OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sodiqjon Inoyatov (1960)

1960 yilda Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan. 1983 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Omon bo‘lsa do‘stlarim”, “Yorug‘ kunlar” va “Onamni sog‘inib” nomli kitoblar muallifi.


KEKSA OTNING HIKOYASI

Yosh edim bir mahallar
O‘tlar chaqnab tuyoqdan.
G‘olib bo‘lib kelganman
Necha poyga, uloqdan.

Nurafshon kunlar edi
Silashganda boshimni.
Mehrdan entikib goh
To‘kkanman ko‘z yoshimni.

Umr – nurday yugurik
Qoldim afsus, keksayib.
Yashayapman og‘ilning
Chekkasida mung‘ayib.

Mahzun o‘tadi kunlar
Endi poygaga yo‘l yo‘q.
Yemish mo‘l-u, boshimni
Silagani bir qo‘l yo‘q.


QUYONNING HIKOYASI

– Sen yasha,
Men o‘layin,
Degan mardni ko‘rmadim.
Shu bois nodonlarning
Yo‘llaridan yurmadim.
Bilaman, bizni mazax
Qilisharlar “qo‘rqoq” deb,
Umr bo‘yi Bo‘ridan
Qochib yurgan qochoq deb.
Hayot shirin,
Umr oz.
Kim yashashni istamas,
Nochorlarni mazammat
Qilishni to‘xtating, bas.
Yerga urdingiz buncha,
G‘ariblarning otini.
Zo‘r bo‘lsangiz Bo‘rining
Berib qo‘ying dodini.
Tunlari uyqum qochib
Shuni o‘ylayman faqat.
...Shukr, bolalarimning
Oyoqlari baquvvat.


 QASHQIRNING HIKOYASI

Bizda qabr bo‘lmas, yo‘q
Mozor degan tushuncha.
Yashaymiz to ovchining
O‘qiga duch kelguncha.
Qonimizga qonxo‘rlik
Ruhi singan, bilamiz.
Qashqir – so‘nggi damgacha
Qashqir bo‘lib qolamiz.
Tug‘ilishdan o‘qqacha
Bo‘lgan masofa – umr.
Nafs yo‘lida kechar
Chopa-chop, yugur-yugur.
Kunlar o‘tar, qorin to‘q.
Tap tortmaymiz hech kimdan.
Lekin ko‘ngilda g‘ashlik,
Alam o‘rtaydi zimdan.
Bildim, bu taxlit yashash
Yuz yil etsa ham davom.
Yomonlardan hech qachon
Qolmas ekan yaxshi nom.


OSHIQ BOLA
 
Xayollarim betizgin
Uchaverar sen tomon.
Bir kun ko‘rmagan kunim
Yomon kunimdir, yomon.
Boqayin deb yiroqdan
Ma’yusgina yuzingga,
Kelayotsam yo‘lakdan
Tushganimcha izingga.
Birdan uchta sinfdoshing
To‘sganicha oldimni
Do‘q qilishdi:
Qalaysan?
Qo‘lga tushib qoldingmi?
“Qars”, mushtlashuv boshlandi,
Xomlik qildim-da, andak.
Bas kelolmasdan yolg‘iz
Yedim ozgina kaltak...
Mayli,
Qoshim yorilib,
Ko‘kartirdim ko‘zimni.
Xayriyat, ko‘rdim o‘ychan,
Ma’yusgina yuzingni.


 MEHR
 
Ta’rif etib bo‘lmaydi
Oddiygina so‘z bilan.
Ulashadi yaxshilar
Shirin kalom,
Ko‘z bilan.
Otamning yuzlarida,
Onamning ko‘zlarida,
– Aka, – deb erkalangan
Singlimning so‘zlarida.
Dunyolarga sig‘magan
Dunyolarcha mehr bor.
...Shuncha serob narsaga
Nega ko‘ngil buncha zor?


KITOB DO‘KONIDA

U kitobni varaqlab,
Bu kitobni varaqlab,
Tanlayverdi tinimsiz
Ko‘zida nur charaqlab.

Saralab saylagani
Salkam bir qop, emas kam.
Bolakay mamnun, yana
Jilmayar do‘kondor ham.

Qiyin bo‘ldi ozgina
Gal yetganda to‘lovga.
...Yangigina telpagin
Qo‘yib ketdi garovga.


“OQ KEMA”NI O‘QIB

Oq kema – oq orzuga
Suzib ketdi bolakay.
Qo‘lin silkib dunyodan
O‘tib ketdi bolakay.
Manziliga yetolmas
Ko‘nglim yig‘lar, netay men.
O‘zing bilan olib ket,
Sen-la birga ketay men.
Kirib borib xayolan
G‘amgin qissa qa’riga.
Armonlarim qo‘shilar
Mo‘min cholning zoriga.
Mo‘min bobo, nega sen,
Mo‘min bo‘lding bunchalar?
Qanday chidar yuraging
Qabohatga shunchalar?
Qara, boshing ustida
Bedodlikning yalovi
Kuydiradi yelkangni
Mutelikning olovi.
Qo‘zingni och,
Qo‘lda tut,
Adolatning qilichin.
G‘addor O‘rozquldan ol
Mazlumlarning haq-o‘chin.
Shunda...
Oq kema nurday
Yelib qirg‘oqqa tomon,
Ona Bug‘u beshikni
Keltiradi begumon.


 SEHRLI KALOM
 
Bir yuz beshga kirdi yolg‘iz
Oysha momo kuzakda.
Xastalanib ancha fursat
Yotib qoldi to‘shakda.
Xabarini olib turdi
Qo‘ni-qo‘shni beto‘xtov.
Shundanmikan momomizning
Ko‘ngli to‘lib ketdi-yov.
– Sizdan o‘zga hech kimim yo‘q,
Mendan rozi bo‘linglar.
Ketar bo‘lsam nomim tutib,
Duo qilib turinglar.
Nosir tog‘a ko‘p hazilkash,
Gapga yomon chechan-da.
– Momo, – dedi, – qo‘shnichilik,
Shunday bo‘lar ekan-da...
Nega endi ketarkansiz
G‘alati-ya so‘zingiz.
Shunday yaxshi qo‘shnilarni
Qiyadimi ko‘zingiz?
Shu bir kalom sehrimikin
Momo dili chog‘ bo‘lib,
Sog‘ayib ham ketdi, yashar
Mamnun, ko‘ngli tog‘ bo‘lib.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.