* * *
Yolg‘izlik xoritgan mayus kaptarning
Ko‘zidan dumalar bir tomchi yosh
Tomchi zilday og‘ir va parishonxotir
Shiddatla tusharkan yerga gursillab
Suyaklari parchalanib ketar har tomon
Gumburlagan sado o‘takasin yoradi tunni
Maysalar bir sakrab tushdi seskanib
Bir donni talashayotgan ochofat
Chumolilar qochdi tumtaraqay
Chah chahlashayotgan ikki qushning
Kapalaklari uchdi uchishdan avval
Ur yiqit bu taloto‘mlardan
Sichqon ko‘prou foyda ko‘rgandi
Inin pullab oldi ming bir tangaga
Kechagina tuxumdan chiqqan
Farrosh shaboda dovdirar
Sochilgan tomchining suyagini
Qay go‘rga eltishni bilmasdan.
* * *
Men sizsiz hech kimman,
Yopishdim mahkam
Sovuq nigohingiz
Etaklariga.
Azoblar ulg‘aytdi
Tushib qoldim so‘ng,
Sig‘masdan sog‘inchning
Cho‘ntaklariga.
* * *
Yuragimda bir daryo oqar
Eshitilmas hayqiriqlari.
Toshaverar paymona misol,
Boshlanadi dil og‘riqlari.
Sohillarga urilib toshqin
Oqizadi gung toshlarini.
Suvda suzgan beg‘am oqqushlar
* * *
To‘lqinlarning sirdoshlarimu?
Jilovlolmay qolgum bir kuni
Toqatlarim bir bir yiqadi
O’zanini uzib bu daryo
Ko‘zlarimdan toshib chiqadi.
* * *
Yomg‘irlarin ichdim
Sog‘inchni sog‘ib
Sarg‘aygan sabrimning
To‘kayotirman.
Sening hayratingdan
Yaraldim dunyo
Cho‘ksam hayratingga cho‘kayotirman.
* * *
Chumoliday g‘amlar
kelar bostirib
ko‘nglim kuyuklari
sezib hidini
* * *
Meni ezayotgan narsa
Ortiqcha toshlarning
Zalvori emas
Kerakli toshlarning
Xarxashalari
* * *
Ko‘kda chaqmoq chaqdi
Qushlar kirib ketdi
Shoshib ini iniga
Boshpanasiz daraxtning
Barglari dag‘ dag‘
Titray boshlaydi
Oldindan halokatin
Sezgan kemaday
* * *
Bag‘ring shunday yumshoq dedim, unga ekib qo‘ydim ezgulikning urug‘larini. Undan alaflar o‘sib chiqdi,hayratda qoldim. Yer tanlashda adashdim chog‘i, yoki kimdir ekkan urug‘larimni almashtirib ketgan ekkanimdan so‘ng.
* * *
Kiprigim shoxida
O’limning vahmi,
Bir siqim umrning
To‘ymay totiga
Berkingim kelyapti
U kuhna qasr
Mehringizning otash
Saltanatiga
Ruhim allalaydi
Yoniq so‘z yodi,
Olovlaringizda
Erir anduhim.
Sevdigim qalbingiz
Shafoatidan
Bag‘rimda sargashta
Maysalar unur.
Siyratingiz go‘zal
Kanizalari
G’amu hasratimni
Qo‘yarlar artib.
Sirg‘alib tushadi
Kiprikdan vahm,
Izlari yuzimda
Qoladi qotib.
Dunyo barin tutib
Topganim azob.
Ayriliq ko‘ziga
Boqdim botinib.
Sizdan ketgim kelmas
Parvardigorga
Topshirgim kelmaydi
Omonatini.
* * *
Uyg‘onmoq mushkulmi
qish uyqusidan,
Buncha uyqularing
cho‘zildi, bahor?
Maysalar chopadi
o‘z qayg‘usi-la,
Osmon gumburlaydi,
chaqmoqlar chaqar.
Yomg‘ir chertaverar
childirmasini,
Shamol hushtak chalar,
uvillar shamol.
Nahot eshitmaysan,
qumri sasini,
Bir qo‘shiq uchmoqda
chashmaday zilol.
Ko‘lmaklarda suzar
bo‘ron yulqigan
Yelkanli oq qayiq —
bodom gullari.
O‘rik nigohida
tashvish salqigan,
Gullari yomg‘irda
chiriydi uning.
Qozonlarda qaynar
totli sumalak,
Dala-tuz poylaydi
ko‘klam yo‘lini.
Shamol, ko‘rpasini
tortib uyg‘otgin,
Bir ro‘zg‘or boshiga
tushgan kelinni.
* * *
Devorda osig‘liq
gullar suvrati,
Derazam ochaman,
havo dimiqqan.
Yugurar xonamga
kuzak shamoli,
Gullar chayqaladi,
ular zerikkan.
Ifordan xonamning
aylanar boshi,
Shamol tortib uzar
harir yaprog‘in.
Maysalar ostidan
mo‘ralab g‘uncha
Yovvoyi hislarga
ochar quchog‘in.
Payhonlanar gulzor,
suvratda gul yo‘q.
Xona devorlarin
qaddi bukilgan.
Muattar gul isin
olib ketmish yel,
Uzilgan gullar-chi
polga sochilgan.
* * *
Men sog‘indim ukpar qoqigul,
Maysalarning og‘ushlarini.
Pag‘a-pag‘a bulut qa’riga
Singib ketgan oqqushlarimni.
Shoxchalardan haydaydi yellar
Jiyda gulin iforlarini.
Ninachilar taqar gullarga
Muhabbatning tumorlarini.
Kunlarimga solar silsila
Men bo‘yidan mast bo‘lgan chechak.
Qayg‘usi-yu shodliklari-la
Chirmashadi jonga ishqpechak.
Olovlarim bir kuni o‘char,
Saqlolmagan sukutim — g‘anim.
To‘lib-toshgan bu sado ichra
To‘lmay o‘tar bir ko‘nglim manim.
* * *
Bu ko‘chadan sog‘inch o‘tgan,
Qolmish xushbo‘y islari.
Bu ko‘chaga qorishadi
Nafarmongul hislari.
Nigohlari qolmadimi
Ilinib oy — o‘roqqa?
Hijronlarning nuqsi urgan
Bir gul tutar so‘roqqa.
Tavof etar sarg‘aygan barg
Sog‘inchning izlarini.
Kuz nikohlab qo‘ymadimi
Xazonrez bo‘zlarini?
Bo‘ynidagi tumoridan
Shamol tortqilab ketar.
So‘ng armonga chalib berar
Yomg‘irlar kuyin dutor.
* * *
Qarshimda bir gulxan
Yonar lovullab,
Tinmay chorlayverar
Otashlariga.
Hijron azoblari
Jonimdan o‘tgan —
Isinib olaman
Qarashlariga,
Muz qotgan yuragim
Olib kaftiga
Issiq lablarida
Asta eritar,
To‘ng‘igan hislarim
Junbushga solib
Sarg‘aygan kechaning
Dardin aritar.
Uchqunlar sachraydi
Nafaslaridan,
Nozik barmoqlarim
Kuydirayotir.
Avrab nigohimni
Beayov, asov
Quchog‘iga bosib o‘ldirayotir.
Alanga oladi
Bu qaltis o‘yin,
Yopaman ko‘nglimning
Darchalarini.
Darcha yorug‘idan
Kiradi sizib
Ne qilay, u gulxan
Parchalarini.
Bir o‘tki jonfizo
Hayotbaxsh og‘u,
Borsam taxtim kuyar,
Bormasam baxtim,
Unda hayot bor-u
Unda yo‘q najot,
Telba bu kuylardan
Bo‘laman karaxt.
Bu ne qiyomatdir
Boqaman dilgir
Qirmizi yolqinning
Qalovlariga,
Yonib ketishimni
Bilib turib ham
Intilaveraman
Olovlariga.