OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Manzura Egamberdiyeva (1987)

Manzura Egamberdiyeva 1987 yilda Ellikqal’a tumanining Bo‘s­ton shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan. “Yoniq ko‘zlar” she’riy kitobi nashr etilgan.

SEVGIMNI ASRAB PINHON...

Qalbimga bir nazar soldim bu oqshom,
Muhabbatim mazmunini izladim.
Olis tunlar yulduzlardan yetdi payg‘om,
Hatto sizning xayolingizni sizladim.

Almashmayman baxtu bahorimni hech
Kuzning xazon barglariga men zinhor.
Almashmayman sevgim tumorini hech,
Toki tanda jonim erur barqaror.

Qalbimdagi sevgimni asrab pinhon,
Sadoqatdan kiyajakman oliy toj.
Sevganimning vasli mengadir ehson,
Tangrim etmas oshiqni ishqqa muhtoj...

* * *

Ketding yiroqlashib, qalbimni dog‘lab,
Men esa sog‘inchlar bag‘rida yondim.
Suyuk xotirangni dilda ardog‘lab,
Dunyodan, ko‘ngildan, o‘zimdan tondim.

Qaerda bo‘lsang ham qalbim tug‘yoni,
Boshlaydi sen tomon, dilga sultonsan.
Sen-la tugal deyman axir dunyoni,
Yuragim bir parchasi bo‘lib qolgansan.

SOG‘INCH

Hijronlaring ko‘ksimdan o‘tdi,
Qalbim sening visoling kutdi.
Firoqingda kuymisham netay,
Qalbim faryodlari samoga yetdi.

Olis tunlar xayol parishon,
Seni izlab ko‘zlarim giryon.
Visolingga yetarmanmi, ayt,
Qaylardasan suyukli inson.

Samolarga xayolim uchib,
Muhabbatim dunyoni quchib,
Seni, faqat seni axtardim,
Kelaqolgin qalbimga ko‘chib...

* * *

Sening isming yozib tolmagay qalam,
Garchi azobidan kuysa-da dilim.
Muhabbat g‘unchasi yurakka malham,
Sog‘inchlar jismimni qilar ming tilim.

Qarog‘imda muzlab qolgan yosh,
Ko‘ngil tomon oqar ashki noblarim.
Sadoqat baxsh etar ulkan bir bardosh,
Arzimas tuyulgay g‘am-azoblarim...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.