OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Komil Jo‘ra (1973)

Komil Jo‘ra 1973-yilda Qo‘qon yaqinidagi Ganjiravon qishlog‘ida dunyoga keldi. Qo‘qon Davlat dorilmuallimni tugatib, ko‘p yillar vaqtli matbuotda ishladi.
Shoirning she’rlari jumhuriyat oynomalari, jamoa majmualarida chop etib kelinmoqda. 


VAFO QO‘ShIG‘I

Tun sharor urgan muhabbat erka ko‘nglim porasi,
Otashin sochmish, nigorim, ko‘zlaringning qorasi.

Borlig‘im sehr aylaganmi, bilmadimki, yonaman,
Ey qamar, aytgil go‘zalga, bormikin ishq chorasi?

Uylarimda yor xayoli, kuylarim ham orzu,
Bo‘lganimdan baxtiyorman sarvinoz ovorasi.

Rashki-tug‘yon, qahri-hijron vasli-bo‘ston sevgi bu,
Bir quyoshman ishqibozi — ko‘yida sayyorasi.

Men topingayman hayotda chin muhabbat qasriga,
Gar vafo mehrobi bo‘lsa ikki qoshin orasi.

Kokilin zanjiri — ahdu tolasi — baxt rishtasi,
Komil ahvolin parishon etmasin dildorasi.


MUHABBAT GULSHANI

Duru gavharga monandmas, muhabbatning qiyosi yo‘q,
U vijdon singari pokdir, shu vajdan intihosi yo‘q,

Kerakdir ehtiyot aylash hamisha yot nazarlardan,
Zaminday barqaror mangu bu tuyg‘uning adosi yo‘q.

Shu ko‘yga mubtalo bo‘lgan kerak umrini tikmog‘i,
Emas oson qutilmog‘i, agarchi, podshosi yo‘q.

Fidosi bo‘lsa arziydi, bu shunday qutlug‘ ostona,
U dardmandga shifo bo‘lgay, to‘zimsizga davosi yo‘q.

Muhabbat tanlamas mavsum, u olam umriday boqiy,
Qo‘nolmas beqaror bo‘lbul, u bir gulmas baqosi yo‘q.

Adashgay kirsa kim nopok havas vodiysi deb o‘ylab,
Bilib ko‘ysin, uning bunday qaro qalbga ziyosi yo‘q.

Tilandi deb uni maddoh-qalandarga tutib bo‘lmas,
U oltinmas, u sof imon, u bir o‘qdir xatosi yo‘q.

Muhabbat gulshanin ko‘rmay hasadgo‘ylar ado bo‘lsin,
Muhabbatsiz kishin, Komil, ulug‘ bir muddaosi yo‘q.


GULDASTA BO‘LMISH

Ishq ichra ko‘nglim orasta bo‘lmish,
Bir oyjamolga payvasta bo‘lmish.

Bulbullar olqish aytarmish unga,
Tovus xiromi ham asta bo‘lmish.

Qaddiga bo‘lmish shamshod xaridor,
Kamtarlik aylab u pastda bo‘lmish.

Sunbul sochidan, g‘uncha labidan
Tortib xijolat lol, xasta bo‘lmish.

Gulshanda topdim, ammo yo‘qotdim,
Qalbim nidosi sarbasta bo‘lmish.

Ul sho‘x sanamga bog‘lab muhabbat,
She’ring, Komiljon, guldasta bo‘lmish.


DONOLIGINGNI AYTAY

Gulga, gulim diloro, shaydoligingni aytay,
Dil ko‘ki uzra Zuhro — paydoligingni aytay.

Sensan sevikli mohim, ko‘nglimda yo‘qdir ohim,
G‘amxo‘r zamon guvohim — barnoligingni aytay.

Husningga mahliyolar — bog‘da sarvu ra’nolar,
Lol qolsinlar go‘yolar donoligingni aytay.

Ishq ichra labzi bolim, vasling — shirin xayolim
Sog‘ bo‘l, sohibjamolim, tanholingingni aytay.

Aylarmisan sarafroz? Sevgim qilay poyandoz,
Sha’ningga sayratib soz, zeboligingni aytay.

Baxtimga borligingni, Komilga yorligingni,
Ko‘zi xumorligingni, shahloligingni aytay.


TOPILMAS

Mendek senga chin oshiqi devona topilmas,
Sendek menga bir dilbari jonona topilmas.

Aksimni ko‘rib, yor, qarog‘ingda, quvondim,
O‘zga men uchun ko‘zlari mastona topilmas.

Jismimni yoqib o‘rtayu tark etma, muhabbat,
Ruhim yonar, e vohki, suvxona topilmas.

Sig‘dirgali joy izlama ko‘p mulki jahondin,
Ko‘nglim kabi soz kulbayi ostona topilmas.

Bu dardni menga bergilu, baxtim bo‘la qolgil,
Ishq olamida sen kabi farzona topilmas.

Men talpinaman, topinaman yolg‘iz o‘zingga,
Komil kabi hech sevgisi pinhona topilmas.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.