OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qudrat Hikmat (1925-1968)

 Qudrat Hikmat 1925 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Pedagogika institutini tugatgan (1957). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening Vatanim» (1950). «Baxtli bolalar» (1951), «Obodlik» (1953), «Do‘stlik» (1954), «Uch o‘rtoqning sovg‘asi» (1957), «Nevara mehri», «Chirchiq farzandi» (1961), «Alisher va kitob» (1962), «Ilonshoh va uning amaldorlari xaqida ertak» (1963), «Soatjonning soati» (1964), «Toshbaqalar hujumi» (1965), «Shamol botir» (1966), «O’g‘lim bilan suhbat» (1970), «Olmos mening yuragim» (1983), «Mening yuragim» (1986) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Surkov, M. Bajan A. Barto va boshqa shoirlarning bolalarga atalgan she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1968 yil 10 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.


ERTALAB

Osmon tiniq, zangori, 
Beg‘ubor aft-angori. 
Yarqirab nur anhori, 
Oftob chiqdi olamga.
-    Assalom! - der Yer pastda,
-    Assalom! - der el asta. 
-    Qancha orzu-havasda 
-    Oftob chiqdi olamga. 
-    Dovon oshib shod-xandon,
Xursand bo‘lib u chandon, 
Yashasin deb har bir jon, 
Oftob chiqdi olamga.

BAHOR

Uchib yurar mayin shamollar, 
Yelpib-elpib anhor yuzini. 
Qirg‘oqlarda soyabon tollar 
Oyna-suvda ko‘rar o‘zini. 
Tong yellari o‘ynoqlab sekin, 
Jiydazorga kirib yo‘qolar. 
Maysa o‘tlar tebranib sekin, 
Orqasidan kuzatib qolar. 
Chumchuqlarning og‘zida cho‘p-xas, 
In qo‘yishar tutlar ustiga. 
Ko‘kni quchgan teraklar tinmas, 
Oro berar kulrang po‘stiga. 
Bedapoya, yam-yashil o‘tloq, 
Chinorlarda qushlar chug‘urlar, 
Ko‘klam ko‘rkin ko‘rdingmi, o‘rtoq, 
Chamanzordek hammayoq gullar.

TOG’ MANZARASI

Go‘yo ko‘kka ustun tog‘, 
Kiygan suvsar, oq qalpoq. 
Cho‘qqilari o‘rkachdek, 
Tosh gavdasi keng, yalpoq. 
Ko‘ksin bezar alvon gul, 
Kifti archa - to‘nlari. 
Sho‘x qo‘shiqlar aytadi 
Shalola - fontanlari. 
Har xarsangi ming botmon, 
O’rtasida nil hovuz. 
Butalarning tagiga 
In qo‘yishgan g‘oz, tovus. 
O’tzorlarda chiyovlar
Qirg‘ovulu tustovuq.
Ba’zan quyosh yilt etar, 
Ba’zan tushar tez sovuq. 
Chodir - uyni ivitib, 
Savalaydi sel, jala, 
Hurkib kiyik, jayronlar 
Qochishar gala-gala.

ALISHER VA KITOB

Kitobga o‘ch o‘g‘ilcham, 
Oltin topgan singari, 
Chiqsa yangi bir asar 
O’qir mendan ilgari.

Mayli, bo‘lsin hikoya 
Yoki to‘rt yo‘l quvnoq she’r. 
Ayvonchada muk tushib, 
Sharillatar Alisher.

Qosh qorayib ketkuncha 
Qo‘ldan tushmas kitobi. 
Unga yoqqan she’rlarning 
Hozircha yo‘q hisobi.

Olimdek serharakat, 
Ishlar puxta berilib. 
Uncha-buncha yoshlardek 
Oshib ketmas kerilib.

Turna qator savolga 
Soldat kabi doim shay. 
Hozirjavob bo‘lmasdi, 
Shuncha kitob o‘qimay.

MIX

Qalpoq kiygan askarga 
O’xshaydi mix polvon ham. 
Birikadi u bilan 
Eshigu rom, narvon ham.
U bor uylar saranjom. 
Havas qilar har asbob. 
Ko‘rinishdan kamsuqum, 
Ro‘zg‘or uchun qulay, bop. 
Maxsus katak qutida 
Saqlashadi tejalab. 
Qurilishda ustalar 
Ishlatishar rejalab. 
Goh yanglishib ko‘p joyga 
Qoqib ayb qilishsa, 
Qalpogini qiyshaytib, 
Uni mayib qilishsa, 
Norozilik bildirib, 
Mix qoladi qayrilib. 
Deraza ham o‘rnashmas
 Kesakidan ayrilib. 
Ko‘rsa o‘yinqaroqlar 
Tepib, sochib ketadi. 
Ko‘zim tushsa nogahon 
Jonim achib ketadi. 
Turli-tuman buyumning 
Pay tomiri o‘shadir. 
Bo‘lak-bo‘lak yog‘ochni 
Bir-biriga qo‘shadir. 
Bir istagim bor, uka, 
Mixday to‘g‘ri, o‘tkir bo‘l. 
Hurmat qilib do‘stlaring 
Shunda senga berar qo‘l.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.