OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uzlat (1752/58 - XIX asr)

Asli ismi Muhammad Sharif bo‘lib, Uzlat (Uzlatiy), Mahjur, Nodir (Nodiriy), Sharif (Sharifiy) taxalluslari bilan o‘zbek va tojik tillarida ijod etgan bu shoir Qo‘qon adabiy muhitidagi so‘z san’atkorlari qatoriga kiradi.
Shoir Uzlat tarjimai holiga oid yetarli ma’lumotlarga ega emasmiz. Uning hayotiga doir ayrim ma’lumotlar shoirning o‘z asarlarida va Fazliyning «Majmuai shoiron» tazkirasida uchraydi.
Muhammad Sharif Uzlat 1752—1758 yillarda Chust tumanining Koson qishlog‘ida tug‘ilgan. U keksaygan chog‘ida Umarxon xonligining so‘nggi yillarida Qo‘qonga ko‘chib borgan va u yerda ham umr bo‘yi moddiy muhtojlikda yashagan.
Fazliy o‘z tazkirasida Uzlat iste’dodli shoir, qavvidshunos olim, mashhur xattot, fozil bo‘'lishiga qaramay, baxtsiz kishi bo‘lganligini, qayd etib o‘tgan.
Xabardor kishilarning aytishicha, Uzlat yuz yildan ortiq umr ko‘rgan.
Bizgacha mazkur shoirning xalqparvarlik, adolat, muhabbat, vafodorlik, saxiylik, halollik kabi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi «Haft gulshan» dostoni va taqdirning shumligidan, ijtimoiy tengsizlikdan shikoyat, baxtsiz sevgi alamlaridan zorlanish, insoniy fazilatlarni ulug‘lash, kishiga va tabiat go‘zalliklariga muhabbat, turli ijtimoiy toifalarga munosabat singari motivlar kuylangan she’rlaridan tuzilgan devonlari yetib kelgan. 1962 yilda Uzlatning asli vatani — Kosondan topilgan o‘zbekcha va forscha devoni (inv. ?693) va shu devonning noto‘liq Namangan nusxasi ham Qo‘qon adabiyot muzeyi fondida saqlanmoqda.


G‘AZALLAR

* * *

Butmas ermish hajr tig‘idin bag‘irning yorasi,
Juz visoli marhamidin yo‘qtur oning chorasi.

Ey falak, insof birla aylag‘il holimg‘a rahm,
Ishq zulmidin bo‘lub ko‘ngul jahon ovvorasi.

Charx uza har yon ko‘rungan tun aro anjum emas,
Qatralar sochti yoshimdin ko‘zlarim favvorasi.

Demagil g‘am dashti uzra ochilibdur lolalar,
Ul jigardur hajr zahridin to‘kulgan porasi.

Tutma ko‘z hargiz falakdin surati behbudlik,
Holatim etti digargun sobitu sayyorasi.

Gul kabi oqti xayolim gulshani sahnig‘a qon,
Jon boshig‘a tegdi g‘am otlig‘ni sangi xorasi.

Ishq keldi men sori ko‘zlab muhabbat tog‘idin,
Ayladi Uzlat kabi bechoraning bechorasi.

* * *

Kelurg‘a va’da qilib, ahdig‘a vafolamadi,
Ko‘zum yo‘li uza qotti-yu, oshnolamadi.

G‘amu alam bila hajrida ko‘p jafo chektim,
Ko‘ngulga rohati diydorini ravolamadi.

Tanim firoqini taryoki ayladi bemor,
Labini sharbati ehsonidin davolamadi.

Boshima sochti falak tunda hajr tufrog‘in,
Ko‘zini uchi bila holima qarolamadi.

Gulig‘a bulbuli gulshanda ayladi nola,
Vale mening kabi shomu sahar navolamadi.

Maishat uyida shod o‘lmadi iki hamdam,
Zamona bir-biridan oxiri judolamadi.

Firoq mehnati mundog‘ qatiq ekan, Uzlat,
Na deb visoli aro jonini fidolamadi.

* * *

Aningdek bir parivash husn gulzorida kam ermish,
Malohat kishvarida orazi bog‘i Eram ermish.

Meni kayfiyatim yaxshi-yomonin vaslu hajridin,
Yozarg‘a orazi lavhi uza qoshi qalam ermish.

Icharman rashkdin har tun may o‘rnig‘a bag‘ir qonim,
Aning bazmi aro ag‘er, baskim, muhtaram ermish.

Ko‘rungay yorsiz mahfil aro sing‘on safoledek,
Icharg‘a may qadah o‘rnig‘a garchi jomi Jam ermish.

Pariro‘lar necha sarhang birla may ichar sarxush,
Hamisha ishq ahlig‘a jahonda ohu g‘am ermish.

O‘tar o‘tgan kabi, hech kelmaganga g‘am yemang zinhor,
Tutung emdi g‘animat ushbu damni, dam bu dam ermish.

Falakdin shikva etma, izla, Uzlat, gavhari maqsud,
Huboboso jahon bahri uza ul ham adam ermish.

* * *

Solib ziynat uchun mashshota zulf uzra tarog‘ini,
Ko‘ngul choki bila gul topmadi sunbul so‘rog‘ini.

Magar yorimni kelgay deb tajammul birla bog‘ ichra,
Chaman shohi yasab gul jinsidin tuhfa yarog‘ini.

Nigorim tunda bazm aylarg‘a ko‘nglin ayladi moyil,
Falak anjumlaridin yondurur har yon charog‘ini.

Vafo bazmida may o‘rnig‘a ichmakdur yurak qoni,
Itobu mastliq birla nega ochmas qabog‘ini?

Viseli gulshanig‘a orzu birla kiray de’am,
Aning hijroni boshimg‘a ko‘toribdur tayog‘ini.

Bu za’f ila visoli ka’basig‘a yetmog‘im mushkil.
Firoqi dashti birla na deyin yo‘lni uzog‘ini.

Bilibon lola qochti dasht uza, gul bag‘ri qon bo‘ldi,
Jafosi o‘rtagan Uzlatni g‘amliq bag‘ri dog‘ini.

* * *

Soqiyo, lutf ayla, to‘ldur boda birla jomni,
To chiqorg‘ayman ko‘nguldin kulfati ayyomni.

Jur’a no‘sh aylab visoli orzusi bazmida,
Mastliqdin bilmag‘ayman subh birla shomni.

Hajr dashtida etib devonalig‘ni ixtiyor,
Tashladim tandin libosi nang birla nomni.

Jilvasini yod etib gulshan aro siymobdek,
Topmadim hargiz ko‘ngulda sabr ila oromni.

Suv berib ashkim nami birla vujudim bog‘ig‘a
Ko‘zlari fikrida tiktim donai bodomni.

Ishq dashtini yo‘li garchi uzog‘u ham maxuf,
Yor vasli ka’basig‘a bog‘ladim ehromni.

Olam ichra bu tiriklik uyqu ermish yo xayol,
Tark etgil, ey ko‘ngul, shodu g‘ami avhomni.

Bulbuloso nola et, Uzlat, ko‘ngulni bog‘ida
To sabo yetkursa vasli yordin payg‘emni.

* * *

Tang‘a edi ruhbaxsh lutfi takallumlari,
Jong‘a to‘kub shahdlar labda tabassumlari.

Hajrida kuygan ko‘ngul nega fig‘on etmasun,
Shafqatidin ko‘p edi manga tarahhumlari.

Ishqida bo‘ldum ado, myon kabi yo‘q benavo,
Ko‘z yoshim oldida kam bahr talotumlari.

Tundagi faryodima, xotiri noshodima,
Yig‘ladi ahvolima charxni anjumlari.

Vasli mayi bazmig‘a emdi qachon tenglashur,
To‘lsa agar bodadin yetti chalak xumlari.

Uzlatiyni nolada ko‘rsa agar andalib,
Soldi xijolat aro sozu tarannumlari.

* * *

Jur’akashda yo‘q tiriklik bodai gulfomsiz,
Lablaring hijronida ko‘ngul erur oromsiz.

Oy yuzung zulfung qarong‘usi aro topmish ziyo,
Vasl ermas hajrsiz, ham subh ermas shomsiz.

Ey ko‘ngul, xolida zulfi qaydidin ayla hazar,
Sahni olam mazraida dona yo‘qtur domsiz.

To jafo chekmay qachon koming etar shirin murod,
Meva topmas shahd naxli shoxi uzra xomsiz.

Boda qancha talxdur, kayfiyati bo‘lg‘ay baland,
Xush ko‘runmas ishq eliga la’lidin dashnomsiz.

Husnni sultonisan, mehringni sol ushshoqg‘a,
Shoh yo‘q, faqr ahlig‘a bo‘lsa agar in’omsiz.

Vasl izla, ayla, Nodir, dardi hijronig‘a sabr,
Yetmagay matlabga hech kim mehnati ayyomsiz.

* * *

Ey qoshlari ye, kiprigi o‘q, ko‘zlari jallod,
Ishq ahlig‘adur doim ishing zulm ila bedod.

Gar muntaxabi daftari husn o‘lmasa nechun
Tangri iki ruxsoring uza yozdi iki sod.

Layli bila Shirin sanga husn ichra kanize,
Ishqingda na nisbat manga Majnun ila Farhod.

La’lingni xayolida na deb ketti o‘zidin,
Jon jism aro nash’ai may etmasa ijod.

Qabrim uza, ey sho‘x, qamu lolalar ung‘ay,
O‘lsam yuzung uzra qaro xolingni etib yod.

Tangri sanga bermog‘ida manshuri pariliq,
Rasvoliq uchun yozdi manga ham xati irshod.

Furqat chamanida kecha tong otqucha Nodir
Bulbul kabi g‘am qaydidadur nolag‘a mo‘‘tod.

* * *

Qomatingdek dahr bog‘i ichra bir shamshod yo‘x,
Bo‘lsa ham, lekin qading sarvi kabi ozod yo‘x.

Podshohlar zulm ila o‘z mulkin etgandek xarob,
Bir ko‘ngul ilgingdin, ey bedodgar, obod yo‘x.

Garchi cho‘xdur manga bengzar g‘am chekan ushsheqlar,
Husn elida sen kabi zulm etmog‘a mo‘‘tod yo‘x.

Hajr aro xoling xayoli-la ko‘ngulda dog‘lar
Muncha naqd ila meningdek sohib iste’dod yo‘x.

Mahfili g‘am ichra qon ichmakda mutriblar aro
Navha ohangini mendek soz edan ustod yo‘x.

Sabr et, ko‘p injima, Nodir, jahon gulzorida
Bir gule ofat samumi etmagan barbod yo‘x.

* * *

Orazi fikri quyoshdek jon uyin nur ayladi,
Jismni vasli xayoli bayti ma’mur ayladi.

Gul yuzidin jilva aylarg‘a ko‘tardi pardani,
Xotirim Muso kabi tan tog‘ini Tur ayladi.

G‘unchadek jon yor qaddig‘a osildi sarnigun,
Ishq dori sabrsiz ko‘nlumni Mansur ayladi.

Boqmasun deb gul’uzorimning quyosh ruxsorig‘a,
Dudi ohim rashkdin dushman ko‘zin ko‘r ayladi.

Bo‘ldilar xomush gulshan qushlari, solib qulog‘,
Yorga yo tangri afg‘onimni manzur ayladi.

Burni qon bo‘lg‘ay yetimning og‘zi yetsa eshg‘a,
Charxning bedodi baxtim suyini sho‘r ayladi.

Soldi hijron jismim uzra lola yanglig‘ dog‘lar,
Vaslidin bu tolei nosoz Mahjur ayladi.

* * *

Ko‘zum qon yoshidin lola kabi sahni jahon gulshan,
Bo‘lub anjum kabi ohim o‘tidin osmon gulshan.

Ko‘zumga qo‘y qadam, ey gul^adan, bu tun xayol ichra
Sirishkim qoni birla ayladim taxti ravon gulshan.

Xiromu ishva birla, ey pari, bir lahza kelsang-chi,
Ko‘ngul ermish sanga bog‘i Eram, bog‘ ichra jon gulshan.

Bahor ayyomida sayr aylamoqg‘a jilva hangomi
Ayog‘i panjasidin bog‘ aro qoldi nishon gulshan.

Quyosh yanglig‘ kiyib gulgun, chiqar deb husn sultoni,
Xijalotdin qochib qish qo‘ynig‘a bo‘ldi nihon gulshan.

Ayog‘i qoldi loy ichra, birini jismi qon bo‘ldi,
Qadu yuzini chun sarv ila qildi imtihon gulshan.

Visoli bazmini fikrida har tun bag‘ri qonidin
Qilib omoda Mahjuri asiri notavon gulshan.


O‘LAN

O‘lan vazn va qofiya, hurufi hijo bila yozildi.

Ey — alifdek qomating sarvi chaman yor-yor,
Xol labing kunjida mushki Xo‘tan, yor-yor,
Ko‘nglum aro kirpiging bo‘ldi tikan yor-yor,
Hajring aro tortaman dardu mihan yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, hurmat aro, yor-yor,
Muncha meni qo‘ymagil furqat aro, yor-yor.

Be — buti Shirinliqo jonga balo, yor-yor,
Emdi mening holima qilma jafo, yor-yor,
Aylag‘uman tobakay ohu navo, yor-yor,
G‘am o‘tig‘a solmog‘ing bormu ravo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sarvi ravon, yor-yor,
Ko‘nglum etib qumridek ohu fig‘on, yor-yor.

Te — tanim etti xarob dard ila g‘am, yor-yor,
Jonni halok ayladi javru sitam, yor-yor,
Ishq o‘tidin har zamon tortam alam, yor-yor,
Vasl tamoshosidin ayla karam, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, fayzi nazar, yor-yor,
Og‘zing aro tishlaring mavji guhar, yor-yor.

Se — samari naxlijon-mehruvafo, yor-yor,
Dardim uza shafqating erdi davo, yor-yor,
Kasrati ishqing mani etti gado, yor-yor,
La’l labing sharbati jonga shifo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, mohvashim, yor-yor,
Bayti hazan kunjida dardkashim, yor-yor.

Jim —jigarim qon edi shomu sahar, yor-yor,
Ko‘nglumi ahvolidin ayla xabar, yor-yor,
Ohim etib charxni zeru zabar, yor-yor,
Bo‘ldi maning holatim tarzi digar, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, hurliqo yor-yor,
Qo‘zgu kabi orazing erdi safo, yor-yor.

He — harami jism aro urdi nihon, yor-yor,
Kirpik o‘qin otgali qoshi kamon, yor-yor,
Jon qushi bo‘lg‘an emas hech amon, yor-yor,
Lutfung erur jismima ruhi ravon, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shamsu qamar, yor-yor,
Sanga qachon o‘xshagay xayli bashar, yor-yor.

Xe — xabaring yo‘q ko‘ngul hasratidin, yor-yor,
Soldi falak boshima mehnatidin, yor-yor,
Totib edim dardu g‘am sharbatidan, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, qaro ko‘zluk, yor-yor,
To‘ti kabi bazm aro shakar so‘zluk, yor-yor.

Dol — damim o‘tidin kuydi jahon, yor-yor,
Ishratu ayshim guli bo‘ldi xazon, yor-yor,
Aylasa bo‘lmas g‘amim sharhu bayon, yor-yor,
Ayla takallum manga, pista dahon yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xulqi xushum, yor-yor.
Bir yo‘li ko‘rub yuzing, ketti hushum, yor-yor.

Zol — ziyod ayladi volalarin, yor-yor,
Ochti ko‘ngul dog‘din lolalarin, yor-yor,
Sochti ko‘zum ashkdin jolalarin, yor-yor,
Yoydi, jahonga tilim nolalarin, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sabz qabo, yor-yor,
Aylamag‘il jonima muncha jafo, yor-yor.

Re — ramazon oyidek topti sharaf, yor-yor,
Lek quyosh bo‘lmadi anga taraf, yor-yor,
G‘amza o‘qiga ko‘ngul bo‘ldi hadaf, yor-yor,
Ishqi o‘ti ayladi jonni talaf, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, boda ichar, yor-yor,
Qomatig‘a hurlar hulla bichar, yor-yor.

Ze — zabaru zer erur charxu falak, yor-yor,
Husningga oshiq erur huru malak, yor-yor,
Hukmunga farmonpazir murg‘u samak, yor-yor,
Sanga fido aylaram harna kerak, yor yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, koni hayo, yor-yor,
Emdi hamul va’dag‘a ayla vafo, yor-yor.

Sin — safari sa’dga yaxshi nafas, yor-yor,
Noqa xirom etmog‘i savti jaras, yor-yor,
Bo‘lmadi ko‘ngul qushi bandi qafas, yor-yor,
Xurram o‘lub charx uza yetti havas, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, naqshi nigin, yor-yor,
Hasrat aro qon bo‘lub nofai Chin, yor-yor.

Shin — shakarin lablari Xizr suyi, yor-yor
Balki aning rutbasi bo‘ldi quyi, yor-yor,
Bo‘ldi xijil xattidin mushk bo‘yi, yor-yor,
Yendi o‘tum dudidin charx uyi, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan xanda dahan, yor-yor,
Ikki labi lutfdin bargi suman, yor-yor.

Sod — sabohat yuzi erdi quyosh, yor-yor,
Ohim o‘ti uchquni ko‘kka tutosh, yor-yor,
Jonni halok ayladi ul qora qosh, yor-yor,
Ko‘nglum iki ko‘zig‘a bo‘ldi talosh, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, Layli nasab, yor-yor.
Kelki, jununluq manga bo‘ldi sabab, yor-yor.

Zod — ziyo ayladi yuzlaridin, yor-yor,
Tomdi shakar sharbati so‘zlaridin, yor-yor,
Tortti xijolat kiyik ko‘zlaridin, yor-yor,
Chiqti saodat kuni o‘zlaridin, yor-yor.
Hay—hay o‘lan, jon o‘lan, turfa chaman, yor-yor,
Og‘zi aro tishlari durri Adan, yor-yor.

Te — talab yo‘lida xor ko‘ngul, yor-yor,
Vaslg‘a yetmak uchun zor ko‘ngul, yor-yor,
Qilmadi ko‘z yoshidin or ko‘ngul, yor-yor,
Qo‘ymady faryodidin tor ko‘ngul, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xirmani gul, yor-yor,
Zulfini qullobidin bo‘ynima g‘ul yor-yor.

Ze — zafar topti jon rohi bilan, yor-yor,
Kosh ichar bodaii shohi bilan, yor-yor,
Bo‘lsa edi holadek mohi bilan, yor-yor,
Rangi qolur tobakay kohi bilan, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, ruhfizo, yor-yor,
Hasratida barcha el bo‘ldi gado, yor-yor.

Ayn — aziz aylagan tangri azal, yor-yor,
La’li takallum aro qandu asal, yor-yor,
Husnunga topilmag‘ay hech xalal, yor-yor,
Yusufi soniy sanga bo‘ldi masal, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shohi jahon yor-yor,
Furqatida ko‘nglumi ayladi qon yor-yor.

G‘ayn — g‘aming o‘rtadi jism ila jon, yor-yor,
Hajring aro holatim bo‘ldi yamon, yor-yor,
Ishq ko‘zum ashkini etti ravon, yor-yor,
Shomu sahar aylaram ohu fig‘on, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shirin-shakar, yor-yor,
Bo‘ldi o‘timdin jahon zeru zabar, yor-yor.

Fe — falaki zulmgar ishi jafo, yor-yor,
Hech kishiga etmadi mehru vafo, yor-yor,
Bir-biridan barchani qildi judo, yor-yor,
Qetti bu ohim o‘ti so‘yi samo, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, sohibqiron, yor-yor,
Bag‘rimi qon aylagan oshubi jon, yor-yor.

Qof — qamar yuzlugim jilva qilib, yor-yor,
Ketti yolg‘uzini o‘tg‘a solib yor-yor,
Munda meni tashlabon, ko‘nglum olib, yor-yor,
Dardu g‘ami o‘rtadi, shavqi qolib, yor-yor.
Hay-hay o‘lan jon o‘lan, oh netay, yor-yor,
Ishq o‘ti dardidin qayda ketay, yor-yor.

Kof — kaloming seni koni karam, yor-yor,
Husnu malohatlaring bog‘i Eram, yor-yor,
Nolada ko‘nglum qushi murg‘i haram, yor-yor,
Ishqda kuymaklig‘im yozdi qalam, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, kuydi ko‘ngul, yor-yor.
La’l labing xolini suydi ko‘ngul, yor-yor.

Lom — labing sharbati kavsar emish, yor-yor,
Og‘zing aro tishlaring gavhar emish, yor-yor,
Xol yuzing bog‘ida anbar emish, yor-yor,
Anda savodi xating daftar emish, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, lola qabo, yor-yor,
Shavqing ila tortaman savtu navo, yor-yor.

Mim — muhabbatdin ul chashmai g‘am, yor-yor,
Mavj aro seldek bahri alam, yor-yor,
Yig‘lar ila diydada qolmadi nam, yor-yor,
Bordi ko‘ngul dard ila mulki adam, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, xush tarabing, yor-yor,
Ayladi qon bag‘rimi g‘uncha labing, yor-yor.

Nun — na bilur dardimi olam eli, yor-yor,
Hech sahar esmadi vasl yeli, yor-yor,
Ohu navo naxlini sindi beli, yor-yor,
Jon qo‘shini nolada lol tili, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, husni quyosh yor-yor,
Ohim o‘ti charxga bo‘ldi tutosh, yor-yor.

Vov — vafo ahli yo‘q ikki jahon, yor-yor,
Oncha talab ayladim yaxshi-yamon, yor-yor,
Barcha parizodlar ofati jon, yor-yor,
Hech kishi bu darddin topmas amon, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, Zuhra jabin, yor-yor,
Bo‘ldi ko‘ngul qushlari nola hazin, yor-yor.

He — hama ishq o‘tidin bo‘ldi fano, yor-yor,
Garchi jahon shohidur etti gado, yor-yor,
Bulbul etib gul uchun savtu navo, yor-yor,
Boshig‘a ushshoqni tushti balo, yor-yor,
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, shahdu shakar, yor-yor,
Ishq o‘tidin jonima xavfu xatar, yor-yor.

Lomalif — loladek dog‘im ochar, yor-yor,
Ko‘zdagi qon yoshlarim ko‘kka sochar, yor-yor,
Ohim o‘ti dudidin barcha qochar yor-yor,
G‘uncha sifat ko‘nglumi vasli ochar, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, jon havasi, yor-yor,
Sensiz o‘lub choklar tan qafasi, yor-yor.

Yo — yuborib nomalar jon qushidin, yor-yor,
Kelmadi so‘z la’lining xomushidin, yor-yor,
Ko‘ngluma (g‘am) yuzladi tush-tushidin, yor-yor,
Yezdi bu Mahjurkim, behushidin, yor-yor.
Hay-hay o‘lan, jon o‘lan, g‘amza nazar, yor-yor,
Bodi sabo vasldin berdi xabar, yor-yor.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.