OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil To‘xtamishev (1950-2015)

1950 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetida tahsil olgan. “Cho‘l boychechagi”, “Onam tilaklari”, “Dunyo ustuni”, “Hayqiriq”, “Ko‘hna Nasaf xayoli”, “Senga intildim”, “Dil sadolari”, “Ot – yigitning yo‘ldoshi”, “Had”, “Bu gulshan sahnida”, “Ko‘ngil bitiklari”, “Yerqo‘rg‘on”, “Shonli tayanch”, “Yonib yashash baxti”, “Bu gulshan sahnida” kabi to‘plamlari nashr etilgan.


Qalbimdagi borimsan Vatan!

Ketib borar bir qator karvon,
Mardlarga xos sarhadsiz maydon,
Dilimga jo: har lahza, har on,
Saflardagi norimsan Vatan!

O‘xshadim men, endi o‘zimga,
Jahon quloq tutar so‘zingga,
Har gardingni surtay ko‘zimga,
G‘ururimsan, orimsan Vatan!

Savlat to‘kkan tog‘laring aytsin,
Chiroy ochgan bog‘laring aytsin,
Xushnud chekkan chog‘laring aytsin,
Rangimsan, ohorimsan Vatan!

Bog‘larimga kechiksa bahor,
Bu keng dunyo ko‘rinsa sal tor,
O‘zni sezsam ozgina nochor,
Dardlarimga korimsan Vatan!

Qadamingda quchadirsan shon,
Men seni deb fido qilay jon,
Sog‘-omon bo‘l, jon O‘zbekiston,
Zukko, iqtidorimsan Vatan!

Kamalakdan olding jilo, rang,
Tovlanasan turfa, rango-rang,
Mujassamdir qalbda ming ohang,
Chertilmagan torimsan Vatan!

Chiroylisan, bunchalar shinam,
Suluvdirsan, yoqimli biram,
Xushro‘yimsan, chiroyliginam,
Ko‘kda uchgan sorimsan Vatan!

Kunlar o‘tar: osoyishta, tinch,
Har bir onim mazmunlarga zinch,
Qiyosingni topolmadim hech,
G‘urur, iftixorimsan Vatan!

E’tiqod va qalbdagi ixlos,
Nomus va sha’n bobomdan meros,
Ko‘z qarog‘da asragayman, rost,
Quvvat ham madorimsan Vatan!

Muhabbatni joylab yurakka,
Yetgin degan ezgu tilakka,
Yetaklovchi har on yuksakka,
Qat’iy bir qarorimsan Vatan!

Noming tutsam ketaman to‘lib,
O‘z-o‘zimcha mard, jasur bo‘lib,
Yutug‘ingdan shod-xurram kulib,
Avjida barorimsan Vatan!

Mujassamdir ezguliklar, o‘y,
Kundan-kunga ochadirsan ro‘y,
Dunyolarga ko‘rsatursan bo‘y,
To‘rt fasli bahorimsan Vatan!

Yagonasan, tanhosan, asli,
Ko‘z oldimda turgaydir vasling,
Ochilgandan ko‘rgaydir fasling,
Tong – sahar, nahorimsan Vatan!

Ko‘rar ko‘zim, yorug‘ yuzimsan,
Yurakdagi aytar so‘zimsan,
O‘zimni bor etgan o‘zimsan –
Qalbimdagi borimsan Vatan!


 Onajon

Sabolar sochimni silaydi mayin,
Onajon, men sizni juda sog‘indim.
O‘rningiz bilinar vaqt o‘tgan sayin,
Olis-olislarga termilaman jim.

Vaslingiz eslatar har bitta buyum,
Sudralib o‘tmoqda oylar va yillar.
Devorga osig‘liq soat ham shu zum,
Asabga o‘ynaydi har on chiqillab.

Sog‘inchdan o‘rtanib tilkalanar qalb,
Dunyoga sig‘masman, solgim kelar jar.
Yo rab, xuddi sizga boradi o‘xshab,
Ukamning kenjasi – kayvoni Hulkar.

Lekin, netay, yo‘qdir o‘tmagan bir kun,
Iloj yo‘qdir bunga ko‘nmokdan bo‘lak.
Vujudim goh yonib bo‘ladirman xun,
Tars yorib ketay der, ko‘ksimni yurak.

Ayriliqdan zada bu ko‘hna olam,
Sizningsiz zulmatga cho‘kkanday chuqur.
Onajon, shodlikni ko‘ringiz baham,
Mehr bo‘lsin mudom yo‘l yoritgan nur.
 

 Ko‘ngildan joy berdim

Ko‘ngildan joy berdim, endi, ket, dema,
Haydasang ham ketmagayman qoshingdan.
Hayot – to‘lqinlarga to‘sh urgan kema,
Seni sevdim qat’iynazar yoshingdan.

Ko‘ngildan joy berdim, endi, ket, dema,
Labim taxir ko‘zdan oqqan yoshingdan.
Holim ko‘rib, qilaverma vahima,
Malomatlar otmagin ko‘p toshingdan.

Ko‘ngildan joy berdim, endi, ket, dema,
Suv o‘girib ichgaydirman boshingdan.
Bo‘lar-bo‘lmas yonib, kuysam g‘am yema,
Yog‘du olgum nur emgan quyoshingdan.

Ko‘ngildan joy berdim, endi, ket, dema,
Hali ko‘pning qo‘li yetmas bir shonman.
Bu dunyoda o‘xshamasman hech kim-a,
Men shundayin o‘ziga xos tug‘yonman.

Seni ko‘rgach, zulmat borar yorishib,
Menga yashash yo‘llarini ko‘rsatding.
Mehrim ketdi ishqing bilan qorishib,
Sinovlarga dosh bermoqni o‘rgatding.

Ko‘ngildan joy berdim, endi, ket, dema...

* * *

Chiroy ochmish bu shahri azim,
Husniga lol qolmishdir falak.
O‘zligi bor qadim vohaga
Yurtboshimiz mehri ham bo‘lak.

To‘y bahona topgandir sayqal
Jahonga bo‘y ko‘rsatgan Nasaf —
Qad rostlagan oila-haykal,
Uzukka mos tushgan ko‘z — sadaf.

Dovrug‘ini tan olgan jahon,
Ortib borar shon, ehtiromi.
O‘tsa ham-ki necha bir zamon,
O‘chmas dildan farzandlar nomi.

Nasafiylar yaratgan ilm —
Fanga hissa bo‘lgan munosib.
Ziyo, nurdir zakovat, bilim
Kelgan olis shonli yo‘l bosib.

Mard, tantilik toledan ehson,
Hamroh mudom ezgu o‘y, xayol.
Bo‘y ko‘rsatib go‘zal xiyobon,
Aqli hushni qoldiradi lol.

Tovlanadi gullar ranggo-rang,
Ko‘ngillarga hayajon solar.
Mehmonlarni etar hangu mang,
Savlat to‘kib ko‘rkam binolar.

Kelajagi yanada porloq,
Egasini topmishdir qadr.
Tomoshabin yo‘liga mushtoq
O‘ziga xos Amfiteatr.

Hikoyatlar mavj urar to‘lib,
Har bir koshin muqaddas, sirli.
Men ham bitta farzandi bo‘lib,
Ish qildimmi biror arzirli?!

Shaydodirman ko‘rk, chiroyiga,
Mavjlariga to‘sh urib jo‘shay.
Bosh urayin har on poyiga,
Poyondozday mehrimni to‘shay.

Shubha, gumon sololmas g‘ulu,
Ko‘rganim kim qilolgay inkor?
Ezgu har ish yashaydi mangu,
Bu hayotda Vatan barqaror.

Yiqilganni bo‘lgay suyanchi,
Yuz ochadi orzular qat-qat.
Elu yurtning shonli tayanchi —
Mehnatkash xalq yashaydi abad.


BIR KO‘RISH SHAVQIDA...

Nima bor olamda visoldan ortiq,
Ko‘klarga chorlagan xayoldan ortiq,
Uchrashmoq — aslida xudodan tortiq,
Bir ko‘rish shavqida intizor bo‘ldim.

Yashashimdan men faqat Haqqa intilib,
Beshafqat hijronlar bag‘rini tilib,
Xatolar qildim ko‘p bilmay, yo bilib,
Ulgurish zavqida intizor bo‘ldim.

Goho otda kezdim, goh otga minmay,
Dovon, g‘ovdan oshdim shashtlarim sinmay,
Ko‘pirib qirg‘oqqa to‘sh urgan tinmay
To‘lqinlar mavjida intizor bo‘ldim.

Dard qolsam qo‘lladi aziz pirlarim,
Oshkora aytildi ko‘ngil sirlarim,
G‘am cheksam, dardlashdi faqat she’rlarim,
Hayotim avjida intizor bo‘ldim.

Mastona ayladi bu gullar meni,
Safiga chorlagay bulbullar meni,
Qaylarga yetaklar bu yo‘llar meni,
Qiziqdim-da juda, intizor bo‘ldim.

Rad qildi, ishq izhor ayladim qayta,
Ko‘nglmni orzuga boyladim qayta,
Ishqni izhor qildim qo‘shiqlar ayta,
Balki men behuda intizor, bo‘ldim.


VATAN

Sarhadlari purviqor, yuksak,
Eshdir unga yorqin kelajak,
Ko‘ksimizda lov yongan yurak
Zarblaridan boshlanar Vatan.

Sadosidir jo‘sh urgan qonning,
Ibtidosi quchilgan shonning,
Tanti, o‘ktam har qiz-o‘g‘lonning
Qalblaridan boshlanar Vatan.

Nola cheksa bag‘ir bo‘lar xun,
Har bir gardi to‘tiyodir chin,
Kerak bo‘lsa qarich yer uchun
Harblaridan boshlanar Vatan.

Kurashlardan olmagan hadik,
O‘limga ham boqa olgan tik,
Shoirlarning guldan ham nozik
Ta’blaridan boshlanar Vatan.

Nazokatli gulgun bahorning,
Maskanidir g‘ururning, orning,
Sadoqatli sevimli yorning
Lablaridan boshlanar Vatan.

Gar beparvo bo‘lib qolsak goh,
“Muqaddasdir misli sajdagoh” —
Payg‘ambarlar aylagan ogoh
Gaplaridan boshlanar Vatan.


CHAVANDOZLAR QO‘SHIG‘I

Ishqim G‘irotga tushdi,
Tolmas qanotga tushdi,
Sovringa — zotga tushdi,
Urho-yo, urho.

Uchib borar Boychibor,
Shiddati daryocha bor,
Dunyo kelar unga tor,
Urho-yo, urho.

Bobomdan alplik meros,
Qo‘yganman otga ixlos,
Tantiligi menga xos,
Urho-yo, urho.

Uloq — mardlar o‘yini,
Izlab bordim to‘yini,
Yor ko‘rsatsin bo‘yini,
Urho-yo, urho.

Muhabbatda men no‘noq,
Uyiga bo‘ldim qo‘noq,
Ertaga chopgum uloq,
Urho-yo, urho.

Chidamlidir takasi,
Gul taqqan uy bekasi.
Uloq chopar akasi,
Urho-yo, urho.

Orzular dilda qat-qat,
Chopag‘on kutmas shafqat.
Halollab olgay faqat,
Urho-yo, urho.

Takani qilma nimta,
Uni bosgin taqimga,
Haqing berma hech kimga,
Urho-yo, urho.

Do‘stlar, tilang, baxt kulsin,
Otimdan ko‘nglim to‘lsin,
Yurtda har kun to‘y bo‘lsin,
Urho-yo, urho.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.