OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oxunjon Hakim (1935)

Oxunjon Hakim 1935 yil 20 fevralda Farg‘ona viloyatining Log‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (2006). Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan (1956). «Dostonlar» (1970), «Ko‘llarim ko‘ksimda» (1976), «Tafakkur boqiy» (1982), «Vatan qasidasi» (1984), «O’shal kun kelur» (1990), «Ko‘zlaringni o‘zi qaro» (1992), «Qizlar xayol sursalar» (1995), «Muhabbatni ko‘zlardan izlang» (1996), «Malaklar surati» (2004), «Dunyo, dunyo...» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Nasriy asarlari ham bor («Bahor hidi», 1971; «Burgut hamlasi», 1972). «Ko‘sh kabutarlar» (2001), «Baqiroq tuyaning tushlari» (2003), «Bu chollar yomon chollar» (2004) kabi pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1998).


DUNYO

So‘zim tingla, dunyo, bir muddat, 
Bunchalar ham ishlaring g‘alat. 
Yaxshilarni g‘amlarga ko‘mib, 
Yomonlarga qilding muruvvat. 
Tarozingni qandoq qo‘yosan, 
Bir kam dunyo, bir kam dunyosan?

Nokaslarni bor kiladirsan,
Kimki haqso‘z - xor qiladirsan...
Egrilarga eshmisan, so‘zla, 
Nechun g‘alat kor qiladirsan? 
Kimni xo‘rlab, kimni suyosan, 
Bir kam dunyo, bir kam dunyosan?

Bo‘lsa agar ko‘zlaring ochiq, 
Qilmishingga bir-bir boqib chiq. 
Kazzoblarning joni rohatda, 
Yaxshilarning ko‘ksida sanchiq... 
Qadamingni qandoq qo‘yosan, 
Bir kam dunyo, bir kam dunyosan?

Hayratdaman: nahot mudroqsan, 
Haq yo‘lidan nahot yiroqsan? 
Yo ko‘zlaring ko‘r saning yoki 
Boshdan-oyoq yo‘li tayg‘oqsan. 
Nohaqlikka nahot uyosan, 
Bir kam dunyo, bir kam dunyosan?

Dunyo bo‘lsang, keng bo‘lgin, dunyo 
Va barchaga teng bo‘lgin dunyo. 
Hammaga ham bir ko‘z ila boq, 
Kel, ishlari o‘ng bo‘lgin, dunyo! 
Endi yetar bo‘lma ro‘yosan 
Yorug‘ dunyo, yorug‘ dunyosan!

JON NIMA

Gar visol bo‘stonida kezmas esam 
Va muhabbat bahrida suzmas esam, 
Yor nafasin har nafas sezmas esam, 
Bu yorug‘ dunyo nima, zindon nima?

Ul suzuk ko‘zlarga har kun boqmasam, 
Misli Farhod, misli Majnun boqmasam, 
Shavqi ishqida simobdek oqmasam, 
Men uchun sahro nima, bo‘ston nima?

Tinglamas ersam sanam ovozini, 
So‘zlamas ersam ko‘ngilning rozini,
Ko‘rmasam har lahza ishva, nozini, 
Havzi kavsarlar nima, to‘fon nima?

Har kuni diydor sharobin ichmasam, 
Qat-baqat ko‘ngil tugunin yechmasam, 
Tunu kunim yor qoshida kechmasa, 
Men uchun og‘u nima, qimron nima?

Yorsiz hijronda kechsa onlarim, 
Qolsalar armon bo‘lib armonlarim, 
Gar sarobga uchrasa karvonlarim, 
Men uchun do‘zax nima, davron nima?

E, falak, Oxun ohiga tut quloq, 
Ayla ko‘nglimni munavvar, yoq chiroq, 
Menga daf aylar esa yolgaz firoq, 
Ne qilarman jonni, menga jon nima?

HAMROZ BILAN

So‘zlamoq ersang gapingni bejama pardoz bilan, 
Kelsa kim qoshingga boqqil e’tibor, e’zoz bilan.

Jismu joning birla tingla do‘stu yorlar suhbatin, 
Inson insondir hamisha hamfikr, hamroz bilan.

Toma-toma ko‘l bo‘larmish, el aro bordir naql, 
Bir bugun olam yaralmish kam-kamu oz-oz bilan.

O’z kamolingga o‘zing sen posbonu soqchi bo‘l, 
Hokisoru xor etma ulfati nosoz bilan.

Krlma oltin tog‘i birla, qol saodat istasang 
Odamiylik deb atalmish bebaho meros bilan.

Yo‘q, umr yo‘li uzunmas, zoe ketkurma uni 
Qaydagi nokasu nomard, qaydagi vos-vos bilan.

Rost deding umring bo‘yi, boshingni mag‘rur tut yana, 
To abad, Oxun, joningni bog‘la mahkam rost bilan.

NIMA QOLDI...


Ortingdan, qani, o‘yla-chi bir on, nima qoldi? 
Xirmon qoldimi, qoldimi to‘fon, nima qoldi?

Inson bolasi olgay nafas orzu-havas-la, 
Shodlik qoldimi, qoldimi pushmon, nima qoldi?

Odam qo‘lini gul deydilar, so‘yla-chi sandan 
Vayronami yo qoldimi bo‘ston, nima qoldi?

Senga hukmini o‘tkarur ne: hirsmi, diyonat? 
Ne qoldi sendan: tillomi imon, nima qoldi?

Inson hayoti yonib o‘char nurga barobar,
Nur qoldimi sendan, zimiston, nima qoldi?

Ne qoldi sendan deb so‘rsa yurt, bir kun, Oxunjon, 
Boshingni egib, o‘ksima nolon, nima qoldi?

KO’KRAGIDA ORI BOR...

Gulga qo‘lingni cho‘zma, hay-hay, gulning xori bor, 
Demakki, har g‘unchaning sohibu g‘amxo‘ri bor.

Muhabbatga magarkim boqar ersang bepisand, 
Qadding bukarga qodir zarbi-yu zalvori bor.

Nor yigit bo‘lgin vale qo‘ling ko‘krakka urma, 
Sendan ustun jahonda yigitlarning nori bor.

Chin muhabbat binosi zar ila qad tiklamas 
Yetgay chin mahbubiga zari emas zori bor.

Nomardlar samolarda yursa hamki xasga teng, 
Elda aziz, mukarram, chin ahdu qarori bor...

Oxunjondan rafiqlar boyliging na deb, so‘rsa, 
Derman: boshida do‘ppi, ko‘kragida ori bor!

QALBIMDA BARQAROR BAHORLARIM BOR

Shukurkim, korimda barorlarim bor,
Bitgan bitigimda ohorlarim bor.

Oppoq sochim ko‘rib so‘libdi, demang,
Qalbimda barqaror bahorlarim bor!

Nastarin bo‘yini taratmasam ham,
Baytlarim qatida iforlarim bor...

Tuprog‘im hovriga do‘st tutinganman,
Mening undan olgan madorlarim bor. 

G‘animlarga chorak so‘zim-da hayfdir,
Do‘stlarimga shirin guftorlarim bor.

Shoirlik ne bo‘pti... Dunyoda avval
Odam bo‘lay degan qarorlarim bor.

Har biri o‘n nafar o‘g‘ildan a’lo
Dildoru Gulnoru Nigorlarim bor.

Dardin har kimga ham aytmas Oxunjon,
Faqat Yaratganga izhorlarim bor.

KELSANGIZ

Qani qoshimga, e zebo, kelsangiz,
Ko‘rib bir tashrifni ravo, kelsangiz.

Bitta qaroshingiz ming bir shifodir,
Qilib dardlarimga shifo, kelsangiz.

Bosgan qadamingiz sasi — navodir,
Boshlanur ko‘ksimda navo kelsangiz.

Sizni deb sargardon kezgan bir gado
Boshiga qo‘nardi humo, kelsangiz.

Tashnai visolman, qani bir bora
Aylab tosh ko‘ngilni daryo, kelsangiz.

Bezovta, sargashta umrimga manim
Kirardi mazmunu ma’no, kelsangiz.

Duodan ortadir husnu malohat,
Aylardik adoqsiz duo, kelsangiz.

Oxunjon, tangridan davlat o‘tinmas,
Menga kifoyadir shumo*, kelsangiz.

*Shumo — Siz (tojikcha).

QIDIRMANG

Nodonlar to‘pidan dono qidirmang,
Ya’ni, kesakdan ham jilo qidirmang.

Pokiza zaminda unar toza gul,
Tikonzor ichinda ra’no qidirmang.

Nojinslar so‘zida subut bo‘lmagay,
Havoyi gaplardan ma’no qidirmang.

Oltin, garchi nihon zaminda va le,
Hamma go‘shadan ham tillo qidirmang.

Vafo qilibdimi boyligu bisot,
Kechib oriyatdan dunyo qidirmang.

Badxo‘lardan aslo kelmas yaxshilik,
Zimiston qa’ridan ziyo qidirmang.

Yomonga oshnolar — baloga oshno,
Hay-hay, boshingizga balo qidirmang.

KO‘P KARILLAMANG
(Og‘zi polvonlarga)

Shovqiningiz baland. Erta yo indin
Jim bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Hayot toshqin daryo. Ostida bir kun
Qum bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Bo‘stonlarni toptab yurdingiz, endi
Chim bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Ovozangiz tutsa hamki olamni,
Gum bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Ajdaho edingiz, zo‘rroq ajdarga
Yem bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Tavqi la’natlarni ilib bo‘yinga
Dim bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang.

Siz kabi zo‘rlarni ko‘p ko‘rgan dunyo,
“Bum” bo‘lib ketasiz, ko‘p karillamang!

DURDONALARDAN...

Oltindan afzalsiz, zarlardan a’lo,
Siz durlar ichinda durdonalardan.

Sanamlar saralab chiqilsa magar,
Siz yetti iqlimda yagonalardan.

Biz esa, qaddingizning adosi bo‘lib
Oh urgan vola-yu hayronalardan.

Suqlanib boqsak-da zinhor iltifot
Ko‘rmadik siz ko‘zi jayronalardan.

Siz — Layli, men telba Qaysingiz bo‘lib
Chiqib keldim ko‘hna afsonalardan...

Vaslingiz muddatin kutmakdan bu kun
Bo‘ldi ol yuzlarim zardonalardan.

Quvib solsangiz ham kirib borgim bor
Siz kamol topgan ul ostonalardan.

Ohlari yetmasa sizga Oxunjon
Bosh olib ketadir Farg‘onalardan!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.