Abdulla Avloniy (1878.12.7 - Toshkent - 1934.24.8) - ma’rifatparvar, jurnalist, davlat va jamoat arbobi. To‘quvchi oilasida tug‘ilgan. Maktabxona va madrasada o‘qigan (1885—95). 1906 yildan she’rlari bilan matbuotda qatnasha boshlagan. Arab, fors, rus tillarini o‘rganib, bu tillarda ijod qilgan mutafakkirlarning asarlarini o‘qigan, ba’zilari (masalan L. Tolstoy, K. D. Ushinskiy asarlari)ni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1906 yil «Taraqqiy», 1907 yil o‘z uyida (Toshkentda) «Shuhrat» gazetalarini chiqargan. Bu gazetalar yopib qo‘yilgach, 1908 yil yashirin ravishda «Osiyo» gazetasini nashr etdi. 6-sonidan so‘ng hukumat bu gazetani ham taqiqlab qo‘ygan. Shundan so‘ng Avloniy ilg‘or g‘oyalarni maktab orqali xalqqa tarqatishga harakat qildi: Toshkent shahrining Mirobod mahallasida mahalliy aholi bolalari uchun yangi usul maktabi ochib (1908), o‘zi ona tili va adabiyotdan daryo berdi. 1909 yil «Jamiyati xayriya» tuzib, yetim bolalarni o‘qitgan. Shundan keyin Avloniy Toshkentning Degrez mahallasida ikki sinfli maktab ochgan (1912). Bu maktabda dunyoviy fanlar o‘qitilishi bilan maktabxonalardan farq qilgan.
Avloniy yangi maktablar uchun ko‘llanma va o‘qish kitoblar yozib, nashr qildirgan [mas, «Birinchi muallim», 1911; «Ikkinchi muallim», 1912; «Turkiy guliston yoxud axloq» , 1913; 4 juzd (qism)li «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» to‘plami, 1909—15; «Maktab gulistoni», 1915; «Mardikorlar ashuvlasi», 1917 va b.]. Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxo‘jaev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xo‘jaev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan birgalikda «Nashriyot» (1914), «Maktab» (1916) shirkatlarini tashkil etgan.
Avloniy xalq ongini oshirish uchun teatr san’atidan ham foydalangan. U 1913 yilda «Turkiston» nomli teatr truppasini tashkil etishda va uning ishida faol qatnashgan. 1910—16 yillarda bir qancha sahna asarlarini tarjima qildi va o‘zi sahnalashtirdi. Avloniyning sahna asarlari Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Xo‘jand kabi shaharlarda ko‘yilgan. Bu asarlarda 20-asr boshlaridagi Turkiston hayotining keng manzaralari o‘z ifodasini topgan. Avloniy truppasida Mannon Uyg‘ur tarbiya topgan; truppa bilan Hamza, Ozarbayjon dramaturglari Uzayr Hojibekov, S. Ruhullo hamkorlikda bo‘lgan. Oktyabr to‘ntarishidan keyin xalqqa va’da qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida tushkunlikning paydo bo‘lishiga olib keldi («Xafalik soatda» she’ri, 1919).
Avloniy 1917 yilda «Turon» gazetasini nashr qildi. Gazetada siyosiy va ijtimoiy voqealar yoritilgan. 1918 yil Avloniy «Ishtirokiyun» gazetasini tashkil etishda qatnashdi va uning muharriri bo‘ldi. 1919—20 yillarda Sho‘ro hukumatining Afg‘onistondagi siyosiy vakili va konsuli. «Kasabachilik harakati» jurnali bosh muharriri (1921). 1921 yildan Avloniy maktablar ochish, xalqni savodxon qilish, o‘zbek xotin-qizlarini o‘qitish, o‘qituvchilar va ziyoli kadrlar tayyorlash ishlari bilan shug‘ullandi. U Eski shahardagi xotin-qizlar va erlar maorif bilim yurtlari (inproslar)da mudir (1923—24), Toshkent harbiy maktabida o‘qituvchi (1924—29). 1930—34 yillarda O‘rta Osiyo universiteti til va adabiyot kafedrasi mudiri, profesoor. Shu davrda u o‘zbek maktablarining 7-sinfi uchun «Adabiyot xrestomatiyasi» tuzib, nashr ettirdi (1933).
Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chig‘aboy, Abdulhaq taxalluslari bilan tanqidiy va ilmiy maqola, 4000 misradan ortiq she’r ijod qilgan.
“ADABIYOT YOXUD MILLIY SHE’RLAR”dan
HAMD
Sanoyi hamd behad rabbanog‘a,
Durudu beadad haq mustafog‘a.
Xudoning rahmati bo‘lsun damodam,
Suyar yori aning to‘rt rahnamog‘a.
Abu Bakru Umar, Usmon, Haydar,
Hasan birla Husayni Karbalog‘a.
Aning avlodi ashobig‘a rahmat,
Yana hobi rasuli mujtabog‘a.
Yog‘ulsin doimo boroni rahmat,
Jamii ahli sunnat oshnog‘a.
Iloho, qilmag‘il xotir parishon,
Tutundim man bu kun bir ibtidog‘a.
Xayolim lavhi ko‘rsatmakda bir naqsh,
Habibning hurmati yetkur baqog‘a.
Nafas tori bilan jon rastasidan
Qo‘shay ovoz bir millat sadog‘a.
Kecha-kunduz g‘ami millatda. Hijron,
Gado, chun chang urur qimmatbahog‘a.
BIZ, MILLAT
Na xo‘rliq, na kasolat?—Doimo afgor biz, millat,
Hama gul dasta qilsa, ne terarmiz?—Xor, biz, millat.
Jaholat qaziyasi do‘ndurdi istiqboli rif’atdan,
Ma’oz-illoki, na iqror, na inkor—biz, millat.
Tutub selobi g‘aflat mavji g‘amg‘a tashladi, hayhot,
Jahon Jayhunlarig‘a to‘‘mai tayyor—biz, millat.
Tamaddunfeshalikdan o‘zgalar ruhi mujassamdur,
Hayota qobil ermas, surati devor—biz, millat.
Hama ilmu hunar asbobini olmaqni istarsa,
Chafon, chalma, riyo sotmoqg‘a xo‘b tujjor—biz, millat.
Tafakkur soyasida o‘zgalar shahdu shakar yersa,
Tururmiz baqrayib har go‘shada bekor—biz, millat.
Mayu minosini tark aylasa ag‘yor, bizlar, oh,
Ichib jomi jaholatdan, hamisha zor—biz, millat.
Hama kasbu kamolot etsa hosil ilm-fan birla,
Shifirguchi, yamoqchi, xayrchi—ko‘b xor—biz, millat.
Taqozoyi zamon, har jins kiysa jismig‘a loyiq,
Qilib qof-xaltadan ko‘lmak-chopon—beor—biz, millat.
O‘zi bilmas, sani dushman, sani johil bilur, Hijron,
Hayotu ruh kerakmas—jismidan bezor—biz, millat.
MAKTAB HAQINDA
Biling, o‘g‘lonlarim, sizlarni g‘amdan qutqarur maktab,
Siroti mustaqim, rohi adamdan qutqarur maktab,
Maishat bobida ranju alamdan qutqarur maktab,
Hayotu ruha dushman jahli samdan qutqarur maktab,
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab.
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
Taraddud birla doim dur oling daryoi maktabdan,
Tering jon rastasig‘a xo‘b zabarjadhoyi maktabdan,
Topar maqsudini har kim qidirsa loyi maktabdan,
Umidim shul, jo‘juqlar, uzmasanglar poyi maqtabdan—
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab,
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
Cholishmaq birla doim to lahad borguncha ilm ista,
Hadisi mustafodir: Shahri Chin borguncha ilm ista,
Sihatsan to badang‘a harfi mad borguncha ilm ista,
Qo‘yub ohista-ohista qadam, borguncha ilm ista,
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab,
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
Jahonda barcha ne’matdan laziz ilm o‘lmasa, nedir,
Hunar bog‘ida tubi qad aziz ilm o‘lmasa, nedir,
Nasimi mushki totori tamiz ilm o‘lmasa, nedir,
Gulob, tarbiyati jahli mariz ilm o‘lmasa, nedir.
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab,
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
Hama xursandlikni ma’danidur ilm, ey o‘g‘lon,
Hama fazlu karamni manbaidur ilm, ey o‘g‘lon,
Hama xo‘blarni xo‘bin maskanidir ilm, ey o‘g‘lon,
Hama islom elini masnadidur ilm, ey o‘g‘lon,
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab,
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
Takabburlar qatorida havog‘a bo‘lmasang mag‘rur,
Dutoru tanburu changu navog‘a bo‘lmasang mag‘rur,
Taraddud vaqtida bazmu kazog‘a bo‘lmasang mag‘rur,
Bo‘lib hajrida Hijron mahliqog‘a bo‘lmasang mag‘rur,
Qo‘lingga bir kuni muhri Sulaymonni berur maktab,
Shahodatnomai firdavsi g‘ilmonni berur maktab.
FALAK KAJRAV, YO RAB
Falak kajrav bizi ag‘fola aylandurdimu, yo rab,
Va yo xurshidi nuri ko‘zlari tindirdimu, yo rab,
Qamar qon og‘latib bizlarg‘a nuqson verdimu, yo rab,
Taajjub, yulduzi iqbolimiz g‘am erdimu, yo rab,
Tutub abri jaholat bizni pinhon qildimu, yo rab.
Tamoman bizg‘a berdi yo zamin, yo osmon g‘aflat,
Havo berdi biza onjaq nasimi dilkushon g‘aflat,
Zamona nahri su o‘rnig‘a berdi, oh, qon g‘aflat,
Zimistoni jahonda bormu bizdek titragon g‘aflat,
Bahori tarbiyat bizlarg‘a to‘fon erdimu, yo rab.
Zamona ahli derlar bizni fandan bexabar, hayhot,
Ziroatdan, sanoatdan xabarsiz besamar, hayhot,
Qilib tark amrini sharr ishlayurmiz, alhazar, hayhot,
Hunarda posibon hammoldurmiz darbadar, hayhot,
Bu hikmatlar biza ro‘zi azaldan erdimu, yo rab.
Ulum ahli bo‘lub bir-birg‘a zid nafsonai sarxush,
Muallimlar usul atrofida parvonai sarxush,
Jo‘juqlar tarbiyatsiz, ilmdan begonadur sarxush,
Avomun-nos g‘iybat hosili afsonadur sarxush,
Eshon, so‘fi tama’ jomig‘a xo‘landirdimu, yo rab.
G‘anilar himmati to‘yu tamoshog‘a ketar, Hijron,
Zamona bo‘stoni, fasli gul yeldek o‘tar, Hijron,
Faqir bechora bulbuldek vatan g‘amda yotar, Hijron,
Boqing ahli basirat g‘uncha dilni chok etar, Hijron,
Jaholat jismimizg‘a xor o‘rnashtirdimu, yo rab.
ISTAMAS
Hech inson dunyoda faqru fanoni istamas,
Hech tan o‘z jonig‘a ranju baloni istamas.
Aylama pandu nasihat nokasa behudakim,
Qobiliyat bo‘lmasa, sharmu hayoni istamas.
Ilm rohidan adashgan besarupolar abas,
Bexabar kavnayndan, rohi hudoni istamas.
Mayli jannat aylamas diydoridan ummidvor,
Tolibi diydor emas, amri xudoni istamas.
Sidq ila shar’i payambarg‘a amal qilmaski ul,
Ro‘zi mahsharda Muhammad Mustafoni istamas.
Choriyori bosafog‘a har kishi munkir esa,
Ul Hasan birla Husayni Karbaloni istamas.
Har kishida bo‘lmasa ixlos hubbi xonadon,
Nuri chashmi Mustafo xayral-nisoni istamas.
Har kishini tab’ida gavharshinosi bo‘lmasa,
Qadri qimmat bilmasa, qimmatbahoni istamas.
Qimki ummattur, biling, har ishda payravliq qilur
Ayshu ishratdan kechub zavqu safoni istamas.
Ummat ersa har kishi millatni anduhin chekur,
Kimki Hijron bo‘lmasa, millat kazoni istamas.
USHBU «ADABIYOT»A TURKISTON AHLINDAN JAVOB
Afandim, bu sizing afg‘oningiz bizlarga kor etmaz,
Ocharga ko‘z qani bizda, imolar aslo or etmaz,
Xazon bo‘lg‘on gulistondur, gulini ixtiyor etmaz,
Sizingdek bing muxotib dodi-faryodi mador etmaz,
Nechuk chiqsun bu millat, g‘ayratu himmatni yor etmaz.
Qani er bizda uyqudan uyog‘, xotin qatorinda,
Dilu jonin jaholat qoplamish, yotmish mazorinda,
Nechuk ibrat olur jonsiz jamod ul qabri zorinda,
Na deb so‘z tinglayurkim, punba g‘aflatgo‘ shikorinda,
Nechun tursun bu g‘aflatdan tag‘oful e’tibor etmaz.
Bu jahliston eliga va’zlar kor etmagay, faryod,
Bu sangin dillari tepkular ozor etmagay, faryod,
Bu osiyo sangin ustida turpo ketmagay, faryod,
Bu ko‘histon dilini kahfi xobi bitmagay, faryod,
Yotar doim farog‘atda na nanggu or g‘or etmaz.
Bu mavhistonda bermas ibratu g‘ayrat samar, hayhot,
Hama yo‘l ko‘rsatuchilar tama’chi, darbadar, hayhot,
Bu fanlardan xabarsizdur, falaklar qars urar, hayhot,
Yahudu armani, lotishlar aylar alhazar, hayhot,
Abu Jahlu Yazidlar biz kabi millatni xor etmaz.
Taraqqiy yo‘lina tushsunmi yo shaxsisidan qolsun,
Fununu ilmdan ibrat desa, pul topmadan qolsun,
Maishat bobida pul topsinu o‘z jaybina solsun,
Boqub hirsi ila ta’rixa, Qorundan na deb qolsun,
Nasihat aqchasiz bu sangi dillarda qaror etmaz.
Yahudiylar kelib savdoni andak qismini oldi,
Shupurg‘uchi, yamoqchi, xayrchilik bizg‘a ham qoldi,
Yahudiylar ko‘rub turk ittifoqin aqldan toldi,
Yasab shirkat g‘anilar yig‘di pul, joyi asil qoldi,
Tanazzul iftiroq etmakda bizlar sharmu or etmaz.
Bu ko‘histong‘a maktabni solur, sahroyilarmu, oh,
Hunar birla funun tahsil etar qishloqilarmu, oh,
Muallim yetkarur kim? Bu qadim taryokilarmu, oh,
Madorislarni kim isloh edar, shalloqilarmu, oh,
G‘aribu bekasu bechorani odamqator etmaz.
G‘anilar o‘rtamizda bor, himmat nishlari burron,
Faqirlar jismili tishlab olurg‘a tishlari burron,
Xusumat aylamakda dildagi g‘ul-g‘ishlari burron,
Jamoat, xayrni buzmak uchun qirqishlari burron,
G‘ariblar jismig‘a bunday alamni zahri mor etmaz.
Biza lozim erur axloq ta’limig‘a bir o‘n yil,
Jaholat jomi bizdan tark o‘lur, gar kechsa besh-o‘n yil,
Ulumi ma’rifatdan to xabar topmak-la o‘n-o‘n yil,
Chirog‘i ilm uchun Hijron bo‘lub yotmakka yuz o‘n yil,
Agar bing yil nasihat yog‘gani-la sabzazor etmaz.
SADOQAT BIZDA YO'QDUR...
Sadoqat bizda yo‘qdur, demakim, yalg‘onimiz bordur,
Ulumu ma’rifatdan demakim, nuqsonimiz bordur.
Demakim, amri ma’ruf aylamakka bizda yo‘q bir kas,
Ki har bir to‘shai jome’da mashrabxonimiz bordur.
Mudarrislarda yo‘q isloh, deb(on) oh urma behuda,
Bo‘lur tahsil hosil, deb dalil yozg‘onimiz bordur.
Tabobat bobida bizdan muqaddam hech millat yo‘q,
Alaflardan davo qilg‘uvchi bing Luqmonimiz bordur.
Tijorat aylamakda pasda qolduk, deb yema anduh,
Tama’dan aqcha to‘plar milyoner eshonimiz bordur.
Hakimlik bizdadur onjaq, buni ag‘yor bilmas, oh,
Chibiqlar birla jin quvlar qasidaxonimiz bordir.
Bizim ham ilmu fandin bexabar, deb, aylama tahqir,
Tramvoydan tusholmay dumbaloq otqonimiz bordur.
Adab bobida tanho o‘zgalar lof urmasun, oxir,
Hazil o‘rnig‘a badnomu haqoratdonimiz bordur.
Muhandis bizda yo‘q, deb noraso so‘z demagil, notiq,
Sharorat tog‘ida mino topib olg‘onimiz bordur.
Safoni so‘fida, obidni mehrobida ko‘r, doim,
Ibodatni riyo aylar bizim shaytonimiz bordur.
Taajjublanma, Hijron, san, tag‘ofulpeshadur kajrav,
Yotar, yig‘lar, kular, ishlar — ajab davronimiz bordur.
OLAM ICHRA KO‘RMADIM...
Olam ichra ko‘rmadim kizbu xiyonatdan bo‘lak,
Mehru shafqat o‘rnig‘a shaxsiy adovatdan bo‘lak..
Hamshikamlar, hamnafaslardan farog‘at ko‘rmadim,
Oh, ko‘nglum pora-pora, dil jarohatdan bo‘lak.
Oshino yoru birodardan muqarrar chektim al,
Hech bir shay ko‘rmadim g‘iybat, haqoratdan bo‘lak.
Demak istarman xuruji Mahdii Iso qarib,
Uchramas bir shay ko‘za ayshu sharoratdan bo‘lak.
Shayxlar sayyod o‘lub, saydi murid o‘ldi, darig‘,
Zuhdu taqvoni na qilsunlar sayohatdan bo‘lak.
Ilm istarlar amaldin zarracha yo‘qtur nishon,
Istamaslar bir shayi nazru saxovatdan bo‘lak.
Millati islom uchun hech kimsa zahmat chekmasun,
Bizga onjaq yo‘q zarar zahmat hijolatdan bo‘lak.
Istama Hijron o‘lub nojinslardan daf’i g‘am,
Bu shajarlarda samar yo‘qtur jaholatdan bo‘lak.
AFSUS
Afsus, bizim dog‘ladi, yondurdi bu matlab,
Na tab’, na matbaamiz vor, na maktab,
Na ilmu na ta’limi qiroat, na murattab.
Hayhot, bizim qopladi, ko‘r jahli murakkab,
Ovorai sargashtai zor og‘ladik og‘lab.
Xodimlik o‘lubdur kecha-kunduz biza pesha,
Hosidlik o‘lub bir-birimiz birla hamisha,
Donandai fahmanda urur millata tesha,
Millat shajarinda na qolub shox, na resha,
Behosil o‘lub hosil, xor og‘ladik og‘lab.
Qo‘y zohid elin, go‘shada qilsunla(r) ibodat,
O‘z nafsina oroyish o‘lub solsun amorat,
Balki avzina topar mahshar kuni jannat,
Yo‘x onlari daxli tusha gar cho‘llara millat,
Shaxsilik ila aksari kor, og‘ladik og‘lab.
Qo‘y, boylaring holina etsunla(r) tijorat,
Pullarni qo‘yub bonkaya, topsunla(r) ijorat,
Faqr ahli edub bir-birina kizbu xiyonat,
Ismi o‘lan Isloma na maktab, na sinoat,
Pul pul qozonub, oxiri nor og‘ladik og‘lab.
Yo‘x zarracha, e voy, g‘anilar saxavoti,
Maktab so(l)sa bo‘lsunmi ani xarj manoti,
Ko‘rsatma alarga dinu millat xarajoti,
Ma’sum jo‘juq o‘ynaya bersun jasoti,
Cho‘b ota minub oxiri mor og‘ladik og‘lab.
Farmoyishi payg‘ambara bizlarda amal yo‘q,
Farzu vujubu sunnata bizlarda mahal yo‘q,
Millat ishini ishlamaga jahdu jadal yo‘q,
O‘lduk badaviy, bizda qavonini milal yo‘q,
Hosil ishimiz jurmi kibor og‘ladik og‘lab.
Sharbu maya oludadu(r) bizlarda javonlar,
Kanyak-la to‘lur vaqti safarda chamadonlar,
Suhbat yerimiz bo‘ldi numiru resturanlar,
Ko‘r, ko‘zlara, oh, uchramayur, g‘ayri fiyonlar,
Sargarm o‘lubon, dilda g‘ubor og‘ladik og‘lab.
Hojilari ko‘r, ishlari har yerda riyodur,
Olimlari ko‘r, domi tama’, kori ribodur,
Johillari ko‘r, kizbu xiyonatda jalodur,
Ojizlari ko‘r, zoru giriftori balodur,
Oluda o‘lub abri bahor og‘ladik og‘lab.
Har yerdaki, ilma bizi targ‘ib eta(r) mazhab,
Tahsili ulum etmaka bizda qani maktab,
Millat bolasi to o‘qusun — hal o‘la matlab,
Nokaslara Hijron o‘lubon, o‘lma muxotab,
Hayhot, jaholat biza yor, og‘ladik og‘lab.
NA’TI RASULI AKRAM
Ul kunki, erdi olami Islom beadib,
Insonlar edi kufru zalil ichra dilfirib,
Lotu Uzzoni vaqti xarobi edi qarib,
Islom uchun kerak edi bir rahnamo xatib,
Dunyo quchog‘ina sizi qildi xudo nasib,
Mavludingiz-la berdi ikki olamig‘a zeb,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Haq berdi sizga ul kuni lovlok xilqati,
Mo‘‘jiz uchun berib siza Furqon oyati,
Oyni ikkiga bo‘ldingiz aylab ishorati,
Ey, sohibi muassisi Islom millati,
Haqdin tilab hamisha gunohkor ummati,
Haq va’da qildi kavsaru jannat shafoati.
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Adlu adolat erdi hama kori boringiz,
Ummat debon kechur edi laylu nahoringiz,
Islom sabz ayladi fasli bahoringiz,
Serob qildi tashnalari shar’i joringiz,
Tutdi livoi shar’ingiz chahor yoringiz,
Bul kun g‘arib millatu biz intizoringiz,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Me’roja chorladi sizi qurbat uchun Jalil,
Oyat buyurdi masjidi Aqsog‘acha dalil,
Andin samog‘a boshladi qo‘lingizda(n) Jabroil,
Bo‘ldi sayohatingiz-la samo atri zanjabil,
Fazlu fasohatingiz-la malaklar edi xijil,
Topdi vujudingiz sharaf ayni salsabil,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Rif’at buyurdi haq sizi to‘qquz falaklara,
Payg‘ambar ayladi sizi insu malaklara,
Ummat g‘aminda bog‘ladingiz tosh yuraklara,
Haq jilva berdi siz bila sholu yifaklara,
Holi inoyatingizdan o‘tdiki bu mardumaklara,
Millat shafoat istadi bul kun tilaklara,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Ummat xatog‘a qildi jadal, qilmayur savob,
Millat xarobu hol xarobu vatan xarob,
Shar’i sharif ishlamayur holi iztirob,
Bulbul yerina qildi vatan bu zamon g‘arob,
Ilmu amalni o‘rniga ummat ichar sharob,
Dillar kabobu bag‘r kabobu yurak kabob.
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Ashobi shar’ bo‘ldi, ajab, zoru notavon,
Donanda lolu johil sharmanda—nuktadon,
Bog‘i fasod gulshanu millat guli—xazon,
So‘ldi guli shariatu bulbullari—nihon,
Ahkomi shar’ o‘rniga jahl o‘ldi hukmron,
Millatni bog‘i bekasu mahv o‘ldi bog‘bon,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
Bu na zamonki, millati holi zabundur,
Bug‘zu adovat o‘rtada haddin fuzundur,
Har kas o‘zining nafsi uchun sarnigundur,
Jahl o‘tina yonib dilimiz la’lgundur,
Ummat amalni tashladi, ko‘z yoshi xundur,
Hijron — biz, o‘zgalar hama sarvati funundur,
Sizdin tarahhum istayur Islom, yo habib,
Boq, ummatingiz(ni) holina bemor ham g‘arib.
ILM
Ilm bog‘inda bizam toza bakom o‘lmaliyuz,
Ilm gulzorina bulbul kabi rom o‘lmaliyuz,
Ilm vaslina xiradmandi xirom o‘lmaliyuz,
Ilm ila millati Isloma g‘ulom o‘lmaliyuz,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.
Ilm uchun bizga bo‘laklar kabi g‘ayrat lozim,
Ilm uchun bizga muallimlara diqqat lozim,
Ilm uchun bizga muruvvat bila himmat lozim,
Ilm uchun bizga taraddud bila xidmat lozim,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.
Ilmsizlarga jahonning keng uyi tor o‘ldi,
Ilmsizlarga zamon bermaki ozor o‘ldi,
Ilmsizlarga hama dardu alam yor o‘ldi,
Ilmsizlarga maishat yo‘li dushvor o‘ldi,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.
Ilmdur ikki jahon manzilining a’losi,
Ilmdur ikki jahon masnadining bolosi,
Ilmdur ikki jahon rohatining ma’vosi,
Ilmdur ikki jahon shavkatining barposi,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.
Ilm bir gavhari noyob, yo‘q o‘lmas, bitmas,
Ilm bir nuri ziyodurki, jilosi ketmas,
Ilm bir nuri ilohiy — kishini xor etmas,
Ilm bir quvvat erur — millatini mahv etmas,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.
Ilmsiz ushbu zamonlarda yashar kun bitdi,
Ilmsiz xobi kasolatda yotar kun ketdi,
Ilmsizlarni bilimlik yo‘q etar kun yetdi,
Ilmsizlik bizi, Hijron, yashatur kun o‘tdi,
Yashamak istar esak, ilma ravon o‘lmaliyuz,
Ilmsiz qolsak, asoratga nishon o‘lmaliyuz.