* * *
Buxoroning darvozasini,
Kamalaklar ochadi har tong.
Bodi qutni yetaklab minor
Ko‘chalarda chalib yurar zang.
Alla aytib bobom Chor Minor
Beshigimdan yasadi chiltor.
Chashmi Ayub kosa-kosalab,
Ahli ishqqa tutadi ziyo.
Gul chayadi Labi hovuzda
Kelinchaklar, zulflari siyoh.
Chiltorimga qil tortdi laylak –
Bahor o‘pgan dil kabi sayrak.
Shaharga bir karvon kiradi,
Ustida bor qirqta oshig‘i.
Shahardan bir karvon chiqadi,
Yulduzlarga yetar qo‘shig‘i.
Chiltorginam, kuyla boringni,
Chertdim faqat bitta toringni.
* * *
Mashrab qadamlaridan
to‘kiladi yulduzlar,
Xurjunning teshigidan
mo‘ralaydi oppoq tong.
Sahar chogi mashriqdan
Mashrab bo‘lib keladi
Sarpoychan O’zbekiston.
Darvozalarga cho‘zar
qadoq bosgan qo‘lini: -
«Namangon shahridin ketsam
meni yo‘qlar kishim bormu?
G’ariblik shahrida yursam
meni yo‘kdar kishim bormu?»
Jimjitlikda qag‘illar
Mashrabga qora qarg‘a,
Ketar poyu-piyoda
bechora bir badarg‘a.
Mashrab yana qadamlab
yulduzlarni sudraydi,
Xurjunning teshigida
oppoq bir tong mudraydi.
* * *
Kecha yig‘lar, qora sochiga
Qadab singan oy - tarog‘ini,
Shamol sekin o‘rmalab suvdan
Sudrab chiqar bo‘sh chanog‘ini:
- Dili qani Bedilning?
Qushning bo‘m-bo‘sh uyasin daraxt
Tuni bilan chiqar paypaslab.
Kapalaklar tog‘ni uyg‘otib,
Sahrolarga ketadi boshlab:
- Dili qani Bedilning?
Chumolilar uchar falakka –
Nigohlarin puflar ko‘zlari.
Yulduz tushar hovuz tubiga –
Baliqlarga aytar so‘zlarin:
- Dili qani Bedilning?
Toshbaqalar misqol-misqollab
O’lchab berar baxt hamda alam.
Qarg‘a taqdir toshini qirar –
Tumshug‘ida qadimiy qalam:
- Dili qani Bedilning?
Shafaq asta yirtilib oqar –
Bir ko‘za sut biyday sahroga.
Karvon jilar, ko‘ng‘iroq yig‘lar –
Savol berib gumroh dunyoga:
- Dili qani Bedilning?
* * *
Deding: seva olasanmi o‘zingdan kechib,
Chayon yegan bo‘lsa yuragim nishlab?
Jonim simillatib keldi huqqaboz,
«Yo ishqdan» irg‘itdi ko‘zim tarashlab.
Seva oladurman nurdan-da kechib.
Deding: seva olasanmi o‘zingdan kechib,
Men ilon izidan adashgan bo‘lsam?
Tomirim kesdi oy - kuldi chuvalchang,
Baliqqa yedirdi faqat bir tishlam.
Seva oladurman tundan-da kechib.
Deding: seva olasanmi o‘zingdan kechib,
Aldagan bo‘lsam gar hatto ertakni?
Yulduz xato yondi, kemamiz cho‘kdi,
Bari bir kuyladik qirqta qaroqchi.
Seva oladurman yo‘ldan-da kechib.
Deding: seva olasanmi o‘zingdan kechib,
Manguga tushdayin bo‘lsam gar g‘oyib?
Tasavvur charxfalak kosalariga
Yodingni quyarkan umrimni sog‘ib.
Seva oladurman sendan-da kechib.
* * *
Bu xato yo‘lni sekin barmog‘iga o‘raydi,
Makrul o‘smani siqar piyolaga, to‘lmaydi,
Ishqu gunoh qozonda, o‘t-olovsiz qaynaydi...
Ishqu gunoh qozonda...
Ruh qanotin savaydi, savacho‘pin juft qilib,
Urchug‘iga o‘raydi tunu kunni ip qilib,
Qilichini qayraydi qasd lashkarin saf qilib,
Qilichini qayraydi...
Oyna qildim falakni, dil chohiga qaray deb,
Taroq yo‘ndim dutordan, xayolini taray deb,
Igna oldim, aldasam, ko‘zlarimga suqay deb,
Igna oldim, aldasam...
Kaftimda gulxan yoqdim, yig‘lab-yig‘lab o‘chirdi,
Bo‘ynimga zanjir takdim, ishq yurtidan ko‘chirdi,
Jonni sepib qush bokdim, dard ko‘liga uchirdi,
Jonni sepib qush boqdim...
* * *
Men bir bozingarman, bugun so‘nggi bor
Pardasiz sahnaga chiqaman kulib.
Aldab kelgan edim sizlarni har kun,
Ming bir bor tug‘ilib, ming bir bor o‘lib.
Ko‘ksimga sanchilgan nayzalar nayza
Emas, ko‘zim ekkan maysapar edi.
Kaftimga ko‘ngan qush qo‘shig‘im tinglab
Sizlarni kuldirdi, tilimni yedi.
Tosh bilan boltani qarsillatgan men,
Bu yolg‘on o‘rmonda adashgan sizsiz.
Nay chaldim, darz ketgan umr ko‘zamdan
Ishkdan mast ilonlar chiqmadi, essiz.
Men bir bozingarman, butun so‘nggi bor
Jaranglar gillari bog‘liq qo‘ng‘iroq.
Chiroqlar o‘chadi, boyo‘g‘li xuvlab
Sarupo tikadi menga ming yamoq.
Chiqaman bo‘g‘zimda olovlar o‘ynab,
Xatoni pichokday yutadi yurak.
Ko‘zimda favvora qon bilan o‘ynab,
Yuzimga sepadi - siz uchun ermak.
Dovullar chalinar, langarcho‘p sinib
Qularkan men dordan, so‘ramam shafqat.
Qumsoat sirlarim sanarkan bir-bir,
Alvido aytaman - sizlarga nafrat!
Men bir bozingarman, bugun so‘nggi bor
Pardasiz sahnaga chiqaman kulib...