Momoxol Elmurodova 1949 yilda tug‘ilgan. 1970 yilda Namangan Davlat pedagogika oliygohining filologiya fakultetini tugatgan. “Qaldirg‘och”, “Ayol muhabbati”, “Yurakka sanchilgan ignalar”, “Orzularning uzun yo‘li”, “Onamga yozilmagan maktublar” kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan. O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi.
KO‘NGIL MULKI
Ko‘ngil mulkin boyliklari ko‘p:
Na o‘lchov bor, na chek-chegara.
Xazinangni turar to‘ldirib
Tuyg‘u degan yombilar sara.
Bu mulk Qorun davlatidan ko‘p,
Shoh Sulaymon siymu zaridan.
Qolsang ham gar ko‘ngilga qul bo‘p,
Badavlatsan, boysan baridan.
Yer, suv, osmon – borliq seniki,
Eng bebaho gavharing – Vatan.
Qalb qatingdan joy olgan neki,
Senikidir, faqat senga tan.
Qalb kishvaring bezab turadi,
Sevgi – nurli, iboli ziynat.
Yana tengsiz, nodir tuyg‘u bu –
Onalikday buyuk muhabbat.
Mulking – o‘tmish, tarix – moziy ham
Qadr degan obidalar bor.
Faxr, g‘urur hislari mudom,
Ko‘ngling ichra jaranglagan tor.
Boqiy shaxslar, nurli siymolar
Xazinangning javharlaridir
Va ulardan o‘rganganlaring
Yetti iqlim bojiga arzir.
Xayoloting yulduzlar qadar,
Gar tafakkur: sirdosh, yo‘ldoshing.
Ikki dunyong yoritib turar,
Iymon degan so‘nmas quyoshing.
Hech kim sendan ololmas tortib,
Lashkar tortib kelsalar hamki.
Sarf etsang-da, boradi ortib,
Noyob boylik – bu ko‘ngil mulki.
QISHLOQDA YOZ
Bog‘larda g‘arq pishsa: olma, nok, uzum,
Qo‘l cho‘zsang chakillab tomgaydir sharbat.
Shunda ko‘zlariga ishonmay bir zum
Hayratdan yoqasin ushlab qolar vaqt.
Kechqurun supaga suvlar sepilib,
Iforin taratsa yalpiz, rayhonlar.
Momosin bag‘riga duvva to‘kilib,
Ertak tinglashadi toychoq polvonlar.
Samo baxmalida oltin yulduzlar
Orzu olamiga chorlar mehr-la.
Oy esa sevgidan afsona so‘zlar,
Oq, mayin upasin sepib, sehrlab.
Layli tun o‘tadi yoqimli tushday,
Xo‘rozlar chaladi tong qo‘ng‘irog‘in.
Turmushning tashvishi, ishi turar shay,
Yana shan bir hayot ochar quchog‘in.
Tonglar karomatli yo nazarkarda,
G‘uncha gul bo‘lay deb chokin so‘kadi.
Qanday hikmat bordir bu saharlarda,
Yantoqlar yaltirab shakar to‘kadi.
Qisqa tun sovg‘asi – shirin bir mudroq,
Soyasi lipillar xumor ko‘zlarda.
Osmon ko‘taradi olovrang bayroq,
Quyosh eng tikkaga kelgan kezlarda.
Shaloplab suzishar gavjum anhorda
Qarmoqqa ilinmas – bola – baliqlar.
Kecha kallaklangan manov tutzorda
Hayot qo‘shig‘ini kuylar ariqlar.
Rosa to‘lishgan, huv, yong‘oq soyasi,
Bag‘rida yayraydi qiz-juvon xushhol.
Boshida dunyoning siru savdosi,
Chetda gazet o‘qir kuzoynakli chol.
Men seni shu cholga o‘xshataman vaqt,
Asru lahzalarni kuzatasan jim.
Hayot toshyong‘og‘in chaqqan donishmand,
Sen o‘zing hakamsan, sen o‘zing hokim.
SIRLI XAT
Endi sen o‘tmishdan ozod bir banda,
Faqat xotiraga mangu bog‘liq qul.
Andrey Dementyev
Tuproq misol yillar qatiga
Yoshligimni abadiy ko‘mdim.
Sirlarimni ko‘ngil xatiga
Izhor etib, yashirib qo‘ydim.
Yashirincha o‘qisam har gal,
Xotiralar sehri etar band.
Tanish, aziz harflar zarhal
Yal-yal yonib, uyg‘otar hayrat.
Shabnam misol toza, beg‘ubor
Ko‘zim jim-jim yoshlarga to‘lar.
Tong yulduzin shu’lalariday
Ko‘ngil uyin etar munavvar.
Qo‘l uzatsam yetmaydi, olis,
Huv, qizaloq buncha sodda, go‘l?
Tuyg‘ulari pokiza, xolis,
Faqat sohir orzulari mo‘l.
Va bugunning ko‘zi-la boqsam,
Tajribasiz, tortinchoq do‘lvor.
Lekin juda haqiqatsevar,
Ajib go‘zal nafosati bor.
Qulog‘idan burab qo‘yishni
Juda-juda istab qolaman.
Go‘lligidan lovullab yuzim,
Ko‘zlarimni yumib olaman.
Yondirmoqqa yetmaydi jur’at,
Yo‘qotmoqni istagan chog‘im.
Ohangrabo misoli bu xat
Tortaverar doim nigohim.
Nurli-nurli tiniq hislarning
Tutib qolar goho xumori.
Asrar meni noxush islardan
Yoshligimning aziz tumori.