OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sakkokiy (XV asr)

Sakkokiy (15-asr) shoir. Ismi, tug‘ilgan va vafot etgan yillari noma’lum. Samarqandda Xalil Sulton (1405-09) va Ulug‘bek hukmronligi davrida yashab, ijod etgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan: «Turkiy alfozining bulag‘osindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bag‘oyat va birining latif g‘azaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur» («Xutbai davovin»). 
Sakkokiy xalqining boy og‘zaki ijodini, salaflari asarlarini puxta o‘rgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida ko‘p ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat go‘zalliklarini tasvirlagan. G‘azallarida ma’no va shakl birligini saqlab, so‘z o‘yinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik g‘oyalari ilgari surilgan. Bunday g‘oyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon bo‘lgan.
Sakkokiy o‘zbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Xoja Muhammad Porso, Xalil Sulton, Ulug‘bek va Arslon Xoja Tarxonlarga bag‘ishlab qasidalar yozgan. Qasidalaridan birida Ulug‘bekni xalqning mehribon hukmdori, ma’rifatparvar va buyuk olim sifatida ulug‘laydi. Shunday ma’rifatparvar podshoh bilan zamondosh bo‘lganidan faxrlanadi va:
Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga,
Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi,
degan misrlarini yozgan.
Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan; o‘zbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Shoir g‘azallari va qasidalari devon qilib to‘plangan bo‘lsada, to‘liq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. ? 7685) saqlanadi.

 

* * *

Bo'yungtek butmadi bo'ston aro sarvi ravon, ey jon,
Yuzungtek ham ochilmadi chamanda guliston, ey jon.

O'qunguznung boshoqing'a ko'ngul mushtoq, ko'z oshiq,
Bular tolashmoqin bo'ldi ul ikki ora qon, ey jon.

Agar Rum ahlina zulfung habashning lashkarin solsa,
Ko'ngul ilginda ul soat topilmas hech amon, ey jon.

Sening la'lingdin uftonib qizorur la'l qon ichra,
Hasad eltur mening yuzum ko'ribon za'faron, ey jon.

Yuzung davrinda ko'zlarim gahi la'lu, gahi lo'lu,
Chiqorur ko'rsa bu san'at,uyolur bahri kon, ey jon.

Falak Sakokiga bukun qulunmen der, jihat zohir,
Tun axshom itlaring birla o'turmush bir zamon, ey jon.

* * *

Qaro ko'z birla bir g'amza qilib yuz ming jafo qilma,
Karashma birla olamni meningtek mubtalo qilma.

Mening bu xasta jonimg'a sening darding erur marham,
Qiyomatga tekin hargiz bu dardimg'a davo qilma.

Meni,ey oy,qo'rqarmen qilib dunyoda sargashta,
Eshiking tuproqin ko'zga topilmas to'tiyo qilma.

Firoqing bo'tasi ishra qonimni sizg'irur har dam,
Yuzumni oltun etkoli g'amingni kimiyo qilma.

Axir, begona deb giryon eshigindin quvar bo'lsang,
Kular yuz ko'rguzub avval kishini oshino qilma.

Bag'ir qon aylading javru jafolar birla, sultonim,
Ko'zum yoshi bila har dam yuzumdin mojaro qilma.

E Sakokiy, bu shax qobqin ganimat tut,chu zulfig'a
Ayoqin bog'lagon qushsen,ucharg'a hech havo qilma.

* * *

Ko'rub gultek yuzung jon pora-pora,
Jigar ham qildi ul qon pora-pora.

Jonim ko'rgan jafoning mingda birin,
Bo'lur gar ko'rsa sandon pora-pora.

Kularda ko'rsa og'zi birla tishin,
Bo'lur gulnori xandon pora-pora.

Netong munda o'zin chok etsa g'uncha,
Aningtek bo'ldi chandon pora-pora.

Bag'ir qon qildi amrindinu bo'ldi,
Ko'zumda la'lu marjon pora-pora.

Saqoqin kish yaqosi o'pkanidin
Jonim choku giribon pora-pora.

Ko'ngul Sakkokiytek jon birla rozi,
Jigarni qilsa ul jon pora-pora.

* * *

Furqatingda, ey pari,tan kuydi-yu jon yig'ladi,
Dambadam xud qayg'udin ikki ko'zum qon yig'ladi.

Hech davo yo'q dardkim jonimda bor,oni ko'rub
To'nin chok etti tabibu doru darmon yig'ladi.

Dur tishinggu gul yuzung vasfidin kechti hadis,
Jam' hayrat o'tina yondi-yu so'zon yig'ladi.

Eshikingda it bikin bostim necha yil qovrulub,
Ushbu holimni ko'rub kofir,musulmon yig'ladi.

Yig'ladi hatto raqibning kelg'ondan rahmi manga,
Bori ul qattiq ko'ngulluk chinmu yolg'on yig'ladi.

Bildilar yuzdin ko'rub Sakkokiy holin so'rmayin,
Xosu omu shahru deh,donovu nodon yig'ladi.

* * *

Kam ermas ul oy mubtalosi,
Yolg'uz menga yo'q aning balosi.

Tushti bu zaif jonimg'a dardi,
O'lmaktin izin yo'q ul davosi.

Bergusi g'arib boshimni yelga,
Ruxsoravu zulfining havosi.

Kim ko'rsa aning yuzini aytur:
'Ne turfa erur bu turk balosi?'

Turkona ir irlag'uncha,oning
Kuydurdi meni yalay-bulosi.

Oyina sening yuzung ko'rubon
Lof ursa,yuzunda yo'q safosi.

Dardu g'amu ranju menu o'lmoq
Sakkokiyga bo'ldi jon azosi.

* * *

Agar qoshimda o'shal gul uzor bo'lsa edi,
G'ame yo'q erdi,g'amim gar hazor bo'lsa edi.

Jonim fidosi aning,koshki mening bu tanim
Oti tuyoqidin uchqon g'ubor bo'lsa edi.

Ko'zum bag'ir qonidin yuz nigor qilmas edi,
Agar ko'ngulga muvofiq nigor bo'lsa edi.

Biror ko'ngul g'amidin bo'lsa erdi voqif do'st,
Ne qayg'u,dushman agar sad hazor bo'lsa edi.

O'larda qolmag'ay erdi ko'ngulda bu hasrat,
Raqib it bikin eshikda zor bo'lsa edi.

Jonimg'a sahl erur erdi jafosi ag'yorning,
Agar ko'ngul bila ul yor yor bo'lsa edi.

Raqib tishlamas erdi seni, ey Sakkokiy,
Aning iticha sanga e'tibor bo'lsa edi.

* * *

Sentek jahonda ko'zlari ayni balo qani?
Mentek aning balosi bila mubtalo qani?

Irning aqiqi garchi jahonda yagonadur,
Chehrai mengizli ham yana bir qahrabo qani?

Ko'zni g'ubor tutti firoqingda yig'la-yu,
Izing to'zindan o'zga anga to'tiyo qani?

La'ling sharobi bo'ldi ko'ngul dardina davo,
Bu dard jong'a yetti,vale ul davo qani?

Yuzumni oltun etti sening ishqing, ey sanam,
Mundoq baqirni oltun etar kimiyo qani?

Qaddu hadingg'a sarvu gul o'zin tutar shabih,
O'nla bo'yu yuzinda bu obu havo qani?

Husnung zakotin bergali bir qibla izlasang,
Sakkokitek bu dunyoda bir benavo qani?

* * *

Jon hajr o'tina tushti,yana bizni unutma,
Zulfung beki qad bo'ldi duto,bizni unutma.

Qurbon bo'lubon vasling uchun shukr o'tagaybiz,
(To) bu mahaldin,sanamo, bizni unutma.

Yo'q erdi rizo ketgali bir lahza qoshingdin,
Sendin chu yiroq soldi qazo, bizni unutma.

Nortek yangoqing furqati ichra ko'ngulu jon,
Ul kuydi judovu bu judo, bizni unutma.

Iso damining bor asari har nafasingda,
Jon dardina,ey xulqi davo, bizni unutma.

Hijron evining kunjin olib kechavu kunduz,
Zulfu yuzinga tilda sano, bizni unutma.

Sakkoki ul oy manzilina xud eta bilmas,
Sen yetsang agar anda, sabo, bizni unutma.

* * *

Ey husn ganji, bu zaif ko'nglumni vayron aylama,
Yuz uza zulfung tog'itib,umrum parishon aylama.

Har nokasu kas yuzuna xush toza gul yanglig' kulub,
Bag'rimni har dam g'unchatek hasrat bila qon aylama.

Nortek yangoqing shu'lasin sen ko'rguzub ag'yorg'a,
G'ayrat o'ti ichra yona bag'rimni baryon aylama.

Barcha xaloyiq to'p bikin tashlar ayoqing uza bosh,
Bu ishga zulfung dol erur,sen oni chavgon aylama.

Bo'lsa qiyomat barchadin qilg'on ishini so'rg'usi,
Oz qil jafou javrni,muncha farovon aylama.

Zulmu sitamni zulfungu kofir ko'zungga o'gartib,
Bu keng jahonni sen manga bir tor zindon aylama.

Ey yinju tishlik dilbarim,la'li guharboring haqi,
Sakkokining ikki ko'zin har lahza ummon aylama.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.