OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vali Ahmadjon (1952)

Vali Ahmadjon 1952 yilda tug‘ilgan. Qo‘qon Davlat pedagogika institutida tahsil olgan. “Yetti o‘lchab bir kes”, “Gulxumorning gulbog‘i”, “To‘r ko‘ylak – zo‘r ko‘ylak”, “Yig‘loqi g‘ozlar”, “Orzularim egasi”, “Ko‘zmunchoq” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

ORZU QANOTIDA

Rasm solar Nilufar
Oq qog‘ozga termilib.
Borliq shu dam jonlanar
Xayolida charx urib.
Bulbul sayrar butoqda
Go‘zallikni olqishlab.
Toychog‘ini chaqirar
Keng yaylovda ot kishnab.
Mo‘yqalamdan to‘kilar
Uning orzu-armoni.
Sinar urush quroli,
Yo‘qolib kuch-darmoni.
Tengdoshlari gul tutar,
Qutlab aziz onani.
Yosh rassom qiz qog‘ozga
Sig‘dirmoqda olamni.
 
OG‘AYNILAR

Quyon dedi: – Tulporjon,
Olib keting bedamni.
– Oyoq og‘ir Quyonjon,
Chorlang biror odamni.
– Borin sizga berardim,
Bir marta xo‘p desangiz.
– Ko‘ndirdingiz og‘ayni,
O‘lmasin-da, sazangiz.

TOK

Shox-qo‘llarin kesdilar,
Tushmasin deb so‘ridan.
Meva tugsin dedilar,
Asaldan ham zo‘ridan.
Yashil barglar hilpirab,
Uzum boshi osildi.
Bo‘lsa hamki qaddi dol
Pishirmoqqa hosilni.
Kuz oxirlab, odamlar
Yana o‘yga cho‘mdilar.
Sovqotmasin deb qishda,
Tuproq bilan ko‘mdilar.

O‘YNOLMADI BIR O‘ZI

Dilyorajon o‘yinchoq
Sanolmaysiz juda ko‘p.
Ana, toychoq, mashina,
Karnay, surnay, teshik to‘p.
O‘qsiz miltiq, kurakcha,
Bir ko‘zi yo‘q ayiqcha.
Ko‘lmak suvda jim turgan,
Siniq, yalpoq qayiqcha.
“Tegma!” – desa ketvordi,
Yangi o‘rtog‘i Ro‘zi.
Jamlab, barin quchoqlab,
O‘ynolmadi bir o‘zi.

XO‘TIKCHA VA ETIKCHA

Xo‘tikchaning dadasi
Olib berdi etikcha.
Kiygan chog‘i ishshayib,
Po‘rim bo‘lib ketdi ja.
To‘rt oyoqda to‘rt etik,
Tinmay otar shataloq.
Ichi kuysin alamdan,
O‘rkachi yo‘q bo‘taloq.

MITTI OQQUSHLAR

Uchib tushar osmondan
Qorlar – mitti oqqushlar.
Kaftim ochsam qo‘nadi
Ortga qaytmas dilxushlar.

BULDURUQ

Sovuq oshib haddidan,
Muzlatmoqqa shaylandi.
Dov-daraxtlar tik qotgan,
Guldastaga aylandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.