Mirzohidoxund o‘g‘li Sirojiddin Shavkat adabiyotimiz tarixida Shavkat, Sidqiy, Iskandar, Shevan taxalluslari bilan ijod etgan adibdir. Shavkat 1882 yilda Toshkent viloyatining Xondayliq qishlog‘ida kambag‘al oilasida tug‘ildi.
Shavkat shoir, tarjimon, xattot, noshir, rassom sifatida adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida qalam tebratdi, Shoir «Devoni Sidqiy», «Iktisob» (qo‘lyozma), «Tuhfai Shavkat» (1331 y. hijriy), «Savg‘oti Shavkat» (1333 y. hijriy) kabi she’rlar to‘plamini, «Rabochiylar kelishi» (1917 yil), «Rusiya inqilobi» (1917 y.) «Toza hurriyat» (1917 y.) kabi dostonlarini yaratdi. «Alif laylo va laylo», «Unvoni tarjimai bo‘ston», «Qozi va o‘g‘ri hikoyasi», «Qissai shahzodai Bahrom va Malikai Gulandom», «Hikoyai latifa», «Ajoyib-ul maxluqot» kabi o‘nlab asarlarni fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Shoir 1934 yilda Xondayliqning Parveztepa qishlog‘ida vafot etdi.
G‘AZALLAR
* * *
Ohkim, ko‘z to‘kdi qon eski hukumat dastidin,
Bo‘ldi tanlar notavon eski hukumat dastidin.
Molimizni, jonimizni zulm ila bosib olib,
Bo‘ldi el muhtoji non eski hukumat dastidin.
Bevayu bechoralar ochu yalang‘och yig‘lashur,
Bas, buzuldi xonumon eski hukumat dastidin.
Ehtiyot etmas esang pul deb cho‘ntakka qo‘l urar,
To‘zdi, yirtildi chopon eski hukumat dastidin.
Bir belat olmoqqa besh so‘m baski, mendin oldilar
Aylamaymu yuz fig‘on eski hukumat dastidin.
Zulm o‘ti birla jigarlar kuydiyu bo‘ldi kabob,
Chunki o‘rtandi jahon eski hukumat dastidin.
Gar bozorg‘a bir nimarsa tushsa oldi zo‘r ila,
Ko‘rdi ko‘p odam ziyon eski hukumat dastidin.
Xoinu zolim, qaroqchi kisaburlar erdilar,
Uldilar ko‘p korvon eski hukumat dastidin.
Mehru shafqat bitdi, yo‘q bo‘ldi elning ko‘nglidan
Kim, topilmas parcha non eski hukumat dastidin.
To‘qchilik ketdi, kelib o‘rnig‘a bu qimmatchilik,
Bu kabi bo‘ldi zamon eski hukumat dastidin.
Shod emas yoshu qari, hech yer aro bu jazm erur,
Kim, bo‘libtur notavon eski hukumat dastidin.
Mardikor olmoq xususida qirilduk ko‘p kishi,
Bo‘ldi bas o‘qg‘a nishon eski hukumat dastidin.
Soldi qirg‘izlarni boshig‘a, bilursiz qatli om,
Oqti suv o‘rnig‘a qon eski hukumat dastidin.
Sotdigu berdik hama uyda yo‘qu bor narsani,
Qolmadi singan qozon eski hukumat dastidin.
Shukrkim, yangi hukumat, Sidqiyo, shod ayladi,
Yo‘qsa, chiqg‘ay erdi jon eski hukumat dastidin.
* * *
Falakdin na yetgay farog‘at menga,
Berur rohat o‘rnig‘a mehnat menga.
Sharofatdadurlar razolat eli,
Darig‘oki, yo‘qtur shafoat menga.
Furumoyalar bo‘lsalar arjumand,
Ko‘rub oni yetmasmu hasrat menga.
Vafo ko‘rmadim do‘stlardin dame,
Na bo‘ldi alardin hamiyat menga.
Boshimg‘a balo bo‘ldi fazlim meni
Ki, yo‘q zarracha qadru qimmat menga.
Dame ko‘rmadim shodliqning yuzin,
Magar ro‘zi erkanmu riqqat menga.
Chu oyina yo‘qtur safoyi dilim
Ki, bilmam nechukdur bu illat menga.
Suxanvarlik iqlimida so‘rsangiz —
Erur Sidqiy bir yangi shuhrat menga.
* * *
Ul shakarlab aylasa noz ila shirin navo,
To‘tiyi tab’im tuzar ul vaqt aro qandin navo.
Beasar yolg‘on fig‘onim qayda yetgay ul sori,
So‘zi dildin chekmas ersam, yig‘labon gar chin navo.
Tinmag‘ur ko‘nglim tinib bir lahza orom olmagay,
To aning ko‘yig‘a borib chekmasa chindin navo.
Uylakim chang aylabon qaddim duto, gar aylasam,
Shomi g‘amda o‘lturub bo‘lg‘ay (netay) oyin navo.
Yig‘lashur ahvolima rahm aylashub vahshu.tuyur,
Dashti hajr ichra chu qilsam ingranib gar men navo.
Qayda Sidqiy yetqosen gulgun qabolar vaslig‘a,
Chekmas ersang sidq ila har lahza sad rangin navo.
* * *
Yorab, na yanglig‘ erdi bu baxti qaro menga,
Kim bo‘ldi oshno bori nooshno menga.
G‘am gulshanida g‘uncha kibi ^xuni dil nasib —
Bo‘ldi-yu, naylay, o‘lmasa o‘zga g‘izo menga.
Bo‘lg‘ay g‘am ila mehnatu kulfatni javhari,
Har yerda bo‘lsa har necha nash’u namo menga.
Aqlsizdin o‘ldimu hoshoki, sad darig‘,
Ushbu zamonda bo‘ldi hunar bir balo menga.
Har qayda qadri qiymati yo‘q bo‘lsa fazl elin,
Bozori dahr ichida na bo‘lg‘ay baho menga.
G‘am kishvarining o‘ldum ajab dodpeshasi,
Xaylu hasham nechunkim erur ohu vo menga.
Sidqiy, yoshimning seli bilan charx ayladim,
Bosh uzra bo‘ldi shomu sahar osiyo menga.
* * *
Vasl umidin ul pari qat’ etqoch istig‘no qilib,
Oqsadim hajri tunida g‘am toshig‘a qoqilib.
Bekasu behamdamu, beyorlig‘din, do‘stlar,
Yig‘lamaymu holima, ko‘z yoshimi daryo qilib.
Yuzlabon beboklik bozorig‘a Majnun kibi,
Oldim ul Laylivashim savdosini savdo qilib,
Notavon ko‘nglum sari ko‘yidin oning har kuni,
Tinmadi to o‘tmaguncha yuz tuman g‘avg‘o qilib.
Boqmayin ketdi o‘tub, men naqshi poyidek aning,
Yo‘lida qoldim mazallat xokida ma’vo qilib.
Sidqiyo, sen ul sabodin ayla irsoli salom
To desun holingni anga subh aro ixfo qilib.
* * *
Mazhari fayzi jovidon qog‘oz,
Ma’dani ma’nii nihon qog‘oz.
Yoki ma’no arusig‘a bo‘lmish
Jumlaoso na xush makon qog‘oz.
Noma yozmoq chog‘imda yor sori,
Ko‘z yoshim birla bo‘ldi qon qog‘oz
Shahboz tabiatimg‘a ne tong
Bo‘lsa andoqki, oshiyon qog‘oz.
Yig‘lagay xoma sharhi xol uchun,
Olsam ilkimga har qachon qog‘oz.
Menga noahl elidin, albatta,
Yaxshi, zeroki beziyon qog‘oz.
Menu yor o‘rtamizda, ey Sidqiy,
Bezabt, turfa tarjimon qog‘oz.
* * *
Qildi yaksar xotirim g‘amgin, dilim qon ehtiyoj,
Tushmasun hech kimga yorab, menga tushgon ehtiyoj,
Tanglig‘da xasta ko‘nglum g‘uncha yanglig‘ aylabon,
Har sorig‘a oxiri etti parishon ehtiyoj.
Bo‘lsa gar, donoi dahru fozili asr ul kishi,
Baxt yovar bo‘lmasa qilg‘usi xo‘bon ehtiyoj.
Lashkari g‘amdin o‘zimni emdi qandog‘ qutqaray
Kim, meni ilkida onlar qo‘ydi giryon ehtiyoj.
Nega tuzmay navhalar har dam chekib, yuz ohkim,
El aro qildi meni bebargu somon ehtiyoj.
Kulbai yo‘qluqda erdum hamchu anqo, do‘stlar,
Oxirida ayladi mashhuri davron ehtiyoj.
Ayla Shavkat sabr etib har damda yuz ming shukrlar
Kim, erur boshingg‘a tushgon lutfi yazdon ehtiyoj.
MURABBA’
Qat’i nazar qilding, jono, na bo‘ldi,
Kelur erding so‘rab goho, na bo‘ldi.
Mahzuningga boqmay aslo, na bo‘ldi,
Bir demading holing mango, na bo‘ldi.
Gul yuzingsiz ishim doim fig‘onlar,
La’ling xayolida dil bo‘ldi qonlar,
Dilda qoldi ko‘rmay yuzing armonlar,
Hosil qilsang bir muddao, na bo‘ldi.
Ey latofat gulzorining gulnori,
V-ey, mahliqolarning ko‘zi xummori,
Hech so‘rmading ahvolimni bir bori,
Ey sultoni mulki vafo, na bo‘ldi.
Bir kulib boqishda devona qilding,
Yuzingga nargisdek hayrona qilding,
Oxirda meni sen begona qilding,
Shundog‘mudi ahdu vafo, na bo‘ldi.
Oshuftahol o‘ldum ko‘rmay jamoling,
Xayolimdin nari ketmas xayoling,
Aslo eshitmadim shirin maqoling,
Yondoshmading qilib parvo, na bo‘ldi.
Cheksam nogah ko‘kka yetar fig‘onim,
Hajring tortib qoldi ramaqda jonim,
Aytay desam sengo sirri nigohim,
Duch kelmading menga tanho, na bo‘ldi.
Ey Shavkatning ko‘zin oqu qarosi,
Bedavo dardining sensan davosi,
Ayo nozik adolarning sarosi,
Bemoringga boqsang qiyo, na bo‘ldi.
* * *
Qaro zulfing to‘lun oydek yuzingga hola to bo‘ldi,
Meni ul damda yoruq ro‘zgorim ham qaro bo‘ldi.
Parisan yo malaksan, yo‘qsa misling yo‘q bashar ichra,
Nechunkim ko‘rgan el xulqingni senga mubtalo bo‘ldi.
Qilur erdi chamanda sarv noziklikni da’vosin,
Qading ko‘rgach xiyobon ichra xijlatdin duto bo‘ldi.
Mening qatlima, jono, yodin o‘q chekmak emas hojat,
Nechun mujgondin o‘q otmoqqa qoshing turfa yo bo‘ldi.
Quruq jismim mening rashk o‘tig‘a yonmasmu har damkim,
Seningdek mahvashim ag‘yor ila ayshi bajo bo‘ldi.
Harimi qurbingga mendek gadoni yetmagi mushkil
Ki, sultonlar sening oldingda bir kamtar gado bo‘ldi,
Niyoz ahli qatorida senga, ey sho‘xlar shohi,
Agar birla meni ham koru borim iltijo bo‘ldi.
Sipehrining saodat axtari tobandasidursan,
Sharaf burji aning-chun senga turmoqliqg‘a jo bo‘ldi.
Sening Shavkatdin o‘zga yo‘q erur vasling xaridori
Qim, anga husn bozorida naqdi jon baho bo‘ldi.
* * *
Nuqta ermas xatdagi, ko‘zdin to‘kulgan yosh erur.
Bilg‘usi bu so‘zni ulkim gar menga sirdosh erur.
Emdi yoru yovarim hajrig‘a toqat qilg‘ali,
O‘zgalardek ko‘nglum ichra qayda bir bardosh erur.
Jumla ahbobim bilan tushgach diyorimdin yiroq,
Zahr erur ichganlarim, zohirda ammo osh erur.
Molu johi dahr menga do‘stlarsiz, do‘stlar,
Himmatim oldida go‘yo donai xashxosh erur.
Andijonda turg‘oli zarra qarorim qolmadi
Kim, meni har lahza yodimda diyori Shosh erur.
Kechalar ko‘kdin to‘kulg‘on on qadar kavkab emas,
G‘urbat ichra boshima yoqg‘an balolig‘ tosh erur.
Toshkendda mehr yuzliklarni qadrin bilmayin,
Andijonda kori Shavkat hajr ila mushlosh erur.
* * *
Abnoi vaqt so‘zlari bag‘rimni qildi qon,
Onlarny javri ilkidin aylay kima fig‘on?
Yursang, yurur degaylar, alar shikvalar qilib,
O‘ltursang o‘lturur, deyishur ta’na aylabon.
Majlisda so‘z samandig‘a mahmiz bermasang,
Qo‘yg‘aylar «Indamas» laqabingni o‘shal zamon.
Vajhi ma’osha jahd ila ursang agar qo‘lung,
Derlar hasad yuzi-la, «Kerakmasmu senga jon?»
Gar sovrulub alar kibi yo‘q bo‘lsa bir ishing,
Nisbat berurlar anda hamoqatqa, ey javon.
Kosh erdi kelsa o‘zlarini ilkidin bir ish,
To anda arzig‘ay edi desa nechuk yomon.
Sharmanda shahar egosiyu gulshanda zog‘lar,
Bulbul kanora oldi o‘zin ochmayin zabon.
Hech vaj ila agar qo‘lidin yo‘q qutulg‘uluq,
Yerab, magar alardin o‘zing bermasang amon.
Shavkat so‘zingni bas qilu qoch haq panohiga,
Ne sud alar so‘zyadinu na senga bir ziyon.
* * *
To fazlu hunar oyinapardoz bo‘lmadi,
Iqbol eshigi kimsa yuziga ochulmadi.
Bo‘lsa kishini baxti qaro giryadin na sud,
Zeroki, qora oq bo‘lur deb yuvulmadi.
So‘zlar chog‘ingda so‘zg‘a hamono bo‘l ehtiyot,
Otilgan o‘qni yong‘oni hargiz ko‘rulmadi.
Har kimni gar ko‘rur esang aigo tavoze et,
Ko‘z ustida joy olmadi to qush egulmadi.
Maqsudni sohilig‘a kishi qo‘ymadi ayog‘,
Adham sifat aloiqidin to uzulmadi.
Shavkat hamisha ma’rifat ahlin duosin ol,
Ko‘ring guruhlarikim aning sezishulmadi.
* * *
Vaqti ish yetdi, dilo, emdi qachon uyg‘onasan?
Yotibon g‘aflat aro, emdi qachon uyg‘onasan?
Ketdi g‘aflat, yetdi hurriyat zamoni ogah o‘l,
Yotasanmu uyquda emdi, qachon uyg‘onasan?
Zulmati jahl etdi ko‘nglingni, dorig‘o.bilmading,
Toshko‘murdin ham qaro, emdi qachon uyg‘onasan?
Bodai ishrat bilan badmasttursen, ohkim,
Aqlu hushung yo‘q bajo, emdi qachon uyg‘onasan?
Odam o‘lding sen, bale, ilmu funun o‘rganmayin,
Yanchilib jahl ostido, emdi qachon uyg‘onasan?
Emdi tur, tezroq yugur, ilmu maorifg‘a qo‘l ur,
Yotma parqu ko‘rpado, emdi qachon uyg‘onasan?
Jahl bir o‘tdurki, tekkan kimsa kuymay qolmag‘ay,
Yetdi bul o‘t yoningo, emdi qachon uyg‘onasan?
Hushu donish domanin tutkim, hama uyg‘ondilar,
Qildilar hojat ravo, emdi qachon uyg‘onasan?
Tur, tirish, ilm ista, yotma, o‘zgalardek tobakay
Qo‘l ochib, aylab duo, emdi qachon uyg‘onasan?
Besanoat, behunar, bekasblik birlan o‘znng,
Shuhrat etding Sidqiyo, emdi qachon uyg‘onasan?
* * *
Falakning javridin singan o‘shal bolu parim keldi,
Vujudim bog‘i naxli, ravshani chashmi tarim keldi.
Tuganmas shukrni qaysi zabon birlan ado aylay,
Karam daryosi jo‘sh urdi, duraxshon gavharim keldi.
Firoqida damodam, ey ko‘zum, qonlar to‘kar erding,
Bas emdi qon yoshingni to‘kmagil ko‘p dilbarim keldi.
Musofirlig‘da rangi kahrabo yanglug‘ sarig‘ bo‘lg‘an,
Qizil guldek yuzi so‘lg‘an mening bog‘u barim keldi.
G‘ariblikda jafo chekkan, sitam tortgan, alam ko‘rgan,
Qadi g‘amdin duto bo‘lgan, mashaqqatparvarim keldi,
G‘ariblik yurtida hayronu sarson o‘lmasun hech kim,
G‘aribu notavon o‘lgan sitamkash rahbarim keldi.
G‘ariblik yurtida ochin-to‘qin ishlab sovuqlarda,
Qadi xamlik, ko‘zi namlik, yuzi chun za’farim keldi,
Zamona gardishidin ko‘p jafolar chekmagan kim bor,
(Shukrlillah) ko‘zimni nuri yanglig‘ sarvarim keldi.
Jafo birla ezilgan dil shifo topdi bu kun Sidqiy
Ki, ul hoziq tabibi g‘amzudo nek axtarim keldi.
1917
MUXAMMASLAR
DAR HAJVI TOY AZ SHAVKAT ISKANDARIY
Urganda qimirlar ming bir toziyona toyim,
Har bir qadamda kishnab qilg‘ay tarona toyim,
Tavlab tepib damodam aylar bahona toyim,
Yurmay ketig‘a, boqar ul oxtaxona toyim,
Iqlimida chamanliq, so‘rsang, yagona toyim.
Ikkig‘a kirgan erdi gar so‘rsang oni yoshi,
Kor etmag‘aydi qamchin a’zosi yoki toshi,
Haqdin umid qildim kesilmagaymu boshi,
Gar o‘lsa bo‘lg‘ay erdi go‘shti ulusning oshi,
Yig‘lar edim boshida aytib fasona, toyim.
Bog‘lab borurg‘a belni bozorig‘a Sikandar,
Mingashgan erduk anga ikki kishi barobar,
Jon xavfidin yiqilmoq har dam badanda titrar,
Sudralg‘ay erdi poyim yerning yuzida aksar
Ki, yurmayin bo‘lurdi gohi ravona, toyim.
Ul bachchag‘arning erdi rangi sovuq, o‘zi oq,
Yo‘q erdi tora yoli, quyrug‘i dog‘i cho‘ltoq,
Hurkar edi ko‘runsa yo‘l uzra to‘da yantoq,
Andoqki tog‘ ko‘rungay ko‘ziga oz botqoq,
Qilgan ishini so‘rsang sig‘mas bayona, toyim.
Qiynab yo‘l uzra aslo jonimni qo‘ymadi, hech,
Bir yerga yetkazolmay ul kunni ayladi kech,
Ko‘ngulg‘a bul sababdin har damda tushdi yuz dech,
Uldurg‘usi g‘am ila chiqsang bu bahri tafrech,
G‘ussa bilan alamdin bo‘lgan nishona, toyim.
Ikki qo‘lum yaqoda, deb tavba yo‘lda har dam,
Ikki ko‘zum to‘kub yosh holima tutti motam,
Xurram ko‘ngulni mulkin yakbora qopladi g‘am,
Oxirda ketdi tashlab, kim bo‘lsa bizga hamdam,
Umringda to‘ymag‘aysan aslo samona, toyim.
Na tortqusi aroba, na qo‘sh ila juvozing,
Na bo‘lg‘usi bir ishda bu senga chorasozing,
Na yo‘lda o‘zga otdek bo‘lg‘usi dilnavozing,
Mingil ishonmas ersang bir imtihona, toyim.
Ey voy, qildi diqqat, yo‘llarda benihoyat,
Yuzlandi har qadamda menga hazor hasrat,
Yuz shukr uyga keldim oxir dami salomat,
Gar bo‘lsa ushbu xil ot, albatta, minma Shavkat,
Minba’d tavba qildim minmoqqa yona, toyim.
MUXAMMASI SHAVKAT ISKANDARIY BAR G‘AZALI XISLAT
Har damda ming balog‘a bo‘lg‘an duchor kafshim,
Yuz joyidan yamalg‘an choruqvor kafshim,
Qiymoqqa tavba qildim emdi du bor kafshim
Erdi oyoqlarimg‘a ko‘p tangu tor kafshim,
Siqtiyu qildi oxyr yurmoqqa zor kafshim.
Eskib oxir uzuldi charmini toru pudi,
Emdi yetar ziyoni bo‘lg‘usi qayda sudi.
Ko‘zumg‘a yaxshiroqdur ko‘runmasa vujudi,
Ustodin olg‘animda erdi ajab namudi,
Bosmoqqa aylar erdim tuproqqa or kafshim.
Kafshimdin erdi bo‘lsam har yerda qilu qolim,.
Qatiq bosarg‘a yerg‘a kelg‘ay edi vubolim,
Boqib yuzig‘a har dam xushnud o‘lurdi holim,
Yo‘l uzra yurganimda ilkimda ro‘ymolim,
Artar erdim damodam bo‘lsa g‘ubor kafshim.
Charmisi erdi qattiq sarpanchasi muloyim,
Ya’ni edi avvalda kiymoqqa bopu qoyim.
Topqay edi halovat kiygan chog‘ida poyim.
Yangi ekanligida izzatda erdi doyim,
Eskibdi, ketdi qadri, ko‘p bo‘ldi xor kafshim.
Yoqqanda bo‘lg‘ay erdi yomg‘ur suvig‘a jiq-jiq,
Tashlar edi o‘zini ko‘runsa qayda balchiq,
Har dam ushbu sababdin ko‘nglum bo‘lur edi diq,
Dastlaklari bosildi, bir yonga bo‘ldi qiyshiq,
Katta-kichik bu holda ko‘rsa kulor kafshim.
Kafshimni ko‘rsa har kim hargiz so‘rashmas erdi,
Har do‘stlar tag‘ofil aylab qarashmas erdi,
Bir o‘zga kafshlardek izzat talashmas erdi,
Ko‘p kafsh ichida qolsa aslo adashmas erdi,
Kiymay agarchi qo‘ysam ming yil turor kafshim.
Qasdi bilan tamosho bo‘lgan chog‘ida yer loy,
Qo‘ymay oyog‘in aslo kiyg‘ay edim yilu oy,
Ko‘p qadrdon edilar menga bu ikki fattoy,
Fattoyi o‘g‘risidin yeshgan yerimda qo‘rqmoy,
Tushganda takyalarga tanho yotor kafshim.
Ey voy ta’nangizning o‘ldum achchiq so‘zidin,
Har yerda toki ko‘rdum qochtim aning ko‘zidin,
Tunda uyolur erdim gardunni yulduzidin,
Mashimni gulchinini to ilgari o‘zidin,
Ham qildi tilka-tilka bu nobakor kafshim.
Yo‘qluqni yo‘q iloji dardiga menda Shavkat,
Ushbu sababdin ortar hardamda yuz malomat,
Bul kunda turfa bo‘ldum beqadru ketdi qiymat,
Qiysam agar biror oy men oni boz Xislat,
El ichra kilg‘ay erdi majnunshior kafshim.
IQTISOB
(Dostondan parcha)
«TAMA’ YO'LBARSNI CHIBIN QILUR»
Dehqon o‘g‘li sog‘ o‘l, mudom yasha,
Shodliq birla subhu shom yasha.
Yashasang barcha el topar rohat,
Izzat avjida neku nom yasha.
Ostonangda baxt yostansun,
Tole’ing birla bo‘l tamom yasha.
Necha davr o‘tkarib jahon ichra,
Zoli Rustamcha xushxirom yasha.
Oy ila kun kabi bo‘lib porloq,
Xizmat et elg‘a, vassalom yasha...
Mehnat aylab jahonni qil obod,
Bitti qullik, hama bo‘lub ozod.
Nikalay davrida eduk chun qul,
Ohimiz ani ayladi barbod.
Tushti turli balo xaloyiqg‘a,
Goh-gohi ul baloni ham qil yod.
Yetti yil bo‘ldi yurtimizda qahat,
Shod ko‘ngullar o‘ldi, yillar noshod,
Ey ko‘zim nuri, mehnat etgan chog‘,
Charchabon, horibon dema hech dod.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Mehnat aylang hamisha, ey o‘rtoq,
Ketmon ushlab, qoborturing barmoq.
Xor qilg‘ay kishini yalqovliq,
Yarashmas uyda yalpayib yotmoq.
Osh yeganlarni luqmasiga qarab
Tish kirini so‘rub, tomoq qoqmoq.
Yaxshidur bu kabi fano ishdan,
Mard o‘lub tog‘u cho‘lda qo‘y boqmoq.
Boyga bo‘yin egib yema qazisin,
Qora non yesang ishlab, ul xushroq.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Ertadan kechgacha ishlasang bir non,
Boyni minnatlaridan ul oson.
Bezakotlarga qad egib toki
Bo‘losan, ey faqir, misli kamon.
Har ish etmoqqa bo‘l chaqin yanglig‘,
Sudralib yurmagin gangib, ey nodon.
Bir masal bor: «Qimirlagan qir oshar»,
Uyqudan tur, bo‘l emdi yo‘lg‘a ravon.
Ushla maqsad etogini mahkam.
Ishchilarni safida qil javlon.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, bo‘lma xomtama’.
Sudralib yurma, o‘lmag‘il bekor,
Ore, «Bekordin xudo ham bezor».
Ish qilib, non topib yesang yaxshi,
Xoh yo‘lg‘a suv sepu, qish kura qor.
Kelsa qo‘ldan rahm qil ojizg‘a,
Bo‘lsun ul xoh do‘st, xoh ag‘yor.
Negakim bandasan banogohi,
Senda ham ulcha ojiz o‘lmoq bor.
Sotma nonga baholi nomusing,
Bo‘lma dangasa-yu, yema murdor.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Ishlamay yursang o‘lasan bangi,
Ko‘knori, qaroqchi, nayrangi.
Kir bosib, bit bosib libosingni,
Xor o‘lursan, ketar yuzing rangi.
Erta-kech yelkang uzra yirtiq to‘n,
Bo‘ladursan gadoni hamrangi.
Pora nong‘a sotilding, ey bejon,
Yo‘q ekan senda odamiy nangi.
Uyg‘on endi, qachongacha yotasan,
Ishla, ketsun yuzing qora changi.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Sidqiyo, mujdai bahor kelur,
Go‘yiyo bo‘yi lolazor kelur.
Men kibi mehnat ahlining iydi —
Bo‘lg‘usidur, bahoru yor kelur.
Har taraf sabza, tifl o‘ynashibon,
Tog‘ bag‘rida naysuvor kelur.
Ishlagil jonu tan bilan tirishib,
Demag‘ilkim yana bahor kelur.
Meni qoshimdadur harom tama’,-
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Barcha el qahramoni mehnatkash,
Balki, onlarni joni mehnatkash.
Meni oldimda shohdin yaxshi,
Bo‘lsa ham el yomoni, mehnatkash.
Arslondek o‘z ustig‘a olg‘ay
Barcha javru jafoni mehnatkash.
Beva-bechoralarg‘a qilsa madad,
Sen degaysan chin oni mehnatkash.
Uyalib tashlasin gadolig‘ni,
Ayla, yorab, gadoni mehnatkash.
Meni oldimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Mehnat etmas ersang bo‘lursan tang,
Aylarsan bola-chaqang bila jang.
Ancha tashvish aro qolib boshing,
Bo‘lasan ish qilolmay anda garang.
Ta’bing oyinasi g‘uborlashib,
Xira bo‘lg‘usi olib, ya’ni zang.
Misli tog‘ boshingga tushub tashvish,
Ojiz o‘lg‘ung esang, agarchi palang,
Ishla arslon kabi bo‘lib, hayqirib,
Ishlamas esang ushbu qattig‘ nang.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
Yaxshi bo‘ldi zamona, ey Sidqiy,
To‘ydimiz barcha nona, ey Sidqiy.
Ul kabi hodisa ulus boshiga,
Kelmasun yona-yona, ey Sidqiy.
Qancha yozg‘on bilan tuganmaydur,
Ya’ni, sig‘mas bayona, ey Sidqiy.
Meni qoshimdadur harom tama’,
Eldin umid uz, o‘lma xomtama’.
1917—24