Zoriy taxallusli shoirning asli oti Usmonxo‘ja bo‘lib, u Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Uning biografiyasiga oid to‘la ma’lumotga ega emasmiz.
Zoriy XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotining demokratik yo‘nalishiga yondoshgan shoirlardan biridir. Bu yo‘nalishning yirik vakillari Muqimiy, Zavqiylar bilan yaqindan do‘stlashgan shoir Zoriy ularning ta’sirida bo‘ladi: u go‘zal lirik g‘azal, muxammaslar bilan bir qatorda, birmuncha satirik xarakterdagi asarlar yaratadi.
Zoriy asarlarining hammasi hozircha to‘planmagan, 1956 yil, 10 son «Sharq Yulduzi» jurnalida shoir Sobir Abdulla Zoriyning hayotiga oid ba’zibir ma’lumotlarni, shuningdek, uning birnecha g‘azal va muxammaslarini e’lon qildi.
Zoriy ijodidan namunalarni tayyorlashda biz shu jurnalga, hamda Sobir Abdulla qo‘lida saqlanayotgan, matbuotda e’lon qilinmagan materiallarga asoslandik.
G‘AZALLAR
Sabo mundin borib mahbubima, ey yor deb, ayting,
Yo‘lingda mubtaloyu senga arzi bor deb, ayting.
Yutub hijron g‘amini kecha-kunduz, anda toqat yo‘q,
Yuragi chok-choku siynasi afgor deb, ayting.
Tarahhum qilmayin, anga tazallum aylasang, jono,
Yorug‘ dunyoda oni yurmagi dushvor deb, ayting.
Xirom aylab gahi yuz jilvai noz ila o‘tganda
Takallum aylasang bir daf’a, minnatdor deb, ayting.
Tariqi oshnolik bo‘yla bo‘lsa ushbu olamda
Muhabbatdan dam urmoq barchasi bekor deb, ayting.
Zamona mardumi, ey dilbaro, af’olidur ma’lum,
Raqib ahlig‘a sirni qilmag‘il izhor deb, ayting.
Yo‘l uzra domini qo‘ygan harif sayyodlar ko‘pdur,
Kelolmaydur, ko‘ralmas, naylasun nochor deb, ayting.
Jafoyu javr ila oshiq ishi mundog‘ o‘tar bo‘lsa,
Tushar boshiga go‘yo gumbazi davvor deb, ayting.
O‘qub bu arzi ahvolim, jafojo‘ qilmasa bovar,
Sanga qul bo‘lganiga shu xati iqror deb, ayting.
Harimiy vaslinga lutf aylabon qilsang edi mahram,
Visoling birla bo‘lg‘ay oshiqing sarshor deb, ayting.
Muhabbatnoma yozdi, aylabon Zoriy tavallolar,
Iloji bo‘lsa qilg‘il bo‘yningga tummor, deb ayting.
* * *
Mening bir laylivash aqlimni olgan gul uzorimdur,
Ani sha’niga yozgan ushbu majnunlik shiorimdur.
Oqarg‘on suv demang, yo bahr emas, har dashtu sahroda,
G‘ubori maqdami rohiga tushgan ashkborimdur.
Qaro kokil emasdur, mahvashim boshinda chirmolg‘on,
Yetolmay vaslig‘a har dam qoraygan ro‘zgorimdur.
Qizargan gul emas har bog‘ aro bir guliston ichra,
Tunu-kun yorning hajrinda chashmi xun nisorimdur.
Tafakkur aylamanglar dilbarim oq yuzdagi xolin,
Qolib shomi firoqi ichra ko‘ksi dog‘dorimdur.
Nasim ermas saharlar tegsa gul yaprog‘i tebratgan,
Shitob aylab chamanzora o‘tan, chobuksuvorimdur.
Ko‘runsa shu’laikim, barq deb oni xayol etmang,
O‘t ermas yashnagan, jismimda mavj urgan sharorimdur.
Demang ravzan qayu joyimda nogah ko‘rsangiz so‘rox,
Shigof etgan tanim novak bilan xanjar guzorimdur.
Menga bir jur’ai jomi muhabbatdin karam qilsa,
Ani no‘sh aylasam, ey do‘stlar, daf’i xumorimdur.
Nasihat bergan erdi, chiqma rahdin deb, necha xo‘blar,
Alar so‘zi hamisha manga oltun go‘shvorimdur.
Bu yerda Zoriyi axgarning elga e’tibori yo‘q,
Musofirdek yurarman munda, garchi o‘z diyorimdur.
MUXAMMASLAR
LAXTUN HAQIDA HAJV
Sinib Bektor, yana sindingmi sen ham, onag‘ar Laxtun*,
Nega mardum pulidin qilmading aslo hazar Laxtun,
Kishining aqchasiga muncha qilding izzu far Laxtun,
Bosib tur, yo tag ur deb, keldimu senga xabar Laxtun,
Etakni bar urib, oqshom turib qochgil badar Laxtun.
Qachon lax-laxki sinding, xalq boshinga yig‘ilganda,
Yana pulmastlar bo‘yla bo‘lan holingni bilganda,
Saroyu rastalardin yaxshilar oldingga kelganda,
Hayonxo‘rlik ko‘rub bu holni, bag‘ri ezilganda,
Ko‘yub, mayli degan boshinda, qorningga no‘qar Laxtun.
Sanga pul berdilar, sotib tegirmon, bog‘lar qolmay,
Alarning dastidan bosh qashmaqa tirnog‘lar qolmay,
Yedilar ich etin, jismida qitmol yog‘lar qolmay,
Ketib shahboz xayli, keldi sendek zog‘lar qolmay,
O‘yinchi modalarga juft o‘lub, yovvoyi nar Laxtun.
Adadsiz aqcha bermish aksar odamlar bo‘lub hushhol,
Yana bir odami eskifurush ham bo‘ldi forig‘bol,
Alarning ba’zisi pul dardi birlan vazn bir misqol,
Sabab bo‘lmish o‘shal sudxo‘rlarga ul Qosim dallol,
Xo‘rakni aylading halqumiga emdi zahar, Laxtun.
Ziyod o‘xshaydi qarzinig elga boqsa olti lakdan ham,
Tiyin olganmiding ul Andijon ahli, bo‘lakdan ham,
Bale, ayyorlik ilmida o‘tkarding Kamakdan ham,
Xarob o‘lding axiri, lafkada singan chalakdan ham,
Agar Bektor yo‘qolsa, anga bo‘lgil hamsafar Laxtun.
Pul olmishsan yana bechora, nodon sartaroshidin,
Sotib yig‘mish ekan har to‘yda tushgan nonu oshidin,
Ayurding el arosinda aning ham ikki qoshidin,
Qilur avqoti bo‘ldi jum’a kun eshoni doshidin,
Budur qasdi, seni ham o‘z qo‘li birlan kesar Laxtun.
Tan olma gardaninga, aqling o‘lsa, bir mirini ham,
Iloji bo‘lsa boz ol, aqchasin qo‘yma, jirini ham,
Otang ham kelsa aslo qilma ro‘yi xotirini ham,
Qo‘liga bermagil tanzil debon uchdin birini ham,
«Pashol» deb, to‘g‘ri kelganlarni ko‘ksidan itar Laxtun.
Avaldin xomtama’larga agar qilsang edi shafqat,
Berurdi yaxshilar, sabr aylasang o‘n yilgacha fursat,
Muningdek qilmasang, bu xalqdin ko‘rgay eding hurmat,
Bo‘lar ish bo‘ldi, emdi ol borib puldordin muhlat,
Dam olgay kunda, to boshiga kelguncha tabar, Laxtun.
__________________
* Bektor, Laxtun so‘zlari ruscha Viktor, Lyaxtin so‘zlarining buzilgan shakllari.
* * *
Tegsa g‘amiki kimsaga andin hayo qochar,
Ko‘ngli chirog‘i yonmasu dildin ziyo qochar,
A’moi dil siyoni qo‘lidin aso qochar,
Muflis elini xor ko‘rib, ag‘niyo qochar,
Har kimda sidq yo‘q valiyu avliyo qochar.
Arz aylayin, soling quloq, siz ey yaxshilar,
So‘zingda mag‘z yo‘q debon qilmangiz hazar,
Bo‘ldi kabob jabru sitam o‘tiga jigar,
Holim ko‘rub degay, hama rasvoiy rahguzar,
Boqmas yuzimga ko‘rsa, turub oshno qochar.
Naylay zamona xalqlari to‘g‘ri yurmasa,
Dono yuzini jonu dili birla ko‘rmasa,
Parvonadek o‘zini borib shamga urmasa,
Yaxshi suxanlar oni dahonida turmasa,
Bul ham masalki «Itli eshikdin gado qochar».
* * *
Holi dilimni so‘rtali, ey simtanim, kel,
Ey simtanu zolimu bedod fanim kel,
Bedod fanu kokili mushki xo‘tanim kel,
Shahboz boqishlik sanami, gulbadanim kel,
Ming va’da qilib, birga vafo qilmaganim kel.
Kipriklari o‘q, qoshlari yo, ko‘zlari bodom,
Ruxsori qo‘yosh, tishlari dur, lablari gulfom,
Ketdi meni motamzadadin sabr ila orom,
G‘am kunjida faryod ila derman mani badnom:
Ey mehru muhabbat ravishin bilmaganim kel.
To volai ul Laylii Shirin suxan o‘ldim,
Majnun sifat ovorai dashti Xo‘tan o‘ldim,
Navmid tamannoi g‘aribi vatan o‘ldim,
Ya’qub kabi sokini baytul-hazan o‘ldim,
Tangri uchun, ey Yusufi gul piraxanim, kel.
Bu yor menga dardu baloyu sitam o‘lmish,
G‘am hamdamu munis menga ranju alam o‘lmish,
Mehnat yukidin naxli qadim emdi xam o‘lmish,
Jon qofilasi ozimi mulki adam o‘lmish,
Ey orzui jonu talabgori tanim kel.
Hijron ila yoshimni ravon aylamasangchi,
Ozor ila bag‘rim to‘la qon aylamasangchi,
G‘am o‘qiga ko‘ksimni nishon aylamasangchi,
Oxir mani rasvoiy jahon aylamasangchi,
Bir lafz vafo ilmini o‘rganmaganim, kel.
Ey sho‘xi pari chehra, manga ko‘p sitam etding,
Vobastai zanjiri baloyu alam etding,
Dushmanlara yuz mehru vafoyu karam etding,
Netdim, mani bechorani pomoli g‘am etding,
Ey bir manga ming jabru jafo aylaganim, kel.
Ey qomati sarvu, yuzi gul, ko‘zlari shahlo,
Oraz qamaru, g‘uncha og‘izli, tani zebo,
Xat sunbuli tar, la’li labi rashki masiho,
Bir kun demading men kabi dilxastani aslo
Ey oshiqi bechorai mehnat chekanim kel.
MUSADDAS
Dahr ichida sho‘xi gulruxsor, sensiz naylayin,
Iltifoting bo‘lmasa izhor, sensiz naylayin,
Hajr, ila doim tanim afgor, sensiz naylayin,
Ko‘rmasam holim bo‘lur dushvor, sensiz naylayin,
Yor, sensiz naylayin, dildor, sensiz naylayin,
Yetkali vaslingga men nochor, sensiz naylayin.
Toliim bo‘ldi zabun yo bilmadim baxtim qaro,
Shum raqiblardin tushar boshimga yuz ming mojaro,
Tig‘i hijronda tanim majruhdur, ko‘ksim yaro,
Charx davrinda yurubdurman, chunon motamsaro,
Yor, sensiz naylayin, dildor, sensiz naylayin,
Yetkali vaslingga men nochor, sensiz naylayin.
Bormukin ushbu jahon ichra menga bir g‘amgusor,
So‘rmagay holimni hargiz oshno, xeshu tabor,
Vosil o‘lmoq senga, jono, menda yo‘qdur ixtiyor,
Bir tarahhum qilmasang men telbaga ey guluzor,
Yor, sensiz naylayin, dildor, sensiz naylayin,
Yetkali vaslingga men nochor, sensiz naylayin.
Mohvashlar ichra bormi sen kabi nozik miyon,
Ko‘zlari jallodi oshiqkush mijang misli sinon,
Gul yuzing ko‘rganda bo‘lmish g‘unchalarning bag‘ri qon,
Kecha-kunduz fikri yoding birla rangim za’faron,
Yor, sensiz naylayin, dildor, sensiz naylayin,
Yetkali vaslinga men nochor, sensiz naylayin.
Bir yo‘li holing nechun deb, yor yo‘qlab kelmasang,
Doimo ag‘yor ila, bizlarni ko‘zga ilmasang,
Xo‘p jafojo‘san, vafo rasmini hargiz bilmasang,
Zoriyi bechoraga bir zarra parvo qilmasang,
Yor, sensiz naylayin, dildor, sensiz naylayin,
Yetgali vaslingga men nochor, sensiz naylayin.