OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zubayda Ishmonova (1951)

Zubayda Ishmonova 1951 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalis­tika fakultetini tugatgan. U o‘zbek va qoraqalpoq tillarida ijod qiladi.

KO‘ZGA YAQIN YURT

Guldurosli o‘tmiz, chaqinmiz,
Bir tinim yo‘q: na yoz, na qishda.
Endi bizlar erkka yaqinmiz,
G‘am, qayg‘uli kunlar olisda.

Mo‘l-ko‘l meva bizga boqqin deb,
Gullayotgan bog‘-bo‘stonimiz.
Yurting sening ko‘zga yaqin deb,
Tilar shuni O‘zbekistonimiz.

MANZARA

So‘ritoklar izidan ketib,
Uzum qo‘llarini kermoqda.
Sevganining vasliga yetib,
Shafaq qizil, tong oqarmoqda.

Dov-daraxtlar o‘zini bilib,
Kunlar uzun, qarib bormoqda.
Tilla baliq tildan tutilib,
Likillaydi suvda, qarmoqda.

GAP SIZDA

Otni aravaga qo‘shib tortsangiz,
Ko‘char quvonchingiz momiq chanoqqa.
Olma, anjiridan siz ham totsangiz,
Tushar pok mehringiz qoraqalpoqqa.

Chiqarmas so‘ng qo‘ldan yillab va oylab,
Serhosil dalalar, yashil xiyobon.
Qo‘ygach dilingizga mehrini joylab,
Boldek tilingizda dashtu biyobon...

...Dadil kelajakka hissa qo‘shsangiz,
Yurar ming gaz nari sizdan falokat.
Ado, judo bo‘lmas g‘amin yozsangiz,
Shukur, endi ozod, obod mamlakat.

Hur xalq toleidan nurafshon dillar,
O‘stirdik o‘g‘il, qiz qolsin deb izda.
Shamoldek zuvillab, o‘tar oy, yillar,
Erk, ixtiyor qo‘lda, hamma gap sizda.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.