OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maqsuda Mo‘min (1968)

Maqsuda Mo‘min 1968 yilda Andijon viloyatida tavallud topgan. Erkin ijodkor. She’rlari turli nashrlarda e’lon qilingan.

* * *

Xotiralar oynasini chertadi dil,
Ko‘z oldimdan o‘tar asta o‘t nigohing.
Yurak yarim...
Yig‘layapti o‘ksik ko‘ngil,
Judolikka ko‘ndirdi ishq, yo‘q gunohing.
Nahot qiyin unutmoqlik, shuncha azob,
Eslamayman deyman, yana sog‘inaman.
Muhabbatim...
Izlaganim bo‘ldi sarob,
Orzularim, senga boqib ovunaman.
Xayol ketar birga yurgan ko‘chalarga,
Bizga havas bilan boqqan edi olam.
Osmonda oy, yulduz to‘la kechalarga,
Termulaman endi uzoq...
Kiprikda nam.
Sog‘inchingni tuyib yashash emas oson,
Diydoringga yetmagan dil kuyar endi.
Mayli kuysin dunyolarga sig‘magan jon,
Olislarda qolgan sevgim, tinch qo‘y endi.
Tinch qo‘y xayol, xotirotlar, men yetmagan,
Yurak yutib ketolmagan tuyg‘ularim.
Baxt tonglari otmay turib erta so‘ngan,
Xayollarda qolib ketgan kulgularim.
Tinch qo‘y endi...

YURAK

Ko‘ndi ko‘ngil jafosiga,
Bo‘lmay oshno safosiga.
Yetmagan ishq vafosiga,
To‘kilmoqda titrab yurak.

O‘ksinadi og‘riq qalbdan,
Tinmay og‘u ichgan labdan,
Taqdir tuhfa etgan zarbdan,
To‘kilmoqda titrab yurak.

Tuni bedor, oromi yo‘q,
Armonlarning hech shomi yo‘q.
Dardin aytar g‘ulomi yo‘q,
To‘kilmoqda titrab yurak.
 
Topmadi goh halovatin,
Yo‘qolgan xush tarovatin,
Endi kutmas baxt, omadin,
To‘kilmoqda titrab yurak.

* * *

Telba dilning xonishlaridan,
Kuygan yurak yonishlaridan,
Sevmayman deb tonishlaridan,
Devona dil, ey devona dil.

Muhabbatning qiynoqlarida,
Javobi yo‘q so‘roqlarida.
Elanmasin firoqlarida,
Devona dil, ey devona dil.
 
Ko‘ngil quchgan vasling yagona,
Kuyla yurak, sen yona-yona,
Bo‘lay o‘zim senga hamxona,
Devona dil, ey devona dil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.