Shuhrat (Alimov G’ulom Aminjonovich) 1918 yil 19 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1986). O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978). Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti (1936—40)da o‘qigan. Dastlabki asari — «Mexrol» (ertak-doston, 1940). Ko‘plab she’riy («Bizning ko‘cha», 1947; «Hayot nafasi», 1948; «Balladalar», 1958; «Sening sevging», 1961; «Ishqingda yonib», 1964; «Buyuk muhabbat», 1966; «Lirika», 1973; «Shaydo ko‘ngil», 1976; «Hali tun uzoq», 1984 va boshqa) va nasriy («Oila», 1946; «Bir kecha fojiasi», 1976 va boshqa) to‘plamlarini e’lon qilgan. «Mardlik afsonasi» (1959), «Guldursin» (1960), «Quvg‘indi» (1963) singari dostonlar yozgan. «Shinelli yillar» (1958), «Oltin zanglamas» (1965), «Jannat qidirganlar» (1968) romanlari ham bor. «Besh kunlik kuyov» (1970), «Qo‘sha qaringlar» (1971), «Ona qizim» (1973) kabi dramalar muallifi. A. S. Pushkin, V. Shekspir, T. Shevchenko, Lope de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1995 yil 20 iyunda Toshkentda vafot etgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003).
ORZULAR, FIKRLAR
Orzuning bo‘lmaydi so‘nggi nuqtasi,
Fikrning muntazam aniq qirg‘og‘i.
Tafakkur - orzuning chin omuxtasi,
Istiqbol mulkining nurli chirog‘i.
Orzusiz yozmaydi fikrlar qanot,
Fikrsiz orzuning qo‘l-oyog‘i shol.
Ikkisi misoli egarlangan ot,
Uddalab minolsang, ufqlarga sol!
Hey, shirin orzular, teran fikrlar,
Qanchalar go‘zalsiz, qanchalar ulkan!
Hamisha ufqlar sizni chaqirar,
Misoli dengizda ochilgan yelkan.
Esimni tanibman, men sizga shaydo,
Siz mening ulfatim, mulkim, xazinam,
Siz uchun umrlar bo‘ladi fido,
Yoshlikday sevaman sizni hozir ham!!!
* * *
Ilhomning yo‘llari uzundan-uzun...
Goh qoya ortidan keladi tolib.
Goh dengiz qa’riga tik urib o‘zin,
To‘fon-la chiqadi hayqiriq solib.
Ba’zida ko‘klarda chaqmokdek yelib,
Ufqdan ufqqa urar nurli bosh.
Ba’zida mushukdek sudralib kelib,
Tizzangga qo‘yadi boshini yuvosh.
Bu bori ilhomdir. Tizginsiz ilhom,
Gohida nomi bor, gohida benom.
Ba’zisi qog‘ozga tushadi asta,
Ba’zisi yuradi hamon havasda!
O, o‘jar, befursat, beqolip ilhom.
Bari bir sen o‘zing sharob to‘la jom!
MEROS
O’g‘illarim Fikrat, Xondamir, Bobur va qizim Zeboga
Men seni o‘stirdim silab-siypalab,
Yedirdim, ichirdim, toza kiydirdim.
Terlasang, manglaydan tering sidirdim,
Qoqilsang, turgizdim ko‘nglingga qarab.
Taqdirdan shikoyat qilmadim senga,
Senga ham shu yo‘lni maslahat berdim.
Adashsang, haq yo‘lin ko‘rsatib turdim,
Poklikdan nur quydim murg‘ak ko‘ksingga.
Shukurki, kamligim yo‘kdir boshqadan,
Birovga tikmadim hasad ko‘zini.
Ikkita qilmadim ustoz so‘zini,
Do‘stlarim safidan uzmadim qadam.
Sochlarim oqardi, yo‘lim qisqardi,
Ba’zi bir tishlarim o‘zimnikimas.
Do‘stlar ham kamaydi, endi but emas,
Kiprikda, qoshimda yo‘llarning gardi.
Goh dilim o‘ynaydi, goh bosim baland,
Goh boshim aylanib, to‘xtab qolaman.
Entikib-entikib nafas olaman,
Dahshatli o‘ylarga fikrim bo‘lib band.
Shunda ham o‘limdan qo‘rqmayman, o‘g‘lim,
O’limdan qo‘rqmoqlik - nomardning ishi.
Rost aytsam, niyatim chala qolishi
Bag‘rimni qiladi tilim va tilim!
Quloq sol, ey o‘g‘lim, vaqtiki yetib,
Men yorug‘ dunyodan ko‘zimni yumsam,
Demakki, ijoddan to‘xtasam, tinsam,
Uyma-uy izg‘ima zo‘r meros kutib.
Na bordir mol-mulkim, na mo‘may pulim,
Do‘stlarim yasaydi umrimga yakun.
Sen uchun merosim - pok umrim, lekin
Undan ham azizi - o‘z ona tilim!!!
UMID
Men bilaman: u endi kelmas,
Men bilaman: u bo‘lgan qurbon!
Men bilaman: kutmoq endi bas,
Men bilaman: qiynaladi jon.
Lekin kutmay ilojim ham yo‘q,
Umid bilan umr yugurik.
Qalbim deydi: unga tengmas o‘q,
Qalbim deydi: u odam tirik.
Ishonaman bari bir hamon,
Kirib kelar salomat, omon.
Umid bilan tirikman o‘zim,
Yo‘llarida hamisha ko‘zim.
YAXSHILIK
O’z umringda bitta yulduz yoq,
Bir yulduzki, nurli va porloq.
Hech bo‘lmasa bitta chiroq yoq,
Qorong‘ilik siljisin yiroq!
O’z umringda bitta ariq och,
Shoyad topsa bir nihol rivoj!
Hech bo‘lmasa, ey baxti suluv,
Gullarga quy biron kosa suv!
O’z umringda bitta ko‘chat ek,
Yashnab tursin kulgan baxtingdek.
O’z umringda och bitta qalam,
«Tinchlik» so‘zin yozsin bu olam!..
...Gar yaxshilik kelmas qo‘lingdan,
Yaxshi niyat qilgil dilingdan!
TOMCHIGA QULOQ SOL
Tomchiga quloq sol, nima deydi u,
U axir yangi bir havasu tuyg‘u,
U tarnov uchidan tomadi bir-bir,
Bahorning nafasi qilibdi ta’sir.
Bahorni yetaklab kelmoqda o‘zi,
Nur bilan to‘ladir ming bitta ko‘zi.
Sen uning kuyiga quloq tut, quloq,
Qish ketib boradi, oyogi cho‘loq!
SHOGIRDGA
Men orzu qilganu yetolmay qolgan
Orzuning bog‘ida men seni ko‘rsam.
Yuz bora intilib o‘tolmay qolgan
Eng baland cho‘qqida men seni ko‘rsam.
Men toshib aytolmay qolgan
So‘zlarim tilingda tursa jaranglab...
IKKILIKLAR
Tun
Yulduz porlab yonsa deb zora,
Yuzlariga tortadi qora!
Oy
Oy - Quyoshning o‘gay farzandi,
Shu sababdan sovuq va bandi.
Umr yo‘li
Egri-bugri tortilgan chiziq,
Kim to‘g‘rilab oladi?! Qiziq!
Vahima
Arslon mag‘rur o‘kirgan chog‘i
Chalishadi otning oyog‘i.
Mehr
Muhabbatga doim zor ko‘ngil,
Kelishidan ketishi yengil.
Hasadgo‘y
Soyda o‘sgan achchiq bir alaf,
Mehribonlik qiladi talab.
MARDLIK AFSONASI
Uzoq-uzoq o‘tmishlar tarixin titsam,
Massagetlar shonidan bir qissa bitsam,
Afsona deb, kitobxon qo‘limni tutma!
Shonli uzoq o‘tmishdan ko‘zing berkitma!
Axir qancha chuqurdan qaynasa buloq,
Suvi shuncha pok bo‘lur, shuncha totliroq!
Ko‘hna tarix bu kunga gar bo‘lsa ibrat,
Uni eslab turmoqlik kerakdir, albat.
Afsonaga o‘xshaydi qissaning o‘zi,
Ammo unda mavjuddir haqiqat izi.
Haqiqatdan tug‘ilar ba’zan afsona!
Ulush qo‘shsa ne ajab ertakchi ona.
Baxshi unga bog‘lasa qanot va quyruq,
Qalbi bergach ko‘ksidan shunday bir buyruq.
Tariximiz ko‘p ulkan, keksa beqiyos,
Har yili yuz dostonga bo‘lur bir asos!
Amudan suv ichganmiz cho‘lda mol boqib,
Bobotog‘da yurganmiz lolalar taqib.
Ba’zan dushman kelardi tomog‘in qoqib,
Jang qilganmiz qirlarda, tunda o‘t yoqib.
Bir kun yurtga ot soldi bosqinchi Eron,
Kayxusravning niyati: Yer-suv, mulk, qiron.
— Bosh eg! — dedi ellarga.
— Men yashay mag‘rur,
Men o‘tganda qo‘lingni qovushtirib tur!
Menga bo‘shat uyingning yumshoq to‘rini!
Menga bo‘shat yoz chog‘i salqin so‘rini!
Kabob yasa qo‘zining barra go‘shtidan!
Xazinamga soliq yig‘ bog‘, qir, dashtidan!
Haramimga to‘plansin tam-tam go‘zallar!
Shavkatimga to‘qilsin doston, g‘azallar!
... Nayrang bilan Amudan o‘tdi ot solib,
Bayrog‘ida shum ajal, erksizlik olib.
Tinch bir o‘lka oromin yo‘qotdi shunda,
Hatto go‘dak ko‘ksiga o‘q otdi shunda!..
Elu yurtni qopladi motam libosi,
Qon yig‘ladi hattoki ko‘lida g‘ozi.
Qon yig‘ladi el, elat, urug‘ va aymoq,
Qon yig‘ladi dala-tuz, sahro, qir va bog‘.
Qon yig‘ladi beshikda tilsiz norasta,
Qon yig‘ladi chol-kampir, dillari xasta.
Qon yig‘ladi bog‘da gul, qirda chechaklar.
Qon yig‘ladi nomus deb, qiz, kelinchaklar.
Qon yig‘ladi qo‘zi-qo‘y taqir o‘tloqda.
Qon yig‘ladi: — Suv! Suv! — deb dehqon qirg‘oqda.
Shunda chiqdi otilib ona To‘maris,
— O‘lim yovga! — dedi u, bukmaymiz hech tiz!
Bizni sahro burguti, lochini derlar,
Bizga aziz, muqaddas bu ona yerlar.
Dushman oti nag‘alin
Izi tushmasin.
Bog‘imizdan biror qush bevaqt uchmasin.
Uyat bizga dushmanga bosh egib yashash!
Boqing, dushman mol-mulkni qilur xomtalash!
O‘choqdagi olovim,
So‘nmasin desang,
Ariqlarda suvlarim tinmasin desang,
Gullarimning shoxlari sinmasin desang,
Bola-chaqam qon yig‘lab qolmasin desang,
Qo‘llarimga yov zanjir solmasin desang,
Ona yurtim daxlsiz, muqaddas desang;
To‘ldi sabr kosasi, yetar, bas desang;
Desang ona elimning aziz tuprog‘i,
Desang bevaqt so‘lmasin, hatto yaprog‘i,
Sariq xazon bo‘lmasin yorim jamoli,
Qon hidiga to‘lmasin bahor shamoli;
Bulut ichra tolmasin yorqin quyoshim;
O‘t ichida yonmasin qir, dala-toshim;
Bo‘g‘zimda qolmasin erk to‘la kuyim;
Aylamasin azaga bazmim va to‘yim.
Oyoq osti bo‘lmasin ajdodim go‘ri;
Podam ichra oralab yurmasin bo‘ri;
O‘tirmasin yov chiqib uyim to‘riga,
Suv sepmasin tandirda qolgan qo‘riga,
Bukilmasin ellikka yetmasdan belim;
Kesilmasin og‘zimda bu biyron tilim;
O‘yilmasin ko‘zlarim ko‘rsin jahonni,
Qulluq uchun tutmayman, tanda bu jonni
Desang, xalqim, bosh ko‘tar, tur, oyoqqa tur!
Dushman kelur bostirib qarshisiga yur!
Omoching qo‘y, qo‘lingga qilich, yarog‘ ol!
Agar qilich topmasang, bolta, o‘rog‘ ol!
Neki bo‘lsa ol qo‘lga, lekin qurol ol!
Xoh kattasan, xoh kichik: xoh er, xoh ayol!
Oyog‘ingga etik kiy, belingni bog‘la!
Ona tuproq tuzini, vaqt keldi oqla!
Xoh otlisan, xoh yayov, anjoming tuzat!
Maydonga chiq, maydonga, mardliging ko‘rsat!
«Xo‘p bo‘ladi!»dedi el, turdi oyoqqa,
Hatto chollar tayanib hassa-tayoqqa!
Bitta mushtga aylandi yurt, ovul, qishloq,
To‘lib ketdi lashkarga qiru, soy, toshloq!
Kiyim boshi qurama, maqsad bittadir,
Bir og‘izdan barchasi xitob etadir:
— Sensan yurtning onasi, onaliging qil,
Sening so‘zing biz uchun amru farmon, bil!
O‘zing boshla maydonga, boshla To‘maris!
Qolsin bizdan tarixda shonli porloq iz!
Qo‘li bog‘liq yashashdan o‘lim a’lodir.
Bosqinchi yov o‘limga mahkum balodir.
O‘zing boshla mardona, boshla To‘maris!
Yo o‘lim, yo yurtni shonga ko‘mamiz!
— Xo‘p! Men rozi! — dedi u, — tinglang alqissa,
Mening uchun qonundir, elim ne desa!
Boshlab ketdi lashkarni, ostida tulpor.
Xalq ishonchi qalbiga yana kuch to‘plar!
Qilich, qalqon yarashar mag‘rur bastiga,
Uzun sochi olingan qalpoq ostiga.
Balandposhna etigi xipcha oyoqda,
Olov ko‘zi der edi: dushman qayoqda!
Ishonch bilan lashkarni boshlab ketdi u,
Necha qiru soylardan oshib o‘tdi u.
Jangga kirdi mardona iftixor bilan,
Ishonch bilan, o‘ch bilan, matonat bilan.
G‘azab bilan, zarb bilan, zo‘r nafrat bilan.
Ming-minglab bosh sapchadek uzilib qoldi,
Ming-minglab tana majolsiz cho‘zilib qoldi.
Qonlar qonga qorishdi, o‘lik o‘likka.
Otlar jangga kirardi pishqirib tikka.
Duch kelganni kesadi o‘rog‘u bolta,
Uzun qilar so‘yillar, qo‘l bo‘lsa kalta!
Mundoq boqsa Kayxusrav, qo‘shin holi tang.
Xos askarni tushirib o‘zi qildi jang.
Amin edi mahorat, kuch, bardoshiga.
Mard To‘maris ot qo‘yib chiqdi qoshiga.
Qilichbozlik boshlandi — yakkama-yakka.
Tashlanardi otlari arslondek tikka.
Qalqon to‘sib qolardi qilich zarbini,
Ikki tomon garovga qo‘ygan qalbini.
Qalbinmas, hayoti, erk, iqbolini.
Yurt nomusi, sharafi, istiqbolini!
Ming chirandi Kayxusrav, bo‘lmadi biroq,
Qochib qoldi qo‘shinin tashlab tumtaroq!
Quvib ketdi mardona Yovqur To‘maris.
Qorasini yo‘qotmay borar izma-iz.
Shiddatida bor edi yigit viqori,
Yetib borib qilichin tutib yuqori,
Yelkasiga tushirdi boshi aralash.
Deya: o‘zi bo‘lurmi tinch elni talash!
Otdan uchib Kayxusrav mukkalab ketdi,
Qora qonga belanib yoqasin tutdi.
Titrar edi maqtanchoq, chiranchoq qalbi,
Bir-biriga tegmasdi po‘rsildoq labi.
Uchib ketgan qo‘lidan tilla sop qilich,
Zarbof to‘nni deyadi: — endi jondan kech!
Shafqat ila boqardi To‘marisga u.
Tilni o‘nglab ololmas hatto so‘zga u.
Kalta qildi so‘zini To‘maris esa:
«Hukm shudir — qahramon xalqim ne desa!»
Bir og‘izdan xalq dedi: — dushmanga o‘lim!
Xalq qalbida nafrati, qahri limmo-lim!
Shart uzildi murdorning boshi tanidan.
(Esdalikka olindi qilich yonidan.)
Bosh dumalab yotardi el oyog‘ida,
Oltin sirg‘a yiltillab so‘l qulog‘ida!
Mard To‘maris so‘z olib, dedi: — Xaloyiq!
Yovga bergan zarbingiz maqtovga loyiq!
Do‘stga bo‘lgan mehrcha yovga qahringiz!
Endi butun ozoddir qishloq, shahringiz!
(So‘ngra boqdi dumalab yotgan u boshga)
— Tiriklikda to‘ymovding sira qon-yoshga,
Mana endi to‘yib ol, boshing ko‘mib ich,
Bu gal senga kerakmas qalqonu qilich! —
Deya uzuq boshni u chuqurga otdi.
Chuqurdagi qonga bosh ko‘milib botdi!
Xalq olqishlab qizini dedi: — Tashakkur!
Aqling — daryo, mehring — ko‘l, har bir so‘zing—dur!
***
El tinchidi, o‘lkada, ur-sur yo‘qoldi,
Yovdan faqat tuproqda qonli iz qoldi.
Tunda yomg‘ir, sel kelib, yuvdi uni ham,
Go‘yo qayta boshidan poklandi olam!
Tutdi omoch qulog‘in erksevar dehqon.
Mard To‘maris dovrug‘in el qildi doston.