OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alixonto‘ra Sog‘uniy (1885-1936)

http://ziyouz.com/images/poets/alixontora_soguniy.jpgAlixonto‘ra Shokirxo‘ja o‘g‘li (taxallusi Sog‘uniy; 1885. 21.3, To‘qmoq — 1976.28.2, Toshkent) — din va jamoat arbobi, ulamo. Arabiston (Madina)da va Buxoro madrasalarida tahsil oldi. 
Chor ma’muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yili qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi, keyin Sharqiy Turkiston (G’ulja shahri)ga bordi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yili Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yili adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Alixonto‘ra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. 1946 yil iyunda sho‘ro ayg‘oqchilari tomonidan maxfiy ravishda tazyiq bilan G’uljadan olib chiqib ketilgan Alixonto‘ra umrining oxirigacha Toshkentda yashadi. 
Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoe», Darvish Ali Changiyning «Musiqa risolasi», shuningdek «Temur tuzuklari» kabi asarlarni tarjima qildi. Alixonto‘raning «Devoni Sog‘uniy» she’riy to‘plami, «Tarixi Muhammadiy», «Shifo ul-ilal» («Xastaliklar davosi») va b. asarlari bor. 
Alixonto‘ra tarixiy me’morlik obidalari va qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolishda jonkuyarlik qilgan. Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristoniga dafn etilgan. 
O’zbekiston mustaqillikka erishgach, Alixonto‘raning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi o‘rta maktabga, Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi. (O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasidan)


VATAN VA ILM YOKI YETTI YULDUZ

Eshit mendin Vatan o‘g‘li nasihat, 
Qabul qilsang kelur boshingga davlat. 
Jahon ko‘rgan qarining so‘zin olg‘il, 
Amal aylab, ani ko‘nglingga solg‘il. 
Yigitlik davrini ish vaqti deb bil, 
G’animatdir, kerak ishni bilib qil. 
Jahon xalqi o‘likdir yo tirikdir, 
Tirik yurgan ilmsizlar o‘likdir.

Hayot ichra urushmoq yo topishmoq, 
Ikkoviga zarurdir ilm o‘qimoq. 
Ilmsizlik nechuk qildi elingni, 
Ilm-chun bog‘lagil emdi belingni. 
Siyosatda agar bo‘lsang Temurdek, 
Yoqarsan ilmi yo‘qlarni ko‘mirdek. 
Ilmsizlar bo‘lur har ishda holsiz, 
Urushga kirsa bo‘lg‘aymu qurolsiz?

Ilm bilgil, tilin bil do‘stu dushman, 
Ikkovi bo‘lmasa bergay sena pand. 
O’qi har kancha bilsang, kuch ko‘rursai, 
Vale bir ishni qilsang kuch bo‘lursan. 
Ul ish ersa unutma o‘zligingni, 
Tanitkil barchaga o‘zbekligingni. 
Birovlar soyasida turma zinhor, 
Zaharlin sarkitidan totma zinhor.

Birovlar soyasida kun ko‘rishlik, 
Erur yaxshi u ish qilmay o‘lishlik. 
Vatan asli seningdur O’zbekiston, 
O’g‘uzdan kolmish erdi bu guliston. 
Vatan ahli Vatan merosxo‘ridur, 
Otadin kolsa mol farzandnikidur. 
Onadur bu — Vatan aslini so‘rsang, 
Seni tug‘mish budur, yaxshi tushunsang.

Chiqarmish sen uchun turlik yemishlar, 
Ko‘tarmish yelkasida yozu qishlar. 
Tiriklar bu Vatan bo‘yniga mingay, 
O’liklar ham aning qo‘yniga kirgay. 
Vatanni do‘st tutish imondan ermish, 
Oning-chun haq Rasuldin naql bo‘lmish. 
Vatanni sevmaganlar bizdin ermas, 
Buni kim bilmasa imonga kirmas.

Hayoting sharti bo‘ldi ilm o‘kimoq, 
Ilmsiz mumkin emasdir ko‘z ochmok, 
Qaro nag‘uvdir jahon boshdan-oyog‘i, 
Ilmdir doimiy yongan chirog‘i. 
Dema: «Vaqt o‘tdi, endi foyda bermas», 
Kishi oqil esa bu so‘zni qilmas. 
Agar bo‘lsa o‘qi o‘qdon ichinda, 
Bo‘lur sayd etsa vaqti kelganinda.

O’qur bo‘lsang o‘q urgaysan ko‘ziga, 
Asaldek bo‘lsa aldanmas so‘ziga. 
Kishi umri sanoqlikdur bilursan, 
Ani o‘lmaydi debmu shak qilursan. 
Jahonning turmushi har turlik ishdur, 
Ko‘rursankim, oxiri o‘zgarishdur. 
O’qir bo‘lsang jahonda bilim ko‘pdur, 
Kifoya qilmas, umring oz bo‘libdur.

Aziz umringni tanlab sarf qilgil 
Va lekin tarix ilmin ko‘p o‘qigil. 
Ulug‘ tarix egasi O’zbekiston, 
Qozog‘u, qirg‘izu ham Turkmaniston, 
O’qur bo‘lsang bilursan kimligingni, 
Unutmassan yana o‘zbekligingni. 
Buxoroda tug‘ildi Ibni Sino. 
Aningdek yo‘q edi kimmatli dono.

Buning ustozi erdi Nasri Forob, 
Bilay desang bularning tarixin top. 
Tug‘ulg‘on joyi erdi shahri O’tror, 
Bobo Arslon u yerda, bilsang ey yor. 
Burun Forob edi bu shahri O’tror, 
Unutma bu so‘zimni, ayla takror. 

Uchinchisi, Abu Rayhon erur, bil, 
Aning tarixin ayturman, eshitgil.
Erur Ibn Sinolar qatori, 
Zamondosh erur, ham erdi yori.
Tug‘ulg‘on joyidur Xorazm, bilsang, 
Tuganmas fazlini har qancha qilsang. 
Bularning har biri bir yuzdan ortiq, 
Yozibdurlar kitob uch yuzdin ortiq. 
Borini fan uza yozg‘on edilar, 
Jahon ahliga qolg‘izg‘on edilar. 
Eshitdikim, na qilmish bu uchovlon, 
Tug‘ulg‘on joylaridurkim Uzbekiston.
Alardin bu kitoblarkim qolibdur, 
Butun tillarga qolmay yo‘tkalibdur. 
Vale qolmish quruq, o‘z ahli andin, 
Ilmsiz bo‘lsa haydalg‘ay Vatandin.

Yana chiqqan bu joydin bir ulug‘ er, 
Bilur bo‘lsang, aning otin Temur der. 
Tug‘ilmishdur bu sher Shahrisabzda, 
Bilay desang aning tarixin izda.
Yigirma yetti markaz olmish erdi, 
Jahonni ostin-ustin qilmish erdi. 
O’zi tuzgan «Tuzukot»ni o‘qib ko‘r, 
Temur qandoq kishidur anda aytur. 
Jahonda o‘ttiz uch yil davr surgan, 
Emasdir hech urushda u yengilgan. 
Jahonda ko‘p bahodirlar o‘tibdur, 
Temurdek kahramonni kim ko‘ribdur?

Ikkinchi— Shohruh o‘g‘li Ulug‘bek, 
Ilmda hech kim bo‘lmadi aningdek. 
Samarqandda munajjimxona soldi, 
Rasadxona degan joyni u qildi. 
Hisobu handasa ilmiga omil, 
Funun hay’at ichida erdi komil. 
Shuning-chun «Zij Ko‘ragonni» u yozdi, 
To‘liqlab hay’at ilmini chiqozdi. 
Jahon xalqi Ulug‘bekni ulug‘lar, 
Bo‘lib olimlari har yerda so‘zlar. 

Uchinchi dohiy erdi Mirzo Bobur, 
Siyosat bobida ko‘p erdi mohir. 
Ilmni ham siyosatni olibdur, 
Kitob yozib o‘z otin qoldiribdur. 
Nabira bo‘lg‘usi Sohibqirong‘a, 
Etar besh ota birlan kahramong‘a. 
O’qib ko‘rsang, uning yozg‘on kitobin, 
Bilursan, shunda ul qandoq ekonin. 
Bilay desang, oning qo‘l yozmasi bor, 
O’qib ko‘r, izla, «Boburnoma»si bor. 
O’qib, yod ayla «Boburnoma»ni san, 
Anik o‘zbek tilin shunda bilursan. 

Yana aytay, Alisher Navoiy, 
Ulug‘ o‘zbek elining rahnamoi. 
Quyosh yonglik, desam ham yolg‘on ermas, 
Tushunganlar, bu noto‘g‘ri, deyolmas. 
To‘liq oy oz erur vasfin qilurda, 
Etolmas bizga foyda yetkirurda. 
Biza bu er ulug‘ xizmat qilibdur, 
Tugamas yaxshilikni qoldiribdur. 
Otasi ul erur o‘zbek tilini, 
Kishi bilmas oning bilganlarini. 
Zamona tillarin yaxshi bilurdi 
Va lekin o‘z tilin ortiq ko‘rurdi. 
Na yozdi ersa, yozmish turk tilida, 
O’z elin o‘ylamish bu qilg‘onida. 
Agar bul bo‘lmasa, til kim bilurdi, 
Oning qilg‘on ishini kim qilurdi?!' 
Agar ul kutmasa o‘zbek tilini, 
Bilolmas erdi hech kim borlig‘ini. 
Unutsa o‘z tilin har qaysi millat, 
Xiyonatdur, kechilmas bu xiyonat. 
Bu ishdin kutkargan bizni Navoiy, 
Aning ruhini shod ayla ilohi. 

Agar qadrig‘a yetsa O’zbekiston, 
Atab nomig‘a qilsun bog‘u bo‘ston. 
Sifatin ayladim bu yetti erning — 
Bari o‘g‘loni edilar bu yerning. 
Falak ustida yetti yulduz o‘xshash, 
Bulardin ibrat olsin har qari — yosh. 
Kel, ey Sog‘uniy so‘zni ko‘p uzotma, 
Ko‘zing och, uyg‘onib g‘aflatda yotma,
O’tibdur barcha umring dardu g‘amda, 
G’animatdur na qilsang ham shu damda. 
Yoshing yetmishdin o‘tmishdur, na chora, 
Ko‘ngil xalq kayg‘usidin pora-pora. 
Ayiruv bo‘lsalar jonimni shandin, 
Vatanning amralmas sevgisi mandin. 
Degaylar: Yetti qat bu yerni bilsang, 
Chuqur o‘ylab qara, yaxshi tushunsang. 
Bobolar so‘ngagi bir qat bo‘lubdur, 
Bularning tanlaridin yer to‘libdur.
Ona deydur: Vatanni ondin ortiq, 
Bilursang, senga sut bergandin ortiq. 
Bosarsan yelkasiga, yurganingda, 
Quchog‘ida yotursan o‘lganingda. 
Vatanni saqlamabdur qaysi inson, 
Ko‘rar turlik balolarni u hayvon. 
Ota merosimizdur O’zbekiston, 
Yetkandur bizga emdi bu guliston. 
Vatandin ajradi-o‘ldi, demakdur, 
Boqib dushmanga, termuldi, demakdur.

1962 yil, 26 fevral. Toshkent shahri


BORMIKAN?

Biz qamaldik bu temir qo‘rg‘on ichida ingranib,
Bu zulm ko‘rg‘on qopusin sindirar kun bormikan?
Barcha olam yo‘llari ochiq erur, bizga yopiq,
Ey Xudo, haj yo‘li bizlarga ochiq kun bormikan?
Barcha olam ahli o‘z maqsadlarini topdilar,
O’zbekiston xalqiga bu ish bo‘lar kun bormikan?
Ruslar bosdi Vatanni, kopladi seldek kelib,
Bu falokatdan, Xudoyo, qutular kun bormikan?
Sog‘uniy darddin ezildi, bu Vatanning dardida,
Kim bilur, bu dardima darmon topar kun bormikan?
……………………………………………………
Kayg‘ulik tunlar o‘zarda tong otar kun bormikan?

1959-1960 yillar


TIL HAQIDA

Mening bu so‘zimni eshitsun G’ani*
Kirishsin buning chorasin ko‘rgani. 
O’zidin kishi himmati oshmasa, 
Jahonda bo‘lurmu bir ish qilgali. 
Hayot ichra kimdan asar qolmasa, 
Barobar erur yurgani-yu, o‘lgani. 
Jahonda o‘tubdur necha yaxshilar, 
Oti o‘chmamishdur asar yozgani. 
Buxoroda bo‘lmish edi Bu Ali, 
U yozgan necha xil kitoblar qani? 
Butun tillarda tarjima qildilar, 
Yo‘q emdi alar bizga qoldirgani. A
Asar yozding ersa, ona tilda yoz, 
Yo‘q esa aning yozgani-buzgani.
Taralmish butun yor yuza ilmu fan, 
To‘liq til kerakdir ani bilgani. 
To‘liq til qarindosh ona til erur, 
Bo‘lurmu kishi andin ayrilgani? 
Kishi o‘z tilin yaxshi bilmas agar, 
Bilingkim, ham ishdan keyin qolgani. 
Agar xo‘rlasa kishi o‘z tilin, 
Vatan xoinidur, Vatan dushmani. 
Sut emganda kirgan ona til erur,
Onayu ota hakki, saqla ani. 
Uyong‘il bu so‘zdin, tiling saqlagil, 
Tili o‘zdi ersa kishi o‘zgani. 
Yoshi yetmish olti erur bilsangiz, 
Yozibdur bu so‘zni Ota Sog‘uniy.

1962 yil, fevral. Toshkent
______________
* Marhum geolog olim, akademik G’ani Mavlonov nazarda tutilgan.


UYG’ON

Borlig‘im saqlay desang ilmu hunardin qil yaroq, 
Yo‘q esa olg‘ay baringni qilmag‘ay hech kim so‘roq. 
Yer yuzi o‘zgardi ammo o‘zgarishdin bizda yo‘q, 
Sindi Turkiston elining boshida yuz ming tayoq.

Och ko‘zing Turon eli zing‘irt bo‘lurmu qo‘ychivon, 
Bormu bu yanglig‘ bo‘lon payqab kara boshdan-oyoq?
Har o‘g‘il voris bo‘lur kolg‘on atoning moliga, 
Bo‘ldi Turkiston elining vorisi yuzsiz qaroq.


QATRALAR

«Temur tuyauklari» asarini va uni o‘zbekchaga qayta o‘girgan tarjimonni nohaq tanqid qiluvchilarga so‘nggi javob:

Tosh urib sindirsa oltin kosani,
Toshning qadri oshmagay, oltin bahosi tushmagay.

1968 yil, yanvar.


* * *

So‘z qadriga yetmagan yolg‘on olimlar haqida shu quyidagi she’r aytilmishdur:

QOLUR YOLG’UZ

She’r ta’mini totmagan odam,
Chekidan tash6ari qilur har so‘z.
Xafa bo‘lmang ani eshitganlar,
Gul isini kachon bilur qo‘ng‘iz?
Guli rayhon ochilg‘onin boqmay,
Turtadur yerni har kachon to‘ng‘uz.
O’z tilini yaxshi bilmagan odam,
Elidin ayrilib qoladur yolg‘uz.


TARIXIY YODGOR

Farg‘onani o‘rus bosqinchilari olganda o‘shal zamon turk shoirlaridan birovi tubandagi turkona to‘rt misra baytni ularning shum qadamlari yetganiga to‘g‘ri tarix topmish ekandur. Bayt:

Yurtimizni o‘ris kelib oldi, 
Hukmi haq deb hamma bo‘yin soldi. 
Yig‘lab ustodi aql shomu sahar, 
Topdi tarixini «kamoli zarar».

Ma’lum bo‘lg‘aykim, «kamoli zarar» harflari hisobi abjad koidasicha 1291 dur (melodiy 1871 yil). Bu shumoyoqlar kelgan kunidan zararlari boshlangan bo‘lsa ham, ayniqsa, dinsizlar tarixi (1917 yil)dan tortib hozirgi kunda kamoliga yetdi.

1960 yil, Toshkent


SHOBDON BOTIRGA

Tilim, turk xalqiga ko‘p ofarin qil, 
Na yanglig‘ maqtasang ozdir, aniq bil. 
Yarash chog‘ida mehmondek o‘tirg‘ay, 
Urush kunlarida arslondek otilg‘ay.

* * *

Qadri yo‘q gavhar so‘zing olchoq kishilar oldida, 
Durni taqsang na bilur, it og‘ziga tashla suyak.


HAZAR QIL

Haqiqat sirriga hech kimsa yetmas, 
Shariat ushlaganlar yo‘lda qolmas. 
Hasaddin saqla o‘zni, ey birodar, 
Bu so‘zni aytdilar barcha payg‘ambar. 
Hasad o‘ti jahannam o‘tidir, bil, 
Ani ko‘rmay desang mundin hazar qil.

* * *

Nechun «bo»birla «sin» kelmishdi «Qur’on» bosh-oyog‘ida? 
Aniq ikki jahonning rahbari-chun «bas» demakdur.

* * *

Sabr qil, bog‘lar zamon dushman qo‘lin orqasiga, 
Vaqtin o‘tkuzma o‘shanda, dushmaning ur boshiga.


ME’ROJ YOKI RASULULLOH KELADI 
Mashrabdan

Kel endi Jabroil, arshni supurgil ey, 
Anda mehmon bo‘lg‘ali, Rasululloh keladi. 

«Mozog‘al basar» ko‘zlig, «shamsi vazuho» yuzlig, 
Hammadan shirin so‘zlig, Rasululloh keladi. 

Shamollarg‘amu aytg‘il, sayr etishini qo‘ysin, 
Beadablik qilmasin, Rasululloh keladi. 

Daryolarg‘amu aytg‘il, mavj urushini qo‘ysin, 
Oldida saqo bo‘lsin, Rasululloh keladi, 

Azroilg‘amu aytg‘il, joi olishini qo‘ysin, 
Xizmatda muqim tursin, Rasululloh keladi. 

Moliklarg‘amu aytg‘il, do‘zax eshigin yopsin, 
Yo‘llariga gul tiksin, Rasululloh keladi. 

G’ulmonlarg‘amu aytg‘il, mehnat eshigin ochsin, 
Boshlariga dur sochsin, Rasululloh keladi. 

«Ufq-ul maqom»ga borib yig‘laydi Jabroil: 
Mundan o‘tsam yo Rasul, kanotlarim kuyadi, 
Mahshar kuni bo‘lganda yig‘laydi Mashrabo, 
Rasululloh keynidan Mashrab qalandaring keladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.