Bokiy (Mirzo Abdullo Masriddin o‘g‘li) Farg‘ona viloyatining Roshidon (hozirgi Rishton) tumanida bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Dastlab maktabda savod chiqardi, keyin otasi Mirzo Nasriddin va amakisi Mirzo Ohunddan ta’lim oldi. Firdavsiy, Hoqoniy, Nizomiy, Navoiy, Bedil va Fuzuliy kabi buyuk shoirlar ijodini chuqur o‘rgandi.
1938-yilda Alisher Navoiyning 500 yilligini nishonlash yubiley komissiyasi tuzildi. Shu muiosabat bilan Bokiy Toshkentga taklif qilindi. Klassik adabiyotimiz bilimdoni sifatida samarali ish olib bordi.
1943-yili O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi tuzilgach, Bokiy unga muxbir a’zo bo‘lib saylandi.
MUQIMIYGA
E ajal, ko‘z ustiga manzil tutubsen qoshdek,
Besh minut muhlat menga berkim ishim bor moshdek.
Hasratim boshig‘a yoqg‘on toshlardekmu deyin,
Yo bag‘ir qoni-la qaynab, tinmay oqg‘on yoshdek.
To‘tiyi shakkar shikanning qarg‘acha yo‘q qimmati
Bulbuli otashnavoning qadri qaldirg‘ochdek.
Durri g‘alton qadrsizlikdan tushib tufrog‘ aro,
Gavhari yakdona narxi el ko‘zida toshdek.
Ohkim, vaqti hayoting kimsa qadring bilmadi,
O‘lganingda zohir aylab mehr chun xuffoshdek.
Ey fasohat gulsitonining xush ilhom bulbuli
Qaysi to‘tiyi shakarhodur senga bingroshdek.
She’r tarzu rasmida Behzoddek rassom sen,
Xatda qilking naqshi naqshi Moniyi naqqoshdek.
Manbai xulqi karimu ma’dani hilmu hayo,
Mahzani fazlu hunar, Bedilga qorindoshdek.
Yuz asaf, ul hamkaloming Furqatiydin dog‘ men,
Chunkim erkan senga Zokir go‘yo ko‘kaldoshdek.
Garchi bordur asrdoshing necha o‘rgamchi misol,
Nuktadon qoshida sen bor yerda onlar loshdek.
Ey balog‘at avjida tab’ing quyoshi nur baxsh
Fasli naysoni adabda abri gavhar poshdek.
Sen emas yolg‘iz jahonda fazl arbobi aro,
Bilmagan el qadrini farzana Sayid Toshdek.
Fozili mumtoz Rojiy ul Sulaymon nazdida,
Muhyi qadri Mo‘rcha yo donai xashxoshdek.
Garchi erdi ul Muhammadqul Muhayyir qop-qaro,
She’r ahlin oftobi barchag‘a qo‘ldoshdek.
Ikki devonini ko‘rdum, ko‘rmadim devonining
G‘ayri devoni Navoiy, Lutfig‘a o‘xshoshdek.
Oq yer ahli qaro yer ostig‘a ko‘mdurdilar,
Qo‘ymayin qabri uza bir lavhai ko‘ktoshdek.
She’r arbobin qatinda Zavqiy, Nasriddincha yo‘q
Lek Zokirjoni Furqat migi lulu poshdek.
Yusufi Saryomining kim bildi qadru qimmatin,
Fozili rind Almaiy yokim Kamii Shoshdek.
Bilmagay har kimsa ne’mat qadrini vaqti kamol,
Kim zavole yetsa ikki ko‘z ochilgay moshdek.
Ohkim, vaqti hayoting qimmatingni bilmadik,
Endi qadring ko‘p o‘tar ko‘z oldidin izvoshdek.
Nazmi jonbaxshing erur qimmatda chun qandu nabot,
Barcha lazzatlig‘ kaloming shahd oroloshdek.
Xo‘shachini mazrai alfozing arbobi funun
Hirmani fazlingdin olg‘ay dona har kim choshdek.
Garchi hosidlar seni holingni yopmoq istadi
Bo‘ldi zohir qancha pinhon qilsa nuri foshdsk.
Qolgan ahbobing o‘qur she’ringni har shom saboh
Kecha-kunduz yod etib payvasta chun tutoshdek.
Hech bazmi yo‘qki, yoding etmasun ahboblar
Barcha mahfil ichra yo‘qlash yo‘q seni yo‘qloshdek.
Ey sabo, men telbadin yetkur payomi beadad
Gar Muqimiy qabrig‘a topganda yo‘l buljoshdek.
Pardai jonimni qil tufrog‘i uzra qabrpo‘sh
Tashlag‘il boshim oyog‘i ostig‘a podoshdek.
Bu vafo harfi yozilg‘on dog‘lik ko‘nglumni ol,
Pushtai xokig‘a qo‘y ko‘ksimni Ko‘ktoshdek.
Arg‘uvonigi degil sorig‘ yuzumdin ko‘p duo,
Mavji gulgun ashkimi holini qil urkoshdek.
Ko‘rgan ozorim bila zulmu sitam chekkanlarim
Arza qil bir-bir borib sen sharq ila unloshdsk.
A’lamu mufti, mudarris muhitasib arbobidin
Rindlar jonig‘a dushman qoziyu mingboshdek.
Zohidu obid, riyoyi shayx birlan birlashib
Ta’n tiyg‘i birla tilgan bag‘rimi g‘irvoshdek.
Kecha-kunduz tinmayin g‘iybatlab otgan o‘qidin
Xasta ko‘nglumni sadog‘i to‘ldi chun tirkoshdek.
Zahmu tavbihim uchun boshim uza aylab hujum
Hosidi badxohim oldi o‘rtag‘a avboshdek.
G‘am yuki egdi alifdek qomatimni qildi nun
Sarvi ozodim egildi xam bo‘lib chirmoshdek.
Hech kim mendek balo toshi nishoni bo‘lmasun,
Zahmlig‘ toshu ichi majruhi ichu toshdek.
Koshkim, bir hamdamim bo‘lsaydi naydek nolasanj,
O‘t berib yondursa ko‘nglum kishvarini doshdek.
Bulbuli xushlahja Mirzo Ahmadi to‘ti navo,
Dodajoni, rind , ya’ni Hojii qalloshdek.
Ayshingiz bo‘lsin hamisha ishrat ila bardavom,
Garchi mendin sizga yetmas tuhfa yorilg‘oshdek.
Ey, Muqimiy yodi birlan shod o‘lan ahboblar,
Bo‘lmangiz mag‘mumu mahzun bu muqimi Roshdek.
Roshidon bog‘i emas, tog‘inda Bokiy chun buloq
Qon bo‘lib, qaynab xayolingizda to‘ldik-toshdik.
1909—1910
O‘ZBEKISTON
Ey, sharaflik Uzbekiston, izzatu shon senda bor,
Jon bilan davlatga ahdu paymon senda bor.
G‘ayratu himmat, shijoat, obro‘, sharmu viqor,
Shafqatu mehru muruvvat oru vijdon senda bor.
Yerga ishlab paxta olmoq peshasida ilgari,
Mohiru ustodi komil fard dehqon senda bor.
Bir chigitdin ko‘sak ellik, har ko‘sak o‘n besh chigit,
Bir urug‘din olg‘uchi bir necha yuz don senda bor.
Tuprag‘ing oltin, suving shahdu havong sof, ruhbaxsh
Vodiyu tog‘ingda minglab ma’danu kon senda bor.
Ichu toshing vasfini yozmoqda ojizdur qalam,
Kim bayoni mumkin ermas, har na bu on senda bor.
Toshing ersa paxta maydon, gulshanu bo‘stonu bog‘,
Iching ichra oltinu la’li Badaxshon senda bor.
Mevalik ajjori anvoig‘a to‘lgan bog‘lar,
Necha tuslik gul bilan rangin guliston senda bor.
Ey, yigirma yoshga to‘lgan, erklik ra’no yigit,
Shod bo‘l, o‘sgil, ko‘paygil, chunkim imkon senda bor.
Ilmu fan, san’at, shijoat husnu so‘zdin bahramand,
Har qayu ishda, g‘araz, qudratli inson senda bor.
Bu Ali, Forobiy yanglig‘ faylasufi zufunun,
Yuz Falotuncha Ulug‘bek ibn Ko‘rgon senda bor.
Rudakiy, Sayfiy, Asirddinu Badri Chochdek
Nukta sanju xurdabin olim, suxandon senda bor.
Zavqu shavq arbobi musiqiyda mashhuri diyor,
Nag‘ma ohangida bulbuldek xush ilhom senda bor.
Tog‘u vodiy margi zoringda g‘aroyib mevalar,
Bog‘u bo‘stoningda xushta’m nori xandon senda bor.
Nori xandon yolg‘uz ermas, olmayu noku behi,
«Noshvotu» birla «Dilafro‘z» necha chandon senda bor.
Tilni yordi shahd yanglig‘ shirai jon parvaring,
Ey, shakar koni, degil, qanday nayiston senda bor.
Ayb emas, kayfim oshib, mastona so‘zlab maqtasam,
La’lu yoqutu zumurrad, durru marjon senda bor.
La’lu yoqutu zumurraddin murodimdur uzum,
Ushbu sharbat shishasidin necha alvon senda bor.
Eng birinchisi «Husayni» nav’idur, biri «Hasan»
Biri «Kelin barmog‘i» deb nom atalgon senda bor.
«Sohibiyu», «Farkatiyu» «Toifiyu» «Chillaki»,
Ikki tus «Doroyi», «Maska», «Kattaqo‘rg‘on» senda bor.
«La’li yakdona», «Tagobi», «Shakkariy» yoki «Charos»,
«Sabzu», «Sirkoi», «Charmi rubah», «Sulton» senda bor.
Ikki xil «Atri»yu «Obak», «Zangband»u «Navgilem»
Ham «Azimboy»iyu «Kishmish» ham «Shibirg‘on» senda bor.
«Muskat»ing nomini olsam lab labimga yopishur,
Turfa bir a’jubai shirini davron senda bor.
O‘rik anzoidakim, bay-bay, «Nigoriy» nomidur,
«Oq qandak» deb atarlar ahli irfon, senda bor.
«Qozixoniy» birla «Kozine’matillohi» yana,
«Mullahandi»yu «Gadoiy», «Obidandon» senda bor.
«Boltuboyi», «Isfarak», «Mirsanjali», «Boborajab»,
«Luchchak»u «Mahtobi»yu, «Xurmoyi», «Subhon» senda bor.
Navi olu birla g‘aynoliyu shaftoli gilos,
Pistayu bodomu yong‘oq berk-ochilgon senda bor.
Shahdu shakkar, chillaki, ya’ni asalning xumchasi,
Mazzalik shirin qovuniing jinsi chandon senda bor.
Yetti kishvar rashki qutlug‘ O‘zbekistonim yashar,
Xullasi, so‘z shul erurkim, osh ila non senda bor.
Bu go‘zal bog‘i vafo vasfini, Bokiy, qil bayon,
To qalam ilgingda, til og‘zingda, to jon senda bor.
1944