OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam (1968)

 Ulug‘bek Hamdam 1968 yil, 24 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugattan (1993). «Tangriga eltguvchi isyon» (2002), «Atirgul» (2006), «Seni kutdim» (2007) she’riy hamda «Yolg‘izlik» (2000), «Muvozanat» (2003), «Isyon va itoat» (2004) kabi nasriy asarlari nashr etilgan. Ilmiy asarlar to‘plami ham bor («Badiiy tafakkur tadriji», 2003; «Yangilanish ehtiyoji», 2007). Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadir» (2001) nomli asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


GUL EKARDIM...

Suv ostida dimiqib tolgan 
Odam kabi bo‘g‘ildim yomon... 
Bir siltanib chiqsaydim suvdan, 
Bu o‘limdan qolsaydim omon, 
Qo‘shiq aytib berardim Sizga!..

Qo‘shiq aytib o‘tardim Sizga, 
Topganimni bag‘riga joylab. 
Borlig‘imni ishonib so‘zga, 
Gul ekardim Vatanim bo‘ylab, 
Bo‘ston bo‘lib ketardi so‘ngra...

MEN TIKKAN BAYROQ

Yana she’r keladi yurakka oqib, 
Yana keragingni anglayman, dilbar! 
Yana men oltinsoch daraxtga boqib, 
Mangu qo‘shiq haqda suraman o‘ylar...

Yana sen o‘zingdan bermaysan darak, 
Yana men urushman tip-tinch dunyoda! 
Bo‘gziga tig‘ kelgan jondek jonsarak 
Teshilar yo‘lingda ko‘zim behuda...

Yana sen bordaysan, lekin topmayman, 
Yana men izlayman, yo‘kdaysan biroq! 
Mangu ikkilikning o‘rtasi - VATAN, 
Mangu IZTIROBdir men tikkan BAYROQ!

XUDOYIMNING QO’SHIG’I

Ko‘zlaringni ko‘zimga tikib, 
Yuragimdan hikmatlar so‘rgil. 
Jon ildizing jonimga ekib, 
Nafasimdan titrablar turgil.

Arosatda to‘lg‘anmagil, bas, 
Olovlarning baridan voz kech: 
Yuragingning siridan emas, 
Dunyolarning kiridan voz kech!

Umr axir kelmaydi qaytib, 
Armonlarni parchalab ketgil. 
Xudoyimning qo‘shig‘in aytib, 
Xudoyimning qoshiga yetgil...

KAPALAK

Gul labida o‘ltirar nuqul, 
Yo‘q, adashdim, raqs tushadi ul. 
Umri ozdir guldan-da, biroq 
Parvo qilmas ham kuladi ul...

MANGU ISHQ ORZUSI

Seni kutib umrim o‘tsaydi... 
Visolingta yetmasam, mayli. 
O’lim quchgan asnoda ham sen 
Yuragimda bo‘lsayding, Layli...

Seni kutib umrim o‘tsaydi.

Men ishqimni qo‘yardim 
U Kun Xudoyimning tarozusiga 
Va hukmini kutardim tag‘in 
Umid etib ishq orzusiga, 
Ey yuzlari hamisha gulgun!..

Seni sevib umrim o‘tsaydi...

SENGA QAYTGUVCHI...

Har kuni kuyingda ming bora o‘lib, 
Ming bora tirilgan aftoda menman. 
Baxtu baxtsizliging belanchagida 
Adoqsiz tebrangan ovora menman. 
Ich-ichimga botgan badkor tig‘ingdan 
Xayoli g‘alvirdek sadpora menman, 
Bir kuni bari bir yorib qafasing, 
Bot Senga qaytguvchi hur yora menman...

DIL, BOSHLA!..

Ruhim dengiz yanglig‘ mavjlanur, mavjlanur... 
Jismim sohil kabi yo‘l to‘sar, yo‘l to‘sar... 
Lahzalar vabodek chang solur, chang solur... 
Dil, boshla! Kechiksak: sen qusur, men qusur! 
Bag‘rim olam bo‘lib chayqalur, chayqalur!..

Kimsan sen? Ko‘yingda begona - devona, 
Tonglarni kutadir to‘lg‘ona - to‘lg‘ona? 
Quyoshim? Va menmi bechora - parvona?! 
Yasharman demakki, ko‘p yona, xo‘p yona...
Ishqim osmon qadar yuksalur - avjlanur, 
Borliq naq ko‘ksimda mavjlanur, mavjlanur!..

INSON

Ikki g‘ordir - ikki ko‘zim, 
Qalbim unda gazli xazina. 
Vujud - otim, aqlim - jilovim, 
Ming asrdir yo‘ldaman, mana...

Manzil esa... manzil ko‘p yiroq, 
Xayolning ham qo‘llari yetmas. 
Zafar - mening o‘zimman, biroq 
Mag‘lubiyat yonimdan ketmas!..

ILTIJO

Yana Senga tushmoqda ishim, 
Yana Sensiz hech kimman, axir! 
Huzuringta yukunib keldim, 
Hayot bo‘ldi achchiq va taxir...

Yuragamga okdi-ku yana 
Qismatimning zahar-zaqqumi. 
Yana hasrat qildi tantana, 
Yana Sensiz o‘tmadi kunim!..

Qo‘llaringni uzat, nihoyat, 
Yo‘llarimni ochgil, Xudoyim! 
Qani menga atalgan oyat? 
Qani mening najotbaxsh dorim?!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.