OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil Mahmud Marg‘iloniy (1947)

Ismoil Mahmud Marg‘iloniy 1947 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Shu’la”, “Kelajakka ishonib”, “E’tirof”, “Ishq saodati”, “Gulzor qilur” she’riy kitoblari chop etilgan. Ayni vaqtda, Marg‘ilon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Jahon otin Uvaysiy nomidagi yoshlar adabiy to‘garagi rahbari.

* * *

Yaxshidir har dilda bo‘lsa yaxshilarga iqtido,
Yaxshilik kelgay ko‘ngilda bo‘lsa shunday muddao.

Yaxshilarga ergashib topgay ko‘ngil o‘z matlabin,
Qo‘ysa kim bu yo‘lga makdamkim, biling, jonga g‘izo.

Cheksa bu yo‘lda riyozat gar kishi topgay farah,
Bu saodat rishtasin tutgay, biling, aqli raso.

Topdi kim yordin ajr, topgay, biling, nusratga yo‘l,
Kim so‘rab Haqdin panohni, bo‘lmayin yuzi qaro.

Norasodan qilmagin, rohi xatarda rost qil,
Kim shafoat aylabon ojiz qulingni Robbano.

Ikki olamda azizdir yaxshilar ishq ichrakim,
Haq yo‘lida bo‘lsa kim aylar ani yor to‘tiyo,

Beibolar birla Mahmud, topmading hargiz sharaf,
Yaxshilarga ergashib topsang ajabmaskim rizo.

* * *

Hajrida qiynaldi jonim, bu ko‘ngil yor istagay,
Ko‘rmaka, baskim, jamolin bu ko‘ngil zor istagay.

Vohki, ondin o‘zga yorni ko‘rmagay bu ko‘z mudom,
Berguchi dardlarga malham chin xaridor istagay,

Ayriliqdin dard chekib, voh, ol yuzim bo‘ldi sorig‘,
Zoru zorlik ichrakim ham oncha izhor istagay.

Topmadim ishq dashtidan izlab seni, ey yorki, bas,
Bu ko‘ngil zog‘u zag‘anlar ichra gulzor istagay.

Charx komida azal bitmish bu tarzliq qismatim,
Vohki, bu tarzliq ichinda shavqu asror istagay.

Ey ko‘ngil, Majnunu Farhod tal’atin boz ayla yod,
Har biri xilqat arokim, bilki, g‘amxor istagay.

Ishq kasbi ichra, Mahmud, men bukun kuydim dema,
Oshiq ahli ikki olam ichra diydor istagay.

* * *

Ilmsizlik kishini oxiri esdan judo qilgay,
Judolik ichrakim behol etib qaddin duto qilgay.

Duto qaddi bila a’molidan topmas farog‘atlik,
Farog‘at topmagay hargiz, hayotini ado qilgay.

Adolik ichrakim hargiz yo‘qotgay ul siyoqini,
Siyoqini siyoh aylab, iki dunyo qaro qilgay.

Qaro aylab iki dunyosini jurmi bila g‘ofil,
Ki g‘ofillik bila o‘zni gunohga oshno qilgay.

Gunohga oshno qilgay o‘zidek bexabarlarni,
Xabar topmas alarni ham baloga mubtalo qilgay.

Baloga mubtalo qilgayki nomus oridin ayrib,
Ki, nomus-oridin ayrib jahannamga ravo qilgay.

Jahannam vahmidan qo‘rqib tururman xavf rajo ichra,
Iymonda ayla Mahmud deb quling hamdu sano qilgay.

* * *

Etmagil ko‘nglimni hargiz, ey falak, jondin yiroq
Jonima jon bo‘lguchi ul mohitobondin yiroq.

Borlig‘im, mavjudligim, bil, yor tufayli chin erur,
Qilmagil bu qulni hargiz tunu kun ondin yiroq.

Har nafas yor ishqida urgay yurak, bilmas tinim,
Necha bor urdi dema, voh, urgani sondin yiroq.

Notavonman, norasoman vasli ko‘ying ishqida,
Chorasiz holimni anglab, qilma imkondin yiroq.

Sen, quyosh yuzli jamolin istagaykim bu ko‘ngil,
Bir sharorat ahlidin deb qilma rizvondin yiroq.

Mahmudo, holimda rohat topmadim deb chekma g‘am,
Kim topar baxtini, e voh, bo‘lsa jonondin yiroq.

* * *

Necha chog‘larkim nigorim dilda vasli muddao,
Ranj chekib qildim uning ummidida men iltijo.

Sharhu holimni bayon aylay desam sirdosh yo‘q,
Izlamakni ixtiyor aylay desam yo‘q rahnamo.

Suvrati odam va lekin siyrati bejonman,
Izlasa topgay meni bu holda har aqli raso.

Dard ahli lutfidin hech bo‘lmadi menga nasib,
Shul sababdin har qadamda ayladim behad xato.

Hajr aro qoldi muallaq yeru osmon ichra dil,
Kim bo‘lib yor oldida o‘z holidin men yuz qaro.

Qilmishimdan topmadim naf, ta’ma bo‘ldi har ishim,
Ushbu fe’limdin muhabbat dardidin men mosuvo.

Mahmudo, bas, noumidlar ichrakim saf tortmagil,
Ag‘niyodur ikki dunyo ganjni topgan ishq aro.

* * *

Qadrini aylar baland kim aytsa har dam yaxshi so‘z,
Belga quvvat, ko‘zga nur, ko‘ngilga malham yaxshi so‘z.

Xush kalomdin odamiylik hikmati topgay kamol,
Har qachon, har yerdakim etgay mukarram yaxshi so‘z.

Har kishining ravnaqi, bas, matlabi birla ulug‘,
Ikki olamda ulug‘ etgayki hurram yaxshi so‘z.

Etdi maxluqdan azizkim Haq taolo bandasin,
Almisoqdin ruhiga aylabki jam-jam yaxshi so‘z.

Yaxshi so‘z birla tasarruf etgay oqil manzilin,
Rohi rostda maqdamin etgayki mahkam yaxshi so‘z.

Bu ulug‘ xislat bilan odam aziz, olam aziz,
Qadrini topgayki har dam, topsa odam yaxshi so‘z.

Ey Xudo, bebahralardan etmagil Mahmudni ham,
Muddaiylar aytmasin Mahmudda kam-kam yaxshi so‘z.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.