Muhammad Umar 1965 yili Beshariq tumanida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi pedagogika universitetini tamomlagan. “Muhabbatim ertagim”, “Nigorim”, “Shabnam”, “Ey, ishq” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan. Ayni paytda mazkur universitetda talabalarga ta’lim bermoqda.
USTOZGA
O‘z-o‘ziga shirin ekan inson joni,
Goh somondin arzon ekan bug‘doy doni.
O‘z kasbiga jonin fido qilmasa kim,
Bo‘larmikin halol topgan oshu noni.
Ustozlarga ming bor qulluq, ming ehtirom,
Bani bashar borki aylar izzat-ikrom.
Insonlar bor ekan sizdek olam aro,
Quyosh kulib chiqar har tong berib salom.
Mehringizdan gulgun yashnar keksayu yosh,
Gul tutgaymiz, Sizni gulga aylab qiyos.
Ne ajabki, olar bo‘lsa gul andoza,
Shak-shubhasiz sizdan olar edi Ustoz!
YURT MADHI
Go‘zal yurtga yarashar,
To‘y-tantana, viqorlar.
Go‘zal yurtda yashagay,
Baxtiyor, baxti borlar.
Shu yurtda unib-o‘sdim,
Shudir baxtimning bori.
To‘rt tarafga qarasam —
Ketar dildan g‘uborlar.
Dilimga solgan otash
Tarovating o‘zgacha.
To‘rt taraf bog‘u bo‘ston,
To‘rt tarafda gulzorlar.
Yurtsevar erka elim,
Qutlug‘ bo‘lsin to‘ylaring.
Madhingni kuylab keldim,
Aytib qo‘shiq, alyorlar.
Haq nazar etmasa el,
Shunchalar yashnarmidi?
Istiqlol xalqimizni
Ayladi baxtiyorlar.
Har go‘shada to‘y, bazm,
Baxtli yoshlar ovozi,
Tark etmasin yurtimni
“Omon yor” lar, “Yor-yor”lar.
KO‘ZLARING
Ko‘zlaring ko‘zimga ro‘shnolig‘ etmas,
Yo ko‘ngling ko‘nglimga oshnolig‘ etmas,
Holimni so‘rgali kelmaydi holing.
Jonimni joningga payvasta qildim,
Qalbimni ishqingda guldasta qildim,
Gulimga rang berar labdagi oling.
Labingga mahliyo qarab qoldim men,
Kuyingda ming kuyga o‘zni soldim men,
O‘rtagay dilimni labdagi boling.
Yuribman o‘zimdan begona bo‘lib,
Vaslingga yetolmay paymona to‘lib,
Shunchalar go‘zalki sening xayoling.
Oy chiqsa seniki, kun ham seniki,
Bo‘g‘zimdan chiqqan oh, un ham seniki,
Jonga jon baxsh etar hatto maloling.
Ey gulim, sendan shu yolg‘iz o‘tinchim,
Tunlari tushimda buzmagin tinchim,
Yo nasib etmagay tushda visoling.
Oshig‘i zoringga sharofating yo‘q,
Muhammad Umarga shafoating yo‘q,
Hatto men tomonga esmas shamoling.