OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulbahor Said G‘ani (1969)

http://www.ziyouz.com/images/stories/gulbahor_said_gani.jpgGulbahor Said G‘ani 1969 yilda Farg‘onada tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat universitetida tahsil olgan. Qo‘qon Davlat pedagogika institutini tugallagan. Hozirgi paytda shu institutda adabiyot fanlaridan dars beradi, filologiya fanlari nomzodi. 
2011 yilda “Istiqlol davri lirikasida strofika va ritmning poetik obraz yaratishdagi o‘rni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.  
Shoiraning “Yovvoyi ushshoq”“Baribir baxtliman”“Qo‘shig‘imni kutmoqda dunyo” nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan. “Farg‘ona ohanglari”, “So‘z tashrifi” kabi bayozlarga ijod namunalari kiritilgan. Qo‘qon shahridagi  “Nihol” adabiy to‘garagi rahbari.

 

* * *

Bormu nafim bu dayr aro bir gulchalik —
Baxsh aylading manga husnu tarovating.

Bormu sabrim yo‘lda yotgan bir toshchalik —
Baxsh aylading tog‘cha sabru qanoating.

Bormu dardim ko‘ngilda bir tikan yanglig‘ —
Baxsh aylading ham dardingu tabobating.

Bormu erkan ulusg‘a bir shirin so‘zim —
Baxsh aylading menga mehru shafoating.

Bormu sidqim sanga asli bir qulchalik —
Baxsh aylading ham vafou sadoqating.

Bormu erkan tilimda bir kalomi ishq —
Baxsh aylading mangu ishqu saodating.

Ham rindingu gadoingman, sadoingman —
Baxsh aylarsan manga mahshar himoyating.

* * *

Nedinkim chashmi zorimni yo‘lingga intizor etding,
Nedinkim guljamolimni xazontek zarnigor etding.

Dilimni oshkor etdim — sabolar iftixor etgay,
Ajab shaydo dilimni sen gul ichra bir hazor etding.

Nechuk Layli va Qays nomin tilimda zikri yod etsam,
Junun vodiysida nomim alardek ustivor etding.

Qaror topmay chaman ichra na yerda zohir o‘lg‘aysen,
Firog‘u furqating birla dilimni beqaror etding.

Qaro tunlar g‘amin so‘ylar qarochiqqa nazar etsang,
Nechuk kunduz jamolig‘a qaro tunni devor etding?

Bu yanglig‘ iztirob ichra, bu yanglig‘ hajru dard ichra
Ajabkim, Gulbahoringni yo‘g‘ erdi, tilda bor etding.

* * *

Qiynaladi qarog‘imda tun,
Kun cho‘zilar ufqqa arang.
Tinchlik bermas dunyoga butun 
Shahar to‘la xotiralaring.

Kulib turar bitta xotirang,
Izhor etar menga muhabbat. 
Yana biri parvona, tajang,
Dardlarimga tilaydi sihat.

Darvozaning titroqlarida 
Kutib olar meni har oqshom 
Yo‘llaringga tikilgan toqat —
Xotiralar — o‘ychan, parishon.

Yodimni va jonimni o‘rtar,
Har satringda yashar xotirang.
Uy burchida mung‘aygan dutor,
Rubobingda yig‘lar xotirang...

Osmon va yer sendan xotira!
Orasida qora chiziq rang.
Sensiz bo‘lmas, bo‘lmaydi sira —
Dunyo to‘la xotiralaring!

* * *

Yoz bo‘yi sarg‘aydi teraklar,
Yoz bo‘yi sarg‘aydi gul yuzim.
Sehrini yo‘qotar ertaklar,
Shom qadar yetmaydi kunduzim.

Yoz bo‘yi sarg‘aygan teraklar.
Omonat barglarda ilinjim.
Bormikan umidi tiriklar,
Osoyish kunlardan o‘tinchim.

Yoz bo‘yi sarg‘aydi teraklar
Yoz bo‘yi men seni sog‘indim.
Osmonga bo‘y cho‘zgan tilaklar
Yerlarga xazonday yog‘ildi...

* * *

Nazarimda bahor kunlari
O‘tib ketar sarosimada.
Sezdirmasdan anor gullari
Kechalari gullar chamamda.

Atirgul g‘unchasi joningga
Bir qasd ila tugilgan mushtdir.
Bu hilqatlar rom etmas nega,
Ko‘zlaganing balki behishtdir?

Yuzing kabi gullar noparmon,
Yutib bordi seni kechalar.
Bir gul umri zavol toparu
Gullar nega sonsiz chechaklar?

Nazarimda bahor kunlari
O‘tib ketar sarosimada.
Sezdirmasdan anor gullari
Kechalari gullar chamamda...

* * *

Behishtlarning bo‘ylaridan oldim nafas!
Men ishqning bodasidan bo‘ldim-ku mast.
Ko‘z yoshidek titrab turgan shul bir nafas – 
Senikidir va meningdir – bo‘lgay abas.

Behishtlarning bo‘ylaridan oldim nafas!
Bu olamga o‘t tutashsa mendan emas – 
Ko‘zlarimga ko‘zing tushgan shul bir nafas
Majnun etgan o‘zingni ham, meni ham, bas!

Bir sham kabi erib bitsam kimga uvol,
Za’farondek rangim sariq, parishonhol –
Qovjiragay bemehrlar ichra behol
Muhabbatning chashmasidan ichgan nihol.

Jovdiragan ikki ko‘zim bor begunoh,
Shundan boshqa gunohim yo‘q, ko‘rgin, olloh.
Tosh yuraklar malomatga qo‘yar, ey voh!
Behishtlarning bo‘ylaridan ichsam nogoh.

Behishtlarning bo‘ylaridan oldim nafas!
Men gul ochsam qizg‘aldoqlar qilgay havas.
Ishq bodasin ichay toki, shul bir nafas 
Qizg‘aldoqday to‘kilmasdan, bo‘lmay abas !     


* * *

Ko‘zlarimdan yumalagan yosh
Zalvoridan egildi kiprik.
Yuragimga cho‘kkanmikan tosh,
Nigohimda qayg‘ular tirik.

Muhabbatdan o‘lmaganlar hech,
O‘lmaganlar ayriliqdan ham!
Nechun unda ko‘zlarim bu kech
Sevinchlarga tutadi motam?

Arz aytaman, o‘zing boxabar,
O‘zing bilgan shu ko‘nglim yarim,
Dargohingga daryoday borar
Joynamozga tomgan yoshlarim.


* * *

Sensiz qiyin ekan, Muhabbat!
Qaqshab ketdi tanamda ruhim.
Sharobingdan ichkizgil, faqat
Menga mastu madhushlik muhim.

Muhabbatga limmo-lim qalbim
Toshib ketsin qirg‘oqlaridan,
She’r aytganda pichirlab labim
Kuysin sevgi firoqlaridan!

Sensiz qiyin ekan, Muhabbat!
So‘nib borar qalbimdagi gul,
Sharobingdan ichkizgil, faqat
Yashab qolsin devona ko‘ngil!


* * *

Tugadi qahraton fursati. Xush qol.
Xush qol. Qadringga yetmadim bir umr.
Havolar yoqimli va biram xushhol,
Borliqqa taralar parokanda nur.

Senga egilmadim – men baland edim,
Menga intilmading – sen pastda eding.
Oshiq yuragimni qiymalab edim,
Alamlar, azoblar, hijronlar yedi.

Tugadi qahraton. Muzlar eridi.
Men bu ma’volardan ketdim telbavor,
Darz ketgan ko‘nglimning siniqlaridan
Asta yuragimga mo‘ralar bahor...


MUNOJOT

Qadrim to‘kdi qadrlilarim,
Dunyoingga sig‘madi dardim,
Huzuringda bormikan qadrim?
Jannatingni sog‘inib ketdim.

Biylar bunda zorlarga zolim,
Haq so‘zlamas bunda hech olim,
Zalolatga yo‘q endi holim,
Jannatingni sog‘inib ketdim.

Buzib ko‘nglim vayronasidin
Masjid qurar bir ahli sunnat,
Charx uraman parvonasifat,
Jannatingni sog‘inib ketdim.

Sinovingga beramanmi dosh?
Egilibdur xatolardan bosh,
Iymon bo‘ldi nafsimga talosh ! 
Ketamanmi bir kun olib bosh ?
Jannatingni sog‘inib ketdim!

Mayparastdek bir jom to‘lg‘azib
Ko‘z yosh ichdim tanho, bir o‘zim,
Borsammikin... yolg‘iz... yolg‘izim – 
Quchog‘ingni sog‘inib ketdim...


ILTIJO

Bandaman, mo‘min qulingman, marhamat qil, rabbano!
Bir o‘zingga, bir o‘zingga, bir o‘zingga iltijo!

Etma xoru zor jismim, rohu rasmim rostlig‘,
Balki elga yoddur ismim bilfanoyu bilbaqo.

Kuydi ash’orim manimkim bir jigarso‘z lafz ila,
Bir sanga oshiqlig‘im bil, bir sanga hamdu sano.

Biru borim sanda ko‘nglum ulfati jonimki yo‘q,
Sanga qarshu bir o‘zimman, bir sanga yorman mano.

San mani mandin xalos et, qayda jonimda huzur,
Bir o‘zimman o‘zligimga mubtaloyu val balo.

Bir nazar qil, sanda ko‘nglum, sanda choram, rabbano,
Bir o‘zingga, bir o‘zingga, bir o‘zingga iltijo!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.