OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhtarama Ulug‘

Oy — ko‘ngli butun dilbar,
Yulduzlar — tongdan xabar,
Oy, yulduzlar samoda
Yuksalar ko‘nglim qadar.
Atrofim sokin, mudroq,
Ko‘z yumsam, ko‘ngil uyg‘oq,
Dilimda shu’lai TOQ!..
Osmon yaqin, yer yiroq...

* * *

Muyassar bo‘ldilar dilimga
Osoyish mujdalar nasimdek.
Ne g‘ubor, ne g‘ashlik — yuvildi
Qumlarga chizilgan rasmdek.
Ajab, tun kunduzdek charog‘on,
Dil meni qizg‘onar uyqudan.
Ul so‘qir shamollar yiqitgan —
Gullar bosh ko‘tarar ruhimda.

* * *

Bomdod bu — yetti qat osmondan
Shu’lalar yog‘ilar sim-simlab.
Nigohing tushgan to‘rt tomondan
Yangidan ochilar tilsimlar.
Gar ogoh, gar uyg‘oq — eng qutlug‘
Evrilish, mo‘‘jiza ko‘ksingda,
Tilayver hidoyat, shoyad nur
Dilingga osmonlab to‘kilsa!


TILAK

Saharlarda yuzin ochib,
Yerdan duo so‘rayman.
Suvlar quyib daraxtlardan —
Bahri dunyo so‘rayman.
Qaddin tiklab, boshi egik —
Gullardan dil so‘rayman,
Ko‘ngil berib, har sargardon —
Ko‘ngildan yo‘l so‘rayman.
Topganlarim ko‘-o‘p bo‘lsin deb
Umrimni mo‘l so‘rayman.
Banda o‘lmas — rizq uzilmas,
Yetsa basdir yiqqanim
Bu dunyoning tuynugidan
Nur olamga chiqqani.


BIR GAP...

Oyoq qo‘yma ko‘nglimga,
Garchi senga hech kimman.
Malikaxon oyimning
Jomidan suv ichganman.
Pariymi, hurmidi ul,
Nafasi jambil edi,
Boyligi — bir hovli gul,
Baxti — sodda dil edi.
Saroy etib ko‘ngilni
Tovlanardi tovushi,
G‘uborgayam bosmasdi
Yaraqlagan kavushin.
Har tomchi, har giyohdan
Topib ming zavqu ma’no,
Kumush kabi bittaydi
Shahri Marg‘ilon aro.
“O‘tgan o‘tdi”, — deysanmi,
Kimni ayabdi zamon!
Lekin mening qonimda
Ismi yo‘q nedir omon.
Ko‘pdan ortda qolmay, deb
Kim yugurib yeladi,
Men har tongda gulbargdan
Shabnam ichgim keladi.


ONAM

Saharlar tushmi yo hushdek —
Harir chog‘lardamu diydor?
G‘animatni berib yelga,
Keyin ohlardamu diydor?
Tanam yo‘qlikka mahkumdir,
Vale sog‘inch ilohiy nur,
Sifotiga tilim ojiz —
O‘shal BOG‘lardamu diydor?..

* * *

Manam begonayu do‘stga o‘zimni so‘zlaganlardan,
Mehr ko‘p berdim-u, hech topmadim deb bo‘zlaganlardan.
Ne holim bor, ne haddim bor, to‘kil tuproqqa ey, ko‘nglim,
Bu qaytar dunyoda men ham muhabbat izlaganlardan.


QIZIMGA

Yuzimga bu dunyo tashvishi
Parchinlab tashlangan niqobdek.
...Charaqlar gul nihol kiftida
Sahardan shomgacha oftobdek.
Farmonman — kipriging ko‘tarmay
Rozisan — uzasan qarzingni.
...Qushlar jish bolasin og‘ushlab
Bermoqda muhabbat darsini.


O‘ZIMGA

Ruhingdagi zangor rang qonli
Ko‘r ilonni zinhor uyg‘otma:
Bandasidan iltifottalab
Ilinj tutma — gunohga botma.

So‘nggi imkon barmoqlaringdan
Silqib ketsa misoli yomg‘ir,
Qalbga suyan, ko‘zlaringni yum,
Makr — olg‘ir, istehzo — og‘ir,

Sahrodagi adashgan giyoh —
Yanglig‘ qolsang yakkayu yolg‘iz,
Zinhor shafqat qatrasin tilab
Kimsalardan tushmagin ojiz.

“Alhamdulillah!” — de, bu qismat
Muhabbati eng Mehribonning,
Ruhu joning poklab olmoqqa
Bo‘lmas bundan ortiq imkoning.

Ishon qalbing osmonlariga,
Unda Haqdan qutlug‘ nurlar bor,
Og‘ir sinov bo‘lsa buguning,
Demak, oldda yaxshi kunlar bor.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.