Olqor Damin 1947 yili Ishtixon tumanida tavallud topgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. SamDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Salom yaxshilik”, “Sabr haykali”, “Assalom, Navro‘z!”, “O‘lmas daholar”, “Afsona shahrim”, “Qirq muxammas”, “Qo‘sh irmoq”, “Quchoqlayman bahorni”, “Navo” nomli she’riy, “Muattar o‘ylar” tanlangan asarlari nashr etilgan.
VATANNI ANGLASH
Vatan, seni anglamoq uchun,
Tong nash’asin anglamoq kerak.
Vatan, seni anglamoq uchun,
Gullar sasin tinglamoq kerak.
Vatan, seni anglamoq uchun,
Oy nuriga cho‘milmoq kerak.
Yulduzlarning chamanlariga,
Tongga qadar ko‘milmoq kerak.
Vatan, seni anglamoq uchun,
Anglash zarur har bir xasingni.
Nafasim deb tushunmoq kerak,
Sening olgan har nafasingni.
Vatan, seni anglamoq uchun,
Hali bular qiladi kamlik.
Tonglaringni yoritmoq uchun
Yonmoq kerak misoli shamdek!
NAVOIY
Navoiy deganda quloqlarimga,
Uzoq asrlardan nidolar kelur.
Navoiy deganda gul bog‘larimga,
Qishda ham ajib, xush sabolar kelur.
Seni yod etganda, ey daho shoir,
G‘ururdan she’rparvar ko‘kragim tog‘dir.
Seni yod etganda, yodimga bir-bir —
Farhodu Shirin, Mulkorolar kelur.
Ey, ash’or mulkining buyuk sultoni,
Ey, o‘zbek halqining suyuk o‘g‘loni,
«Xamsa»ng boz yoritmish she’riy samoni,
Lutfiy shod: «Elga ne navolar kelur!»
Sen ona tilimning sherdek homiysi,
Sen bu til binosin tolmas Moniysi,
Nomingdan dillarga ming xil gul isi,
To abad atirli havolar kelur.
Tiriksan, to tirik navoli dillar,
Nomingga nur sochib turar ming yillar,
Sen uchun ta’zimda mudom bu qo‘llar,
Nomingdan dillarga navolar kelur!
QOR VA BAHOR
Har kun ko‘raverib yo‘lida qorni,
Ayting, sog‘inmagan bormi bahorni?
Ayting, sog‘inmagan bormi bahorni,
Gulnafas, xushnafas o‘shal ohorni.
Qo‘llariga olib toru dutorni,
Kim ham sog‘inmadi fasli dildorni?
Qo‘llariga olib toru dutorni,
Kim ham kuylagisi kelmas bahorni?
Kim ham kuylagisi kelmas bahorni,
Har kun ko‘raverib yo‘lida qorni?
SAMIMIYLIK
Samimiylik qaldirg‘ochga o‘xshaydi,
Dil uyiga in quradi tortinmay.
Samimiylik uzun qilar umrni,
Shirin yuzli, shahlo ko‘zli xotinday!
Samimiylik — saodatning qaymog‘i,
U dunyoni ko‘klam qilib turadi.
Samimiylik kulganini ko‘rsangiz:
Pari qizdek jonni o‘rtab kuladi.
Samimiylik — gul kulgusi kabi sof,
Qog‘ozgulga o‘xshab sovuq kulmaydi.
U kulganda Quyosh kabi nur sochib,
Dil bog‘ida shabadalar kuylaydi!
...Fitna yashar samimiylik yo‘q joyda,
Nosamimiy bo‘lsangiz bir shaytonsiz.
Bu dunyoni o‘n to‘rtida qaritar
Kimki bo‘lsa nosamimiy, vijdonsiz!
ERKA SHAMOLLAR
Bilmam Shamoldan ham yaxshi nima bor?!
Undan egiliblar turar lolazor.
Undan egiliblar yotar daraxtlar,
Undan Yeru osmon shovullab yotar!
Undan siypalanar qizlarning zulfi,
Undan ochiladi dillarning qulfi!
Undan kulib turar g‘unchalar labi,
Yosh bola erkalab kulgani kabi.
Undan siypalanar tog‘larning sirti,
Undan jannatlanar o‘zbegim yurti!
Bilmam shamoldan ham yaxshi nima bor!
Uni qizdek quchib, qo‘yvorma, Olqor!..
OG‘AYNILAR
Tol terakka qaraydi,
Terak tolga qaraydi.
Go‘yoki bir-biridan
Holu ahvol so‘raydi.
“Salom!” deyishmoqchiydi,
Muzlab qopti “tillari”.
Biroq “ko‘rishib turar”
Qor shoxlari – qo‘llari.
HOY, QUSHLAR
Qushlar, qushlar, hoy qushlar,
Yurtimga chiroy qushlar.
Sayr etingiz bog‘larda,
Charx urib, tinmay, qushlar.
Qushlar, qushlar, hoy qushlar,
Kuy, qo‘shiqqa boy, qushlar.
Shunday sayrang, lol bo‘lib,
To‘xtab qolsin soy, qushlar.
Uchib yuring shoxma-shox,
Sayrashib sho‘x: “Chah-chah-chah!”
Sayrasangiz dilimiz
Bo‘lar yana xushchaqchaq.
Qushlar, qushlar, hoy qushlar,
Bulbullaru boyqushlar
Uchavering baringiz,
Sizga bo‘lsin olqishlar!
MEVALAR NIMA DEYDI?
Shaftoli:
– Shaftoliman, oh,
Xuddi muzqaymoq!
Uzum:
– Uzumman, uzum,
Eng zo‘ri o‘zim!
Gilos:
– Gilosman, gilos,
Tushuring paqqos!
Yong‘oq:
– Yong‘oqman, yong‘oq,
Ta’mim zo‘r, shundoq!
Nok:
Olmurutman – nok,
Asal deysiz naq!
Olma:
Olmaman, olma,
Bolmi, men bolmi?
BUVIJONIM SO‘ZLARI
Buvijonim
mehmon bo‘lib
keldilar.
– O‘ynab-kulib
yuribsanmi? –
dedilar.
Asal edi
buvijonim
so‘zlari.
Yana asal
keltiribdi
o‘zlari.
BOLARIJON, BOLARI
Bolarijon, bolari
Gulni ko‘rsa lol, ari.
Ko‘zlaringni yashnatar
O‘lkamizning bog‘lari.
Bolarijon, bolari,
Sibizg‘angni chal, ari.
Sevinchingga tor jahon,
Ayni bahor chog‘lari.
Bolarijon, bolari,
Menga quloq sol, ari.
Bol yig‘aver, boliston –
O‘lkamiz qir-tog‘lari.
NIHOLJON
Men niholni sindirmayman,
niholjonni,
Sindirsammi og‘riydi-da,
uning joni.
Men niholni yumshataman
taglarini,
Lablarimga surtadirman
barglarini.
Men niholni avaylayman
uloqlardan,
Kumush suvlar keltiraman
buloqlardan.
Men niholga: “Niholjon”, deb,
nom qo‘yaman,
Mehmon kelsa mevasidan
bol qo‘yaman.
YURTIM QO‘SHIG‘I
Tog‘lari go‘zal yurtim,
Bog‘lari asal yurtim.
Yaproqlaring madhingga
To‘qiydi g‘azal, yurtim.
Qirlaring qizg‘aldoqzor,
Soylaringda qo‘shiq bor.
Qaysi dilni kuylatmas
Sendagi go‘zal bahor?!
Yomg‘ir yog‘ib turganda
Osmoningda turlangan
Kamalakdir, kamalak,
Ko‘rib qo‘ysin ko‘rmagan!
SUV
Shildir-shildir etadi suv,
Kuylab yerni o‘padi suv.
Go‘yo oltin rubobini
Tinim bilmay chertadi suv.
Olislarga oqib ketar,
Yuzida barg qalqib ketar.
Chanqab yotgan g‘o‘zalarga
Oh-oh, qanday yoqib ketar!
Suvday yaxshi bo‘lsam qani,
Chaman bo‘lib kulsam qani.
Suvday shirin jon Xalqimga
Tinmay xizmat qilsam qani!
Shildir-shildir etadi suv,
Bog‘ oralab o‘tadi suv.
Kuylab yerni o‘padi suv!
TOG‘ YONIDA – UYIMIZ!
Tog‘ yonida uyimiz,
Maysa-gilam yo‘limiz.
Lolazorga yetadi
Uzatganda qo‘limiz.
Tog‘ yonida uyimiz,
Jilg‘a – mayin kuyimiz.
Tog‘imizda sayr etib,
Ravochga bir to‘yingiz.
Tog‘ yonida uyimiz,
Muzdek buloq suvimiz.
Biz yoqlarga kelsangiz,
Shu kun bayram, to‘yimiz!
BULOQJON
To‘g‘ri so‘zdan tiniqsan,
Shirinlikda iliksan,
Kamtarinsan, siniqsan,
Buloqjon.
Barchaga teng suving bor,
Biram shirin kuying bor,
Tog‘ bag‘rida «uying» bor,
Buloqjon.
Oqaver, hech tolmagin,
Seldan o‘rnak olmagin,
Elga tashvish solmagin,
Buloqjon!..
QUYOSHNING NURI
Biz – Quyoshning nurimiz,
Tongda turib ko‘ringiz.
Bizni qancha sevsangiz,
Uzun bo‘lar umringiz.
Biz – Quyoshning nurimiz,
Dunyoning sururimiz.
Hayot degan lolani
O‘pibgina yuribmiz.
Biz – Quyoshning nurimiz,
Bizni yaxshi ko‘ringiz.
Kaftingizga to‘ldirib
Miriqib simiringiz.
Biz – Quyoshning nurimiz,
Beg‘ubormiz, to‘g‘rimiz,
Siz ham sofsiz, bolalar,
Uzun bo‘lar umringiz!
ONAJONIM
Tuni bo‘yi alla aytib
Uxlamagan – o‘zingiz.
Uyqularga to‘ymaganmi
Shu chiroyli ko‘zingiz?
Uxlasam ham, uxlamasam,
Shirin bo‘lgan so‘zingiz.
Shuning uchun ajinlarni
Tez tushirgan yuzingiz.
Onajonim, gullar bilan
To‘lsin bosgan izingiz!
Endi sizga parvonadir
O‘g‘lingiz-u qizingiz.
MAKTABDAN QAYTISH
Uch-to‘rtta «2» olib,
Xotirjam kelar Tolib.
Hech narsa bo‘lmaganday
Qo‘lin cho‘ntakka solib.
Qiziq, a’lochi G‘olib
Bittagina «4» olib,
Kelar yutib yoshini,
Boshini quyi solib...
DUNYO VA BOLAKAY
Uch-to‘rt bola
Bir bolani
Qo‘shmadilar o‘yinga.
Biri bo‘lsa:
– Bor, ketaver,–
deb yubordi,– uyingga!
Izza bo‘lgan
Bolakayning
Ko‘zi jiqqa yosh bo‘ldi.
Bu dunyoning –
Bag‘ri unga
Birinchi bor tosh bo‘ldi...
TURON QO‘SHIG‘I
(Birgalikda kuylash uchun)
Tingla, ey jahon,
Kuylaydi Turon!
Mustaqil bo‘ldi
Gul O‘zbekiston.
Bog‘lari bahor,
Muattar nahor.
Qardosh ellarga
Jilmayib boqar!
Tingla, ey jahon,
Kuylaydi Turon!
Ushaldi necha
Yuz yillik armon.
Toshkentim – onam,
Poytaxtim chaman.
Qutlayman yangroq
Qo‘shig‘im bilan!
Tingla, ey jahon,
Kuylaydi Turon!
Endi yo‘limiz
Oydin va ravon.
Omon bo‘l, Turon!
Bo‘ston bo‘l, Turon!
Jumla jahonga
Doston bo‘l, Turon!