Otabek Ismoilov 1953 yilda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Bir nechta she’riy, nasriy va ilmiy ommabop kitoblar muallifi. Ayni vaqtda Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi, “Xiva tongi” gazetasi muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda.
ISHQ BILAN O‘TSA UMR...
Uzoqdagi yorga ey shamol,
Salomim elt, dedim yolborib.
Eshik yopib jo‘nadi darhol,
Oyog‘ini qo‘liga olib.
Menku unga ishondim, biroq,
Salomimni eltmayin turib,
Ko‘rdim. Yurar dalada shu choq,
Otam bilan xirmon sovurib.
* * *
Dema aybni ishq aro ko‘ngilga qo‘y,
De pari ruxsor, sochi sunbulga qo‘y.
Debdi yor dil dardiga malham qo‘yay,
Ul kuyib kul bo‘ldi endi kulga qo‘y.
Yerni Nuh to‘foni g‘arq etgay dema,
Hajr aro diydamdan oqqan selga qo‘y.
Til bila joiz emas izhori ishq,
Ushbu ishni ko‘zga yoxud gulga qo‘y.
Ko‘yida majnunligingdan urma lof,
Ushbu savdoda bahoni elga qo‘y.
Avji kamdir Otabek chah-chahlaring,
Bu yumushni xushnavo bulbulga qo‘y.
BO‘LMAS
Yuzlab zog‘ birlashib xonish aylasa,
Yagona bulbuligo‘yocha bo‘lmas.
Mingta sham jamlanib yonish aylasa,
Quyosh lahza sochgan ziyocha bo‘lmas.
Guvohmiz, o‘tdilar ne-ne hakamlar,
Surib yolg‘onu davron, so‘ng ko‘zda namlar,
Koshonalar ichra yal-yal gilamlar,
Mehnat bilan kelgan bo‘ryocha bo‘lmas.
Gar dilga cho‘g‘ tashlar, ul mohitoblar,
Na qalbda halovat, na ko‘zda xoblar,
Ishqda Farhod, Majnun tortgan azoblar,
Men chekkan dardlarga debocha bo‘lmas.
Agar dilda sevgi chinakam bo‘lsa,
Yetar bardosh, yordan ne sitam bo‘lsa,
Jahon ra’nolari jamuljam bo‘lsa,
Ko‘ngling olgan o‘shal Ra’nocha bo‘lmas.
* * *
Qomating aqlu hushim olg‘oni rost,
Ko‘zlaring jonimga o‘t solg‘oni rost.
Bir nigohingdan tushib ming-ming olov,
Dil muhabbat torini cholg‘oni rost.
Tushmi erdi o‘pganim shirin labing,
Ta’mi yodda bir umr qolg‘oni rost.
Rost sevgimni desam yolg‘on deding,
Shum raqiblarning senga yolg‘oni rost.
Sabru toqat qolmayin hijron aro,
Ko‘nglimiz ko‘yingda qiynolg‘oni rost.
Balki dunyo kim uchun yolg‘onchidir,
Ishq bilan o‘tsa umr har oni rost.
* * *
Xorazm, muqaddas, mo‘‘tabar zamin,
Ne-ne ko‘rgiligu sharaflar ko‘rgan.
Unga sig‘inmoqni, unga singmoqni,
Ziyoratga kelgan daryodan o‘rgan.
Amu bo‘yiga bor, qirg‘og‘ida chop!
Yuraging bir ajib tarzda tepadi.
Shu zamin farzandi bo‘lganing uchun
Daryo oyoqlaring o‘padi.