,
Ul kim alifdek o‘ldi tuz ondoqki dol kaj.

Mumkin emas jahon aro tuzlarga e’tibor,
Bee’tibor bo‘lmog‘i, lekin muhol kaj.

Tuzlargadur jahon aro har nav’ dardu ranj
Har yerda bo‘lsa bordurur osuda hol kaj.

Desang spehr avjima aylay makoningni,
Bo‘lg‘il mudom el ichra nachukkim hilol kaj.

Yoshlikda pesha tuzlik etsa aslo tuz o‘lmag‘ay,
Ulg‘oyg‘onida yoshdin esa har nihol kaj.

Zebo qadrini sarv desa Rojiy, ul pari—
Derkim bu nav’ aylamagil ko‘p xayol kaj.


* * *

Olmish o‘tlig‘ orazidin burqa’ ul dildor subh,
Tong emas, tortar falakka ohi otashbor subh.

Yetkurur jon mujdasin gulzordin har dam sabo,
Ko‘yi sayri gulshan etmish ul maseh atvor subh.

Bir quyosh hajrida har tun bordurur mandek hazin,
Buki sorig‘ yuz uza ashkin sochib yig‘lor subh.

Demagilkim kun tulu’ aylab bo‘lur g‘oyib nujum,
Dilbarim ollida aylar naqdi jon iysor subh.

Hajr nomi zulmatig‘a sabr qil har hol ila,
Ko‘z yoritgung bir quyosh vaslidin iysovor subh.

Gar desong zahmat zilolidin topay shodoblig‘,
Yummag‘il andoqki nargis didai bedor subh.

Sorg‘orib ruxsori g‘amdin chok erur ko‘ksi agar,
Roji yanglig‘ bir quyosh mehrin nihon asror subh.


* * *

Ey vujuding kelibon ma’dani ehsoni saxovat,
Ostoningda ikki qul durur iqbolu saodat.

Xotiring ko‘zgusini aylamasun dahr muqaddar,
Yetmasun ko‘nglingga hech vajh ila osori malolat.

Mataki dargohi falak johi duogo‘ydururman,
Arzi hojat qiluram gar karaming bersa ijozat.

Bor edi bir kishiga berajak ikki tillokim,
Va’dalig‘ vaqti yetib, bergani yo‘q manda bizoat.

Keladur har kun olurg‘a haqqini qahrlar aylab,
Sovutib chehrasini, ko‘rguzub anvo’i shinoat.

Mani bekas qilibon har kun anga o‘zgacha hiyla,
Qaytarurman necha yolg‘on so‘z ila, bu ne qabohat.

Ko‘rgach oning yuzini titrashadur jon ila ko‘nglum,
Soladur boshima har kun mening oshubi qiyomat.

Agar ihsoning oning daf’ig‘a aylar esa chora,
Topg‘ay erdim mani bechora janobingda farog‘at.

Arzi hol ayladi xoma tilidin Rojiyi mahzun,
Qilg‘an uchun tilini lol o‘zi desa xijodat.


Mustazod

Ey kipriki o‘q, qoshlari yoy, g‘amzasi jallod,
ey ko‘zlari jodu,
Bir lutf ila qilsang nedurur xotirimi shod,
chekdim base qayg‘u.
Ofoq aro bordur necha ma’shuq ila oshiq,
gulchehrai maftun,
Mendek xiradi volau sen kibi parizod
olam aro bormu.
Ko‘b javr ila jonimni xarob aylabon etding
hajringga giriftor,
Oz lutf ila ham ayla buzug‘ xotirim obod,
hardam kelib o‘tru.
Bog‘ ichra sanga gul o‘zini mingzatur o‘lsa,
yo‘qdir ko‘zi, tong yo‘q.
Bulbul sani ko‘rdiyu oni ayladi barbod,
deb hojat emas bu.
Nargis boshini soldi quyi, ko‘zini ko‘rgach,
qayg‘uga tushubdur,
Sarv o‘ldi qadingg‘a qul, oni etmagil ozod,
sarkashdurur asru.
Xurshed demokka yuzingga o‘zni mushobih
yo‘qdir tili, og‘zi,
Oy qilsun o‘zin sanga barobar tutubon yod,
bo‘lg‘um desa kulgi,
Rojiyki qolibdur g‘ami hijroning ichida
qilg‘il onga rahme,
Tun, kun chekadur tinmayin afg‘on ila faryod
sandin tushub ayru.


Navoiy g‘azaliga muxammas

Ko‘ngul davron elin tutma o‘zingg‘a oshno asru,
Tilab mehru muhabbat chekmagil ranju ano asru,
Vafo aylab, vafo ko‘z tutmog‘ing bordur xato asru,
Vafo ahlig‘a davrondin yetar javru jafo asru,
Jafosidin aning ozurdadur ahli vafo asru.

Falakdin tbpmog‘ung juz ranju mehnat bil muayyankim,
Tunu kun ayshu rohat istab etma justu jo‘ fankim,
Manga ko‘b ozmoyish birla bo‘lmish bo‘yla ravshankim,
Bu kim ahli vafo noyob erurlar oindin erkankim,
Bu eski toq alarga yog‘durur gardi balo asru.

Tamanno qilma olam ichra o‘zni aylamak xushnud,
Balou ranjidin o‘zga sanga mumkin emas bir sud,
Fano bahrig‘a kirgil barcha buding aylabon nobud,
Garonjonliqni qo‘y, jon ber, tilar bo‘lsang duri maqsud—
Ki olamda og‘irdur ushbu gavharga baho asru.

Kimi ko‘rsam jahon ahlidin, oni oshno bildim,
Tunu kun tinmayin istab, rizosin yel kibi yeldim,
Ajab nodon emishmen bilmay o‘z komimdin ayrildim,
Fido jonimni aylab, olam ahlidin tama’ qildim,
Vafo, astag‘firullah, qilgan ermishmen xato asru.

Kel, ey Rojiy, sanga jahl ila g‘aflat muncha basdur,
Jahon ahlidin o‘z payvand, bori dunu nokasdur,
Hama mol ila johi orif el oldida bir xasdur,
Havoyi gulshani quds et Navoiykim, xush ermasdur,
Zag‘anlar birla bu gulshanda bo‘lmoq benavo asru.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.