OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sayfi Saroyi (1321-1398)

Sayfi Saroyi (1321, Xorazm viloyati Sariqamish qishlog‘i — 1398, Iskandariya) — shoir, tarjimon. Markaziy Osiyoda mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, o‘z vatanini tark etishga majbur bo‘lgan, umri darbadarlikda kechgan. Keyinchalik Oltin O‘rda (Saroy shahri), Misr va Turkiyada yashagan. Fors, arab tili, adabiyoti, tarixi va xalq og‘zaki poetik ijodini mukammal o‘rgangan, lirik shoir, qasidanavis, epik dostonchi va tarjimon sifatida tanilgan. Bizgacha uning 10 dan ortiq g‘azal, qasida, qit’a, ruboiy, «Suhayl va Guldursun» dostoni, «Gulistoni bit-turkiy» asari yetib kelgan. «Sindbodnoma»ni o‘zbek tiliga qilgan tarjimasi saqlanmagan. She’rlarida vatanparvarlik, odamiylik, inson qadrqimmati, do‘stlik, muhabbat motivlari bilan birga ijtimoiy mavzu ham kuylangan («Ko’ngul», «Topilmas», «Erur» va b.).
Sayfi Saroyi Sa’diyning «Guliston» asarini o‘zbek tiliga birinchi bo‘lib tarjima qilib, yarim original, falsafiyaxloqiy «Gulistoni bit-turkiy» asarini yaratgan (1391). Sa’diy asarining asosiy mag‘zini olib, uni zamona ruhini va mahalliy muhitni aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qit’a va baytlar bilan to‘ldirgan. Asar 8 bob, har bir bobda hikoyatlar bor. Hikoyatlarning ko‘pchiligi didaktik mazmunda. Shoir pandnasihat qilish yo‘li b-n adolat va osoyishtalik o‘rnatish, zolim podsho va amaldorlarni insof va adolatga chaqirish, davlatni qat’iy qonun-qoidalar asosida boshqarish, kishilar xulq-atvorini yaxshilash mumkin, deb o‘ylaydi. Shu maqsadda to’g‘rilik, rostgo‘ylik, sadoqat va marhamat kabi fazilatlarni targ‘ib etadi. Asar katta adabiy yodgorlik, qadimiy turkiy tilni o‘rganishda ham muhim manbadir. Uning yagona qo‘lyozmasi Gollandiyadagi Leyden universitetida (inv. ?1355), fotonusxasi, «Suhayl va Guldursun» dostoni qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Begali Qosimov



G‘AZALLAR


* * *

Taolalloh, zihi surat, zihi mahbubi ruhoniy,
Kim oning husni shavqindin ko‘ngullar bo‘ldi nuroniy,

Mufarrih shevali dilbar, tili to‘ti, so‘zi shakkar,
Kiyik ko‘zli, qamar manzar, malohat mulki sultoni.

Ko‘ngul olur ko‘zi oli, farah berur engi oli,
Bo‘yidur sarvning toli, yuzi jannat gulistoni.

Gunashtek belgili shohid, jamoli qavlima shohid,
Kechar hasrat bilan zohid yiroqdan ko‘rmaga oni.

Alo, ey dilbari manzur, bu ko‘rkingga bo‘lub mag‘rur,
Ko‘ngullar qilmag‘il ranjur, kechar bu husn davroni.

Bu muddatni g‘animat bil, bu fursatda vafolar qil,
Bu izzat birla bo‘l ko‘p yil, xaloyiqning sevar joni.

Qoshing chun bayram oyidur, jahon husning gadoyidur,
Qulung Sayfi Saroyidur, bukun ul sun’ hayroni.

* * *

Ul yuzi oykim, jahonning jonidur,
Bu zamona xo‘blarining xonidur.

Yosamin tan, qomati sarvi ravon,
Zulfi jannat bog‘ining rayhonidur.

G‘amzasining oltina olam asir,
Ko‘zlari davri qamar fattonidur.

Kirpugining o‘qina jonlar nishon,
Qoshi yosining jahon qurbonidur.

Shams aning har kun yoqosindan tug‘ar,
Ul sababdan bu jahon nuroniydur.

Beslasin ushshoq jonin, chun bukun
Ko‘z qamar, yuz husnining davronidur.

Ko‘rgali Sayfi Saroyi qul ani
Haq taolo sun’ining hayronidur.

* * *

Bu falak nechun meni doim qaro qinda tutar,
Bu otim Sayf o‘ldug‘uchunmi qaro qinda tutar?

Qanda bir erdam eri bo‘lsa oni ko‘zdan solib,
Tekma bir erdamsiz erni ko‘z qaroqinda tutar.

So‘zlarimning javharin orif ko‘rub, qadrin bilib,
Ko‘p baholi dur bekin doim quloqinda tutar.

Ol bilan oldi ko‘ngul mendin bir oy yuzli malih,
Kim muanbar xoli asvad ol yangoqinda tutar.

Husn ichinda yo‘q naziri, lekin ul joni jahon
Doimo oshiqlarini ishtiyoqinda tutar.

Odati budur hamisha bevafo ma’shuqaning,
Kim aning vaslin tilasa, o‘l firoqinda tutar.

Bu falak javri bekin Sayfi Saroyi bag‘rini
Ul yuzi oy hajr o‘tining ihtiroqinda tutar,

* * *

Dilbarimning zulfi sunbul, chehrasi gulzor erur,
Bo‘yina oshiq sanavbar, yuzina gul zor erur.

Og‘zi fastuq, ko‘rki tangsuq, o‘zi mushfiq yor erur,
Husnining chovi Xitou Chin ichinda bor erur.

Asli alchin, so‘zlari chin, ko‘zlari totor erur,
Ming yashar harkim dudog‘i sharbatin totor erur.

Ishqining elchisina ko‘nglum munaqqash dor erur.
Zulfina tushgan ko‘ngullarning maqomi dor erur.

Nechakim ishqi o‘ti bu jon ichinda bor erur,
Kahrabo o‘zra ko‘zumdan dam-badam durbor erur.

Shahd so‘zi, orif o‘zi, voqifi asror erur.
Vasl bo‘stonida xush oshiqlarin asror erur.

Vasfina Sayfi Saroyining ishi ash’or erur,
Andin o‘zga birla oshiqqa yemak osh or erur.

* * *

Ey ko‘rklilar xayoli bilan mubtalo ko‘ngul,
Ko‘zi bilan keturgan o‘zina balo ko‘ngul.

Ne yerda bir qamar kibi yuz ko‘rijak ravon,
Ko‘zo‘ng yumub tusharsan oning o‘tino, ko‘ngul.

Bir gul yangoqli jodu qaraqlig‘a ug‘rasang,
Joning fido qilursen o‘shul dam ango, ko‘ngul.

Sultonlar o‘g‘li zulfina gustox qo‘l sunan,
Sensan elinda bir yo‘li yo‘q benavo, ko‘ngul.

Ul kim seni jafo bila o‘lturmaga tilar,
Ming jon bilan qilursen anga xush duo, ko‘ngul.

Tortib zamona xo‘blarining javrini mudom,
Ko‘rdungmi hech birinda bulardin vafo, ko‘ngul.

Kuydum sening bila necha kez furqat o‘tina,
Yillar chekib sening bila javru jafo, ko‘ngul.

Qozi evi ne yerda, ajab mufti qaydadur.
Qilg‘ay edim sening bila xush mojaro, ko‘ngul.

Sayfi Saroyini bu qaro qinda bog‘lasang.
Xo‘blar jafosi birla bo‘lursen fano, ko‘ngul.

* * *

Topulmas husn mulkinda senga teng bir qamar manzar,
Na manzar, manzari shohid, na shohid, shohidi dilbar.

Bu kun Yusuf jamolini qilibtur haq sanga baxshish,
Na baxshish, baxshishi davlat, na davlat, davlati mafxar.

So‘zung durru javohirdur, ko‘ngullar ganjina loyiq,
Na loyiq, loyiqi xisrav, na xisrav, xisravi kishvar.

Shakardan totlidur xulqung, karamda xotiring matlab,
Na matlab, matlabi ma’dan, na ma’dan, madani javhar.

Zihi davlatli oshiqkim, sening birlan qilur ishrat,
Na ishrat, ishrati jannat, na jannat, jannati kavsar.

Bu husnung shavqi zavqinda ko‘ngul to‘tilari tobti,
Na tobti, tobti xush lazzat, na lazzat, lazzati shakkar.

Jamoling naqshina Sayfi Saroyi bag‘ladi surat
Na surat, surati hasno, na hasno, husni jonparvar.

* * *

Ko‘rkli yuzungga boqqan ko‘zlarga jon ko‘runur
Doyim murassa’ og‘zing gavharfishon ko‘runur.

Bozor ichinda husnung ishva sotib olur jon,
Bo‘ston ichinda qadding sarvi ravon ko‘runur.

Haq sun’i oy yuzungni qilmoq uchun tamosho
Har subhidam qopungda xalqi jahon ko‘runur.

Erta-kecha ko‘zumdin ketmas uchun xayoling,
Ne yerga boqsam anda husnung ayon ko‘runur.

Sayfi Saroyi nazmi husnung sifoti birla
Doyim bu el tilinda xush dilsiton ko‘runur.

* * *

Qurub qoshi yosin qaro ko‘zlaring,
Otar kirpuk o‘qin mango ko‘zlaring.

Bir o‘q birla Rustamni otdin yiqar,
Necha otsa qilmas xato ko‘zlaring.

Qaroqchi balo qilsa tuz yozida,
Qilur doim elda balo ko‘zlaring.

Olur sabr jondin, ko‘nguldan qaror
Kima boqsa bir kez qiyo ko‘zlaring.

Ko‘ngullarni bog‘lab qaro zulfina,
O‘sanmasmi jonlar olo ko‘zlaring.

Ne yo‘ldan bu Sayfi Saroyining o‘sh
To‘kub qonin ichar qano ko‘zlaring.

Agar hay demasang, jahonni xarob
Qilur g‘amza bilan yono ko‘zlaring.

* * *

Qamar yuzungdin bo‘lur munavvar,
Shakar so‘zungdan kelur mukarrar.

Gunash yuzungni ko‘rub xaloyiq,
Bo‘lub tururlar sanga musaxxar.

Ko‘ngulga doyim farah berurga
Kelib xayoling bo‘dur musavvar.

Tugandi umrum firoq elinda,
Qachon visoling bo‘lur muyassar.

O‘qur sifoting bu Sayfi shaydo,
Yozib dafotir uza mufassar.

* * *

Yangi oydur qoshing, ey ko‘rkaboyim,
Qilur bayram yuzungni ko‘rsa soyim.

Suv ichkanda dudog‘ingdan suv tomsa,
Bitar qandu shakar ul yerda doyim.

Jamolingdur bu kun olam safosi,
Xayolingdur hamisha jon fizoyim.

Kerak o‘ltur, kerak asra, qulungman,
Muborak buyrug‘ungdur qutlu royim.

Mufarrih nazm etib Sayfi Saroyi
Sifotingni o‘qur, ey ko‘rkaboyim.

FI AVSOFI SHUARO

Jahon shoirlari, ey gulshani bog‘,
Kimi bulbul durur so‘zda, kimi zog‘

Kimi to‘ti bekin chaynar shakarni,
Kimi lafzi bilan o‘rtar dararni.

Kimining so‘zlari mavzunu shirin,
Kimining loyiqi tashrifu tahsin.

Kimi o‘zganing ash’orin menim der,
Kimi halvo kibi shalg‘am cho‘bin yer.

Kimi ma’niy qo‘yub lafzin tuzotur,
Kimi vaznin buzub san’at kuzotur.

Alarning o‘sh biri Sayfi Saroyi,
Jahon oriflarining xoki poyi.

Ani sen jumla shoir kamtari bil,
Qamar yuzga hamisha mushtari bil.


QASIDA

Oltun qanotin ochti esa subh sunquri,
Ko‘k ko‘lga botti jumla kavokib kabutari.

Isfandiyori Rum chiqib tiktisa alam,
Bo‘ldi ko‘rub hazimat oni shom lashkari.

To‘kti qirmizi may qon aqitib charx tosina,
Tunnung yurak tomirin ochib subh nishtari.

Qushlar ko‘rub havoda ani boshladi ravon,
Tili otilancha o‘kmaga allohu akbari.

Jannat mengiz bezadisa ul dam o‘zin jahon,
Raqs urdi oshiqona yurub charx chanbari.

Bo‘ston ichinda turli chechak anjuman qurub,
Rahmat sharobi birla bo‘lub mast har biri.

Sundi piyola lola qizil gulga gul ichib,
Bulbulga qarshi ochti jamolin yana tari.

Bulbul mug‘anniy bo‘ldi navoda tuzub nag‘am,
Nargisni uyg‘arib yana esritti abhari.

Ma’shuqa qomati kibi turlik chechak aro,
Xush qo‘llarin solib solinur sarv ari-bari.

Bo‘ston ichinda mushk sota boshladi sabo,
To‘ldi jahon dimog‘ina gullar muattari.

Ul anjuman ichinda edim, keldi nogahon
Bir xush habib manzaru ushshoq dilbari.

Qaddin ko‘rub yer o‘pti aning sarvi bo‘ston,
Zulfi buroqti olama mushk ila anbari,

Aydi ravon qasidan g‘arro qilib bu kun,
Eltkil aning qatinakim ul dahr mafxari.

Iskandariyaning maliki bo‘zlar ahli jud,
Kim Hotami zamona kerak bo‘lsa chokari.

Hamza yurakli erdam eri Rustami zamon
Bu asr ichinda o‘zlarining yo‘q barobari.

Ey ma’dani shijoatu mahdiyi ro‘zgor,
V-ey manbai saxovatu iqbol manzari.

Sen ul yagona forisi chobuksuvorsen,
Bir o‘q bilan yiqarsen urubon g‘azanfari.

Shatranji baxtu nardi saodat sening bilan
Kim o‘ynadi utuldiyu bog‘landi shash dari.

Bazmingda tutti Zuhra bu ushshoq pardasin,
Soqiy qamar bo‘lub sanga tegruchi mushtari.

Sayfi Saroyi xidmatinga madh o‘qub to‘kar
Bahri aruz ichindan olib durri javhari,

Bo‘ldi g‘idoyi ruhu ko‘ngullar mufarrihi,
Ko‘rkli sifatlaring bila devonu daftari.

Bu madh ul qasidag‘a qildim javobkim
Tun zulfini kesarda tutub subh xanjari.

Necha to‘zutsa bodi bahoriy abiru mushk,
Necha chamanda bodi xazon qilsa zargariy.

Onchag‘a tegru egu oting xayr uza qolib,
So‘zlansin el tilinda jahonning dilovari,

QIT’ALAR

Nedur ul kim so‘qub tartib bungalmas,
Boshi zaxmi davo birlan o‘ngalmas.

* * *

Kim keldi esa jahong‘a, shak yo‘qki, ketar,
Oqil kelibon bu yerda ko‘p xayr etar,
Sen eguluk et dag‘i tengizga solg‘il,
Yozida sanga yaqin bil ul xayr yetar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.