OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faxriyor (1963)

 Faxriyor (Faxriddin Nizomov) 1963 yilda Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati, Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan (1988). «Dardning shakli» (1987), «Ayolg‘u» (2000), «Geometrik bahor» (2004) she’riy to‘plamlari, «Yangilanish an’analari» (1988) publitsistik maqolalar to‘plami nashr etilgan. Uning tarjimasida T. Uinter (Abdulhakim Murod)ning «21-asrda islom: postmodern dunyoda qiblani topish» (2001) diniy-falsafiy kitobi nashr etilgan. 


SANGIJUMONDA YOZ MANZARALARI

Saraton.
Darmonday qurigan suvlar.
Buloqlarning ko‘zlari o‘yiq.

Suvsoq soylar ilon kabi bilanglab 
ketib borar 
suvloq yerlarga.

Bunda chanqamas quduqlar faqat,
Yozning chanqog‘in ko‘rib,
xijolatdan yerga kirib ketgan quduqlar.

* * *

Keldigim, kelmaging bunchalar qiyin? 
Kuldigim, kulmaging bunchalar qiyin? 
Bildigim, bilmaging bunchalar qiyin? 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

Bu ko‘ngil emrandi, azobim - bilgich, 
visoling falajdir, hijroning - kelgich, 
tabassum ko‘rmagan shikasta kulgich. 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

Baxtning darvozasi zanglab yotadi, 
yurak ochilmog‘in angnib yotadi, 
ortiga oy botar, yulduz botadi. 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

Ne nayson edingki, abr kelmadi, 
qoshing qarosidan qadr kelmadi, 
na jahru na zikru sadr kelmadi. 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

Ko‘ngil oynasiga ko‘z yosh to‘kildi, 
falakdan oy bilan quyosh to‘kildi, 
umid kosasidan bardosh to‘kildi. 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

Dildan yulib oldim har bitta baytni, 
kulindim, tilindim, alyorlar aytdim, 
shoyad tunlarimga suydigim qaytsa. 
Suydim, allayor-allayor, 
kuydim, allayor-allayor!

* * *

Tiyramoh bog‘lari rutubatlidir, 
kezinar, ezinar telba ruhunat. 
Yomg‘ir bo‘lib bo‘zlar sag‘ir sukunat, 
ichingda o‘rmalar kuygin bir gidir.

Gulim, bahorlarda ketding sen qolib, 
oramizda to‘qson, bir qishlik yo‘l bor, 
taroqdan o‘rmonu oynadan ko‘l bor, 
na ohim yetgaydir, na qiylu qolim.

Tushovin uzolmas vaqt - arg‘umoq, 
chiltanning qo‘llari qanotga do‘nar. 
Ketarman, bu yerda qolmog‘im gumon.

Ketarman, izimdan xazonlar haydab, 
shamollar ergashar. Daraxtlar to‘nar. 
"Bor-ho, kel-ho, hamalam-ha, yo‘l qaydi?.

* * *

Sen meni aldaysan tush kabi, 
bahorlar keladi, kelmassan. 
Janublardan qaytgan qush kabi 
mening kulbam qayon, bilmassan.

Yulduzdan so‘rayman - devona, 
men seni oylardan so‘rayman. 
Kuyadirman shamsiz parvona, 
samandardek kuldan to‘rayman.

Sen meni aldaysan, gulgina, 
kimning bog‘lariga qaytarsan? 
Ko‘nglim sinar, muz bo‘lib sinar.

Sen meni aldama, aldama, 
suydim deb kimlarga aytarman? 
Umid sog‘inch idrokin yamar.

GULIM

Yurakni tikaman, tavakkal bu - mir,
Yutaman, hijroning chiqadi. Ne sir?
Qaroqda armonlar aylanar gar-gar:
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.

Boshimda quzg‘undek charx urar kunlar,
Na der bor, na she’r bor seningsiz tunlar,
Ko‘ksimdan Oy bo‘lib otadi munglar,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.

Ne rostki, dunyoning yolg‘onlari mo‘l,
Bermog‘i mushkuldir, olganlari mo‘l,
Ne g‘amki, ketgandan qolganlari mo‘l,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.

Ne bahor, men uni sog‘inmay qo‘ydim,
Ne sabr kosasi - hajr, may quydim,
Ne orzu edingki, armonga yo‘ydim.
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.

Gullarga qarayman, gulim yo‘q mening,
Yo‘llarga qarayman, yo‘lim yo‘q mening,
Yondim-u, kuydim-u, kulim yo‘q mening,
Gulim,
ruxsoringni ko‘rolmadim bir.

Ne nayki, bo‘g‘zida navolar kuyar,
Qobirgam o‘rnida havolar kuyar,
Oqqushning bo‘ynida savollar kuyar,
Gulim,
ruxsoringai ko‘rurmanmi bir?

TONGGI REGISTON

Azon aytar muazzin minorlar, 
falon yilki,
karvonsiz saroylar va xonaqohlar, 
bari-bari boyqushning mulki.

Barcha uxlar, yo‘qsil, xotirjam, 
Tong uyqusi ruhafzo.
Egatlarda charchagan elga 
uxlamoq afzal.

Ko‘rpalarga ildiz otadi 
uning uyqusi.
Yo‘lbars haydab ketar bir kecha 
ohularin tuyqusdan.

Ibodatga chiqmaydi hech kim. 
Mustabid sahar 
kimsasiz shaharda 
yulduzlarga beradi zahar.

Kechani esa u
quduqqa tashlar.
Keyin uxlayotgan raiyat ustidan
hokimiyat yurgiza boshlar...

Tong otadi Registon uzra, 
gumbazlarga cho‘kadi osmon. 
Yana do‘st bo‘ladi tungi dushmanlar, 
gulga aylanadi yana yosuman.

Yana bir kechani tonglar otadi... 
 
KO’Z YOSH SOYASI

 

Men suygan ko‘ngilga hech ozor bermang...
M.A.

 

Muqaddima


To‘g‘risi, bu satr qaysi bir gazetdan o‘qiganim esimda yo‘q. Yoki keyingi paytlarda tinim bermayotgan tushlarning hosilasimi, bilmadim. Bilganim, uning borligi. Mayli, kim to‘qigan bo‘lsa ham, uning ohori, o‘zi suyib, o‘zi ozor bergan oshiq ko‘nglini ayashi ko‘rinib turibdi. Qolgani o‘quvchining ishi. She’r bilan yolg‘iz o‘zi qolgan o‘quvchiga, yaxshisi, xalal bermagan ma’qul. 
Bizda qisqartmalar urf bo‘lmagani uchun dastlab ushbu qisqartmaning ma’nosi boshqa tillardagi lug‘atlardan qidirib ko‘rildi. Ehtimol, bu usul xatodir. Ammo izlash hech qachon xato emas. Yaratgan ham kechirsa, xato qilmaganlarni emas, izlaganlarni kechiradi.

_______________
1. M.A. – Master of Arts – (ingl.) ijtimoiy fanlar magistri. 
2. ma – Mental Age (ingl.)      aqlning yoshga munosib rivojlanishi.
3. ma – mamma (ingl.) oyi
4. ma – mon (fr.) meniki
5. MA – Mondaufgang (nem.) oy chiqishi
6. ma (it.)  – yo‘q
7.  MA – Madelene Allbright – sobiq AQSh Davlat kotibining raqs tushganini hamma biladi, lekin she’r yozganmikin?
8. M.A. – Mavlono Atoiymi? 
9. M.A. – Muxtorov Asqadmi? 
10. M.A. – Muhammad Alimi?



1

 

Sen biror marta ko‘zyosh soyasini ko‘rganmisan?.. 
U oddiy soyaga o‘xshamaydi... U yuraklarimizga 
mutlaqo  boshqa, uzoq dunyolardan keladi...  
Xaruki Murakami

            

1) Tomib bo‘lgan ko‘z yoshlaringning –
soyasi muallaq. Inmaydi.
Yig‘lagin, siqtagin, urin ming,
soya to‘kilmaydi,  sinmaydi. 

U tunlarga kirib boradi
muallaq ko‘y, qadam-baqadam.
Ko‘tarilib ketmas oradan,
ko‘tarilib ketsa ham odam.

Nursiz soya – ko‘z yosh soyasi,
armon yanglig‘ u ham o‘chmaydi,
soyalarni tunga yoyasan.

Soya yulduz bo‘lib jivirlar,
lekin yulduz kabi uchmaydi,
olis muhabbatdan shivirlar.

2005 yil, 23 aprel


2) Yosh soyasi bag‘rimni kesdi,
og‘riqlarim sensiz, muttasil.
Shamoldayin qaylardan esdi
ko‘zyoshing soyasi bu fasl –

muhabbatning yaralariga
peshonamning sho‘rlari bo‘lib?
Men soyaga tikildim nega
ko‘nglim buzuq, yuragim to‘lib?

Xayollarim orama-sarson,
soya  kattalashar, o‘sadi.
Songa kirmas, kirib borar son –

Oramizga, bir, ikki, uch kun...
Yiroqlashar, seni to‘sadi
hijron qadar uzaygan bir tun...

2005 yil, 26 aprel
        

3) Botayotgan kunday qizarar
ko‘zyoshning tommagan soyasi.
Nur o‘rniga hijronlar tarar,
rang o‘rniga – hasrat  oyatin...

Ishq to‘ldirgan hujayralarga
soya to‘lib qolar birma-bir.
Vaqt yemirar hayratlarimni:
sirma-sir, birma-bir, sirma-sir...

Ko‘zyosh ketar, soya ketmaydi,
soya – umidlarning  arvohi,
arvohlarning kuni bitmaydi.

Ko‘zyosh qay umidga nuqtadir?
Yo‘q nimarsa soyasi, mohim,
ne baloni boshlar? U nadir?

2005 yil, 26 aprel


4) Soyalana boshlar muhabbat,
xotiraga tuyg‘ular ko‘char.
Ehtiroslar kuli bilan xat –
bitar roqim manglayga. O’char –

dildan umid, bilmadim, qayon?
Ko‘ngil oynasiga dog‘ tushar
ehtiroslar kulidan vayo
ko‘zyosh soyasidan. Bu tushlar –

chertilgan soz simiday titrar –
gulsizlikning xazon daragi –
kelgusidan keladi. Mitra* –

nur o‘rniga zulmatni qamar
sensiz kunlarimga, qaragin,
gulsizliklar chaman va chaman...

2005 yil, 30 aprel   

_________________
* Mitra – qadimgi hind-eron mifologiyasida yorug‘lik xudosi.


2

 

...ko‘zyoshlarim menga vatan bo‘ldi...
Mirzo Abdulqodir Bedil


Bu ko‘ngilga ozorlar kelar,
ko‘zyosh kabi ozor ham vatan.
Vaqt umrni so‘z qilib elar:
muhabbatim – eng buyuk xato.

Xatoyimga topindim – gunoh,
gunohimni sevdim men shunday.
Chechak emas, o‘rmaladi oh
ko‘nglim dashtlarida tutunday.

Ko‘ngil ozoringni chekadir,
un sayin, tun sayin, kun sayin,
yaprog‘iga xazon tegadi...

Ozoringdan ko‘zim yoshlanar,
tun ham manglay qarolikdayin
ko‘zyosh soyasidan boshlanar...

2005 yil, 30 aprel


3


Sen ketarsan. Qolmoq xatosi
kuymoq xunlariday bo‘ynimda.
Ko‘ngil yovlar bosgan vatanning
bayrog‘iday nimta va nimta...

Men yengilgan lashkarday o‘ngni
topshiraman tushlar hukmiga.
Yengib bo‘lmas sensiz bu mungni
engib bo‘larmikin va nega?

Mung ham qismat va g‘am singari
engilmaydi, chekilar. Tutun.
Mungrarim sen, sendir singrarim,

bog‘larimdan ketayotgan gul,
o‘zga dilning barini tutib.
Boshlarimga yog‘a boshlar kul…

2005 yil, 4 may
 

4

 

...u o‘zga tushlar ibodatxonasida yukinar edi...
Milorad Pavich


1) Tushlaringni bir kun qalandar
yuzko‘rarga joynamoz  qilib,
ko‘ngli yirtiq, ishqi talangan
men sho‘rlikka qayu bir iqlim – 

taraflardan keltirgan edi:
bo‘y yetmagan tushlar, sevarim.
Ko‘nglim mening yirtilgan edi,
tushingli bo‘ldimmi evazi?

Ayt, ne uchun qilay ibodat,
zor uchunmi, hijron uchunmi?
har bir savol bo‘g‘zimga botar...

Sen ayagan ko‘ngil ozorli,
sen ayagan yurak uchindi,
bu ne qismat bitilgan yorliq?

2005 yil, 5 may


2) Tushlaringni qiblaga o‘nglab
yukunmoqqa joy hozirladim.
Sajdaga majburlangan ko‘nglim
gul istaydur. Qul ozurdadir.

Ko‘zyosh soyasi tusdagi
tushlaringdan men ne orttirdim?
Seni ko‘rmoq istaginimi,
nahot shunga tushingga kirdim?

Bu istakni tushlaringsiz ham
yo‘g‘irardi ko‘ngil armonga,
soat say, toat say, damodam...

Xudo seni bermas, bilaman,
tashna qilar bir savol qonga:
men o‘zimni nima qilaman?

2005 yil, 10 may


3) Chakmon kabi yungdan to‘qilgan
tushlaringni yeb tashlar kuya.
Issiq-sovuq, na o‘qilgani
naf bermaydi. Urinchlar kuyar.

Tushlaring o‘nglana boshlaydi,
ko‘cha boshlar fojia o‘ngga.
Ibodat so‘nglana boshlaydi,
nahot endi bu ko‘ngil o‘nggan?

Qalandar yo‘q alishtirgani
yangisiga ko‘hna tushingni
va ijozat yo‘qdir kirgani –

endi tushlaringga – nomahram.
Seniki emasman, tushungin,
na Majnunman va na bir Bahrom.

2005 yil, iyun


4) Seniki emaslik sho‘rishi
singib borar suyaklarimga
zirqirab, sirqirab. Yoz-qishin.
Armon – butun, ko‘ngil – yarimta.

O’qimadim, etmadim xatm,
men ko‘nglimni tugatdim yig‘lab.
Tugamaydi manglayning xati,
peshonani tirnaydi mixlar.

Unda na yurak, na muhabbat,
na tushlaring ijobati bor.
Hushlar qayda qoldi, rabbano?

Ko‘ngil tugar, sen tugamaysan,
xor vujudda buyuk bir zorlik:
osmonni qoplaydi yoysam...

2005 yil, 17 iyun


5

 

Gurs etib tushadi ko‘z yosh tomchisi...
A.Muxtor


Iso chormix qilingan og‘och – 
uzra yig‘lab turgan tangrining*
shafoatin yosh bilan sochib,
ko‘nganiday banda amriga,

gulga bo‘yinsunadi yurak,
gulning hijronida – gulsizlik.
Ko‘zyosh gulni izlab yuradi,
har qadami gursillar – bizlik.

Ko‘zyosh qadamlari ostida
payhon bo‘lar yurak degani.
Ko‘ngilni ko‘zyoshlar bosdimi?

Qo‘l bosmadi, gullar bosmadi,
ko‘zyoshlar toptadi – begona...
xazon bo‘lgan ehtirosmidi?

_________________
* Mel Gibson suratga olgan “Iso ehtiroslari” filmining so‘nggi sahnasiga ishora.


6


Makon, zamon, kechinmalarda
ko‘zyosh soyasining davomiyligi...
Ta’qib etar kechirilmagan –
bir gunohday – ko‘hna, ming yillik... 

Soya nurdan uzab boradi,
zulmatlarni kechar… belgili.
Nur o‘char, o‘chmaydi qorasi,
ishg‘ol qilib borar kelguni.

Davomiylik muallaqligi
kesib o‘tar hayajoningni,
qarab o‘tirmaydi aqlingga,

aqlsizligingga qaramas,
jonni kesar, kesar qoningni,
soya umidingga yaramas.

20-09-2005

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.