OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Go‘zal Begim (1974)

http://ziyouz.com/images/poets/guzal_begim.jpgGo‘zal Begim 1974-yili Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug’ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetinining o’zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. 2001-2003-yillarda Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi oily adabiyot kursida ta’lim olgan.
Shoiraning «Sukunat jaraigi» (1998), «Uchayotgan yaproq soyasi» (2002), “Shabada qirg’og’i” nomli she’riy kitoblari chop etilgan. “O’zbek modern she’riyati” (Toshkent, 2003), “Yoshlar kitobi” (Toshkent, 2008), “Anor” (Moskva, 2008) to’plamlarida she’rlari e’lon qilingan. Ijod namunalari rus, ingliz va qozoq tillariga tarjima qilingan.  

 

EY SUYDIRGUVCHI

Ey suydirguvchi
gul bargini yuragimdan olib o‘tgan
tuyg‘ularimning billur shaklini 
ovoz xiyobonida erkalaguvchi 
saksovul iforida raqsga tushgan 
sabo sandig‘idan ozod bo‘lgancha 
qushlar qiroatin ko‘kka yo‘llagan 
nigoh kengligiga yo‘l olgan ey so‘z
tiz cho‘kkan tovushlar sening qarshingda 
va yurak haqidagi ertaklar
Ey suydirguvchi
ko‘zimning tim qora muhabbatini 
shaffof sukunatga chog‘ishtirgan zot 
yuragimning o‘nqir-cho‘nqirlarida 
shafaq ummonini barpo etguvchi 
olis manzaralar ichidan 
oltin jimlik ila olib o‘tguvchi
Ey suydirguvchi 
tun va tongning oralig‘iga 
qahqaha hikmatini ilib qo‘yguvchi 
tuyg‘ular qa’riga 
nodir buyumlarni jamlab qo‘yguvchim
qo‘llarimni ochiq holida 
samo saroyiga yo‘llayotganda 
ko‘z yosh javharini yaratgan ey zot 
tabassum shiviridan o‘sgan so‘zlarni 
muhabbat diyoriga muhrband etib 
yuragimning mingta tomoni bilan 
ey suydirguvchi ey suydirguvchi

***

Men she’r o‘qiyapman 
ko‘zlarimga osilgan munglar
daryo-daryo so‘zlar qarshimda 
qum kechadi alp orzularim
tun otyapti qorachig‘imda
Men she’r o‘qiyapman
yuragingiz ichida turib
to‘kilyapman to‘rt tomonimga 
ovozimda chayqalib borar 
binafsha rang kunlar qismati

***

Tomchi haqidagi tasavvurlarim 
aks etganda tungi yaproqda
yomg‘ir yog‘ar edi yo yog‘mas edi
Kechagi kunimni eslatib qo‘lim
namozshomgullarning g‘amgin hidini
maktublarga joylayotgandi
Suvga qiyo boqqan yolg‘izligimda
gullar ochilmagan edi
ochilmagan gulga yaqin edim men

***

Oy tushib kelyapti
yuragimning izi yomg‘irli shodlik
Sen va Mening oralig‘ida 
tuyg‘ularga qurilgan ko‘prik
shivirlaydi 
“Mana men keldim”
Oy tushib kelyapti
bo‘sag‘amda oyli qadamlar
ovozimda sollanib turar
tun ko‘rfazin kechayotgan sog‘inch
ko‘zlarimning cho‘qqilarida
u yoqdan bu yoqqa o‘tayotgan ilinj 
pichirlaydi
“Mana men keldim”
Oy tushib kelyapti
Bo‘sag‘amda turibdi mana
havodagi moviy chiziqlar
yo‘qlik tegrasida aylanaverar
muzga do‘ngan bitta olov so‘z
“Mana men keldim”

***

Nigohimni gullar silagan
Majnuntolga qo‘shilgan ismim
Ko‘z ortimda titraydi havo
Yuragimga tomchilar
Shabnam
Za’faronlik ko‘ngli buzilgan
Oy oynasi tushar dilimga
Irodamning kipriklaridan
Yer shariga tomchilar
Ovoz
Ana umidimning to‘fonlarida
Suzayotgan qog‘oz qayiqcha
qalamimning yuragin tutib
tomirimga tomchilar
Quyosh

***

Yuragimning oqargan sochi
Tushib ketar qo‘lingdan bir kun
Daraxtlar ostiga to‘kiladi kuz

***

Atirgul ismiga ismimni qo‘shib
Gulning irodasin hidladim
chayqaldi moviylik

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.