OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xayrullo Hamidov (1975)

 Xayrullo Hamidov 1975 yilning 7 dekabrida Toshkent shahrida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy Universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. "Turkiston", "O'zbekiston futboli" gazetalarida, O'zbekiston televideniyesida ishlagan. "Xolislik sari" ma'rifiy-ma'naviy dasturi muallifi.

 

QUSUR

Biz go‘zal so‘zlardan she’r, g‘azal yig‘ib,
Oqibat orttirgan og‘ir hastalik.
Haqqa tavakkal deb inidan chiqqan
Nahot bo‘lolmasmiz jajji qushchalik?

Ko‘cha-ko‘yda tinmay nasihat aytib
Donolar hikmatin tutib mo‘‘tabar,
Eng og‘ir damlarda do‘stimiz yoki
Onamiz holidan olmaymiz xabar.

Otamiz keksaygan holida hamki
Dalada yurganda ko‘tarib ketmon,
Yonib ketay deydi bizning so‘zlardan
Ajib ma’ruzamiz tinglagan inson.

Bolamiz yurganda tentirab, sang‘ib
O’zgalar farzandin koyigan mahal,
Nahot bir insofli aytmas: "Ey do‘stim,
Tarbiyangiz uydan boshlangiz avval!"

Biz o‘zi g‘alatmiz: o‘zgalar dardi,
O’zgalar tashvishi tuyular dahshat.
Aslida har bir jon o‘zin o‘ylasa,
Gullagan bo‘lardi bugun jamiyat.

Agar avvalambor o‘zimizdagi 
Qusurlarni ko‘ra olsak, yoronlar,
Yomonlar ortidan asli biz emas,
Ergashib kelardi bizga yomonlar!

QUTQARURMISIZ?!

Bu kunga chidam yo‘q, yo‘q erur sabr,
Tushimda qiynoq bor, o‘ngimda jabr.
Yaqinlashmoqdadir tobora qabr,
Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?!

Talay odamlarga yo‘liqdim, ular
Katta va’dalar-la do‘stlarim bo‘lar,
So‘ng tinmay pinxona g‘iybatim qilar,
Meni bu kulfatdan qutqarurmisiz?

Ahlimga boqaman, nigohi yomon
Qalbidan sizilib chiqqanda gumon...
Ahdlasha olmasak, bu qanday zamon,
Meni bu ofatdan qutqarurmisiz?

Jujuqlarim yig‘lar istabon saboq,
Men ular oldiga qo‘ygum qo‘g‘irchoq...
Shaytonning aytgani g‘olibdir bu chog‘,
Meni bu da’vatdan qutqarurmisiz?

Oxirat qayg‘usi yo‘qolib qolsa,
Go‘zal sanamchalar ko‘nglimni olsa,
Dunyoning ishlari ajabga solsa, 
Meni bu hayratdan qutqarurmisiz?

Eng so‘nggi ishonchim qaygadir tashib,
Iymon qochib ketsa tog‘lardan oshib, 
Uning ortidan zor ketsam ergashib,
Meni bu g‘ayratdan qutqarurmisiz?!

Hayot davomiga yetmasa ko‘zim,
Tig‘dek botmasa gar aytilgan so‘zim
Boshqara olmasam o‘zimni o‘zim
Meni bu hasratdan qutqarurmisiz?

... Bu kunga chidam yo‘q, yo‘q erur sabr,
Tushimda qiynoq bor, o‘ngimda jabr.
Yaqinlashmoqdadir tobora qabr,
Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?!

O’LIMNING VASFI

Shoxlar o‘z taxtidan tushganin ko‘rdik,
Harobaga do‘nmish bog‘lar ham so‘lim.
Oxiri barchamiz xulosa qildik:
"Eng katta mav’iza aslida o‘lim!"

U ustun bo‘larkan, yengilmas ekan,
Istagan paytida buyurar tashrif.
Faqat o‘lib ketgan insonlargina
Unga aytolurlar xolis bir ta’rif.

Bu ta’rif shundayki, unda yo‘q aldov,
U birovga kelmas ikki bukilib.
O’lim dunyodagi eng noqulay yov,
U urush ochmagay vaqt e’lon qilib.

Qur’onda ta’rifi kelganidek, u
Faqat oldimizdan qarshi chiqarkan.
Dunyoning yuz karra chempionin ham
Oddiy bir zarb bilan yerga yiqarkan.

O’limni o‘ldirib bo‘lmas yoronlar,
U bizga tegishli bo‘lmagan olam.
Indamay bosh egmish sohibqironlar,
Biz bilmas tezlikda o‘lim kelgan dam.

O’lim kelganida qolmay bittamiz,
Hammasi yo‘q bo‘ldi g‘animatlarning.
O’lim sharbatini totmog‘ligimiz
Haqiqatrog‘idir haqiqatlarning.

O’lim bir kularkan, bir yig‘lar ekan,
Mo‘min huzurida ko‘zida kulgu.
Baqirtirib jonni sug‘urganida
Kofir yuzlaridan sapchiydi qayg‘u...

Odam Ato tushgan davrdan buyon
O’lim savdosiga izn berilgan.
Qanday mavqelarda yashamasinlar,
Barchasi qabrga bir-bir terilgan.

Alloh elchilari o‘ldilar, shuning
O’zi yetarli bir hikmatdir bizga.
Kuniga qabrga kirayotganlar
Eng katta ma’ruza, ibratdir bizga.

Agar biz o‘limdan ibrat ololsak,
Boshqa bir da’vatning bo‘lmas keragi.
O’limdan nasihat olmaganidan 
To‘xtasa yaxshidir inson yuragi...

QIYOMAT

Qiyomat yaqinlab qolgani ayon,
Ayollar erlarning libosin kiymish,
Avrat-u, xayoning ko‘chasin toptab
Xatto mayin bo‘lib so‘zlamay qo‘ymish.

Rasululloh bir kun qo‘rqib so‘zlagan
Kunlar boshimizda turibdi qarang.
Atrofning yalong‘och turgan holiga
Ko‘taramiz xatto boshimiz arang.

Tuyaning o‘rkachin tasvirlab go‘yo
Jannatning hididan voz kechgan ayol
Nahot umri bo‘yi vaqt topib bir tun
O’ziga bir bora bermagan savol:

"Xoy, men kim o‘zi, jinsim ne erur,
Yarasharmi menga shu yovuz xilqat?
Ayollik libosin bir chetga otib
Asl go‘zallikdan ayrildim faqat,

Bolamning nigohi menga yovqarash,
Erimning ko‘nglida yo‘qolgan xohish.
Men qancha urinmay, aslimdan shuncha
Uzoqlashib ketdim, tingandek tovush...

Ovozim erkakcha, yurishim g‘alat,
Shimning o‘rtasida yig‘laydi hayo.
Ajabo, shunchalar xorlik bo‘lurmi,
Tubanlik bo‘lurmi, do‘stlar, ajabo???"

Ayolning ko‘nglida insofi bo‘lsa,
Ushbu savollarni berardi bir tun,
Hech qursa o‘zidan qochib boryotgan
O’g‘illari uchun, qizlari uchun...

Afsus, ushbu holga faqat ayolmas,
Balki erlarning ham ayblari mavjud.
Rashk o‘tin o‘chirgach zino-yu faxsh-la,
Dayuslik kasbiga ko‘rar taraddud.

Nardadan boshini ko‘tara olmay,
Ayollarga turmush yuklagan qopin
Odamdan yaxshilik ko‘rmoqchilarga
Ayturmiz olimlar qilgan xitobin:

"Ular o‘zlarini erkak desalar,
Dunyoda eng katta bo‘lurlar kazzob,
Chunki nikoh kuni bergan ahdiga
Qilmishlar hiyonat, berolmay javob.

Ularda mag‘rurlik asli yo‘q xislat,
Ularni iymon ham aylamish xalos.
Ularning egnidan joy olgan ko‘ylak 
Faqatgina tashqi ko‘rinish, xolos.

Hayxot, bu dunyoning ishi ters bo‘ldi,
Yaxshilar ko‘ngildan yig‘lab o‘tmishlar
Ayolin ko‘chaga qo‘yganlar bugun
Ertaga bolaga ko‘krak tutmishlar,

Hali bu ketishda vazifalar ham
O’zgararmi ayol, er nasli uchun,
Go‘yoki quyoshning tunda chiqishi,
Oyning otishi-la ochiladi kun...

Yo‘q, do‘stlar, iymon bor, ishonch bor ekan,
Bunga yo‘l qo‘yilmas hech qachon, hech vaqt.
Har kim o‘z fitrati, o‘z tabiati
Amriga binoan yashamoqlik - baxt".

Hadisdan oddiy bir xulosam shulki,
Ko‘r qilar bu ko‘zni qamashtirganlar
Aslida qiyomat kunin tezlatar
Ana o‘shanday jins almashtirganlar.

ENG KATTA MUSIBAT...

Bu dunyoda iymon bilan 
nurga cho‘mgan bir ummat bor,
Ul ummatning yo‘li kengdir,
Barchasida ming rahmat bor,
Hayotida hotirjamlik,
O’limida ming hikmat bor,
Rozi bo‘lar taqdiriga
Tutar ikki enlik xat bor:
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

Kimdir o‘lar, kimdir nafas
olmoq ekan, anglab yetdik.
O’zni mangu da’vo qila,
Go‘ristonni manzil etdik.
Oling, mana, dunyongizni,
Habibulloh birla ketdik, 
Endi bizga na go‘zallik,
Va na sokin halovat bor,
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

Holatingiz ko‘rdik, mahzun,
Asliyatga tezroq qayting,
Ajal o‘qi aniq erur,
Unga boqmang, kulib "Hay" deng,
Dunyo ostin-ustin bo‘lib 
ketmaydimi, endi ayting,
Yelkamizdan qolib ketgan 
O’lim tutar omonat bor,
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

Otangiz ham, onangiz ham,
Bir kun sizni tashlab ketmish,
Yuraklarni tilka-pora
Aylabon, zor g‘ashlab ketmish,
Ko‘zlaringiz balki namlab,
So‘nggigacha yoshlab ketmish,
Ajal kelsa, siz qochguvchi
Qandayin bir imorat bor:
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

Chakki tomgay, endi aslo 
yamab bo‘lmas bu uy tomin,
Oinasi parchalanmish,
O’rnatmoq na singan romin
Qiyomatga qarab yo‘lin
Tutib bo‘lgach soqov zamin,
Ayting, to‘sib qolar qay kuch,
Va qandayin tumonat bor,
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

Barchamizning qalbimizda
Dunyoga bir muhabbat bor,
Muhabbatdan hosil bo‘lgan
Razillik bor, qabohat bor,
Oxirlamish so‘zim mening,
Xitobimda nadomat bor,
Ayo, ummat, bu dunyoga
Nechun qattiq sadoqat bor,
Zamin og‘ir nafas olar, 
Unda qanday halovat bor,
Rasululloh vafot etdi, 
yana qanday musibat bor?!

ILM

Kimdir ilm o‘xshar dedi shul quyoshga,
G’arbdan chiqib Sharqqa botar qara, Quyosh.
Ilm sharqdan bo‘y taratib qochdi g‘arbga,
Ul ilmni ortga qaytar, ey vatandosh!

Ilm ketdi mo‘minlarni zor yig‘latib,
Ma’no qolmay, mavridi yo‘q xitoblarda.
Farzlar qolib sunnatlarni taxlil etib,
Abo Muslim jangi qoldi kitoblarda!

Namozlarning rakatlari xususida
Tortishuvlar paydo bo‘ldi necha-necha.
Oxir borib madrasada o‘qiguvchi
Ko‘rgan ilmi bo‘ldi o‘sha "ming bir kecha".

Fasod to‘la to‘qilgan ne rivoyatlar
Odamlarning e’tiqodin harob etmish.
Ilmsiz xalq eshoni-yu, piri uchun 
Nazr qilib, shirk yo‘llarni tutib ketmish.

Taraqqiyot, dunyo qolib, telbalarcha
Darvesh holin o‘zlariga qilib kasb-kor.
Mana shuni odamlarga islom debon
Ko‘rsatganlar oramizda to hanuz bor.

Tog‘-u toshlar bizning hayot, deganlarning
Avlodlari qanday qilib ustun bo‘lsin?!
Haqqiy islom bayrog‘ini qo‘lda tutgan
G’arbliklarga omad kulmay, kimga kulsin?!

Taraqqiyot deganini dorga osgan
Olomonning kuni bir kun kelib bitmish,
Axir, qara, o‘n yettinchi asr uzra
Esgan shamol qaysi yurtni tashlab ketmish,

O’zdan chiqar sadaqalar unut bo‘lib,
Xo‘p berilgan o‘zga tutgan ikromlarga
Yonidagi mushrik qolib, mo‘minlarning
Mustahabi muhim bo‘lmish imomlarga.

Na dunyoviy ishlarida bor ijobat,
Na Allohdan nusrat kelar bu ummatga.
Chunki uning asl holi faqatgina 
Ilm bilan yetar haqqiy kamolotga.

G’arb dinidan yuz o‘girdi, rivojlandi,
Chunki uning dini asli edi botil.
Bugun sharqning holatiga eng aybdor
O’z dinini tushunmagan omi johil.

Mo‘min dini haqdir, Alloh kalomi haq,
Usiz sharqning ahvoli xor, tuban erur.
Taraqqiyot osmoniga bizni faqat
Bizni tashlab ketgan ilm eltib berur.

Shuning uchun farzandlarga ilm berib,
Olimlarni chiqaraylik o‘lkamizdan.
Shundagina insha Alloh katta yukni 
Tashlagaymiz gunoh bosgan yelkamizdan.

DERLAR

Har nimani ayladim orzu,
Lekin menga hamroh bir tuyg‘u,
Yoshligimdan tinglaganim shu:
Oltin olma, duo ol, derlar,

Oltin qo‘ldan ketar-u, ammo
Har kun senga hamrohdir duo
Foydaliroq istasang savdo - 
Oltin olma, duo ol, derlar,

Bir kun kelar Qiyomat qoim,
Qutqaradi meni duoyim.
Tajribadan o‘tganlar doim:
Oltin olma, duo ol, derlar,

Qo‘l ochganda bobom duoga:
Iltijo aylaydi samoga:
"Tatir senga ikki dunyoga 
Oltin olma, duo ol", derlar,

Bilki, dunyo bizga qafasdir, 
"O’tda kuymas" degani asli
Oltin uchun ta’rif emasdir
Oltin olma, duo ol, derlar,

Bil, ey bolam, qilma so‘ng attang,
Ahvoling bir kun bo‘ladi tang
Arsh ostida turmoq istasang, 
Oltin olma, duo ol, derlar,

KECHIR!

Quyosh g‘arbga ketdi sho‘ng‘ib,
Uxlolmadim, kechir rabbim!
Siltadilar: "yig‘lagin", deb
Yig‘lolmadim, kechir rabbim!

Ko‘kka nolon nido qildim,
Chok-chok bo‘lgan ko‘ksim tildim,
O’zimni gunohkor bildim,
Yig‘lolmadim, lekin Rabbim!

Kimning ishi tushsa gar, bas,
Yordamim tutdim har nafas,
Yaxshilikdan boshim chiqmas,
Yig‘lolmadim, lekin Rabbim!

Ko‘zimda nur, yovuz kulgu,
Qalbimda ishq to‘la tuyg‘u,
Har kun boshim mehrobda-yu,
Yig‘lolmadim, kechir Rabbim!

Ishim mening sahovatdir,
Bilmaganim - halovatdir,
Bu qandayin musibatdir:
Yig‘lolmadim, kechir Rabbim!

Yomg‘irpo‘shdan topib panoh,
Yomg‘irda ham qildim gunoh.
Hush’u menga yot bo‘ldi, oh...
Yig‘lolmadim, kechir Rabbim!

Ko‘kka porlab chiqqach oftob,
Senga nolon qildim xitob...
Bir qatra yosh bo‘ldi kamyob,
Yig‘lolmadim, kechir Rabbim!

Istadim-u, qalbimda g‘am,
Dod-voy soldi tog‘-u, tosh ham,
Vale aylab ko‘zimni nam,
Yig‘lolmadim, kechir Rabbim!

Rabbim, sokin uxlat meni,
Bag‘rim o‘yib tig‘lat meni
Ne qilsang ham yig‘lat meni...

MUNOJOT

1

Garov berib jonimni qattiq kuydim,
Oxir chirkin dunyolardan ham to‘ydim,
Ko‘z yoshima arzimas ekan dunyo...
Parvardigor, sajdangdaman, bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

Odamlarin ko‘rdim insof qilmagan,
Saning uyinga bir marta kelmagan,
Hech bo‘lmasa Haq kalimang bilmagan...
Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

Bu shundayin huzur erur, xush xuzur,
Hech kimsaga bu yo‘llarda yo‘q uzr,
Qalbim bugun hotirjamlik istayur,
Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

Qochdim so‘ngi ko‘rinmas zulmatlardan
Bezdim riyo aralash himmatlardan,
Yuzim ochib qaro-qum chimmatlardan
Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

Ko‘zim ko‘rmas minglab boqar qoroko‘z,
Atrofimda jaranglar ming jilo so‘z,
Taxtdan tushdim, yuztubanlik menga do‘st,
Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

Baytingdaman, demak qalbi obodman,
Boshqa yo‘lda aniqki xor, barbodman.
Senga qulman, demak haqqiy Ozodman,
Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim,
Rohatlanib Saning uchun yosh quydim...

2...

Allohim, O’zingga bosh eggan banda
Boshqalar nazdida eng kuchli odam.
Allohim, islom-la ulg‘aygan tanda
Kibru-u riyo bo‘lmas zarra bo‘lsa ham.

Allohim, Sen uchun boshin egmagan
Har kim qarshisida yotganin ko‘rdik.
Allohim, lahzalik rohatni debon
Oqibat alamlar totganin ko‘rdik

Allohim, Qur’onga bo‘ysungan inson
Aziz-u mukarram yashadi, o‘ldi.
Allohim, eng so‘nggi nafas bermish on
Tug‘ilgan sof fitrat unga yor bo‘ldi.

Allohim, kaloming bilmagan banda
Oddiy sinovlarda yo‘lidan qaytmish.
Allohim, unga ham o‘lim kelganda
Otasin, bolasin ismini aytmish...

Allohim, iloh yo‘q Sendan bo‘lak, deb
O’tganning hayoti bo‘lmish mazmunli.
Allohim, eng so‘nggi go‘zal tilak deb,
Umrini o‘tkazmish g‘amli, mahzunli.

Allohim, Seni bir, demayin o‘tgan
O’ziga ilohlar yaratib olmish.
Allohim, tog‘lar ham uchib yurgan on
Ul bandang do‘zaxda abadiy qolmish.

Allohim, bu ikki bandang hikmati
Butun bir dunyoga o‘xshaydi bugun.
Allohim, Senga qo‘l cho‘zilgan payti
So‘rayman: hidoyat ber bizlar uchun.

3...

Allohim, sen Xoliqimsan, toqdirsan,
Eng pokiza masdaringda ko‘ngil to‘q.
Sendan o‘zga iloh yo‘qdir, ma’bud yo‘q
Sen barcha aybu nuqsondan pokdirsan,
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Har qandayin kunim sendan, roziman,
Bosh sajdada rixlat qilmoq - tilagim,
Yo‘lingda qon bo‘yalsaydi ko‘ylagim,
Eng chiroyli o‘lim sendan, roziman.
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Bergan ilming menga sharaf, menga shon,
Amalimni shunga loyiq ko‘rsang, bas.
Rahmating-la olmoqdaman ham nafas,
Oxirimni ayla Rabbim, nurafshon.
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Gunohim ko‘p, garchi kamdir savobim,
O’ng tomondan amal daftarim keltir,
Tavhid ahli qatorida tiriltir,
Aks holda ertan chiqar harobim
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Hech yo‘lim yo‘q Sensiz, erkin, mustaqil,
Qullik istab sajdadaman, ey Alloh.
Buyuk arshing soyasida ber panoh,
Payg‘ambaring shafoatin nasib qil,
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Sirot uzra o‘tay omon, osuda,
Yiqilmayin qoq manzilga yetganda,
Rasululloh ila ichay deganda 
To‘siq qo‘yma Havzi Kavsar oldida
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

Qayta turar soatimni oson qil,
G’arib - miskin holatimni bilasan,
Eng muqaddas niyatimni bilasan:
Parvardigor, huzuringga mehmon qil
Azal, oxir barchasidan Oliyim,
To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im.

4...

Allohim, bu dunyoni saodatga boshlagin,
Hech tuganmas azobni halovatga boshlagin,
Erta tongda O’zingga yig‘lab munojot aylay: 
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Chingizdan qutulsak-da, ammo nedir yetmaydi...
Osmon ko‘rinay dedi, qora bulut ketmaydi:
Ahli solih bizlarni o‘ziga do‘st etmaydi?!
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Faqat mozorlar uchun joriy qildik Qur’onni,
Qulatdik uzoq yo‘ldan kelgan diniy karvonni.
Turli mahzun yo‘llarda boy bermasdan iymonni
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Yurtda kezmish dahriylar izlab ming-ming hamxona, 
Tog‘utlar ila qurib kufrga liq koshona.
Endi Buxoriysi-yu, Navoiysi afsona...
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Bir paytlar bu millat titratgan edi Sharqni,
Ko‘fasi-yu, Shomidan tortib Bog‘dod va Balxni...
Bugun sendan O’zgaga topshirib bo‘lmas xalqni,
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

O’zing ko‘r, Rabbim, bugun namozlardan yiroqmiz
Dunyo qarshisida-chi, qulmiz, mute’, titroqmiz.
Qodiriy aytganidek, birlashmagan tarqoqmiz,
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Kimdir Haqqa undasa, tinmay kulguvchi ham biz,
Undan albat o‘zimiz ongli bilguvchi ham biz.
So‘ng tinmasdan mo‘minlik da’vo qilguvchi ham biz
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Zanjirlar ovozidan seskanmagan xilqati
Aro yo‘lda yig‘lagay ozgina sof fitrati...
Buxoriy-yu, Termiziy, Zamaxshariy hurmati
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

Har qanday yovni ko‘rdik, bizni toptar kim qoldi?!
Toptay-toptay ne millat oxir kuchdan ham toldi. 
Endi boshqa najot yo‘q, bugun hamma tan oldi:
Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin!
Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin!

5...

Gunohkor bandaning umidi Sendan,
So‘nggi lahzada ham tavba qilgaydir.
Dunyoning bor-butin musulmon banda
Sening toatingga haqir bilgaydir.

Odamlar o‘tdilar isyonkorona,
Farosat sarhadin toptab va yanchib.
Iymonning tubida hayxot pinxona
Bir nur toatingga chiqdi-ku sapchib.

Shirklar ummoniga g‘arq bu zamonda
Muqaddam qo‘yildi Sening bir So‘zing.
Fir’avnlar yashab o‘tgan makonda
Bizni toatingga bog‘lading O’zing.

Taqdiring xayrli bo‘ldi bizlarga,
Jonni sadqa qilmoq soati keldi.
Aqli bor insonlar har qanday paytda
Sening kalomingni oliy deb bildi.

Mayxonadan chiqar bemor qabila
Chayqala-chayqala to‘kilar hayot...
Sajdada jon bermoq orzusi ila
Joynamoz yozmoqda yoshi ulug‘ zot.

Mast-u, alast dunyo, mehri boylangan
Zormanda xilqatning ichida tetik
Gullarning hididan boshi aylangan
Bolakay yo‘lingga tushganin ko‘rdik.

Hayo ko‘chasidan uchganda parda
Erlar halovati, ori yo‘qolgan.
Avratlar ochilgan telba diyorda
Ayolning xurligi hijobda qolgan!

Ma’siyat, gunohlar shu qadar zo‘rki
Alar bilan ko‘ksim o‘yiblar tildim.
Jonim chiqar chog‘da behad shukrki,
Tavba eshigingga emaklab keldim.

Allohim, O’zingga qilgum munojot
Yig‘lablar boshimni qo‘yib sajdaga.
Men kimki, butun bir samo - koinot
Zor-u muhtoj yotar Sening mujdangga?!
Allohim, Rahmonim, ey Mehribonim,
Tavakkul sengadir, qo‘lingda jonim...

ISLOM

Iskandarlar o‘tdilar
Ustunmiz deb dunyoga,
Dorolarning toj-taxti
Sig‘may qolmish sarpoga.
Oqibat-chi, hech kimsa
Yuz tutolmay riyoga,
Baralla jar solmishlar
Tugayotganda hayot:
Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!

Chingizlarning yalong‘och
Qilichlari ostida
Ne-ne yaloq shoirlar
Aytib o‘tmish qasida,
Insof bo‘lsa qaniydi
Hech qursa bittasida,
O’layotgan chog‘ida
Yozardi haq bir bayot:
"Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!"

Ne-ne tuzumni ko‘rdik,
Parokandasi chiqqan,
Eng aqlli zotlarin
Zulmat qa’riga tiqqan,
Zolimlar ham oxiri
Bu zulmdan toliqqan
Ahvolida dunyoga
Hayqirganmish: "Oh nahot
Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot?!"

Ha, shundan boshqa yo‘lni
Axtarganlar nodondir,
Ularning buguni bor,
Ertasi pushaymondir,
Ular uchun mahsharda
Manzil o‘zga tomondir,
O’ng tomondan kelgani
Nodonlarga erur yot,
Chunki inson uchun yo‘q 
islomdan boshqa najot!"

Basriyni dor ostiga
Olib kelgan ummat bu,
Hanbalni sudray-sudray
Holdan tolgan ummat bu,
So‘nggi lahzada aniq
Haqni bilgan ummat bu:
Tugadi jami ozor,
Bundan katta yo‘q sabot:
"Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!"

G’arb dunyoga hukmron
Uxlaganda mo‘minlar,
Dunyo tinmay zavqlandi
Yig‘laganda mo‘minlar,
Ozgina din deb qalbin
Tig‘laganda mo‘minlar
Bir shior dunyo uzra
Tinmay qoqqandi qanot:
"Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!"

Kim qanday yo‘l o‘ylasin,
Barchasi botil bo‘lgay,
Insoniyat umriga
Aniqki qotil bo‘lgay,
Islom ketsa zamindan
Zulm muqobil bo‘lgay,
Yer ustini egallar
Bid’atlar-u xurofot,
Chunki inson uchun yo‘q
Islomdan boshqa najot!!!

Aqlin pesh qilib chiqqan
Daholar ham kazzobdir,
Ular tutgan botil yo‘l
Ko‘z o‘ynatgan sarobdir,
Bu g‘o‘r maslakka taqlid
Qilgan odam harobdir,
Garchi uning oldida
Mingdan ziyodroq sirot,
Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!"

Alloh kalomi tinsa,
Demak, hayot bitgaydir,
Dunyoni olib keling,
Undan fayz ham ketgaydir,
Bir manzilga ming yo‘lmas,
Bir to‘g‘ri yo‘l eltgaydir
Xulosam shu, azizlar,
O’zni aylamang barbod,
Inson uchun yo‘q erur 
islomdan boshqa najot!

AYO DO’STLAR...

Ayo do‘stlar, xo‘p shoshilmang osiylar davrasiga,
Bir kun kelib har bir ishin javobi bor dunyoning.
Ayo do‘stlar, yeling tezroq yaxshilar xalqasiga
Ul maskanda har bir onga savobi bor dunyoning.

Ayo do‘stlar, ayollarning makri bo‘larmish yomon,
Alardin uzoq bo‘lganning qalbi bo‘larmish omon.
Nomahramlar ichra bo‘lgan har ish bo‘larmish,
Avratin yopib qo‘yingki, hijobi bor dunyoning.

Ayo do‘stlar, kibr birlan riyolik durust ishmas,
Kibr qilgan kishi birla Alloh aslo kelishmas.
Qalb ichinda yig‘lanmagan duo haqqiy nolishmas,
Xolis bo‘lmas - qiyomatda azobi bor dunyoning.

Ayo do‘stlar, yetimlarga sahiy bo‘lgan mo‘mindir,
Uning qalbi iymon ila to‘liqdir, limmo-limdir.
Bu dunyoga kelgan har bir bosh topgani - o‘limdir,
Mag‘rurlanmang, yiqilguvsi turobi bor dunyoning.

Ayo do‘stlar, bu taqdirga isyon qilmang hech qachon,
Undagi bor yozuv-chizuv bitilgan qay bir zamon.
Mukofotga loyiq bo‘lib boqing so‘ng manzil tomon,
O’n besh kunga oy chiqar, so‘ng oftobi bor dunyoning.

Ayo do‘stlar, bir kun kelib hamma topgaydir vafot,
Bevafo yor uchun qayg‘u chekmakdin na bor najot?!
Yaxshisi, iymonimizni chorlasin boqiy hayot,
Muddat o‘tib imoratin harobi bor dunyoning.

RAMAZON KUNLARI

Allohning rahmatin, nusratin kuting
Barcha ko‘z uyquga cho‘mgan tunlarda.
Asriy zanjirlarni yelkadan oting
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

Bizki, ko‘ngillarni ayladik vayron,
Bugun o‘zimizga o‘zimiz hayron.
Endi qo‘limizda muqaddas Qur’on
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

Bizga dars o‘qitmang falsafalardan,
Dunyo bezib bo‘lgan vasvasalardan.
Holimiz telbaviy talvasalardan
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

Iymon yo‘lindadir ko‘zimiz nuri,
Allohning so‘ziga qalbimiz to‘ri!
Portladi dunyoning sohta g‘ururi
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

Allohga shukrki, Uni bir bildik,
Baytullohga iymon to‘la qalb keldik.
Zino-yu, faxshni zanjirband qildik
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

Allohim, qo‘limiz Sengadir ochiq:
Garchi ramazondan ko‘nglimizdir to‘q,
Tuzalib olmasak boshqa fursat yo‘q
Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!

HAR KUNLIK TANISH

Men sizni har kuni ko‘raman, har kun
Ko‘chada, metroda, va xatto ishda.
Siz kezib yurasiz yilning har fasli,
Yozda ham o‘shasiz, o‘shasiz qishda...

Nikohlab olgansiz go‘yo dunyoni,
Uning lablaridan bo‘sa olasiz.
Zarracha dunyongiz ketsa gar tashlab
Shaytonlab qolasiz, yig‘lab qolasiz.

Biz bildik, angladik- dunyo - bevafo,
Siz muncha dunyoga haris bo‘lasiz?!
Hech kimsa fanoda qolmas bebaqo,
Axir siz ham bir kun yig‘lab o‘lasiz...

Ayting, yashab-yashab topdingiz nima,
Qanday mavqelarga erishdingiz siz?!
Qiziq, malakul mavt kelgan kechada
Hayotdan xo‘prizo, kerishdingiz siz...

Siz o‘zi qandayin odamsiz ayting,
Nimaga bunchalar hotirjamdirsiz?!
Go‘yoki do‘zaxdan ozod etilgan
Qiyomat kuniga nomahramdirsiz?!

Yuzingizda kulgu, tabassum bilan
Dunyoni tinmasdan talab qilasiz.
O’lim haqidagi mav’izalarga
Ertak eshitgandek tinmay kulasiz.

Jahannam azobi tasvirlanganda
Nahot qalbingizgizni tirnamas hech dard.
Siz yo bir telbasiz, yoki bir dahriy
Va yoki jin chalib o‘zin bilgan mard...

Labingiz gezarmas vo ajab aslo
Qabr azobining tasvirlariga,
Bir soniya bo‘lsin oxirat demay,
Tayyorsiz dunyoning tahqirlariga...

Payg‘ambar kimligin bilish istamay,
Bir umr yuzingiz buradirsiz siz.
Odamlar bir taraf bo‘lsalar agar,
Dunyoni boshqacha ko‘radirsiz siz.

Fisq-u fujur desa, yugurasiz-u,
Azon aytilganda yotib olasiz.
Shaytonlar majlisin boshlaganida
Anjuman avjida paydo bo‘lasiz.

Fohishalar haqda tinmay o‘qiysiz,
Ularning rang-barang surati yoqar.
Ko‘nglingiz tubida extimol bir zum
Iymonning eshigin nimadir qoqar...

Lek siz mahrumsizki, uni ochishdan
Xatto e’tibor ham qilib qo‘ymaysiz.
Siz shunchalar maraz, shunchalar palid,
Tinmasdan yeysiz-u, aslo to‘ymaysiz.

Necha yil xovlingiz masjid oldida,
Azonlar ketidan azonlar yangrar.
Extimol o‘sha payt qalbingiz uchun
Shaytonlar balandroq eshakdek xangrar.

Sizga shu xangrashlar qadrdon erur,
Sizga shu aslida mos erur balki,
Endi buyog‘iga umid qolmadi,
Ta’sir etmadi-ku ming bir tarsaki...

Siz haqda birovga aytsam ishonmas,
Bunaqa odam yo‘q, degay shubhasiz.
Sizdek bo‘lmoqlikdan so‘raymiz panoh,
Siz o‘zi topilmas noyob nushasiz.

O’LIKLAR NOLASI

Bu dunyodan begona, yot ko‘rdik o‘zni,
Jon bersak-da, uning uchun botib terga.
Oq osmonga tikilgancha yumdik ko‘zni,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Zor o‘tsak ham oddiygina kulbamizga,
Dunyo zir-zir titrasa-da nag‘mamizga
"Malakul mavt" kelib ketdi hammamizga,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Bugun sizlar yuribsiz shod, ko‘zda kulgu.
Bo‘yingizdan bo‘y cho‘zgandir ming bir orzu.
Biz ham o‘zni o‘ylar edik go‘yo mangu...
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

O’zimizcha, dunyolarga ustun bo‘ldik,
Fir’avnlar diyoriga maftun bo‘ldik.
Oxir o‘lim changaliga tutqun bo‘ldik,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Shu zaminda nafas oldik, o‘ynab kulib,
O’zimizni o‘lmaydigan maxluq bilib
Ustida ko‘p zulmlarni odat qilib,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Kuchlilarning zulmi ila umri taxir
Zaifimiz yig‘lab-yig‘lab o‘tdi og‘ir,
Ba’zimizga ba’zimiz pand berib oxir,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Oramizda joy izlabon toldi qadr,
Hech kimsaga yor bo‘lolmay o‘tdi sabr,
Iskandar ne, mashrab o‘tgan Mashrab nedir...
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Baxtli bo‘ldi kim yashadi da’vat ila,
Ilm-u dinga xolis turib rag‘bat ila.
Birgalashib, tartib ila, navbat ila
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Tug‘ilgan bor unga o‘lim bo‘ldi nasya.
Hayot o‘n besh daqiqalik go‘zal hadya.
Oramizda birortamiz qolmadi-ya
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Kecha tirik edik, bugun saf-saf o‘lgan
Odamlardan koshki bitta suyak qolgan.
Kim bor yana o‘zni xudo da’vo qilgan?!
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Muso aytgach, Qorunni yer butkul yutdi,
Nuh qavmini to‘fon urdi, la’nat tutdi.
Fir’avndek mal’un dod-voy solib ketdi.
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Ba’zimizga aziz bo‘ldi oddiy dirham.
Ayrimimiz dunyo uchun chekmadi g‘am.
Ketdi hatto Alloh suygan elchilar ham...
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Ba’zimiz shoh qasr qurdik - odamlar lol,
Vale bitta g‘ishti bo‘lsin bo‘lmay halol.
Bugun tandan ruh ayridir, hol bemajol,
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

Ey tiriklar, bo‘lolmassiz hech muzaffar,
Na tongda-yu na oqshomda va na sahar,
Yozilgandir sizga ham shu qutlug‘ safar
Qaro yerga kirdik, do‘stlar, qaro yerga.

HAYIT

Bugun shunday kun erurki, ul kunning tengi yo‘qdir,
Bu kun nafslar hotirjam-u, ko‘ngil ham ancha to‘qdir.

Bugun qalblar rohat ila masjidga qo‘ymish qadam,
Bu kun Alloh kalomini tinglagay har bir odam.

Bukun go‘yo farishtalar osmondan tushib saf-saf
Horig‘, so‘lg‘in ko‘ngillarga taqib ketmishlar sadaf.

Sadaflar asli iymondan so‘zlabon yuraklarga
Aqoid ilmidan aytmish ul ilm keraklarga.

Alloh lafzin unutgan qalb yangi oy chiqqan kecha
O’n bir oylik chang-g‘uborni boshladi bir-bir yecha.

Qanday yaxshi bu kun do‘stlar, qanday go‘zal bu kunlar,
Alloh uchun aziz bo‘lmish yarim oy bedor tunlar.

Bu kun yana kelarmi, yo u kunga yetmaymizmi,
Shu bois, bul aziz kunni qadriga yetmaymizmi?

Mir Alisher bayti aytar: mahzun dil, chekma jabr.
Har kuning Hayit o‘lubon, har tuning o‘lsin qadr.

Bugun shunday kun erurki, ul kunning tengi yo‘qdir,
Bu kun nafslar hotirjam-u, ko‘ngil ham bir muncha to‘qdir.

INSOF

Alloh bandasiga Qur’on tushirgach,
Saodat yo‘liga undadi bizni.
Shayton bu savdoga tiqilib kirgach,
Bugun ko‘ring endi hayotimizni...

Bunda na ma’no, na mazmun qoldi, oh,
Ko‘zlarda fitnalar qotib qolmishlar.
Ming yillik chinorlar, malaklar guvoh,
Bizni haqqa undab, tamom tolmishlar.

Biz go‘yo osmondan tushgan insonlar,
Misoli ko‘klarda uchgan kabutar.
O’ylaymiz, ertaga Pok Parvardigor
Amallarimizga bermas javoblar.

Bugun biz tinmasdan tinglaymiz hadis,
Qur’on oyatlarin o‘qiymiz go‘zal.
Lek Alloh rasuli tashlab ketgan iz
Biror ishimizda ko‘rsatmas asar.

Sahobalar uchun aytib ofarin
Shudir deymiz asli eng to‘g‘ri hayot. 
Aslida Umarning tutgan yo‘llarin
Qaysidir ertak deb o‘ylaymiz, hayhot.

Biz nega shunchalar harobmiz ayting,
Qur’onni hayotga joriy qilolmay.
Agar rostgo‘y bo‘lsak, bo‘lsangiz, qayting
Bu tuban va chirkin tuzumda qolmay.

Bugun men, siz va biz - iymonga muhtoj,
Dunyoning safsata yo‘lidan bezib.
Nahot shundan keyin topmasak iloj,
Turfa xil yo‘l tutgan besh qit’a kezib.

Agar Alloh yo‘lin sof yo‘l desangiz,
Qur’onni manhaj deb biling hotirjam.
Rasulullohni agar haqqon sevsangiz
U zotning yo‘llarin ushlangiz mahkam.

Bugun shu oddiy bir haqiqatni biz
Qalbimiz tubida tan ola bilsak,
Bilingki, dunyoda emasmiz yolg‘iz,
Bilingki, bizda bor eng asl tirgak.

Bu Alloh kalomi Qur’ondir shaksiz,
So‘ng Rasuldan qolgan jamiki hadis.

TARIX

Hali ajralmayin oltin sadafdan
Inson jaholatdan turmagan edi.
Quyosh porlab chiqdi Makka tarafdan
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Ko‘zlarin ishqalab ulgurmay jahon
Quyoshning nuridan topolmay imkon 
Nozil bo‘lgan edi ilohiy qur’on...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Qavmlar bir-birin tutganda yovkash,
Oddiy hol bo‘lganda turlicha qarash.
Allohu akbar der Biloli Habash...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Payg‘ambar o‘lganda adashmay ummat,
To‘g‘ri yo‘l tanladi, qoldi salomat 
Omonatga ilk bor bo‘ldi sadoqat
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali
Dunyoni boshqargan o‘shal mahali
Kamolotga yetdi basharning holi
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Sahobalar ketdi, chiqdi tobe’in
Ularning qo‘lida rivoj topdi din.
Hadis ilmi bois iymon bo‘ldi chin...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Keyin ham chiqdilar olimlar qator,
Birida yo‘q imkon boshqasida bor,
Ko‘tarib tashlandi oxirgi g‘ubor...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

So‘ng... so‘ng tilim bormas aytmoqqa, hayhot.
Oxirga rasulga bo‘lganlar ummat
Dunyo-yu havasni tutdilar faqat...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Qur’onni Allohning maxluqi debon
Kufr yo‘llarni ham tanlagan inson.
Hanbalni sudragan topganda imkon...
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Qozi bo‘lasan deb Imom A’zamga
Taklif etmish bir kun podshoh haramga.
Ey, dunyo bir qara, bir bor nazar sol
Darra tagida jon bergan odamga.
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

Olimlar bukun ham tug‘ilmishlar, lek
Qiyindir bu yo‘lda turmoqlik tetik.
To qiyomat qadar shu bo‘lar ko‘rik.
Xali tarix buni ko‘rmagan edi.

TILAK

Angladim oddiy bir haqiqatni men
Shu oddiy haqiqat ostida o‘sdim.
Ne desangiz deng sadoqatni chin,
Iymonni ilindim sizga, ey do‘stim!

Oila muqaddas dargoh har mahal,
Har qanday holatda sizga bor dahlim!
Dunyo taomini tutishdan avval
Iymonni ilindim sizga, ey ahlim!

Qalbim alamzada fitna dunyodan
Odamlar bir-birin qutlagan zamon.
Lazzatliroq bo‘lmish shirin halvodan
Iymonni ilindim sizga otajon!

Sarhil liboslardan tog‘liklar yasab
Akalik mehrini ko‘z-ko‘z etmish jon.
Taqvo-yu, hayodan dasturxon tusab,
Iymonni ilindim sizga singiljon!

Ukalik mehrini namoyish etgan
Jonlar boshlarini tutmish har qachon.
Men esa hammaning yodidan ketgan
Iymonni ilindim sizga akajon!

"Tog‘a-pir!" degandi qaysi bir oqil,
Pirlik maqomingiz o‘tayman qachon?
Murid sovg‘asini aylangiz qabul- 
Iymonni ilindim sizga tog‘ajon!

Onamning singlisi - qalbim surati,
Turfa liboslarning o‘rniga bu on
Muhtaram volidam isi hurmati
Iymonni ilindim sizga xolajon.

Iskandar misoli kimdir dunyoni
Poyiga to‘ldirmish jannatim debon,
Men oddiy farzandman, eslab Xudoni
Iymonni ilindim sizga onajon.

Onajon, otajon, singlim, tushuning
Sizga bu dunyoda kelar tilingim,
Abadiy dunyoning saodati deb
Boshqa hech narsani yo‘qdir ilingim...

... Balki bu siz uchun katta sovg‘amas,
Balki kulgingizga sababdir tuhfam?!
Ammo shuni biling, iymonsiz olam
Hech qachon ochilmas, abadiy qafas.

Unda na havo bor, va na bir teshik
Go‘zallikdan bahra olmoqchilarga,
Tarozi shu qadar ishlarki aniq
Gunohin o‘zgaga solmoqchilarga.

Qiynoqlar tinmasdan, qalblar bezovta
Tanalar bir erib, qayta tiklangay.
Dunyoning jamiki chiroyi sohta,
Alar jahannamda bosib yuklangay...

Iymonsiz dunyoning lazzati nedir,
Islomsiz hayotning ma’ni ne asli?
Ushbu savolimga javob bittadir
Bu dunyo aslida yolg‘onlar fasli!

Keyingi hayotda imkon berilmas,
Keyingi umrning sinovi yo‘qdir.
Iymon bilan o‘lgan pushaymon bo‘lmas,
Uning bu dunyoda armoni yo‘qdir...

Shu bois, iymondan ilinjim o‘zga,
Boshqa bir tuhfam ham yo‘qdir, jonlarim!
Siz meni qanchalar sevsangiz shuncha
Iymonni ulashdim, qadrdonlarim!

ZAMIN NIDOSI

Oxiratning alamli holi
Berar manim ko‘nglimga g‘ashlik.
Zamin bukun qariya kabi
Izlamoqda sarg‘aygan yoshlik.

Afsus yoshlik qanchalik olis,
Qancha uzoq olgan bo‘lsa yo‘l.
Bugun zamin shu qadar ma’yus
Ortga qarab cho‘zayotir qo‘l.

Ortda qolgan karvonga boqib
Zamin og‘ir nafas olmoqda.
Unga chiqqan odamlar xolin
Ko‘rib bukun hayron qolmoqda.

Payg‘ambarlar xitobidagi 
"Alloh yakka" degan nidolar
Mushrik qavmga har giz yoqmasdan
Izlab ketmish turli xudolar.

Taqdir ekan, har kimsa o‘lmish
Bu dunyoda qolmagay tirik.
Payg‘ambarlar otasi bo‘lmish
Ibrohimning otasi - mushrik.

Zamin bugun libosin yechdi,
Bir voqea ketmay hayoldin
Nux Allohni yo‘lida kechdi
Mushrik o‘g‘il, mushrik ayoldin.

Taqdir ekan, boqiy savolning
Javobiga nadomat to‘ldi:
Alloh aziz qilgan ayolning
Eri mal’un Fir’avn bo‘ldi.

Bu Allohning xohishi ekan,
Ular hadni bosib o‘tishdi:
"Allohdan yot iloh yo‘q" degan
Iysoni ham sherik tutishdi.

Zamin yig‘lar, behad alami...
Ko‘rmagandi bunday saboqni:
Muso qaytib kelganda qavmi
Xudo qilib oldi buzoqni.

Ohlar urdi oxiri zamin
O’sha kundan qiziqtirmas zeb
So‘nggi rasul amaki uchun
Yig‘laganda iymon ayting deb

Ko‘z yoshini ayamay bukun
Erta uchun qilolmay toqat,
Zamin tilga kirib so‘zladi:
"U kun hali bo‘lgaydir dahshat.

Qiyomatda mening qozig‘im -
Tog‘lar jundek titilib ketgay.
Odam tushgan kundan to‘plagan
Javharlarim otilib ketgay.

Bag‘rimdagi odamlar bari
Tirilgaydir savol-javobga
Alam bo‘lsin, sitamlar bo‘lsin
Endi yo‘qdir iloj savobga.

Ustimda ne ro‘y bergan bo‘lsa
O’sha kunda hammasin ko‘rgum.
Yaxshi - yomon ishlarga bir-bir
Men o‘shanda guvohlik bergum,

Xafa bo‘lmang, ey, bag‘rimdagi
Odam nasli bo‘lib o‘tganlar.
Qiyomatda turganda afsus
Chekkaysiz siz - iymon yutganlar.

U kun endi Allohning amri
Men sizlarni chiqargum ming yil.
Qayta menga joylasholmaysiz,
Endi o‘zga tutilar manzil.

Yo jannatni, yoki do‘zaxni
Uyingiz deb bilasiz ul Kun.
Shuning uchun yig‘layotirman
Qalbimda dard biling, shu uchun.

Bugun tilga kirgan bo‘lsam mabodo.
Alloh uchun bir nima dedim.
Ajralishdan oldin sizlarga
Bir nasihat qilmoqchi edim...

QUTQARUR

Gunohlar bir kuni bo‘ladi abas,
Shirksiz ahvolingni Rahmon qutqarur.
Olti tarafing ham tuyulsa qafas,
Baytulloh joylashgan tomon qutqarur.

To‘plab mol-davlatin, ne bo‘lsa borin
Islom deb xalq ishga solsa-da korin.
Ummatning sharafin, nomus-u, orin
Birgina fidoiy qurbon qutqarur.

Qiyomat dahshati - eng ayanchli dam,
U Kunga taraddud ko‘rganlar hurram...
Dunyoning ilmini teshib o‘tsang ham
Shafoati bilan Qur’on qutqarur.

Chirkin tarixlardan bezillab yurak
Tinglamoq istaydi yaxshi bir darak.
Bashar yuz o‘girgan o‘tmishni beshak
Payg‘ambar yashagan zamon qutqarur.

Qiyomat oldidan o‘zgarar xilqat,
Chunki dunyo uzra ovoza: Diqqat!
Iyso tushgach, sodir bo‘ladi faqat
Yiqilgan yaxshini yomon qutqarur!

Aqli borlar ko‘zni katta ochdilar,
Xoyu havaslarni yerga sochdilar.
Eng so‘nggi lahzada baytga qochdilar,
Ularni Nuh kutgan to‘fon qutqarur.

Biz shuni istadik, qalbda yo‘q gumon,
Birgina duo-la o‘rnatdik qo‘rg‘on:
"Ixdinas sirotol mustaqiym" debon...
Bu katta balodan to‘g‘on qutqarur.

Xolis yashashmoqdan o‘zga bir matlab, 
Yo‘q ekan o‘zga bir tariqat, mazhab.
Hammasi ketadi qalbingni g‘ashlab...
Qutqarsa, bir kuni iymon qutqarur.

TOBE’INLAR

Payg‘ambarning vafotida bo‘lmadingiz,
Yig‘ladilar ham baliqlar, ham ustunlar.
Shul sababdin bu dunyoda kulmadingiz,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Hasan Basriy o‘z qavmiga aylar xitob:
"Robbingizga bermoqchisiz qanday javob?"
Sahobalar yo‘lin tutgan eng so‘nggi tob
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Qozi Shurayh xalifani oddiy bilib, 
Hukm qilmish g‘ayridinga foyda qilib,
Yahud qaytmish mo‘minlikka taslim bo‘lib,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Bugun o‘zin tarix ichra bilgan tengsiz
Dunyo sizni ustoz desa, arzir har giz,
Siz sababli kashf etildi ilmi hadis,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Tavhid ahli uchun eng haq yo‘l ko‘rsatgan
No‘‘mon ibn Sobit bo‘lib din o‘rgatgan,
Sizsiz o‘sha, xalaflarga nur taratgan...
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Boshiga tosh bossalar-da bo‘lmay taslim,
Ahmad ibn Hanbal kabi buyuk mazlum
"Qur’on - Alloh kalomi", deb chekkan zulm...
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Islom uchun musibatga berib bardosh,
Sahobiylar baxtin o‘ylab, sajdadan bosh
Ko‘tarmagan to balqquncha sharqdan quyosh,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Ostonaga kiritmagan malaylarni,
Nari surgan dunyo-dunyo chiroylarni,
Tor kulbadan haqir ko‘rgan saroylarni...
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

Ashoblardan Rasul aytgan rivoyatlar - 
Muborakdir, sizga nasib omonatlar...
Omonatga qilmadingiz hiyonatlar,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan, tobe’inlar.

PAYG’AMBARNI TANIMAGANLAR

Kimda ong bor, shul xitobni tinglasin,
Garchi yuzin turfa niqob to‘sganlar:
Alloh yo‘lin qaerdan ham anglasin
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Kashf etganin bilar kim yupiterni,
Zardusht o‘ylab topgan ming asortirni,
Yelka qisgan bilmay Abu Bakrni
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Odillikda "Pyotr bir"ni o‘rnak der,
Ul tarixni yig‘lab-yig‘lab ko‘rmak der,
Umar haqda aytilganni ertak der
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Kimning qaysi shajaradan chiqishi
Unga xushdir, bor erur qiziqishi,
Usmon bilan bir chaqalik yo‘q ishi
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

"Alloh bir", deb tavhid uchun yig‘lamas,
Eng haqiqat yo‘lni ko‘ngli xohlamas,
Yo Ali, deb shirk keltirar har nafas
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Otasiga bemehr-u, toshbag‘ir,
Onasiga bergan joyi hujradir,
Oyisha onam, desang, hayrat ichradir
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Qiyomatni ertak deb bong urgan ham,
Majlislarda Alloh yo‘q deb yurgan ham,
Botil yo‘lni qalbga oshno ko‘rgan ham
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Ularga haq so‘zni aytma, bo‘lmas naf,
Barbir istab ketarlar boshqa taraf,
Ko‘ngling buzar, dinga qarshi tortib saf
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Tinglama bas, yolg‘onga g‘arq so‘zini,
Istama eng og‘ir payt ham yuzini,
Mushkul erur tanishi ham o‘zini
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

Orzulari bir kun yeldir, tutundir,
Istaklari bir tomoqqa yutumdir,
Qiyomatda jahannamga o‘tindir
Payg‘ambarin tanimayin o‘sganlar?!

HAZRATI UMARNING NASIHATI

O’g‘lim, jigarporam, mening dilbandim,
Dunyo tashvishidan sira ham kuyma.
Kelmasidan burun kutilmas o‘lim
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Senga yo‘l ko‘rsatmish ilohiy Qur’on,
Payg‘ambar sunnatin aylagin qo‘rg‘on.
Go‘zal bog‘-rog‘ingni bossa ham to‘fon
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Har bir solih ishning og‘iri bo‘lmish,
Botini, o‘rtasi, zohiri bo‘lmish.
Diningning avvali, oxiri bo‘lmish
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Dunyo o‘yin qilar seni har bir dam,
Gohi qayg‘udasan, gohida hurram
Dunyo sahnasidan mag‘lub chiqsang ham
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Odamlar dunyodan ketib, kelmishlar
Ba’zan Alloh bergan umrin yemishlar.
Payg‘ambar "Ko‘zimning nuri" demishlar
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Savol-javob asli shundan boshlanur,
Inson qilganini albatta ko‘rur. 
Osmonda farz bo‘lgan ibodat erur -
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Dunyoda turfa xil tariqat va yo‘l,
Benamozlar tutgan yo‘ldan nari bo‘l!
Bay’at bermoq bo‘lsang, islomga cho‘z qo‘l -
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Iffatli va go‘zal hayot istasang,
Saodatga sari sabot istasang,
Qiyomat kunida najot istasang,
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

Ertaga kech bo‘lur, ko‘ngil buzolgum,
Na bir madadkor, na homiy tuzolgum
Bugun faqat yordam qo‘lin cho‘zolgum,
O’g‘lim, namozingni boy berib qo‘yma!

YO RASULALLOH!

Odam Ato boshlab bergan manhajni
Aylagan qabulsiz, yo Rasulalloh.
Tasdiqlab shahodat kalimasini, 
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Me’rojga "marhaba" deb ko‘tarilgan,
Yig‘lagan Musoni ovutib ketgan, 
Iysoni eng yaqin birodar tutgan
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Halilulloh bo‘lmish Ibrohimga ham
Salovat aytishga undagan odam,
"Namoz - ko‘zim nuri" degan so‘nggi dam
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Og‘ir yo‘llarda ham bosib ming tikan
Har lahza ummatning qayg‘usin yegan,
So‘nggi lahzada ham "Ummatim" degan
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Ba’zilar sunnatdan voz kechib ketmish,
Siz aytgan firqalar bo‘ldilar yetmish...
Bashar garchi turli yo‘llar kashf etmish,
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Bilaman, dahshatdir tirilguvsi Kun!
Sizga izn bo‘lgay shafoat uchun,
Tavhidni tutganlar salomat butun...
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

Tinmagay ummatning tilovatlari
Qur’on taratmish xush tarovatlarin.
Allohning salomi, salovatlari
Siz so‘nggi rasulsiz, yo Rasulalloh,
Ham Allohga qulsiz, yo Rasulalloh.

OLIMLAR

Payg‘ambarim aytmish vido dunyoga,
Sahobalar ham topmishlar o‘limlar.
Qur’on hifzin olmishlar o‘z bo‘yniga 
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Hamma yiglar to qiyomat yursin deb,
Olam bitta olimini ko‘rsin deb,
Baliqlar ham duo qilar, tursin deb
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Ummat olim qanday bo‘lsa shundaydir,
Olimisiz qolgan kuni tundaydir.
Ummat ahlin o‘z yo‘liga undaydir
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

So‘ray desak, Rasul yo‘q oramizda,
Yo‘l olamiz ular tomon oxista, 
"Osh tuzi" deb ta’rif olgan hadisda
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Qozilikni mansab bilmay qarolgan
No‘‘mon o‘tdi dunyodan yuz burolgan.
Hanbal bo‘lib haq deb otda sudralgan
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Bosh kundada, va le haqqa chaqirgan
Islom uchun bor ovoz-la baqirgan
Qur’on - Alloh kalomi deb hayqirgan
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

"Rosululloh, siz zaminda yotibsiz!"
Deya kirgan Madinaga ulovsiz
Molik o‘tdi so‘nggi onda qarovsiz...
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Badanlari tilka-pora bo‘lganda
Din dushmani gazablarga to‘lganda,
Foniy dunyo uchun qilmish bir xanda
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Ammo guruch ichra paydo kurmaklar
Bul muqaddas yo‘llarda ham emaklar.
Haq turganda, aytib o‘tgan ertaklar
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Gohi istab shoxlig-u, hukumatni,
Puch dunyoda toptab izzat- hurmatni,
Adashtirmish ba’zan butun ummatni
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Ular haqni yashirurlar uyalmay,
Do‘stin aybin toshirurlar uyalmay,
Eng mukarram sharafni-da tuyolmay
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

Balki bizlar bir kun unday, bundaymiz,
Olim toysa, uni haqqa undaymiz -
Chunki ular qanday bo‘lsa, shundaymiz
Payg‘ambarlar merosxo‘ri - olimlar!

DARS BERING!

... Dunyoning jamiki yo‘lini ko‘rdik,
Endi bir pokiza yo‘lni ko‘rsating.
Yolgon tarixlardan yuzimiz burdik,
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

O’rgandik jadvalning ne bo‘lsa qismin
Xatto bilib oldik hayvonlar jismin.
Va le bilmay o‘sdik Allohning ismin
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Tarix-u, jugrofiy, kimyolar yaxshi,
Ko‘zimiz ilgamas dunyolar yaxshi,
Aljabr fanidan baholar yaxshi,
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Angladik iymonsiz fanlar mo‘rtligin,
Go‘yo darvozasiz, shohsiz yurtligin
Bildik ikki karra ikki to‘rtligin,
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Bugun boshimiz xam, barcha tan olmish,
Ustimizdan ming-ming togutlar kulmish,
Hamma ilmlarning asosi bo‘lmish
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Aziz muallima, muhtaram ustoz,
Abadiy do‘zaxdan bo‘laylik xalos,
Kuniga bitta dars, mayli zarra, oz...
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Asli iymon bila islom sharafdir,
"Alloh - bitta!" degan kalom sharafdir,
Dunyoning darslari bo‘lak tarafdir,
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

Bu ilm farz bo‘lmish har yigit-qizga,
Bu yo‘l Allohimdan omonat sizga,
Yarashmas ushbuga hiyonat sizga,
Iymondan dars bering, islom o‘rgating!

SHUNDAY YASHAYMIZ!

Qur’onda bizlarga o‘rgatmish Alloh:
Shafotingizni kutib yashaymiz.
Dunyo ne desa, der, yo Rasululloh,
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Odamlar tomondan qonunlar chiqib,
Bizni zulumotga ketganda yiqib,
Qiyomatda Alloh nazar solsin, deb
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Qalbimiz Alloh deb hamisha tetik,
Dunyo uchun butkul uzildi hadik...
Bandalar bandaga qilsa bandalik,
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Biz eng baxtli qavmmiz, nechalar dinda
Adashdilar qancha-qanchadan banda.
Tamom kufrlarga botgan zaminda
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Birgina yo‘l bo‘lsa, shu asli talab -
Yurakni zig‘ircha qo‘ymagan g‘ashlab.
Minglab kufr yo‘lni changitib tashlab
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Qiyomat kunida bizni ummat deb 
Atashingiz uchun ketmaymiz qaytib.
Faqat Alloh - iloh, shiorin aytib,
Shariatingizni tutib yashaymiz!

Mayli bu dunyodan o‘taylik kulmay,
Bir kungina rohat, farog‘at bilmay,
Dunyo qonunlarin pisanda qilmay
Shariatingizni tutib yashaymiz!

QIYOMAT KELMOQDA...

Dunyo asta sekin muddatin o‘tab,
O’chirmoqda asriy yorug‘ chirog‘in.
Zamin piligi ham oshkora tutab
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Karvon ham bir kuni manzilga yetgay
Bosib bu dunyoning jamiki bog‘in.
G’arbning osmonidan bir kun tong otgay - 
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Bukchaygan tog‘larda umr zavoli,
Gulzorlar ichida tingaydir shovqin.
Yerning nafasini qo‘yingiz holi,
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Ayollar qozilik mansabin olmish
Oyning yuzidan ham o‘chirib dog‘in.
Erlar dayuslikni kasb-kor qilmish -
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Otalar o‘g‘ilning zarbidan yig‘lab
Kimga aytish bilmay kezsa firoqin,
Ota jussasidek horg‘in, oriqlab
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Dunyo ko‘zing ochsang och, aks holda
Seni o‘z domiga tortqilar oqim.
Odam ato davri bo‘ldi ibtido,
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Hammaga quvnamoq, kulmoq yoqadi
Extimol quvonchdan sakramoq mumkin.
Afsus kulmoqlikning davri tugadi - 
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Ishonmasang, qara, ko‘cha-ko‘y - belgi,
Oddiy hovlilardan olarsan saboq.
Hammasi hoziru nozir... bir turtki
Hayot endi Yerga juda ham yiroq.

Har ne ish oxiri bo‘lgani kabi
Tugagani misol har qanday shovqin.
Inobat bo‘lmagay inson talabi - 
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

Bu inson dunyoni haroba etdi,
Xudoga xudolik da’vosin qilib.
Yashamadi bir kun o‘zini bilib,
Qiyomat kelmoqda... oxirat yaqin!

IBRAT

Dunyoda eng katta, zo‘r ibrat
Izlasang, sengadir shul shior,
Payg‘ambar qilmishlar nasihat:
"Qabrga bor, qabristonga bor!"

Boshingga baxt qushi oshiqdi,
Mol-davlat yo‘lingga turar zor -
Quvonchdan sapchima, yaxshisi
Qabrga bor, qabristonga bor!

Ba’zida hayotdan norizo
Ko‘nglingga o‘rnashmish ming g‘ubor.
Hammasi o‘tkinchi, serbaqo
Qabrga bor, qabristonga bor!

Olimlar ko‘p edi, xo‘sh qani?
Hammasin kul bo‘lmish gulshani... 
Haqiqiy ilmlar maskani - 
Qabrga bor, qabristonga bor!

Yaqinlaring qiynab qo‘ysa, bas 
Dunyo sanga tuyulsa qafas, 
Tiriklarning uyiga emas, 
Qabrga bor, qabristonga bor!

Har kuni o‘limdan hadiklar...
Ko‘zingda ko‘ryapman kuyuklar.
Joningga tegdimi tiriklar?! -
Qabrga bor, qabristonga bor!

Bilib bo‘lmas inson bolasin,
Ichda ekan uning olasi...
Eng rostgo‘y do‘stlarning davrasi - 
Qabrga bor, qabristonga bor!

Shovqinli bu dunyo shiddatdir,
Uning alam, dardi behaddir.
Jim bo‘lsa-da katta ibratdir -
Qabrga bor, qabristonga bor!

Tuproqdirmiz hammamiz bekam,
Shahanshohga to‘lmish poyqadam, 
Unda Chingiz, Botu, Qaysar ham...
Qabrga bor, qabristonga bor!

O’lim haqdir, keladi bir kun
Qayta bog‘liq bo‘lmas bu tugun...
Ixtiyorsiz kelishdan burun
Qabrga bor, qabristonga bor!

TARTIB

O’lim degan podshoh bir kun eshik qoqar 
Xudo bilar u kimlarga xushro‘y boqar...
Bu haqiqat kimga yoqmas, kimga yoqar: 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga...

Yoshligingda ota-onang tuggan tugun 
Yechilishga tayyorgarlik ko‘rar bugun, 
O’lim uchun tadoriging yo‘qdir nechun?! 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga...

Payg‘ambarlar ketdilar-u, ibrat yo‘qdir, 
Tobut turar senga ilhaq, ko‘ngling to‘qdir.
Hammaga bir-bir otilgan aniq o‘qdir - 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga...

Osmono‘par binolar ham darz ketdilar, 
Eng chiroyli sanamlar ham qarz ketdilar.
Va hammasi bir manzilni uy etdilar,
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga...

Bolang yig‘lar saboq istab, non tutasan 
Johil o‘ssa, yig‘lab tag‘in qon yutasan. 
Ayt, munchalar nimani zor-zor kutasan 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga!

Nodon asli kibr bilan ko‘krak kerur, 
Iymonini puch dunyoga sotib berur... 
O’lmaysan, deb aldayotgan shayton erur 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga!

Harob aylab gulbo‘stonda gul hayotni 
Alloh turib, do‘st tutmagin o‘zga yotni. 
Unutmagin eng azaliy tartibotni: 
Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga!

IYSO IBN MARYAMGA!

Siz aslida islomni 
Odamlarga ilingan,
Onangiz pokligi ham
Siz orqali bilingan,
Bugun mo‘minning qalbi
Siz uchun naqd tilingan,
Asli ulardan ko‘ra,
Siz bizlarga mahramsiz,
Dajjolni yo‘qotuvchi
Iyso ibni Maryamsiz.

"Muhammad ummatiman" - 
Deb ovoza qilgan - siz.
Eng oxirgi ummatni
Saodatli bilgan - siz.
Qiyomat nafasida 
Shu ummatda o‘lgan - siz,
Asli - masihiylarning
Qalbidagi alamsiz,
Quyoshni uyg‘otuvchi
Iyso ibn Maryamsiz.

Qavm adashib ketdi 
"Xudoning o‘g‘li" deya,
Parvardigor sha’niga
So‘zlar aytmish nojo‘ya.
Bugun bu - sinov uchun
Eng qulay yo‘l, voqea.
Asli siz ham Allohga
Qul, banda va qaramsiz,
Shirk yo‘llarni otuvchi
Iyso ibn Maryamsiz.

Xoch ko‘targan insonga
Asli shubha qilaman.
Chunki o‘zimni undan 
Sizga yaqin bilaman.
Alloh Rosuli degan,
Iymon ila o‘laman
Garchi mening qalbimdan
Otilgan dard, nolamsiz,
Islomiy dard totuvchi
Iyso ibn Maryamsiz.

BENAMOZLIK

Mo‘minlikka da’vo bo‘lmas benamozlik,
Bir kunga ham ravo bo‘lmas benamozlik,
Bu dunyo-ku besh mahaldek o‘tar - ketar,
Lek qabrda xavo bo‘lmas benamozlik,
Jazolarga davo bo‘lmas benamozlik.

Qur’onda ham uning misli kelgan qavm bu,
G’iybat-la o‘z do‘sti go‘shtin yegan qavm bu, 
Rosululloh "Bizdan emas" degan qavm bu,
Peshonasin qoraytirmish - benamozlik,
Qabrini ham toraytirmish - benamozlik!

Bu gunohki, ko‘ngillarni mast qilguvchi,
Inson degan sharafni-da past qilguvchi,
Boshga balo kunni haqqi rost qilguvchi
Gunohlarning kabirasi - benamozlik,
Asli shirkning nabirasi - benamozlik!

Joynamozlar sarpolarga joylanadi,
Ayting, qo‘llar qachon Haqqa boylanadi,
Nahot inson do‘zax sari shaylanadi?!
Shayton tuhfa etgan tug‘yon - benamozlik,
Yaratganga eng zo‘r isyon - benamozlik,

Besh mahalga beparvodir "Alloh - bir!" deb, 
Og‘ir kunda tag‘in aytar "panoh ber!" deb,
Shuni aytsa kerak-da, "haq, gunoh bir", deb
Muhrlanmish qalbi mangu - benamozlik,
Namozshomda go‘yo uyqu - benamozlik!

Bobolari sajdadan bosh ko‘tarmagan,
Yaratgandan o‘zga iloh axtarmagan,
Ox bu farzand, nechun desang ko‘karmagan - 
Daryo qurib o‘rnida cho‘l - benamozlik!
Do‘zax sari eng qulay yo‘l - benamozlik!

Taxtdan tushib besh vaqt namoz qilgan el bu,
Har kunini Allohdan deb bilgan el bu,
Dini bois bu dunyoga kelgan el bu,
Yelkasida uning bugun benamozlik,
Hech yechilmas jirkanch tugun - benamozlik!

Payg‘ambari kelib-da, bir o‘rnak olmas
Bu millatning buguniga qilmang havas.
Saroylari qulab, o‘rnin topsa abas
Biling, asl sabab erur benamozlik,
Haq sizlarga javob berur benamozlik!

Buxoriylar, Termiziylar, Naqshbandlar
Shu o‘lkadan chiqqan edi, jigarbandlar,
Ularni-da odam qilgan labda hamdlar,
Ular uchun eng katta or - benamozlik,
Bugun bizni aylagan xor - benamozlik,

Sinolari namoz o‘qib tabib bo‘lgan,
Navoyisi sajda chog‘i habib bo‘lgan,
Qodiriysi tergovda ham namoz qilgan,
Bu millatga katta uyat - benamozlik,
Tarix uchun katta g‘orat - benamozlik!

... Dunyo uchun nima qilsang qilavergin,
O’zingni kim bilsang, shunday bilavergin,
Ammo so‘nggi xitobimga quloq bergin:
Jahannamga ziyoratdir - benamozlik,
Insonlikka hiyonatdir - benamozlik!

O’ZBEKNING IQRORI

Dunyo meni tanir degan shubhada
Yurdim, odamlardan umid-la faqat.
Endi noilojman, o‘zimni o‘zim
Tanishtirmoq bo‘ldim, bergin ijozat:

"O’n to‘rt asr bo‘ldi mo‘minligimga
Rosul kelgan kuni odam bo‘lgandim.
Olovlarni sanam, suvni xudo deb
O’sha davrgacha ruhsiz o‘lgandim.

Tilovat neligin bilmagan qalbim
Yovvoyi adirda unsiz yig‘lagan.
Allohning nomisiz o‘rnidan turib
Allohning nomisiz tunda uxlagan.

Bugun tariximni sinchiklab o‘qib,
To‘maris nomiga to‘xtalsang agar,
Daftarchangga yozib qo‘y quyidagini:
"Bu - bir tug‘ilmasdan oldingi xabar..."

Chunki men tug‘ilgan onim dod solib,
Dunyoga teran bir nigoh-la boqdim.
Islom kelgan kunni tug‘ilgan kun deb
O’sha kun ming yillik daryodek oqdim.

O’rmonlarga oshno tariximni ham
Bugun eslagim yo‘q negadir, do‘stim.
Chunki men aslida Rosul kelgandan
Keyin bir odamga o‘xshablar o‘sdim.

Qonimda oqdi-ku islomning ruxi,
Buxoriy bo‘lib u dunyoga chiqdi,
Dunyo uxloq edi, faqat farzandim
Rosul tashlab ketgan xadisni yig‘di.

Unga ko‘makdosh ham chiqdi Termizdan,
Termiziy nomi-la qozondi shuhrat.
Samarqandiy ila Naqshband chiqqach,
Islom sharaf ila topdi haqiqat.

Tinmasdan chiqdilar olimlar qator,
Sinoning qo‘llari shifoga tutash.
Keyin bilsam mening qonim ham asli
Otam Ato, Momo Havoga tutash.

Ularning vatani - jannat ham menga
Asli vatan ekan - bugun angladim.
Rosul kelgan kunga qadar kunimni
Tarix qatlaridan olib tashladim.

Bugun Samarqandim, Buxoroimni
Ikki ming yilga ham qilarlar qiyos.
Shunda ko‘r dunyoga baqirgim kelar:
"Bu yillar aslida menga emas mos.

Dunyo belanchagi atama meni,
Qora o‘tmishlarga tutmagin yaqin.
Agar bilmoq bo‘lsang mening yoshimni
Rosul kelgan kundan boshlab sanagin

Men o‘sha kun asli odam bo‘lgandim!"

YOVUZ KUN

Dunyo bir seskandi, dunyo bir to‘zdi,
Iymon har tomonga sochilgan kuni,
Xilqat ummonida vajohat suzdi
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Qahrdan tug‘ilgan bu yovuz dillar
Faqat ma’siyatga cho‘zmishlar qo‘llar - 
Hamma gunohlarga ochildi yo‘llar
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Allohga har qancha to‘kmasin ko‘z ashk,
Erlarning qalbidan ko‘tarildi rashk.
Kufr, shirk yo‘lida boshlandi kurash
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Saltanatlar ketdi, quladi yurtlar,
Bo‘y ko‘rsatdi ko‘ngli chirkin beburdlar
Oldlar yig‘ladilar, chinqirdi ortlar
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Qushlar parvozida halovat yo‘qoldi
Baliqlar ovozsiz faryodlar soldi.
Ko‘zimiz o‘ngida g‘urur toptaldi
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Silkindi og‘riqdan go‘dak beshigi,
Yopildi mehrning so‘nggi teshigi.
Yopildi iymoning so‘nggi eshigi
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Endi fisq yurmaydi, unda bor qanot...
G’urabo faxshga berildi hayot.
Ming yillik qonunga darz ketdi xayxot
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Boshqa amallarni qilsang-da tinmay, 
Endi gunohlardan ketding og‘rinmay - 
Eng so‘nggi fitnaning oldi olinmay
Ayollar avrati ochilgan kuni.

Bu katta gunohning avvali qani?
Bu jirkanch gumrohning avvali qani?
Savollar javobsiz qolgan hamisha,
Javob izlab hamma tolgan hamisha.

Chunki bu savolning javobi yo‘qdir,
Erkaklarning ko‘ngli gunoh-la to‘qdir.
Islomga ilk daf’a otilgan o‘qdir -
Ayollar avrati ochilgan kuni.

BO’LMAGIN

Islomga do‘st bo‘lding, kufrga dushman,
Muqaddas yo‘lingga harif bo‘lmagin.
Vujuding olovda erib ketsa ham
Iymoning qatida zaif bo‘lmagin.

Gunohlar urchigan kunduzgi kunlar,
Shahvat faryodidan qoraymish tunlar,
Do‘zaxga bo‘lmayin desang o‘tinlar
Ko‘zi qonga to‘lgan shahif bo‘lmagin.

Go‘zallar o‘tarlar ko‘zni o‘ynatib,
Shaytoniy ohangda qalbing kuylatib,
Sen shunda ularni g‘amgin o‘ylatib
Latif shahvatlarga latif bo‘lmagin.

Umringga o‘rnashsin eng oliy tuyg‘u,
Faqat islom bo‘lsin sen uchun qayg‘u.
Faqirlar poyida boshing sadqayu,
Sultonlar nazdida sharif bo‘lmagin.

Pokiza maslaging chekkanda faryod
Topolmay qolasan tuzuk bir najot.
Bir pulga chaqilmas yurtda e’tiqod
Kufr ahli uchun nazif bo‘lmagin.

Dunyo arzimaydi yiqqan zaringga,
Yaxshisi shukr qil yo‘g‘-u boringga.
Yordam so‘rab kelgan birodaringga
Madina bo‘lgin-u, Toif bo‘lmagin.

MAJNUNTOL

("O’zbekiston milliy bog‘i"dagi "oshiq-ma’shuqlar"ning gunohlarini berkitadigan majnuntol haqida bitilgan she’r)

Yo‘limda uchragan majnuntol, 
Ko‘nglimda savolim bisyordir.
Har qancha ko‘rinsin qadding dol, 
Botiniy manzarang viqordir.

Poyingda "oshiqlar" bir-birin 
Visolin topadi bemahram,
Avratdan ayrilgan sochlaring 
Ularning gunohin yopgan dam.

Sevgiga yo‘g‘rilgan gunohlar 
Qilinar yetkazib maromga.
Allohga osiylar, gumrohlar 
Poyingni to‘lg‘azdi haromga.

Hali o‘n gulidan bir guli 
Ochilmay, "sevgi" deb turganlar
Qaddingni uy bilib, poyingni 
Gunohga ma’qul joy ko‘rganlar.

"Milliy bog‘ ko‘rki!" - bu ta’rifing,
Bul shior aslida kazzobiy
Hazrati Umarlar seni-da
Kesishni sanardi ijobiy.

Har kuni ko‘raman poyingda 
Alamli dunyoning hasrati - 
Maktabni bitirmay, poyingga
Sevgi deb yo‘l olgan la’nati!!!

Uning ham qaydadir akasi,
G’ururli ukasi bor axir... 
Afsuski ana shu kaslar ham
Poyingda bajargan nenidir...

Bo‘lmasa ne deyin, xo‘sh, ayting,
Yoshligim o‘tgan bul maskanda
Nikohsiz tortinmay, uyalmay
Kimnidir tortqilar gazanda.

Kazzoblar madh qildi tinmayin
So‘z ochib sevgi, muhabbatdan.
Gunohlar qaddingni dol qilgan,
Egilib qolgansan UYATdan!

IQROR

Foniyda o‘lim bor, aslo qolmaymiz,
O’lim farishtasi kelar bir kecha...
Oltin sochmaymizmi, ODAM bo‘lmaymiz,
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Extimol, farzandlar qolar bizlardan,
Balkim dunyo o‘rnak olar bizlardan.
Ammo vujudimiz tonar bizlardan
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Osmonlarda balki xayot qilarmiz,
Quyoshning yonida o‘ynab kularmiz...
Biroq biz hamisha tuban bo‘larmiz
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Dunyo dars olsa ham bizning onglardan,
Turfa jilo bergan turfa ranglardan...
Hech kim emasmiz biz erta tonglardan
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Ko‘z chaqnar, dunyodan ko‘ngil to‘q, qalb to‘q:
"Saodat bormikan bundan ham ortiq?!" 
Asli bir bir chaqalik qiymatimiz yo‘q
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Fir’avnlar yashab o‘tgan makon bu,
O’zni xudo sanab tutgan makon bu.
Oqibat bo‘lakcha bo‘lmas, hamon bu
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

"Otamiz kimgadir, otamiz ham bor".
Belgilab bermaydi bu yolg‘on shior.
Chunki bir kun kelib mal’unmiz va xor
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Mayli zoxiriga qilsinlar xavas.
Uning botinida ma’no bo‘lsa, bas.
Keraksiz qovoqdan boshqa narsamas
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

Shu bilan insonlik bo‘ladi paydo,
Shu bilan azizdir bu ko‘xna dunyo.
O’zni majburlaylik, qo‘ymaylik aslo
Boshimiz sajdaga tegmagunicha!

TAKROR

"Allohdan boshqa iloh
Yo‘q!" degan ovoz bilan
Qulog‘i ochilganda
Chaqaloq kulgan ekan.

Jannat hidi ufurib
Kulgisi-la xonani
To‘ldirganda, qalbiga
Mehr tushgan onaning

Asta sekin emaklab
Joyiga o‘tirganda
Uydagilar o‘rgatmish
"Bismilloh"ni bekanda,

Oyoqqa turib oxir
Ko‘cha xatlagan kuni
Bobosining ko‘zida 
Ko‘rsang edi orzuni...

Bu orzular bir kuni
Amalga oshmish yo Rab!
Bola yo‘l olar edi
Balog‘at yoshga qarab.

Bunda ham bir go‘zal sir,
Ajib bir sinoat bor.
Vo darig‘, namozi ham
Balog‘atiga tayyor!

So‘ng hayotning darslari,
Ko‘cha - ko‘yning dunyosi...
Shakllana boshlaydi
Iymoni-yu, hayosi.

Fitnagar bu dunyoning
Ishlarin qilar taxlil
Qur’on voqealari
Eng katta ibrat, tamsil.

Oila qurar go‘zal, 
Islomiy muxit ila
Ushbu go‘zal hayotga
Farzand bo‘lar vasila.

Uning tarbiyasi ham
Ishonchli qo‘llardadir.
Fitrat-u, sog‘lom hayot
Islomiy yo‘llardadir..."

... Bul go‘zal voqeani 
Qancha qilmagin takror,
U o‘z salobatini
Yo‘qotmagaydir zinhor.

"Nega?" degan savolga
Javob izlab ko‘rgin bir...
Asli yaxshi narsaning
Takrori ham shirindir.

UMMAT

Bir tun uxlayolmay chekdim nadomat,
O’zimga ham qildim tinmay malomat.
Tarixida har ne ko‘rsam ko‘rdim, lek
Umardan so‘ng birlashmadi bu ummat.

Umar ketdi bu ummatga ishonmayin,
Chunki iymon zaiflashmish kun sayin. 
Abu Zarlar hayqirganda tinmayin,
"Ne dard bor?" deb sirlashmadi bu ummat.

Kengliklardan oqib keldi gumrohlar,
Asta sekin odat bo‘ldi gunohlar.
Hatto Qur’on nuzuliga guvohlar
Jangga chiqib, yarashmadi bu ummat.

Qalblar so‘ndi, yuzlar bo‘lmish bediyda,
Ko‘ngil o‘ldi ibodatlar paytida,
Ali, Usmon bo‘g‘izlandi baytida
Axli baytga qarashmadi bu ummat.

Buxoriyning qonga to‘lmish yanog‘i, 
O’tdi sarson topilmayin hamrohi,
Son jihatdan oshsa oshdi sanog‘i,
Lek oz bo‘lsin kurashmadi bu ummat.

Tilab qoldi imon qalbning sabrini,
Vujud esa tark etdi qalb jabrini,
Umar ibn Abdulaziz davrini
Ko‘tarolmay, ergashmadi bu ummat.

Olimlari kamaydi-yu, tanballar
O’zlariga o‘rnatmishlar minbarlar.
Sudralganda Ahmad ibn Hanballar,
Otdan tushib, engashmadi bu ummat.

"La ilaha illa Alloh" deb tillari,
Dahriyona tug‘yon urar dillari,
Bir kun bo‘lsin besaodat yillari
Bir manzilda tutashmadi bu ummat.

Nursiylarin ko‘ksida dog‘ ko‘rganda,
Imomlarin dorga olib borganda, 
Qutblarin ko‘ziga nish urganda,
Nishonidan adashmadi bu ummat.

Biri arab, biri turk-u, biri fors,
Millat degan tuyg‘u endi bo‘ldi "farz",
Bir yonda dard, kasallikdan qolgan darz,
O’z loyiga qorishmadi bu ummat.

Xorlar bo‘ldi mal’un g‘arbning poyida,
Chidayverdi eng alamli joyida,
Hayotiga joriy bo‘lmish qoida
Ila hech hisoblashmadi bu ummat.

Qur’on endi mozorlarda o‘qilmish,
Turli fasod rivoyatlar to‘qilmish,
Endi to‘g‘ri yo‘llarda ham qoqilmish,
Haq yo‘liga unashmadi bu ummat.

... Shul so‘zlarni o‘ylab o‘ylab uxladim,
Faqatgina Allohimdan tiladim.
Alam bilan ko‘zimda yosh, yig‘ladim - 
Umardan so‘ng birlashmadi bu ummat!

NOUMID - SHAYTON!

Olim edi, bir kun ul Iblis bo‘ldi, 
Niyati odamni qilmoq beimon.
Ammo odamlarga berildi imkon,
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Inson degan so‘zga qofiya - isyon,
Va lekin oz bo‘lsin, ba’zida "imon". 
Birgina kalima oxirgi zamon...
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Odamlar tinmasdan haddan oshdilar,
Imondan chiqdilar, har yon qochdilar,
Hattoki, osmonga toshlar otdilar,
Va lekin...
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Har kim turli tomon nigohin tikkan,
Umidli ko‘zlarda "Alloh - bir" degan
Kalima yangrasa kifoya ekan...
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Ba’zan qalbimizga tushar tugyonlar,
Ba’zan qarshi olsak og‘ir to‘fonlar,
Haqni topib kelgan Abu Sufyonlar...
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Ko‘pchilik bilmaydi iymon lazzatin
Umidga ishonib yashamoq baxtin,
Asli bu eng aziz, eng yaxshi sokin,
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

Eng so‘nggi manzilni tavba bilaylik,
Allohdan so‘raylik, Unga yig‘laylik.
So‘ngga lahzada ham umid qilaylik,
"Noumid" degan nom shaytonga qoldi.

SAHOBALAR

Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Hamza,
Muoviya, Abu Sufyon, ibn Umar... 
Qorong‘u yo‘l yoqasida nurli sho‘‘la - 
To Qiyomat bizga hujjat - sahobalar!

Men sizlarni yaxshi ko‘rdim, yaxshi bildim.
Hayotingiz hayotimga o‘rnak qildim.
Rasululloh manhajiga qalbi salim,
Yo‘llarimga nuri himmat sahobalar.

Siz-la islom siyratini ushlab qoldi,
Munofiqlar barmoqlarin tishlab qoldi.
Siz ketdingiz - bu ummatdan nur yo‘qoldi,
Siz-la birga ketgan izzat, sahobalar.

G’orda qolgan birodarin uyg‘otmay deb,
Abu Bakr ilon chaqsa, turdi chidab.
Me’roj kuni Siddiq bo‘ldi aylab xitob:
"Tasdiqlayman barin faqat", sahobalar.

Ayol haq so‘z aytsa, uni to‘g‘ri bilib
Umar o‘tdi adolatni shior qilib,
Bir umrga bir libosin dorga ilib
Qalbi birla ko‘rsatib xad, sahobalar.

Farishtalar hayo qilgan Usmon o‘tdi,
Tilovati payti boshdan qalqon o‘tdi.
Shuning bilan saodatli zamon o‘tdi
Shundan keyin ketdi nusrat, sahobalar.

Xolid o‘tdi badanida tig‘ yemagan
Joyi qolmay, biror jangda yengilmagan.
Zohid Salmon ibodat-la tong bilmagan
Ajratmagan jihod, toat, sahobalar.

Abu Zarning ko‘zlarida yondi yolqin,
"La ilaha illa Alloh"ni aytish uchun
Rozi bo‘ldi bu dunyoning xor va chirkin
Hayotiga ulkan jannat, sahobalar.

Qo‘lda bayroq, Makkadagi chiroyli qalb,
Rosulining vafotidan qo‘rqib, yo rab
Vafot etgan yuztuban va yerga qarab
Mus’ablardek ko‘ngli hijrat sahobalar.

"Rasululloh tuyasiga taqlid qilgan
Tuyam mening markabimdir, bilsang", degan
Abdullohlar o‘tdi bosib ming bir tikan,
Lek oyoqqa yetmay zahmat, sahobalar.

Abu Sufyon, Hamzaga bosh egmoq zarur.
Un-da sharaf, un-da faxr, un-da g‘urur.
Olam sizga bosh egsa ham, qalbi mag‘rur
Boqmadingiz biror soat, sahobalar.

Poyingizda oltin oltin dunyo oqdi, 
Rumdan tortib Erongacha mamnun boqdi.
Vale sizning poyingizda xo‘p uloqdi
Bir qiymati yo‘q saltanat, sahobalar.

Muhojirlik bo‘ldi nasib sizga og‘ir,
Ansoriy deb nom olgan ham sizsiz, ahir.
Qon-qoniga singib ketgan ming bir tomir
Bir-biriga nur va rahmat, sahobalar.

Bugun yo‘qsiz, sizsiz ummat g‘arib va xor.
O’zidan kam jamoadan yetib ozor.
Bugun uning yashash joyi keng bir bozor
Yotar yeri shum Shaytanat, sahobalar.

Yo‘limizni yoritguvchi hilollar yo‘q,
Haromlar bor, tuzatguvchi halollar yo‘q.
Endi bizni uyg‘otuvchi Bilollar yo‘q.
Azonimiz bo‘ldi g‘aflat, sahobalar.

Mo‘minlarning onalari o‘tdilar, bas.
Bugungilar bu ummatga ona emas.
Bu ummatga hech kim endi qilmas havas.
Chunki o‘ldi haqqiy toat, sahobalar.

Erlar erlik qilib, haqqin qilmay ado,
Ayollarin ko‘yga qo‘ymish, bu ne savdo.
Na’zu billah, da’yuslikni qilar da’vo, 
G’arb quliga do‘ngan xilqat, sahobalar.

Fatvolar bor hadislarga ters yuruvchi,
Imomlar bor tumorlarga dam uruvchi,
Rasululloh la’natlagan tashiruvchi
Shaxslar dinga qilar "xizmat", sahobalar.

Islom uchun jahd desalar, hayratlar bor,
Bunda ruh yo‘q, faqatgina suvratlar bor.
Alamlar bor, sitamlar bor, hasratlar bor,
Bordir gina, ham kudurat, sahobalar.

Ilm uchun rag‘bat ham yo‘q, da’vat ham yo‘q,
Maishat uchun to‘siq ham yo‘q, sarhad ham yo‘q.
Payg‘ambarlar merosxo‘rin ko‘ngli-chi to‘q, 
Oz bo‘lsa ham yo‘qdir hayrat, sahobalar.

Siz harom deb bilgan amal bugun halol
Kabiralar qilinmoqda voh, bemalol.
Ruhim yig‘lar badanimga berib savol:
"Mo‘minliging shubha, g‘alat...", sahobalar.

Yaxshiyamki, tun bor, uxlash baxti bordir.
Tushda sizni ko‘rgan inson baxtiyordir.
Bu keng dunyo ko‘pchilikka balkim tordir,
Ammo siz-la ulkan sarhad, sahobalar.

So‘z yakuni shuldir: "Sizlar islom ahli,
Umar o‘tdi, o‘tdi Usmon, o‘tdi Ali.
Uchrashurmiz bir kun insha Alloh hali
Vatanimiz bo‘lmish - jannat, sahobalar!!!

AMALSIZLIK

... Ba’zilar yoshlikni g‘animat bilib
Ilm o‘rgandilar, kitob ko‘rdilar.
Amalga kelganda beparvo bo‘lib
Olgan ilmlarin chetga surdilar.

Bundaylar oydin va to‘lishgan kunda
Ko‘zni bog‘lab, tunni tutgan kabidir. 
Bu xuddiki yerni haydabon unga
Urug‘ sepmay, meva kutgan kabidir.

...

... Niyatim - ko‘plarga ibratli bo‘lib,
Tutmoqchi bo‘lgandim nurli bir hikmat.
Bo‘la olmaganim ibrat hech kimga 
Extimol kimgadir eng katta ibrat.

MASLAHAT

"Iymoningdan voz kechib qaerga ham borolding,
Alloh lafzin unutib, kimga ko‘ngling yorolding?

Qop-qorong‘u kechalar, zim-zimiston tunlarda
Qaysi "buyuk" ko‘rsatgan manzillarga yurolding?

Dunyo hovlisi ichra hamma g‘ishtni taxlabon,
Allohsiz qaysi ayvon, qay hujrangni qurolding?

Hayot - bir o‘yin deding, Allohsiz uni o‘ynab 
Ko‘rganingda, na olding va na bir nard urolding?!

Basirot dengizidan sami’at qirg‘og‘iga 
Chiqqaningda, Allohsiz rosti, neni ko‘rolding?

Men aytaman nimani ko‘rganingni, birodar - 
Dard-tashvish, alam - sitam, kudurat - hasad, kadar.

Shu bois ham dunyoda tashvishdan xoli bo‘lay,
Faqatgina ko‘nglimning xotirjamligin bilay,

Desang, Haqning yo‘lin tut, boshqasiga tupurgin.
Uning roziligi deb shamol misol yugurgin.

Insha alloh, faqat shu Yo‘l bordir, faqat shu Yo‘l.
Bay’at berish shart bo‘lsa, faqat unga cho‘zgin qo‘l.

Aks holda hasratda qolganlardan bo‘lursan.
O’lib bo‘lmas dunyoda bus-butunlay o‘lursan."

Erta tongda qalbimga shu maslahatni berdim.
Keyin... bul savollarning javobin izlab ko‘rdim.

Javob bunda xo‘p oddiy: "Takrorlab barchasini
Duradgor asbobi-la ochib qalb darchasini

"Yurak" degan idishga gil bilan qorib suvni
Qalbga joyla "Ixlos" va "Xush’u" degan yozuvni.

"Niyat" deb boshlanajak satrga "Taqvo" degan 
Jumlani qo‘shib qo‘ysang, undan zo‘ri yo‘q ekan.

"Amal, amal va amal!" degan shior oldiga
"Tavba"ni bir amallab tirkab qilsang qofiya,

Aniqki, undan keyin keladigan so‘zlarning 
Ko‘pi qalbingga aytar rahmatlar bo‘lsin, deya.

"La ilaha illa Alloh, Muhammadur Rasululloh,
Faqat Allohdan madad, faqat Allohdan panoh",

"Allohga hamd, Rosulga Salovat va salomlar!",
"Iymon" xonadoniga yetaklar shul kalomlar.

Xonadon sohibidan izn so‘rab kirganda,
"Tavhid" suvin sipqorib qilmaslik kerak kanda.

Tashrifdan so‘ng "Iymon"ga, "tavoze’" va "taslim"dan
Nariga o‘tib ketish - farqi yo‘qdir o‘limdan.

"G’ayblar" olamidan yozilsa biror bir so‘z,
Har bir kalimasini tasdiqla, tan ol so‘zsiz.

"Payg‘ambarlar", "Kitoblar", "Farishtalar", "qiyomat",
Ularning qatoriga "taqdir" ham kirar albat.

Shul so‘zlarga shubhasiz qaramoqliging abad
Bul honadonda seni saqlab qolgay salomat.

"Baxtli", "baxtsiz" hayotlar borasidagi yozuv
Ko‘nglingning tub-tubida uyg‘otmasa bas, g‘uluv.

Shundagina "jannat"ning yo‘llari yaqinlashar,
Bundan boshqa biror Yo‘l topa olmagan bashar.

Ammo unutmagingki, mazkurlarning barchasi
"Ilm" degan urug‘siz ko‘karmagay shoxchasi!"

Bas, shul so‘zlar kifoya qildi maning qalbimga,
Endi kurash boshlasak bo‘laverar xalqumga!

QABRDAN MAKTUB

Qabrdan bir maktub oldik yoronlar,
Unda qiziq so‘zlar bitmishlar butkul:
"Bu dunyo biz uchun asli imtixon,
Undan omon chiqmak erur xo‘p mushkul.

Odamlar iymonsiz ne topsalar ham
Biz yotgan dargohda qiymati yo‘qdir.
Allohning yo‘lida tikkan bo‘lsa jon,
Ko‘ngli ana o‘sha insonning to‘qdir.

Farzandin tarbiya qila olmagan
Otalar qabrda dod-voy solmishlar,
Dunyoning eng totli ne’matin berib,
Uning haqqiga zor yig‘lab qolmishlar.

Duo ilinjida ko‘zlar za’faron,
O’tgan-ketgan jonga halak yotibmiz,
Hayoti dunyoda qiyomat yo‘q deb
Haddan oshibmiz va g‘aflat qotibmiz.

Tinmasdan g‘iybatga ruj’u qo‘yganda,
Birov indamabdi, tinch bo‘lgin deya.
Mish-mishlar ustuni to‘ldirilganda
Shaytonlar tuslamish turli qofiya.

Biz payqay olmadik Allohning iznin,
O’lish farishtasi kelgach, bo‘ldi kech.
Ozgina iymondan taxsil olgandik,
Bugun o‘shal kunlar biz uchun sog‘inch.

Yodimda, qur’ondan bir harf o‘qib,
O’zimni baxtiyor bilgandim tengsiz.
Qaniydi o‘shal kun aylansa tinmay,
Aylansa, aylansa, aylansa so‘ngsiz.

Qur’on o‘qib tinmay, yig‘layversam-u,
Ko‘zimning yoshiga cho‘milsa dunyo.
Umrimning alamli yillari kelib,
Joy topolmay ketsa go‘yoki ro‘yo.

Qaniydi, dunyoda faqat ibodat
Va faqat toatga belim bog‘lasam,
Islom deb boshimni kundaga qo‘yib,
Iymon deb qalbimni o‘tda dog‘lasam.

Qaniydi, qaniydi, qaniydi, do‘stlar,
Ozgina bir fursat berilsa edi,
Men shuning barchasin Alloh yo‘liga
Sarflab yuborardim, bo‘lmayin keti..."

Shunday maktubdan so‘ng o‘zgardi dersiz
Bizning telba hayot, birdan, daf’atan?!
Qattiq adashasiz, chunki maktubning
Muhri kelgan paytda eskirgan ekan...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.