OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Minhojiddin Mirzo (1965)

 Minhojiddin Mirzo (Hojimatov Minhojiddin) 1965 yil 30 iyulda Andijon shahrida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2002). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1990). «Nilufar» (1994), «Visol xabari» (2003) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. R. Hamzatov, A. S. Pushkin kabi shoirlarning she’rlaridan o‘zbek tiliga namunalar tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

SAJDAGOHIM

Malaklar duosi yog‘ilgan chaman,
Haq o‘zi rahmatin sochgan diyorim.
Har sabzang, rayhoning suyib quchaman,
Ey mening jannatim, bog‘u bahorim!

Ming yillik chinorlar Forobiy kabi
G‘urur baxsh etadi har murg‘ak jonga.
Asriy minorlaring Buxoriy kabi
Saodat tilaydi jumla jahonga.

Zulmatlar bag‘rini tilkalab o‘tgan
Quyosh quchog‘ida afsonam, Vatan.
O‘tinch duolari falakka yetgan,
Qutlug‘ sajdagohim, ostonam, Vatan.

— Xalq yo‘li — haq yo‘li, istiqbol yo‘li,
Ezgu qadamlardan yaralur bo‘ston.
Davru davronlaring qaytgani chindur,
Bugun har go‘shangda yangi bir doston.

Derlar, tog‘ o‘sishin sezmaydi inson,
Ilg‘olmas cho‘qqilar yuksalgan chog‘in.
Ammo butun olam guvohdir bu kun
Qanday o‘sganligin ozodlik tog‘in.

Obodlik yo‘lini azm etdi bu el,
Farhodlar yaralur fidolaridan.
Shunchalar aziz va xislatli bu yer,
Temurlar yaralur duolaridan!

KO‘NGIL SOG‘INCHI

Ko‘zlaringda quyoshni ko‘rib,
Erigandi muz qalbim birdan
Boshim uzra o‘riklar gullab
Nur olgandi dildagi sirdan.

Nastarinlar shivirlab sokin,
Iforlarga ko‘mgach olamni.
Hayrat ila qo‘lga olgandim,
Qizg‘aldoqlar ungan qalamni...

Qancha yillar o‘tdi, fasllar
Qaytmadi hech u sirli onlar.
Tushlarimda meni qurshar goh,
Xushbo‘y sochlar — sadarayhonlar.

Qor qo‘ynida ochilmas lola,
Muz bag‘rida gullamas daraxt.
Endi qalbim senga havola,
Bahorlarim olib ketgan baxt...

SHIVIRLAMA, SHABBODA

Shivirlama, xayolim bo‘lib,
Lablarimga tomizma boda.
Jonim hozir ketar to‘kilib,
Shivirlama menga, shabboda.

Nafasingni o‘xshatdim juda
Menga aziz bo‘lgan nafasga.
Qo‘y, jonimni uchirvorasan,
Zo‘rg‘a soldim o‘zi qafasga...

Shivirlama menga, shabboda,
Qo‘zg‘atma dil yaproqlarini.
Ko‘tarolmas endi vujudim,
Bu yurakning titroqlarini.

Sochlarimni silama, ketgil,
Chidolmayman mehringga ortiq.
Qo‘ygil meni, butkul unutgil,
Endi qalbim o‘zgaga tortiq.

Shivirlama menga, shabboda,
So‘nggi cho‘g‘ni qo‘zg‘ab netasan.
Qo‘ygil endi, o‘z holimga qo‘y,
Dardim aytsam, yonib ketasan...

Shivirlama menga, shabboda...

* * *

Hamid Olimjon g‘azaliga muxammas

He tole bu kelib dunyo, ishq tilab xasta hol bo‘lsam,
Yuzing gulin ko‘rgach dilim tugolmay gul, lol bo‘lsam,
Sen ey, feruza osmonim, yo‘lingda bir hilol bo‘lsam,
Na bo‘lg‘ay bir nafas men ham yanog‘ing uzra xol bo‘lsam,
Labing yaprog‘idin tomganki go‘yo qatra bol bo‘lsam.

O‘tar bo‘ldi meni Majnun holiga solib bu kunlar,
Muhabbat ko‘shkida bormi, baxtga yor bag‘ri butunlar,
Sen ey gul sen talab etsang bu jonimga og‘ir xunlar,
Butog‘inga ko‘nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O‘pib g‘unchangni ochmoqliqqa tong chog‘i shamol bo‘lsam.

Meningdek dilxasta sendin shifo istab tilar sog‘liq,
Samandek ko‘kka sapchirman, ketolmam lek dilim bog‘liq,
Bu gulshandin yiroqlashsam ko‘ngilda gul tugar og‘riq,
Bo‘yinggni tarqatib olamni qilsam mastu mustag‘riq,
O‘zimni san’atimga so‘ng o‘zim hayratda lol bo‘lsam.

Quyosh poyida ul oy ham vasl istab cho‘kodir tiz,
Inonsiz bir bol aridek qoshingda bo‘ylagum g‘iz-g‘iz,
Bu dil izmingga bo‘ysunmish ketib bor ixtiyor, ey qiz,
Sening bir-la qolib mastu lol olamda men yolg‘iz,
O‘zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo‘lsam.

Yetolmasdan kuyib o‘lmay, Qays kabi qatra bolingga,
Uchirma, qo‘y, qo‘ngan ko‘nglim bulbulin yurak toringga,
Shukur deyman seningdek Laylidil sohibam boringga,
Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam. 

KIM VATANGA YORDIR VATAN ANGA YOR

Bulbulga tikondin yetsa-da ozor, 
Unga aziz erur shu joy, shu gulzor. 
Yurtim, bulbullaring nafasin tuydim, 
Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor.

Muhabbat iymonli har dil ziyosi, 
Ko‘nglimga o‘t solsa bir gul hayosi. 
Yordin diyorimni ortiq sevmasam, 
Kuysin menday oshiq ikki dunyosi.

Mayli, bog‘laringda ter to‘kay tinmay, 
Mayli, yashay bir zum rohat ne bilmay, 
Boshimdan zar to‘kib, tillo sochsa-da, 
O’zgaga bir siqim tufrog‘ing bermay.

Mehring - yuragimning nuri-quyoshi, 
Tegsa malham deyman shu zamin toshi. 
Mayli go‘ja bo‘lsin, mayli u yovg‘on, 
Men uchun eng totli shu yurtning oshi,

Marding shod qarshilar, har sinov onni, 
Bir kun mendan so‘rsang, shu aziz jonni, 
Tanimni kalxatlar nimtalasinlar, 
Magar baxt demasam men bu imkonni.

Erking, muhabbating, dilga oqmasa, 
Sening qayg‘ularing ko‘nglim yoqmasa, 
Rozimasman agar ko‘zim tug‘ingni 
Qur’onday muqaddas bilib, boqmasa.

Senga ko‘tarilgan u qo‘llar sinsin, 
Undayin yurakning dukuri tinsin, 
Bahoringni hech vaqt urmasin ayoz, 
Senga tushar qirov ko‘zimga insin.

Yov kelsa kamoning yoying bo‘lay man, 
Belishta bog‘langan shoying bo‘lay man, 
Peshonamga bitmish yorlaqab tanfim, 
Faqat peshonamda seni ko‘ray man!

* * *

She’r o‘zi nimadir, ishqiy kalima, 
Oydin buloq guli - shaffof bir tuyg‘u! 
Yo, ko‘ngil yig‘isi, shuur gavhari, 
Yo, hayrat, yo hasrat, eng shirin qayg‘u!

She’r nima, paykonmi, ruhga sanchilgan, 
Yoki, qalb daraxtin sirli yaprog‘i. 
Balki nilufardir dilda ochilgan, 
Ko‘ngilda ulg‘aygan Majnun titrog‘i?

She’r nima, dardmi u yo zikr ajib, 
«Analhaq» degan ul ko‘ngilning ohi.
Dildagi jannatmi, bog‘lari najib, 
Qayda u ruxdagi darvesh dargohi?

She’r nima, tilsimli zulmat vujudning 
Qa’ridan oy kabi chiqqan ifoda. 
Ko‘ngil tog‘lariga qo‘ngan burgutning, 
O’tli nigohidan to‘qilgan boda?

Anglamoq ko‘yida dil so‘ylar toshib, 
Chin she’rki, bir qaqnus - dilga ravodir. 
U - mujda - yetti qat osmondan oshib, 
Haqdin kelayotgan toza havodir...

BAHOR BU ABADIY HAQIQAT ERUR

Cho‘lponni eslab


Haqiqat yo‘llari emasdir oson, 
Haq qaror toparkan kurash bor joyda 
Ma’yuslik chehranga yarashmas inson, 
Uylaring kurashsiz ersa befoyda.

Esladim bir zotni, haqparast o‘ktam, 
Zamonning zalvorin chetga otdi u. 
Tobelik og‘usin totgan dilni ham, 
Uyg‘otib oftobday erta botdi u.

Haqiqat yo‘lida yiqildi horib, 
Ko‘zlari so‘narkan jilmayib kuldi. 
Kun kelib minglab dil chora axtarib, 
Uyg‘ondi, demakki o‘rnidan turdi.

Ammo, u turolmas mangu tuproqning, 
Munis hamdamiga aylanib qoldi. 
Chirog‘i bo‘ldi u yaqin-yiroqning, 
Dunyoda haqparast nigohi qoldi.

Haqiqat, haqiqat - bahor asli bu 
U o‘sha bahor deb axir yashardi.
Bahorning borligin isbotlab voh u, 
Erta yuz ko‘rsatgan gulga o‘xshardi.

Ilk chechak edi u ayozga raqib, 
Bu zotlar dunyoga yashillik berur. 
Ayozlar qilmasin ming bora ta’qib, 
Bahor bu - abadiy haqiqat erur.

ONAM EKKAN RAYHONLAR

Hovlimizga jannat bo‘yin taratgan, 
Sabolarga ifor tutgan, yayratgan, 
Ko‘kdan oyu oftobni ham qaratgan, 
Borlig‘ida malaklarmi nihonlar, 
Rizvon ekan onam ekkan rayhonlar.

Kapalaklar arimasdi qoshidan, 
Bolarilar ketolmasdi boshidan, 
Unganmidi onamning bardoshidan, 
Oh kaftdagi jannat, derdi giryonlar, 
Ehson ekan onam ekkan rayhonlar.

Garchi gul ko‘p bu olamda iforli, 
Qo‘l cho‘zsang gar ozorligu, tikonli, 
Tarovatli, muslim kabi iymonli, 
Uni arshdan tushirmishmi posbonlar, 
Jahon ekan onam ekkan rayhonlar.

Har tong turib siypardi gul yuzlarin, 
Erkalagan ona kabi qizlarin, 
Sirdosh bilib aytganmi dard, so‘zlarin 
O’sha chog‘lar neni qilmish bayonlar, 
Doston ekan onam ekkan rayhonlar.

Boshim qo‘ysam men ko‘ksiga onamni, 
Rayhon isi chulg‘ar edi tanamni, 
Oh, u jannat tark etdimi olamni, 
Yaprog‘iga yig‘lab taqdim marjonlar,
Fig‘on ekan onam ekkan rayhonlar.

Ona desam zor titraydi bu jonim, 
Ketdimi-ya bor davlatim, jahonim, 
Mehribon yo‘k, kayda u mehribonim, 
Dardim endi kanday tutay pinhonlar 
Darmon ekan onam ekkan rayhonlar.

Sog‘inchimga bu dunyoda yo‘q chora, 
G’arib bog‘man, bog‘bonsiz qalb ming pora, 
Onamsiz men kim bo‘ldim, bir bechora 
Tatirmidi menga bu shirin onlar, 
Davron ekan onam ekkan rayhonlar.

Bir kun men ham bu dunyodan o‘tarman, 
Balkim, qo‘lda rayhon bilan ketarman, 
Shunday onam diydoriga yetarman, 
Darkor emas bundan o‘zga unvonlar, 
Imkon ekan onam ekkan rayhonlar...

BULBUL QO’ShIG’I

Rasul Hamzatovdan


Bulbul qo‘shig‘ini tinglayapsanmi, 
Unda yangrayotgan tantana tinmas. 
Nima haqda kuylar anglayapsanmi, 
Ammo noma’lumdir hech kimsa bilmas.

Iymonim komildir, ishonch-la aytgum, 
Vatan haqidadur bu qo‘shiq - bonglar. 
Agar o‘zga mavzu bo‘lganda shaksiz, 
Joniga tegardi allaqachonlar.

QAYDA BO‘LSAK BIZNI ASRAR DUOLARING
 
Andijonim - ko‘zlarimda kulgan dunyom,
Nechun senga talpinmayin, sig‘inmayin?
Qayga borsam yuragimda cho‘g‘day armon,
Nega ildiz otgan joyim sog‘inmayin?!

Ming yillarki oqib yotar Qoradaryo,
Suvlarida yalpizlarning iforlari.
Majnuntollar nigohida o‘ychan xayo,
Qizg‘aldoqqa sir aytadi bahorlari.

Yiroq ketsa bag‘ri o‘rtab sabot bilan,
Diydor istar umid bilan sobirlari.
Shox ersa-da yolg‘iz qolgach dovot bilan,
Andijon, deb bo‘zlab yotar Boburlari.

Tun ma’vosi kabi to‘lqin-to‘lqin sochlar...
Yorqin bir nur so‘ngaini eslab doyim.
Andijonim  to qiyomat ingranasan,
Kechalari yig‘lab kelsa Mohlaroyim!

Har yulduzning qismatida so‘lmoq bordir,
Buncha ko‘pdir  shoir ahlin o‘lponlari.
Vatan mehrin tuyganingda qalbda mudom,
Yuraginga kirib kelar Cho‘lponlari.

Bog‘ishamol Bobur ruhi kezgan makon,
Adirlarda uyg‘oq sabo, yellar xalak.
Kuzda ketgan qushlar bahor qaytar tayin,
Qaytmas bo‘lib ketdi qancha shoir yurak.

Vafo tug‘in yuragida mahkam tutib,
Qanoatda, sadoqatda bir yor  ketdi.
Qilcha jism, filcha sabru bardosh bilan
Saidalar bu dunyodan zor-zor o‘tdi.

Marhamatdan nur taraldi Shoshga tomon,
Muhammadga o‘lan aytdi xur qizlari.
Yurak o‘rtar ex bu taqdir qo‘ymay omon,
Qo‘llaridan ushlab ketdi yalpizlari.

Sog‘inganda yo‘qlar dillar makonini,
Sog‘inmasdan, o‘rtpanmasdan yasholmas jon.
Qayda bo‘lsin farzandlaring bor shonini,
Poying uzra to‘kajaklar ey Andijon.

E’tiboring, har tong sendan mujda kutar,
Jonim deydi  har dam Shukur Qurbonlaring.
Ular sensiz bir zum orom ololmaslar,
Axir ular zarralaring, jon jonlaring.

Anjon desa nur o‘ynardi ko‘zlarida,
Zamira-yu, Mukarrama Murodlaring.
Yuragingdan ungan qizil gul edilar,
Kuxna Shoshda yangrab qolgan bayotlaring.

Usmonlaring, oshqoq yo‘lchi kabi ketdi,
She’r ishqida so‘ldi oxir shaydo yurak.
Ilm bilan she’rga jonni tika tika,
Qaytmas bo‘lib ketdi o‘g‘ing shoir To‘lak.

Sen Vatanning ko‘zidagi bir nur, iroy
Elga ibrat, elga shondir bo‘stonlaring.
Shoir yurtim, peshonangdan tomgan terlar,
Vatan mehrin tuyib bitgan dostonlaring.

Bag‘ingdagi bo‘stonlaring bo‘lsin omon,
Olimjonu, To‘lan Nizom, Farid Usmon.
Qamchibegu, Xurshida-yu, Nabilaring,
So‘zi shamshir bosh ustingda doim posbon.

Zaboni  gul, so‘zi so‘zon, so‘zi malham,
Tursunoyu, Zamira-yu, Xalimasi.
She’r aytsalar ko‘kda shaydo xatto oy ham,
Muhabbatdan, sadoqatdan kalimasi.

Ul Muhammad Ali kabi tumorlaring,
Abdunabi, Shodmonbekdek xumorlaring,
Nazirjonu, jaxongashta Zokir Mashrab-
Bular sening bag‘ringdagi chinorlaring.

Andijonim, otam o‘zing, onam o‘zing,
Jonni o‘rtar gar un cheksang nidolaring.
Bizlar olim, muallimmi va shoir,
Qayda bo‘lsak bizni asrar duolaring!

MUHABBAT

Ey dil, bahor bilan yuzlashding yonding,
Uyg‘ondi qizg‘aldoq bo‘yli xotirot.
Yana ertaklarga chin deb ishonding,
Sog‘inch kurtaklaring gullatdi hayot.

Sabzalar ichida qizg‘aldoq-quyosh,
Yodingda tiklandi o‘tli chog‘laring.
Kiprigingda g‘uncha-bir tomchi ko‘z yosh,
Bag‘riga chorladi zangor bog‘laring.

Binafshalar kuldi, kulgusi sog‘inch,
Daryoga talpindi diydor izlab qor.
Nurli qadamlarin qo‘yib oshiqdi,
Sog‘inch gullarini sochgancha bahor.

Bog‘arda bodroqday ochildi  sog‘inch
Qaytdi  quchog‘inga qaldirg‘ochlar ham.
Bulutlar suv sepdi: ey tashna dil ich,
Ko‘klam- sog‘inganing aytadigan dam.

Lekin, har bahor ham qismat gulining,
Sen uchun ifori o‘kinch, alamli.
Qudrati yetmaydi qadr tunining
Sabzaday kipriklar shabnamli, namli.

Dilim fursat yetdi, kelar qoshinga,
Ex, buncha azobga duchor bo‘lmasang.
Dunyo g‘arq bo‘lar-ku to‘kar yoshinga,
Kelsa-yu ko‘zida sog‘inch ko‘rmasang,

Qani endi, ixtiyor senda bo‘lsa-yu,
Seni sevmaganni sen ham sevmasang...
       
YIG‘LAMA GULIM

Dunyoga boqdimu, ishondim endi,
Armonsiz yashamas unda odamzot.
Sevgisiz hayotdan men tondim endi,
Tushimga kiradi sevgilim bot-bot.

Mani zor yig‘latib yig‘lar o‘zi ham,
Ko‘z ochib ko‘rganim u ko‘zlarda nam.
Gullarga boqdimu dard ichra qoldim,
Yaproqlar yuzida munchoqdek shabnam.

Sen nechun yig‘laysan, sen nechun ey gul,
Nechun  ko‘z yosh senday gulgun ziyoda.
Bir dilni axtarib o‘tmoqda umrim,
Manim yig‘laganim  kammi  dunyoda?!
               
BAHORLARGA ERGASHDIM

Gullar kiprigimga marvarid osib,
Sabzadil bag‘rimni «tosh»lab ketdilar.
Ko‘ngilga ko‘z berib o‘zi munosib,
Shu ko‘ngil ko‘zini yoshlab ketdilar.

Ko‘zim mardumiga in qurgan o‘sha-
Turnalar, ko‘nglimni  g‘ashlab ketdilar.
Huvillab qoldi-ku bu g‘arib go‘sha,
Yangi bir mozorni tashlab ketdilar.

Xazonlar ichidan izlamang jismim,
Jon ham «alvido ey losh»lab ketdilar.
Yo‘q, bunda qolmayman, unutmang ismim,
Bahorlar meni ham boshlab ketdilar... 

YOMG‘IRLI  KECHALAR  

Yomg‘ir yog‘ar g‘unchalarga tomchilab,
Shamol esar yuragimni  qamchilab,
O‘ech kim kelmas menga saodat tilab,
Seni kutdim men intizor nechalar,
Xazin bo‘ldi bu yomg‘irli kechalar.

Tashqarida   qaltiragan yaproqlar,
Yuragimga solib ketar titroqlar,
Yoritolmas ko‘nglim, yongan chaqmoqlar,
Seni kutdim men intizor nechalar,
Xazin bo‘ldi bu yomg‘irli kechalar.

Derazadan ko‘z tashladim jon xalak,
Ucholmasdi, qanoti xo‘l kapalak,
Uni ko‘rib battar ezildi yurak,
Seni kutdim men intizor nechalar,
Xazin bo‘ldi bu yomg‘irli kechalar.

Uzun bo‘ldi bu yomg‘irli kechalar...

ORZUDAGI MUHABBAT HAQIDA QO‘SHIQ
 
Dilimda yasharding muhabbat,
Men buni bilardim, bilardim.
Marg‘ilon qaydaligin bilmasam ham,
Otabek misoli yurardim.

Ishonar edim, men bir kuni
Marg‘ilon borishim sevishim...
O‘shanda suvgami chiqar... deb,
Men qancha kutganim Kumushim...

Hayolan goh kulib, goh so‘lib,
Marg‘ilon tomonga tortar jon.
Yulduzlar poyida o‘ltirib
Ertaklar aytganda Andijon.

... Ulg‘aydim, hayot ne bildim, men,
Umidlar yor bo‘ldi yo‘limda.
Marg‘ilon qayda deb izladim.
Sevgilim Kumushim ko‘nglimda.

So‘ng bir kun... o‘kirib yig‘ladim,
Marg‘ilon yo‘lidan qaytarkan.
Shamollar ro‘molcha tutdilar,
Ko‘nglimga taskinlar aytarkan.

Marg‘ilon, Marg‘ilon topib ber,
Topib ber, sevgilim-Kumushim...
...Men bilgan Marg‘ilon yo‘q ekan,
Nahotki, Zaynabni sevishim?!.

Yo‘q, yo‘q, ko‘ksimda bir olam-
Men o‘sha diyordan kelmasman.
Ey hayot, qo‘y meni, qiynama,
Sevgimni o‘zgaga bermasman.

Men bilgan Marg‘ilon ko‘ksimda,
Ko‘ksimda men bilgan Kumushim...
Zaynabim bo‘lsa ham yonimda,
Qo‘ymasman men uni sevishim...

Kumushim, men bilan Kumushim!
Kumushim, men bilan Kumushim!

EY DO‘ST, SEVGAN EDIK BIZ HAM BIR MAHAL

I

Baxt chorlaysan, lek kelguvchi g‘am ko‘p ekan,
Keksa dunyo sabr deydi, kutarkansan.
Bu olamda adashgan bir yo‘lovchidek,
Sevsang, faqat xayol bilan o‘tarkansan.

Bu ochunda gullash nima unutdi dil,
Ko‘p sog‘indim g‘unchalarning kulgusini.
Kecham sog‘inch, bugun, hatto ertam sog‘inch,
Eshitaman yolg‘iz yalpiz yig‘isini.

Giyoh unmas ko‘ngildagi tog‘larimda,
Tafti yo‘qdur ko‘zimdagi quyoshimning.
Bulbullar chax-chaxlamas dil bog‘larimda
Ko‘klamlari unut bo‘lgan bardoshimning.

Majruh ko‘ngil guyo yashin urgan daraxt
Tanasida chumoli dard o‘rmalaydi.
Ham lashkari erur go‘yo kecha-kunduz
Ado bo‘lgan bu vujudni parmalaydi.

Ey darvesh yel, holing ne deb so‘rmading - a,
O‘lan aytgan turg‘aylar jim xo‘rsinasiz.
Yurakdagi chechaklarim, yalpizlarim,
O‘n bir yilki nechun mendan berkinasiz.

Binafsha dil iforlari uchib ketar,
Yurakdagi yashillikni ko‘madi qor.
O‘n bir yilki hanuz qayda bilolmayman
Vujudimga titroq solgan o‘sha bahor.

Dunyo mendan yuz o‘girdi, g‘arib ko‘ngil
Qayda bahor meni olib ketmaydimi.
Axir usiz qancha yashab qo‘ydim mana,
Shuncha tortgan azoblarim yetmaydimi.

Bir dam yodga olmadi-ya meni dunyo,
Bir umidim saqlagan dil tuprog‘idir.
Xazon bo‘lib yashadim men ajab go‘yo
Shu bir umid-vujudimning titrog‘idir-
Yuragimning so‘nggi yashil yaprog‘idir...

II

Har tun yolg‘izlikning mungli kuylari,
Poyonsiz ko‘nglimga yoyila boshlar.
Bahorni qumsagan qaldirg‘och kabi,
Kiprigimga qo‘nar sog‘inch-ko‘z yoshlar!

So‘ngan xotiralar uyg‘onar asta-
Xazonlar ostidan bosh ko‘targan gul.
Sening yoding bilan umrim payvasta,
Sening yoding bilan yasharman butkul.

Tunning sochlarida yaltirar yulduz-
Umidsiz dunyoning umidi kabi.
Ko‘ngil kuz, chor taraf xazon yaproq, Kuz...
Titraydi qurigan atirgul labi.

O‘sha xiyobonlar bo‘m-bo‘sh, kimsasiz,
Poezdlar tark etgan vokzalday g‘arib.
Xotira jovdirab tentiydi, sassiz,
Tanish yo‘lovchini tinmay axtarib...

Ortga qaytmas endi ketgan poezdlar,
Sog‘inchlar yo‘l qarab ko‘ngilga qaytar.
Naxot unut bo‘lsa dildagi izlar,
Yurakda bir yigit sho‘x qo‘shiq aytar:

“- Ey do‘st, sevgan edik biz ham bir mahal,
Majnun maqomida edi dilimiz.
Endi xazonlarga ko‘milib ketdi,
Beg‘ubor orzular, sevgi, sirimiz…

Nega keldik axir, dunyosiga biz,
-Sevgani, sevgani, faqat sevgani,
Bu yo‘lda o‘rtanib ado bo‘larmiz,
-Ado qilsa qilar sevgi degani…”

Bir zum yongan bu dil lov etdi, o‘chdi
Uyg‘ongan xotira ko‘z yumdi  yana.
Armonlar, sog‘inchlar ko‘ngilga ko‘chdi,
Xamon azoblarga yurak boshpana…

DIL O‘KINCHI

Qani endi bu sehr, sirli  muhabbat
Bahorga o‘xshagan bo‘lsaydi,
Bir kun,
U qaytib kelardi qalbimga yana
Xazonlar ostida gullamoq uchun.

Qani endi u quyosh bo‘lsaydi, 
Bugun,
Dilimni zulmatga oshino etsa.
Ertaga shubhasiz porlab kelardi
Qaytardi, begumon o‘tinchim yetsa.

Qani endi muhabbat oy bo‘lsa tunda
Kunduzgi xijronni yengib o‘tardim.
Va uning yonida qolmoqlik uchun
Har kech tun mulkiga ketardim.

Yo‘q, bu muhabbat qaytmas bir yo‘lchi,
U ketgach ko‘ngilda alam, dog‘  qolar.
Manguga tinmaydi bu  dil o‘kinchi
Yurakda kimsasiz xazon bog‘ qolar.

QISH ERTAGI

Oppoq, xarir edi borlig‘ing
Oydin eding-to‘lin oy eding.
Ko‘zlarimdan qochirganimda
Hayolimga sen kirib kelding.

Oppoq-oppoq orzularimga
Qiyo boqmay kulgan chechagim.
Sendan ayro tushgandan buyon,
Yulduzlarga aytgum ertagim.

Azob bilan oqarar tonglar,
Tunlar uzun-dilda qiynoqlar.
Men ham endi sevgisiz qoldim,
Anglab yetdim, sizni qiynoqlar.

Qish ham kirdi, ayoz kun bo‘yi
Hasratimday yog‘averdi qor.
Ushalmadi kurtaklar o‘yi
Yiroqlashib ketgandi bahor.

Chor atrof qor, go‘yo sen kelding,
O‘sha oydin ko‘ylakda yonib.
Tashqariga yugurib chiqdim,
Hayolimga o‘zim ishonib.

Yo‘q, sen yo‘qsan, umidvor kutdim,
Zulmat yana keldi so‘roqlab.
Yuragimga taskinlar aytdim
Kelayotgan azobga chog‘lab.

Yo‘q, negadir horg‘in ko‘zlarim
Yumilarkan asta ilg‘adim...
Derazaga boqqancha sahar
Bir to‘p gulni ko‘rib yig‘ladim...

KUTISH

Olib ketmas to‘lqinlar meni,
Chag‘alaylar tark etgan go‘sha.
Xuv sohilda po‘otana otgan,
Bir tosh yotar o‘sha men, o‘sha.

Kelmas endi kutganim  ufqdan,
Qizil yelkan olib ketgan qiz.
Dengiz suvin surtaman ko‘zga,
Yolg‘iz yodgor, qiz qoldirgan iz.

Xotiralar - osmonda bulut,
Dengiz uzra suza boshlaydi.
Bo‘lmaydi hech o‘sha qiz unut,
Yelkamga tun qo‘lin tashlaydi:
Kutgil,
     Kutgil,
            Kutgil...


IQROR 

Muhabbat yo‘l edi,
Yo‘l edi bilsang!
Shu yo‘lni ko‘rdingu keta olmading.
Bo‘lardi bir qadam sen yurib ko‘rsang,
Ey ko‘ngil bormading, nega bormading?

Ko‘rding,
U yo‘lda munis qizg‘aldog‘,
Seni chorlar edi, baQri qon edi,
Bilmading sen qadrin o‘sha lahzani,
Bu senga atalgan shirin on edi.

Bilarding,
Usiz hech yashay olmaymiz,
Bilarding, usi biz toshmiz-bir xarsang,
Bo‘lardi-ku axir, imkon bor edi
Ortidan ey quyosh to‘xta, deb borsang.

Sen o‘sha kezlarda o‘zingdan ketding,
Sen o‘sha kezlarda baxt ne bilmading,
Qarshingda edi-ku,
Muhabbat yo‘li!
Sen kibor, nechun u yo‘lga yurmading?

Baxt bizni bilardi,
Unutmagandi.
Baxt bizni ataylab kutib turardi.
Goho men anglardim, yalingan misol,
Ortimizdan gullar sochib yurardi.

Ohudek  qarshimda jilvalangan dil,
Necha bor ko‘zimdan izladi ziyo.
Yolvorib bo‘zladi so‘zlay deb bu til,
Bo‘lmoqchi eding-mu, quyoshsiz dunyo?

Imillab o‘tardi kunlar ham atay,
Oftobning taftini sezmading, umrim
Endi men... endi men... qanday ovutay,
Mendan voz kechgancha ketayotgan umrim?!

Bag‘ishlay olmading unga o‘zingni,
Bag‘ishlay olmading unga yuraging.
U yig‘lab ketgandi, muhabbat yo‘li-
Chorladi, Kelmadi unga qaraging.

Endi tun jodusi meni azoblar,
Hijronlar og‘usi tomar ko‘zimga.
Muhabbat neligin tushunmay o‘tgan,
Men rahm qilmayman endi o‘zimga,
Men rahm qilmayman kibor ko‘nglimga...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.