OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vafo Fayzulloh (1963)

 Vafo Fayzulloh 1963 yil, 27 iyulda Navoiy viloyati, Karmana tumanining Tog‘guzar qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1986). «Hug» (1993), «Xabarsiz sevinch» (1997), «Mangu lahza» (2000) she’riy kitoblari nashr etilgan. Jahon she’riyati vakillari — Sh. Bodler, P. Verlen, A. Rembo, I. Brodskiy ijodidan o‘zbek tiliga tarjimalar qilgan.



KUZ VA BAHOR ORALIG’IDA

Osmonning rangiga qo‘shilgan ranglar 
Olmalar hidini hidlaydi tutib. 
Qishloq. Boshlanadi pistoqi janglar, 
Yashamaydi ular bahorni kutib.

So‘lg‘in bog‘. Qabarib qolgan qabrlar 
Ko‘ksimni to‘ldirar aytmay alvido. 
Tunlarni quchoklab yig‘lar adirlar, 
Eskirgan fasldan bo‘lmasdan judo.

Tongda uyg‘onadi ko‘kargan tuproq, 
Tugaydi men ekkan so‘nggi sabrlar. 
Qahraton ostida qolmasdan chorbog‘, 
Quyoshga talpina boshlar qabrlar...

Sumbula suviga chaydim ko‘nglimni, 
Garchi yuvib bo‘lmas gunohlarim bor. 
Garchi g‘arib ko‘rdim gulday umrimni, 
Bexayol bo‘g‘zimda tilla bog‘ich dor.

Chaydim, Majnunlar xor, ishqimdan yodgor,
 Tuyg‘um cho‘qqisiga lolalar ildi. 
Xotiram qirida ko‘milgan bahor, 
Ruhimning bir etak bolasi keldi.

Ne bir dahshat sirlar tomiri dilda, 
Aytsam o‘zaniga qaytadi dunyo. 
Aytsam, telba derlar tuqqan elimda 
Bulbuligo‘yolari Haq demas aslo.

Chaqmoqqa mingancha kelar vidosi, 
Qani edi men ham qiyqirib kulsam. 
Meni-da sog‘inadi tongning Egasi, 
Chayilgan ko‘nglim bilan ko‘klarda o‘lsam.

QISHLOQI SHOIR BAXTI

Qishloq armonlari yig‘ilgan do‘nglik, 
Ovozalar sevar ul qizning husnin. 
Mendan bo‘lak yana shaydo to‘kqiz bek, 
Tunlarni tebratib takrorlar ismin.

To‘daboshi borib turgan bezori, 
Qonagan burunlar kuchiga tilxat. 
Qo‘rqitib olmoqchi bo‘lar bahorni, 
Sevgi haqiqatning lunjidagi bayt.

Sho‘xlik ko‘chasida biri kuchukboz, 
Qarog‘ida yashar ovul itlari. 
Qishloq kuylariga ular jo‘rovoz, 
Oqshomlar yo‘rgagin esa yirtadi.

Agar to‘daboshi bo‘lsa zo‘ravon 
O’sib kelayotgan yurak cho‘liga.
Ishoning, kuchuklar edi hukmron 
Ul pari qatnovchi qishloq yo‘liga.

Ana, kengliklarda tushdi esimga 
Kuylari osmonga yoyilgan Cho‘lpon. 
Uning kuylaridan ho‘ngrab yigladim, 
Lekin boylik deya o‘ladi jahon.

Havas oshiqlikni olmoqchi sotib, 
Qishloqning tilida aylanar armon. 
O’q yo‘qmi, qo‘zg‘aling kesaklar otib, 
Boylik sevolmaydi, sevgisi yolg‘on.

Tepalikning dardi oshiq o‘novlon, 
Qayralgan tishlarda ko‘rmoqlik havas. 
Go‘zallik mag‘rurdir misoli osmon, 
Maktublar yirtilgan, hech kimga boqmas.

Bilaman, hammangiz bo‘saga zorsiz. 
Orzular to‘zoni ichra turibman. 
Yillar qahratonda qolgan bahorsiz, 
Men uning qalbini o‘pib yuribman.

Mayli, qoptiringiz tishlong‘ich itga, 
Men ham ul sevgiga axir daxldor. 
Do‘stlarim, bari bir qolgaysiz chetda, 
O’nta dard meniki va bitta bahor.

Hayot she’rlarini yodlab, yukungan, 
Hayajonim qishloq husniga ovchi. 
Mening tomonimdan, mening ishqimdan 
Hofiz bilan Xayyom bo‘ldilar sovchi.
Do‘stlarim, bari bir qolgaysiz chetda, 
Siz sevgan, men kuygan, ul esa bitta. 
She’r yozdim yo‘liga, ismidir vasfi, 
Tayyorman Isodek mixlansam butga.

Uning qanotidir qishloq alvonchi, 
Bulut ovozimda kunlar quvonchi.
Mening tomonimdan, mening ishqimdan 
Hofiz bilan Xayyom bo‘ldilar sovchi.

MEN KIM

Bu yangi rabot bo‘lsa, maymunlar kulsa, 
Ko‘ngil o‘lsa, qirq yil ketmaydi dog‘i. 
Inson yasholmasa, gul kulolmasa, 
Boldan bezgan dunyo izlaydi og‘u... 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Tegramda maloyiklar alvasti ta’lat, 
Yalmog‘izlar tashlab ketgan borini... 
Ismimdan dard yo‘narlar - arvohlarga xat, 
Bulbullar yurar ko‘tarib bedil zorini. 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Ohu hur yo‘qolgan nur, topilgan uzr, 
Hayotga erk tekkani shayton qonidan. 
Iblisning kishanida ilohiy huzur. 
Sevinch tush ko‘radi g‘am yobonida... 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Tutab xurshid botur, oyni uyg‘otur, 
Qavmi noma’lum sham izlaydi o‘lja. 
Ko‘nglimda qilichini qayraydi qotil, 
Ruhimning izg‘ishida ko‘rk tug‘ar g‘uncha. 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Sabil fasli zafar, mutribadir kar, 
Notinchlangan nag‘ma qasdi dilorom. 
So‘nggi imkonimni yegan jigarlar. 
Tongda ag‘yor istar, tunda xunli jom. 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Dovullar almashadi, daydir turli kuy, 
Gunohga yashringanni kim ham topadi? 
Oqillar johillarga beradilar to‘y, 
Lolaruh ma’volarda itlar chopadi... 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Kundada qilich chopmas bedavo sevgim. 
Ishqsiz bolasini moh yo‘rgaklaydi. 
Saroblarda sarmast bevafo sevgim, 
Seni xotir degan it so‘roqlaydi! 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Yolg‘on shamoyilli jallod munojot –
Qaysdan Majnungacha azaliy zulm! 
Tilsiz bahorimni ko‘mib kelgan bod, 
Qabrini tirnalaydi savdoyi dilim. 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

Tirilarmi ko‘nglim, o‘lmasmi o‘lim? 
Kuzning boshi ochiq kunlari menda. 
Sendan umidim yo‘q, sen, sensiz yo‘lim 
Qararsan kimgadir zor, tentirmi senda?!. 
Men nima ham derdim? 
Men kim ham erdim?

 

KUZ MANZARALARI

1. 
Bog‘lar dard ko‘tarib, egildi larzon,
Bulutlar yugurib kichraydi osmon.
Hamon dala-dashtda yumron sang‘iydi,
Tepasida quyosh esa anqiydi.
Kun bo‘yi boyo‘g‘li oyni sog‘inar,
Sovuq o‘lkalarga ketdi qovunlar...
Ko‘chalarga boqib, farroshlar zada,
Uzilgan yaproqlarga ochishmas aza...

2. 
Qir-adirlar jingirtob,
Tashna bo‘ldi O‘zbekyop.
Eski do‘stlar ko‘rishmas,
Xiyonatni ko‘mishmas.
Kimdir botgan hasratga,
Kimlar esa g‘aflatga.
Uchib yurar daftarlar — 
Pati yuluq kaptarlar.
Qahvaxonalarda shom,
Cho‘ntaklarga quyilgan dom.
Olislarga qaraydi,
Kapalak soch taraydi...

3.
Ko‘zimga xazon to‘ldi,
Yuragim uryon bo‘ldi.
Sariq, chirik poyalar,
Qora, qo‘ng‘ir qoyalar.
Ruhiyatim cho‘g‘ladi,
Shodon-shodon yig‘ladi...
Olis-olisga ketsang,
Do‘stingga maktub bitsang,
Bitsang dilda nima bor,
Yo‘lda... gulda qay g‘ubor.
Afsuski bitolmaysan...
Olisga ketolmaysan...
Holbuki, safar hozir,
Qarg‘alar qabr qazir.
Boshqa olam ikki tosh,
Tomsada yetmaydi yosh.
Qo‘rqitadi visoli,
Tinmay esar xayoli...


MUHABBATSIZ...

Nimalarni qildi bu keksa ochun,
Mening g‘o‘r boshimga nimalar keldi.
G‘ussalardan bo‘ldim gohida oqin,
Yo‘lini yo‘qotganlar yugurdi, yeldi.
Ivirsigan g‘arib kulbam jonida
Qo‘ng‘iroqlar chalib o‘tar xayoling,
Toabad sevadirman ishq armonida,
Oyning qilichiday chopdi zavoling.
Devlar xasmimiding, kuzatibman xush,
Dilimni o‘ldiradi pari ruxsorlar.
Yashaganim chinmi, yashaganim tush,
Ko‘ngil nomamizni o‘qir ag‘yorlar...
Tosh shaharni tashlab ketgum bor ming bor,
Nafratingni quyib ichgim keladi.
Gunohlarim kabir, bo‘ldim telbavor,
Shafoati azim Egam biladi.
Jazo haq-ku, mendan o‘tdi xatolik!
Yo‘lga chiqdim har kun qorlar oralab,
Qolmasin Qiyomatda rozi-rizolik,
Mehr istar juda muhabbatsiz qalb!..

* * *

Har kecha izladim Qadr tunini,
Tonggi gunohlarim tushdi yodimga.
Sen faqat tinglaysan mening unimni,
Sen faqat yetasan mening dodimga!
Har kecha istadim Qadr tunini...


QIRQ YOSHIM

Qirq yoshim siyladi...
Ruhim siniq, yuragim yara.
Dardimni eshitar sahro yo‘q,
Iblis bilan ekanman jo‘ra!
Bergan zaharidan ko‘ngli to‘q!
Do‘stim yo‘q, do‘stim yo‘q, do‘stim yo‘q...

Qirq yoshim eladi...
Tushib ketdi elakdan osmon.
Adashdimmi quyuq tumanda,
Qur’on o‘qir farishta xufton,
Harf tanimas men qora qarg‘a -
Ishqim yo‘q, ishqim yo‘q, ishqim yo‘q...

Qirq yoshim yig‘ladi...
Onaginam yo‘l qarar hamon,
Ayriliqdan titilgan qalbi.
Sanamasman o‘zimni inson,
Ko‘rmaydilar chumoli kabi.
Mehrim yo‘q, mehrim yo‘q, mehrim yo‘q...

Qirq yoshim biladi...
Xiyonatning xanjari omon,
Va toabad dilim tiladi,
Muhabbatni qatl etgan yoron.
Qahrim yo‘q, qahrim yo‘q, qahrim yo‘q...

Qirq yoshim chidadi...
Tashlab ketdi orim hayajon,
Armonimning joni qaqshadi.
Pulga sajda qiladi zamon,
Ko‘rqoq, xasis menda yashadi -
Ko‘nglim yo‘q, ko‘nglim yo‘q, ko‘nglim yo‘q...

Qirq yoshim kuladi...
Ilma-teshik xotira mustar.
Jin chalgan xayolim majnun.
Xayr demoq intiqom qo‘zg‘ar,
Salom bermoq etadi mahkum,
Qayg‘um yo‘q, qayg‘um yo‘q, qayg‘um yo‘q...

Qirq yoshim quladi...
Jarlarga bor, noumid shayton,
G‘orlarga kir, topilar ma’ni.
Idrok o‘sal, iroda bejon,
Samolarga cho‘ktir kemani!
O‘lim yo‘q, o‘lim yo‘q, o‘lim yo‘q!


QIZG‘ALDOQ

Dunyo kezdim, sevdim, o‘rtandim,
Armonimning cheki yo‘q hamon.
Bu hayotga nega kelgandim,
Nega ketgum, bilmasman ishon.
Sen ham bo‘lding menga bir jumboq,
Qizg‘aldog‘im, yolg‘iz qizg‘aldoq.

Darbadarga qish juda azob,
Omadsiz tobutdir xazon.
Nechun bergum nokasga hisob,
Nechun olgum paslardan ehson?
Meni qiynar ming bitta so‘roq,
Qizg‘aldog‘im, jonim qizg‘aldoq.

Do‘st qidirdim, shahar g‘or bo‘ldi,
Qishlog‘imda qizardi yuzim.
Menga sodiq faqat mor bo‘ldi,
O‘zimni-ku o‘ldirdim o‘zim.
Borgan sari ketding-ku yiroq,
Qizg‘aldog‘im, bonum qizg‘aldoq.

Aylanadi yer shari tinmay,
Baxtu iqbol ketdi yonimdan.
Men ham ketay zarra o‘kinmay,
Yolg‘izligim o‘tdi jonimdan.
Topgan joying bunchalar ovloq,
Qizg‘aldog‘im, xonim qizg‘aldoq.

O‘tgan o‘tdi demasman aslo,
Ma’sumlarni sevadi qalbim.
Ko‘rking bilan topganman da’vo,
Qismatingdan ortadi dardim.
Ruhi oppoq, qip-qizil yaproq,
Qizg‘aldog‘im, qonim qizg‘aldoq.

Bahor qizi, osmonga boshla!
Kamalakning dorlariga os.
Zangori kuy — ummonga tashla,
Bedilligim uchun ol qasos!
Sen bir go‘zal, men haqir ingroq,
Qizg‘aldog‘im, jonim qizg‘aldoq.

* * *

Hur desam chiqdingiz jin,
Manfaat siz uchun din,
Ko‘nglingizni ko‘rdim men,
Bizga bir sinov bo‘ldi...

Eshiting jimligimni,
Gumrohu shumligimni,
Bildingiz kimligimni,
Sizga bir sinov bo‘ldi...


KETYAPMAN...

Bag‘rim to‘zir, yuragim sezur,
Endi mendan baxtli inson yo‘q.
Ketyapman, yurtimda kezur
Kuz, zamharir, mening ko‘nglim to‘q,
Qaytgan kunim keladi ko‘klam.

Saodatdan yig‘ladim, bas, ong,
Kibrni ot, o‘tlarga tushsin.
Yuragimda otdi qancha tong,
Ketyapman, ishim yurishsin.
Qaytgan kunim keladi ko‘klam.

Do‘st yo‘qotdim dushmandan ortiq,
Dushman topdim do‘stdan karamli.
Istaganing qilaver tortiq,
Ketyapman orqalab g‘amni.
Qaytgan kunim keladi ko‘klam.


TO‘Y

Bir kunlik to‘y, dunyo matohi,
Qaytariq kuy bandaning ohi...
Buncha ravon sozlagan rohing,
Buncha xushbo‘y zikring, Ilohim!


KIM ASLIDA KIM...

Isbotlanib bo‘ldi badgumonligim,
Qo‘rqoq davralarda qahramonligim.
Dilim qonatadi shifo kalomi,
Yolg‘on bo‘lib chiqdi mehribonligim...


BULBUL...

Bulbul, gulga boqib qilasan havo,
Dilga boqib balki chiqarding navo.
G‘ulga boqib, qulga etgansan nido,
Hur qavmidan derdim, nafsing bor ekan,
Pulga boqib, oxir bo‘libsan rasvo...


BANDA

Chindan notavonman, muhtoj bandangman,
Tilanching bo‘loyin, mendan hech bezma.
Bag‘rim qon, o‘tinib sendan so‘rayman,
Pashshaning oyog‘i ostida ezma!..


* * *

Dardima kima aytay, kuldilar yig‘lay, dimog‘im kuydi,
Ko‘rinding huru g‘ilmon, ololmay ko‘zni shayton, qarog‘im kuydi.

Yaqin bo‘lganim begona, yaqin istar sog‘u devona,
Orzuma kishan urdi jonona, yaqinu yirog‘im kuydi.

Ertayu kech vasl izlarlar, noasldan aslni izlarlar,
Vo darig‘o, mil tortdi ko‘zlar, vosilu firog‘im kuydi.

Hama yog‘im g‘ofilu nodon, ichi tashim dovulu buhron,
Nega keldim chopib bul yon, deya hayron so‘rog‘im kuydi.

Ko‘karmoqqa shajar qobil, bahorimda juvonmarg dil,
Chaqmoq urgan shikasta gul, pistoqi ul yaprog‘im kuydi.

Muhabbatdan to‘rab nafrat, nojinslarga bo‘lib ulfat —
Kulib kulfat, yig‘lagan mard chirog‘im kuydi.

Kutganimni aslo kutmay, Rasululloh xokin o‘pmay,
Loshim yetib, ko‘ngil yetmay, tuprog‘im kuydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.