OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev (1959)

Xurshid Nurullayev 1959 yil 3 sentyabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Samarqand davlat me’morchilik-qurilish institutini tamomlagan (1981). Hozirda Samarqand viloyat hokimligi o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi boshqarmasi bosh uslubchi-maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Ijod namunalari respublika matbuotida chop etilgan.

*  *  *

Chidayman,
Mag‘rurlik isnodni bo‘yniga olar,
Sharm-hayo izmiga bo‘yso‘nmas uyat.
Til sukut saqlashdan gung bo‘lib qolar,
Qaroridan kechmas umidvor niyat.

Chidayman,
Xunob bo‘lar gumon isboti o‘tmay,
Xijolat qadrimga qaziydi qabr.
Yor yodin xayollar yurar unitmay,
Malomat qahrini yutadi sabr.

Chidayman,
Hajrning sehridan o‘zgarar dunyo,-
Yulduzlar, oy, quyosh, gullar – yor vasli.
Vujudim qush bo‘lib uchadi go‘yo,
Oshiqlik o‘zlikdan voz kechmoq asli.

Chidayman,
Zarracha bezovta bo‘lmasin vahim,
Moziy misolida mening ko‘nglim to‘q.
Holimga ko‘z yoshi to‘kmasin rahim,-
Men hali Majnunga aylanganim yo‘q.

Chidayman,
O‘zgani ko‘rsatib, bermangiz savol,
Darvishning bir umr ishlari tig‘iz.
Meni behush qilgan nahot shu ayol,
O‘ttiz yil ilgari men uchratgan qiz.

Chidayman…

 *  *  *
 
Ishqning o‘chog‘iga o‘t qalar hijron,
Qalb quvg‘in qushdayin topolmas qo‘nim.
Gumonning tillari bunchalar biyron,
Chorasiz hasratga qoldimi kunim.

Sabr oltiniga uchgan qat’iyat,
Umidni yuzxotir qilar so‘nggi bor.
Vafo sodiqlikni qilsa ham niyat,
Ishonch vodiysiga tarqalar g‘ubor.

Xotira o‘tmishim suratin chizar,
Ruhimga qanotin yozar osoyish.
Ko‘ngil sarhadida  bir sog‘inch esar -
Qismatga  tan bermay o‘rtanar xohish.

Istak shuurimdan g‘ururni haydar,
Vaslingga yetmoq-chun izlaydi imkon.
Mehr ko‘zda ekan, sevgichi, qayda, -
Ishqning o‘chog‘iga o‘t qalar hijron.

*  *  *

Hushyorlik jilovin tutsam-da mahkam,
Ishqning tuzog‘iga duch keldim oxir.
Oshiqlik dardiga bormikan malham,
Hijronning lahzasi bunchalar og‘ir.

Orziqib yetishgan visol onidan
Chaqmoqning umri ham uzundek go‘yo.
Mahbubi yo‘q bo‘lsa oshiq yonida
Saroton kuni ham zulmatdek siyoh.

Ochganmi biror kim ishqning sirini,
Dillarga muhabbat qo‘yar ekan bosh,
Qobillik tark etsa bir uspirinni,
Bir jizzaki yigit tortadi yuvvosh.

Menchi, yulduzlardan yupanch istadim,
Uyquni g‘aflat deb, qildim uni oq.
Umrimga achinmay vaqtni qistadim,
Tez o‘tsin, visolga yetay deb tezroq.

Visollar tuhfami arshu-a’lodan,
Oshiqlik haqqiga muqaddas in’om.
Ruh emas, vujud ham go‘yo samoda,
Ishqsiz jon ko‘rmagay bundayin ikrom.

Ishonchni komillik qachon etdi tark,
Qachon rashk ko‘nglimni ayladi notinch.
Umidlar shahiddir, orzu juvonmarg,
Qalbimda armon deb nom olgan ilinj.

Shu armon tufayli yasharman balki,
Baxtiyor onlardan xotira yodgor.
Sevgidan boshqasi bari qalbaki,
Ishqi bor odamga xudo madadkor.
         
*  *  *

Gulim,
Rashk meni izingga poyloqchi qildi,
Ko‘nglimdan bosh olib ketdi halovat.
Gumonlar bo‘g‘zimga toshdek tiqildi,
Oxir ishq vasliga yetdi talofat.

Orzular ko‘kida charx urgan xayol
Nadomat chohiga tutqundir bugun.
Tosh bo‘lib botadi qalbga bir savol:
Nahotki taqdirim ayladim tugun.

Tanholik yukidan toliqar ko‘nglim,
Gavjumlik tatimas hatto bir lahza.
Hayotim shamini  o‘chirsa o‘lim,
Ruhimga sololmas bunchalar larza.

Ishqning kemasi g‘arq gumon ko‘lida,
Hijron orolida jismim jon saqlar.
Duch keldi deguncha armon yo‘lida
Ko‘nglimni nadomat tig‘i chavaqlar.

Bilaman, yo‘lingga tutashmas yo‘lim,
Qalbingda qoldirdim o‘kinch va gina.
Sendan faqat menga yod qoldi, gulim,
Ishqing xotirasi – noyob xazina.

*  *  *

Kelsangiz,
Tashrifingiz bo‘lar ko‘nglimga bayram,
Yurakning raqsidan ko‘ksim darz ketar.
Izingiz silasam guldek avaylab,
Boshimni qo‘ymoqqa soyangiz yetar.

Keling,
Armonlar tumandek tarqalsin izsiz,
Quvg‘inga uchrasin parishon xayol.
Nahot, shul damgacha yashadim sizsiz,
Orzum osmonida yashagan ayol.

Kelmasangiz,
Tanholik mahv etar umrimni butkul,
Bezdirar qadrini yo‘qotgan hayot.
Qalbimda nish otgan ishq atalmish gul
Hijron daryosidan suv ichar, hayhot.

Aytsangiz,
O‘zgaga yor, deya yurmasman g‘am yeb,
Yuragim tosh etib nomingiz uygum.
Yori bor ayolni sevib qoldim, deb,
Yolg‘izlik qismatin taqdirga yo‘ygum.

Ayting,
Bo‘yin tovlayapti qalbim sabrga.
Bir so‘z kifoyadir, “ha” yo “yo‘q” degan.
Baribir, armonsiz ketgum qabrga,
Chunki oshiq bo‘lish ulkan baxt ekan.

*  *  *

Nigohing jonimning jilovin tutgan,
Yuragim o‘ynoqlar ko‘zim tushgan on.
O‘tmishni xotiram go‘yo unutgan,
Yo‘q kabi siymongdan o‘zga bir jahon.

Tunlarning oyog‘i nahot kishanband,
Hotamlik qilar vaqt baxil hijronga.
Yo‘q ersang osmonning dimog‘i baland,
Yer esa tosh kabi botgandek jonga.

Seningsiz kunlardan yo‘qolar ma’no,
Ko‘k bosib turgandek egikdir boshim.
Qoshimda qilsa ham gullar tamanno,
Vaslingsiz yashashga yetmas bardoshim.

Sabrimning umrini cho‘zadi umid,
Diydoring tasvirlab charchamas xayol.
Oshiqlar qismati bo‘lsa ham o‘git,
O‘zgalar rahmidan ko‘nglimda malol.

Tong otar – iltijom eshitgan Alloh,
Kelasan, yurishing farishta raqsi.
Hech narsa bo‘lolmas visoldan a’lo,
Ko‘zimda gullaydi jamoling aksi.


 MUHABBAT MULKI

Xayol kengligiga qo‘yding chegara,
Idrokim o‘ylarga yana bo‘ysundi.
Muhabbat yodidan olarkan bahra
Qalbimda otash bir orziqish  undi.

Xotira uyida yugurdak xayol
Ko‘nglimga sog‘inchni keladi boshlab.
Armon - ishq qoldirgan meros ham malol,
Boshimni egadi zildek ko‘z yoshlar.

Shodligu g‘amlarim qismatga kirim,
Ertaroq bir haqni aylasam bayon,
Umidning qo‘lida garchi taqdirim,
Hayotning mazmuni kun kabi ayon.

Bu dunyo azaldan mu’jiza, xilqat,
Oshiqlar yuragi - muhabbat mulki.
Ishqning dargohiga kirmoq bor faqat,
Sevgini jon berib tark etmoq mumkin.


ISHQNI TUSHUNISH

Tokay siz hijronga ko‘rsatib rahim,
Shavqatni ayaysiz men notavondan.
Ko‘nglimni to‘fondek bosadi vahm,
Nahot ayrilsam siz mohitobondan.

Ko‘kragim qadayman  zamin ko‘ksiga,
Qalbimning taftini bosolmas  tuproq.
Javobsiz sevgidan  ko‘ngil  o‘ksigan, -
Muhabbat bog‘iga kirolmas u toq.

Osmon cheksizligin qilgandek ayon,
Anglatgim keladi,  ishqimdir behad.
Bo‘lsa Qays sevgida majnuni jahon,  
Ming bora  ziyoddir menda bu jihat.
   
Bir qalbning ishqidan yaralmas visol,
Ko‘ngillar juftligi muhabbat sayli.
Shu’laga talpingan parvona misol,
Vaslingiz  o‘tida  o‘lsaydim mayli.

Bilaman, sevgandan sevilgan ortiq.
Lekin ishq oldida qolgum isnodga, -
Xayolga kelmasam eslansa oshiq,
Sodiqlik deganda tushmasam yodga.
 
 
JONNISORLIK

Sog‘inch sudrab kelsa, soyning bo‘yiga,
Behol tiz cho‘kaman hijron yukidan.
Men qanday tushmayin majnun kuyiga,
Yarador bo‘lsa qalb sevgi o‘qidan.

Bu yerda intizor  mudom  bir armon,
Nadomat xumordan chiqgudek tinch  joy.
Mungli nigohimni qilib andarmon,
Shovqinsiz, to‘lqinsiz,   o‘ychan oqar soy.

Qo‘yosh suv betida cho‘kmagan oltin,
Tovlanar, holimni nahot bilmasa.
Xijolat chekkandek yellar olar tin,
Bir so‘z aytmoqlikka botinmas maysa.

Shoxi kesilgan tut suv ichra kirmay,
Egilar, uzoqdan kelgandek  chaqnab.
Soyga tusha boshlar, go‘yo bildirmay,
Gurziga o‘xshagan xira ko‘lanka.

Garchi hafsalasin yo‘qdek oxiri,
Soya cho‘milmoqqa bekor urinar.
Qirg‘iqqa tirmashgan tolning tomiri
Oriq barmoqlarga o‘xshab ko‘rinar.

Zafaron yuzimni ko‘rib, ezilib,
Tog‘larning ortiga bekinar quyosh.
Chaqmoqning tig‘idan beti tilinib,
Bulutlar boladek tiyolmas ko‘z yosh.

Soyning badanini chimchiydi yomg‘ir,
Toshmalar bosadi suvning yuzini.
Chumchuqlar tollarga bekinar bir-bir,
Shalloba holimdan uzmay ko‘zini.

Xotira mulkini xatlaydi ko‘nglim,
Sog‘inch tuyg‘usiga armonim mahtal.
O‘rtanmangiz, garchi ko‘zlarim mungli,
Men ishqqa jon bilan to‘layman badal.


BIR ISHQ TARIXI

Ketasiz,
Halovat tark etar ko‘nglim uyini,
G‘arib bir go‘shaga aylanar dunyo.
Boshimda charx urar g‘amning quyuni,
Yuragim qorong‘u tundan ham siyoh.

Kuyasiz,
Isnodga qo‘ymoqchi bo‘ladi gumon,
Do‘st qilib ko‘rsatar o‘zini to‘hmat.
Shubhaga ishq uyi qo‘noq bo‘lgan on
Xavotir dashtiga quvg‘in muhabbat.

Ko‘rasiz,
Yuribman uyimda musofir kabi,
Judolik hijronga tashlangan xo‘rak.
Ko‘ngil uzolmayman sizdan, sababi,
Ishqning vataniga aylangan yurak.
 
Kutasiz,
Ishonch ham gohida berib qo‘yar pand,
Ko‘nglimni uy qilib olar nadomat.
Ishq qalbni o‘zga bir qalb bilan payvand
Etsa gar, shul ekan taqdirdan  omad.

Kelasiz,
Muz kabi eriydi ko‘zimda  ta’na,
Rahm hukmin o‘tkazar ko‘ngil uyiga.
Qo‘limni kaftingiz tutarkan yana,
Raqs tushar yuragim ishqning kuyiga.
 
Kulasiz,
Ruhimdan quvg‘inga uchraydi g‘ashlik,
Masrurlik egallar qirg‘oq bo‘yini.
Nahot xurram damlar sizga qarashli,
Kechagidek yotmas qalbim kuyunib.

Kirasiz,
Ko‘nglimga kirgandek, xonamga bir kun,
Negadir iymanib ko‘taraman bosh.
Kimdir chimildiqni ko‘tarar be un,
Chaqnab ketar uyning burchida quyosh.


CHIN YIGIT ORZUSI

Sevgini  o‘ziga vatan etmish jon,
Totib ishq  mayidan sarxushu shodon.
Ko‘nglim sog‘inchlarga to‘lgan oshiyon,
Qalbim hovuchida ardoqlay seni.

Oshufta ahvolim majnunga havas,
Iforda gullardan o‘tkazib nafas,
Sochingni boshimga aylagil qafas,
Yellardek samimiy quchoqla meni.

Ishq go‘zal qasrini qurmish qalbimga.
Mos tushmish taqdirning kori ta’bimga.
Bossin baxt muhrini tashna labimga -
Eltay arsh-a’loga dudoq-la seni.

Sha’nini toptamoq mard  yigitga yot,
Beg‘ubor ikki dil topishsa el shod,
Bebaho qiymating ayla mukofot,-
Jismingda  yashirgan  butoq-la meni.


HAYOT FALSAFASI

O‘tgan har daqiqa xotira asli,
Kunlarni o‘tmishga xatlab borar vaqt.
Bir lahza nigohga  qo‘ngan yor vasli
Oshiqqa bir umr tatigulik baxt.

Asrlar pisandmas tog‘lar yoshiga,
Chinorning umridek yashash bir niyat.
Nogahon ofatni chorlab qoshiga
Yer-ko‘kni larzaga solar soniya.

Kimgadir qisqadek tuyular kunlar,
Imillab o‘tgandek ba’zilarga on.
Munajjim taqdirni izlagan tunlar
Bulutlar ortida yulduzlar xandon.

Har qanday qismat ham kutar o‘z damin,
Mutlaq sinoatdir ertangi taqdir.
Odamzod o‘tkinchi, omonat zamin,
Abadiy mavjudlik bo‘lsa u haqdir.

Neki mavjudod bor qismatga mahkum,
Naf topmas ertadan izlagan najot.
Har qanday og‘ir yo‘l tinch  topar yakun,
Chavandoz vaqtida qamchilasa ot.


ISHONMANG

Nomardlar gapidan tonsa  ajabmas,
Qalovin topsa qor - yonsa ajabmas,
Ta’magir nafsidan qonsa ajabmas,
Ahdidan qaytdi mard, desa ishonmang.

Yomonlar ozaymas ko‘paysa go‘rlar,
Sulton suyagini bunchalar xo‘rlar.
Zararga mol berdim, deya sudxo‘rlar
Ont ichib, ich-etin yesa ishonmang.

Qahraton qish chog‘i ko‘rsatib jamol,
Quyosh bir niholga berolmas kamol.
Bir kuni bo‘ronga aylanar shamol,
Bahorning yelidek essa ishonmang.
 
Bulbulsiz gul g‘arib, xordir navosiz,
Oshiqqa  majnunlik ordir jafosiz.
Ne g‘amki, dunyoda bordir vafosiz,
Aytsa u «ishq yolg‘on  qissa», ishonmang.

Ezgulik mulkiga qasd bo‘lib navbat,
Ishq shamim so‘nishin qilsa yov da’vat,
Qalbimda yashaydi sevgi.
Muhabbat
O‘lar, deb   boshimni kessa ishonmang.

 *  *  *
 
Zakovat – insonni buyuk etgan kuch,
Ulug‘lik – ezgulik bo‘lgan tafakkur.
Tuyg‘ular tungamas, oydinlikka o‘ch
Yaxshilik qoldirmoq - sunnat, tashakkur.

Aql – xijolatdan asragan ne’mat,
Iroda – maqsadga uchirgan qanot.
Hasad – diyonatga qarshi xusumat,
Havas – qanoatdan fayz topgan hayot.

Yashash – baxtni anglash, suyush, suyunish,
Sevmoq - tanda qalbning borligin tuymoq.
Motam – bandalikka ko‘nish, kuyunish,
Oila – sulola toshiga yangi nom o‘ymoq.

Umr -  tush va xayol yashab o‘tgan vaqt,
Orzu - qanot qoqib tolmagan istak.
Ishq - armon yurtida sog‘inch bo‘lgan  baxt,
Sevgi – haqiqatga aylangan ertak.
        
*  *  *

Eng avval yaproqlar payqadi kuzni,
Barglarning yuziga xavotir qo‘ndi.
Yozi bilan emib tog‘lardan muzni,
Baribir, jilg‘aning hayoti so‘ndi.

Bulutlar qorayar, nedan bu zavol?
Chidolmay gohida to‘kar u ko‘z yosh.
Tilla tangalar, deb xazonni shamol,
Shoshgancha, har yerga qila boshlar chosh.

Chaqmoq - biz bilmagan balki sirli so‘z,
Anglab yetolmagan ta’na yo ilinj.-
Yerning jamolini sog‘ingan yulduz
Bulut badaniga tortarmi qilich.

Barglari to‘kilgan, antiqa daraxt,-
Mevalar bo‘shatmas  qo‘lini shoxdan.
Qish kelgan, uzishga hali ham barvaqt,
Mo‘‘jiza - xurmalar joy oldi  bog‘dan

Kuz, mayus nigohing o‘rtadi jonni,
Axir saodatku kutilgan yakun.
Qay fasl bo‘lmasin, yeru-osmonni
Har tong qarshi olsin kelayotgan kun.
 
*  *  *    

Kel.
Ginalarni o‘ldir shafqat tig‘i-la,
Orzular chinqirib yig‘laydi, gulim.
Qalbim qafasdagi qushdek siqilar,
Rashkning botqog‘iga tushdi bir yo‘lim.

Kel.
Sevgi qismatin hal etmasin tilim,
Ishqda ochmagaylar ishonga aza.
Bag‘ri kuygan oydek yuragim tilim,
Afsus dunyosida nomim ovoza.

Kel.
Fanimlar quvonchi yetmasin ko‘kka,
Sevgi o‘lmasligin yulduzlar aytsin.
Gumon qushlarini tutaylik o‘qqa,
Arazlagan ishonch yurakka qaytsin.

Kel.
Ishqning uvoliga qolmasin bu jon,
Armon azobidan qilgil himoya.
Bechora yuragim umidga dujon,
Kel, qalbim qiynalar, o‘zing bo‘l doya.
 
 
HAQQONIYAT

Muroding hosilmas maqsadsiz yo‘lda,
Zulmatga boqsa ko‘z, bilki so‘qir  u.
Gar ishonch bo‘lmasa omad yo‘q qo‘lda,
Ishq – visol ko‘yida yashagan  tuyg‘u.

Ulug‘lik – ezgulik qoldirgan  meros,
Xatolik etagin tutar xavotir.
Aqlning izmidan chiqqan ehtiros
Taqdirni chilparchin qilmoqqa qodir.

Umr bir lahzaga qiyosdek, go‘yo,
Mangudek tuyulgan hayot bir ehson.
Sinoat tog‘iga o‘xshaydi dunyo,
Cho‘qqiga tikilar poyida inson.

Oshiqlik – o‘zlikni anglatgan ne’mat,
Ishq ahli shukrona aytmoqqa haqli.
Aksar bir   o‘y  surar:  «dunyo g‘animat»,
Muvaqqat sanalgan  odamzot  aqli.

Jon tirik bo‘lsa gar tutmaslar motam,
Ayondir umrning bu falsafasi,
O‘lishni o‘ylamas birorta   odam,
Olganida  hatto   so‘nggi nafasin.

 
OSHIQ AHDI

Yurar yo‘lingizga aylansam edi,
Tovoningiz o‘pib o‘tardi umrim.
Poyingiz taftida suyagim, etim
Kul bo‘lib, tuyardi baxtni shuurim.

Xush havo bo‘lardim, nafasingizdan
Huzur topar edim, hech zot tuymagan.
Oh,  shahid bo‘lmoqlik baxt dastingizdan,-
Men hijron o‘tida yonib to‘ymagan.    

Bilaman, umrimiz Allohdan hadya,
Ne qilay, olgum yo‘q sizsiz bir nafas.    
Bilsangiz,  sen kabi sevsaydik, deya
Oshiqlar holimga qilurlar havas.
    
 Yo‘q, demay ishq uchun  kechardim jondan, -
 Yor vasli ko‘yida sharafdir o‘lsam.
 Oshiqning o‘tsa ham umri hijronda,
 Men yana sevardim qayta tuqilsam.
    

HIJRONDA ANGLADIM...

Kechirgil, qaysarlik kasb etgan g‘urur,
Ko‘nglimni o‘ksitgan rashkning da’vosi.
Qalbimni yot sanab ketgandek surur,
Gumondan qutulmoq yo‘qdek davosi.

O‘ylamay ruhingga ozor yetishin,
Xudbinlik ta’nalar toshini otar.
Bardoshing bosadi tishiga tishin,
Tuhmatning nashtari yurakka botar.

Xatoning ko‘zi ko‘r bo‘lsa ham, lekin,
Ming bora yo‘qotmish tillo asoni.
Hijronda angladim ishqning neligin,
Jon chekmay topgandim sendek rasoni.

Sevgida yo‘qotmoq o‘limdan og‘ir,
Azaga mahkum qalb, motamsaro ruh.
Kulbamda sezaman o‘zni musofir,
Yurakda bir armon – cheksiz tazarru.

Yodimga o‘tmishning xush damin solib,
Ko‘nglimni ko‘tarmoq bo‘lar xotira.
Lekin g‘oyibona ishqning visoli
Qalbimga nadomat yukin orttirar.

Netay, ishq oldida boshim erur xam,
Yor nomi bir bora joy olsa labdan,
Gunoh yo adashish, hatto nafrat ham
O‘chira olmaskan sevgini qalbdan.


O‘RTANISH

Yerga ko‘k tashrifi yakun topgan on,
Xotiram bisotin tita boshlar tun.
Ko‘ksiga yulduzlar taqadi osmon
Chaqmoq ko‘zlaringni eslatmoq uchun.

Xayollar sursin deb tonggacha yolchib,
Chim ko‘rpalar to‘shar qirg‘og‘iga soy.
Chehrang ko‘rsatgandek darichang ochib,
Ufqdan mo‘ralab, chiqib kelar oy.

Nafasin ichiga yutgandek zamin,
Boshimga yelkasin tutar qari tut.
Yodimga solmoq-chun visolning damin,
Atrofning unini chiqarmas sukut.

Sochlarin g‘ashiga tekkandek shamol,
Telba yel bo‘ynimdan quchadi nogoh.
Oy soyning betida ko‘rsatib jamol,
Sening tanholiging etadi ogoh.

Maloldir hijronda o‘tgan bedorlik,
Tun umri visolsiz bunchalar daroz.
Hamdardlik qilmoqchi bo‘lsa ham borliq,
Yolg‘izlik dardidan etolmas xalos.

Kunduzlar kulbamdan chiqolmay, beun,
Aybimdan kuyunib, yig‘layman yum-yum.
Hech kimdan sirini yashirmagan kun,
Ko‘chalarni atay qilgandek gavjum.

Ayriliq qismatin yaratgan o‘zim,
Tong otar, o‘rtanib uyga qaytarman.
Sen-la uchrashmoqqa shuvutdir yuzim,
Balki uzrimni ham erta aytarman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.