OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zebo Mirzo (1964)

 Zebo Mirzayeva 1964 yil 15 dekabrda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining Beshterak qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1987). «Tun malikasi» (1990), «Ajr» (1997), «Nur kukunlari» (2004) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.


* * *

Sahrolar bag‘rida adashgan, 
Iliq yomg‘irlarday yog‘sayding. 
Namiqqan tuproqlar ko‘ksida 
Mahfuz giyohlardek uyg‘onsam... 
Isming xush bo‘ylari to‘kilsa, 
Ruhing titrog‘ida oqsaydim, 
Olovli ummonni sipqorgan 
Tungi osmon kabi to‘lg‘onsam... 
...Soyang tushib o‘tsa nigohlarimga!.. 
Qo‘ling topib borsa qalbimni. 
Ovozing sachragan havoga 
shivirlab bossaydim labimni! 
...ovozing o‘psaydim, ovozing... 
Sukunat bo‘g‘rikqan tunlardan 
sug‘urib olsaydi ovozing! 
Dilimni yechsaydim behadik, 
Ko‘rsayding qo‘llarim parvozin!
Nafasing o‘tidan yaralsam, 
tushlarimdan tushib kelsaydim. 
Bir lahza o‘zimni unutsam, 
bir lahza o‘zimni bilsaydim... 
Bersayding ruhimga tiriklik 
ko‘zlaring bir tola nurini, 
ellar og‘ushida chayqalgan 
behush maysalarning umrini... 
...yiqilsam, bag‘ringga yiqilsam, 
Yuragingga yetarmi yo‘lim? 
Oqib borayapman umringta, 
Qo‘llarimdan ushla, sevgilim...

* * *

Azizim,
Ne uchun maysa emasmiz, 
Yellar o‘pganida suykalib o‘tgan? 
Ne uchun, ne uchun daraxt bo‘lmadik, 
Ildizi,
Shoxlari chirmashib ketgan?
Ariqlar bo‘yida giyoxdek o‘ssak,
Suvlarda tushimiz eshilarmidi?
Adirlar ortida shamol bo‘lsaydik,
Ko‘klarda ruhimiz qo‘shilarmidi?
Nechun mavjudmizu, nechun yo‘kdaymiz?
Barmoqlar uchida nozik bir titroq?
Nafaslar qo‘shilib turganda, nechun
Olovlar ichida jim kutib turmoq?
Nechun pichoqlarga tiralar ko‘zim?
Ko‘kka suyanganday suyanolmayman?
Nechun qo‘lingizda loladek uxlab,
Ko‘ksingizda tongdek uyg‘onolmayman?
Ne uchun hayotim bu qadar sahro?
Nechun yuragimda bu qadar zorlik?
Qarshimda shovullab oqar bir daryo,
Bir tomchi suv so‘rab o‘tinolmayman...
Azizim,
Ne uchun inson yaraldik, 
Ko‘nglimiz sig‘masa yeru samoga? 
Oh, endi shu qadar muhabbat bilan 
Biz qanday yashaymiz bu tor dunyoda?.. 
Biz nechun yaraldik yolg‘on dunyoda? 
Azizim, ne uchun maysa emasmiz?..

* * *

Yo‘q,
Endi ko‘nglingdan chiqarolmaysan, 
Umringda quyoshday porlayveraman. 
Ming yillar qa’riga ketganingda ham, 
Men seni samoday chorlayveraman.

Ismingni tonglarga yozaman mahtal, 
G’unchalar bargida uxlayveraman. 
Yo‘q, baxting meningsiz bo‘lolmas tugal, 
Men seni har lahza yo‘qlayveraman.

Otashman,
Dengizman,
Samoman,
Nurman,
Jismu jahoningni o‘rayveraman,
Ayt, qanday topasan, qochmoqqa imkon -
Men seni Xudodan so‘rayveraman.

Men - so‘ngti tomchiman,
Yagona najot.
Faqat sen ichgin deb qistayveraman.
Qo‘llarimda qoldi
Eng so‘nggi hayot,
O’lsam ham ishqingni istayveraman!

* * *

Sizni tushlarimda ko‘rsam, sig‘insam, 
Og‘ir botmasmikan? Ozor yetmasmi?
Tunlar o‘zim bilmay sizni sog‘insam,
Bu gunohdan yerlar yutmasmi?
Yoningizga xayolan borsam,
Quvmaysizmi,
haydamaysizmi?
Hislarimni sizga ishonsam,
kulmaysizmi,
aldamaysizmi?
Ishq - bor, deb tunlarga ertaklar aytsam,
La’natlamaysizmi,
yig‘latmaysizmi?..
Nega indamaysiz,
Nimaga jimsiz?
Ishona olasizmi?
So‘ragum...
Axir, qon yutib zor qarg‘amoqqamas,
Sevmoqqa yaralgan yuragim!..
Axir, nikohlandim nigohingizga,
Bilmaysiz, bu sirni kimdan o‘rgandim.
Azizim,
Ishq - mening tushimda olgan
Bitta bo‘sangizdan
ko‘rgan farzandim!..

* * *

Umrimni o‘tkinchi saboga berdim, 
Eng so‘nggi chaqamni gadoga berdim, 
Bu telba ruhimni Xudoga berdim...

Sabo olib bordi, gadoga berdi, 
Gado yig‘lab bordi, Xudoga berdi. 
Xudo meni senga xatoga berdi,

Sen meni kimlarga berding, Azizim?

* * *

Boshimdan muhabbat nurlarini soch, 
Qonimda sezayin alanga kuchin.
Olloh bizni bergan yorug‘ dunyoga 
Sevilmoqlik uchun, 
Sevmoqlik uchun...

Barmog‘im uchida - Osmon eshigin 
Ochib, ko‘rsataman muqaddas Ko‘kni! 
Agar ishonmasa,
hamma o‘qisin: 
«Bizning yorligimiz Xudoning hukmi!»

Men - balki Havoman,
Sen - Odam Ato,
Jannat bog‘laridan tushganim haqdir.
Bizning diydorimiz - eng buyuk ato,
Bizning diydorimiz - ilohiy taqdir...

Sir oshkor etganni sevmaydi Xudo,
Sen dilga quloq tut,
o‘ylanmoq nechun?
Axir ikkimizga zor edi dunyo
Sevgi nimaligin bilmoqlik uchun!..

* * *

Nigohingni o‘pib, uyg‘onar olam, 
Ismingdan gurkirab yashaydi dunyo. 
Sen mening samoga cho‘zgan qo‘limsan, 
Umidim tongida porlagan ziyo... 
Sening ko‘ngling - osmon, 
Sening ruhing - Nur. 
Orzum - yulduzlaring qo‘yarsan yoqib, 
Men esa yuksalib boraman mag‘rur, 
Osmonlarday o‘tgan umringga boqib...

VATAN

Ehtimol, o’ldirur bir kuni ko’rlar,
Tomiringda olov qoning bo’laman.
Jonbaxsh quchog’ingga jimgina singgan
Bir halol qurboning bo’laman.

Otamday rozi bo’l, 
onamday sevgin,
Men ham senikiman, o’ksik qizingman.
Bag’ringda ming yillik toshlar to’sig’in
Yorib chiqayotgan bir ildizingman!

Hayqirmadim pastu balandda turib
Ammo tola nurddek o’tarkan yodim,
Ko’kka olib uchar ozod Ruhimni
Ko’ksimni qilichday kesgan faryodim!..

Yashayman eng so’ngsiz dardlaring bilan,
Hech kim yuragimga bo’lolmas qozi!
Hali mudrab yotgan dunyolaringni
Uyg’otib uchadi ruhim ovozi!

Men kimman?
Gamingga g’amdosh bo’lmasam,
Og’rimasam yorug’ qiynoqlaringdan?
Boshiga osmonni ko’targan tog’dek
O’sib chiqolmasam tuproqlaringdan?

Uzoq-uzoqlarga qarab angladim:
Qaydanman, qayonman va kimnikiman?
Ko’nglimniki edim va bir kun bildim,
Undan ham oldinroq Rabbimnikiman.

Hukm et, shahiding bo’lmog’im uchun
Jannat bog’larini tashlab kelurman.
Chorlasang, ortimdan butun bir xalqni
Hisor tog’laridek boshlab kelurman.

Sevmasang ham qattiq sevaveraman,
Chidayman xorlaring ta’na toshiga.
Shunchaki o’lmayman,
Shuncha ishq bilan
Ko’tarib o’lurman seni boshimga!

Bir oz ko’nglimniki bo’ldim- o’ksigan,
Rabbimniki edim, shubhasiz, biroq
Borim-yo’g’im bilan seniki edim,
Seniki bo’lurman, ey Ona tuproq!..

ALLA SOG'INCHI
(Xalq ohanglarida) 

Yuragimning ostidami,
Yo ko’kda, tun pallasi.
(Sarvu suman soyasida
Hurlar aytar allasin)
Malaklarning qanotida
Nurday uxlar bir go’dak,
Eshitganday bo’laman
Shirin-shirin nafasin…

Ko’zlarining qorasinda
yulduzchalar miltirar…
Nomin aytsam, qalqib-qalqib,
Tanda jonim qaltirar.
Yeru osmon orasinda
Na mo’jiza, na tilsim.
Qodir Alloh, bu tilsimni
Dunyoga kim keltirar?

Orzumidi, armonmidi,
Xayolmidi, tush ko’rdim?
Kun chiqarga kulib boqdim,
Shunqor degan tush ko’rdim.
Samotog’dan boshin egib
Asta kelar bir yigit,
Sandoqida o’qi boru,
Qo’llarini bo’sh ko’rdim.

Ovga otgan o’qining chin
donasi men bo’layin,
Uzoqlardan izlab kelsa,
Yonasi men bo’layin.
Yo’llariga boshim qo’yib,
Yolvoraman, Xudoyim,
Shu yigitgta bir o’g’il ber,
Onasi men bo’layin…

Yuragimning ostidami,
Yo ko’kda, tun pallasi.
Sarvu suman soyasida
Hurlar aytar allasin,
Malaklarning qanotida
Nurday uxlar bir go’dak,
Eshitganday bo’laman
Shirin – shirin nafasin…
 
SIZGA…

Tunda…
nogoh uyg’onasizmi,
Dilingizga kirgan titroqdan?
Turasizmi og’ir xo’rsinib,
Chiqasizmi asta yotoqdan?

Ochasizmi derazalarni,
Qaraysizmi…
Oyga to’kilib?
Ko’ksingizning ostida nadir
Yashayotgan bo’lar o’kinib.

Yodimga o’tsa xayolingizdan
Tushasizmi siz ham larzaga?
Rozimisiz hayotingizdan
Menga bergan
oniy lahzaga?

Yolg’izlikning girdoblarida
Chorasizlik bo’lganida tosh.
Mening uchun yuragingizdan
To’kasizmi biron tomchi yosh?

Kesib o’tsa nigohingizni
Muhabbatning qovjiroq labi,
Siz ham…
qattiq sog’inasizmi?
Sevasizmi siz ham men kabi?

Chidaysizmi,
jimgina mendek-
Qoningizda yongan olovga?
Yoningizga bir kuni borsam,
Bermaysizmi..
keyin birovga?

* * *

Men siz uchun qayta yaraldim.
Yashayapman bir xayol, bir tush…
O’tinaman,
siz uni ushlang,
Qo’lingizdan uchmasin u qush.

Mening sevgim to qabrgacha,
Bilasizmi, siz shuni ayting?
Hech bo’lmasa shu bag’irgacha
Kelasizmi…
Siz shuni ayting!..

* * *

Keting,
Sizga ehtiyojim yo’q.
Sevib bo’ldim Sizsiz o’limni.
Yana ming yil yashasangiz ham,
Tushunmaysiz mening ko’nglimni.

Kutmang,
Sizga bermayman ortiq,
Umrimning bir lahzasini ham,
Yuragimni yulib tashlayman,
Azoblarga topaman chidam!

Hechqisi yo’q,
Yashab ketaman!
Sizdan yorug’, Sizdan balandroq,
Nasib ekan so’ngsiz o’limni
Tirik vujud bilan ko’tarmoq.

Qoldirmoqqa urinmang, illo,
Boqmang ilhaq, intiq, g’amangiz.
Menga behad yolg’on tuyular,
Ishqqa o’xshab ketgan ta’mangiz.

Nima qilay, 
Shunday Ayolman,
Tabiatan va yoki dilan:
Sevsam juda qattiq sevaman,
Ruhim, jismim, hayotim bilan!

Nomingizga qo’shilib o’sdim,
Har kun,
Har tun mahrum va badar.
Men Sizniki bo’lib yashadim,
Bilsangiz, to shu kunga qadar!

Ammo bildim.
Siz butkul boshqa!
Buloqdirsiz – sokin va beg’am.
Anglamaysiz, bir kuni aytmay,
Poyingizda suvsab o’lsam ham.

Yo’q, bu ishqni ko’tarolmaysiz,
Sizni ezar tahqir va ta’qiq.
Bu dunyoda eng go’zal sevgi,
Hamisha xor, mahkum, mustahiq!

Keting,
Sizga ehtiyojim yo’q!
Sevsam endi sevgum O’limni.
Yana ming yil yashasangiz ham
Tushunmaysiz, afsus, ko’nglimni…

* * *

Nimaga sevdirding uni, Xudoyim,
Sevgini bilmagan insonni?
Qiynamoq uchun soldingmi,
Ichimga bu olov tug’yonni?..

.. Hammani yo’qotib,
topgandim seni…
Nahot yana azob-nasibam?
Nahotki, hayot yo’q hayotda?
O’zimdan xavfdaman,
O’zimdan, Egam!..

Kimni ko’proq sevding…
Meni yo uni?
Ne bo’lardi, sevsang ikkimizni ham!
Sevgingni sevaman,
Xudoyim , ammo
Nahot menga qismat – 
Sevgisiz odam?

Hammani yo’qotib, 
topgandim seni… 

* * *

Qavs bog’lariga tun tushayotir,
Yurakni bir sog’inch o’rtadi yomon.
Hech kimga bildirrmay,
uning yoniga
Borgim kelayapti,
Xudojon!

“Tush” deysan,
“Tush” emas,
Tushgin, deyaqol.
Jannat ko’klaridan tushib kelayin.
Umrining har daqiqasiga
Ishqimni, ko’nglimni qo’shib kelayin.

Yoki olib ketay Arshi a’lomga,
Yo qolayin uning qoshida omon.
Qayda qilsang, qilgin,
ne qilsang qilgin,
Meni undan mahrum etma, undan , Xudojon!

Men uning hammadan yashirgan siri,
Jon ichida jonibo’lgim kelyapti.
Lablarining qaynoq haroratidan
O’lgim,
o’lgim,
o’lgim kelyapti!..

Dunyo o’z karvonin tortib ketayotir,
men unin qoshiga yetaman qachon?
Menga farishtalik taxtini emas,
Bir Ayol baxtini bergin, Xudojon!

Bilmaysan,
Men uning qonida oqdim,
Yillarning eng Nurli xayoli bo’lib
Izn ber.
qolayin shu lahza haqqi,
Uning, faqat uning haloli bo’lib.
Dunyoning eng baxtli Ayoli bo’lib!

Qavs bog’lariga tun tushayotir,
Dilni bir xavotir ezdi ko’p yomon.
Agar u tush bo’lsa
ming yildan beri
Kimga asrayapsan meni, Xudojon!

Kimga asraganding meni, Xudojon!

* * *

Yuragimga bosib uxlasam
Yodingizni, diydoringizni.
Bolam kabi quchib yig’lasam
Menga bergan ozoringizni.
Kaftingizda ochilsam gulday.
Tuningizning mohi men bo’lsam,
Hech kimsaga bildirmay chekkan.
Ko’ksingizning “oh”I men bo’lsam,
Nigohingiz panohlarida
Oydindagi maysadek o’ssam.
Nafasingiz titroqlaridan
Oqib ketsa ming yillik g’ussam.
Arsh ustiga o’qilsa nomim,
Darvozasin ochsa falaklar.
Ko’kdan tushsa g’ayb in’omi,
Nikohimiz qiysa malaklar…
Sevaversam sizni bilmasdan,
Sevilsamu o’zim bilmasam..
Bag’ringizga borib o’lsamu
Bag’ringizdan qaytib kelmasam…
Shunday sevsam, 
shunday yashasam, 
Dilga yetsa pichoqlaringiz.
Ketay desam ikki dunyoda
Qo’yvormasa quchoqlaringiz…

DOR

Sen - bo’g’zimga atalgan dorsan,
Peshonamga bitilgan qismat.
Men Xudodan maxfiy yo’llangan,
Qiyomatda ochilguvchi xat.
O’limiga tashna mahbusday,
O’limga zor ko’rdek zanjirband.
Intilaman, men senga, ammo
Sen balandsan,
Judayam baland!
Tiklanamn senga uzalib,
Suyalaman – yetmaydi qurbim.
O, boshimda tikilgan sirtmoq,
Talpinadi senga bor umrim!
Yo’q,
Lahzalik jazo yetmaydi,
Senga kerak min yillik javob.
Sening qadar yuksalgunimcha –
Umrim mening buyuk iztirob!
Qurbonlikka atalgan baxtday
So’ramayman: “Nechun?”, “Neha-man?”
Intilaman senga najotday,
Seni o’lim kabi sevaman!
Axir menga, bir menga zorsan,
Borlig’ing-da borlig’imga band.
Sen bo’g’zimga tortilgan dorsan,
Juda baland,
Judayam baland!

* * *
 
Ko’zim tushsa kuyadi oftob,
Qo’lim co’zsam to’kilar dilim,
Aytsam gunoh, aytmasam azob,
Bu qanday dard,
Bu qanday o’lim?

Yuzlarimni bosaman toshga,
Yomg’irlarday yog’ilaman jim,
Men boshqaman, butunlay boshqa!
Bu qanday dard,
Bu qanday o’lim?

Qalqib turgan sharpaman xolos,
O’lganini tan olmas ko’nglim.
Osmon bilmas, zamin anglams,
Bu qanday dard,
Bu qanday o’lim?
Olovlarda yoqiladurman,
Do’zaxlardan o’tmoqda yo’lim.
Bir buyuk ishqni sog’inadurman!
Bu qanday dard,
Bu qanday o’lim?

Tirikmanu hayotim yo’qday,
Tan zaharga to’ldi-ku lim-lim.
Yerga sig’mayman, sig’mayman ko’kka,
Bu qanday dard,
Bu qanday o’lim?
 
OSMON

Uzoq kutdim nimani buncha?
Tushlarimda ham izladim imkon.
Boshimni egib yashadim shuncha,
Bunchalar pastsan, osmon.
Osmon!

G’amni ko’rdim ko’zimni ochib,
Ko’zimni yumib ko’rganim ham g’am.
Baxt deganingga teng ko’rmading hech.
Nahot berganlarim bo’lsa kam?
Osmon, osmon?

Men ham bilmay aldov mevasin yedim,
Gunohlar ko’kargan yerning bag’ridan.
Aytmading-ku, axir seniki edim,
Suyaklarim o’sdi do’zax qa’ridan,
Osmon, eh, osmon!

Ko’zlarim tubida nur yodi bor,
Titraydi ko’ksimda ming yillik isyon.
Tavba eshigida bir o’zimman,
Och eshigingni, osmon!
Osmon…

Tovonimni teshib ilonlar so’rdi,
Og’zim ocholmayman, og’zim to’la qon.
Hayotni hammadan qattiqroq sevdim,
Bo’shat qabrimdan, Osmon!
Osmon…

KEL...

Na umrimda bahor,
Na bag’rimda yoz.
Na zuhrimda o’ksik tiriklik izi.
Nimaga yashadim, bilmayman, ammo,
Kimnidir jim kutdim, 
bilmam, kim o’zi?
Sen kimsan?
Sog’indim shu qadar achchiq?
Nahot diydoringga yetmog’im uchun,
O’tmog’im shart edi umrimni yanchib?
Nahot nafasingga tegmay nafasim
Umrim tugar dunyo xarobasida?
Nahotki bir ko’ngil xayoli uchun
Kuyib o’tdim kun va tun orasidan?
Sen bormiding o’zi?
Sen yo’q eding, sen?
Hayotim ulashmay bir tola nurga.
O’lim qo’llarida topmoq uchun jon
Nahotki o’zimni asradim go’rga?
Kel, mening o’tinchim,
Kel, mening qabrim.
Kel, kuyk ko’nglimning jannatiy xobi!
Sen asli bu dunga men bilan kelib, 
Men bilan ketguvchi do’zax azobi!
Kel,
Osiy kundaga boshini egib
Barcha azoblarga topganday barham.
Kel, tog’day ko’ksingga boshimni qo’yib,
Bag’ringda o’larman go’dakday beg’am…
 
* * *

Ildiz yer oralab ummonga yetdi,
Maysa o’sa-o’sa osmonga yetdi.
Men senga yetmadim,
Qazoga ko’ndim.

* * *

Ildiz to’lg’og’idan tug’ildi nihol,
Maysaning qonidan chashmayi zilol.
Men esa jim ketdim.
Sazoga ko’ndim.

Sen nega ko’nmaysan,
Nega ko’nmaysan.
Maysaning qonida yugurgan sezgi?
Daraxtga dard bergan, baxt bergan. Mening
Yuragimni itga yedirgan sevgi?!
 
TUSH

Oqqush ko’z yoshiga yuvdim yuzimni,
Qarg’aga tilimni berdim, siyladim.
Ketdim, daryolarga soldim izimni,
Baliqlar tilida biyron so’yladim.
Susanbil shahrining sultoni eding,
Parilar zotidan edim, o’ynardim.
Bir tun uchib brogan edim qoshingga
Sevaman, deb aytding, kuyding, qo’ymading.
Behisht bo’g’I edi, uchib yurardik,
Qayg’udan –kadardan dil forug’ edi.
Sen eding, men edim, bir yurak edik,
Osmon yorug’ edi, tun yorug’ edi!..
Isming nima edi, so’ramadim men.
Ismim nima edi, unutgan edim. 
Yo sen tushgan eding arshi-a’lodan,
Yoki bu dunyodan men o’tgan edim!..
Qaysi asr edi, qaysi tun edi,
Yolg’on edi, ddeyman, yo’q, tonolmayman,
Men yil ko’zi ochiq uxladim, ammo
Hamon o’sha tushdan uyg’onolmayman!

* * *

Ruhimiz yaratib bitta ishq bilan
Fano tuprog’ida adashtirgan U!
Ming yillar zor etib,
nurli kechada
Yana jonimizni tutashtirgan U.

Nechun gunohkorlik yorlig’i bizda?
Sen axir Majnunsan, men esa Layli.
Bilsang, shu lahzada dunyo mukammal
Ikkimizning pok sevgimiz tufayli!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.