OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Toshpo‘lat O‘rxun (1964)

http://ziyouz.com/images/stories/urxun.jpgToshpo‘lat O‘rxun  1964 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan. SamDUning filologiya fakultetini bitirgan. “Mujda”, “Kechikkan javzo” kabi sh’riy to‘lamlarning, “Qalamni qadrlab”, “Bir kuni muxbirlar” kabi nasriy-publitsistik kitoblar muallifi.


O‘ZBEKISTONNING

Borar yo‘li tomirlarimdek,
Daryolari ko‘zim singari.
Qaddim yanglig‘ daraxtlari tik,
Osmonlari biram zangori.
So‘qmoqlari rishtasi jonning –
O‘zbekistonning!

Qoshimdek tim tiyra tunida qamar,
Bunchalar so‘limdir yulduz nigohi.
Keksasin labidan ertaklar tomar,
Iymonu umiddan yorug‘ dargohi.
Shafag‘ida siyrati tongning –
O‘zbekistonning!

Dalalari fe’lim yanglig‘ keng,
Jo‘yaklari qizim sochidek.
Istagani erk bo‘lgan elning
Ekkaniga endi yolchidik.
Gali keldi shavkatu shonning –
O‘zbekistonning!


MUHABBAT BEKATIDA

Muhabbat bekati – shahar bog‘lari,
Bu visol tonglari mushtarak, durkun.
Beibo oymomo ketmasdan nari –
Kuzatar bizlarni – kattakon durbin.

O‘zingni ko‘zimda ko‘rib qoldingmi,
Hayrona qarading hilolga bir qur.
Suyuklim, tabiat tilsimidir bu –
Qamar bizlar uchun to‘kayotir nur.

Betizgin shabboda o‘g‘irlab tuyg‘u,
To‘ldirar bog‘larga soching hidini.
Oshiqlar vaslidan olam charog‘on,
Muhabbat, ko‘zlarim ketyapti tinib.

Orazing taftidan yonib yaproqlar –
Shitirlab kuylashga tushar – halinchak.
Bastingga hayajon yo hadik inar,
Sen buncha ohuvash, buncha kuyunchak?

Muhabbat bekati – shahar bog‘lari,
Barglarda bo‘saning, yurakning izi.
O‘zingni ketishga nega chog‘lading,
Sokinlik. Jim bo‘lib gaplashmoq kezi.


QOPCHIQ

Sharti qattiq edi akamning,
Qololmasdim qishloqda ortiq.
Qalam bilan ahil, baqamti,     
O‘qib, o‘sib shaharda qoldik.

O‘n, o‘n besh yil o‘tdi bir pasda
Peshonamda bor ekan oftob.     
O‘g‘il-qizlar o‘sdi barvasta     
Bor dunyoim – she’r, to‘rtta kitob!

Yashayapman, harna xalqona,  
O‘zim sevgan ishimga asir.  
Ikki balkon va to‘rtta xona,
To‘qqiz qavat men turgan qasr!

Sharti qattiq  edi akamning:
“Ilm izla, katta yo‘lga chiq!”  
Bosib oldim endi o‘pkamni  
Bugun she’rga liq to‘la qopchiq!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.