OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ktam Sa’din (1965)

O‘ktam Sa’din 1965 yilda tug‘ilgan. “Ko‘ngil kulbasi”, “Bardosh tongi” she’riy to‘plamlari muallifi. Ayni paytda “Sanduvoch” gazetasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

HOVLI

Paxsali uy, nuragan hovli,
Parvarishsiz eski bir tokzor.
Eski qo‘ra, qurigan quduq,
Keksa onam diydorimga zor.

Bu hovliga boshini suqib,
Goh quvonch, goh g‘amlar izladi.
Dunyo ko‘rgan, lek, kun ko‘rmagan
Bu yerda bor otam izlari.

Bu hovlida bo‘lmagan yolg‘on,
Xunuk gapning ovozasi yo‘q.
Qulf neligin bilmagan eshik,
Bu hovlining darvozasi yo‘q.

Bu hovliga bir qiz kelardi,
Qora qosh-ko‘z, sochlari to‘lqin.
U ham endi mendan olisda,
Ilk sevgimiz yuzlari so‘lg‘in.

Shu hovlining niholi edim,
Barg yozgandi ko‘ngil kurtagim.
Qani o‘sha beg‘ubor damlar,
Bolaligim – ajib ertagim?!

Bu hovliga qo‘ysam gar qadam,
Bosar meni shirin titroqlar.
Meni tanib tantana qilar
Poyimgacha kelgan tuproqlar.

Hovlimizga ketaman singib,
Bir zum ishu tashvishdan qochib.
Keldingmi deb, kutib oladi
Munis onam quchog‘in ochib.

So‘ng, qaytaman shovqin shaharga,
Ko‘zimdagi yoshni sidirib.
Bu hovliga qaytaman bir kun,
Bolaligim, seni qidirib.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.