OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

E‘tibor Oxunova (1933)

http://ziyouz.com/images/poets/etibor_oxunova.jpgE'tibor Oxunova 1933-yili Andijon shahrida tug'ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Uning ilk to'plami 1961-yili chop etilgan. "Salom, bahor" (1964), "Seni o'ylayman" (1967), "Kamalak" (1970), "Yillar" (1973), "Vatan shu yerdan boshlanadi" (1974), "Billur kaptarlar" (1978), "Men tongni uyg'otdim" (1981) va boshqa to'plamlari nashr etilgan. 

KO‘ZINGDA JILMAYAR YOG‘DULAR 

Shukronalar aytay, aytay sanolar,
Turna karvoniga to‘lmish samolar,
Umri farzonalar, aziz momolar,
Bahor, gullar... Sizga to‘yona bo‘lsin.
 
Sochimizga zebdir tol bargaklari,
Maynalar cho‘p tashirlar sergaklanib,
Yam-yashil maysalarga yo‘rgaklanib
Uyg‘onuvchi bog‘lar gulxona bo‘lsin.
 
Armonlarim qular tubsiz jarlarga,
Yuragim joy bermas endi zorlarga,
Qalandar qushlarga, gul, gulzorlarga
Tashna umidlarim mastona bo‘lsin.
 
G‘unchalar labini ochar xandaga,
Suluvlar o‘t qalar qo‘sh chirmandaga,
Bahorga zoru-zor mendek bandaga
Dutorin sozlashga bahona bo‘lsin.
 
Tog‘larning poyida lola axtarib, 
O‘qidim chashmaning sevgi daftarin,
Nozik sibizg‘asi so‘zlar dardlarin,
Tug‘yonlarim unga hamxona bo‘lsin.
 
Turnalar samoga yozar xatini,
Inshosini — bahor tariqatini,
Samo to‘kar obini-rahmatini,
Degay: Barokat-qut shohona bo‘lsin.
 
Yalpizlar bezabdi anhor labini,
Bo‘tana suvlarga der matlabini,
Oshiqlar ma’shuqqa ochsa qalbini,
Mayli, ishq asrori pinhona bo‘lsin.
 
Turna qanotida keladi bahor,
Bulbul bayotida keladi bahor,
Ko‘klamni sog‘inib yashnadik, alhol,
Qutlug‘ diyorimiz to‘yxona bo‘lsin.
 
SENI IZLADIM

Subhichog‘... men yolg‘iz so‘qmoqda
Borurman yam-yashil sayhonga.
Negadir xayollar payhondir,
Quyosh ham chodirin so‘kmoqda —
Tong otar,
Kun botar,
Sezmadim.
Men seni sarvlar bargidan izladim.
 
O‘rmonlar ichra men yolg‘izman,
Erkalar qushlarning xonishi.
O‘t olar o‘n bora yonishim,
Qaydasan, qaylarga bormayin,
Izlagum,
Bearmon,
Mavjli ul daryolar bag‘ridan izladim.
 
Tog‘ kezdim... yo‘l boshlar jilg‘alar,
Izladim qoyalar boshidan.
Ul asriy cho‘qqilar arshidan
To‘kilgan yog‘dular jilmayar
O‘zingdek,
So‘zingdek.
Qamashur ko‘zlarim,
Men seni chinorlar sabridan izladim.
 
Qo‘shig‘im, lutfingga men mahtal,
Qalbimdan qon olgin, shodligimdan rang.
Qo‘shig‘im, sururlar, zavq bilan o‘ra,
Tinglagan har jonga bir o‘tli g‘azal 
Totini
Baxsh ayla
Naqsh ayla, go‘zalim,
Men seni odamlar qalbidan izladim.
 
QIRQ KOKILLAR

Ko‘z o‘ngimda to‘zg‘ib ketar sharsharalar,
Mushk-anbarga to‘lib ketar qir, daralar,
Yurtim aro shunday bir sado taralar:
Ko‘rganmisiz, daryolarning to‘lqinini.
 
Qirq kokillar subhi sahar taroqlangay,
Nigohimda ishq devoni varaqlangay,
Eng qorong‘u kulbalar ham chiroqlangay,
Shoir devonadir topmay talqinini.
 
Sochlar ko‘rkam zebi-gardon, tumor bilan,
Jonning xaridori ko‘zi xumor bilan,
Mahbub kishanlangay sochi-zunnor bilan,
Qo‘shib o‘rganida dilin yolqinini.
 
Bekorgami, Mashrab devonalar bo‘ldi,
Kimlar Farhod bo‘ldi — afsonalar bo‘ldi.
Majnuni-Qays cho‘lda sarsonalar bo‘ldi,
O‘chirolmay ishqning otash-chaqinini.
 
Soch ta’rifi yashab kelar azallardan,
Mutrib sozi, qo‘shiq, o‘tli g‘azallarda,
Yo rab, nechun endi qoldi nazarlardan,
Izlab, o‘ylab topolmadim taxminini.
 
Sunbul sochga yarashiqli davronimiz,
Emin-erkinlikni bergan zamonimiz.
O‘zimizdan neki yaxshi-yomonimiz,
O‘zganiki bo‘lsa sochu, choponimiz,
Qanday qilurmiz udumlar talqinini?!
 
*  *  *

Odamlar,
Jonimga jazo aylang,
Men sindirib qo‘ydim
Gullab turgan dilafro‘zning shoxini.
Tinglamadim vaqtim ziq deb,
Dili zabun bir kimsaning ohini.
Asramadim
Uyasidan yiqilgan qush polaponini,
Asramadim
O‘q yegan majruh kabutarning jonini.
Olib qo‘ymadim yo‘l ustida
yotgan bir toshni,
Qoqilganning ohi ursin
men bag‘ritoshni.
Katta yo‘lda ko‘rdim
Ko‘zi ojiz keksa odamni,
Yordam uchun tezlatmadim qadamni.
Kimman o‘zi?
Yurakmi bu, temirmi bu, yo parcha sopol?
Nimaligin bilolmay men aftodahol.
Ne qilayin,
Ko‘kragimga tig‘ kabi qadalgan toshni,
Qayga uray,
Xijolatdan egilgan boshni?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.