OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Mirzo (1959)

Baxtiyor Mirzo 1959 yilda tug‘ilgan. Andijon Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. Uning “Seni izlab”, “Ishq ilhomlari” she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

MOVIYLIK

Moviylik qo‘ynida salobat to‘kib,
Ufqqa quyosh jim ena boshlaydi.
Gul hislar tobora qalbim yashnatib,
Bir qatim nur ko‘zim yoshlaydi.

Kumush tasma kabi tovlanib osmon,
Yulduzlar siym tani ko‘rinar asta.
Oy ham pok jamolin elga ko‘rsatib,
Samo vazmin kuyin chalar bir pasda.

Qo‘ng‘irtus bulutlar yelga ergashib,
Sukunatni kesar sho‘x arg‘uvonlar.
Mehnatkash erkaklar quvvatini deb,
Ovqat hozirlaydi qizlar, juvonlar.

Zamin, so‘ng, tun bilan xayrlashadi,
Ko‘kragin keradi purviqor tog‘lar.
Tun esa tong ila diydorlasharu
Moviylikni qayta kashf etar bog‘lar.

MAJNUNTOL

Soy bo‘yida o‘sgan bir tup majnuntol,
Jamalak sochlarin mudom taraydi.
Intiq bo‘lib nelarga ul, ehtimol,
Mendan zum uyalib yerga qaraydi.

Majnuntolim, ko‘hli majnuntolginam,
Pardozlar o‘zingga chunon yarashiq.
Seni ko‘rganimda, eslayman onam,
Qizil libos kiyar qora qorachiq.

Suyganim, ul sehring tanangdanmikan,
Shuncha jozibani qaydan olgansan?
Balkim, sochlaringning tarxidanmikan,
Sersalom malika bo‘lib qolgansan.

Aqlim lol, kim o‘rgan shul sochlaringni,
Bunchalar go‘zalsan, go‘zalim, oyim?
Men suyaman qayrilma qoshlaringni,
Kelinchakday mudom salomga boyim.

Bilaman, sho‘x soyni yaqinroq ko‘rib,
Erta-kech u bilan suhbat qurasan.
Har tong sochlaringni maydalab o‘rib,
Borliqqa saloming berib turasan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.