Behzod Fazliddin 1983 yil 20 sentyabrda Namangan viloyati Chust tumanidagi Damobod qishlog‘ida tug‘ilgan. 2005 yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti bakalavrlik bosqichini, 2007 yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistraturasining xalqaro jurnalistika bo‘limini tamomlagan.
«Muqaddas zamin» (1999), «Bog‘laringdan ketmasin bahor» (2000), «Onamning ko‘ngliga ketamiz» (2003), «Sen qachon gullaysan» (2008), «Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim» (2012) nomli she’riy to‘plamlari, ko‘plab badiiy-publitsistik, ilmiy maqolalari chop etilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
Этот адрес электронной почты защищён от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.
SUYUNCHI
Osmonda yig‘lab keldim –
Dardlarim maysa bo‘ldi.
Yerda bitta bo‘lsa ham
Baxtsiz kamaysa bo‘ldi.
Garchi yig‘lab har kecha
Tunlarimni qon qildim,
Tongda guldan toshgacha
Tabassum ehson qildim.
Azoblaring – muhtaram,
Men dardingga xaridor.
Tovonimni o‘psa ham,
Tikanlarning haqqi bor.
Yuragimni uyg‘otgan
G‘amlaringga ming shukur.
Gardlarimni yo‘qotgan
Dardlaringga tashakkur!
Endi Senda parvoyim,
Dunyoni yutib ketdim.
Suyunchi ber, Xudoyim,
O‘zimdan o‘tib ketdim.
2006
YASHASHGA JOY BORMI?
Lahzaga tengma-teng o‘chib boraman,
O‘zimdan, so‘zimdan cho‘chib boraman.
Zavol bilmaydigan manzilni ko‘rsat,
Tomirlarim bilan ko‘chib boraman.
2005
SO‘ROQ
Dilni dilga yo‘llamay,
Yo‘lni yo‘lga ulamay.
Hech yo‘qsa, bir gullamay,
So‘lib ketaveraymi?
Tanda bor cho‘g‘im shu, deb,
Bandalik chog‘im shu, deb,
Mening bor-yo‘g‘im shu, deb,
Nolib ketaveraymi?
Ko‘klamlar nafasida,
Gullash arafasida
Toshlarning orasida
Qolib ketaveraymi?
Qanday kunga ko‘ndim-ay,
Ich-ichimdan sindim-ay.
Yoningizda indamay
O‘lib ketaveraymi?
Nega jimsiz?!
2004
UMRIM
Bir lahzada osmon meniki,
Bir lahzada yashab olaman.
Bir lahzada bosar g‘am yuki,
Bir lahzada... bo‘shab qolaman.
2005
YIGIRMA BIRINCHI BAHOR
Daraxtlar qaytadan uyg‘onib bo‘ldi,
Bu yildan qushlarning umidi katta.
Bugun manov nihol to‘rt yoshga to‘ldi,
Gullash yarashadi unga, albatta.
Ko‘karish payida turibdi xaslar,
Kurtaklar hayotga bo‘y cho‘zayotir.
Toshlar bag‘rida ham bahoriy hislar,
Barchasi mo‘‘jiza, mo‘‘jiza, axir...
Qara, shundoqqina yoningda bahor,
Osmon gullab bo‘ldi, gulladi Zamin.
Hozir yuragingda qorga nima bor,
Sen qachon gullaysan, Behzod Fazliddin?!
2004
***
Mening o‘lmaydigan og‘riqlarim ko‘p,
Ketib bo‘lmaydigan dardlarim bisyor.
Tilimning uchida chandiqlarim ko‘p,
Muhabbat, ko‘nglimni gullatib yubor.
Huda-behudaga ranjitmay tursa,
Tinglab charchamayman ustoz Hayotni.
Ko‘ksimni yulduzlar bo‘shatmay tursa,
O‘ksitib ketmayman Adabiyotni.
Ildizi shu qadar mustahkammikin
Jonimda ko‘karib yotgan illatning?
Qanday so‘zlar bilan ovutmoq mumkin
Dardlari o‘zidan buyuk millatni?!
Xudoyim, umrimni gullatib yubor...
2006
***
Men – hayot bog‘ida omonat yaproq,
To‘kilib ketaman erta, indin yo.
Bir kuni men senga qaytaman, Tuproq,
Bir kuni men senga ketaman, Samo.
Tangrim azal seni yaratmish suyuk,
Qoshingda zarracha emasman, zotan,
Shu qadar mangusan, shu qadar buyuk,
Ming bitta umrimga arziysan, Vatan!
Dunyo nima o‘zi – savdo bozori,
Yashasam bo‘lardi do‘st qilib tanni.
Xudo urmasmidi, yetib ozori,
Hayotdan pastroqqa qo‘ysam Vatanni?!
O‘tib qo‘ymasmidi Otam bahrimdan,
To‘lib ketmasmidi do‘zax nolamga?
Qonlar oqmasmidi bu tosh bag‘rimdan,
Vatan qoldirmasam magar bolamga?!
Yo‘q, bunday yashashga ko‘nolmaydi jon,
Seni tanimaslik – Ruhimga isnod.
Sen deb yashamasam, borligim yolg‘on,
Sen bor, u dunyoyu bu dunyom obod.
Mening zabonim – gul, qo‘llarim – sabo,
Senga bo‘y taratmay so‘lmayman, Vatan.
Hali ko‘p yashayman, avvali Xudo,
Baxtingni ko‘rmasdan o‘lmayman, Vatan!
2002
MANZIL
Buloqlardan toza ko‘zyoshman,
Xalqdan chiqib xalqqa boraman.
Men shunday bir o‘jar quyoshman,
Sharqdan chiqib Sharqqa boraman.
2007
TUSHUNMOVCHILIK
Bo‘ldi, yig‘lamayman, bo‘ldi – kulmayman,
Yuragingni ortiq etmayman bezor.
O‘zimdan boshqani xafa qilmayman,
O‘zimdan boshqaga bermayman ozor.
Kimlarning ko‘ngliga qarab kun ko‘rdim,
Yalinib bormayman Baxtning yoniga.
Kulib baxtsizlarga xalaqit berdim,
Yig‘lab baxtlilarning tegdim joniga.
2006
QO‘NG‘IROQ
Uyimni to‘ldirgan jimlikni buzib,
Hayotni eslatib yangrar qo‘ng‘iroq.
Olisdan bir go‘zal (ko‘zini suzib)
Gapirar, adashib tushibdi biroq.
O‘zim bilan yolg‘iz qolarman yana,
Domiga tortadi xayollar – dengiz...
Telefon!.. Junbushga keladi xona,
Yana o‘sha “Boshqa joyga tushdingiz”.
Nahot, hamma menday adashgan, yonar,
Savollar tosh bo‘lib urilar boshga.
Har safar almashib qolar raqamlar,
So‘ragan begona, so‘ralgan boshqa...
Hamon dovdirayman, Ruhimda to‘fon,
Meni shu simlarga bog‘lab qo‘ygan Vaqt.
Yuragim jiringlar – jonli telefon,
Ehtimol, qo‘ng‘iroq qilayotgan Baxt...
2006
KELDIM
Gullar rang almashib zerikmadilar,
Dunyo tovlanishdan charchamadi hech.
Irmoqlar ko‘ksimda birikmadilar,
Kelib ko‘zlarimdan kishanlarni yech.
Boru yo‘g‘im bilan o‘zimga xosman,
Benazir ishqimdan hanuz ko‘nglim to‘q.
Qancha yulduz to‘kdi poyimga osmon,
Ko‘z uchida bo‘lsin, qaraganim yo‘q.
Boshimni egmoqchi edi ranj-alam,
Mudom borligingni bilib yashadim.
Seni bilmasam ham, tanimasam ham,
Yodingni mash’ala qilib yashadim.
Baxt shundoq yonimdan ketdi burilib,
Ishq haqqi, tilimni tishlab turibman.
Shuncha yildan beri o‘lib-tirilib,
Sen uchun o‘zimni asrab yuribman.
Aslo topolmasin qayg‘u izingni,
Kulaver, o‘rningga men siqilaman.
Uyqularingda ham asra o‘zingni,
Senga shamol tegsa, men yiqilaman.
Oy yana beparvo ko‘chamdan o‘tar,
Shoshib Vaqtdan oldin qoshingga yeldim.
Ko‘zlaringni ochgin, pardani ko‘tar,
Qara, tushlaringdan chiqib men keldim!
2007
JONIM
O‘t ichida yashash osonmi, Jonim,
Nechuksiz? Joningiz omonmi, Jonim?
Ayirib qo‘yishdi yo‘llarimizni,
Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?
Ko‘ngilning yurtidan ketib bo‘lmaydi.
Sinovsiz manzilga yetib bo‘lmaydi.
Axir, muhabbatning ko‘chalaridan
Yurakka tosh solib o‘tib bo‘lmaydi.
Yer, Samo biz bilan, qisinmaydilar,
O‘tkinchi kuchlarga bo‘ysunmaydilar.
Tushunib turibdi Xudoyim bizni,
Nega bandalari tushunmaydilar?!
Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?..
2004
MENDAN YAXSHI YOMON YO‘Q
Ko‘nglingizning ko‘shkini yopolmaysiz, baribir,
Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir.
Mingta bulbul nag‘masi bitta izhorimcha yo‘q,
Dunyolarning rohati zarra ozorimcha yo‘q.
Ko‘zingizga o‘t yoqar ko‘kka chizib rasmimni –
Inilarim – yulduzlar eslatadi ismimni.
Keyin qanday yashaysiz – havolar ham yoqmaydi,
Ovoralar bo‘libsiz, mensiz Quyosh chiqmaydi.
Izingizga gul otgan dunyolarning ko‘ngli kir,
Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir...
2006
SIZGA SAVOL
Ko‘zingizda turgan dardmi, armonmi,
Sevilish osonmi, sevish osonmi?
Sizsiz yasholmayman, deb charchamaysiz,
Jonim, hayotingiz shuncha arzonmi?!
2006
SEVGINI SEVGANNI...
Allaqachon to‘zib ketardim, balki,
Va yo g‘amlar meni etardi ado.
Kimningdir ko‘nglini olgandirmanki,
Yuragimni asrab kelyapti Xudo.
O‘zi yaqin oldi meni O‘ziga,
Kunda Quyosh bo‘lib yo‘qlab turibdi.
Men aytgan toza bir So‘z evaziga
Qilday hayotimni saqlab turibdi.
Nimaga ko‘zimda yulduz kam – Ishq kam,
Men noshud umrimni kimlarga berdim?
Ko‘ksim nurga to‘lib bitta gul eksam,
Orqasidan o‘nta nihol sindirdim...
Baribir, ko‘nglimga kelaverdi U,
Kechirilib ketdi har qanday xato.
Axir, men sevishni o‘rganyapman-ku.
Sevgini sevganni sevadi Xudo...
2006
***
Ko‘zingdagi sellaringni quritaman,
G‘amlaringning tishi singay – qaritaman.
Zarraman-u, taftim mingta quyoshga teng,
Sham bo‘lsam ham yo‘llaringni yoritaman.
Hayotingni xayolimga o‘rab turgin,
Sovib qolsang, cho‘g‘larimdan so‘rab turgin.
Faqat o‘zing o‘chishimga qo‘yma meni –
Faqat o‘zing ko‘zlarimga qarab turgin.
2005
MENSIZLIK
Yulduzlari ichikib qoldi,
Mahzun endi Oysiz osmonim.
Sensizlikka ko‘nikib bo‘ldim,
Qanday ekan mensizlik, jonim?!
Ana, ko‘zim ko‘zingdan o‘tdi,
Qo‘y, yashirma titroqlaringni.
Xato qilding, o‘zingdan o‘tdi,
Tishlayapsan barmoqlaringni.
Endi nurga begona yuzing,
Quyoshingning ranglari qani?
Sig‘mayapsan o‘zingga o‘zing,
Hayotingning tonglari qani?
Kechalaring o‘zingday g‘arib,
Armonlaring osmondan katta.
Yuragingga termilib turib,
Yig‘layapsan birinchi marta.
Uxlab qolgan kunlaring haqqi,
Mening o‘rnim boshqa – bo‘lakman.
Yig‘lab qolgan tunlaring haqqi,
Men, baribir, senga kerakman!
2003
***
Qachon ko‘zlaringga sulton bo‘laman?
Qaerda joningga tutashgan yo‘lak?
Ko‘changni qidirib nima qilaman,
Menga yuragingning manzili kerak!
2003
KO‘ZINGIZNI BERIB TURING
Yolg‘izginam, farishtaga tenglikkinam,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay.
Ikkimizning dardimiz bir, munglikkinam,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Men boshimni urmagan bir tosh qolmadi,
Rostin aytsam, yuragimda dosh qolmadi.
Qurib qolgan ko‘zlarimda yosh qolmadi,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Uzun-uzun armonlarim chiqib ketsin,
Zardoblarim ko‘zyosh bo‘lib oqib ketsin.
Qalbimga bir qizg‘aldoqlar boqib ketsin,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Men shabnamman, g‘uborlarga qo‘nolmayman,
Yo gul bo‘lib tosh yurakda unolmayman.
Ko‘nolmayman, bu dardlarga ko‘nolmayman,
Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay.
Quzg‘unlarning qilig‘idan zorim keldi,
Tog‘ qalbimga nafrat degan sorim keldi.
O‘zim bo‘lib yig‘lolmayman, orim keldi,
Keling, Sizning ko‘zingizda yig‘lab olay,
Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay...
2001
OTAMLASHUV
Bu dunyo – g‘alvali uy, deysiz,
Har jonda ming tashvish, o‘y, deysiz,
O‘zimga sig‘mayman, siz har gal
Ko‘p gapirmay, choydan quy, deysiz.
Men ozib-yozib bir borgandim,
Ozurda ko‘nglimni yorgandim,
Yig‘lamay yig‘lashni o‘rgandim,
Tishingni tishingga qo‘y, deysiz.
Ko‘zimda dunyocha yosh bo‘lsa,
Ko‘ksimda bir uyum tosh bo‘lsa,
Nahotki, belbog‘im bo‘sh bo‘lsa?
Har neni hikmatga yo‘y, deysiz.
Kechalar baxtimni tush ko‘rib,
Birgina boshimni qo‘sh ko‘rib,
Katta bo‘lganimni xush ko‘rib,
Qachon yana elga to‘y deysiz?
2007
ONAM YOZOLMAGAN SHE’R
Sochlarimda oq gullar,
Kel, ularni ter, bolam.
Yo‘lingga mushtoq yo‘llar,
Bolam bo‘lib ber, bolam.
Ko‘ksimga oy berkitdim,
Yulduzlarga choy tutdim.
Otangdan ham ko‘p kutdim,
Baxtim bo‘lib ber, bolam.
Titragan sozingni qo‘y,
Bo‘g‘iq ovozingni qo‘y.
Qalam-qog‘ozingni qo‘y,
O‘g‘lim bo‘lib ber, bolam.
Yo‘l uchun tuqqanmidim,
Gul uchun tuqqanmidim,
Pul uchun tuqqanmidim,
Borim bo‘lib ber, bolam.
Qaldirg‘och singling behol,
Qanotidan xatni ol.
Ishing ko‘pdir, ehtimol,
Kelmay qo‘yaver, bolam...
2006
ENG ACHCHIQ BAHONA
Qorin tinch qo‘ymaydi – non topish kerak,
Tashvishlar sudraydi meni har tomon.
O‘zini esidan chiqardi Yurak,
Yashashga vaqt qayda, Onajon?!
2004
AYBNOMA
Behzod Fazliddinga aytib qo‘yinglar,
Bu tun ham uxlamay chiqdi otasi.
Uzun bo‘lib ketdi, tilin qiyinglar,
Onasi ko‘ksida g‘amlar shodasi.
Qishlar kelib bo‘ldi, u gap tuzguncha,
Bir bor hovlisida qor kurab bersin.
Birovga yoqay deb gullar uzguncha,
Borib onasining dardini tersin.
Keyin gullayversin, ko‘karsin, mayli,
Otaning duosi boshlagay taxtga.
Nega toleidan yo‘llari ayri,
Onasiz ham borish mumkinmi Baxtga?!
Ishiga ishq qo‘ygan qanday farzandki,
Loaqal ko‘nglini ochib ketmaydi.
Darvoqe, u kishim shunchalar bandki,
O‘zidan boshqaga vaqti yetmaydi...
2007
SHOIR
Hamma so‘zlar Seniki edi,
Sochding, terib olaverdim jim.
Bu oltinlar meniki endi,
Men eng baxtli o‘g‘riman, Tangrim!
2006
OG‘RIQ
Qancha kunlar qazo bo‘ldi,
Jonimizga jazo bo‘ldi.
Bizdan kimlar rizo bo‘ldi?
Egamizga nima deymiz?
Iymon azim daraxtdir xo‘b,
Yaprog‘idan mevasi ko‘p,
Shoxlarini sindirdik xo‘p,
Egamizga nima deymiz?
Kapalakka qo‘l bermadik,
Chumoliga yo‘l bermadik,
Dil olmadik, dil bermadik,
Egamizga nima deymiz?
Uyg‘ongimiz kelmas sira,
Ko‘zimizni bosgan shira,
Borgan sari ko‘ngil xira,
Egamizga nima deymiz?
Shayton buncha sohibjamol?!
Qonimizda topar kamol,
Hayotimiz – bitta savol:
Egamizga nima deymiz?
2007
BIZ
Ko‘hna xotiralar mahzun ko‘z ochdi,
Hayot qozonida ko‘paydi kamlar.
Quyosh chiqqaniga ming yildan oshdi,
Nega uyg‘onmaydi odamlar?!
Qadamlar nojo‘ya, qadamlar og‘ir,
Giyohlar ko‘zida obi zam-zamlar.
Yuzini yashirib yig‘lamoqda Yer,
Nega ishonmaydi odamlar?!
Qo‘llarida Cho‘g‘ni asragay qanday,
Nahot, o‘chib borar asriy bu shamlar?
Jannatga buyurtma berib qo‘yganday,
Nega shoshilmaydi odamlar?!
Shabnamlar alvido aytdilar sokin,
Bir nurli visoldan titragan damlar.
Bu tong oxirgisi bo‘lishi mumkin...
Nega tushunmaydi odamlar?!
2008
O‘ZIGA
Chaqirsang, hech qaerga chekinmasdan keldim-ku,
Tog‘larning orqasiga bekinmasdan keldim-ku.
Qarg‘alarning tiliga insof tilab yashadim,
O‘zimdan boshqasiga teginmasdan keldim-ku.
Endi holimni so‘ra.
Qachongacha armonlar kulbasiga qo‘noqman,
Men dunyoning ortidan chopayotgan cho‘loqman.
Yillar aro so‘zlarim manziliga yetmaydi,
Yuragimni tilimga ko‘chirgani no‘noqman.
Endi ko‘nglimga qara.
Sovib qolsam, jonimni qaysi o‘tlarga tutay,
Nurlaringning bag‘rida kirlarimni yo‘qotay.
Bo‘shab qolgan ko‘zlarim, o‘zim bedor bo‘lmasam,
Ko‘ksimdagi qushchani qanday qilib uyg‘otay?!
Endi holimni so‘ra.
Men bu yerga Sen uchun egilgani kelganman,
Lolalarning ko‘ziga tikilgani kelganman.
Ishontirsang, hukmingni bajarmasdan ketmayman,
Hammayoqni gullatib, to‘kilgani kelganman.
Endi ko‘nglimga qara,
Endi o‘zimga qara...
2005
***
Rizqim tosh bo‘lsa ham, halol et – qand qil,
Meni mendan qutqar, O‘zingga band qil.
Tubanda yuzimni yo‘qotayozdim,
Meni yuragimdan boshlab baland qil.
2007
***
Yurolmayman, oyog‘imda loylarim ko‘p,
Kuchukchalar tishlab olgan joylarim ko‘p.
Osmonlarga da’vogarlar bisyor ekan,
Chap ko‘ksimda chiqmay yotgan oylarim ko‘p.
Yuragimni kemiradi ming bitta o‘y,
Nahot, endi yalpizlarim sochmaydi bo‘y?!
Men bandangning qo‘llariga ishonmayman,
Tangrim, endi O‘zing meni turg‘izib qo‘y!
2003
katta–KICHIK
Hayot gullariga eng mard xaridor,
Bo‘lsa o‘zlariga suyuk yuklari.
Toshlarni uyg‘otgan nurday xokisor,
Kichkina qalblarning buyukliklari.
Yuzlarin Quyoshga teskari burar,
Bulut ko‘zlaridan ketmaydi nari.
Mudom hayotingni egovlab turar
Katta odamlarning maydaliklari.
2007
HAYOT SPEKTAKLI
Kechagi yosh bola bugun kemshik chol –
Birov tug‘ilganda birov o‘ladi.
Yana o‘sha o‘zim xohlamagan rol...
Dunyo tomoshabin bo‘lib kuladi.
Odamlarga aytar boshqa gapim bor,
Tugab boryapman-u, nega barcha jim?
Meni ma’zur tuting, janob Rejissyor,
Baxtlilar rolini o‘ynab charchadim...
2006
HASRAT
Yaram o‘tib ketdi jon-jonlargacha,
Hali ko‘p ingrayman azonlargacha.
O‘ylab charchamayman qachonlargacha
Armon gullariga ildizligimni?
Ko‘zimga tumanlar kutadi kimlar,
Izimga tikanlar otadi kimlar,
So‘zimga kishanlar tutadi kimlar,
Bilib osmoni yo‘q yulduzligimni.
Mudom ko‘z ostidan chiqqan arilar,
Umrimdan gunohlar yiqqan arilar,
Birovning nishida chaqqan arilar
Bilmasmi bulbulmas, qo‘ng‘izligimni?
Yuragim – oyoqlar tiqilgan chashma,
Hali bir tomchimga qilaman tashna,
Yuzimga solishing shart emas, oshna,
O‘zim ham bilaman yolg‘izligimni...
2002
JONDAN O‘TDI
Toqqa chiqay, desak, toshlar qo‘ymasa,
Ko‘zga yoqay, desak, qoshlar qo‘ymasa,
Yashashga mana bu boshlar qo‘ymasa...
Bizga ham atalgan dunyolar bormi?!
2006
OYGA TEGMANG
Nima qilsam, Oyni boshqa yig‘latmaysiz.
Nima qilsam, tinch qo‘yasiz osmonlarni?
Nima qilsam, yulduzlarga tosh otmaysiz,
Nima qilsam, o‘ldirmaysiz jayronlarni?
Birga Haqning ayvoniga boradi, deb,
Qaldirg‘ochlar qo‘llarimdan tutib olgan.
Hech bo‘lmasa, panoh so‘rab beradi, deb,
Oyog‘imga kiyikchalar yotib olgan...
Yomonlarga pastlagim yo‘q, asli, lekin,
Giyohlarning nomlaridan qo‘l so‘rayman.
Hali kechmas, hali yana sevish mumkin,
Men gullarning ko‘ngli uchun yo‘l so‘rayman.
Nurga qayting – ro‘yolarni ketkazasiz,
Yeru ko‘kning tinchi uchun boshlandi jang.
Bu ketishda umringizni yutqazasiz,
O‘zingizga shafqat qiling – Oyga tegmang.
2005
***
Yalinchoq emasman, kibrimmikan bu?
O‘zimning o‘zimga jabrimmikan bu?
Yashashim mumkin-ku jonimni siylab,
Tosh tishlab yuribman, sabrimmikan bu?!
2003
«Sen qachon gullaysan»(2008) kitobidan.
UZUN ORZU
Birdan qanot o‘sib chiqsa yelkamdan,
Uchsam. Hammasini unutsam. Ketsam.
Asar ham qolmasa shum ko‘lankamdan,
Armon yetolmagan manzilga yetsam.
Quvib tutolmasa ortimdan la’in,
Muhabbat o‘rtada bo‘lmasa dallol.
Xuddi shu eng maqbul, to‘g‘ri yo‘ldayin –
Uchishim hech kimga kelmasa malol.
2008
BOZOR
Bugun ham pul emas, Nur izlab chiqdim,
Nigohlarim toza – ko‘zimda kir yo‘q.
Yana nazari och to‘pga yo‘liqdim,
Odamman degan ko‘p, yuzida nur yo‘q.
Qanday yurak ochay yuraksizlarga,
Nahot, shularni deb to‘kmoqchiman ter?
Yordam bergim kelar mahbus so‘zlarga,
Gaplar osmondadir, poygaklarda She’r.
Yashash hadisini bilmasman, balki,
Insonlik ilmidan olurman ta’lim.
Halollikdan saboq berarmi yoki
O‘zi amal qilmas Hayotmuallim?
Toshlarni chaynashga temir tishim bor,
Cho‘kib ketmaslikka toparman qudrat.
Menshunoslar bilan nima ishim bor,
Bu yo‘ldan ko‘z yumib o‘tgum yo‘q faqat...
2008
ESKI HAQIQAT
Dunyo eski, tashvishlar eski,
Navqironday bu g‘amlar ko‘hna.
Qarsak chalib topamiz taskin,
Hayot o‘zi eski bir sahna.
Gar pixini yorgan fuqaro
O‘zlashtirmoq bo‘lar bugunni,
Yecholmaslar ming yillar aro
Sevgi degan eski tugunni.
Kim birovni yig‘latib kular,
Shu o‘yinlar menga qiziqmi?
Yo o‘chirib berarmi ular
Peshonamda turgan yozuqni?
Faqat sira tinch qo‘ymas bir hol,
O‘ylatadi dunyo ishlari:
Nigohlari ma’yus majnuntol,
Chinorlarning xo‘rsinishlari...
2008
O‘G‘IL
Dada, dalangizga dard sochib keldim,
Yana mashaqqatu zahmatlar Sizga.
Belingiz og‘ridi, men qochib keldim,
Qachon olib berdim rahmatlar Sizga?
Aya, sog‘inchingiz sochi oqardi,
Bormadim – ko‘payib ketdi to‘ylarim.
Shu yoshimda faqat sevish yoqardi,
Sizdan ko‘ra ko‘proq uni o‘yladim.
Boshdan nima o‘tdi – bildirganim yo‘q,
Kimdir to‘kaverdi nur izlarimga.
O‘zimni-ku xafa qildirganim yo‘q,
Ozor berib qo‘ydim azizlarimga.
Maysalar, paryostiq bo‘ling, bosh qo‘ysa,
Chinorlar, Otamning yonida yuring.
Bolasini o‘ylab yuragi kuysa,
Achchiqqina qilib choy damlab bering.
Bu tashvishlar bilan bo‘lmaydi qarib,
Meni kutish uchun kelgan olamga.
Qo‘llari tolmasin chelak ko‘tarib,
Bulutlar, suv tashib turing Onamga.
Dada, dardingizga boshman, bilaman,
Aya, tushlaringiz bir kun kelar o‘ng.
Hali yuzingizni yorug‘ qilaman,
Odamshoir bo‘lib borganimdan so‘ng.
2008
“UCHLIK”LARIM
So‘qirning qo‘liga sham berma, dedim,
Hayot kafgiriga dam berma, dedim,
Mendan boshqasiga g‘am berma, dedim.
***
Soyaday qadamim poylaydi Gunoh,
Meni o‘zimdan ko‘p o‘ylaydi Gunoh,
Nimaga yashashga qo‘ymaydi Gunoh?!
***
Tovlanishni bas qil, zarga og‘mayman,
She’r bilan ovutma, so‘zga sig‘mayman,
Men yig‘lay olmaslar uchun yig‘layman.
2008
JAVOB
Meni tushunmadi tushunganlarim,
Ularni tingladim, o‘zimni tiydim.
Ishonmay qiynadi ishonganlarim,
Mitti ozorlarni kechirdim-qo‘ydim.
Yot so‘zga berkitdim quloqlarimni,
Haqgo‘y ko‘zlarimni atadim g‘anim.
Shamoli o‘chirdi chiroqlarimni,
Mendan kechib ketdi kechmaganlarim.
Do‘stlar, do‘stlarimga ayting, shoshmasin,
Arzonga uchmasin sotmoqchi bo‘lsa.
Xiyonatida ham maydalashmasin,
Kattaroq tosh otsin otmoqchi bo‘lsa!
2008
***
Qolgan chaqalarni eslagim yo‘qdir –
Chiroq bo‘lolmaydi ortimda, o‘lsam.
Faqat nur so‘radim, faqat nur yig‘dim,
Faqat mehr oldim, qarz olgan bo‘lsam.
2010
***
Qosh qoraydi, o‘ychan qisqardi kunlar,
Tag‘in ne tashvishda ko‘ngli yupunlar?
Hali kul ostida mudrar uchqunlar,
Kuting...
Birday o‘tdi oyning ikki o‘n beshi,
Kechaning bugunga o‘tmadi tishi,
Azalning ishi bu, abadning ishi,
Kuting...
Sevmasa sevmasin siz yakto bilgan,
Kelmasa kelmasin sizni qon qilgan,
Kutgan ham haq erur, haqdir kutilgan,
Kuting...
Kim kimni o‘chirdi xotirasidan,
Kim chetlashdi ishonch doirasidan,
Kimdir boqar ko‘ngil oyinasidan,
Kuting...
Bu asriy lahzalar sig‘maydi so‘zga,
Sevgi bir sharpadir, ko‘rinmas ko‘zga,
Yaxshi bilasiz-ku, chora yo‘q o‘zga,
Kuting...
2009
DOVON
Shu xalq o‘ssin, shu yurt ko‘karsin,
Izga tushib ketar qolgani.
Boshin mangu baland ko‘tarsin,
Oltin bo‘lsin tosh deb olgani.
Omon o‘tdi yillar zahridan,
Turishlari mardona bo‘ldi.
G‘anim erib ketdi mehridan,
Oqibati afsona bo‘ldi.
Bek bolasin qadami shaxdam,
Bag‘ri butun, iligi to‘la.
Gijinglagan toychoqlari ham
Yov diliga solar g‘ulg‘ula.
Endigina tonglar otganda
Parchalanmas azaliy toqat.
U kunlarga qiyos etganda,
Bu kunlarning zahmati – rohat.
Yuraklarda birdamlashaylik,
Suyagani yetar qudrati.
O‘zimizdan baland yashaylik,
Shu yurt haqqi, shu xalq hurmati.
2009
***
Onangning egniga kamzul bo‘lmasa –
Har daydi shamoldan asrab turgani,
Otangning qo‘liga ombur bo‘lmasa –
Yog‘ochlardan nobop mix sug‘urgani,
Singlingga sarupo, sep yig‘ilganda
Foydasi tegmasa chit ko‘ylakchalik,
Tashvishlar ukangga zo‘rlik qilganda,
Himoya etmasa bir bilakchalik,
Labbay, deb kelmasa g‘ovlarni yorib,
Munavvar tonglarga yo‘rgak bo‘lmasa,
G‘animning ko‘zini o‘ymasa borib,
Egilgan elingga tirgak bo‘lmasa...
Shu she’rni to‘qimay turganing yaxshi,
Har satri qoningdan o‘tmagunicha,
Shu she’rni o‘qimay turganing yaxshi,
Olamni xotirjam etmagunicha...
2009
OSMONDA YOZILGAN SHE’R
Yeru osmon orasi – hayot,
Safarimning nomi – aldanish.
Bunda menga hamma narsa yot,
Bunda menga hammasi tanish.
Yopilmoqda ilinj darchasi,
Ko‘chishlardan bo‘lganman horib.
Unutmoqchi edim barchasin
Po‘lat lochin bag‘riga kirib.
Bir yon bulut, bir tomon tuman,
Qayga olib qochay ko‘zimni?
Har yo‘lovchi nigohi bilan
Taftish etdim yana o‘zimni.
Uchgan sayin ulg‘ayar g‘ussam,
Xavotirning ko‘zlari lo‘qdir.
Bir on mizg‘ib olayin desam,
Osmonda ham halovat yo‘qdir.
Toshkent – Moskva – Berlin
2009
***
Har kuni ko‘ksimda ko‘pkari,
Olishar chavandoz tuyg‘ular –
G‘irromga o‘rgangan ko‘plari.
Uyalib ketaman o‘zimdan,
Tag‘inam gunohning hidi yo‘q,
Kun qochib boradi izimdan.
Ulug‘ bir xatoni boshladim,
Qalamning yurgisi kelmaydi,
Sho‘rlikni... sindirib tashladim...
2009
NOMA
Nastarin gullari mushtoq xatimga...
Yodingiz bag‘rida tunlarim oqdir.
Qaysi xizmatimga, qay zahmatimga
Meni zulfingizga bog‘lamish taqdir?!
G‘uborlar tekizmay xayolingizga,
Hayoni nariga quvmay sevasiz.
Yuragimni tugib ro‘molingizga,
Siz aytmay sevasiz, “sevmay” sevasiz.
Bemavrid xatarni payqagan qushday,
Qayoqqa berkindi tuyg‘ular – inja?
Xunobdir amalga oshmagan tushday,
Gumon ko‘ksingizga sololmas panja.
Ko‘ngil qo‘rg‘oniga yetkazmas shikast,
Parvolar qilmaysiz yomg‘irga, do‘lga.
Kuydirib ketolmas – tafti juda past,
Suv sepib qo‘yasiz hijronli yo‘lga.
Ular sevgim kabi shaffof, betama’,
Yuzga solmas olis gunohlarimni –
Bog‘imga begona xazon, deb yana
Supurib yubormang nigohlarimni...
2008
***
Shu kecha ertagin tugatmasa qor,
Sen sovuq qotmasang – uyga kirmasak,
Oq, oppoqdan bo‘lak rangni bilmasak,
Mayliga, kechiksa kechiksin bahor.
Ertani o‘ylama, cho‘chima sira,
Ayni dam yiqilib tushmasang bo‘ldi,
Qo‘limdan mahkamroq ushlasang bo‘ldi,
Har bosgan izimiz billur xotira.
Kumush osmon gulday sochar mehrini,
Ohista chekinib tun pardalari,
Yuzingda porlasa oy parchalari,
Qorlar o‘chirolmas sevgim muhrini.
2008
SAS
Soya solmish sabrimga Sog‘inch,
Saratonda sensiz sovqotdim.
Sohillarda sarg‘aydi sevinch,
Sirlarimni so‘zlarga sotdim.
Soching silab sabolar sarxush,
Sezmaysanmi, sezdirmaysanmi?
Savol sonsiz, sitamlar serpusht,
Sevmaysanmi, sevdirmaysanmi?..
2010
***
Ko‘zlarimga ishon, qo‘llaringni ber,
Axir, g‘amlaringni tugatmoqchiman.
O‘zim bilmayman-u, lekin, baribir,
Men senga yashashni o‘rgatmoqchiman.
Kel, ilmi ushshoqni o‘zlashtiraylik,
Birga najot topsin bu yarimjonlar.
Orzuning ismini o‘zgartiraylik,
Imkonlar navbatda turar, imkonlar.
Ko‘nglingdan o‘zgaga quloq solmagin,
Chorla, bezovta qil, tushlarimga kir.
Ammo aro yo‘lda turib olmagin,
Faqat ketmasingga meni ishontir.
2008
***
Har kimga ham nasib etmaydigan Baxt
Zarra nigohimga bo‘lganida zor.
Javobimni kutib poylab tursa Vaqt,
Barini rad etsam takror va takror;
Mazlum ko‘zyoshiga qoqilmay deb bot,
Dorda yurgan kabi hushyor qadam-la –
Qo‘llarimda langar, so‘rasam najot,
Saodat tongiga eltsa bu g‘amlar.
Nogahon Ruh qushi tilga kirganda,
Asli kim ekanim tuyqus angladim.
Sip-silliq ko‘chalar chorlab turganda,
Men shu baxtiqaro yo‘lni tanladim.
Nechun chorlayverar sir to‘la samo?
Balki, kimdir bizga ilhaq ko‘kda ham.
Uchib ketgim kelar yulduzday, ammo
Yerda Odam tanqis, bunda Odam kam.
Hamon imlayverar yulduzlar zimdan
Tangrining beminnat nazari ila –
Oyoq uzgim kelmas mushfiq Zamindan,
Vidolashgim yo‘qdir maysalar bilan!
2011
***
Alam qilmay qo‘ydi hech biri,
«Chiq» deydi-yu, o‘zi chiqmas Vaqt.
Men Hayotni boricha suydim,
Har tomonda, har qadamda Baxt.
Ozor sanchmas yurakka ortiq,
Bu gullarning ifori o‘zga.
Kechagi jo‘n, sovuq odamlar
Juda issiq ko‘rinar ko‘zga.
Allaqachon ovutib oldim
Ko‘nglimni(ng) sho‘r ko‘z yoshin artib.
Hammasini kechirib bo‘ldim
O‘zgalaru o‘zimdan tortib.
Qanday yovuz kuchlar bor bunda,
Bilmaganim yaxshi – bilmadim.
G‘o‘r mavsumdan roziman, shaksiz,
Xato qilib xato qilmadim...
2009
***
Har lahza tiyilish azobiga band,
Yurak – qafasdagi nekbin orzumand.
Zulmat mil tortishga chog‘lanar harchand,
Mudom shamsi anvar ko‘zimga payvand.
2010
?..
Yo‘q, hali oldinda vido onlari,
Faqat bir qayrilib ortimga boqdim.
Meni deb yorishdi kimning tonglari,
Kimning qarog‘iga shamchiroq yoqdim?
Yirtib otmaydigan she’rlarim bormi?
Menga qarshi guvoh bo‘lmasmi so‘zlar?
Ranjitganim yo‘qmi qishni, bahorni?
Rozi ketdimikan mehmon yoz, kuzlar?
Bir kuni Yuragim tilga kirganda,
Suyganim o‘zimga bo‘lmasmi ziyon?
Ko‘zlarim barini sotib turganda,
Meni qutqargani kelarmi Iymon?
Qanday bo‘lar ekan ishonch mevasi?
Ekkan-tikkanlarim pushmon bermasmi?
Og‘ir botmasmikan qalbim shevasi?
Qattiqroq yo‘talim isyon emasmi?!.
2008
***
Chiqib ketsa edi shu iblis qondan,
So‘ng topa olmasa manguga izim.
Bir Hayot boshlasam o‘shal hur ondan,
O‘z oldimda shuvut bo‘lmasa yuzim.
Qaytadan tozarsam – sevsam qaytadan,
Chalg‘itmasa mash’um xayollar bir zum,
Arsh sari zinalar qo‘ysam tavbadan,
Saodat asrini eslatsa umrim...
2010
TAVALLO
Har kim o‘z qismati qoshida yolg‘iz,
Garchi atrofimda do‘stlar bor – xolis,
Ular ummondagi xas kabi ojiz,
O‘zingdan o‘zgaga aytar dardim yo‘q.
Og‘ir bu yillarning toshi yengilmi,
Birov yecholmadi tilsim sevgimni,
Uchratmasang, qaydan topay tengimni,
O‘zingdan o‘zgaga aytar dardim yo‘q.
Umrimni cho‘qilab zog‘lar almashdi,
Yo‘qolib-yo‘qolmay dog‘lar almashdi,
Yelkamdan tusholmay tog‘lar almashdi,
O‘zingdan o‘zgaga aytar dardim yo‘q.
O‘ylarim kishanda, ko‘nglim kishanda,
So‘radim – so‘rashni qilmadim kanda,
Avliyo bo‘lsa ham bandasi – banda,
O‘zingdan o‘zgaga aytar dardim yo‘q.
Savobu gunohda beqarordirman,
Ajab, shu holimga serviqordirman,
Umidsizlik aro umidvordirman,
O‘zingdan o‘zgaga aytar dardim yo‘q!
2009
TAQVO
Ular o‘ktam, ming bor shijoatliroq,
Kecha-kunduz qoyim, qo‘lida tasbeh.
Yaratganga mendan itoatliroq,
Har nega soatlab izlamas tashbeh.
Shamol shovqinidan bejolanmaydi,
Tunlari duv-duv yosh to‘kkani bilan.
Shoxlarin silkitib havolanmaydi,
Kunda bir mo‘‘jiza tukkani bilan.
Har nechuk, qismati oydin ekan-da,
G‘o‘dir peshonasi buncha yaraqlar.
Bosh egib ham o‘sish mumkin, deganday,
Ta’zim qilib turar mullo daraxtlar.
2010
O‘RTAR
G‘ussalardan oltin qafas qurgandayman,
Laxcha-laxcha cho‘g‘ ustida yurgandayman,
Bu dunyoda ijarada turgandayman,
Tole’ degan qilmas pisand, Mashrab bobo.
Yengilgina qo‘shiqlari yallo-yallo,
Oyoqlarning ostindagi loymi, tillo?
Kaminaning taxallusi chalamullo,
Tutumim ham shunga monand, Mashrab bobo.
Nega keldim manov g‘urbat makoniga?
Tutib berdim o‘zimni g‘am paykoniga,
Ko‘zim kuydi kirib sevgi do‘koniga,
Jandangizdan olmadim pand, Mashrab bobo.
Tomirimdan kuylar oqar – suvoraman,
Ko‘zyoshlari zavq ulashgan favvoraman,
O‘z-o‘zimni avrash bilan ovoraman,
Ko‘nglim siniq, dilim dardmand, Mashrab bobo.
Yo‘l yuraman, mo‘l yuraman, yo‘lim yetmas,
Xirojiga na jonim, na molim yetmas,
Yigirma besh yildan beri qo‘lim yetmas,
Etagingiz buncha baland, Mashrab bobo?!
2008
***
Shu chirkin matohga bormi uchmagan?
Barining ongiga g‘ubor sachragan.
Boylikni kir qog‘oz bilan o‘lchagan
To‘daga teskari boqishni o‘rgat.
Bu yo‘lda yuzini yo‘qotgan ko‘pdir,
Ildizu izini yo‘qotgan ko‘pdir,
Eng kerak so‘zini yo‘qotgan ko‘pdir,
Alarning safidan chiqishni o‘rgat.
Daryolar bag‘riga sig‘mas jilg‘aman,
Birda sokin esam, birda dolg‘aman,
Loyqa hislar bilan tag‘in bulg‘amay –
Tubigacha tiniq oqishni o‘rgat.
Toshlarning ko‘ngliga bir bor qo‘l solsam,
Ranjima qoshingga picha kech qolsam,
Adashib-adashib yo‘l topib olsam,
Yurakdan changlarni qoqishni o‘rgat.
2009
***
Rahmatiga ixlos aylab zahmat cheksang,
Og‘riqlaring halovatga aylansalar.
Dil bog‘iga alvon-alvon gullar eksang,
Xushbo‘ylari salavotga aylansalar.
Marvaridday lahzalarni yiqqaningda,
Ufqlar sari manzur-manzur boqqaningda,
Kamtarlikning cho‘qqisiga chiqqaningda,
Ta’zimlaring salobatga aylansalar.
Yolg‘iz Uning yodi birla o‘yga cho‘msang,
Yolg‘onlarni qaytib chiqmas joyga ko‘msang,
Orom chog‘i ko‘zni qo‘rqmay, qo‘rqmay yumsang –
Uyqularing ibodatga aylansalar.
Tomiringda oqar hayot nashidasi,
Har qadaming – tiriklikning qasidasi,
Bir o‘zgarib g‘amnok dunyo xaritasi,
Anduhlari saodatga aylansalar.
Tafakkurdan qanot bog‘lab ko‘kka uchsang,
So‘ng yurakning suxanida gavhar sochsang,
Jumla jahon baxtin so‘rab kafting ochsang –
Duolaring ijobatga aylansalar...
2010
***
Shamollar abadiy, yomg‘irlar mangu,
Bizdan so‘ng ham oppoq qorlar qoladi.
Shaksiz, yashayverar quvonchu qayg‘u,
Izhorlar, iqrorlar, zorlar qoladi.
Ming yillarki, aslin o‘zgartmas tog‘lar,
Salobati o‘sha, viqori o‘sha.
Tarovati so‘nmas dilovar bog‘lar –
Hanuz toshqin hislar talpingan go‘sha.
Bexos takror-takror chorladim, chog‘i,
Yaproqlar tizilib keldi so‘zimga.
Qobirg‘asi singan xazonlar ohi
Ohangdor hasratdek tuyulmas kimga?
Shunchaki taqlidga o‘xsharmi bu hol –
Demangiz, bu faqat ilhom onlari.
Ruhimda yashadi shunday bezavol
Hayot degan she’rning qahramonlari.
Shamollar. Yomg‘irlar. Daryolar. Tog‘lar...
Azal nafasini keltirgay abad.
Yaproqlari oyat o‘qigan bog‘lar...
Tabiat tilida ilohiy suhbat.
2011
QORSHE’R
Osmon bodroq to‘kdi kun bo‘yi –
Borliq qo‘yni to‘la oppoq dur.
Tabiatning bu kumush to‘yi
Bo‘g‘otlarga ulashar huzur.
Ko‘pni ko‘rgan og‘ochlar yana
Yelkasiga olar bor yukni.
Hali davom etar tantana –
Asrash kerak har noziklikni
Keksa mo‘ri zerikmas chekib,
Lek havoni qilmas bemaza.
Izg‘irinning qalami tegib
Gulzor bo‘lib ketdi deraza.
“Oqqush bo‘lib qanot yozaylik!..”
Xayollarning yo‘qdir poyoni.
Tashqariga shoshar go‘zallik
Sharfga o‘rab olib hayoni.
Poklik chulg‘ab borar har yerni,
Oqlik inar dalayu boqqa.
Ayozkotib eng dilbar she’rni
Dog‘ yuqtirmay ko‘chirar oqqa...
2008
***
Ular ko‘zdan yiroq, ko‘ngilga yaqin,
Mo‘‘jiza yashringan yaproqlariga.
Havasing va jinday hasading kelar
Yo‘qolib ketmagan titroqlariga.
Chiroy ochib asta boshin ko‘tarar,
So‘ng go‘zal bo‘lishga jur’at qilgaydir.
Agar yeb qo‘ymasa qo‘yu qo‘zilar,
Dashtni bu chechaklar jannat qilgaydir.
2009
***
Balosiz – go‘yoki g‘amimni yeysiz,
Zahardan o‘tkirroq choy berib qo‘yib.
Tortinmay bemalol o‘tiring, deysiz,
Ignaning uchidan joy berib qo‘yib.
2010
***
Kunduzning rizqi bor tunning ortida,
Kimlarning baxti but kimning dardida,
Tentirab yuribman so‘zlar yurtida –
Haqiqat aralash, yolg‘on aralash.
Kunda nafs otiga tilarman to‘zim,
Goh ko‘nglim aldaydi, gohida ko‘zim,
Qovrilib yotibman o‘zimda o‘zim –
Muhabbat aralash, isyon aralash.
Uzilib-uzilmas ishonch iplari,
Ayovsiz otilar balo to‘plari,
Ruhimda evrilish taloto‘plari –
E’tiqod aralash, gumon aralash.
Bo‘taday bo‘zlayman, toyday kishnayman,
Na asal yalayman, na tosh tishlayman,
Birda sarg‘ayaman, birda yashnayman –
Umrimda Hamalu Mezon aralash.
2009
DO‘ST
Meni telbalarcha qo‘msar Yolg‘izlik,
Ko‘zlari yo‘limda ilhaq, nigoron.
Uni ham har ko‘yga solar yorsizlik,
Shunisi yomon-da, shunisi yomon.
Nechundir, bu holga oson ko‘nikdim,
Ko‘nglim chopar uning ko‘nglin olgani.
Yoningga bormasam, kechir, seviklim,
Qo‘rqadi Yolg‘izlik yolg‘iz qolgani.
2008
MAYDON
1
Oydinda ot o‘ynatdim,
Yonsin-yonsin yulduzlar.
Dilbuloqni qaynatdim,
O‘ngurlarda tosh muzlar.
Dog‘lar bosib yuzini
Oy uxlar qay qo‘yinda?
Nur yo‘qotdi o‘zini
Halol-harom o‘yinda.
Yolg‘on yotar bolalab,
Or alamda qovrilar.
Yaltir-yultur shon talab,
Kimga qoldi davralar?
2
Yurak chiqdi qinidan,
Dunyolarga sig‘mayman.
O‘lganimning kunidan
Qo‘shiq aytib yig‘layman.
Ko‘ksingni nur dog‘lasa,
Yorug‘ niyat bo‘ladi.
Yigit oshkor yig‘lasa,
Elga uyat bo‘ladi.
O‘rningizni qizg‘oning,
Asli toza mardlarim.
Uyg‘oning-a, uyg‘oning,
Ay, polvoncha dardlarim!
2008
NAJOT
Taqdir qanday tadbir etar ertaga?
Ko‘nglimda muqaddas niyat ko‘karar.
Kim qo‘lga ishonar, birov yelkaga,
Meni esa bir kun so‘zlar ko‘tarar.
Boru yo‘qlik bilan kelsam yuzma-yuz,
Izimdan ergashsa qora nuqtalar;
Iymonim so‘z erur, amalim ham so‘z,
O‘shanda ham meni so‘zlar qutqarar.
2009
SO‘NGSO‘Z
Qanot qilib eng uchqur so‘zni,
Yulduzlarni ettirib xirom,
Hammasiga chirt yumib ko‘zni
Shartta uchish kerak – vassalom!
2009
«Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim»(2012) kitobidan.