OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikromjon Mardonov (1974)

1974 yilda tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan. Ayni paytda, O‘zbekiston Musulmonlar idorasida huquqshunos vazifasida ishlamoqda.

SAMARQANDIM

Ey Samarqandim,
Ey qadim shahrim.
Behisht bilan orasi
Bir odim shahrim.
Hofiz aytganidek,
Sayqali zaminsan.
Bag‘ringdan sochilgay
Mudom nur, ziyo.
Abad faxr qilsin
Sen bilan dunyo,
Bebaho shahrim.
Har tong o‘zin urar
Bag‘ringga quyosh.
Har kecha malaklar
Sen bilan sirdosh,
Avliyo shahrim.
Poyingda mavjlanar
Oltin, zar ehyosi —
Zarafshon daryosi.

Bag‘ringdan esar
Sharq shabbodasi,
Qadrdon shahrim.
Yevropani kezdim,
Xorijda bo‘ldim.
Mehringni olisdan
Teranroq sezdim,
Durdona shahrim.
Olam ichra tengsiz
Bir dona shahrim,
Ey Samarqandim!..

VASLING

U bir navo, tuzib bo‘lmas,
U bir daryo, suzib bo‘lmas,
U bir sahro, kezib bo‘lmas,
Lekin umid uzib bo‘lmas.
Nedur vasling, otashmu ul,
Sinovlarga bardoshmu ul,
Hijronlarga yo‘ldoshmu ul,
Lekin umid uzib bo‘lmas.
Visolingni o‘ylayman men,
Yuragimni kuylayman men,
Dil izhorim so‘ylayman men,
Sendan umid uzib bo‘lmas...

TABIAT

Zabon ato etdi go‘zal tabiat,
Ajib til o‘rgatdi daraxtlar so‘zsiz.
Bag‘riga talpinib bormayin qay vaqt
Taskin bera oldi hech bir ovozsiz.
Har fasli menga ko‘p tashbeh o‘rgatdi,
Vatanga fidoyi ekanin ko‘p bor
Kuzda u yalangto‘sh bo‘lib ko‘rsatdi,
O‘rgatdi yashashni keng va beg‘ubor.
Uqtirdi olamni so‘zsiz anglashni,
Giyohlar shivirin sokin tinglashni.
Ko‘rsatdi bahor, yoz, kuz va qishida,
Ranglarning ming turli tovlanishini.
Shoir etdi meni go‘zal tabiat,
O‘rgatdi, anglatdi bari-barini.
Ko‘rsatdi u aziz g‘ubor, changlarni,
Qanday kutmoq lozim oppoq tonglarni.

KUZ

Gulzorni tark aylagan
Bulbul,
Yaprog‘idan ayrilgan
Bir gul,
Beshafqat bu xazon sipohi,
Bog‘lar aro yaproqlar ohi.
Uzumzorlar —
Shikasta ko‘ngil.
Qari yalpiz —
Dilxasta singil.

Vaqt qasrida
Mezon shamoli.
Hamma yoq tinch,
Xilvat va xoli.
Un tortar bir tegirmon —
Vaqt
Hosilini qilar sarhisob.

LAHZALAR

Odimlaysan
Juda ham yengil,
Ammo tezkor qadamlaringdan
Larzaga kelmoqda
Titrab bu ko‘ngil.
O‘ngimda ham, tushimda ham
Peshonamdan o‘tib qaytasan.
Qara, peshonamga
Botgan qator-qator
Izing bor, ey vaqt.
Asli men o‘tkinchi,
Sen-da betoqat...

DILDAN SEVSANG...

Sog‘ingan ko‘z, intizor yurak,
Yo‘llaringga mushtoqman garchi...
Sog‘inchlarni bardoshga o‘rab,
Hijronlardan o‘rgum arg‘amchi.
Ha, bu shunday ishqiy bir holdir,
Axir qaynoq yurakning o‘zi.
Dildan sevsang, nurli iz qoldir,
Yorug‘ bo‘lsin sevgining yuzi.

HIKMAT

Bobom aytgan afsonaga
O‘xshaysan, dunyo.
Momom aytgan rivoyatning
O‘zisan go‘yo.
Eshiklaring ochilib
Yopilgan chog‘i
Goho tong otadi,
Goh tun — zim-ziyo...


Oppoq tong

Oppoq tong,
sevaman seni qanchalar!
Qaro tun pardasin yirtganing kabi,
hayot yuzlariga yopishgan dog‘ni
sidirib tashlaysan
har sahar.
Oppoq tong,
sevaman seni qanchalar!
Qizil qonga botib,
o‘zin mahv etmoqchi
bo‘layotgan dunyoni
nurli ufqlarga boshlaysan
har sahar.
Oppoq tong,
mehringni sezib,
olqishlab kutib olishar
saharxez qushchalar.
Seni deb yuz ochar,
million xil g‘unchalar,
har sahar.
Oppoq tong, go‘zalsan bunchalar,
men senga mushtoqman bir umr,
borliq ham sendan umidvor
har sahar...


Ona so‘zi

Tabiat so‘ziga qo‘shamiz ko‘proq,
Uning azizligin anglatmoq uchun.
Bu so‘z ohanggidan titraydi mudroq,
Har so‘zning anglatar muborakligin.

Shu so‘zni e’zozlab yashaydi bashar,
Unga intiq yashar har bir tirik jon.
Shul sabab, yanada muqaddaslashar
Ona so‘zi qo‘shib aytilsa Vatan!
 
 Baxtli yashayapman, ishon, onajon!
Kimni ham ayardi zamon shiddati,
Mudom aldamchilik dunyo odati,
Ammo aziz erur umr bisoti,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

Qayg‘urma: “Bolamning shoshgan payti!” deb
Kuyinma: “Soddadil bolam qaytdi!” deb,
Har lahza o‘zimni o‘zim ovutib,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

Shukr, yupanchim bor – qora ko‘zlarim,
Dilimni yayratar shirin so‘zlarim,
O‘tib ketar bo‘lsam, qolar izlarim,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

Aslida, hayotda kim bor betashvish,
O‘zingni anglamoq savob, ulug‘ ish,
Uyg‘oq qalbga zavqdir riyozat chekish,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

Garchi, ko‘ngil ichra dardu g‘amlar bor,
Uni mahv etguvchi kuy-ohanglar bor,
Meni kutayotgan oppoq tonglar bor,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

So‘zi Ikromingni aziz aylaydi,
Bir kun so‘ziniki, olam tinglaydi,
Bir inson yasholsa, shunday yashaydi,
Baxtli yashayapman, ishon, onajon!

 
 * * *

Bobom aytgan afsonaga
o‘xshaysan dunyo,
Momom aytgan rivoyatning
o‘zisan go‘yo.
Eshiklaring ochilib –
yopilgan chog‘i,
Gohi tong otadi,
goh tun zim-ziyo...

 * * *
 
Ko‘zning ko‘rgani ham ba’zida sarob,
Mudom nur istaydi ko‘ngilning o‘zi.
Makkora dunyoning yuzida niqob,
Hamon bizga sirdir haqiqiy yuzi.

 * * *

Lahzaning parvozi asrga doxil,
Mening bardoshlarim sabrga doxil.
Bu ummon ichra sen talpinma har yon,
Axir, barchamizga faqat bir sohil.
 
 
 Tun
 
Esayotir mayin shabboda,
Sayramoqda tun chigirtkasi.
Men kezaman xayoliy bog‘da,
Quchog‘imda ko‘ngil erkasi.
Yaproqlarning sekin shiviri,
Porloq yulduz hamrohdir menga.
Ko‘zlarimda umid sururi,
Tong – go‘zal qiz mushtoqman senga.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.