OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Malik (1937)

1937 yilda Samarqand viloyatining Pastarg‘om tumanida tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetini tamomlagan. Hozirda Toshkent Moliya instituti qoshidagi Moliya akademik litseyi o‘qituvchisi. Fizika – matematika fanlari nomzodi.


SOG‘INCH

Qaytib kelsang edi mening yoshligim,
Muhabbat o‘tida qayta yonardim.
Sening bog‘laringdan gul uzib masrur,
Daydi shamollarga so‘ylardim dardim.

Qaytib kelsang edi mening yoshligim,
Beg‘ubor kunlarim, oppoq tonglarim.
Yillar panasida qolgan bolalik,
Bilmam, qay bekatda seni yo‘qotdim.

Qaytib kelsang edi mening yoshligim,
Olis yulduzlarga aylangan baxtim.
Yillar to‘fonida sen qayga ketding,
Seni bu umrimdan yulib olgan kim?

Qaytib kelsang edi mening yoshligim,
Sening bog‘laringdan kuylab o‘tardim.
Jamoling shaydosi bo‘lib bir umr,
Sha’ningga tuganmas she’rlar bitardim.

Qaytib kelsang edi mening yoshligim...


 HAMNAFAS BO‘L
 
Inson umri daryo kabi oqib o‘tar – birnafas,
Bu dunyoning eshigini qoqib o‘tar – birnafas.
Agar to‘lsa paymona, kutib turmas ogoh bo‘l,
Kel muhabbat, ketma mendan, hamnafas bo‘l birnafas.

Sarvinozim kel yonima, hijronlar qolsin abas,
Ishqing bo‘lsa agar sarob, dunyo menga bir qafas.
Kel ko‘ksingga boshim qo‘yib, beray jon, qilgil havas,
Kel muhabbat, ketma mendan, hamnafas bo‘l birnafas.

Ko‘zlarimni qamashtirar egningda qizil atlas,
Bir qarashda aqlim olgan qirmizi labing gilos,
Kipriklaring nayzamisol, jon olur ko‘zing charos,
Kel muhabbat, ketma mendan, hamnafas bo‘l birnafas.

Ishqimizning sahrosida tashna qalb senga gado,
O‘t qalab yoqding tanimni, bu umr bo‘ldi ado,
Kabob bo‘lgan bag‘rimdan kelar bir mungli sado:
Kel muhabbat, ketma mendan, hamnafas bo‘l birnafas.


 ONAMGA
 
Bu olamda tengi yo‘q zotsan,
Sen bilandir olam nurafshon.
Toki sening siymoing dilda,
Qalbim tog‘dek, ko‘ksimdir osmon.

Bu umringga ko‘zmunchoq bo‘lay,
Madhing kuylay toki tanda jon.
Yo‘llaringda bo‘lay shamchiroq,
Faqat ketma bizdan, onajon.

O‘zing berding anglamoq baxtin,
O‘gitlaring qalbimda har dam.
Sendan topdim vatan qadrini,
Sening bilan mukammal olam.

Bugun yana ko‘zlarimda yosh,
Seni eslab qalbimda hijron.
To tirikman sening siymoing,
Ko‘zlarimda yashar onajon!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.